OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHamid Ziyoyev
Asar nomiBirinchi jahon urushi va oʻzbeklar (birinchi maqola)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Hamid Ziyoyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 19-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Birinchi jahon urushi va oʻzbeklar (birinchi maqola)
Hamid Ziyoyev

Oʻzbek xalqi koʻp ming yillik tarixning muayyan bir davrlarida chet el bosqinchilariga qarshi olib borgan kurashlarida yuz minglab odamlari va boyliklaridan ayrildi. Koʻp shahar va qishloqlar vayronaga aylantirildi. Ammo xalqimiz oʻtmish zamonlarda chorizm va shoʻro davlatining 130 yillik hukmronligi davridagidek qirgʻin-barot, talon-taroj va azob-uqubatlarni boshidan kechirmagan edi.

Bosqinchilar oʻlkani qonga belab, oʻz xohish va rejalariga monand tarzda yangi shahar va qasabalarni, temir yoʻllar va sanoat korxonalarini qurib, oʻlkada mustahkam oʻrnashib oldilar. Yuz minglab odamlarini koʻchirtirib kelib, serunum va obod yerlarni egalladilar. Oltin, gaz, koʻmir va boshqa xilma-xil tabiiy boyliklarni oʻzlashtirib turdilar. Ayni mahalda oʻzbeklar Rossiyada yuzaga kelgan urushlarning girdobiga ham tortildilar. Xususan, Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari shular jumlasidandir.

XX asr ibtidosida nufuzli davlatlar oʻrtasida dunyoni qaytadan taqsimlab, egalik qilish maqsadida boshlangan oʻzaro kurash oxir-oqibatda 1914-17 yillarda keng quloch yoygan Birinchi jahon urushiga olib kelgandi. Unda 1,5 milliard aholini qamrab olgan 38 davlat qatnashdi. Ular bir-biriga dushman ikki guruhdan tashkil topgandi: bir tomonda Angliya, Fransiya va Rossiya, ikkinchi tomonda esa Olmoniya, Avstriya va Vengriya boshchiliklarida tuzilgan harbiy ittifoqlar.

Dastavval Yevropada alanga olgan urush soʻngroq Uzoq va Yaqin Sharq, Afrika, Atlantika, Tinch va Hind ummonlari boʻylab tarqaldi. Urush harakatlarida 1914 yili 480 diviziya qatnashgan boʻlsa, 1917 yilda u 889taga yetdi. Jang maydonlarida 10 milyon kishi halok boʻldi, 20 milyon kishi dunyodan koʻz yumdi. Chor hukumati urushda ketma-ket magʻlubiyatga uchrab, oʻn minglab askarlari oʻldirildi va yarador qilindi. Urushning aks sadosi Turkiston oʻlkasini ham qamrab, ogʻir siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yanada keskinlashtirib yubordi. Chor hukumati urush bahonasida mustamlakachilik siyosati va milliy zulmga zoʻr berdi. Xususan, oʻlkadan frontga yordam tariqasida 41 milyon pud paxta, 3 milyon pud paxta yogʻi, 200 milyon pud sovun, 70 ming bosh ot, 1279 bosh tuya, 300 ming pud goʻsht, 474 ming pud baliq, 270 arava, 1344 oʻtov, koʻp miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari, quruq mevalar Rossiyaga olib ketildi. Birgina 1915 yilda faqat Sirdaryo va Yettisuv viloyatlaridan bir milyon bosh qoʻy joʻnatildi. Oqibatda oʻlkaning oʻzida oziq-ovqat, kiyim-kechak, gazlama va qurilish uskunalarining narxi juda oshib ketdi. Masalan, gazlamalar narxi 300-400, kiyim-kechaklar 200-300 foizga koʻtarildi. Fargʻona vodiysida ilgari 15 soʻm turadigan otning narxi 100-200, 5 soʻmdan oshmaydigan qoʻyning narxi 30-35 soʻmga chiqdi. Turli soliq va yigʻinlarning hajmi ham koʻtarilib, mehnatkash ommaning ahvoli nihoyatda ogʻirlashdi. Bir pud paxta tolasiga 2 soʻm 50 tiyin qoʻshimcha soliq olish joriy qilindi. 1915 yil yanvaridan boshlab aholiga (harbiy xizmatni oʻtamaganliklari evaziga) daromadlardan qoʻshimcha 21 foiz soliq solindi. Chor hukumati asirga tushgan 150 ming kishini Turkistonga koʻchirishi ham iqtisodiy hayotning ogʻirlashishiga olib keldi. Oqibatda oziq-ovqat yetishmovchiligi orqasida oʻzbeklarning tortayotgan azobiga azob qoʻshildi. Boltiqboʻyi, Polsha va boshqa joylardan koʻchirilgan 70.000 kishi ham Turkistonga joylashtirildi. Koʻchirib keltirilganlar olmonlar, avstriyaliklar, vengerlar, polyaklar, chexlar, latishlar, slovaklar va boshqa millatlardan tashkil topgan edi. Har tomonlama talangan tub aholi qulogʻigacha qarzga botib, xonavayron boʻldi. 1916 yilgi ma’lumotga koʻra, dehqonlarning boʻynidagi qarzi oʻz zamonasi uchun juda katta mablagʻ — 156,7 milyon soʻmni tashkil etgan. Oʻlkadagi qashshoqlikni va uning oqibatlarini shoir Zavqiy shunday tasvirlaydi:

