OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Hamid Elxon. Ayol va ilon (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHamid Elxon
Asar nomiAyol va ilon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Hamid Elxon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2010-yil, 10-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ayol va ilon (hikoya)
Hamid Elxon

Rassomning toqqa kelganiga hafta boʻldi. Ammo chizishni boshlashga hali kirishgani yoʻq. Uskunasi oldida boʻyoqlar terilganicha, ilk tasvir qogʻozi – eskiz esa oppoqligicha turibdi .

Gap uning koʻp yillardan beri yaratishni oʻylab qoʻygan, durdona boʻlmasa hamki, bosh asari gʻoyasini chizishni dilida pishitib, soʻnggi chizgilarigacha tasavvuriga joylamaganida emas, balki kelib qolgan togʻ ungiri, atrof manzara moʻljalidagi surat uchun yarashiga koʻzi yetmayotganida edi. Oʻrtada toshloqni yuvib chogʻroq soy oqardi. Ikki tarafida uchlari nayzadek koʻkka sanchilgan tik zovlar, taram-taram soyliklaru qiyaliklar, adoqda esa qishloq, dov-daraxtli hayatlar, ular aro ilonizi tosh yoʻl choʻzilgan. Yoʻldan otliqlar, eshak mingan xotinlar, qoramol va qoʻy echkilarni haydagan bolalar oʻtishardi. Ahyon-ahyonda traktor, mashina, motosikllar varanglagancha ularni hurkitib, yoʻlni quyuq changga belagancha zingʻillashadi. Loysuvoq tomli uylar oldida bolalarning qiy-chuvi, roʻzgʻor ishlari bilan band ayollarning shangʻillaganlari eshitiladi.

Ayni manzarada texnika asriga xos nishonalar sezilsa-da, ibtidoiy asoratlar ham saqlangandek. Balki nasriy asar uchun tesha tegmagan tafsilotlar anchagina topilar, ammo musavvirga non yoʻq, chamasi. Ha omadi yurishmaganga oʻxshaydi. Bunda zamin tarovatu goʻzallikni emas, asriy hodisotlar aks-sadosini kuylayotgandek. Borliq goʻyo ilk yaralish chogʻida qanday boʻlsa shundayligicha potrab yotardi. Tuproq va toshlar qip-qizil, kulrang yoki boʻrta-butalaru kaltakesaklar, hatto odamlarning tusi ham shunga monand.

Uning qoʻnalgʻasi – terskay betdagi chogʻroq hayat ancha bahavo, soʻlim koʻrinardi-yu, aslida noboproq joy chiqdi. Shoxlari tarvaqaylagan zarang tagiga uskunasini joylashtirdi. Yotadigan temir karavoti esa xolisroqda. Negaki turli hasharotu jonivorlar tashrifidan bezor. Shundogʻam, yon-veridagi xarsang¬lar, zirklar orasidan ilonlar bilanglab chiqib oʻtakasini yorardi. Bu joyni: «Senga juda mos, shoh asaringni aynan shu yerda yaratasan», deb rosa maqtagan, oʻrnashtirib, non-choyiga qaraydigan odam topib bergan kursdoshidan dargʻazab edi. Unga Shveytsariya togʻlaridagi billur koʻllar, Venesuelaning Anxel sharsharasi, Yaponiya sakurazorlari boʻlmasa hamki, oʻzimizning yashil archali jaydari togʻlarimiz bagʻridan joy topmasdan naq mezazoy erasida vulqonlarning osmonu falakka koʻtarilishidan hosil boʻlgan shu tupkanning tagiga yoʻllagani ta’bini tirriq qilardi.

Qoʻliga hali boʻyoq choʻp tutmagan bolalik damlaridan qalbida ardoqlagan, oq qorli togʻlar etagida yashnagan voha, sharqiragan daryo, bogʻ-rogʻlar, lojuvard osmon, charaqlagan quyosh, nihoyat ular bagʻrida visol qurgan yigit va qiz suratini chizish uchun nafis ranglarni qaerdan oladi endi? U san’atni tashlab oʻzini kor¬chalonlikka urgan qovoqbosh doʻstini buralab soʻkkisi kelardi-yu, qavatida yoʻqligi uchun noiloj gʻijinardi xolos. Toʻgʻri, xayoliy timsollar, falsafiy ramzlar orqali ishlashi mumkin, ammo uning asari mavzusi Pikassoning kabutari yoki Salvador Dalining shaf¬fof badanli xonimlari emas, sharqona manzara – Behzod, Xokusay, Oʻrol Tansiqboev an’analari… Yana voqelikni oʻzicha – hali ilgʻanmagan chizgilar, yangi shakl va topilmalar orqali ifodalashi zarur.

