OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHamroxon Musurmonova
Asar nomiDiydor qoʻshigʻi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Hamroxon Musurmonova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 3-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Diydor qoʻshigʻi (hikoya)
Hamroxon Musurmonova

Bu atrofda uning oldiga tushadigan tulpor yoʻq edi. Uni yetaklab, koʻchadan savlat bilan borayotgan Baxtiyor chavandozga hammaning havasi kelardi. Chunki Oqqashqa uloq-koʻpkarilarga tulporlarning sardori boʻlib kirardi. Qop-qora yollarini hilpiratib, maydonga chopib kirganda har qanday zoʻr chavandozning ham yuragi algʻov-dalgʻov boʻlmay qolmasdi. Baxtiyorni Oqqashqaning chavandozi deyishardi.

Baxtiyor esa tulporini «Doʻstim, qadrdonim» deb erkalardi. Faqat koʻpkariga kirgandagina: «Olgʻa, tulporim, olgʻa», deya mehr bilan qulogʻiga shivirlardi.

* * *

Odatdagidek, saharda otxonaga kirgan Baxtiyor bir zum serrayib turib qoldi. Hech nimaga tushunmagandek angrayib, Oqqashqaning qozigʻi yoniga bordi. «Boʻshroq bogʻlagan boʻlsam, yechilib ketganmikan?» degan oʻyda tulporning arqonini qidirdi. Qoziqda arqon koʻrinmasdi.

Baxtiyorning ich-ichidan bir ovoz: «Tulporni oʻgʻirlashgan», deya ta’kidlagandek boʻldi. Ogʻilxonadan shoshib chiqib, hovlini aylandi, koʻchaga yugurdi. Gʻira-shirada koʻchaning ikki yuzidagi teraklar qilt etmay turardi. Yuragi boʻm-boʻsh boʻlib qaytib kirib, yana tulporning qozigʻi yoniga bordi. Yerga tikilib, oʻzicha biror alomat, nishon izladi. Yerda tulporning tuyoq izlari koʻrinmasdi. Shundagina ich-ichidan toshib kelayotgan gʻalayon tiliga koʻchdi:

− Ah-h, yaramaslar! Oʻgʻirlashibdi! Oqqashqani olib ketishibdi!

Ichkaridan xotini, oʻgʻli va qizi yugurib chiqdi:

− Nima gap, otasi?

− Oqqashqa... Oqqashqa yoʻq, Hanifa.

− Balki, arqoni boʻshalib ketgandir? Ehtimol, koʻcha-poʻchaga chiqib...

− Yoʻq! − dedi Baxtiyor Hanifaning gapini boʻlib. − Uni oʻgʻirlashgan...

Baxtiyor boshini changallab, Oqqashqaning oxuri yoniga oʻtirib qoldi. Hanifa oʻn toʻrt yoshli oʻgʻli Shahobiddinga yuzlandi:

− Bor, bolam, Eshpoʻlat amakingni chaqirib kel.

Dadasining doʻstini chaqirib kelsa, Oqqashqa topiladigandek, Shahobiddin koʻcha tarafga yugurdi.

* * *

− Nima gap? Tinchlikmi, kelin? − deya eshikdan hovliqib kirib keldi Eshpoʻlat.

Hanifa unga salom berishni ham unutib, otxona tarafga ishora qildi:

− Oshnangizning oti... Oqqashqa yoʻqolib qoldi.

− Vahima qilmasalaring-chi, arqoni yechilgan boʻlsa, dala-palaga yoʻrgʻalab ketgandir. Hozir birgalashib qidiramiz, − deb Eshpoʻlat, Baxtiyorning yoniga borib, yelkasiga qoʻlini qoʻydi. − Ogʻayni, bu nima oʻtirish?.. Qarash kerak, ehtimol, bedapoyaga ketgandir...

− Koʻnglim sezib turibdi. Uni oʻgʻirlashgan, − dedi Baxtiyor tishlarini gʻijirlatib. − Lekin bu ishni kim qilganiga aqlim yetmayapti.