Qahatchilik boʻldi, bu Fargʻonamizda
Topilmas parcha non vayronamizda.
Oʻlim xavfi oʻrab qishloqlarni,
Na qishloqu jiboz ovloqlarni.
Qirildi qancha odamlar vabodan,
Nishona qolmadi mehru vafodan.

Mana shunday chidab boʻlmas sharoitda 1916 yil 25 iyunda imperator Nikolay IIning imzosi bilan «Imperiyadagi rus boʻlmagan erkaklarni harakatdagi qoʻshin hududidagi mudofaa inshootlari va harbiy aloqa yoʻllarini qurish ishlariga, shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur boʻlgan har qanday yumushlariga jalb qilish haqidagi» farmoni e’lon qilindi. Unga koʻra Turkiston general-gubernatorligidagi 19 yoshdan 43 yoshgacha boʻlgan erkaklar Rossiyaga joʻnatilishi kerak edi. Bu farmon tub aholi orasida «mardikorlikka olish» iborasi bilan keng tarqaldi. Aslida u «ishchi bataloni» ma’nosini bildirardi. Safarbar etiladigan odamlarning soni esa quyidagicha belgilandi:

Fargʻona viloyatidan — 51.233 kishi; Sirdaryo viloyatidan — 60.000 kishi; Samarqand viloyatidan — 32.407 kishi; Yettisuv viloyatidan — 43.000 kishi; Kaspiy viloyatidan — 13.830 kishi. Hammasi — 200.470 kishi.

Minglab ishga yaroqli kishilarning olib ketilishi koʻp oilalarning boquvchisiz qolishlariga olib keldi. Bir umr chetga chiqmagan odamlarning uzoq va sovuq joylarga yuborilishi mahalliy xalq uchun gʻayritabiiy bir hol, dahshatli fojea edi. Hatto, hukumat mardikorlik noqobil kishilarni toʻgʻri jang maydoniga olib ketadi, degan soʻzlar xalqni yanada qattiqroq tashvishga soldi. Bulardan tashqari safarbar etish — hosilni, xususan paxtani terib olish vaqtiga toʻgʻri keldi. Shu bois uni amalga oshirish dehqonlarni daromaddan tamomila mahrum qildi. Ular esa mana shu paxta hisobiga bank va sudxoʻrlardan olgan qarzlarini uzishga umid bogʻlagan edilar.

Oʻn minglab kishilarni toʻplash va joʻnatishga mutlaqo tayyorgarlik koʻrilmay, farmon toʻsatdan paydo boʻldi. Xalqning uzoq joylarga borishi uchun moddiy imkoniyat mutlaqo yoʻq edi. Buni keyinchalik Rossiya Harbiy vaziri oʻrinbosari A.P.Frolov ham tan olgan edi: «Tub aholi va ma’muriyat begona joylarga mardikorlarni joʻnatishga tayyor emas edi, ammo shunga qaramay bu ishga shoshilinch ravishda kirishilishi katta tartibsizlikni yuzaga keltirib, qon toʻkilishiga va qurol ishlatilishiga sabab boʻldi».

