OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHalima Ahmedova
Asar nomiXudbinlikka qurbim yetmaydi
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Halima Ahmedova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 9-sonidan olindi.
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xudbinlikka qurbim yetmaydi
Halima Ahmedova

Shu kunlarda bolalikka har kuni xayolan oʻn marta qaytaman desam, ishonavering. Bu shaffof davrning oʻz ehsonlari bor. Men bolaligimdan shuning uchun ham minnatdormanki, u menga eng chiroyli xayollarni berdi, tabiatdan sir terishni oʻrgatdi.

Bir paytlar katta bir shoira opamiz biznikiga borganda, «Kichkina qishloqchada yashar ekan», degan ekan. Ammo mening koʻzimga hanuz qishlogʻimiz juda bepoyon va katta koʻrinadi. Ayniqsa, hovlimiz ortidagi bogʻ – mening eng katta darsxonam edi. Balki menga adabiyotni shu bogʻdagi daraxtlar oʻrgatgandir, ajriqlaru pechakgullar oʻrgatgandir. Har holda shuncha yoshga kirib hali hech qaerdan oʻsha moʻ‘jaz bogʻimizdan topgan tuygʻular shu’lasini topolganim yoʻq.

Koʻp she’rlarimda daraxt obrazi uchrashi ham shu bogʻ bilan bogʻliq menimcha. Juda xayolparast boʻlganman, bu esa juda koʻp kitob oʻqiganimning ta’siridan deb oʻylayman. Aslida barcha ijodkorlarning adabiyotga kirib kelish yoʻli qaysi ma’nodadir bir-biriga oʻxshaydi. Aytaylik, bolaligida koʻp kitob oʻqiydi, jindak xayolparast va juda rahmdil boʻladi.

Xudo rahmatiga olgan boʻlsin, bobom nihoyatda savodli odam edi. Har kuni meni yonlariga chaqirib, Bedil, Mashrab, Yassaviy, Navoiy va mavlono Rumiyni oʻqib berardilar. Menga oʻshanda gʻazallarning mazmunidan koʻra ohangi koʻproq yoqardi. Chunki, mazmuniga tishim oʻtmasdi.

Qachonlardir kitob shaydosi boʻlganim rost. Dadam menga juda koʻp kitob olib kelardilar. Menga ajratilgan kichkina xona kitobga toʻla boʻlardi. Negadir xonamga hech kimning kirishini istamas edim. Ba’zan ota-onamdan yoki ustozlarimdan dakki eshitgan vaqtlarim yaxshi koʻrgan asarlarimning ichiga kirib berkingim kelardi.

Bobom oʻqigan gʻazallar ohangi meni nimadir yozishga undardi. Ilk she’rimni oʻn bir yoshimda yozganman. Va uni apil-tapil tuman gazetasiga joʻnatganman. Eng qizigʻi, mashqim oʻsha gazetada bosilgan. «Onajon» deb atalgan shu ilk she’rim bilan maktabda ancha vaqt mashhur boʻlib yurganman...

Ilk kitobim «Tungi marvaridgullar» (nomini sevimli shoirim Shavkat Rahmon tanlagan) men Moskva shahridagi kasalxonada yotganimda chop etilgan. Oʻshanda hayot bilan oʻlimning orasida edim. Shuning uchunmi ilk kitob menga uncha tatimagan. Keyinchalik, sogʻayib ketganimdan soʻng «Tungi marvaridgullar» haqida oʻquvchilardan iliq gaplar eshitib quvonganman.

Eng katta va ulugʻ ustozim – oʻqigan kitoblarim deb oʻylayman. Ular menga koʻp narsani oʻrgatdi. Odamlarni yaxshi koʻrishni, ishonishni, hech kimga hasad qilmay yashashni ulardan oʻrgandim.

Hayotim davomida ishonuvchanligim ortidan koʻp xatolar qildim. Ammo hasad qilmay yashash, haqiqatni sevish oldida bu xatolar hech narsa emas.

