OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Hamid Olimjon. Semurgʻ (she’r)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHamid Olimjon
Asar nomiSemurgʻ (she’r)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Hamid Olimjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm37KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/14
Manbahttp://www.literature.uz...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Semurgʻ (she’r)
Hamid Olimjon

I

Sar qomat Parizod
oʻsdi gʻamlardan ozod.
Bahor yangligʻ ochildi,
Gullar yangligʻ sochildi.
Chiroyidan ovoza,
Elga tarqaldi toza.
Har yerga doston boʻldi,
Dostonga boʻston boʻldi.
Koʻrmaganlar koʻrishni,
Koʻrganlar oʻltirishni
Qilar boʻldilar orzu,
Barcha toshu tarozu
Shu gapni oʻlchar boʻldi,
Soʻzlar oltin-zar boʻldi.
Shaydolar koʻp beqaror,
Yigitlar boʻldilar zor.
Tun keldi-yu shom ketdi,
Uyqudan orom ketdi.
Hamma boʻldi xaridor,
Qizidi katta bozor.
Elchilar yogʻildilar,
Katta gʻavgʻo qildilar.
Lekin u odam sevmas,
Doim oʻzi bilan mast.
Eldagi navqironlar,
Navqiron pahlavonlar
Unga aslo yoqmaydi,
Oshiqlarga boqmaydi.
Yuragida sevgi yoʻq,
Qalbi marmarday sovuq.
U odamlik qarzini,
Sevguvchining arzini
Olib orqaga tashlar,
Shuncha-shuncha otashlar
Eshigida soʻnadi,
Otashdan kul unadi.
Bahri ochilmaydi hech,
Chehrasi kulmaydi hech.
Elchi boʻlib kelganlar,
Qizning sirin bilganlar
Noumid qaytadilar,
Mardumga aytadilar.
Xalq ichida Parizod
Chiqaradi yomon ot.

* * *

oʻz qizidan pushaymon
Boʻlib shuning uchun xon
Kecha-kunduz oʻylaydi,
Yoz bilan kuz oʻylaydi:
«El rasmini qilmagan,
Sevgi nima bilmagan,
Qari qizni netayin?
Chiqib qayga ketayin?
Qaylarga urayin bosh?
Buncha sovuq, bagʻri tosh
Qizni qaydan yaratdim?
oʻzimni oʻtga otdim.
Men nimaga yarayman,
Yurtga qanday qarayman.
Boshimga bu Parizod
Balolar keltirdi bot».

* * *

Qizini chaqirib xon,
Shunday boshladi figʻon:
«Eshit, qizim Parizod,
Chiqaribsan yomon ot.
Sening ba’gʻring tosh emish,
Koʻzlaring beyosh emish,
Aslo sevmas emishsan,
Erga chiqmam, demishsan.
Men malomatga qoldim,
Zoʻr qiyomatga oldim.
Sening yomon dostoning
Meni tuproq bilan teng-
Qilib uyatga qoʻydi,
Meni bepichoq soʻydi.
Qizim men ham qaridim,
Goʻrga tomon daridim.
Yoshim yetmishga bordi,
Soch-soqolim oqardi.
Yurak bagʻrimni oʻyding,
Meni nomusga qoʻyding.
Otangga berma azob,
Azobga qolmagan tob.
Tosh yuraging yumshasin,
Eshitsin qalblar sasin.
Otang hurmati uchun
Koʻrsat mardlikning kuchin.
Kel, birovga koʻngil ber,
Bir yigitga deb gul ber.
Bir oz andishaga bor,
Meni gʻavgʻodan qutqor!»

II

Parizod oʻylab qoldi,
Koʻp uzoq begap qoldi.
«mayli,- dedi u xonga,
Bir umid solib jonga,-
Yolgʻiz bir shart qoʻyaman,
Bajarganni suyaman.
Hovlida bor zoʻr chinor,
Chinor emas, u bird or.
Biladi juda koʻp sir,
Yashar yuz yil-bir asr.
Yoshi koʻpga ketadi,
Bosh koʻkka yetadi.
oʻlkaga jar solaman,
Yerlarga zar solaman.
Shartim shuki, ot bilan,
Goʻyoki qanot bilan
Shu chinorga chiqqanga,
Chiqib uni yiqqanga
Soʻzsiz xotin boʻlaman,
Goʻzal otin boʻlaman.
Barcha qarshimdan oʻtsin,
Mard oʻzini tanitsin.
Agar shunda ham qalbim
Yumshamasdan qolsa jim
Uzib olib otarman,
Qassoblarga sotarman».
Shunday degach Parizod,
Xon boʻldi poyonsiz shod.
Jarchilarni chorlatdi,
Har biriga soʻz qotdi:
«Yurtga xabar beringiz,
Aytingiz har biringiz,
Xon qiziga xaridor,
Parizod husniga zor
Boʻlganlarga baxt kuldi,
Birgalashib taxt kuldi.
Qoʻrqmasdan kela bersin,
Baxtini bila bersin.
Sharti shulkim, ot bilan,
Goʻyoki qanot bilan
Zoʻr chinorga chiqqanga,
Chiqib uni yiqqanga,
Parizod xotin boʻlur,
Bir goʻzal otin boʻlur.
Ayting, har bir mard kelsin,
Har bir mard bedard kelsin.
Sinasin oʻz baxtini,
Baxti qoʻllasin uni.
Koʻrganlar olsin darmon,
Koʻrmagan qilsin armon».

