OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Hakim Nazir. Oqibat (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHakim Nazir
Asar nomiOqibat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Bolalar va oʻsmirlar adabiyoti
Mualliflar
   - Hakim Nazir
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oqibat (hikoya)
Hakim Nazir

Aziza xola ayvon toʻridagi oʻrinda choʻzilib yotgandi. Tepasida qoʻshnisi Lazokatxon paydo boʻldi. Oʻziga oro berib, yasanib yuradigan bu lobar, quvnoq ayolning yoʻsini boʻlakcharoq, fe’li ayniganroq edi. Ammo qoʻshnisining lohas tortib yotganini koʻrarkan, birdan yuzida achinish paydo boʻldi.
— Iya, iya, egachi! Men sizni chaqirtirgandim. Mehmonlarimni shirin suhbat bilan xursand qilib oʻtirarsiz, deb. Chiqmadingiz. Nima boʻldi sizga?

Aziza xola oriq gavdasini arang koʻtardi. Lazokatxon bilan koʻrishgach, bodi qoʻzgʻalganidan qimirlayolmay qolganini aytib, uzr soʻradi. Lazokatxon egachisining bilagini ushlab koʻrdi. Tomir urishi bejoligini sezdi. Darrov oʻz uyida qon bosimini oʻlchaydigan asbobini olib chiqdi. Oʻlchab koʻrgach, qon bosimi ham koʻtarilganini bildirdi. Azizaxonning nozikligini, sogʻligidan bot-bot shikoyat qilib turishini bilgani uchun achinib ketdi:
— Oʻzingizni ortiqcha urintirgandirsiz-da. Endi ehtiyot boʻling. Xudo shifo bersin. Sizga kim qarayotibdi oʻzi? — deb u yoq-bu yoqqa alanglab oldi. Uy ichida hech kim koʻrinmagach, soʻradi. — Qani bolalar?

Aziza xola biroz oʻylanib turgandan soʻng:
— Ketishgandi... — deb qoʻydi.
— Qayoqqa? — dedi Lazokatxon sergak tortib.
— Haligi... Yangi joyga...
— Tushintiribroq gapiring-chi. Qanaqa yangi joy?

Aziza xola qoʻshnisining sinchkovligini, qiziqqan narsasini aniqlamaguncha qoʻymasligini bilardi. Shuning uchun borini aytishga majbur boʻldi. Gap oʻgʻli bilan kelini ustida ketayotgandi. Kelinning otasi tuzukkina tadbirkorlardan ekan. Ishlari yurishib ketgandan keyin saxiyligi tutibdi. Qiziga yaqindagi domdan bir kvartira olib beribdi. Aziza xolaning koʻhna, tor, pastqam hovlisida siqilibroq yashasharkan. Xonadonning otasi oʻgʻli bilan kelini turadigan bitta xonani ikki xonaga aylantirib berish harakatida ekan-ku, bu ish hadeganda bita qolmayotgan ekan. Shu sabab yangi kvartiraga koʻchishga chogʻlangan kelinning ra’yini qaytarib boʻlmagan. Oʻz-oʻzidan oʻgʻli Oʻktam ham rafiqasi ketidan ergashgan.

Bu yangilikni eshitarkan, Lazokatxonning shaxlo koʻzlari qinidan chiqayozib, jigʻi-biyroni qaynab ketdi.
— Ana, xolos! Nahotki, shuni koʻra bila turib yoʻl qoʻysanglar-a! Xoʻjayiningiz ham indamay qoʻyib berdilarmi?
— Xoʻjayin bularni koʻchganini bilmay qoldi. Komandirovkaga ketgandi.
— Komandirovkadan qachon qaytadi?
— Uzoqroq muddatga ketganla...
— Shundoq ekan, axir bolalaringizga: «Dadang kelsin bir gap boʻlar. Meni yolgʻiz tashlab ketmanglar», — deb aytmabsiz-da?
— Aytuvdim. Tez-tez kelib turamiz, deb va’da berishdi. «Hozircha bogʻchasiga bormasdan, yoningizda tursin», — deb bolasini qoldirishdi.