− Avval mundoq dala-palani aylanib koʻraylik-chi, topilmasa, keyin vahima qilasan. Tur endi. Tulporing yoʻqolishi mumkinmas-e... Topamiz. Sening uyingga haddi sigʻib, birov oʻgʻrilikka kirolarmidi? Tur, oshna...

Baxtiyorning koʻzida allanechuk umid uchqunladi.

− Shu paytgacha sira bunday boʻlmagan, begonani yaqiniga yoʻlatmasdi. Juda boʻlmasa, kishnab, ishora berardi, − dedi doʻstiga javdirab qarab.

− Koʻrdingmi, unga birov daf qilganda, Oqqashqang hammani oyoqqa turgʻazgan boʻlardi. Vaqtni oʻtkazmay, qidirish kerak, − Eshpoʻlat gʻayratli qiyofada Shahobiddinga yuzlandi: − Shahob, bor, Oybek akangni chaqir. Dadangiz aytyapti, ikkalamiz bedapoyani koʻrib kelarkanmiz, deb ayt unga... Kelin, sizlar uydan chiqmay oʻtiringlar, nima xabar boʻlsa, shu yerga kelamiz.

− Yaxshiyam sen bor ekansan, ogʻayni, boʻlmasa, shu payt nima qilardim? − dedi Baxtiyor uning yelkasiga qoʻl tashlab.

Eshpoʻlat oshnasiga qarab kulimsiradi:

− Bunaqa oʻtirma, topamiz tulporingni.

* * *

Hanifa soʻrida boshini egib oʻtirgan Baxtiyorning yoniga kelib, qoʻlidagi choynak-piyolani erining yoniga qoʻydi.

− Otasi, topilar oʻsha jonivor... Odamlar oʻtib ketyapti bu dunyodan, u-ku bir ot ekan...

− Gap otning yoʻqolganida emas, onasi, − dedi Baxtiyor bir nuqtadan koʻz uzmay. − Oqqashqani oʻgʻirlagan nokas uyimni oyoq osti qildi. Endi el-yurt oldida nima degan odam boʻlaman? Baxtiyorning uyiga it ham, bit ham bemalol kirib, istagan narsasini olib ketaveradi, deb odamlar ustimdan kulmaydimi, axir?!

− Qoʻysangiz-chi. Bir otning yoʻqolgani Baxtiyor chavandozni sindiribdi, qaddini bukibdi, degan ta’na yomon, otasi. Boshingizni koʻtaring. Odamlar qaygʻungizni sezmasin.

Xotinining gaplari Baxtiyorga ma’qul koʻrindi.

− Senga gap boʻlsa, bas, juda chechansan, − dedi u ogʻir xoʻrsinib. − Lekin gapingda jon bor. Men Baxtiyor chavandozman. Elning ichida yurgan odamman. Har qancha tashvishim boʻlsa ham boshimni egmasligim kerak.

Chavandoz xotini uzatgan choyni issiq-issiq hoʻpladi.

− Ana, Eshpoʻlat oshnangiz, sizni deb kuyib-pishib yuribdi. Shu ot oʻlgurni qidirtirib oʻgʻli Oybekniyam tindirmayapti.

− Uning bunaqa jonkuyarligini avvallari sira sezmagandim. Ichida bir gʻayirligi bor, deb yurardim.

− Ha, endi doʻst degani sinovda bilinadi-da, otasi...

* * *

Oqqashqaning dimogʻiga zax hidi urildi. Koʻngli allanechuk noxushlikni sezib, bezovta depsindi. Boshini ilkis siltab, tuyoqlariga solingan zanjir-kishandan ozod boʻlishga urindi. Qaerda turganini anglamoqchi boʻlgandek boshini sarak-sarak qildi. Ammo hech narsani ilgʻamadi. Birozdan keyin dimogʻiga qurigan bedaning isi urilib, koʻngli xotirjam tortdi. Chunki bu is unga qadrdon otxonasini eslatgandi.

− Endi shu yerda yashaysan, tulporlarning sardori, − degan ovoz qulogʻiga kirdi.

