OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHamidbek Yusupov
Asar nomiSuyanchiq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Hamidbek Yusupov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Suyanchiq (hikoya)
Hamidbek Yusupov

— Otamizning eslari ham sal... — deya mingʻirladi Solijon, cholning yonidan chiqarkan. Xotini Matluba boʻlsa: «Jim, birov eshitib qolmasin», degandek labiga barmoq bosdi. Ichkaridan yana gʻovur-gʻuvur ovoz eshitildi:
— Ota, loaqal yotganingizda tinch qoʻying shu hassangizni... Bu Solijonning opasi Xolbeka edi.
— Senlar meni tinch qoʻylaring! — otaning tovushi kasalnikiga oʻxshamay, balandroq chiqdi. Yana sal mingʻir-mingʻirdan soʻng Xolbeka ham chiqib kelib, kelinga dedi:
— Hoy Matluba, ovqatingiz tayyormi? Suzavering, otamiz baribir yemaydilar. Eski qaysarliklari tutdi yana.

Kozim otaga bolaligidanoq «qaysar» deya laqab qoʻyishgani bejiz emasdi. Ikki oy boʻldiki, ahvol shu: cholni qandaydir vahima bosgan, oʻzicha omonatini topshirishga hozirlik koʻradi. Birov bilan gaplashgisi kelmaydi, ovqatni ham nomigagina yeydi. Uyqusining mazasi yoʻqolganiga-ku ancha yillar boʻlgan. Farzandlari, nabiralari bilan suhbatlashishni istamaydi. Yoniga kirishsa jerkib tashlaydi. Gohida oʻzi bilanmi, marhuma kampiri bilanmi gaplashadi. Qoʻni-qoʻshni uning shu fe’lini bilib, oldiga koʻpam kiravermaydi. Solijon bolalarini vaqtincha opasinikiga olib borib qoʻygan. Eng ajablanarlisi — Kozim qaysar hassasini yeru koʻkka ishonmaydi. Qoʻlida olib yurgani-ku mayli-ya, oʻtirsayam, yotsayam hassasi yonida boʻlmasa jigʻibiyron boʻladi.

Mana, hozir ham yotgan joyida hassasini qoʻliga olib, oʻzicha shivirlayapti:
— Eh, baribir oʻzingdan boshqasi meni anglayolmaydi... Sen boʻlmasang kimga ham suyanardim men gʻarib...

Hassa bir zamonlar tomorqaning chetida oʻsgan oʻrik daraxtining shoxidan yasalgandi. U paytlari Kozim qaysar ellik yoshlardagi qoʻli gul usta edi. Aslida bu hassani xotini yasattirgandi oʻshanda. Aytgan gaplari hozirgacha qulogʻidan ketmaydi: «Hoy otasi, mana shu shoxlar ham butkul oʻtin boʻlib ketmasin. Jillaqursa bitta yoʻnib bering menga, qariganda suyanaman...» Kozim qaysar hazillashib: «Qarisang mana men borman, oʻzim suyanchiq boʻlaman», desa, xotini: «Siz oʻlib ketsangiz deyman-da...», — deya kulgandi.

Tomorqaning ortidagi oʻrik daraxti ular uchun qadrdon edi. bir qizu bir oʻgʻilni shu hovlida tarbiyalab, shu oʻrik tagida katta qilishdi. Qizni uzatishdi, kelin tushirishdi. Faqat Solijonning farzandli boʻlishini sal kutib qolishdi. Kampiri kelinni olib u tabibga bordi, bu duoxonga oʻqitdi, yana kimlarningdir gapi bilan allaqanday irim-sirimlarni qildi. Xolbeka bolalarini olib kelsa, uy yashnab ketadi. Shunday paytda Kozim ota: «Kelinning koʻngli oʻksib qolmasin», deb qizini tezroq uyiga joʻnatish payida boʻlardi.

Kunlarning birida rais kelib: «Qishloqning qoq oʻrtasidan katta yoʻl tushayotganini aytib qoldi. Shu yoʻl Kozim otaning tomorqasidan oʻtarkan. Shuning uchun daraxtlarni kesishga toʻgʻri kelarmish».
— Ie, nega kesarkanmiz? — kampirning avvaliga gʻashi keldi. Shuncha yildan beri bizni boqib, soya bergan oʻrigimni-ya? E, yoʻq, boʻlmaydi. Yoʻlingni bizga keragi yoʻq, bolam. Nariroqdan oʻtkazaver.

Bu gapga Kozim ota oʻylanib qoldi, rais boʻlsa bir kulib qoʻydi-da, buning iloji yoʻqligini tushuntira boshladi. Shu payt dasturxonga choynakni qoʻyib, ortiga oʻgirilgan Matluba boshini ushlab, sekin oʻtirib qoldi. Kampir «hay-hay»laganicha uni ushladi. Rais doktor chaqirishga chopdi, Kozim ota boʻlsa Solijonni ayttirib kelish uchun qoʻshnining oʻgʻlini dalaga yugurtirdi.