III

Har yoqqa xabarchilar-
Tili uzun jarchilar
Chopa-chopa ketdilar,
Bozorlarga yetdilar.
Karnay, sunray chaldirib,
Suyunchilar oldirib,
Qildilar katta e’lon.
Xabarlar ketdi har yon.
Xonning xabarin olib,
Hamma birdan qoʻzgʻolib,
Zoʻr shov-shuv boʻlib qoldi.
Yurtga gap toʻlib qoldi.

IV

Ertasiga barcha el,
Kela berdi bogʻlab bel.
Chavandoz, pahlavonlar,
Barcha sohibqironlar
Otlarni gijinglatib,
Qamchilarni oʻynatib,
Kela berdilar bari,
Kattakon chinor sari.
Baxmal jabduqlar urib,
Suluv qizlarday yurib,
Argʻumoqlar chopdilar,
Yer va koʻkni yopdilar.
Soʻliqlarni tishlashib,
Mast boʻlishib kishnashib,
Dunyo-dunyo chang-toʻzon
Ichida qolib osmon,
Kela berdilar bari
Kattakon chinor sari.
Chumoliday chuvashib,
Qir va togʻlarda oshib,
Suv boʻylarida yotib,
Yurganda oʻqlar otib,
Oshiqlar poda-poda
Boʻlib choʻlu sahroda,
Kela berdilar bari
Kattakon chinor sari.
Xon qizin olmoq uchun,
Elga sinalmoq uchun,
Baxtim bormi ekan, deb,
Menga yormi ekan, deb,
Kela berdilar bari
Kattakon chinor sari.

V

Yetti kecha, yetti kun,
Yetti kunduz, yetti tun
Zoʻr chinorga chiqmoqqa,
Chiqib uni yiqmoqqa
Hamma xezlab koʻrdilar,
oʻzni oʻqday urdilar.
Necha manman deganlar,
Ilon poʻstin yeganlar
Yiqila berdi bir-bir,
Makon boʻla berdi yer.
Chinor hech silkinmadi,
Bir shoxi ham sinmadi.
Qushday uchib kelganlar,
Shamol kabi yelganlar
Yarim yoʻlda tindilar,
Yana otga mindilar.
Yana xezlab koʻrdilar,
oʻzni oʻqday urdilar,
Murod hosil boʻlmadi,
Koʻngillari toʻlmadi.
Ilonday chirmashganlar,
Chirmashib tirmashganlar
Yana qaytdilar ketga,
Chiqa berdilar chetga.
Qancha suluv argʻumoq
Yiqilib boʻldi choʻloq.
Qancha-qancha chavandoz
Boʻldi tuproq bilan soz.
Koʻplarning beli sindi,
Koʻplarning umri tindi.
Kunlar oʻtdi va ammo
Hal boʻlmadi muammo.
Zoʻr chinorga chiqmoqqa,
Chiqib uni yiqmoqqa
Hech kim erisholmadi,
Jumboqni yecholmadi.
Kelganlar boʻlib hayron,
Koʻplar boʻlib pushaymon,
Bir-bir tarqab ketdilar
Manzillarga yetdilar.