Oʻtgan yili Drezdendagi koʻrgazmasida bir nemis san’atshunosi uning «Jamrash» nomli suratiga tikilib turib boshini chayqagandi:

– Ona-bola topishuvi shoirona tasvirlangan.

Oddiy etyudda qoʻzilarning sogʻim arafasida koʻgandan boʻshalib sovliqni emishi aks etgandi. Ras¬som biroz tushunolmay undan nimani nazarda tutayotganini soʻraganida:

– Mehrni, – dedi nemis hozirjavoblik bilan. – Oʻzbeklarda asl his-tuygʻular yaxshi saqlanganidan dalolat bu. Qoʻyni qarang, och qolgan bolasini bagʻriga olib quyruqchasini hidlagancha emizmoqda. Koʻzlaridagi muhabbat va ezgulikni yetkazib tasvirlabsiz, ofarin!

Demak majozning yangi yoʻli, hayotiylikni yondosh timsollar orqali ifodalash! Kasbdoshlari unga: «Bu usul gʻordagi devorga tosh bilan oʻyib rasm chizish davrilaridan beri bor-ku!» deyishganida: «Hali koʻrasizlar, yangi suratim kutilmagan yangilik boʻladi», deb javob qilgan. Nimaligini esa hali oʻzi ham aniq bilmas edi.

Unga qaraydigan xonadon sohibi oʻttiz yoshlar chamasidagi davangirday erkak va andak yoshroq xotini hali bola koʻrmaganlari uchunmi kelin-kuyovga oʻxshaydilar. U dastlab hashoratu gazandalar koʻp¬ligidan va zovlarning vahmidan qochib ularning mehmonxonasida tunab yurdi. Juvon choy damlab, dasturxon va yegulik olib yoniga kiritib turardi. U ham quruq qoʻymasdi, meva-cheva, guruch-moy deganday… Ayolning biroz toʻporiligi, oʻzini takallufsiz tutishi, keragidan ortiqroq e’tibor qilishini demasa qariyb muammo yoʻq hisobi.

Nihoyat ishga kirishdi. Orqada saf tortgan tik qoyalarni, ular yuzidan jimirlab toʻkilayotgan zilol suvlarni, zirklar, mox va lishayniklarni, zangori yaproqli zaranglarni xomaki nusxaga tushirdi. Rasm ancha mahobatli, tabiiy unsurlarga boy, ammo unda hayot asari koʻrinmasdi. Shunda u eskizni yirtib tashlab, boshqatdan kulrang chagʻillarni meng tuproqli olovrang yonbagʻirlarda bitgan qip-qizil kovullarni, oppoq oqchayir va kovraklarni, qirgʻiylaru ilonlarni tasvirlagan edi, surat birdan jonlandi. Endi quyoshning zarrin nurlariga belangan borliq ibti¬doiy ranglar ogʻushida lovullardi. Koʻzga yarq etib tashlanadigan bu manzarada chindan-da notanish olam namoyon boʻldi-qoldi. Endi old koʻrinish – visol tasviriga ilhom bilan kirishsa ham boʻlaveradi. Nomini ham oldingidek «Hayot qoʻshigʻi» emas, fal¬safiyroq, ya’ni «Ilk yaralish», deb qoʻyadi.

Rassomning shashti baland edi. Biroq aha¬miyatsizdek tuyulgan ikir-chikirlar ishning unumini pasaytirdi. Biri bevosita ijod jarayoni bilan bogʻliq. Eskizda dinozavrlarni butunlay qirib yuborgan qattol yura davri – vulqonlar, magma va qaynoq lavalardan soʻng million yillar oʻtib sovi¬gan, moʻ‘tadillashgan borliqda tiriklikning qayta yaralishi mana-man deb turardi. Bunaqa keskin fonga gulday nozik qizcha bilan ma’sumgina oʻspirin mos kelarmikan? Hatto Tohir-Zuhralar ham ancha jasoratli boʻlishgan.