Ovoz ham, uning atrofida oʻralashayotgan odamning isi ham unga juda tanish edi.

Soʻng koʻzini toʻsib turgan narsani olib tashlashdi. Tuynukdan xira nur yogʻilar, gʻira-shira xonada Eshpoʻlat tirjayib turardi. Uni koʻrib, tulporning koʻnglidagi noxushlik tarqaldi. Axir bu Baxtiyorning doʻsti-ku. Demak, Oqqashqaning ham doʻsti. Doʻstning doʻstidan yomonlik kelmaydi.

− Gʻiring deb, ovozingni chiqara koʻrma, − dedi Eshpoʻlat, unga gʻalati oʻshshayib. − Baxtiyor oʻpkasini bosib olguncha shu yerda yashaysan, keyin... − Eshpoʻlatning yuziga zaharxanda kulgi yoyildi. − Qazi-paziga yararsan.

Eshpoʻlat yogʻoch eshikni gʻichirlatib ochib, tashqariga chiqib ketdi.

Uning gapini anglamagan Oqqashqa qurigan bedani kurt-kurt qilib, erinibgina kavshay boshladi...

U ichki botiniy sezgi bilan tong otganini payqadi. Tuynukdan tushayotgan yorugʻlik tiniqlashdi. Oqqashqaning ogʻzi quruqshab, suv ichgisi keldi. Har kuni bu mahalda Baxtiyor undan ikki marta xabar olardi. Gʻira-shira tong otayotgan pallada kelib, oldiga bir bogʻ qurigan beda tashlar, soʻng yolini silab:

− Yaxshimisan, oshna, omonmisan? Ikkimizni sogʻ-salomat koʻrishtirgan Allohga shukrlar boʻlsin, − deb u bilan soʻrashardi.

Oftob olamni yoritgan paytda esa boʻyniga arpa solingan xaltani ilib qoʻyardi-da, dagʻallashgan keng kaftlari bilan badanini ishqalab, silab-siypalab erkalardi. «Ikkimiz doʻst boʻlish uchun yaralganmiz: sen va men, ikki doʻst», − derdi Baxtiyor uning koʻzlariga termilib. Bu gapdan yayrab ketgan Oqqashqa dumini u yoq-bu yoqqa tashlab, yer depsinib, boshini sarak-sarak qilib, doʻstiga muhabbatini izhor etardi.

− Hamma gapimga tushunasan-a, jonivor? − deb uning yuziga shapatilab urardi Baxtiyor. − Odamlar bir-birini tushunmaydigan zamonda, sening aqlingga besh ketaman. Zukkosan, doʻstim.

Oqqashqa Baxtiyorni odamlarning eng koʻrkami, eng saxovatlisi va eng yaxshisi deb biladi. Uni koʻrishi bilan beixtiyor kuylagisi keladi, tuyoqlari bilan yer depsinib, dumini kerib, oʻyinga tusha boshlaydi. Baxtiyor esa koʻzlari quvonchdan porlab: «Ha, jonivor-a, mening tulporim. Gijinglab turishingga borman-da», deb uning boʻynidan quchoqlaydi. Oqqashqa yayrab ketadi. Shu asno Baxtiyorning ham yuragi muhabbatga limmo-lim toʻlganini his etadi.

Lekin nimaga bugun u kelmayapti? Oqqashqa tuyoqlari bilan yer depsinib, boshini silkidi. Tungi voqealar elas-elas esiga tushdi: Eshpoʻlat uni bu yoqqa boshlab kelayotganda, qulogʻiga: «Tinchlan, doʻstimning doʻsti, seni Baxtiyor chaqiryapti, doʻsting seni kutyapti», degandi. Ha, aniq shunday degan edi. Soʻng negadir tuyoqlariga va koʻziga yumshoq mato bogʻlab, uni otxonadan yetaklab chiqdi...

Endi esa Baxtiyordan darak yoʻq.

Oqqashqa tuynukdan tushayotgan nurga termildi. Chanqogʻi kuchaydi, qorni ochdi. Yana yer depsinib, bezovtalanib, uch-toʻrt marta kishnadi. Baxtiyorni chaqirdi. Ammo undan Baxtiyor ham, Eshpoʻlat ham xabar olmadi.

