OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHalimjon Tohirov
Asar nomiBolali yoʻlovchi (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Halimjon Tohirov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bolali yoʻlovchi (hajviya)
Halimjon Tohirov

Shaharlararo qatnovchi avtobus bir bekat yurar-yurmas oʻrtaroqdagi oʻrindiqda oʻtirgan shop moʻylovli yoʻlovchining qoʻlidagi ikki yoshlar chamasidagi bola asta-sekin yigʻisini boshladi. Katta yoʻlga chiqqan avtobus tezligini oshirdi. Bolaning yigʻisi ham tobora avj oldi. Uning ovozi shu qadar oʻtkir ediki, avtobus motorining gurillashi ham uning oldida holva boʻlib qoldi. Bolali yoʻlovchining yonida ketayotgan kishining oxiri sabri chidamay, atrofni beparvo tomosha qilayotgan hamrohiga yuzlandi:
–Oʻgʻlingizni u deb, bu deb yupatsangiz boʻlardi.
–Be-e, – dedi bolali kishi, – hozirgi bolalarni osonlikcha yupatish qiyin. Goʻdakligidan beri chakagi ochiq. Bola – poshsho deydilar. Manzilga yetgunimizcha sabr qilib turasiz-da.
–Shunday-kuya, lekin manzilga yetguncha naq besh soat yoʻl yurishimiz kerak. Bu ahvolda yangi yil bayramini ham burnimizdan chiqarasiz shekilli.
–Buyogʻidan xotirjam boʻlsinlar. Oʻgʻlim oʻzi yaxshi koʻrgan narsani qoʻliga olsa birpasda yupanib qoladi. Shoshilishda yoʻlga hech narsa ololmabman. Sizda biror-bir yegulikmi yo shunga oʻxshash narsa yoʻqmi?

Hamrohi yonidagi xaltasini titkilab bir dona olmani oldida bolaga uzatdi. Bola olmaga bir zum qarab turgach, aftini bujmaytirib, yana yigʻlashga tushdi. Otasi olmani bolaning qoʻlidan olib choʻntagiga tiqdi-da, xotirjamlik bilan dedi:
–Aytdim-ku sizga hozirgilar anoyimas deb. Olmani keyin yeydi shekilli. Toʻrxaltangizda yana nima bor? Qizgʻanchiqlik qilmasdan olaversangiz-chi! Bolaning koʻnglini olish savob boʻladi, birodar.

Bola yigʻisidan xunob boʻlayotgan yoʻlovchi zoʻrakilik bilan, noiloj iljayib mayizli bulochka, toʻrt dona qurt olib uzatdi. Ammo ular ham kor qilmadi – bolaning yigʻisi avjiga chiqdi. Yon-atrofdagi yoʻlovchilar birin-ketin quloqlarini bekitishga tushdilar. Biroq bu ahvol koʻpga choʻzilmadi – ularning ham toqatlari toq boʻldi.
–Yigʻi deganlari shunaqa ham boʻladimi? Vey, tinchlantirsangiz-chi! Yangi yil, bir dam olaylik deb yoʻlga chiquvdik.
–«Munojot»ga oʻxshab yurakni ezvordi-ku, a?! Oʻzingizni bolangizmi, yo...
–Bay-bay-bay! Katta boʻlsa bu bolangizdan rosa zoʻr operachi chiqadi-da!
–Oʻnta bola boqib ham bunaqangi yigʻini eshitmagandim. Ikki soatdan beri quloqni qomatga keltiryapti-ya!
–Bolaning oʻzi rostdan ham yigʻlayaptimi, yo magnitafonga yozvolganmisiz!?

Ota bolasini yupatishga urinmasin baribir foydasi boʻlmadi: yigʻi kuchaysa kuchaydiki, asti toʻxtashidan darak yoʻq edi. U yolvorgudek boʻlib yana yoʻlovchilarga termuldi:
–U deb, bu deb ranjishinglardan naf yoʻq, – dedi uf tortgan boʻlib. – Bir vaqtlar oʻzing-lar ham mana shunday bola boʻlgansizlar. Ha, undan koʻra, yoninglarni kovlab, topgan-tutganing-larni uzatinglar-chi, koʻrib zora tinchisa.

Avtobusda «bolani tinchlantirish hashari» boshlanib ketdi: kimdir ikkita somsa, bir hovuch mayiz, yana kimdir teshikkulcha, shokoladli vafli, allakim pechene, qand-qurs uzatdi. Oradan koʻp oʻtmay bolaning yon-veri yoymachi tijoratchining doʻkoniga oʻxshab ketdi. Ammo yigʻi tinmasdi.

