OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHamroxon Musurmonova
Asar nomiKelinchak (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Hamroxon Musurmonova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 7-8-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kelinchak (hikoya)
Hamroxon Musurmonova

Ertalab buvim negadir nonushtaga chiqmadi. Dadam ichkariga bezovtalanib qarab qoʻyar, biz esa undan oldin dasturxonga qoʻl choʻzishga odatlanmaganimiz bois betoqatlanib oʻtirardik.
– Ayam nima qilyapti? – dedi dadam.
– Ertalabdan sandiq ochibdilar, latta-puttalarni saralab oʻtiribdilar, mensiz choy ichishaversin, deyaptilar.
– Tinchlikmi, oʻzi?

Ayam yelkasini qisdi:
– Bilmasam. Oyimning nima oʻylayotganini oʻzidan boshqa birov bilarmidi. Bugun Nazira xolaning toʻyi-ku. Shunga tayyorlanayotgandir-da.

Buvim nonushta qilib boʻlganimizdan keyin chiqib keldilar. Sochlarini yuvib, silliq qilib oʻrib, uchiga oq paxta pilik taqib olibdilar. Oʻzlariga oro berib, chiroyli koʻylaklarini ham kiyibdilar. Koʻrinishidan juda xotirjam, hatto nimadandir mamnun edilar.
– Tuzukmisiz, aya? – deb hammadan oldin dadam soʻrashdi.

Biz ham navbati bilan salom berdik. Buvim mening yelkamga qoqib, singlimning peshonasidan oʻpib qoʻydi. Papkamni olib, koʻchaga qarab yugurishni moʻljallab turganimni sezib darhol bilagimdan ushladi.
– Shoshma, bolam, birpas shoshmay tur. Kelinchakka bir narsa bervorishim kerak, uyi shundoq yoʻlingda, tashlab oʻtasan.

Mahallamizdagi kelinchaklarni koʻz oldimga keltirib:
– Qaysi biriga? deb soʻradim.
– Maftunaning buvisi bor-u, oʻsha Kelinchakning toʻyi bugun, – dedi buvim hayratlanarli mamnunlik bilan.

Angrayib qoldim. Maftunaning buvisi Nazira kampir. Uni hammamiz katta buvi deb chaqiramiz. Nahotki, shu buvimiz erga tegayotgan boʻlsa?! Tavba! Axir u kamida yetmish yoshda-ku... Choli Rahmonberdi buva yaxshi kishi edi. Katta bogʻi bor edi. Bogʻi etagi poliz, qovunlari hammanikidan oldin pishardi. Uzumlari, anorlari har yili gʻuj-gʻuj xosil qilardi. Meva pishganda biz bolalar bogʻ atrofidan ketolmay qolardik. Chaqqonrogʻimiz bir ikki bosh uzum uzib qochishni ham uddalardik. Rahmonberdi buva mevalaridan butun mahallaga ulush tarqatardi. Meni hayron qoldirgan narsa, bogʻdagi ishkomlarida uzumdan koʻra bedana qovogʻining koʻpligi edi. Eshikdan kirishingiz bilan bedanalar biri qoʻyib biri sayrar, Rahmonberdi buva esa, «Ha tovushingdan, akang aylansin», deb baqirib qoʻyardi. U ikki yil oldin qazo qilgan. Oʻshanda ikkinchi sinfda oʻqirdim. Nevaralariga qoʻshilib butun mahallaning bolalari yigʻlaganmiz. Endi boʻlsa, kampiri kelinchak boʻlayotganmish. Buvimni xursand qilayotgan bu yangilikdan negadir achchigʻim chiqdi. Buvim qoʻlimga tutqazgan tugunchani olib, esankirab yoʻlga tushdim.

Menga qara, hay bola, bu toʻyona ekan, uydagilar sal kechroq kelisharkan, deb aytgin, deya ortimdan tayinlab qoldi buvim.

Ayam birinchi sinfda oʻqiyotgan singlim Dilraboni kiyintirib eshik oldida poylab turgan edi. Beixtiyor singlimning qoʻlidan ushladim.
– Dil, sen Nazira buvini taniysanmi?
– Ha, Maftuna opaniyam taniyman, – deya bijillab javob berdi singlim.

Bugun oʻsha kampirning toʻyimish.

Ayam toʻyga qatlama pishirarkan. Keyin buvim ikkalasi borib kelisharkan.
– Yetmish yoshidayam kampirlar kelinchak boʻladimi?
– Bilmasam.