* * *

Bir hafta, oʻn kun oʻtsa ham, Oqqashqa topilmagach, Baxtiyor koʻcha-koʻyga ham chiqmay qoʻydi. Unga alam qilayotgani Baxtiyor chavandozni nazar-pisand qilmay, uyiga oʻgʻrilikka kirishgani edi. Hamma unga achinib qarayotgandek, «Buning hovlisi bir marta oyoq osti boʻldi», deya kalaka qilayotgandek tuyulardi. Oqqashqani oʻgʻirlagan odam chavandozning ori, gʻururini ham toptab ketgandi. Kimsan − Baxtiyor chavandoz, Baxtiyor fermer boʻlsa... Uncha-muncha odam haddi sigʻib, yuziga gapirolmasdi. Toʻrtta sigirni parvarishlab, boqib, koʻpaytirib, ferma barpo qildi. Qoʻlida ishlayotgan yigitlarning oyogʻidan oʻt chaqnaydi. Lekin Oqqashqasiz uning obroʻsi kemtik edi.

* * *

Tulporning tuyoqlariga kishan solib qoʻyishgandi. U yer depsinib toliqdi. Ochlik, chanqoq azob bera boshladi. Oxurga tumshugʻini tiqib, kecha solingan beda qoldiqlarini qidirdi. Oxurning bir burchagida toʻrt-beshta yaproq qolgan ekan, shuni topib kavshandi.

Tuynukdan tushayotgan nur xiralashayotgan pallada eshik gʻichirlab ochilib, Eshpoʻlat kirib keldi va otning oldiga bir bogʻlam qurigan beda tashladi. Tulpor shosha-pisha kavshanishga tushdi.

− Ha, yotibsanmi?.. − dedi Eshpoʻlat.

Tulpor uning tovushidan zarracha mehrni his etmadi. Birdan kavshanishdan toʻxtab, Eshpoʻlatga tikildi: «Meni nega bu yerga olib kelding?»

− Nimaga oʻshshayasan? − deb uning yagʻriniga shapaloqladi Eshpoʻlat. − He, egangga oʻxshamay oʻl!

«U sening doʻsting emasmidi?!»

− Ikkoving yomon jonimga tegdilaring! Ana, tomoshasini koʻryapman, chavandozing yotibdi sulayib... Endi nima qilsam ekan? − Eshpoʻlat oʻychan nigoh bilan Oqqashqaga tikildi. − Bozorga oborib sotib boʻlmasa... Seni hamma taniydi. Soʻyib, qazi-qarta qilay desam, uyimda ot yoʻqligini odamlar yaxshi biladi. Darrov mendan shubhalanishadi. Shu yerda yota tur-chi, bir gap boʻlar... Ammo maishatda boʻlaman, deb oʻylama, senga yigʻib qoʻygan bir gʻaram bedam yoʻq mening...

«Sen Baxtiyorga doʻst emasmisan?!»

− Namuncha hamma gapni uqqanday tikilasan menga?.. He... − Eshpoʻlat ogʻzini qiyshaytirib kuldi. − Oʻzim ham gʻalatiman, sen bor-yoʻgʻi bir ot boʻlsang... Gapga tushunarmiding?.. Egangni mushtdayligidan bilaman. Tepishib katta boʻlganmiz. Bolaligimizdan beri menga saxovatpeshalik qiladi. Hamma narsasini boʻlishishni istardi men bilan. Har doim omad uniki boʻldi. Bir parcha yer olib fermerlik qilayotuvdim, ammo uni oʻzinikiga qoʻshib oldi. Tagʻin koʻzini loʻq qilib, ayb mendamas, qoidasi shunaqa boʻp qoldi, deydi yaramas. Yana menga saxovatpeshalik qilmoqchi boʻladi. «Yerimda ishlab, dehqonchilik qilsang, kosang oqararmidi», deb oʻtiribdi. Voy, yerlik boyvachcha boʻlgan-ey... Tokaygacha uning soyasida yuraman? Oʻzicha senga bino qoʻyardi. Mana, ikkalangni ayirdim. Qani bir-biringga yordam berib koʻr-chi... Qani, chaqir Baxtiyorni, chavandozingni chaqir!