Ba’zida manfaat topish uchun xudbin va beshafqat boʻlgim keladi. Ammo qurbim yetmaydi. Zotan, kitoblar yuqtirgan mehribonlik, haqiqatparastlik bunga yoʻl qoʻymaydi...

Yaxshimi, yomonmi sakkizta kitobim chop etildi. Menda gʻalati bir odat bor. She’rni bir nafasda yozaman-da qaytib oʻqib koʻraman. Oʻzimga yoqqanday boʻladi. Kitob boʻlib chiqqandan soʻng mutlaqo begonadek koʻrinadi. Keyin yozgan she’rimning ustidan ishlasam soxta chiqib qoladigandek tuyulaveradi. Koʻngil toʻlmasligi ham yaxshi narsa shekilli, boʻlmasa shuncha dard yetmaganidek, (hozir urchib ketgan) oʻzimga mahliyolik kasalini orttirib olarmidim...

Adabiyot olamiga kirgan inson borki, menimcha bu dunyodan yaxshilik izlab yashaydi. Aslida men barcha ijodkorlarni (xom xayol deb oʻylamang) ezgulik elchilari deb bilaman. Ular qaysidir ma’noda tili, millati, mansabidan qat’i nazar bir-biriga qarindoshdek tuyuladi menga. Shuning uchunmi, ijodkorlar bilan oʻz ogʻaynimdek ochilib-sochilib gaplashaman.

Ummonlarda suvni filtrlaydigan baliqlar yashar ekan. Ta’bir joiz boʻlsa adabiyot ahlini men shu baliqlarga oʻxshatgan boʻlar edim. Zero, jamiyatdagi har qanday ezgulikda, qalb tozaligida, adabiyotning, chinakam ijodkorlarning mehnatini koʻrganday boʻlaman.

Soʻzda Haqning jamoli bor, deyishadi. Shundanmi, soʻz ishqiga tushgan shoiru yozuvchini Yaratgan ayovsiz sinaydi. Goh dard beradi, goh qaygʻu beradi, goh hayotning koʻchalarida sarson tentiratadi. Shularning barchasiga chidasang, mana ol, deb mastona devonaligini beradi. Bu devonalikka "shukr" soʻzini oshiq eta olgan ijodkorgagina ijodning betimsol vasli nasib etadi.

Konfutsiyning: «Dushmaningni faqat maqtagin, toki u maqtovdan shishib yorilsin», degan gapi bor. Qolaversa xalqimiz ichida ham «Dushmanni shakarda oʻldir», degan naql yuradi. Men buni bekorga keltirmadim. Zoʻr shoir va yozuvchiga maqtovning keragi yoʻq. Shuningsiz ham qalb uning asarlarini yaxshi koʻrib oʻqiydi.

Adabiyot maydoniga sof tuygʻulariyu orzulari bilan kirgan, kirayotgan ijodkorlarning bitta kitobi chiqar-chiqmas uch-toʻrt betlab maqtovnoma-taqrizlarning chiqayotganini (ayniqsa chiroyli ijodkor qizlarga) qaysidir ma’noda ularning ijodiga suiqasd deb oʻylayman. Adabiy tanqidchiligimiz bugun koʻzini kattaroq ochsa yaxshi boʻlardi. Nazarimda oʻquvchilar ham, ijodkorlar ham, olovli, toza bahslarni, haqiqatdan suv ichgan taqrizlarni juda sogʻinishgan...