Bolali kishi kelib tushgan narsalarni yonidagi xaltaga, choʻntaklariga shoshilmay joylar ekan, qoʻshimchalagan boʻldi:
–Qadrli yoʻlovchilar, himmatinglar uchun rahmat! Hammanglar bolani yaxshi koʻrasizlar ekan. Bilasizlarmi, oʻgʻlim gohida pulni koʻrsa yigʻidan toʻxtab qolardi. Agar sizlarga malol kelmasa...

U gapini tugatmayoq chor-atrofdan mayda-chuyda pullar qoʻlma-qoʻl uzatila boshladi: «Ishqilib bola tinchisa boʻldi!»

Ammo bolasi tushmagurga yigʻidan ham, ovozdan ham bergan ekan – manzil yarim boʻldi hamki tin olay demasdi. Yoʻl-yoʻlakay radio tinglab, mashina boshqarishni xush koʻradigan haydovchining ham qovoq-tumshugʻi allaqachon osilib ketgandi. Muzika eshitay desa bu yoqdagi gʻalva odamlarga yetarli boʻlib turibdi. Eshitmay desa yurak qur-gʻur yozilay demaydi. Uning ham sabri chidamay bolali yoʻlovchi tomonga boshini keskin burib gap qotdi:
–Hoʻvv akaxon, bu «ashulachi»ngiz bilan qayoqqacha borasiz?» Obboʻ, oxirgi bekatgachami?! Yana toʻrt soat chidashimiz kerakmi?

U xunob boʻlib avtobusning tezligini oshirdi. Sendan ortda qolamanmi, degandek bolaning yigʻisi ham kuchaydi. Avtobus goʻyo tugʻruq uyiga oʻxshab ketdi: bigʻ-bigʻ-bigʻ...

Haydovchi baribir sabr-toqat qilolmadi. Avtobusni shartta toʻxtatdi-da bolali yoʻlovchiga yalinishga tushdi:

Jon aka, hali manzil uzoq. Bu ahvolda oʻzin-gizni ham, bolangizni ham qiynab qoʻyasiz. Men yoʻldan bironta yengil mashina toʻxtatib bersam qalay boʻladi? Har holda manzilingizga bizdan tezroq yetib olardingiz.

Yoʻlovchilar orasidan «Juda toʻgʻri!», «Yaxshi boʻlardi!», «Bizga ham rahmingiz kelsin!», «E, hayriyat-e!» qabilidagi quvonchli xitoblar eshitildi.
–Yaxshi-kuya, – dedi bolali odam biroz oʻylanib, – lekin yoʻlkira chatoq-da! Pulim boʻlganda allaqachon «Neksiya», yo «Tiko»da ketgan boʻlardim.

Uning gapini eshitib haydovchi suyunib ketdi.
–Yoʻlkirani oʻzim toʻlayman. Mana, oling!

U shunday deb yoʻlovchining oldiga keldi-da bir dasta pul uzatdi. Pulni koʻrib yoʻlovchi boshini chayqadi:
–Bu oʻzimga yetadi, xolos. Biz ikki kishi, yoʻgʻ-e uch kishimiz.
–Uchinchinglar kim? – hayron boʻldi haydovchi.
–Ana, orqamda oʻtiribdi! – yoʻlovchi shunday deb boshiga roʻmol tashlab olgan ayolni koʻrsatdi. –Bolamning onasi boʻladi.

Haydovchi koʻzlarini chaqchaytirib choʻntagiga yana qoʻlini tiqdi.

Yoʻldagi bekatda tushib qolishgach, er xotiniga bolani uzatar ekan asta shipshidi:
–Menimcha oʻgʻlimizning bugungi «biznesi» ham chakki boʻlmadi. Endi biroz emizdirib qoʻy. Oʻn minutdan keyin Qoʻqondan avtobus keladi. Yana ortimizga qaytamiz. Ishqilib avtobusda odam koʻproq boʻlsin-da.
–Dadasi, bolani hadeb chimchilayvermang. Meni koʻrmasa oʻzi yigʻlayveradi.
–Yigʻisining avji pasayganda chimchilamasam boʻlmayapti-da! Iy-ye, ana avtobus koʻrindi. Bolani tezroq menga ber!

... Avtobusda mudroq bosib kelayotgan yoʻlovchilar choʻziq yigʻini eshitishib, bolali kishi tomon boʻynilarini choʻzib qaray boshlashdi...