Boshqa muammo – birovga aytsa kulgili, ammo jiddiy boʻlib uy sohibasining gʻalati tabiati, tushuniksiz muomalasidan kelib chiqdi. Juvon uning ishlashiga mutlaqo xalaqit bermasdi, chizayotgan ras¬miga qiyo ham boqmasdi, balki oʻziga… Qisqasi ortiqcha diqqat-e’tibori bilan xayolini boʻlar edi. Atrofida aylanishib u bilan soʻzlashishni, eng yomoni – gap uqtirishni xush koʻrar, non keltirsa, choy damlab kirsa koʻzlarini vojillatib doimo nimanidir urgʻu¬lagandek unga qattiq tikilardi. Harakatlarida, ovozida, nigohlarida noma’lum imdod, aniqrogʻi tajo¬vuzkorlik zohirdek. Qaerda, qay holatda boʻl¬masin, harislik bilan boqar, unga daxldor nimaiki boʻlsa bariga qiziqar edi. Yoʻqligida jomadonini, narsalarini kovlashni xush koʻrar, ishlatishni uncha bilmasa-da radio, fotokamera, dazmol, fen, sovun, shampun, atirlarini olar, ayniqsa konservalar, konfetu pechenelar jonu dili edi. Qiziq tomoni, oʻr¬niga nuqul qotgan non, achigan qatiq va maza-matrasiz yovgʻon ovqatlarini tutqazardi.

Keyingi paytda uni-buni bahona qilib u tunaydigan xonaga tez-tez kiradigan boʻlib qoldi. Hatto kechalari, oʻrinda yotganida ham bostirib kelaverardi. Rassom uning odatlarini toʻporilikka yoʻydi. Yaxshiyamki, kelinchak narsalarigagina oʻch, koʻnglida boshqa gap yoʻq. Xizmatga shayligi, manziratlari unga malol kela¬yotganini qayoqdan bilsin. Balki uy bekaligi, ayollik sezgisi uni mehmonga gʻamxoʻrlik qilishga undayotgandir… Biroq tez orada chuchvarani xom sanaganini tushundi. Juvon mayda-chuydaga andarmon boʻlish bilan birga atrofida huda-behuda aylanishini ham kanda qilmasdi. Ertalablari oʻrinda yotganida, yechinib ariqda yuvinayotsa, yoxud badantarbiya qilayotgan paytlarida…

Tabiiyki, rassom u bilan iloji boricha kamroq muloqot qilishga, koʻp baqamti kelmaslikka tirishardi, ammo juvon hamisha, hamma yerda roʻparasidan chiqib, chagʻir koʻzlarini vojillatganicha nimadir der edi: «Manavini yeng», «qatiqni simiring», «shoʻrvaga non toʻgʻrang», «piyolani oling» va hokazo. Gaplarining meh¬ribonchilikmi, tanbehmi ekanini bilish qiyin. Gohida ilkis harakatlanib toʻsatdan unga yaqinlashar, biror narsa uzatayotib qoʻliga yoki yonboshiga tegib ketardi. Odatlari, xohish-istaklari aslida nimadan iboratligi rassomga butkul qorongʻu edi. Goʻyo shunchaki, nechuk bandaligiga qiziqsinganidan koʻproq muloqot qilib sinashta boʻlgisi kelayotganga oʻxshardi.

