OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHamid Ziyoyev
Asar nomiIkkinchi jahon urushi va oʻzbeklar (ikkinchi maqola)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Hamid Ziyoyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 25-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ikkinchi jahon urushi va oʻzbeklar (ikkinchi maqola)
Hamid Ziyoyev

Garchand chor hukumati agʻdarilgan boʻlsa-da, lekin uning mustamlakachilik siyosati va milliy zulmi shoʻro davlati tomonidan izchillik bilan davom ettirildi. Chorizm davridagi haq-huquqsizlik, adolatsizlik, qirgʻin-barot va milliy boyliklarning talanishi eng yuqori choʻqqiga koʻtarildi. Tarixda koʻrilmagan bunday fojialarning barchasi saltanatparastlik va kommunistik gʻoyaning mahsuli edi, xolos. XX asr 30-yillarida Olmoniyada hokimiyatni egallagan fashistlarning gʻoyasi ham ulugʻmillatchilik va saltanatparastlik asosiga qurilgan edi. Ularning irqchilik nazariyasi insoniyat boshiga ne-ne qirgʻin-barotlarni keltirmadi, deysiz.

Fashistlar 1939 yilda Ikkinchi jahon urushini boshlab yubordilar. 1941 yil 22 iyunda esa sobiq Sovet Ittifoqiga hujum qildilar.

Ushbu urush bir xalq va bir mamlakatning boshiga tushgan ofat boʻlmay, umumjahon hayoti va kelajagini barbod etuvchi dahshatli hodisa edi. Shu munosabat bilan Oʻzbekistonning bu urushdagi ishtiroki qanday boʻlgan, degan savol tugʻilishi tabiiydir.

Oʻzbekiston mudofaaning moddiy ehtiyojini ta’minlashda oldingi saflarda turib, nimaiki zarur boʻlsa, barchasini ayamay sarfladi. Chunonchi, urush yillarida aholi tomonidan mudofaa jamgʻarmasiga 649,9 milyon soʻm naqd pul, 4 milliard 226 milyon soʻm zayom puli, 52,9 kilo oltin va kumush topshirildi. Armiyaga 7 518 800 gimnastyorka, 2 636 700 paxtalik, 2 221 200 etik va qoʻnjli botinka yuborildi. Yengil sanoat vazirligi korxonalari tomonidan frontga 246 918 700 soʻmlik mahsulot joʻnatilgan.

Qiyinchilik va xomashyo yetishmasligiga qaramasdan, Toshkent toʻqimachilik kombinati front uchun 410 milyon metr gazlama ishlab chiqardi. Shuningdek, koʻp miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari joʻnatildi. Chunonchi, 1 282 000 tonna gʻalla, 482 000 tonna kartoshka va sabzavot, 1000 tonna poliz mahsuloti, quruq va hoʻl mevalar shular jumlasidandir. Faqat 1941 yilning ikkinchi yarmida 59 ming bosh ot frontga olib ketildi. Respublikaning har bir viloyati, shahar va tumani hamda ayrim shaxslar jangchilarga yordam qoʻllarini choʻzdilar. Masalan, 1942 yilning boshlarida Buxoro viloyatidan 4059 juft issiq kiyim, 9380 juft jun paypoq va qoʻlqop, 5660 qalpoq, 2750 shim, 3000 poʻstin, 18,5 ming litr vino, quruq mevalar olindi. 1943 yilning boshlarida Leningradga Andijon viloyatidan 7884 kilo un va bugʻdoy, 5496 kilo yorma bugʻdoy, 1160 kilo guruch, 418 bosh qoʻy, 8510 kilo quruq meva, Qoraqalpogʻistondan 224916 soʻm naqd pul, 21614 kilo bugʻdoy, 5819 kilo goʻsht, 3700 kilo guruch joʻnatildi. Qoraqalpogʻistondagi Moʻynoq baliq kombinatidan 20 milyon banka goʻsht va baliq konservasi olingan edi. Surxondaryo va Toshkent viloyatlari ham jangchilardan hech nimani ayamadilar. 1942 yilning kuzida Surxondaryodan 5998 bosh qoramol, 18 tonna asal, 28 tonna yogʻ, 31 tonna quruq meva, 3000 litr vino olindi. Toshkentdan 52 vagonda oziq-ovqat mahsulotlari yuborildi. 1943 yili Surxondaryo viloyati front ehtiyojlari uchun 14 milyon soʻm naqd pul, 330 tonna goʻsht va yogʻ, 530 tonna bugʻdoy, 180 tonna quruq meva, 33168 dona teri topshirdi.

