OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHamidulla Dadaboyev
Asar nomiSohibqiron ishonchini qozongan sarkardalar
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Hamidulla Dadaboyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 14-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sohibqiron ishonchini qozongan sarkardalar
Hamidulla Dadaboyev

Hazrat Amir Temurning butun jahon ahlini hayratga solgan harbiy zafarlariga, albatta, faqat uning Olloh tomonidan in’om etilgan lashkarboshilik salohiyati mahsuli debgina qaramasdan, balki uning favqulodda zamonaviy qurol-yarogʻlar bilan ta’minlangan, oʻsha davrning ilgʻor jang olib borish amaliyotlarini mukammal egallagan oʻta intizomli armiyani tuzishi natijasi tarzida baholamoq ham maqsadga muvofiqdir.

Asosiy karvon yoʻllari ustidan qat’iy nazorat oʻrnatish, saltanat qudratini yuqori pogʻonaga olib chiqish, xalq turmush tarzini koʻtarish kabi oliy maqsadlar yoʻlida Amir Temur XIV — XV asrlarda ham strategik, ham taktik jihatdan tengi yoʻq tezkor harbiy kuchlari bilan sonsiz jangu jadallarda ishtirok etdi, olamshumul gʻalabalarga erishdi. Amir Temur oʻzining 45 yil davomida olib borgan toʻxtovsiz harbiy harakatlarida qoʻshinning turli boʻlinma va qismlarini boshqaruvchi iste’dodli qoʻmondonlarni tanlashga, ularni tarbiyalab, voyaga yetkazishga alohida kuch sarfladi.

Harbiy ishning murakkab sir-asroridan toʻla voqif boʻlgan, gʻanim kuchlari saflarini sindirish usullarini puxta egallagan, murakkab vaziyatlarda ham esankiramay dadil harakat qiladigan, har qanday toʻsiq hamda gʻovlarni ustalik bilan bosib oʻtadigan, maqsadlarning roʻyobga chiqishi yoʻlida oʻz jonini ham baxshida etadigan fidokor va sodiq shaxslarni Sohibqiron, birinchi navbatda, qoʻshinda mavjud boʻlgan turli lashkarboshilik vazifalariga loyiq topar, askarlar taqdirini ularga topshirar edi.

Tarixiy manbalarning shahodat berishlaricha, Amir Temur barpo etgan qudratli armiyaning turli-tuman qism va boʻlinmalariga uch yuz oʻn uch bek sardorlik qilgan. Ularning dastlabki yuztasi oʻnbegilik, ikkinchi yuztasi yuzbegilik, uchinchi yuztasi mingbegilik mansablariga egalik qilgan. Tuman, ya’ni oʻn ming jangchidan iborat diviziyalarga Sohibqironning oʻgʻillari, nabiralari, safdoshlari va ularning farzandlari boshchilik qilgan. Amir Temur armiyasida xizmatda boʻlgan sarkardalarni shartli uch guruhga boʻlish mumkin.

Birinchi guruhga Sohibqironning markazlashgan saltanat barpo etish iddaosi bilan siyosat sahnasiga chiqqan vaqtdan umrining soʻnggi onlarigacha unga sadoqat va vafo bilan hamfikr, hamnafas boʻlgan amir Sulaymon barlos, amir Jaku barlos, amir Hoji Sayfuddin nukuz, amir Abbos bahodir qipchoq, amir Dovud dugʻlat, amir Muayyad arlot, amir Oqboʻgʻa bahodir nayman, amir Shayx Ali bahodir, amir Elchiboʻgʻa bahodir, amir Eygu Temur bahodir singari urugʻ va qavm sardorlarini kiritish joiz.