Shu chogʻ oshxonadan ushshoqqina bir qizcha choynak koʻtarib chiqib, bularning oldilariga keltirib qoʻydi. «Hoy, Jajji, dastyorchilik senga qoldimi, aynoniy!», — deb Lazokatxon qizchani bagʻriga bosib, peshonasidan oʻpib qoʻydi.
— Bu Jajjining yoningizda hamroh boʻlib turgani yaxshi. Lekin qozon-tovoqqa, oʻy-joyga qarash, kasalingizga malham qoʻyish buning qoʻlidan kelmaydi-ku! Farzandlar shuni oʻylashmagani qiziq. Oʻzingiz ham aytishga andisha qilgansiz-da, albatta. Fe’lingiz ma’lum. Ortiqcha tortinchoq, xoksorsiz! Ular sizning boʻshangligingizdan foydalanishgan. Ha, egachi, oʻz onalik qadringizni bilmasangiz shunaqa boʻladi. Keliningiz yuzsizlik qilgan boʻlsa oʻgʻlingiz oʻylashi, onaizoriga rahm qilishi kerak edi!

Lazokatxon egachisining tomirlari tortishib qolgan oyogʻini silab-siypab qoʻydi. Albatta, doktor chaqirib qaratish zarurligini aytdi. Oʻktamni qanday topishni soʻradi. Aziza xola unga deraza tokchasida turgan daftarchani koʻrsatdi. Lazokatxon daftarchani varakdab, Oʻktam ishxonasiga tegishli bir-ikkita telefonni topdi-da, qogʻozga yozib olgach, chiqib ketdi.

Oradan koʻp vaqt oʻtmay qoʻshni qizi kirib keldi. Qosh-koʻzlari onasinikiga oʻxshash popukdakkina, chaqqon harakatli bu tiyrak qiz ayvonga koʻtarilib qaraganda, xolasining koʻzi ilingan ekan. Ovoz chiqarmasdan yoniga bordi. Pashsha qoʻnmasin deb yuziga doka yopdi-da, sekin pastga tushdi. Burchakda turgan supurgini qoʻliga olib, xazon, choʻp-xaslar ivirsitgan hovlini supurishga tushdi. Shundan soʻng hovliga asta-asta shakarob qilib suv sepa boshlagandi, ayvondan Aziza xolaning ovozi chiqdi.
— Voy, Dono qizim, nima qilib urinyapsan? Dono yugura borib, koʻrishdi:
— Tuzukmisiz, xolajon? — dedi. — Sizga yordam bergani chiquvdim. Ayting, ovqatingizni pishirib beray.

Aziza xola ovqatga ishtahasi yoʻqligini aytdi. Dononi ovora qilgisi kelmadi. Dono boʻlsa qattiq turib oldi:
— Ayajonim tayinladi: «Xolangga xoʻrdi mastava qilib bergin, qatiqlab ichsin», — deb.

Shuni aytib oshxonaga kirib ishga unnay ketdi. Jajji qiz uning yonida pildirab yurarkan, Dono: «Biznikidan qatiq opchiqasan», — deb uning qoʻliga shisha idish tutqizdi.

Bir payt Lazokatxonning oʻzi chiqdi. Qizining qilayotgan ishini kuzatib, ma’qulladi. Egachisidan esa koʻngli bezovtaligini yashirmadi:
— Oʻgʻlingizni ishxonasiga ikki-uch marga qoʻngʻiroq qildim. Topolmadim. Qayoqqayam ketgan, deyishdi. Ularga: «Oʻktamni oyisi kasal, tezda yetib kelsin», deb tayinladim. Daragi boʻlmadimi?

Lazokatxon tiq etsa eshikka qarab, egachisi yonida oʻtirdi. Qizi pishirib kelgan mastavadan qistab-qistab ichirdi. Qosh qorayganda oʻrnidan qoʻzgʻaldi-da:
— Oʻgʻlingiz qay vaqtda kelsayam Jajjidan menga xabar bering. Albatta, uni koʻrishim kerak, — deb tayinladi. Dononi esa kasalning yonida tunash uchun qoddirdi.

