OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Hakim Nazir. Maslahat (hajviya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHakim Nazir
Asar nomiMaslahat (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Hakim Nazir
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/25
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Maslahat (hajviya)
Hakim Nazir

Taniqli adibga viloyatdan xat keldi. Unda bir odam ijodga qattiq berilgani, koʻpdan qogʻoz qoralab kelayotgan boʻlsa-da, yozganlari matbuot yuzini koʻrmayotganidan nolibdi. «Siz asarni qanday yozasiz, shuni xat orqali bildirsangiz. Yo boʻlmasa, bevosita maslahat olish uchun huzuringizga borsammikin», debdi. Yozgan narsalaridan bir daftarini xatga ilova qilibdi. Adib, daftarni varaqlab oʻtirdi-da, oʻylanib qoldi. Qaysi biri ma’qul: xat yozganimi yoki oʻzini chaqirib maslahat berganimi? Yaxshisi, havaskor uzoq yoʻl bosib ovora boʻlmay qoʻya qolsin, deb javob yozishga jazm qildi.

«... Hozir, ukajon, oshkoralik zamoni, xoh ishoning, xoh ishonmang, bor gapni dangal aytaveraman. Yozuvchilik bu xamirdan qil sugʻurish yoki qaymoqqa patirni botirib yeyish emas. Gʻalva, tashvishdan qochmagan odamning ishi...

Mana, qoʻlga qalam tutding, deylik. Agar u oppoq qogʻoz ustida silliqqina yuraqolsa-ku, xoʻb-xoʻb. Ruhing koʻtarilib, koʻzingga olam guliston koʻrinadi. Yozganlaringni muxlislaring paysalga solmay bosib chiqarishsa, oʻzingni dunyoda hammadan omadli hisoblaysan. Yallama-yor aytib, oyoq oʻyiniga tushvorging kelib qoladi. Biroq shu on yana yuraging poʻkillay boshlaydi. Tanqidchi shovvozlar bor, ular nima deyisharkin? Xudo yarlaqab ma’qullashsa, doʻpping osmonda, koʻngling togʻday koʻtarilgan, qilgan mehnating charchoqlari chiqib ketadi. Yozging va yana yozging keladi. Boshingda yangi oʻy-fikrlar, voqealar gʻujgʻon oʻynab, mani yoz, deb qistaydi, yangi qahramonlar oʻz domiga tortadi. Olamga boshqatdan kelganday boʻlasan. Goho esa qahramonlaring boshiga ogʻir mushkulliklar, kulfatlar tushib qolsa-chi? Ular bilan birgalashib qaygʻurasan, yum-yum yigʻlaysan. Bunday kezda yaxshiki yoningda odam yoʻq, agar boʻlganda turqingni koʻrib har xil gumonlarga borgan boʻlardi. Shu holda dastlab uchratadigan kishing, albatta, umr yoʻldoshing boʻladi. U ahvolingdan yo kulgisi qistaydi, yo erim aqldan ozdimi, deb choʻchib tushadi, Hatto «tez yordam» chaqirmoqchi boʻladi. Sen uni arang bu yoʻldan qaytarib qolasan.

Yozuvchilik oson ish emas. Ha, ijod yoʻlingga bastalik tushib, holingga maymunlar yigʻlaydi goho. Qoʻshga qoʻshilgan hoʻkizga oʻxshab stolga qapishasan-da, soatlab qaqqaygancha oʻtirasan, qalaming qani qimirlasa. Ish yurishganda vaqt qanchalik gʻizillasa, ish yurishmaganda kun imillab, soatlar taqa-taq toʻxtagandek boʻladi. Xonadagi ogʻir sukunat goʻyo yelkangdan botmon daxsar boʻlib bosayotganday, shu sukunat yukidan qutulish ilojini axtarib qolasan... Beixtiyor dilingni shubhalar qoplaydi. Yozuvchiligingga ishonchsizlik ham koʻlanka tashlab oʻtadi. Yoʻq, deysan oʻzingni qoʻlga olib. Qalamni zoʻrlab yurgizib koʻrasan. U asov xoʻtikday bir yerda depsinib turaveradi. Oʻrningdan turib ketay desang, xuddi birov allanima deb ta’na-tova qilayotganday, oʻzingni bosasan.

