OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Hakim Sattoriy. Timsol
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHakim Sattoriy
Asar nomiTimsol
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Hakim Sattoriy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Tarjimon«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 5-sonidan olindi
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Timsol
Hakim Sattoriy

Adabiyotni hamma oʻz mezoni bilan baholaydi. Agar barchaning qoʻlida tarozisi boʻlsa, unga turlicha tosh qoʻyiladi. Umumiylikdan xususiylikka oʻtadigan boʻlsak, men uchun adabiyot, avvalo, dars jadvalidagi mashgʻulot edi. Muallim qoʻngʻiroq chalingach, kirib keladi, xuddi baxshi doston boshlashdan oldin doʻmbirasining quloqlarini tortib qoʻygandek, tiyiqsiz bolalarni tobiga keltirib oladi-da, darsni odatdagidan boshqacharoq boshlaydi, ya’ni «oʻtgan darsni baholamay», birdaniga yangi darsni bayon etishga kirishadi.

Odatda, bugun oʻtiladigan mavzu muhimroq boʻlsa, ustoz shunday yoʻl tutadi: koʻngliga tugib kelgan gaplarini emin-erkin toʻkib solish uchun vaqtdan yutish maqsadida. Agar u hafsala qilsa, qoʻngʻiroq chalinguncha, ya’ni 45 daqiqa yangi darsni tushuntirishi (bayon qilishi) mumkin. Haytovur, muallimning qalbida ham qandaydir uchqun bor shekilli, shavq va hafsala bilan toʻyib gapiradi. Garchi uning ma’ruzasi ancha uzun boʻlsa ham bolalarni zeriktirmaydi (har holda matematika yoki fizika emas-ku), aksincha, ustozning zavqi oʻquvchilarga ham koʻchib, sinfxonada jonli bir hayot hukmron boʻladi. Unda tirik odamlar yo salbiy qahramon, yo bosh qahramon qiyofasida kezib yuradi. Ular yosh qalblar uchun butunlay yangilik boʻlgan hayot ziddiyatlariga duchor boʻladilar, qiynaladilar, iztirob chekadilar, nihoyat, oʻtlarda kuymay, suvlarda choʻkmay, «murod-maqsadlariga yetadilar», ular dunyoni asrab qoladilar. Ular borki, hayot davom etadi, ular borki, quyosh porlab turibdi. Balki ularning aynan oʻzi Quyoshdirlar.

Ustoz mubolagʻani ancha baland olgan, deganki, «Agar dunyoda haqiqat boʻlmasa, hayot boʻlmaydi. Quyosh hayotni osmondan ta’minlab bersa, Haqiqat yerda uning tomirini ushlab turadi». Shunday qilib, murgʻak qalblarda Haqiqatni oʻrgatadigan, uni vasf etadigan fan sifatida Adabiyot muhrlanib qoladi va «Adabiyot haqiqat fanidir, kim adabiyotni bilmasa, hayotni bilmaydi, chunki bunday odam hayotning yerdagi asosi Haqiqatdan bexabar, uni tanimaydi, uni sevmaydi, uni hurmat qilmaydi» degan momiq patli tushuncha paydo boʻladi.

Va tajriba orta borgach, ana shu moʻ‘jizani – Adabiyotni yaratuvchi insonlar boʻlishini, ular Shoir, Yozuvchi va yana boshqa nomlar (masalan, Adib, Tanqidchi degandek) yuritilishini bilib olamiz hamda ularni qidira boshlaymiz. Qaysidir kitob didimizga oʻtirsa, uning muallifi «Adabiyot yaratuvchisi!». Qarabsizki, bir roʻyxat paydo boʻladi, u toʻlib boraveradi. Ta’bir joiz boʻlsa, hazrat Alisher Navoiydan boshlangan bu roʻyxatning nechanchidir oʻrnida ...Odil Yoqubovning ism-sharifi boʻlgani aniq.