Ikkinchi guruhdan Sohibqironning doʻstlari, tengqurlari, sodiq safdoshlari, farzandlari oʻrin oladi. Bular ichida 1383-1384 yili vafot etgan amir Jaku barlosning oʻgʻli amir Jahonshoh, 1391 yili Toʻxtamishxon bilan boʻlgan tengsiz jangda halok boʻlgan Eygu Temurning qondoshi amir Shohmalik, amir Sariboʻgʻa jaloyirning farzandi amir Shayx Nuruddin, amir Abbos bahodirning oʻgʻillari — amir Usmon, amir Umar, amir Shamsuddin, amir Hoji Sayfuddinning ukasi amir Allohdod, amir Togʻayboʻgʻaning oʻgʻli amir Rustam singari koʻpdan-koʻp sarkardalar alohida joy egallaydi.

Uchinchi guruhni Sohibqironning xos farzandlari, nabiralari, yaqin tugʻishganlari tashkil etadi. Bular jumlasidan Jahongir mirzo, Umarshayx mirzo, Amiranshoh mirzo, Shohrux mirzo va ularning pushti kamaridan boʻlgan farzandlari Muhammad Sulton mirzo va Pir Muhammad mirzo ibn Jahongir mirzo, Pir Muhammad mirzo, Rustam mirzo va Iskandar mirzo ibn Umarshayx mirzo, Abubakr mirzo, Umar mirzo va Xalil Sulton mirzo ibn Amiranshoh mirzo kiradi. Shohrux mirzoning oʻgʻillari hali oʻta kichik yoshda boʻlganlari bois ular Amir Temurning hayotlik paytida uning askariy qismlariga, tabiiy, sarkardalik qilolmas edilar.

Mazkur guruhga Sohibqiron qizi Ogʻabegining oʻgʻli Sulton Husayn mirzo hamda opasi Qutlugʻ Turkan ogʻaning amir Dovud dugʻlatdan tugʻilgan farzandi amir Sulaymonshoh bahodir mirzo ham haqli ravishda taalluqlidir.

Amir Temur qoʻmondonlar tarkibining harbiy ishda talab darajasida mahorat va malakaga ega boʻlgan iste’dod sohiblaridan shakllanishiga katta e’tibor qaratgan. Harbiy qobiliyati bor muayyan bir shaxs, ijtimoiy holatidan qat’i nazar, lashkarboshilik rutbasini qoʻlga kiritgan.

Sohibqironning xos navkarlaridan boʻlmish Mubashshirning Amir Temurning shaxsiy rahnamoligida amirlik darajasiga oʻsib borishi zikr etilgan mulohazani tasdiqlashda yaqqol misoldir. Sohibqiron shaxsan oʻzi oliy bosh qoʻmondonlik qilgan barcha yirik muhorabalarda bevosita qatnashgan amir Mubashshir, masalan, Turkiya sultoni Boyazid Yildirim bilan 1402 yili Anqara boʻsagʻasidagi jangda Amiranshoh mirzo, Muhammad Sulton mirzo, Pir Muhammad mirzo, ulugʻ amirlar — Shayx Nuruddin, Ali Sulton, Ali Qavchin hamda Taxurtan qatori qoʻshinning burangaridan joy olgan.

Boʻlajak sarkardalar juda yoshlikdan harbiy san’atning nozik jihatlari bilan yaqindan tanishgan, tajribali murabbiylar, ya’ni otabeklardan askariy ish borasida saboq olgan, harbiy harakatlarda faol ishtirok etganlar.

Manbalarga murojaat qilamiz. Jahongir mirzo va Umarshayx mirzo oʻspirinlik chogʻidan siyosiy hamda harbiy hayotda faollik koʻrsatganlar. Amiranshoh oʻn toʻrt yoshida Xuroson mulki hukmdori etib tayinlangan va shu oʻlkaning qoʻshinlarini boshqargan. 1377 yili tavallud topgan Shohrux mirzo 1390 — 1391 yillari amalga oshirilgan yurishlarda qatnashgan.