VI

Bu hollarni koʻrib xon,
Yutdi laxta-laxta qon.
Parizod xunob boʻldi,
Xunobu betob boʻldi.
Qiz berganni qargʻishlab,
Peshonasiga mushtlab,
Yana axtarib chora,
Xon oʻrtandi tobora.
Odamlarni chaqirdi,
oʻt ichida baqirdi:
Bu maydonga kirmagan,
Bizning shartni bilmagan
Ayting, yana kim qoldi?»
Hamma odam jim qoldi.
Ogʻir oʻyga botdidilar,
Oxir shuni aytdilar:
«Yolgʻiz bir Bunyod qoldi,
oʻsha bir beot qoldi.
U bir choʻpon bechora,
Bu ishga topmast chora.
Parizodga teng boʻlmas,
Kiyimiga yeng boʻlmas.
Chinorga chiqolmas ham,
Chiqolmas, yiqolmas ham».
Xon hech quloq solmadi,
Pisandiga olmadi:
«Bu gaplar bari bekor,
Bu bilan hech bitmask or.
Qayda boʻlsa ham Bunyod
Topib keltirilsin bot!
Men otimni beraman,
Qanotimni beraman.
Agar chinorga chiqsa
Va chiqib uni yiqsa
Ahmoq, bees boʻlsa ham,
Moxov v apes boʻlsa ham,
Mening qizim Parizod
Unga xotin boʻlur bot».
Bunyodni togʻ tagidan,
Daryoning etagidan
Topib keltirdilar bot,
Xon berdi noiloj ot.
Zoʻr chinorga qarandi,
Ichida bir gʻash yondi.
Tanini qurshab oʻtlar,
Chinor shoxi bulutlar
Orasida koʻrindi,
Bunyod fikr surindi.
Yonidagi uchqur ot
Chiqarib bir zoʻr qanot,
Koʻkka qarab kishnadi,
Yolin tarab kishnadi.
Butun atrof xaloyiq
Bilan toʻlib ketdi liq.
Hayot umri qurib, xon
Tikilar edi hayron.
Ne boʻlarkin, der edi,
Zahar-zaqqum yer edi.
Talvasada Parizod,
Cekar edi figʻon, dod.
Bunyodga gʻayrat kirdi,
Yuragiga dard kirdi.
Yurib bahodirona,
Otga mindi mardona.
Qattiq bir qamchin soldi,
Yolgʻon emas, chin soldi.
Ot yashinday qoʻzgʻaldi,
oʻt singari yoʻl oldi.
Bulutlar orasida,
Osmonning qorasida,
Yozib borar qulochin,
Goʻyo bir buyuk lochin
U chinorga oʻtirdi,
Goʻyoki oʻqday urdi.
Chinor tomiri bilan,
Koʻkarga yeri bilan
Qoʻporildi guvillab,
Shamol kabi uvillab.
Zoʻr shoxlar yerga ketdi,
Tomir osmonga yetdi.
Yer uzra tushib Bunyod,
Boʻlib dunyo-dunyo shod,
Goʻzal duldul otida,
Otining qanotida.
Koʻzlarida zoʻr yogʻdu,
Kulib turar edi u.
Koʻrsatguvchiga zoʻr ish,
El soʻzlar edi olqish.
Yurak yorilguday xon
Xursand edi bepoyon.
Parizod boʻlib behold,
Turib qolgan edi lol.

VII

Toʻy boʻladi deya el,
Bosa berdi goʻyo sel.
Barcha shoshiqar edi,
Toʻy deb oshiqar edi.
Qotib qolgan Parizod
Oldiga keldi Bunyod.
Sekin qoʻlin uzatdi,
Qalbiga zoʻr tosh otdi.
Parizod bir emrandi,
Qosh-qovogʻI chimrandi.
«Toʻgʻri,-dedi,-sen yutding,
Sovuq qoʻlimni tutding,
Nima qilay, roziman,
oʻzimdan noroziman.
Baxtim ochilmadi hech,
Aytganim boʻlmadi hech.
Faqat, agar unasang,
Unab yoʻlga joʻnasang,
Yana bir shart qoʻyardim,
Yana sinab koʻrardim.
Shundan soʻngra umrbod
Senga boʻlar Parizod».
Bunyod hm rozi boʻldi,
«Gapir,-deya bukildi,-
Gaping boʻlsa ayta ber,
Koʻngling toʻlsa ayta ber.
Har bir ishni bilarman,
Har nimani qilarman.
Koʻnglingni olomasam,
Bir orom sololmasam.
Yoʻldosh boʻlolmasman hech,
Sen ham unday yordan kech».
Tikka turib, Parizod-
Shartin eshitdi Bunyod.

VIII

«Kun botarda bir yovuz
Dev bor emish yalmogʻiz.
Odamga dushman emish,
Qon emish unga yemish.
Har musibat, har ofat,
Har bir mudhish kasofat,
Barcha jabru jafolar,
Hamma dardu balolar
oʻshandan kelar emish.
Odamlarni yemirish
Bilan boʻlar emish shod,
Koʻngli gʻamlardan ozod.
oʻzi balo togʻining
Va ofat bulogʻining
Boshida oʻltirarmish
Kunu tunu, yoz ham qish.
Uni koʻrgan har chaman
Qoʻyarkan tuproqqa tan.
U tikilgan har bir gul
Toʻkilar ekan butkul.
Uni koʻrgan har bir jon
Tez boʻlar ekan xazon.
Daryolar qurir ekan,
Baliqlar churir ekan.
Undan har kun tabiat
Olar ekan qora xat.
Ikki oyu ikki yil
Yursang bogʻlab mahkam bel
Makoniga borarsan,
Andomiga qararsan.
oʻrtangizda jang boʻlur,
Ikki olam tang boʻlur.
Shuni jangda oʻldirsang,
Hayotini soʻldirsang.
Qoʻling bilan odamzod
Balodan boʻlsa ozod,
Devni oʻldirib agar,
Qaytib kelsang bezarar,
Shu kuni toʻy boshlarmiz,
gʻam-gʻussani tashlarmiz».