...Qoʻlimga bir kitobcha tushib qolgandi, kaftdekkina, ustiga yaproqlarning surati tushirilganmidi-ey. Bu Odil Yoqubovning »Muhabbat» va «Tilla uzuk» qissalari jamlangan toʻplam edi. Uni mutolaa qilib boʻlgach, ulugʻ orzular, inchunun, oliy oʻquv yurtiga kirib oʻqishni diliga tugib yurgan oʻsmir kirish imtihonidagi qalloblikdan qattiq iztirobga tushganman, hayotda shunaqa holga duch kelsam, nima qilardim, deya mulohazaga borganman.

Bu hozirgacha shunday olamda yashagan oʻquvchining ertaklar, afsonalar, mubolagʻalar olamidan jonli hayot qoʻyniga tushishi edi va bu vazifani hurmatli yozuvchining aynan voqelikdan olib yozilgan va uning «nash’u-namolari» juda ta’sirchan aks ettirilgan moʻ‘jazgina asari bajargandi. Shundan keyin yosh havoyi koʻngilni boʻshliqdan zaminga tushirib qoʻyishga qodir boʻlgan «adabiyot»ning muallifi qadrdon boʻlib qoldi va bu adibning yozganlarini qoldirmay oʻqish odatga aylandi. Keyinroq mutolaadan chiqqan kitoblarni yigʻa boshladim, ularni daftarga qayd qilib bordim. Roʻyxatning boshida oʻsha kitobchaning nomi qayd qilingan edi. Shunday qilib, koʻpchilik «Ma’naviy xazinam» deb ataydigan shaxsiy kutubxonaning birinchi bisoti ham Odil Yoqubovning asari boʻldi.

Milliy adabiyotimiz naqadar boy, uning safini bir-biriga oʻxshamagan, betakror koʻplab soʻz san’atkorlari tashkil etadi. «Oʻnta boʻlsa, oʻrni boshqa» deganlaridek, har birining oʻz olami, aytar soʻzi boʻlgan, bor. Musiqa asboblari birining oʻrnini biri bosolmaganidek yoxud ularning birini yaxshi, birini yomon, deb boʻlmaganidek, soʻz ahlining har biri ham muxlislar qalbida oʻziga xos timsol kashf etgan. Afsuski, vaqt va zamon nuqtai nazaridan qalamkashlarning hammasini bir xil baholab boʻlmaydi. Ularning qay biridir ming yillarning narisida umrguzaronlik qilgan boʻlsa, birovlari yuz yillar ufqidan borliqqa nazar solib turadi. Lekin Odil Yoqubov bilan bizlar zamondosh edik. Yana menga u zotni koʻrish, qoʻl olib salomlashish nasib etgan. Qolaversa, oʻgitlarini tinglash, marhamatlaridan bahramand boʻlishga ham ulgurganman.

«Oʻzbekiston madaniyati» gazetasi «Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» nomi bilan qayta tashkil etilgach, u tez orada muxlislar qalbini zabt etishga ulgurdi. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor bosh muharrir boʻlgan nashr matbuotimizda yangi yoʻl ocha oldi. Uning sahifalarida e’lon qilingan dolzarb va qiziqarli mavzulardagi tahliliy maqolalar ijtimoiy fikr osmonida chaqmoqdek iz qoldira boshladi. Albatta, qisqa davrda roʻy bergan bunday «portlash effekti»ni Odil Yoqubov rahbar boʻlgach, izchil davom ettirish oson emas edi. «Chempion boʻlish oson, uni saqlab qolish qiyin» deganlaridek, yangi bosh muharrirning zimmasida qozonilgan ishonchni oqlash, shu bilan birga muxlislar qalbiga yana chuqurroq yoʻl topish vazifasi turardi. Hech ikkilanmay aytish mumkinki, bu talab toʻla bajarildi, boz ustiga oshirib uddalandi. Gazeta mavzulari yana ham kengaydi, endi bosiq, oʻylashga undaydigan ruh ustivor boʻla boshladi.

Xullas, gazeta «charaqlab» turgan kezlarda jurnalistika fakultetining uchinchi kurs talabasi amaliyotni ana shu nashrda oʻtay boshladi. Bu mashgʻulot unga qanchalik zavq-shavq ulashganini tasavvur qilish qiyin emas. Amaliyotchilar tahririyatning barcha mashvaratlariga ruxsat etilavermasa-da, haftalik adabiy muhokama (letuchka)da qatnashishga ijozat boʻlgandi. Ana shu asnoda bosh muharrirning ijodiy jamoa bilan munosabatiga yaqindan guvoh boʻlishga muyassar boʻlganman.