Kiyim-bosh va oziq-ovqat mahsulotlarini Samarqand, Namangan, Xorazm va boshqa viloyatlar ham frontga joʻnatib turganlar. Shuningdek, hukumat vakillari tomonidan vagonlarda katta miqdorda sovgʻalar olib ketilganligi haqida ma’lumotlar mavjud. Masalan, 1942 yili respublikaning bir guruh vakillari Leningradga 600 vagon un va goʻsht, 100 vagon guruch, 60 vagon quruq meva olib borganlar.

Urushning toʻrt yili davomida Oʻzbekiston davlatga 4 806 000 tonna paxta, 54067 tonna pilla, 1 066 000 tonna gʻalla, 195 000 tonna sholi, 108 000 tonna kartoshka, 374 000 tonna sabzavot va hoʻl meva, 35289 tonna quruq meva, 57444 tonna uzum, 1 593 000 tonna goʻsht, 5 286 000 dona teri topshirgani ma’lum. Ular ham mudofaa ehtiyojlariga sarflangan, albatta. Bundan tashqari, urush yillarida Oʻzbekiston aholisi mudofaa jamgʻarmasiga jami 649 900 000 soʻm naqd pul oʻtkazib bergan.

Oʻzbek xalqi harbiy xizmatchilarning oilalariga ham katta yordam bergan. Chunonchi, 1943 yili ularga 13 858 500 soʻm pul, 1 308 400 kilo oziq-ovqat, 20 750 kiyim-bosh, 40 000 kubometr yoqilgʻi, 73 500 pud gʻalla, 10 000 bosh qoʻy, 2000 bosh qoramol topshirilgan, 350 uy qurib berilgan. Shuningdek, oʻzbek xalqi Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Moldaviya va boshqa joylardan koʻchirib keltirilgan oʻn minglab kishilarga boshpana berib, mehribonlik va gʻamxoʻrlik namunalarini koʻrsatdi. Jang boʻlayotgan hududlardan koʻchirilgan bir milyon erkagu xotin va bola boshpana, kiyim-bosh va oziq-ovqat bilan ta’minlandi. 200 ming yetim bolaning talay qismini oʻzbek oilalari oʻz qaramogʻlariga oldilar, farzandlaridan kam koʻrmay tarbiyaladilar. Oʻzbek xalqi jangga ketgan turli millat vakillarining oilalaridan ham moddiy yordamini ayamadi. Minglab bolalar Bolalar uylariga joylashtirildi. Davlat tomonidan berilgan yordam yetarli boʻlmagani uchun oʻzbek xalqi ularni iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlab turdi. Oʻzbekiston 113 harbiy kasalxona — gospitalni ham otaliqqa oldi.

1943 yilning oʻzida harbiy xizmatchilarning oilalariga 24 milyon soʻm naqd pul, 300 ming kiyim-kechak, 50 ming bosh qoramol, 40 ming tsentner gʻalla, 20 ming tsentnerdan oshiq sabzavot berildi.