1398 yilning 17 dekabrida Dehli hukmdori Sulton Mahmudxon bilan toʻqnashuv vaqtida Amir Temurning e’tiborli beklaridan Xudoydod qoʻlida ta’lim olgan, endigina oʻn besh bahorni qarshilagan Xalil Sulton mirzo hammadan burun dushmanga hamla qiladi va bir jangovar filni oʻlja olib, Sohibqiron huzuriga keladi. Natijada bobosi tomonidan turli-tuman maqtovu navozishlar bilan taqdirlanadi.

Amir Temurning harbiy safarlari sinchiklab tahlil etilsa, ularda navqiron sarkardalarning oʻzlariga ishonib topshirilgan qism, boʻlinmalarga tajribali, adadsiz jangu jadallarning ishtirokchisi boʻlgan e’tiborli beklarning oʻziga xos nazorati ostida qoʻmondonlik qilganligini payqash mumkin. Masalan, Sohibqironning Sherozda turganligidan foydalangan Toʻxtamishxon 1388 yili Samarqand hududiga bostirib kiradi. Bobosi yoʻqligida Movarounnahr chegaralarini asrash mas’uliyati zimmasiga topshirilgan yigirma yoshli Umarshayx mirzo zudlik bilan cherikka bosh boʻlib yovga qarshi safarga otlangan. Unga Amir Temurning yaqin safdoshi, hisobsiz savashlarda suyagi qotgan amir Abbos bahodir va boshqa nufuzli beklar hamkorlik qiladi.

1383 yili seistonliklar bilan boʻlgan toʻqnashuvda oʻn yetti yoshli Amiranshoh mirzo oʻng qoʻlning manglay (avangard)idan joy egallagan, ulugʻ amirlardan bir guruhi, jumladan, amir Hoji Sayfuddin, amir Oqboʻgʻa uning xizmatida boʻlganlar.

Ma’lumki, Sohibqironning sarkardalik salohiyati uning bir necha qatla oz adadli askar bilan koʻpsonli gʻanim lashkariga qarshi jang olib borgan vaziyatlarda ham roʻy-rost namoyon boʻlgan. Qur’oni Karimdagi «Qanchadan-qancha kichkina guruhlar Ollohning izni bilan katta guruhlar ustidan gʻalaba qilgan»ligi haqidagi oyatni yaxshi bilan Amir Temur aksar hollarda miqdor jihatidan bir necha bor ziyod boʻlgan yovga roʻbaru kelib, oʻziga xos lashkarboshilik zehni koʻmagida zafarlar quchgan. Sohibqironning mana shu jihatini uning lashkarboshilari faoliyatida ham qayta-qayta kuzatish mumkin.

Hindiston yurishi vaqtida, Jaun daryosi boʻyida Sevinchak bahodir, Sayyidxoja va amir Mubashshirning uch yuz kishilik otliq askarlari bilan Malluxonning toʻrt ming suvoriy, besh ming piyoda, yigirma yetti jangovar filga qarshi mardonavor jangga kirib, hindlarni Dehli tomon chekinishga majbur etganligini yoki Umarshayx mirzoning 1389 yili oltmish navkari bilan sakkiz yuz kishilik gʻanim lashkarlarini tor-mor qilganini shular jumlasidan, deb hisoblasa boʻladi.

Sohibqiron lashkarboshilari matonati, jasurligi, dushmandan aslo choʻchimasligi, oʻta ogʻir vaziyatlarda ham askarlarni oʻz ketidan ergashtirish, ular qalbida gʻalabaga boʻlgan ishonchni avj oldirish salohiyatiga ega edi. 1372 yili Xorazmga qilingan dastlabki safarida Kat shahrini ishgʻol etish chogʻida amir Shayx Ali bahodirning birinchi boʻlib qal’a fasliga chiqishi yoxud Muhammad Sulton mirzoning 1393 yili Shushtar qal’asini egallash paytida hammadan avval hisor ustiga chiqib, tugʻ hamda bayroqlarni oʻrnatishi singari hisobsiz harakatlarni misol tariqasida keltirish mumkin.