Gazetaning qaynoq muhiti ohanrabodek oʻziga tortdi. Bizlar ham ustozlarga taqlid qilib (oʻzi, koʻplab xayrli ishlar yaxshi ma’nodagi taqliddan boshlanadi), muammoli maqolalar yozishga bel bogʻladik.

Men ham choʻllarda yangidan tashkil etilgan aholi yashash qarorgohlari – posyolkalar bilan bogʻliq qandaydir masalalardan bahs etuvchi «Bugungi posyolka – ertangi shahar» sarlavhali maqola yozdim. Boʻlim muharriri, adabiy kotib singari bosqichlardan oʻtib, maqola epaqaga keldi, bosmaxonaga tushib, terilish baxtiga ham muyassar boʻldi. Endi asosiy gap – gazeta sahifasida koʻrinishi qolgan edi. «Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati»da maqolang chiqibdi» degan xushxabarni eshitaman, deb kunlarni sanab oʻtkaza boshladim. Bu orada amaliyot muddati ham tugadi, oʻqishlar ham boshlandi. Endi kunlar izidan haftalar oʻta boshladi, biroq maqola yorugʻlik yuzini koʻrmasdi. Haftalarni quvib, oylar ham oʻtdi, amaliyotdan imtihon topshirish muddati ham yaqinlashdi.

Rostdan ham, tahririyat papkasi maqolalarga toʻlib ketgan, eng yaxshilari saralanib-saralanib e’lon qilinardimi yoki talabaning «ijodi» unchalik ohanraboli emasdimi, xullas, posyolkadan shahar paydo boʻlishga yetadigan muddatda ham maqola chiqmadi. Nima qilish kerak? Quyidagi barcha xodimlarga iltimoslar beiz ketgan, hatto amaliyot rahbari – boʻlim muharririning sa’y-harakati ham ish bermagan edi. «Yotib qolguncha otib qol» qabilida oʻzim bosh muharrirga kirishga qaror qildim. Ancha tayyorgarlikdan soʻng shu ishni amalga oshirdim.

Kotiba mening kirmoqchi ekanimni bildirgach, rahbar, haytovur, qabul qilishni ep koʻrdi (holbuki, oʻtgan yil amaliyot oʻtilgan boshqa bir tarmoq gazetasining rahbari oʻzi qabul qilmay, muoviniga yoʻllagan edi). Rosa toʻlib ketgan ekanmanmi, hasratimni toʻkib solgan boʻlsam kerak-da, taniqli yozuvchi ham mutaassir boʻlib, oʻz tuygʻularini izhor etgan. Shu suhbatda bir gap xotiramda alohida oʻrnashib qolgan: «Koʻplab yoshlar tuflisining izidan ergashib yuradi, oʻzi miyasini ishlatib, harakatini boshqara olmaydi». Keyin bir oz taskin berib, «Hali koʻp maqolalar yozasiz, katta jurnalist boʻlasiz. Har narsaga xafa boʻlavermang» deganlar. Shundan keyin mas’ul kotibni chaqirib, «Talabaning maqolasi uch oydan beri terilgan turibdimi, nega berib yubormadinglar?» qabilida bir oz dashnom berganlar. Maqola shu sonda e’lon qilingan. Uning chiqishi kursdoshlarim oʻrtasida men uchun obroʻ boʻlgan.

«Bir koʻrgan bilish, ikki koʻrgan tanish» deganlaridek, koʻplab kitobxonlarga ega boʻlgan yozuvchi endi menga ham yaqinroq edi va bundan chinakamiga ichdan faxrlanar edim. Taassurotlarim har holda teranroq mulohaza yuritishga ham undardi. Chunonchi, «Nima uchun yozuvchi boʻladilar? Nihoyati qozon qaynatish uchunmi? Bunaqada tirikchilikning ungʻayroq yoʻllari ham bor-ku (bunday fikrga kelishimning sababi – oliy ta’lim tahsilidan yozuvchi-shoirlarning hayoti silliq kechmaganini, ular hamma joyda «oʻzlarining borligi»ni bildirib, boshiga tashvish orttirib yurishlarini bilgan edim), masalan, qoʻliga bigiz olib, etikdoʻzlik qilishi yoki osh damlab odamlarni boqib ham kun koʻrishi mumkin» qabilidagi odmi mulohazalarga ham izn berardi.