IX

Parizod yerga boqdi,
Bunyodni oʻtlar yoqdi.
Boʻlib xonning holi tang,
Qotib qoldi hangu mang.
Kalavasi chuvaldi,
Bor umidi yoʻqoldi.
Taajubda xaloyiq
Koʻziga yosh oldi jiq.
Bunyod uzoqqa boqdi,
Charvoqqa, toqqa boqdi.
Nazari choʻlga tushdi.
Huv deya yoʻlga tushdi.
Koʻzdan yoʻqoldi shu on,
Tarqaldi hamma hayron.
Baland togʻlardan oshdi,
Daralarda adashdi.
Vodiylarga koʻz yoshi
Toʻkib aylandi boshi.
Daryolardan oʻtdi ul,
Yana uzoq ketdi ul.
Yurti qoldi uzoqda,
Tushunchasi tuzoqda.
Zoʻr bir ishga qoʻshib bosh,
oʻziga oʻzi yoʻldosh,
Uzoq choʻllarga yetdi,
Qaynoq koʻllarga yetdi.
Poyoni yoʻq keng sahro
oʻt purkab soldi sado.
OyogʻI ostida qum
Yotadi uyum-uyum.
Biror koʻkat koʻrinmas,
Bir jonivor urinmas.
Yoniga tushib quyosh,
Kuyar edi ichu tosh.
Boshdan ter quyar edi,
OyogʻI kuyar edi.
Halqumlari boʻlib qoq,
Toqatlari boʻlib toq,
Qimirlar edi sekin,
Zoʻrgʻa olar edi tin.

X

Bir yildan soʻng banogoh,
Bir sirdan boʻldi ogoh.
Poyoni yoʻq keng choʻlda,
Qaynagan qumlik koʻlda
Bir zoʻr daraxt koʻrindi,
oʻshanga koʻzi toʻndi.
Koʻp toliqqan bu odam
Shu tomon qoʻydi qadam.
Daraxt qurigan edi, qurib churigan edi.
Edi minglar yoshida,
Uning baland boshida-
Qush uyasi bor edi,
Ham zoʻr hamda tor edi.
Daraxtga bir zoʻr ilon
Chirmashib, u oshiyon.
Sari zahar sochardi
Ham ogʻzini ochardi.
Chaqalar chirqirashib,
Faryod qilib tutashib,
Onani kutar edi,
Qon, zardob yutar edi.
Bagʻrini oʻrtab bu dod
Yaqinroq bordi Bunyod.
Yordamga fahmi keldi,
Qushlarga rahmi keldi.
Qilichini chiqarib,
Daraxt yoniga borib,
oʻsha yovuz ilonni,
Xunuk va mudhish jonni
Toʻgrab tashladi shu on,
Qumlar boʻldi qizil qon.
Chaqalar omon qoldi,
Ancha omon jon qoldi.
Chaqalarni qutqarib,
Ilonni qonga qorib,
Daraxtning soyasida,
Uya himoyasida
Uzoq uyquga ketdi,
Joniga orom yetdi.
Kun choshgohdan oqqanda,
Quyosh tikka boqqanda,
Qoʻzgʻalgan kabi boʻron,
Guvillab qoldi osmon.
Yashin uchganday boʻldi,
Poda koʻchganday boʻldi.
Koʻkni tutib qanoti,
Butun olamning oti-
Semurgʻ qush kelib qoldi,
Bunyodni bilib qoldi.
Changalida zoʻr arslon,
Tumshugʻida botmon don,
Koʻzi ichidagi oʻt
Olamni qilib nobud,
Uyasiga qoʻnmasdan,
Bir oz boʻlsin tinmasdan
Bunyodning boshi uzra
Chiza berdi doira.
Jahon buzib oʻkirdi,
Qh-qah urib boʻkirdi.
Yemak uchun odamni,
Torta berdi u damni.
Chaqalari chirqirab,
Koʻz yoshlari tirqirab,
Yalindilar: qizgʻan, deb,
U bir gunohsiz jon, deb:
«Qizgʻan, ona, oʻksizni,
oʻsha qutqazdi bizni.
Boʻlmasa oʻlar edik,
Ochilmay soʻlar edik.
Bizni yer edi ilon,
Ayrilarding, onajon».