Eshpoʻlat qamchi bilan tulporni ayamay savaladi. Soʻng hiringlab kuldi. Oʻzicha gʻudranib-gʻudranib, yogʻoch eshikni gʻijirlatib, ochib chiqib ketdi.

Qamchi zarbidan Oqqashqaning a’zoyi badani zirqirab ketdi. Bagʻriga oʻt tushgandek boʻldi. U nafrat, hasad degan tushunchaning nimaligini bilmasdi. Hozir negadir yuragi yomon oʻrtandi. Tuyoqlari bilan yerni tepib-tepkilab, oʻrtanib-oʻrtanib kishnadi. Eshik ortidan hiringlagan kulgi eshitildi. Soʻng Eshpoʻlat mingʻirladi:

− Hadeb kishnayverma, baribir, ovozingni hech kim eshitmaydi...

Tulpor yarim tungacha boshini silkib, dumini gajak qilib, yer depsindi. Oʻzicha «Doʻstim, doʻstingdan ehtiyot boʻl... Uni oʻzingga yaqinlashtirma», deb Baxtiyorni ogohlantirmoqchi boʻldi. Uni Eshpoʻlatdan himoya qilishni istadi.

Yuragida bir qat’iyat uygʻondi. Tuynukdan tushayotgan nurga termilarkan, ich-ichidan bir kishnoq keldi, oʻzini uchib ketayotgandek his etdi. Boshini yerga egib, holsizgina koʻzini yumdi... Soʻng tik turib mulgiy boshladi. Qalbi ninadekkina yorugʻlik toʻkilayotgan tuynukka qarab intildi...

* * *

Eshpoʻlat yarim tunda otning kishnashidan choʻchib uygʻondi. Koʻzini ochishi bilan shiringina uxlayotgan Zubaydani koʻrib: «Xayriyat, tushim ekan», degan oʻyda toʻshagi yonidagi choynakka qoʻl choʻzdi-yu, baqadek qotib qoldi: uning tepasida katta, juda katta bir ot koʻzlaridan oʻt chaqnatib turardi. Ot tuyoqlarini koʻtardi va butun savlati bilan oʻzini Eshpoʻlatning ustiga tashladi.

− A-a-a-a!!! − deya baqirib yubordi u.

− Hay-hay, tinchlikmi? Nima boʻldi? Hay, deyman... − Zubayda oʻrnidan turib, erining yelkasiga turtdi. − Yomon tush koʻrdingizmi?

− Ot, allaqanday ot... − talmovsirab javob qaytardi Eshpoʻlat.

− Oʻlsin, shu oshnangizning oti yoʻqoldi-yu, sizning uyqungiz ham harom boʻldi. Ikkovingiz ot dardiga mubtalo boʻlgansizlar. Koʻzingizga otning devlari koʻrinishi yetmay turuvdi endi, − deb Zubayda piyolaga sovuq choy quyib, Eshpoʻlatga tutqazdi.

Soʻng ogʻir uf tortib, teskari oʻgirilib yotdi.

Eshpoʻlat ertalab uygʻonganda lablarining atrofiga uchuq toshib ketgandi. Uning ahvolini koʻrgan Zubayda Sarvi kinnachinikiga otlandi.

− Qaerga ketyapsan? − dedi Eshpoʻlat xotinining muddaosini anglab.

− Sizni oʻqitib, kinna soldirib tashlash kerak.

− Irim-sirimlaringni enangga qilasan, oʻtir uyda! − deya jerkib berdi u xotinini.