Koʻz oldimga siyraklashgan oq sochiga tangali qora sochpopuk taqib, boshiga har doim yashil roʻmol tashlab yuradigan Nazira buvi keldi. U boshqa kampirlardan koʻra oliftaroq kiyinadi. Toʻylarga maxsi-kalish emas, chiroyli yaltiroq amirkon kovush kiyib boradi. Qaddini gʻoz tutib, kerilibroq yuradi. Hech kimga gap bermaydi. Buvimning aytishicha, uning kerikligi ham oʻziga yarasharkan. Shu tobda Nazira buvini kelinchaklar toʻy kuni kiyadigan oq fatoda tasavvur etib, birdan piqillab kulib yubordim.
– Ha, aka, nimaga kulyapsiz? – dedi Dilrabo hayron boʻlib.

– Nazira buviga oq toʻr koʻylak qanaqa turarkan, a? – dedim kulgidan oʻzimni toʻxtatolmay.

Dilrabo menga yalt etib qaradi-da:
– Jinnimisiz, unaqa koʻylak kiymasa kerak, – dedi-yu birdan qiqirlab kulib yubordi. – Rostdan ham kelin koʻylak kiysa-ya?..

Aka-singil Nazira buvini toʻrdan tikilgan, oq koʻylakda tasavvur etib rosa kulishdik.
– Sochini qanaqa qildirarkan? – dedi Dilrabo munchoqdek koʻzlarini menga tikib quvlik bilan. – Salondan sartarosh olib kelarmikan?

Ana endi tasavvur eting, Nazira buvining kumushrang sochini sartarosh avval qoraga boʻyasa, sochpopuklarini olib tashlab, allambalo burama gajak qilib boshiga turmaklab qoʻysa. Rosa hangoma boʻlardi-da, oʻziyam. Hali qishlogʻimizda hech qaysi kampir bunaqa kelinchak boʻlmagan. Aka-singil gaplashib kulishib borarkanmiz, yoʻlimizdan Dilraboning dugonasi Saida chiqib qoldi. Dilrabo uning oldiga yugurib borib Nazira buvining toʻyi boʻlayotgani haqidagi xabarni yetkazdi.
– Buni men ham bilaman, – dedi Saida oʻzini bilagʻonlardek tutib.

Bu gapdan Dilraboning bir oz gʻashi keldi-da:
– Kelinchak boʻlarkan, oppoq kelin koʻylak ham kiyarkan, buvim aytdi, – deb yubordi.

Saidaning uzun kiprikli munchoqdek koʻzlari pirpirab ketdi.
– Rostdanmi?

– Ha. Menimcha salondan sartarosh olib kelishsa kerak, axir oq kelin koʻylak kiygandan keyin sochini ham tuzatish kerak-ku, – dedi singlim dugonasini hayratda qoldirganidan sevinib.

Ikkalasi bijir-bijir qilib, Nazira buvi qaysi salondan sartarosh chaqirishini muhokama qila boshlashdi. Yana ikkita qiz ularning safiga qoʻshildi. Yoʻl-yoʻlakay men ham oʻrtoqlarimni uchratdim. Nazira buvining toʻyi boʻlayotganidan hamma xabardor edi. Oq kelin koʻylak kiyib, sochini allambalo qilib turmaklatishini eshitganda bolalar avval xoxolab kulib yuborishar, keyin esa negadir jim boʻlib, mayus tortib qolishardi.

Nazira buvinikiga yetib borganimizda kelinlari darvoza yonidagi stolga shirinliklar qoʻyib bezatayotgan ekan. Buvimning omonatini olib kelganimni aytdim.
– Shu yerga qoʻya turing, obkirib beraman, – dedi kenja kelini.

Buvim, tagʻin birov yarimga tutqazib ketmagin, kelinchakning oʻziga olib kirib ber, deb tayinlaganini eslab, tugunchani mahkam bagʻrimga bosdim.
– Mayli, uyga kira qoling, – ichkariga ishora qildi Maftunaning ayasi.