Sarkardalarning jasorati, qahramonligi, dovyurakligi, harbiy taktik amaliyotlarni mohirona qoʻllashi Amir Temur e’tiboridan chetda qolmas, aksincha, inoyatu marhamatlar koʻrsatilar, munosib darajayu unvonlar bilan sharaflanar, turfa tortigʻu suyurgʻollar bilan siylanardi.

1388 yili Koʻcha Malik Moʻgʻuliston hukmdorlaridan Inkotoʻra ortidan quvlab borib, oʻn uch navkari bilan Xoʻjand yaqinidagi Jiyjol mavzeida yovning uch yuz jangchisiga shabixun qilib, Xoʻjand va uning tevarak-atrofidan olingan asirlarni dushman tutqunidan qutqargan, ularga yoʻl ozigʻi berib, yurtlariga joʻnatgani bois Sohibqiron unga suyurgʻol tayin etadi va tarxonlik mansabini berish haqida farmon chiqaradi. 1391 yili Dashti Qipchoq qoʻshini bilan boʻlgan dahshatli muhorabada kimda-kim mardlik va qahramonlik koʻrsatgan boʻlsa, Amir Temur oʻsha shaxsga tarxonlik nishonini beradi hamda ularni oʻz huzuriga kirishdan hech kim man qilmasin, ularni va farzandlarini toʻqqiz marta gunoh sodir etmaguncha soʻroq qilinmasin, otlaridan ulov uchun olinmasin, barcha favqulodda yigʻinlardan ozod etilsin, deb hukm chiqaradi. Amir Shohmalikning martabasini ulugʻlab, unga parvonachi mansabining xos muhrini topshiradi. Uning yaqinlari va qarindoshlarini ham oʻz inoyat va marhamatiga musharraf etib, sodiq sarkardasiga vazirlik toʻnini kiygizadi.

Amir Temur armiyasida lashkarboshilarning jang chogʻida bir yoqadan bosh chiqarib hamjihatlik bilan harakat qilishlari, qiyin, xavfli holatlarda zudlikda koʻmakka kelishlari a’lo darajada yoʻlga qoʻyilganini kuzatamiz. 1398 yilning 2 noyabrida Batnayr qal’asi aholasidan soliq molini undirish maqsadida joʻnatilgan amir Shayx Nuruddin va amir Allohdan boshliq jangchilar guruhi gabrlar qurshoviga tushib qoladi. Jangda anchagina kishi yarador boʻladi. Amir Shayx Nuruddinni dushman oʻrtaga olib, asirga tushirishiga oz fursat qolganda Feruz Seistoniy va uning navkarlari gabrlar ustiga shiba oʻqi yogʻdirib, amir Shayx Nuruddinni halokatdan qutqarib qoladilar. Sohibqiron Feruz Seistoniyni ushbu jasorati uchun munosib taqdirlaydi.

Amir Temur oʻz sarkardalarini oʻta qadrlagan va e’zozlagan, hurmatini joyiga qoʻygan. Ularning hayoti xavf-xatar ostida qolganda bor kuch-quvvatini, qobiliyatini, tajribasini ularni bartaraf etish uchun sarflagan. Misrliklar qoʻlida bandi boʻlgan amir Otlamishni qutqarish yoʻlida Sohibqiron tomonidan olib borilgan ham diplomatik, ham harbiy sa’y-harakatlar fikrimizni dalillashda yaqqol misol boʻladi.

Amir Temurning shaxsiy rahnamoligi ostida voyaga yetgan, oʻrta asrning eng qudratli va intizomli armiyalaridan birini barpo qilishda, jahonshumul nusratlarni qoʻlga kiritishda unga safdosh boʻlgan sarkardalarning hayot yoʻlini asl manbalar asosida chuqur oʻrganish, temuriy sarkardalar galereyasini yaratish Istiqlol mafkurasi qoʻyayotgan talablarga muayyan darajada javob beradi.