Imperator farmoni mustamlakachilik siyosati va milliy zulm girdobida ezilib yotgan xalqning bosh koʻtarishiga olib keldi. 1916 yil 4 iyulda Samarqand viloyatiga qarashli Xoʻjand shahrida olomon bilan askarlar oʻrtasida toʻqnashuv boʻlib, ulardan bir nechtasi oʻldirildi. Shundan keyin viloyatning deyarli barcha tumanlarida xalq qoʻzgʻolonlari koʻtarilib, «mardikorlikka bermaymiz», «ochmiz» va «urushga bormaymiz», degan azmu qarorga keldilar.

Qoʻzgʻolon, ayniqsa, Jizzax shahri va uezdida qizgʻin tus olgan edi. Abdurahmon Abdujabborov, Nazirxoʻja, Mulla Mahamat Rayim, Sharifboyvachcha Xudoyberdiev, Bobobek Abdujabborov va boshqalar qoʻzgʻolonga boshchilik qildilar. Qoʻzgʻolon shiddatli oʻtib, toʻqnashuvlarda chor ma’muriyatining vakillari va askarlari oʻldirildi. Xalq ozodligi uchun kurash Jizzax uezdining 22 tumaniga yoyildi. Bu kurash Sirdaryo viloyatida ham keng quloch otdi.

1916 yil 11 iyulda Toshkent shahrida birinchi boʻlib oʻzbek ayollari chorizm siyosatiga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarishdi. Ularga erkaklar ham qoʻshilib, 2000-3000 kishilik olomon temir-tersak, tosh va qoʻlga ilingan narsalar bilan qurollangan holda Eski shahar politsiya boshqarmasiga hujum qildi. Yordamga yetib kelgan askarlar bilan toʻqnashuvda bir ayol oʻldi, ikkinchisi jarohatlandi. Erkaklarning orasida ham oʻlgan va jarohatlanganlar bor edi. Qoʻzgʻolon viloyatning boshqa joylarida ham koʻtarildi. Gʻalayon Andijon, Margʻilon, Namangan, Qoʻqon shaharlari va atrofdagi qishloqlarga keng tarqalib, Margʻilon shahrining oʻzida qoʻzgʻolonchilar soni 20-25 mingga yetgan. Bunday shiddatli harakatlar vodiyning deyarli barcha tumanlarida kechib, ularda ayollar ham qatnashdilar. Xullas, ozodlik kurashi oʻn minglarcha kishini jalb etdi.

Shuni aytish lozimki, bu kurashlarda tub aholi bilan birga tojik, qozoq, qirgʻiz va turkmanlar qatnashib, birdamlik namunalarini namoyon qildilar. Bu haqda hozirgi Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston hududlarida koʻtarilgan xalq qoʻzgʻolonlari guvohlik beradi.

Gʻoyat keng yoyilgan 1916 yilgi qoʻzgʻolonlarni bostirish uchun chor hukumati 14 batalon, 33 kazak harbiy boʻlimi, 42 artelleriya va 69 pulemyot jalb qilgani ma’lum. Zobit va askarlardan 97 kishi oʻldirilib, 86 kishi yaralandi va 76 kishi esa daraksiz yoʻqoldi. Shahar va qishloqlar vayronaga aylantirildi. Ayniqsa, Jizzax shahri ostin-ustun qilinib, xarobaga yuz tutgan edi. Bu fojea xalq ogʻzaki ijodida ham oʻz aksini topgan:

Taxta koʻprik bitdimi?
Nikolay poshoh oʻtdimi?
Jizzax shahrini vayron
Qilib murodiga yetdimi?
Osh kadi, palov kadi
Tomga chiqib dod ayladi.
Namozgohni askar bosib,
Jizzaxni vayron ayladi.

Faol qoʻzgʻolonchilarning mol-mulki musodara qilindi. Masalan, Jizzaxda 2000 gektar unumli yer davlat foydasiga tortib olindi.