XI

Semurgʻ oʻylanib qoldi,
Qalbini shafqat oldi.
Qumning bagʻriga botgan,
Quyoshda kuyib yotgan
Bunyodga soya soldi,
Qanot ostiga oldi.
Qush nomli bu buyk zot,
Undagi kumush qanot,
Butun borliqni tutdi,
Bor osmonni berkitdi.
Bunyod salqin soyada,
Bunday zoʻr himoyada
Yeti tunni uxladi,
Yeti kunni uxladi.
Uygʻona bermagach u,
Bosib tobora uyqu,
Semurgʻ daryoga ketdi,
Hayal oʻtmasdan yetdi.
Suvni shimirdi choʻllab,
Qanotlarini hoʻllab.
Shu zamon uchib keldi,
Jaladay koʻchib keldi.
Toʻxtab Bunyod qoshida,
Bir silkindi boshida.
Bunyod uygʻondi darhol,
Uni lol etdi bu hol.
Birdan turib seskandi,
Qushni koʻrib seskandi.
Odamlarga oʻxshabroq
Semurgʻ boshladi soʻroq:
«Ikki ming yildan beri
Shu keng sahroning yeri
Boʻlmishdir menga makon.
Mendan boshqa biror jon
Kelolmadi bunga hech.
Qumlar koʻchib erta-kech,
Vatanidan ajraldi,
Sahro giyohsiz qoldi.
Qurtlar sarson boʻldilar,
Uchgan qushlar oʻldilar.
Bunda faqat topdi jon
Sen halok qilgan ilon.
Hech yogʻmadi yomgʻir ham,
Yer koʻrmadi zarra nam.
Qadam bosmadi inson,
Darimadi hech hayvon.
Shuncha yil yolgʻiz turdim,
Yer va osmonni koʻrdim.
Soʻyla menga, ey, odam,
Boshingga tushdi ne gʻam?
Zoʻr bir mardlik qilibsan,
Lekin bekor kelibsan.
Tilagingni ayt menga,
Ne koʻmak beray senga?»

XII

«Meni goʻzal Parizod
Joʻnatdi,- dedi Bunyod.-
Dunyoni gʻamga koʻmgan,
Jafo-alamga koʻmgan
Devni bir koʻrmoqchiman,
Koʻrib oʻldirmoqchiman.
Odamlarga baxt bermoq,
Baxtlilarga gul termoq
Eldan shiorim boʻldi,
Nomus va orim boʻldi.
Shuni qilsam Parizod,
Yorim boʻlib, qilur shod».
Qush dediki: «ey, inson,
Bekor boʻlibsan sarsonj.
Parizod xoʻp aldapti,
Qoʻrqinch yoʻllarga sopti.
Xonning qizi dev bilan
Oshna edi burundan.
Yomon koʻrganlarini,
Dushman bilganlarini
Yoʻllar edi oʻshanga,
Doʻst emas ekan senga.
Sen bu yoʻlda oʻlursan,
Aniq, qurbon boʻlursan.
Devga bormay qoʻya qol,
Boshqa qizni deya qol».
Esga kelib Parizod:
«Qaytmayman»,-dedi Bunyod.-
«Sher izidan qaytmaydi,
Er soʻzidan qaytmaydi.
Uni koʻmguncha uyat
oʻlgani yaxshiroq bot.
Shuning uchun boraman,
Nima boʻlsa koʻraman».