Ertasi u poliklinikaga qoʻngʻiroq qilib, doktor chaqirdi. Peshinga yaqin doktor kelganini bilib, egachisinikiga chiqdi. Doktor kasalni koʻrib, davolar belgilab, dorilar yozib, endi joʻnayogganida, hech narsa bilmaganday silliqqina boʻlib, Oʻktam kirib keldi. Eshikda «Tez yordam», uyda doktor bilan Lazokatxonni uchratib, naq kapalagi uchgan yigit, izza boʻlganidan oʻzini arang bosgan holda:
— Iya, oyijon, sizga nima boʻldi? — deb onasi qoshiga quchoq ochib keldi. Onasi esa odatdagicha vazminlik bilan «sal tobi qochgani»ni bildirdi.

Egachisining begʻam, beparvo oʻgʻilga qilgan bunday beozor muomalasini hazm qilolmagan Lazokatxon:
— Kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi. Toʻgrisini aytavermaysizmi, egachi! — deb zarda qildi. Keyin Oʻktamga yuzlandi: — Salgina tobi qochganmas. Oldindan silqovlanib yurardi onang. Endi rosmana kasal boʻpti. Bod. Xafaqon. Ha, bu kasallari oldindan bezovta qilib yurganini bilmasmiding? Shu yarim jon onani yolgʻiz tashlab ketishga qanday vijdonlaring qabul qiddi-a?! Borib turgan oqibatsizlik emasmi — bu?!

Oʻktam kutilmagan ogʻir dashnomlarni naq oʻtakasi yorilguday boʻlib eshitdi. Bu toʻgʻrisoʻz, sharttaki qoʻshniga xiyol boʻlsin ters javob berishi mumkinmasligini bilardi. Shu bilan barobar oʻz aybiga roʻyi-rost iqror boʻlishga ham tili bormasdi. Oʻzini arang bosdi. Ikki qoʻlini koʻksiga qoʻygan holda zoʻraki tabassum bilan:
— Shunaqa boʻp qoldi, opoqijon. Aybga qoʻshmaysiz. Yaqin joyga koʻchganmiz, tez-tez xabar olib turadigan boʻlib. Aksiga shu kunlarda u yoqda ish koʻpayib ketib, ushlanib qoldim...
— Ha, demakki oʻzingizdan ortmay qolibsiz-da. Bilaman, turmushda har xil farzandlar uchraydi. Bir xillari oʻz shaxsiy manfaatlarini birinchi oʻringa qoʻyishadi, oʻz huzur-halovatlariga berilib ketishadiyu, ota-ona oldidagi farzandlik burchlariga raxna solib qoʻyishadi. Nahotki, sen moʻmin-musulmon farzandi boʻlaturib, oʻshanaqa betayin, betavfiqlar qatoriga kirsang?!
— Mendan xatolik oʻtgan boʻlsa kechiring, opoqijon! — deb yana egilib-bukildi Oʻktam.
— Menga qara, otang qurib bergan bu uy torlik qilib qoldimi? Sizlarning bu yerdan koʻchib ketishlaringga ota-onang rozi boʻlishganmidi?

Oʻktam mushkul savolga roʻpara kelib, dovdiradi.
— Endi, opoqijon... Uncha qarshilik qilishmovdi... — deb chaynaldi.
— Shunaqa degin? — dedi Lazokatxon gumonsiragan holda. Keyin siz nima deysiz deganday Aziza xolaga tikildi.
— Ha, endi... Shunaqa... Boʻlar ish boʻldi... Qaerda boʻlishsayam omon boʻlishsin, — degancha Aziza xola dudmol javob qildi.

Egachisining javobi Lazokatxonni qoniqtirgani yoʻq, albatta. Qoniqtirmadigina emas, bolalarini bunchalik oʻz ixtiyorlariga qoʻyib berishi, bolajonlik qilaman deb ogʻirlikni oʻz zimmasiga olaverishi, serandishaligi oʻtirishmadi Lazokatxonga. Uyidan xabar olish uchun chiqib ketayotib, Oʻktamni bir chekkaga imladi-da, dedi:
— Savolimga toʻgʻri javob bermading, bola. Dadang komandirovkadan qaytsin, gaplashaylik-chi, nima derkinlar?..

Oʻktam buni jiddiy ogohlantirishday qabul qildi-yu, yuragini gʻulgʻula bosdi...