Koʻp oʻtmay, bu savollarimga jonli hayotning oʻzidan javoblar topilib qoldi. Qizil imperiya hayot-mamot damlarini kechirayotgan pallada turli millat va madaniyatning eng yetuk vakillari bosh qarorgohga toʻplanib, mashvarat qilardi. Bu izdihom aksariyat «Motamga borgan oʻz dardini aytib yigʻlaydi» qabilida tus olardi. Bu «aytish»ning salobati ogʻir, avvalo, navbat tegishi ham dargumon, aytuvchilarning mavqei bir-biridan baland, keyin esa bu talotoʻpda til uchidagi gapni eplab aytish ham alohida mahorat talab qilardi. Ana shu koʻpkarida xuddi xalqimiz timsolidek kamtar, kamsuqumlik bilan Odil Yoqubov ham ma’ruzalar qilgandi.

Yozuvchimizning chuqur iztirob, toʻla dard bilan aytgan gaplari ishtirokchilarni hayajonga sola olgan, ular qariyb jannat deb ta’riflanuvchi oʻlkada ham jiddiy muammolar borligini his eta olgan edilar. Jumladan, osmondan tonnalab yogʻiluvchi zahri qotillar – gerbitsitu pestitsidlar odamlarning jigarini eritib yuboribgina qoʻymay, onalarning naslini ham abgor qilganligi haqidagi dardli ma’ruzalar hammani hushyor torttirgandi. Shunda yozuvchi Odil Yoqubovning nutqi katta suronlarda xalqining ovozi boʻlib yangragan, uni millat, xalq uchun jonfido vatanparvar sifatida kashf qilganmiz. Shu oʻrinda yozuvchilikning mohiyati ham ayon boʻlgan. Bu kasb kishisida oʻzini oʻtga-choʻqqa uradigan jur’at boʻlishi lozimligini his etganmiz.

Oʻsha chiqishlarning birida oʻzbekcha «xalfana» degan ibora ishlatilgan, sherikchilikning talablari qadimiy qadriyatimiz misolida tushuntirilib, umumiy qozonda har bir ishtirokchining ulushi unga solgan masalligʻiga qarab teng taqsimlanishi haqidagi bizda qaror topgan qadimiy udum eslatilgan. Holbuki, oʻsha paytlarda (umuman, shoʻro zamonida) bu me’yor buzilgan, boshdan-oxir unga amal qilinmagan, kimdir nuqul masalliq tashigan, kimdir faqat tayyor oshga bakovul boʻlgan. Shu latif tanbeh orqali Odil Yoqubov oʻz xalqining farzandi, milliy qadriyatlar bilan voyaga yetgan, ulgʻaygan ziyoli ekanini koʻrsata bilgan edi.

Yurtimiz mustaqilligining bir yilligi nishonlangach, ancha oldin tashkil qilingan «Amir Temur oʻtgan yoʻllar boʻylab» yoshlar safari ikkinchi bosqichini Oʻtror yoʻnalishi boʻyicha davom ettiradigan boʻldi. Shu safar asnosida Odil Yoqubovning kindik qoni tomgan Qarnoq qishlogʻiga ham tashrif buyurildi, xonadonlarning birida tunab ham qolindi. Ertasi qishloq atroflarini koʻzdan kechirdik, koʻplab odamlar bilan muloqotda boʻldik. Bu kezishlar yana bir marta atoqli yozuvchi olamini his etishda asqotdi.

Bu goʻshada mubolagʻasiz buyuk ajdodlarimiz nafasini tuyish mumkin edi. Bir nechta ulkan va qadimiy qabristonlar, masjidlar, ming yillar oldingi ulugʻ taraqqiyotni bagʻrida saqlab yotgan tepaliklar ana shu teran haqiqatni tasdiqlardi.