Oradan ikki kun oʻtib, Baxtiyornikiga borib, uyiga kech qaytayotgan Eshpoʻlat tutqatorlar orasidan oʻtayotganda otning kishnashini eshitib, taxtadek qotib qoldi. Uning roʻparasida bir emas, bir qancha otlar tizilib turishar, hammasi baravar kishnayotgandi. Eshpoʻlatning oyogʻidan madori ketib, beixtiyor choʻkka tushdi. Shu payt roʻparasidagi yoʻldan unga qarab bir ot shitob bilan chopib kela boshladi va shundoqqina tepasiga kelganda tuyoqlarini koʻtarib, kishnab yubordi. Eshpoʻlat qoʻllarini boshiga pana qilib, muk tushib yotib oldi.

Qancha yotganini bilmaydi, bir payt kimdir uning yelkasiga qoʻlini qoʻydi. Dir-dir titrab oʻgirildi. Oʻgʻli Oybek ekan.

− Kechasi sayoq yurma, deb urishasiz, ota. Mana, tunda yurishning ham foydasi bor ekanmi? − dedi u tirjayib.

Soʻng otasining qoʻltigʻidan olib, uyiga yetakladi.

Eshpoʻlat boshqa hech narsani eslay olmaydi. Ertalab turganida, boshi loʻqillab ogʻrir, a’zoyi badani kaltaklangandek zirqirardi.

− Yoʻq, bugun meni yoʻlimdan qaytarmang, sizni oʻqitvorish kerak, otning jinlari yomon boʻladi, − dedi Zubayda yeng shimarib.

Eshpoʻlat xotinining orqasidan hayhaylab qolaverdi.

− Eringizga ins-jinslar dorigan. Qon chiqarvorish kerak, − dedi Sarvi kinnachi.

Zubayda shu kuniyoq Baxtiyornikiga qarab yoʻrgʻaladi.

− Sizning otingiz yoʻqolganini eshitgandan buyon gʻalati boʻp qolgan. Kechasi oʻziyam uxlamaydi, mengayam uyqu bermaydi, − dedi u yigʻlamsirab.

Baxtiyor shahardan doʻxtir chaqirtirdi.

− Chinakam doʻstingiz bor ekan, − dedi Eshpoʻlatni tekshirgan doʻxtir. − Qaygʻungizni yuragiga yaqin olibdi. Shunga asablari ancha toliqqan. Men dori-darmon yozib beraman.

− Meni kechir, doʻstim, − dedi Baxtiyor doʻxtirni kuzatib qaytgach. − Avvallari ichingda bir xusumating boʻlsa kerak, deb oʻylardim. Endi chinakam doʻstim ekaningga ishondim. Otim yoʻqoldi, lekin bu bilan hayot toʻxtab qolmaydi-ku... Men chavandozman, fermerman, yuragimdan oʻtayotganini birovga bildirmasligim kerak. Doʻst-dushmanning oldida boshimizni tik tutib yashaylik, doʻstim.

* * *

Oqqashqaning holidan hech kim xabar olmay qoʻydi. Tashnalikdan tulporning tili tanglayiga yopishdi. Ochlikka chidolmay, depsina-depsina charchadi. Hammasidan ham u Baxtiyorni juda sogʻindi. Tuynukdan tushayotgan nurga termilarkan, «Doʻstim, doʻstingdan hushyor boʻl», derdi u ichki ovoz bilan.

Nihoyat, yogʻoch eshik gʻijirlab ochildi. Noxush bir sezgidan tulporning yuragi uvishdi. Ogʻzining atrofiga yara chiqqan, koʻzlari chaqchaygan Eshpoʻlat kirib keldi. Uning bir qoʻlida chelakda suv, bir qoʻlida bir bogʻlam beda bor edi.

− Meni qoʻrqitaman deb oʻyladingmi? Sen meni qoʻrqitmoqchi boʻldingmi?! − deya Eshpoʻlat tulporni qamchilay boshladi.

Oqqashqa holdan toydi. Eshpoʻlat qoʻlidagilarni eshik oldida qoldirib, tashqariga chiqib ketdi va shu boʻyi qaytib kirmadi.