Bilmadim, mavridimi yoki yoʻqmi, ichimda necha yildan buyon maddalab yotgan bir gapni aytgim kelayapti. Ancha yillar oldin murgʻak bolam bilan ijarama-ijara yurgan kezlarimda xushxabar eshitdim. Yozuvchilar uyushmasining uysiz-joysiz a’zolariga uy ajratilibdi. Doʻppimni osmonga otib, xursand boʻldim: haqiqat bor ekan-ku! Darrov Yozuvchilar uyushmasining oʻsha paytlardagi mas’ullaridan birining qabuliga kirdim. U meni sovuq qarshi olib: «Hamma uyning oʻz egasi bor, sen esa bu yerda izgʻib yurmasdan qishlogʻingga ket, adabiyotga nima ham qilib berarding», dedi. Karaxt tortdim. Ruhim yer bilan bitta boʻldi. Afsus, shunga oʻxshash iddaolarni yana koʻp eshitdim.

Oʻsha kunlar mening adabiyotdan topgan haqiqatim chil-chil singandek boʻldi. Qanchadan-qancha iste’dodli yoshlar oʻshanday undovli gaplarni eshitib, oʻz qishloqlariga qaytishdi. Shu-shu hech qaerda koʻrinmay ketishdi. Oʻzingiz oʻylang, bu endigina porlayotgan iste’dodning ustiga loqaydlik bilan tuproq tortish degani emasmi?!

Hammasi ortda qoldi. Bugun Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining ijodkorlarga, ayniqsa yosh ijodkorlarga koʻrsatayotgan muruvvatidan koʻnglim yayraydi. Ana shu muruvvatni qadrlab zoʻr asarlar yaratish payti keldi nazarimda.

Adabiyotimiz dengiziga bugun yangi-yangi toʻlqinlar kirib kelayapti. Koʻngilga yangi havo olib kirayotgan yoshlarimizni qutlamoq va asramoq lozim, deb oʻylayman. Ijodkorlar bir-birining ijodiga hasad bilan emas, havas bilan qarasa bu qanchadan-qancha yuksalishga yoʻl ochgan boʻlardi. Oʻzingiz oʻylang, qachondir «xalq dushmani» deb otilgan, aslida esa xalqning chinakam doʻstlari boʻlgan Choʻlpon, Usmon Nosir, Abdulla Qodiriy, Fitratlarning umriga zavol boʻlgan hasad emasmidi! Yaratgan bir-birini qoʻllaganni qoʻllaydi... Dunyoga koʻz-koʻz qilsa arzigulik adabiyotimiz boru, ammo haligacha nimagadir shu yoʻlda oqsayapmiz. Toʻgʻri, Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi tarjima markazi bu borada ish olib borayapti. Bu tarjima markaziga kuchli adabiy tarjimonlar kerak. Bir yigʻilishda hurmatli shoirlarimizdan biri: «Yoshlarni ramkaga tortish kerak» degan gapni aytdilar. Aksincha, yoshlarga ijodiy kenglik berish kerak emasmi?!

Biz Hazrat Navoiy, Bobur Mirzolar ekib ketgan daraxtlarning mevasini yegan xalqmiz. Nasib boʻlsa, adabiyotimiz dunyoni zabt etishiga ishonaman.

Oʻzimga kelsak: «Adabiyot uchun nimadir qila oldimmi?» degan savolga haligacha javob topganim yoʻq. Bir paytlar koʻnglimdagi tuygʻular shavqidan mastu magʻrur edim. Ammo yillar tuygʻularingni beshafqat duradgordek randalab boraverar ekan. Kimningdir oldiga qarz soʻrab borganimda yoki oʻgʻlimning qilgan aybi uchun bosh egib uzr soʻrayotganimda oʻsha randaning ogʻriqli azobidan qiynalgan gʻururimning chinqirigʻini eshitganday boʻlaman.

Ammo Yaratganning menga bergan tuygʻulari uchun doimo shukr qilaman. Oʻjar va oʻz bilganidan qolmaydigan yolgʻiz oʻgʻlim bor. Qanchalik shoʻr boʻlmasin, tuz ovqatni totli qilganidek, oʻgʻlimning, she’rimning borligi hayotimni toʻldirib, huzur bagʻishlab turadi.