Ha, albatta, qiziqsinish, zaifalarga xos xususiyat. «Ayollar ba’zan nimani istashlarini oʻzlari ham bilishmaydi», degan ibora ham bejizga toʻqilmagan. Yana aytishlaricha, nozik jins sohibalarida boshqa jonzotlarga mijozdoshlik koʻproq kuzatilarkan. Masalan qushlarga, mushuklarga, yana allanimalarga... Rassomimiz esa har safar kelinning tabiatida, tashqi koʻrinishida va harakatlarida nechundir ilonga xos alomatlarni koʻrardi. Uni ayol goʻzalligi haqidagi ta’riflarning birortasiga mengzash oʻrinsiz – chiroyli ham, jozibali ham, xush qiliqli ham emasdi. Lekin!.. Borligʻidan vulqonday toshib kelayotgan yengib boʻlmas shiddatli kuch yogʻilardi. Boʻliq qaddi-qomati, tovatoshday yalpoq yuzi atrofdagi xarsanglarga monand boʻrta, koʻkragi, bilaklari lorsillagan, kishiga xuddi oʻljasiga tashlanishga hozirlangan urgʻochi ilonday vahshat bilan boqardi. Boshqa ayollarga xos bezanish, boʻyanish, noz-karashma, latofat unga yot edi. Rassom ancha koʻrkam, ijod ahliga xos tamkin va mutaassir inson. Biroq kelinchak unga aslo havaslanib, ishq-muhabbat bilan qaramas, aksincha zardayu dashnomlarini boshiga yogʻdurgudek sertanglardi. Rassom esa bunda ne ma’no va maqsad borligini bilolmay yuragi taka-puka. Toʻgʻri, uning ayollardan bezorligi yoʻq, gohida naturachi qizlarga ishqibozlik qilib turardi. Biroq bunisi… Bir kuni oʻrin yigʻayotib undan koʻmak suradi. Rassom bajonudil koʻrpani baland taxmonga joylashga yordamlashdi. Shunda juvon koʻtarishaman deb chalqaygancha, kutilmaganda uning ogʻushiga oʻzini tashladi...

Dunyoda qurtu qumursqalardan tortib yoʻl¬bars¬largacha odamdan hayiqishi azaldan ma’lum. Bu tushuncha hamisha ham toʻgʻri boʻlavermaydi albatta. Jonivorlar nasl qoldirish va qorin toʻydirish uchun muttasil bir-birlarini qiradilar. Ularning asosiy diqqat-e’tiborlari oʻljaga qaratilib, himoya toʻgʻrisida kam bosh qotiradilar. Kuchsizmisan, qochish¬ga ulgurmadingmi, toʻppa-toʻgʻri gʻolibning jigʻil¬doniga borib tushasan. Inson esa oʻz aqli bilan omon qolishning juda koʻp usullarini biladi. Eng ta’sirchani – qarshi hujum! Jonivorlar shuning uchun odamdan choʻchisa kerak. Biroq hozir qorin gʻamida ehtiyotkorlikni unutib rassomning girdida bemalol izgʻishardi.

Zarang tagi bahavo, shinam, gilam toʻshalganday qalin barra oʻtlar, qoqigullar gurkirab oʻsib yotardi. U boʻyashdan eringan pallalarda koʻkalamda rosa agʻnab hordiq chiqarar, tushlikniyam shu yerda qilardi. Keyingi paytda «hamsoyalar» tashrifi koʻpayganini payqadi. Tez orada buning sababi ayon boʻldi. Qarangki, bu hol u bilan bogʻliq ekan. Chumolilar, qurtlar, qoʻngʻizlar, sichqonlar uning dasturxonidan toʻkilgan mazali uvoqlarni, mevayu shirinliklar boʻlaklarini ishtiyoq bilan terib yeyishar, uyalariga tashishar, kaltakesaklar esa uni bezorijon qiluvchi chivin va soʻnalarni «hap» etib yutishar, ilonlar zarang shoxiga ilingan ovqat, non va boshqa yeguliklarni qitirlatayotgan sichqonlarga va chigirtkalarni tumshugʻiga qistirgan chumchuqlarga hamla qilishardi. Gohida osmonda tek qotgan qirgʻiy shuvillab pastga quyilardi-da, hozirgina yutgan koʻrsichqonni hazm qilish uchun shoxga oʻralib yotgan koʻlvor ilonni koʻtarib qochardi. Xullas, uni oʻrab turgan makonda gʻoʻngʻillash, chirillash, vijirlash, vishillash bir zum ham tinmas edi. Bezor boʻlgan rassom ularni xipchin bilan quvalar, oʻldirar, oʻzini va yeguliklarini ulardan asrash uchun jonini jabborga berardi, ammo gazandalar koʻpaysa koʻpayishardiki, aslo kamaymasdi. Jonivorlar faqatgina jigʻildon gʻamida emas, bu yerda oʻzlari uchun oʻngʻay va rohatijon muhitni – oʻziga xos jannatni yaratib olishgan, emin-erkin irgʻishlashar, turli-tuman ovoz chiqarib zavqlanishar, ora-sira «sevgi»ga mubtalo boʻlib gasht qilishardi. U toʻshagini boshqa joyga, shiydam oʻrik tagiga koʻchirgan edi, ajabki, shoʻx-shaddod qoʻshnilari u yerga ham «gurungga» boradigan odat chiqarishdi. Goho kaltakesak tuflisining ichiga kirib olsa, ilonoy butoqqa ilingan jinsi shimining poychasidan boshini chiqarib qop-qora ayri tilini qimirlatardi.