Birpas xayol tizginini oʻz holiga qoʻyvorasan. Derazadan tashqariga nazar tashlaysan, ehe... Tip-tiniq moviy osmonning bir parchasini toʻsib turgan daraxtlar shovullashi, yam-yashil barglarda oltinday jimirlashib oʻynayotgan shu’lalar, shoxlardan-shoxlarga uchib-qoʻnib yayrashayotgan qushchalar chiriq-chiriqi... Birdan qulfi diling ochilib, qalamga qoʻl choʻzib qolasan. Soʻz ketidan soʻz, jumla ketidan jumla selday shovullab keladi. Qarshingdagi qogʻozning yarimchasi qoralanadi-yu, shu bilan qalam xitlik qilib qoladi. Qayta-qayta chuhlab yurgizvoray, miyangga tesha tegmagan fikr kelay deb turganda, nogahon qulogʻingga sur pashsha qoʻnadi-yu, xayolingni qochirib, ishning beliga tepadi. Yangangiz bugungi gazetalarni tashlab ketganda, eshikdan xonaga pashshalar kirib qolgan ekan-da. «Men ijod qilayotganda eshikni ochmanglar, telefon uzib qoʻyilsin, yongʻin xavfi tugʻilgan taqdirda ham kaminani bezovta qilinmasin!» deb eslatilgan-ku, baribir foydasiz. Faromushxotirlik ham evi bilan-da!

Xullasi, shap-shapni qoʻlga olib, pashshalarni shapillatish boshlanadi. Moxovlarning urugʻi koʻpligi-chi! Kattalarini qirsang, endi uchirma boʻlgan duvaraklari hujumga oʻtadi.

Koʻp urinish pirovardida pashshalar hujumidan qutulganday boʻlasan-u, biroq ilhom parisi pir etib noma’lum yoqqa uchib ketgani yomon boʻladi. Miyada hosil boʻlgan sahroday boʻshliqni endi nima bilan toʻldirasan, ilhom parisi qaytib kelarmikan-a? Qaytib keladi, deysan oʻzingga dalda berib. Vaqtincha boʻlsa-da, boʻshliqni toʻldirib turish uchun qandaydir ovunchoq, anchayin bahona axtarib qolasan. Qoʻlingga yangi gazetalarni olib varaqlashga tushasan. Bugungilarida ham oʻqiydigan oldi-qochdilar koʻpga oʻxshaydi.

Yoʻq, ukajon, bu soʻzlarimdan ajablanmang, meni mabodo asabiylikdami, injiqlikdami ayblay koʻrmang. Ijod ishining boʻgan-turgani shunaqa nozik. Xiyol narsa — uzoqdan keladigan vertolyot gumbirimi, bolalar uchirayotgan varrak dirillashimi, chumchuqlar chirillashimi, hammasi ta’sir etaveradi. Ijodchi oʻzini qil ustida turganday yoki yakka choʻpdan oʻtayotganday his etadi. Sal toydimi tamom — pishib kelayotgan xayol qozoni agʻdar-toʻntar boʻladi. Qozonni boshqattadan masalliqqa toʻldirib, oʻchoqqa olovni yangidan yoqish kerak boʻladi.

Aziz ukajon, javob xatim choʻzilgan boʻlsa, uzr. Uni shu yerda toʻxtatib, dil-dilimdan aytgim keladi. Yigit kishiga yetmish hunar oz, deydilar. Boshqa hunaringiz boʻlsa, oʻshandan qolmaganingiz ma’qulmikan, deyman. Yana oʻzingiz bilasiz...»

Havaskor oʻrtoq xatimni olishi bilanoq, javob yozishga shoshilibdi: «Qalamkashlikning sirlarini menga oshkora qilganingiz uchun tashakkurlar boʻlgʻay. Faqat «Ukajon» deb kamsitganingiz sal botdi. Negaki, siz janoblarini oynai jahonda necha bor koʻrganman. Chamamda, elliklar nari-berisidasiz. Kaminangizni boʻlsa, oltmishdan naryoqda deb bilasiz...»

Obbo, umrimda bir marta ijodiy maslahat beribman-u, shunda ham qovun tushiribman-da, a?