Qoʻzgʻolonchilardan 3000 dan ortiq kishi tergovga tortilib, shafqatsizlarcha munosabatda boʻlindi. Hibsga olinganlar orasida ayollar ham bor edi. Mahbuslarning ayanchli ahvoli haqida rus ayoli Korshunova shunday yozadi: «Toshkent qamoqxonasi hovlisida ochlikdan oʻlgan fargʻonaliklarning murdalarini koʻplab aravalarga solib qoʻyilganligini koʻrdim. Soʻngra mahbuslar joylashtirilgan qamoqxona yertoʻlasiga tushdik. Bu yerda odamlar qalashib yotganidan oyoq bosishga ham joy topish qiyin edi. Bizni erkak va ayollarning kir bosgan oriq va za’faron yuzlari, qoʻrquv va shu bilan birga nafrat bilan boquvchi koʻzlari hayajonga soldi. Yoshi ulgʻaygan bir ayol mening oyogʻimdan tutib, yosh va gʻamga toʻlgan qora koʻzlari bilan boqqancha, nimalarnidir gapirdi. Biroq men til bilmaganligim bois uning hoʻngrab yigʻlagan holda aytgan soʻzlarini tushunmadim. Men eski choponidan bir tutam paxtani yulib olib chaynayotgan bir novcha kishini koʻrdim. Odamlardan ba’zilari esa qoʻllarini kemirayotgan edi. Mahbuslar orasida koʻpchiligining nafas olishi sezilmas, aftidan ular jon berish arafasida edilar. Mahbuslar orasida es-xushlarini yoʻqotib qoʻyganlar ham bor edi».

Mazkur satrlarni koʻz yoshlarisiz oʻqib boʻlmaydi, albatta. Mustamlakachilar shunchalik yovuz boʻlishganki, hatto erkak va ayollarni bir xonaga qamab qoʻyishgacha borganlar. Bunday fojea hech qaerda hech qachon sodir boʻlgan emas. Qoʻzgʻolon qatnashchilaridan 347 kishi osib oʻldirishga, bir necha yuz kishi uzoq muddatli qamoq va surgunga hukm qilindi. Shu tariqa qoʻzgʻolon shafqatsizlarcha bostirildi. Chor ma’muriyati imperatorning mardikorlikka olish haqidagi farmonini bajarishga kirishdi. Endilikda ommaviy ravishda jazolash va oʻldirishlar, ochlik ta’qiblardan tinkasi qurigan va toliqqan xalqning farmonning amalga oshirilishiga qarshilik koʻrsatishga holi qolmagandi. Shunga qaramay mardikorlikka olish juda qiyinchilik bilan kechdi. Belgilangan 200.470 kishi oʻrniga 120 mingdan ortiq odam safarbar etildi. Ulardan 101600 kishi Rossiyaning Yevropa qismiga, 4000 kishi Sibirga, 7405 kishi Kavkazga joylashtirildi. 10 mingdan ziyod kishi Turkiston oʻlkasida ishlatildi. Mardikorlarning aniq oʻrnashgan joylari quyidagicha boʻlgan: Moskva, Peterburg, Ryazan, Tula, Orel, Smolensk, Penza, Bryansk, Dvinok, Nijniy Novgorod, Qozon, Samara, Perm, Yekaterinburg, Orenburg, Kiev, Xarkov, Yekaterinslav, Odessa, Zaparoje, Kerch, Tbilisi, Botumi va boshqalar. Usti yupun mardikorlar harbiy va oddiy sanoat korxonalarida, konlarda, temir yoʻl qurilishlarida, oʻrmonlarda va ayrim nufuzli kishilarning xoʻjaliklarida ishlatildi. Ular ochlik, xoʻrlik va mashaqqatli mehnatdan koʻp azob-uqubatlarni boshlaridan kechirdilar. Koʻpchilik sillasi qurib kasallandi va hayot bilan vidolashdi.

Bundayin zulm ogʻzaki ijodida ham oʻz tajassumini topgan:

Poyezdning gʻildiragi,
Oʻtxonasi bilan doʻngalagi,
Dvinskaga ketishdi.
Mard yigitning bir boʻlagi,
Dvinskaga ketmas edi.
Dvinskaga ketgazgan,
Nikolay zolimning zambaragi.
Dvinskaga yoʻl boʻlsin,
Qaragʻayzoring kul boʻlsin.
Yigitlarni qiynagan,
Nikolaying yoʻq boʻlsin.
Soʻk oshingni ichmayman,
Etigimni yechmayman,
Qorda qaragʻay kesganman,
Hech haqimdan kechmayman.

Kuch va holdan toygan mardikorlar 1917 yilda chor hukumati agʻdarilgandan keyin vataniga qaytgandilar.

Shunday qilib, Birinchi jahon urushi vaqtida oʻzbek xalqi ayovsiz talandi va ezildi. Mardikorlikka olingan odamlarning talay qismidan, behisob boyliklaridan ayrildi.