Keyinchalik qogʻozga tushgan shu kunlar sharhida shunday satrlar bor ekan: «Qarnoqda eng yayragan Iskandar boʻldi. Bu joy uning ota yurti, padari buzrukvori – mashhur yozuvchi Odil Yoqubov shu qishloqda tugʻilgan. Ularning hovlisi Irmoq daryosi yoqasida, ilon izi suv yoʻli boʻyida. Minglab tollar shoxlarini tarvaqaylatib, qoʻr toʻkib turishibdi. Shu manzarada bir ajib sehr bordek tuyuladi. Yana qimmatli tomoni shundaki, yetti xil ma’dandan Qarnoqda quyilgan doshqozonning ustalari safida shu qishloqliklar ham boʻlishgani tarixdan ma’lum. Agar Amir Temur uncha-buncha odamga ishonch bildiravermaganini hisobga olsak, bu yerda qadimdan hunarmandchilik rivojlanganiga shak-shubha yoʻq».

Atoqli yozuvchi esa oʻz ona qishlogʻiga, uning odamlariga muhabbatini «Ulugʻbek xazinasi» romanidagi Qalandar Qarnoqiy timsoli orqali ifodalagan.

Garchi bir shaharda yashab, matbuotda faoliyat koʻrsatib turgan boʻlsam ham Odil Yoqubov bilan muttasil muloqotda boʻlish nasib etmadi. Katta shahar hayoti, boʻhronli qalamkashlik olamida bu odatdagi hol. Agar biror tasodif yoki saxovatli odam sabab boʻlmasa, yon qoʻshningni ham tanimay oʻtib ketishing mumkin shaharda. Biroq adibning 80 yillik toʻyi boʻlishini eshitib, koʻp qatori olim akamiz Mahmud Sattorov hamrohligida ixlos bilan oshga tashrif buyurganmiz, azbaroyi mehrimiz, hurmatimiz tufayli oqshom yozuvchining xonadoniga ham «eshikni taqillatmay» (bu dargohning samimiyati shunga izn berardi) kirib boraverganmiz.

Dasturxon atrofidagi suhbat kinolentasidek tasavvurda abadiy yashaydi. Oʻzbekona mehmonnavozlik asnosida bepoyon kengliklar bagʻrida ulgʻaygan, zuvalasiga halollik va diyonat qorishgan muhtaram zotning elga manzur qilgan fazilatlari moyasini ilgʻashga, asarlarida doʻlvor, shijoatli, mard kishilar qiyofasini yaratgan san’atkorning estetik olamini tasavvur qilishga intilganmiz...

Yana bir jonli taasssurotlar asosidagi lavha shuki, qor yoqqan, yer muzlagan bir kun, oziq-ovqat doʻkoni qarshisida telpagini chuqur bostirib olgan, sirpanib ketsa, yigitlar ham charxpalak boʻlib ketadigan omonat koʻprik boshida jahd bilan turgan, «nozik mehmon» uchun tansiq taomni aynan oʻzi tanlab xarid qilish uchun ataylab chiqqan buzrukvor. Uning koʻchani toʻldirib turgan tal’ati.har doim shu joydan oʻtganda goh kulgi (guvohlar bu doʻkonni hamon «Odil akaning magazini» deb yayraydilar), goh mahzunlik qoʻzgʻab («bino qoʻnqayib turibdi, qani Odil Yoqubov?»), oʻychan xotira sifatida bir umr saqlanib qoldi (balki keyinchalik esdalik lavhasi qoʻyilar).

...Koʻplab muhtasham binolarga maftun boʻlib ulgʻaygan oshufta qalb egasi vaqtlar va zamonlar evrilib, oʻzi ham biror kulba tiklashga jahd qiladi. Bor mehri, mahorati bilan ishga kirishadi. Shubhasiz, uning rejasi, xatti-harakatlarida bir vaqtlar tasavvurida qolgan, yorqin taasssurotlar asnosida jonlangan oʻsha imoratlar tarhi timsol boʻlib suratlanadi...