Oʻzbeklarning talay qismi «Ishchi bataloni»ga — Rossiyaga safarbar qilindi. Ularning orasida 16 yoshdan oshgan va hunar bilim yurtini tamomlagan yoshlar ham bor edi. 1943 yilga tegishli ma’lumotda koʻrsatilishicha, «Ishchi bataloni»dagilarning soni 155 ming kishidan iborat boʻlgan. Ularning yoshi asosan 40-50 va undan ham ortiqroq edi. Koʻpchiligi qishloq aholisi hisoblanib, rus tilini bilmasligi va sovuq havoga moslashmagani orqasida koʻp qiyinchilik va mashaqqatlarni boshdan kechirgan. Yashash sharoitlarining ogʻirligi va oʻzlarining eskirgan kiyimlarida ishlashlari oqibatida nihoyatda azob-uqubat chekkanlar. Men oʻzim Sibir gospitalida davolanayotganimda, oʻlkamizdan borganlarning gadoychilik qilib yurganligining guvohi boʻlganman. Ularning soch-soqollari oʻsgan, kiyimlari yamalgan va kir bosgan edi. Ularning aytishiga qaraganda, ochlik va kasallikdan oʻlayotganlar oz boʻlmagan. «Ishchi bataloni»dagi kishilar Oʻrol, Qaragʻanda, Kuybishev, Saratov, Gorkiy, Omsk, Novosibirsk, Moskva, Tula, Yaroslavl, Krasnoyarsk, Xabarovsk, Kemerovo, Chelyabinsk, Sverdlovsk, Perm, Irkutsk, Arxangelsk, Boshqirdiston, Tatariston, Udmurtiya va boshqa joylardagi sanoat korxonalari va konlarda yarim och holda mehnat qilganlar. Kim qanchasi ona yurtidan uzoq joylarda kafansiz koʻmilganlar.

Fashistlarning tor-mor qilinishida Oʻzbekistonda urush yillarida ishlab chiqarilgan qurol-aslahalar katta ahamiyat kasb etdi. Sanoatning asosiy qismi harbiy qurol ishlab chiqarishga yoʻnaltirilib, ular jang maydoniga uzluksiz yuborib turildi. Ayrim ma’lumotlarga koʻra, 2100 samolyot, 17342 samolyot motori, 17100 minomyot, 27 000 tankka qarshi otadigan zambarak qismlari, 60 000 harbiy kimyoviy anjom, 22 milyon mina, 560 000 snaryad, 2 milyon 318 ming aviatsiya bombasi, 1 milyon dona granata,100 chaqirimdan ziyod sim, dala radiostantsiyalari, tank va samolyotlar uchun 3 milyondan ortiq radiolampa, 5 bronepoezd, 18 harbiy-sanitar va hammom oʻrnida foydalaniladigan hamda kir yuviladigan poezd, 2200 koʻchma oshxona olib ketildi.

Shuningdek, oʻzbek xalqining shaxsiy pullari hisobidan tayyorlanib, jang maydoniga yuborilgan qurol-aslahalar ham kam boʻlmagan. Masalan, tank koloniyasi va aviaeskadiriliya qurish uchun aholidan 320 000 000 soʻm toʻplangan.

Oʻzbekiston 1943 yili nemis-fashistlaridan ozod qilingan hududlarga yordam berishni boshlab yubordi. Masalan, mazkur yilning oktyabrida Oʻzbekistondan Belorussiya, Ukraina va Rossiyaning dushmandan tozalangan yerlariga 800 nafar vrach safarbar qilindi. 1944 yilning birinchi yarmida esa Ukrainaga 300 tonna gʻalla, 8300 bosh qoramol, 6700 bosh qoʻy joʻnatildi. 1943-44 yillarda ozod etilgan shaharu qishloqlarga Qoraqalpogʻistondan 45 800 000 bosh qoramol va qoʻy yuborildi.

Toshkent temiryoʻlchilari vagonlarda turli xil jihozlarni yubordilar. Sobiq Stalingradni tiklash uchun 350 nafar quruvchi bordi. Xorazmliklar Xarkovga har xil qishloq xoʻjalik texnikasini joʻnatdilar. 1943 yil avgust oyida respublikadan ozod qilingan joylarga 1152 traktor, 25 kombayn, 1138 omoch, 38 seyalka olib ketildi. Sentyabr oyining oxirlarida oziq-ovqat mahsulotlari va jihozlar toʻldirilgan 374 vagon joʻnatildi. 12 oktyabrda Ukrainaga 450 vagonda sovgʻalar bilan birga 300 tonna gʻalla, 8300 bosh qoramol, 10 ming juft oyoq kiyim, 200 ming gazlama mollari, kasalxona, maktab va radiouzellar uchun jihozlar yuborildi.