Har qalay, yaxshilikka ekan. Vrach uning farzand kutayotganini aytib, chol-kampirni xursand qildi. Rais darrov quvlik qildi:
— Ana yashang! Oʻzingiz nevarali boʻlaman deb turibsiz-u, tagʻin bittagina daraxtga kuyunganingizga oʻlaymi!..
— Ha mayli, kesaqol, — dedi kampir xursand boʻlib.

Oʻrik kesilgan kuni kelinning koʻzi yoridi. Kampiri oʻshanda qistov bilan oʻrikning baquvvat bir shoxidan hassa yoʻndirib qoʻygandi. Ammo kampiriga hassaga suyanib qarish nasib etmadi.

Kampiri oʻtganidan soʻng chol tez qariy boshladi. Bolalari, qoʻni-qoʻshni xabar olib turishadi, nevaralarini koʻrganda chahrasi yorishadi, ammo baribir koʻngli kemtik. Issiq-sovugʻiga qarab turishibdi, yolgʻizlatib qoʻyishmaydi, lekin... baribir kampirining oʻrni bilinib turardi-da. Ikki yilda keksayib, hassani qoʻliga olganidan soʻnggina sal tinchigandek boʻldi. Yaxshiyamki, baxtiga shu hassa bor...

Yaqinda Kozim ota rahmatli kampirini yana tushida koʻrdi. U qiygʻos gullagan oʻsha oʻrikning ostida, oppoq kiyimida, yelpinib oʻtirardi. Chol unga talpinib, birdaniga uygʻonib ketdi. Yuragi dukillab urayotganini eshitdi. Shosha-pisha hassasini axtardi. Topib bagʻriga bosganicha koʻzlarini qattiq yumdi. Mijjalaridan yosh sizib chiqdi...

Oʻshandan beri cholning qaysarligi avjiga chiqqan, hech nima yoqmaydi. Hammani xonasidan chiqarib yuborib, faqat hassasi bilan hasratlashadi. Uni koʻrishga keluvchilar oldida farzandlari ham hijolat. Yaxshiyamki, otaning fe’lini qishloqdoshlari azaldan bilishadi. Cholning oʻzi boʻlsa hech kimni yoniga qoʻygisi kelmaydi.

Oxiri Solijon doktor chaqirishga majbur boʻldi: otasi koʻkragini changallaganicha ingrab qolgandi. Uni koʻrgan shifokorlar zudlik bilan olib ketishga chogʻlandilar. «Tez yordam» mashinasiga olib kirishayotgan payti cholning hushi oʻziga keldi va qoʻli bilan timirskilanib qoldi. Qizi darhol tushunib, ukasiga buyurdi:
— Yugur tezroq, hassalarini olib chiq!
— Nima? — buni eshitgan doktorning ensasi qotdi. — Hassaning keragi yoʻq kasalxonada. Juda zarur boʻlsa qoʻltiqtayoq berarmiz.
— Yoʻq, otamga hassalari boʻlmasa boʻlmaydi, — dedi Xolbeka.

...Kozim qaysar kasalxonadagi muolajalar tufayli ikki kunda ancha oʻziga kelib qoldi. Infarktga chalingan ekan, shifokorlarning harakati bilan uni bir amallab saqlab qolishdi. Lekin bundan cholning oʻzi sirayam mamnun emasdi. Bir kuni qiziga nolidi: «A-axir, onang ch-chaqiryapti, borishim kerak...» Xolbeka buni odatdagi injiqlikka yoʻyib, indamay qoʻya qoldi.

Uchinchi kuni doktorlar Kozim otaga jiddiyroq qarab turishni navbatchi hamshiraga tayinlab, qarindoshlariga ruxsat berishdi. Otaga alohida palata ajratilgani yaxshi boʻldi, chunki odamni suymasdi jini. Yana hassasini qoʻltigʻiga olib, oldingidek u bilan dardlasha boshladi. Faqat endi xayolan gaplashardi, chunki... tildan qolgandi. Koʻzlarini yumib, mudray boshlashi bilan, tagʻin koʻz oʻngida kampiri namoyon boʻldi. U endi ancha xursand koʻrinardi:
— Hoy otasi, kelmaysizmi endi? Boʻldi-da, tashlang shu hassangizni, keling bu yoqqa. Qani, qoʻlingizni bering-chi...

Kozim qaysar bu gapdan soʻng oʻzi ham yosharib borayotganini his qildi. Qoʻlidagi hassaga oxirgi marta bir qarab qoʻydi-da, uni tashlab yuborib, xotinining qoʻlidan tutdi...

...Koridordan oʻtib ketayotgan navbatchi hamshira cholning palatasidagi taraqlagan tovushni eshitib qoldi. Chopib kirgach, ahvolni tushundi...

Otasini tuproqqa topshiradigan payti Solijonning esiga bir narsa tushib qoldi. Qoʻshnisining bolasiga bir nimalar deb shivirladi-da, uyiga joʻnatdi. Bola hassani olib kelgach, Solijon mayitning yoniga hassani ham qoʻshib qoʻydi.

Buni har kim oʻzicha tushundi, lekin oʻgʻilning koʻngli sal yengil tortgandek boʻldi. Axir, u otasining ayta olmay ketgan vasiyatini bajargandi-da...