Tulporning dimogʻiga suv va beda hidi urilar, ochlikdan ichaklari agʻdarilib ketgudek boʻlar, ammo yegulikka yetolmasdi. Boshini yerga solintirib turgan Oqqashqaning koʻz oldiga Baxtiyor keldi: «Qani, tulporim, kel oʻzimga», derdi u jilmayib. Oqqashqa yegulik tomonga intildi. Baxtiyor: «Qani, qani, yana ozgina...» deb unga dalda berayotgandek boʻlardi. Tulporning yuragiga quvvat kirib, yegulik sari intilaverdi.

Nihoyat, necha kundan buyon temir qoziqqa ishqalanib, noziklashib borayotgan arqon uzilib, tulpor yegulikka yetdi. Qonib suv ichdi. Kumir-kumir qilib beda kavshadi. Soʻng boshini solintirib, eshikka koʻz tikib turib qoldi. Tuynukdan tushayotgan nur yorishdi... xira tortdi... Tulporning tagʻin qorni ochqadi.

Bir mahal eshik gʻichirlab ochildi va Eshpoʻlatning tirjaygan basharasi koʻrindi. Uning qoʻlida nimadir yarqirab turardi.

− Bugun kuning bitadi, Oqqashqa. Sening bu yerdaligingni bilib qolishlarini istamayman. Goʻshtingni qazi-qarta qilib, Baxtiyorga yedirsam, manavi yerimdagi, − Eshpoʻlat koʻksiga mushtladi, − alamlarim doriydi, − deb vishilladi u. − Sening holdan toyishingni kutdim. Harom oʻlmasliging uchun ikki kunda bir mahal oldingga xashak tashlab turdim. Endi kuning bitdi, Oqqashqa...

Eshpoʻlat yeng shimarib, devordagi qoziqda osilib turgan arqonni qoʻliga olib, Oqqashqaga yaqinlashdi. Shunda tulpor shitob bilan tuyoqlarini baland koʻtardi. Eshpoʻlat oʻzini oʻnglolmay oʻtirib qoldi. Oqqashqa qattiq kishnadi. Eshpoʻlat seskanib, boshini qoʻli bilan yashirdi... Tulpor yogʻoch eshikka oʻzini urdi... Eshpoʻlatning yuziga otning orqa tuyogʻi tegib ketdi. Atrof qorongʻi edi. Tulporning koʻksiga toza havo, dimogʻiga namchil beda isi urildi. Shamol, maysa va oʻt-oʻlanlar hidi, ozodlik ifori qalbini larzaga soldi. Suvning salqinini his etib entikdi. Toʻyib suv ichgach, shamol bilan quvlashmachoq oʻynayotgandek yugurib ketdi. Uzoq yugurdi. Koʻz oldida Baxtiyorning siymosi turar, u Oqqashqani imlar, unga ozodlik va’da qilardi. Tongga yaqin qadrdon yerlarga yaqinlashganini sezdi, atrof koʻziga tanish koʻrindi...

* * *

− Ota, otajon! − darvozadan yugurib kirgan Shahobiddin nafasi boʻgʻziga tiqilib, gapirolmay qoldi.

− Hay, kallayi saharlab yana nima shovqin? − dedi oshxonadan rangi oqarib chiqib kelgan Hanifa. − Nima balo, otang ikkoving meni ajalimdan besh kun burun oʻldirasanlarmi?

− Bedapoyaga borgandim, otimiz... otimizni koʻrib qoldim. Ota, yuring, tezroq yuring, − deb Baxtiyorning yengidan tortqiladi Shahobiddin.

Baxtiyor oʻgʻliga ishonib-ishonmay qaradi:

− Chinmi, chindan koʻrdingmi?

− Ha, ota, Oqqashqani koʻrdim. Oʻzingiz yuring...

Oyogʻiga bir etigini kiygan Baxtiyor ikkinchisiga kalish ilib, oʻgʻli bilan koʻchaga qarab yugurdi. Hanifa esa oshxona ostonasiga holsizgina oʻtirib qoldi.

Oqqashqa bedapoyada zoʻr berib kavshanardi.

Baxtiyor uni koʻrishi bilan:

− Tulporim... mening tulporim, − deb pichirladi.