Oʻsha safargi «voqea« dan keyin mehmonxonaga kirishga yuragi betlamay qoldi. Uy egasi qoʻyday yuvvosh yigit, dala yumushlari bilan band boʻlib uyda kam koʻrinadi. Ba’zan kartoshka chopgali hayatga kelganida uyoqdan-buyoqdan gurunglashishadi. Mehmonga yaxshiroq qarashni xotiniga tayinlaydi. Rassom esa xijolat chekardi. Oxiri darrandalardan nechogʻli xavfsiramasin, hayatda tunaydigan boʻldi. Tungi sim¬foniya esa...

Bir kuni toʻlin oyning yorugʻida ajriq ustida chirmashgan «oshiq-ma’shuq» ilonlarni koʻrib hayratdan dong qotdi. Bundan-da maroqliroq, shavqliroq man¬zarani umrida koʻrmagan edi. Ilonlarning badanlari rangdor, baayni gʻojari gilamning naqshlariday goʻzal, koʻzlari odatdan tashqari yaltirar, ogʻizlarini ochib bir-birlarini yalab yulqashar, goʻyo gʻajishayotgandek qattiq vishillashardi. Keyin har ikkisi oʻlib qol¬gandek ajriqqa choʻzilishdi.

Rassom qimirlamay yotarkan, nima qilishni oʻylardi. Qoʻl uzatsa yetarli joydagi gazandalarga daxl bermaslikning iloji yoʻq edi. Nihoyat oʻrindan asta turib yonidagi zarang tayoqni oldi-da, moʻljallab urdi. Biri darhol qochib shuvullagancha gʻujum zirkning tagiga kirib ketdi, ikkinchisi toʻlgʻonib-toʻlgʻonib qimirlamay qoldi. Boshi majaqlanib ketgan ekan, tayoqqa ildirib qaloq sirtidagi baland xarsang ustiga tashladi. Oʻsha tunda allamahalgacha mijja qoqmadi. Bolaligida bobosi: «Ilonni oʻldirsang loshini yoqib yubor, boʻlmasa sherigi kelib seni chaqadi,» degan edi. Xayriyatki, hech biri uni ortiq bezovta qilmadi.

U koʻrganlarini unutib boshi bilan ijodga shoʻngʻidi. Yangi tasvirni yanada mukammallashtirdi, shakllar va ranglarni boʻrttirdi, sevgilisini ogʻush¬layotgan rangpar oʻspirinni Farhoddek bahodirga aylantirdi. Yuzidagi taram-taram muskullari, choʻyan¬dek ogʻir bilaklari yori uchun togʻu toshlarni kul qilib yuborishga qodirdek. Asar juda yorqin, mutlaqo yangi, ekspressionistlaru avangardchilarning tushlariga ham kirmagan yoʻnalish kasb etgan edi. Tasavvuridagi ilk hayot, yaralish uchun kurashayotgan timsollar endi tamomila oʻzgacha, hatto ajdaho, dinozavrlar qiyofasida namoyon boʻlardi

Tunlarning birida bosinqirab uygʻondi va dah¬shatdan qotib qoldi. Tushida uy sohibasi: «E buerda ekansiz-da. Men sizni qidirib yuribman. Mendan qochib qutulib boʻbsiz!» deya koʻrpani koʻtarib shuvullagancha qoʻyniga kirganmish. Juvon goho pari, goho ilon qiyofasiga kirib gul-gul yashnagancha uni suyarmish. Shu qadar mehrli, latofatli, shirin soʻzlar bilan erkalar emishki, olovli nafasidan umrida koʻrmagan ehtiros va lazzatni his etarmish. Bir payt u boʻynini nimadir ohista boʻgʻayotganini, tanasida gʻalati qaynoq toʻlqinni roʻy-rost his etdi. Koʻzlarini yarq ochib ustidagi koʻrpani itqitdi. Togʻdan moʻralagan oʻn besh kunlik oyning yogʻdusida tanasiga oʻralib yotgan ilonning naqshinkor terisi ming alvonda tovlanar, uzun ayri tili bilan esa lablarini yalar edi. Daf’atan, u qoʻrquv hissini tuymadi, aksincha darranda tanasining toʻlgʻanishi, badanidagi ranglar va naqshlar jilosi, boshini saranglatishi, koʻzlarining yaltirashi xayolini olib ohangrabodek oʻziga tortardi... Nihoyat! Yonayotgan odamdek karavotdan sakrab turib qishloq tomon qocha boshladi. Tanish uyga yetib jon holatda eshikni qoqdi. Uy egasi chiqib uning yarim yalongʻoch tarziga, enka-tenkasi chiqqan boʻzday rangiga qarab vahm bilan soʻradi:

– Ha, rassom aka, nima boʻldi, bemahalda bunday yuribsiz?

Uning tishlari takillardi:

– I... I … Ilon! Menga tarmashdi.

– Ilon? Hech narsa yoʻq-ku. Qoʻrqibsiz-da, usta, suv iching. Hoy, suv keltir! – deya yoniga kelgan xotiniga buyurdi.

Rassom suv ichgach, sal oʻziga kelib boʻynini va boshqa joylarini siypaladi: ilon-pilon yoʻq edi. Hamon qaltirarkan, gʻoʻldirab uzr aytdi:

– Ma’zur tutasizlar, bezovtalik uchun… Yomon tush koʻribman shekilli … Juda qoʻrqinchli.

– Boʻlib turadi. Ozgina hadik olgansiz-da, – deb xotirjam qildi yigit mehmonni. – Hayat ovloq, oʻrganmagan odamsiz. Xotin, tez mehmonxonaga joy sol. Usta, uyga kiring, manavi choponni kiying.

Rassom u uzatgan choponni kiygach, ketmoqchiligini aytdi.

– E, qoʻying, usta. Uyqungiz yaxshi boʻlmaydi endi. Shu yerda qoling.

Lekin mehmon koʻnmadi, atrofga olazarak ter¬milgancha yana hayatga chiqib ketdi. Ajabo, jismida va ruhida sirli ilhom tugʻyoni gʻalayon qilardi. Ongi odatdan tashqari tiniqlashib, miyasi million yil¬larni qamraydigan tezlikda yangi timsollar yaratish bilan band edi…

Ertalab quyosh zarang yaproqlari orasidan endi¬gina zarhal nurlarini sochgan chogʻda u molbert oldiga oʻtirdi. Etyuddagi qiz tasvirini hech ikkilanmay oʻchi¬rib tashladi-da, oʻrniga tushida koʻrganlarini tasvirladi: ilon timsolidagi ayol! Boshi, yuz va koʻzlarida, butun borligʻida ayollik olami, mohiyati barq urgan. Qaddi-qomati boʻliq, qoʻsh kabutarday koʻk¬ka talpingan koʻkraklari uzra soch oʻrimlari beliga chulgʻongan, ilon nusxa kashtali badani shiddatkor ehtiros bilan alpqomat yigitga chirmashgan. Nigohlari butun borliqni yondirgudek otashin!..

Rassom suratni chizib boʻlgach, unga boqib hayratdan lol qoldi. Hech qachon oʻzi oʻylamagan, tasavvur qilmagan manzarani yaratgan edi. Ertak kitoblarga ishlanadigan rasmlardan keskin farqi – undan misli koʻrilmagan hayotiylik barq urardi. Ayniqsa oshiqlarning tashqi va ichki olamida aql bovar qilmas kuch-qudrat, joziba zohir, kishiga gʻoyatda tanish, goʻyo qachonlardir ayni makonda ular bilan ilk hayot yaralishida birga javlon urgandek, noma’lum, qadrdon kechmishlarini namoyon etayotgandek gʻalati taassurot qoldirar edi.

Rassom suratni asil nusxaga koʻchirib soʻnggi boʻyoq¬larni yurgizayotganida gʻalati hodisaning shohidi boʻldi. Orqasida qoʻlida dasturxon va choynak tutgan barvasta kelinchak xuddi sehrlangandek rasmga tiki¬lib turardi. Nariroqda esa… Xarsangtosh ustida belidan yuqorisi bir gaz koʻtarilgan ilon ham toshdek qotgancha suratni tomosha qilardi. Har ikkisi guyo million yillar ilgari unut boʻlgan asl olamlari ichra hozir boʻlgan kabi soʻngsiz hayrat va hayajon ogʻushida edilar…