XIII

Qushda mehr uygʻondi,
Qizgʻanish bilan yondi.
«Kel, esa ustimga chiq,
Mening qanotimga chiq.
Bir nafas oʻltirgin jim,
Bir nafas koʻzingni yum.
Men kuningga yarayin,
Seni olib borayin.
Dengizlardan oʻtganda,
Dunyoni suv tutganda,
Koʻzlaring ochilmasin,
Xayoling sochilmasin.
oʻzingni yoʻqotmagil,
Yana suvga otmagil.
Seni olib borarman,
Kurashingga qararman.
oʻlsang gunoh oʻzingda,
Qoʻrquv bilmas soʻzingda.
Agar devni oʻldirsang,
Yerni qonga toʻldirsang,
Yana olib qaytarman,
Ofarinlar aytarman».
Qanotga chiqdi Bunyod,
Koʻzini chirt yumdi bot
Va Semurgʻ qildi parvoz,
Dunyoni tutdi ovoz.
Kun botar tomon ketdi,
Kun yotar tomon ketdi.
Semurgʻ ostida dunyo
Aylangan boʻldi goʻyo.
U oʻqday uchib oʻtdi,
Yashinday koʻchib oʻtdi.
Yeru koʻkka soldi jar,
Shovqiniga dunyo kar.
Xezlanganda yurt oldi,
oʻlkalar ketda qoldi.
Qolmay oʻtmagan yeri,
Uch-ucha oxiri
oʻrmonlikka yetishdi,
Shivillab pastga tushdi.
Yalmogʻizning qoshidan,
Daraxtlarning boshidan
Vabo oʻtganday boʻldi,
Balo yetganday boʻldi.
Semurgʻ bir silkindi bot,
Koʻzini ochdi Bunyod.
Kun botarda bir oʻrmon,
Unga boʻldi namoyon.
Daraxtlarga koʻz soldi,
Ogʻir hayratda qoldi.
Tikildi suq kirgudak.
Bunda oʻsgan bir terak
Boshi osmonga yetgan,
Koʻkka chirmashib ketgan.
Atrofga jilva qildi,
Nafaslari tiqildi.
Semurgʻ dedi:»Ey, botir,
Kel endi oʻrningdan tur!
Borib dushmaningni top,
Qilich sol, boʻynidan chop.
Joʻna, baxting bor boʻlsin,
oʻtkir qilich yor boʻlsin.
Seni shunda kutarman,
Kelmasang, qon yutarman»-
Va u koʻzdan yoʻqoldi,
Bir kesak boʻlib qoldi.
Bunyod oʻrmonga kirdi,
Suv kechib, qonga kirdi.
oʻtkir qilich qoʻlida,
Borar ekan, yoʻlida
Daraxtlar qular edi,
Yirtqichlar oʻlar edi.
oʻrmonda harnaki bor,
Qurtu qushu jonivor
Qarshi olar edilar
Nazar solar edilar.
Bu ham boʻlar, deb, qurbon,
Edilar koʻp pushaymon.
Chumchuqlar chirqirardi,
Bulbul yigʻlab turardi.
Bunyod esa mardona,
Mardu bahodirona.
oʻrmonda borar edi,
Devni axtarar edi.
Oshiqardi, koʻray, deb,
Qarshisida turay, deb.
Qilar edi koʻp armon,
Topay deb dardga darmon.