Boshini koʻtarib silkigan Oqqashqa Baxtiyorni koʻrdi-yu, kavshanishdan toʻxtab, tuyoqlarini baland koʻtarib, bor ovozda kishnab yubordi. Shu tobda uning kuylagisi kelar, ich-ichidan bir qoʻshiq otilib chiqayotgandi. U tuyoqlari bilan yer depsinib, dumini gajak qilib, oʻyinga tusha boshladi. Tulpor diydor qoʻshigʻini kuylayotgandi. Baxtiyor esa koʻzlari quvonchdan porlab:

− Ha, jonivor-a, mening tulporim, gijinglab turishingga borman-da, − deb uning boʻynidan quchoqlab oldi. − Bormisan, qadrdonim?.. Oqqashqa... doʻstim...

Oqqashqa yayrab ketdi va bor ovozda kishnab yubordi.

* * *

Baxtiyor yana qaddini gʻoz tutgan, avvalgidek salobatli fermerga, magʻrur chavondozga aylangandi.

− Baxtiyorboy, tulporingiz asl zotli-da, qarang, oʻgʻrilarni dogʻda qoldirib, qochib kelibdi, − deyishdi «qulluq boʻlsin»ga kirgan qoʻshnilar.

− Shahob, bor, Eshpoʻlat amakingni chaqirib kel, − dedi Baxtiyor odamlarning oyogʻi tingach. − Aftidan, uyida emasga oʻxshaydi, haligacha daragi yoʻq.

Oradan chorak soat oʻtib, iziga qaytgan Shahobiddin noxush xabar bilan qaytdi:

− Amakim betob ekan.

− Unday boʻlsa, borib koʻrish kerak, − deya oʻrnidan qoʻzgʻaldi Baxtiyor.

Darvozadan kiraverishdagi qoziqqa bogʻlangan Oqqashqa uning yoʻlini toʻsdi: «Doʻstim, doʻstingdan hushyor boʻl».

− Men darrov kelaman, oshnamiz betobmish, koʻrib kelay, − deya Baxtiyor tulporning yolini silab, koʻchaga yoʻl oldi.

Tulpor achchiq alam bilan kishnab yubordi. Baxtiyor ortiga oʻgirildi: Oqqashqa boshini xam qilib, yerga koʻz tikib turar, uning koʻzlari yoshlangandi.

− Sen xafa boʻlma, oshna, men darrov kelaman. Hali sen bilan gaplashadigan gaplarimiz bor.

Tulpor kiprigini pirpiratib qoʻydi.

Baxtiyor Eshpoʻlatning uyiga kirib borganda, u ayvon chetidagi soʻrida yonboshlab yotgandi. Yuzining bir tarafi koʻkarib ketgan, koʻzlari bejo boqardi.

− Tuzukmisan, ogʻayni? − dedi Baxtiyor uning yoniga oʻtirib.

− Oting topilibdi, qulluq boʻlsin... − deya koʻzini olib qochdi Eshpoʻlat.

− Sengayam katta rahmat, biz uchun jon kuydirding, − deb Baxtiyor uning yuz-koʻzlariga sinovchan boqdi... − Yuzingga nima boʻldi, oshna?

− Shu... shu desang, devorga urib oldim, − dedi Eshpoʻlat koʻzi bilan yer chizib.

Baxtiyor yaxshilab razm soldi. Eshpoʻlatning yuzida otning tuyogʻidan qolgan iz borligini ilgʻadi. Baxtiyorning koʻngli allanechuk gʻash tortib, Eshpoʻlatning koʻzlariga tikildi. Doʻsti koʻzini olib qochdi. Baxtiyorning koʻnglidagi xijillik kuchaydi. Yerga qarab oʻy surib qoldi. Koʻz oldiga darvozadan chiqayotganda Oqqashqaning norozi kishnagani keldi. Shunda beixtiyor fotihaga qoʻl ochdi:

− Dardingga shifo bersin.

U negadir «doʻstim» deya olmadi. Shitob bilan oʻrnidan turib, Eshpoʻlatning hovlisidan chiqib ketdi.