Voronej va Kursk shaharlariga 275 bosh qoramol, 72 tonna gʻalla, 24 tonna quruq meva olib ketildi. Bulardan tashqari, respublika boʻyicha 300 tonna gʻalla, 180 tonna quruq meva, 10 ming juft oyoq kiyim, 200 ming metr gazlama, 2600 ming soʻm naqd pul, yuk mashinasi, telefon stantsiyasi joʻnatildi. Ukraina uchun 350 traktor, 200 avtomashina, 50 kombayn, 1500 omoch berildi. Stavropol oʻlkasiga 1142 traktor, 400 seyalka 1142 nafar agronom va haydovchisi bilan joʻnatildi. Ozod qilingan joylarga Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari 50 ming bosh qoʻy va 190 ming bosh qoramol yuborgan. Shuningdek, nemis-fashistlaridan tozalangan respublika va viloyatlarga 1944 yili 100 000 kitob sovgʻa qilingan edi.

1943-44 yillarda ozod qilingan yerlarga Oʻzbekistondan 13 000 dan ortiq temiryoʻl mutaxassisi, hunar bilim yurtlaridan 15 000 yosh yigit sobiq Leningrad, Kiev va Dunayga yoʻl oldi. Oʻzbek xalqining ozod qilingan joylarga koʻrsatgan yordami aslida serob. Ammo umumiy tushuncha uchun keltirib oʻtilganlari yetarli, deb oʻylayman. Oʻzbekiston sanoat sohasida ham katta ishlarni amalga oshirib, Rossiya, Ukraina va boshqa joylardan koʻchirib keltirilgan oʻnlab korxonalarni joylashtirib, ularning ishchi-xizmatchilarini boshpana va oziq-ovqat bilan ta’minladi.

Oʻzbekistonda harbiy sohada ham beqiyos ishlar amalga oshirildi. Xususan, respublikada 15 diviziya va brigada tuzilib, ularda oʻzbeklar salmoqli oʻrinni egalladilar. Oʻsha harbiy qismlardan tashqari oʻn minglab navqiron yigit harakatdagi armiya saflariga yuborildi. Toshkentdagi harbiy bilim yurtlari front uchun bir necha ming komandir va siyosiy xodimlarni tayyorladi. Urushning dastlabki oylarida Toshkent shahrining oʻzidan 100 ming yigit va qisman ayollar harbiy xizmatga jalb qilindi. Ayrim ma’lumotlarga koʻra, Oʻzbekistondan bir milyon kishi frontga olingan. Biroq bu raqam unchalik toʻgʻri emas, deb hisoblayman. Chunki Olmoniyada tuzilgan «Turkiston legioni» 1 milyon 800 ming kishini oʻz ichiga olgan. Bu legionning rahbarlaridan birining soʻzicha, uning tarkibida tojik, qozoq, turkman va qirgʻizlardan tashqari oʻzbeklar ham boʻlgan. Ma’lumki, jang maydonlarida yarim milyonga yaqin oʻzbek halok boʻlib, qolgan yarim milyoni vataniga qaytgan. Bu ikki raqam bir-biriga qoʻshilsa, bir milyon boʻladi. Endi «Turkiston legioni»dagilar hisobga olinsa, jangga tortilgan oʻzbeklarning soni ancha oshib ketadi.

Oʻzbeklar Ukraina, Belorussiya, Moskva, Stalingrad, Kavkaz, Qrim, Kursk, Dnepr, Markaziy va Janubi-sharqiy Yevropadagi janglarda qatnashib, Berlingacha bordilar. Shuningdek, Yaponiya bilan urushda ishtirok qildilar, partizan urushlarida mardonavor kurashdilar.