Nazira buvi ichkari uyda nimadir yumush bilan ovora ekan. Inqillab-sinqillab chiqib kelguncha hovlining oʻrtasida poylab turdim. Egniga qora xon atlasdan koʻylak, boshiga yaltiroq roʻmol oʻrab olibdi. Qoshiga qalin qilib oʻsma qoʻygan, sochlarini ham yaqindagina yuvganmi, yaltillab turardi. Yelkamga qoqib koʻrishayotganida barmoqlariga qoʻyilgan xinaga koʻzim tushdi. Nazira buvidan juda yoqimli bir is kelayotgandi.
– Buvim kechroq kelarkanlar, manavini sizga berib yubordilar, – dedim tugunchani uzatib, – toʻyona ekan.
– Buving sira tinib-tinchimaydi. Bekorga ovora boʻlibdi-da, hay mayli, men ham unga toʻylarida qaytaray, – deya qoʻlimdagi tugunni oldi u.

Birdan qotib qoldim: «Toʻylarida qaytaray deydimi? Nima, oʻziga oʻxshab buvimniyam qariganda kelin boʻlishini istayaptimi?»
– Rahmat bolam, shoshmay tur, – deya Nazira buvi ichkariga qarab katta kelinini chaqirdi: – Hay, Boʻstonoy, manavi toy bolaga katta buvisining toʻy konfetidan olib chiqib bering, aylanay. Oʻrtoqlari bilan boʻlishib yesin.

Keyin u menga oʻgirilib, sochimni siladi-da, – Darsdan chiqqaningdan keyin toʻgʻri shu yoqqa kelaver oʻgʻlim, amakilaring yaxshi artistlarni chaqirishgan, tomosha qilib ketasan, – dedi.
– Oʻrtoqlarimniyam olib kelsam boʻladimi?
– Mayli, olib kelaqol. Toʻy bolalar bilan fayzli-da, oynonay, olib kela qol, – deb loʻmbillab qadam tashlagancha, soch popugidagi tangalarini jiringlatib ichkariga kirib ketdi.

Boʻston xola bergan bir siqim konfetni olib eshikka chiqayotganimda Nazira buvining oʻgʻillari stol-stullarni hovliga olib kirayotganini koʻrdim-u, yana birpas angrayib qoldim. «Onalarini indamay erga berishaveradimi, bular», degan oʻy oʻtdi koʻnglimdan.

– Sherzod, dadang yaxshimi, – dedi Maftunaning dadasi Xalil amaki.
– Yaxshi.
– Toʻy qilyapmiz, maktabga bormay qoʻya qol.
– Ustozim urishadi-da.
– Dadamning oshnasi ayasiga toʻy qilayotgan ekan, qarashdim, deysan.

Negadir Xalil amakini yomon koʻrib ketdim. Tavba, sira ori yoʻqmi bu odamning, ayasini qariganda erga berib, tagʻin, buni hammaga maqtanishini-chi. Yana artistlarning zoʻrlarini ham chaqirib qoʻyishibdi.

Maktabga borganimda hammaning ogʻzida duv-duv gap yurardi: «Nazira buvi kelinchak boʻlayotgan ekan. U oq kelin koʻylak kiyib, sochini rosa chiroyli qilib turmaklatarmish». Bu xabarning yoniga eng zoʻr artistlar kelib oʻyin koʻrsatishini qoʻshib qoʻydim.
– Nazira buvi bizni toʻyiga chaqiryapti, – dedim sinfga kirgach, – bormasak xafa boʻladi. Toʻy bolalar bilan fayzli, deb alohida taklif qildi.
– Rostdanmi? – deyishdi sinfdoshlarim suyunganlaridan qiyqirgudek boʻlishib.

Deraza osha dangir-dungir musiqa, karnay-surnay tovushi eshitilib turganda, quloqqa saboq kirarmidi. Zoʻrgʻa chidab oʻtirdik. Darslar tugashi bilan toʻyxonaga joʻnadik. Ana endi Nazira buvining qanday kelinchak boʻlishini tomosha qilsak boʻladi.
– Oʻzi, Nazira buvi kimga tegayotgan ekan? – dedi sinfdoshim Mansur.

Beixtiyor yelka qisdim.
– Bunisini soʻramabman.

Kuyov bu yerlik boʻlmasa kerak, deyishdi bolalar. Chunki qishlogʻimizda Nazira buviga uylanadigan cholning oʻzi qolmagan.

Oq kelin koʻylak kiyishini hisobga oladigan boʻlsak, Nazira buvi shaharlikka turmushga chiqayotgandir, deya gapga aralashdi qizlar. Qishlogʻimizning chollari baribir unga toʻr koʻylak kiydirishmasdi.