XIV

Bunyod yeti kun kezdi,
Yeti qora tun kezdi.
Eng oxiri tun chogʻi
Bir hid sezdi dimogʻi.
Tani jimirlab ketdi,
Qalbi qimirlab ketdi.
Bora berdi u hamon,
Guvillab qoldi har yon.
oʻrmon shatirlab qoldi,
Burglar patirlab qoldi.
U yana yurdi bir oz,
Oxir dev chiqdi peshvoz.
Sekin-sekin yurardi,
Qah-qah urib turardi.
Dumidan boshigacha,
Boshdan oyogʻigacha
Xursandlik olgan edi,
Shodlikda qolgan edi.
Zahar tomar tishidan,
oʻlim yogʻar ishidan.
Shoxi osmonda edi,
TirnogʻI qonda edi.
Bunyodga kulib boqib,
Nafsiga yigit yoqib:
«Salom, oʻgʻlim kel,»-dedi.-
Dushman emas el,-dedi.-
Omon-eson bormisan?
Parizodga yormisan?
Goʻzal qizim, omonmi?
Shoʻx yulduzim, omonmi?
Tilagingni ayt menga,
Ne murod kerak senga?»
Yigit soʻzga boshladi,
Gapni tizib tashladi.
«Bunyod senga el emas,
El boʻlganni dev yemas.
Sen biro fat emishsan,
Zoʻr qabohat emishsan.
Odamizodning yovi,
oʻgʻlonlarning goʻrkovi
oʻzing emishsan yolgʻiz.
Parizod deganing qiz,
Qancha doʻsting boʻlsa ham,
Alam yutib oʻlsa ham,
Boshingga yetajakman,
oʻldirib ketajakman».
Bunyod qilich chiqardi,
oʻrmon yaltirab qoldi.
Bunyodning qahri keldi,
Devning ham zahri keldi.
Koʻzlaridan oʻt sochdi,
oʻrmonlikdan tun qochdi.
U har ogʻiz ochganda,
U har bir oʻt sochganda,
Zoʻr bir yongʻin ketardi,
Qancha oʻrmon bitardi.
Nafasidan zoʻr boʻron
Qoʻzgʻalar edi har yon.
Tomirlar koʻchar edi,
Darxtlar uchar edi,
Osmonni qushlar tutib,
Hammasi ham qon yutib,
Chirqirashib turardi,
Zoʻr kurashni koʻrardi.
Toʻkilar edi qonlar…
Barcha yirtqich hayvonlar
Kezardi besaranjom
Saqlab qolmoq uchun jon.
Bunyodni yutmoq uchun,
Boʻgʻzidan tutmoq uchun
Dev hamla qilar edi,
Ba’zida qular edi.
Otashda edi ichi,
Bahodirning qilichi
Yaltirardi boshida,
Kular edi qoshida.
Bunyod qilich solganda,
Har bir sirmab olganda,
Devni uzib oʻtardi,
Uzib, buzib oʻtardi.
Toʻxtamadi qonli jang,
Boʻldi devning holi tang.
Ikki kunu ikki tun
Solishdi ular butun.
Tinimni bilmadilar,
Yarashga kelmadilar.
Bunyod qilichi bilan,
Zaharli uchi bilan
Devni burdalay berdi,
Qilich qon yalay berdi.
Dev makon qurgan oʻrmon
Boshdan-oyoq boʻldi qon.
Qilichni har solganda,
Har bir simrab olganda,
Bir joyni olib oʻtdi,
Bir rahna solib oʻtdi.
Oxiri jon qolmadi,
Jonu darmon qolmadi.
Qilich boʻgʻzidan tutgach,
Togʻ kabi yorib oʻtgach,
Dev harsillab quladi,
Bir qarsillab quladi.
Dev qulab yiqilganda,
Birdan yakson boʻlganda,
Yerlar qimirlab ketdi,
Zilzila gurlab ketdi.
Choʻzala tushgan chogʻI,
Devning boshi oyogʻi
oʻrmonni tutib ketdi,
Sigʻmay chetga ham oʻtdi.
U tipirlab berdi jon
Va jimjit boʻldi oʻrmon.
Shundan soʻng botir Bunyod
Boʻlib oʻzida yoʻq shod,
Qilichni yuvib oldi,
Bir oʻpib, qinga soldi.
Parrandalar barchasi,
Goʻzali, oy parchasi
Botirni uzatdilar,
Olqishlab kuzatdilar.
Yigit Bunyod mardona,
Mardu bahodirona
Yurib oʻrmondan chiqdi,
gʻavgʻo va qondan chiqdi,
Botir gʻoyat beqaror,
Semurgʻiga intizor
Turar edi koʻz tutib,
Har koʻzini yuz tutib.
Kesak boʻlib yotgan qush
Goʻyo koʻrgan kabi tush
Qonlar toʻkilganini,
Bunyodning yengganini,
Botirning gʻussadan pok,
Dev boʻlganini halok-
Bilar edi hammasin.
Kesak boʻlib, koʻlkasin
Yerga solib yotardi,
Orom olib yotardi.
Bunyod kelgan zamon ul
Shodlikka toʻldi butkul.
Bir aylanib qush boʻldi,
Bunyod koʻngli xush boʻldi.
Botir izidan oʻpdi,
Ikki koʻzidan oʻpdi.
Dedi: «Kel, ustimga chiq,
Mening qanotimga chiq!
Endi ketga qaytaylik,
Elga doston aytaylik.
Botir yigit ketdik, boʻl!
Kelgan joyga yetdik, boʻl!»
Botir qanotga chiqdi,
Zoʻr «duldul ot»ga chiqdi.
Koʻzini yumgan zamon,
Xayolga choʻmgan zamon
Semurgʻ koʻkda yoʻl oldi,
oʻrmonlar ketda qoldi.
Bir yurt koʻchib borganday,
Koʻchib uchib borganday
Shovqin-suron zoʻr edi
Va beimkon zoʻr edi.

XV

Goʻzal qush qanotida,
Koʻkning chopqir otida
Uchib borarkan, Bunyod-
Xayolida Parizod.
Qush keng sahroga yetdi,
Iniga qarab ketdi.
«Ey, Bunyod< koʻzingni och,
Jahonni koʻr, nazar soch!
Endi yoʻlni toparsan,
Kerak boʻlsa choparsan.
Bor, yaxshilar yor boʻlsin,
Botir, baxting bor boʻlsin».
Qaytadan qoʻl ushlashib,
Semurgʻ bilan xushlashib,
Bir-birini quchoqlab,
Mehru muhabbat bogʻlab,
Ajraldilar ikkovlon.
Bunyod jahonni javlon
Urib yana yoʻl ketdi,
Sahro bilan choʻl ketdi.

XVI

Togʻlar oshdi, qir oshdi
Oylar boʻyi adashdi.
Soʻnggi qirdan oʻtganda,
oʻz yurtiga yetganda.
Kunlarini sanadi,
Tunlarini sanadi.
Angladi, rosa uch yil
Kezganini muttasil.