Shu tariqa oʻzbek xalqi Ikkinchi jahon urushida fashistlarni tor-mor etishga molini ham, jonini ham tikdi. Bamisoli topgan bitta nonini toʻrtga boʻlib, bittasini oʻziga, qolganini bevosita frontga, soʻng respublikaga koʻchirib keltirilganlarga, jangga ketganlarning oilalariga, harbiy gospitallarga, fashistlardan ozod qilingan hududlarning och-nochor aholisiga berdi. Ayni paytda bir milyondan oshiq farzandlari fashistlarga qarshi janglarda mardonavor kurashdi. Ulardan bir necha yuz ming kishi halok boʻldi va jarohatlandi. Ayni paytda oʻzbeklardan tuzilgan «Ishchi batalon»lar Rossiya va boshqa turli joylarda front uchun fidokorona mehnat qildilar.

Bevosita janglarda 27 000 000 kishining yostigʻi qurigan, boshqa talofatlarni ham qoʻshganda 30 000 000 kishi nobud boʻlgan Ikkinchi jahon urushi oʻzbek xalqiga ham beqiyos katta talofat keltirdi. Minglab ayollar beva va bolalar yetim boʻlib qoldilar. Ota-onalar farzandlari dogʻida qaygʻu-alam bilan bu dunyodan koʻz yumdilar. Urush yillarida chek-chegarasi yoʻq xarajatlar xalqni shu darajada qashshoqlashtirdiki, ta’riflashga qalam ojizlik qiladi. Qanchadan-qancha odamlar ochlik va kasalliklardan oʻldi. Urush oʻzbek xalqining bor-yoʻgʻidan tamomila ayirdi, koʻrpa-yostigʻi, boshqa roʻzgʻor anjomlaridan mosuvo boʻldi, uy-joyi xarobaga aylandi, och va yupun boʻlib qoldi. Ocharchilik va kasalliklar qishloqlarda avjiga minib, koʻp odamlarning yostigʻini quritdi. Bolalarning orasida ham oʻlim koʻp uchrardi. Biroq shoʻro davlatining e’tiborsizligi tufayli urush vaqtida orttirilgan qiyinchilik va azob-uqubatlar tamomila bartaraf qilinmadi. Ayniqsa, urush nogironlarining qadr-qimmati oʻrniga qoʻyilmay, ular oʻz holiga tashlab qoʻyildi.

Xullas, urush yillarida mashaqqatli mehnat va azob-uqubatdan boshqa narsani koʻrmagan odamlarning koʻpchiligi qaygʻu-alam girdobida jon berdilar. Shunga oʻxshash urush qatnashchilarining talay qismi yorugʻ kunlarni koʻrmadi. Biroq shuni unutmaslik kerakki, ota-bobolarimiz misli koʻrilmagan azob-uqubatlar va talofatlar hisobiga butun insoniyat boshiga tushgan ofatni bartaraf qilishga ulkan hissa qoʻshib, jahon tarixida oʻchmas iz qoldirishdi.

Bugun Mustaqillik sharofati ila oʻsha mudhish urush yillarining azobini tortgan va tirik qolgan baxtli kishilar hayot gashtini surish sharafiga muyassar boʻldilar. Men ham shular jumlasidanman. Shaxsan Yurtboshimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan urush qatnashchilari va mehnat faxriylarining qadr-qimmati oʻrniga qoʻyilib, izzat va hurmat koʻrsatilmoqda. Jang maydonlarida halok boʻlganlarning roʻyxatini oʻz ichiga olgan koʻp jildlik «Xotira» kitobi chop etildi. Xotira maydonida ajoyib majmua qurilib, halok boʻlgan har bir insonning nomi zar harflar bilan bitildi. Respublikaning boshqa shaharlarida ham Xotira yodgorliklari qad rostladi.

Oʻylaymanki, Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari keltirgan dahshatli oqibatlar, umuman urush fojiasi haqidagi mulohazalarimiz hozirgi avlodlar uchun foydadan xoli boʻlmaydi. Zero, ular bilan tanishgan har bir shaxs bugun ozod yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikning qadriga yetishi kerak.