Toʻyxonaga kirib bordik. Bizni darvozaga yaqinroq qoʻyilgan bir chekkadagi stolga oʻtqazishdi. Mehmonlar koʻp edi. Oʻyin-kulgi avjida. Davradagi keksalar orasidan kuyov boʻlmish cholning kimligini aniqlamoqchi boʻlib atrofga alangladim. Chollarning hammasi poʻrim kiyingan, chaqchaqlashib oʻtirishardi. Nazira buvining oʻgʻillari-qizlari, kelinlari galma-galdan davraga chiqib oʻyinga tushishyapti. «Qarib qolgan onasini erga berayotgan bolalari nega buncha suyunyapti», deb hech kim hayron boʻlmaydi. Bir mahal eshikdan buvim bilan ayam ham kirib kelishdi. Oq yaltiroq koʻylagi ustidan chiroyli qora kamzul kiyib olgan Nazira buvi qaddini gʻoz tutib buvimga peshvoz yurdi.
– Voy, aylanay kelinchak, toʻylaringiz qulluq boʻlsin, – dedi buvim unga quchoq ochib.
– Sizgayam nasib qilsin, yangajon, – deya buvimni bagʻriga bosdi Nazira buvi.

Bir seskanib tushdim. «Nima, bu kallasi aynigan kampir, buvimniyam kelinchak boʻlishga koʻndirmoqchimi? Bunga oʻla qolsam rozi boʻlmasman!»

Bu orada ayam bilan buvimni ichkariga olib kirib ketishdi. Biz oʻyin-kulgiga andarmon boʻldik. Davrani boshqarayotgan gapga chechan kishi bir payt buvimni mikrafon yoniga chaqirib qolsa boʻladimi.
– Biz kelinchak bilan ellik ikki yildan beri qadrdon dugonamiz, – dedi buvim. – Boshimizdan ne savdolar oʻtmadi. Hammasini birgalikda yengib, bugungi dorilomon kunlarga yetib keldik. Bolalarimiz ham bir-biriga mehr-oqibatli boʻlib oʻsishdi. Kelinchakning bolalari aqlli-hushli.

«Aqlli-hushli boʻlsa yetmishga kirgan onasini erga berarmidi», – deb oʻyladim.
– Oʻsha paytda bizning kelinchak, hammadan suluv edi, – deya gapida davom etdi buvim. – Mana yetmishga kiribdi hamki, u hammamizdan koʻrkam. Kelinchak, ilohim umringiz uzoq boʻlsin. Bolalarning rohatini, nevaralarning toʻylarini koʻring.

Halidan beri ba’zi oʻrtoqlarim Nazira buvining kelin boʻlayotganiga ishonib-ishonmay oʻtirishgan edi. Buvimning gapidan keyin qulogʻimga:
– Rostdan ham Nazira buvi kelinchak boʻlayotgan ekan-da, – deb pichirlab qoʻyishdi.

Shu mahal anavi chechan kishi buvimga savol berib qoldi:
– Xanifa buvi, nega Nazira buvimni kelinchak deysiz? Axir yetmish yoshida ham odam kelinchak boʻladimi?

Biz bir-birimizga ma’noli qarab, sergaklanib buvimning gaplariga quloq tutdik.
– Oh bolam-ey, oʻzim oynonay sizlardan, – dedi buvim. – Men bu qishloqqa ellik ikki yil avval kelin boʻlib tushganman. Oʻshanda mana shu qaynisinglim yangi kelinchak boʻlgan edi. U paytlar erning qarindosh-urugʻlarini ulugʻ tutib, otlarini aytmaslik urf edi. Ha, shunaqa chiroyli odatimiz bor edi. Shundan beri kelinchakning otini aytmadim. Men uchun u haliyam oʻsha suluvgina kelinchak, – dedi buvim.

Birdan odamlar oʻrnidan turib chapak chalib yuborishdi. Nazira buvi buvimning yoniga yoʻrgʻalab keldi-da, mahkam bagʻriga bosdi.
– Yetmish yoshingiz muborak boʻlsin, kelinchak, – dedi buvim titroq tovushda.
– Sizga ham shunday yoshlar nasib etsin yangajon, – dedi unga javoban Nazira buvi.

Oʻrtoqlarim bilan biz kattalarning bu gaplari magʻzini anglamagan boʻlsak-da, hayronu lol holda ularga qoʻshilib chapak chalardik.