XVII

Rosa uch yil oʻtganda,
Olamni gul tutganda.
Yam-yashil erta bahor,
Parizodga intizor.
Bunyod boʻldi namoyon-
Ham xursandu ham hayron.
Yuragi urib keldi,
Olamni koʻrib keldi.
Parizodni soʻroqlab,
Bagʻrini oʻtda dogʻlab.
Xonning eshigin qoqdi,
Erib suv boʻlib oqdi.
Parizodni koʻrgali,
Ahvolini soʻrgali.
Jahonni urib javlon,
Semurgʻ bilan ikkovlon.
Osmonda uchganini,
Yovuz devning tanini
Qilichda toʻgʻraganin,
Olganing uning jonin
Soʻylagali shoshardi,
Daryo kabi toshardi.
Qalbini bir ogʻir gʻash
oʻrtardi misli otash.
Bir shubhasi bor edi,
Shubha doʻsti zor edi.
Ne kechdi pari holi,
Soʻlmadimi niholi?
Uzoq uch yil muttasil
Nelar qildi ekan ul?»-
Deya azob cekardi,
Zoʻr iztirob chekardi.

* * *

Bunyod saroyga kirdi,
Taxt turgan joyga kirdi.
oʻzini yoʻqotdi xon
Botirni koʻrgan zamon.
Xonning yuziga qarab
Qalbi ichra oralab,
Bunyod bahodirona,
Soʻz boshladi mardona:
«Olamni koʻrib keldim,
Devni oʻldirib keldim.
Daryolarni qurutgan,
Baliqlarni churitgan.
Insonni dardu balo
Bilan qilgan mubtalo
Yovuzning oti oʻchdi,
Otu hayoti oʻchdi.
Kerakkim, qilmay jafo,
Va’daga aylab vafo,
Parizodni bergaysan,
Ul ozodni bergaysan.
Toʻy boshlamoq lozimdir,
Kuy boshlamoq lozimdir».
Qovogʻini uyib xon,
Uyatiga kuyib xon,
Soʻzga kirishdi ojiz:
«Senga va’da qilgan qiz
Soʻzingga javob bersin,
Kerak boʻlsa tob bersin.
Ixtiyori oʻzida,
Turgan boʻlsa soʻzida.
Toʻy boshlarmiz shul zamon,
Boʻlisharmiz shodmon.
Qani Parizod kelsin,
oʻsha hur, ozod kelsin».
Mulozimlar chopdilar,
Parizodni topdilar.
Paydo boʻlgach Parizod,
Hayratda qoldi Bunyod.
Ixtiyori yoʻqoldi,
Sovuq bir terda qoldi:
Xonning qizi Parizod
gʻamgin emas, juda shod,
oʻgʻlin oldiga solib,
Qizini qoʻlga olib,
Kelar edi ul tomon,
Boqar edi koʻp yomon.
Bunyod hangu mang qoldi,
Holi zori tang qoldi.
Unga Parizod makkor
Shularni qildi izhor:
«Choʻponni sevolmadim,
Hech koʻngil qoʻyolmadim.
gʻurbatga qorganimning,
Devga yuborganimning
Sababi shunda edi,
Koʻnglim tugunda edi.
oʻlib ketar, deb edim,
Churib ketar, de bedim.
Qancha botir boʻlsang ham,
Zoʻr bahodir boʻlsang ham.
Toʻshaging xas deb bildim,
Aslingni past deb bildim.
Sevolmadim seni men,
Chunki men xon qizimen.
Men saroyning eriga,
Otamning vaziriga
Allaqachon tekkanman,
Shart qilib safarga san
Chiqib ketgan kuningda,
Yoʻlda boʻlgan tuningda
Toʻy boʻlib oʻtgan edi,
Hamma ish bitgan edi».

* * *

Yerga tikilgancha xon
Jim qoldi uzoq zamon.
Parizod yerga boqdi,
Bunyod oʻtda tutoqdi.
Ne aytarin bilmasdan,
Tili soʻzga kelmasdan.
gʻazabda yonar edi.
Yonar, qiynalar edi.
Parizodni, xonni ham,
Ikki nomard jonni ham
Qilichdan oʻtkazmoqqa,
oʻlimga yutqazmoqqa
Hozir edi shul zamon,
oʻt ichida beomon.
Shu gʻazab, shu oʻch bilan,
Shu qasos, shu kuch bilan
Saroyni tashlab chiqdi,
Koʻzini yoshlab chiqdi.
Bavafo xon qizini,
Nomard xonning oʻzini,
Unutmadi hech qachon,
Qargʻab oʻtdi beomon.

1939-yil, 3-aprel