OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHamroxon Musurmonova
Asar nomiQiyofa (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Hamroxon Musurmonova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 7-8-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qiyofa (hikoya)
Hamroxon Musurmonova

Yerga gilamdek toʻshalgan xazonlarni bir-bir bosib borayotgan Gulsumning xayoli parishon edi. Noxush oʻylardan xalos boʻlishga uringani sayin, ruhiyatida sarosar kezayotgan ezginlik uni koʻproq mahv etardi. Dugonasi Nigina plastik operatsiya qildirguniga qadar u ham boshqalardek xush xandon yurar, oʻz qiyofasi haqida koʻp oʻylamas, yuz tuzilishi, qoshu koʻzidan gap ochilsa, ha, endi Xudoning bergani-da, deb qoʻya qolardi. Ich-ichidan Niginaga oʻxshashni orzu qilgani rost. Axir u kursdagi eng chiroyli qiz. Ziynatlanib, orolanib yuradi. Aytishicha, qiz bola koʻzguga qarashni bilishi, kuniga kamida ellik marta oynaga koʻz tashlashi kerakmish. Tavba, hamma qizlar oʻziga mahliyo boʻlib oʻtiraversa, dunyoning ishlari kimga qoladi, deb oʻylaydi Gulsum. Niginaning esa dunyoqarashi boshqacha. Bir xillikni yoqtirmaydi. Doim oʻzgarib turishni, hammaning diqqat markazida boʻlishni xohlaydi. Gulsum uning aksi. Hashamdorlikdan yuragi siqiladi. Takabbur qizlar davrasida begona olamga tushib qolgandek qisinadi, gap-soʻzlari, qiliqlari, hatto kulgulari ham qovushmaydi. Oralarida shunchalik farq boʻlishiga qaramay ikkalasi qalin dugona. Odam oʻzida yoʻq narsaga intiladi, degan gap bejizga aytilmagandir balki...

Gulsum dugonasining qiyofasida erkinlik timsolini koʻradi.

...Oʻshanda eshikdan yal-yal yonib kirib kelgan Nigina:
– Qalay, chiroylimanmi? – deya oʻzini toshoynaga sola boshlaganida Gulsum hayratdan qotib qolgandi.
– Juda chiroylisan!
– Qani ayt-chi, yuzimda nima oʻzgargan?

Dugonasi oʻzining Xudo bergan qoshini allaqachon bitta qoʻymay yulib tashlab, xuddi Gollivud aktrisalaridek ingichka, nafis qosh-chiziq torttirgandi. Koʻzlari ulama kiprik ostida munchoqdek boʻlib turibdi. Odamning koʻzini oʻzgartirib boʻlmaydi, degan gap ham bekor ekan. Nigina allaqachon buniyam yoʻlini topgan: sochini boshqa rangga boʻyaganda koʻziga shu xilda linza taqib oladi. Bir qarasangiz, rus qizlaridek mallasoch, moviy koʻz boʻlib koʻrinsa, boshqa safar qoʻngʻir soch, qoʻy koʻz boʻlib tovlanib turadi.
– Qoshing joyida. Koʻzingga linza taqqansan, yuzingni tozalatib, oro bergansan. Burning ham joyida.

Niginaning faqat burnigina oʻzgarmagan, asli qanday yaratilgan boʻlsa, shunday turardi.
– Him-m-m, lablaring, – deya kuzatuvni davom ettirdi va qiyin masalani yechgan odamdek, birdan qichqirib yubordi: – Voy tavba, labing boshqacharoqmi?
– E, xayriyat-ey, – deya yengil xoʻrsindi Nigina. – Bir amallab shuni sezding-a? Qoyilman senga! Sinchkovlikdayam Xudo urgan bandasan-da! Qalay, yarashibdimi?
– Chiroyliku-ya, lekin oʻzingnikiyam yomonmasdi.

Niginaning yasama lablari bir oz burildi:
– Nima boʻldi, hasad qilyapsanmi? Qara! Yaxshilab qaragin! Axir bu – super goʻzallarning labi-ku! Anchadan beri xuddi shunaqa qiyofani orzu qilardim. Zoʻr doʻxtir topdim. Qoʻli yengil. Plastik jarrohlikda bu atrofda uning oldiga tushadigani yoʻq. Zamonaviy, yasan-tusanlarga qiziqadigan dugonalarim koʻp, hali meni koʻrib ular ham sizni qidirib kelishadi, dedim. Arzonroq narhda operatsiya qildi. Oʻn kun davolandim. – Nigina gapira turib, Gulsumning yuziga sinchkov qaradi: – Menga qara, sen ham borsang boʻlardi, qachongacha manavi doʻrdoq labing bilan yashaysan. Agar borsang, doʻxtir mana mundoq, bejirim qilib berardi.
– Yoʻgʻ-e, labim binoiydek, – dedi Gulsum bir oz oʻngʻaysizlanib.

– Ha, – qoshini chimirib iddao bilan kulimsiradi Nigina, – har kimniki oʻziga, oy koʻrinar koʻziga. Agar bilsang, har bir zamonaviy qizning oʻz qiyofasi boʻlishi kerak. Chiroyli qiyofasi!

Nigina ketgach, Gulsum toshoyna yoniga bordi. Shuncha paytdan beri e’tibor qilmagan ekan, rostdan ham labi sal doʻrdoq edi. Shundanmi yuzi beoʻxshovdek yuragi xijil tortdi.

«Odam deganiyam shunaqa xunuk boʻladimi», deb oʻyladi ijirgʻanib. Kechgacha dilgir bir ahvolda yurdi. Ovqatlangisi, dars tayyorlagisi ham kelmadi. Yuragidagi xijillik kuchaygandan kuchayib boraverdi. Dugonasining baxtdan sarmast, xushchaqchaq qiyofasi koʻz oldidan ketmay qoldi. U juda erkin, boshqalar bilan hisoblashib oʻtirmay, koʻngliga kelgan ishni qiladi. Shuning uchun ham baxtiyor, degan qarorga keldi. «Agar akamdan hayiqmaganimda, plastik operatsiya qildirib, Niginaga oʻxshab chiroyli boʻlardim», deb oʻyladi. Nigina kezi kelganda urf-odatlarni ham pisand qilmaydi. Gulsum esa bunday erkinlikdan yiroq. Kattalarning: «Qiz bola unday oʻtirmaydi, bunday yurmaydi, sharaqlab kulmaydi, qattiq gapirmaydi, uyat boʻladi», degan ta’kidlari haligacha uni ta’qib etadi. Bir ishni qilishidan oldin, mahalladagilar, tanish-bilishlar nima deb oʻylarkan, degan andisha yuragini yalab oʻtadi.

Kechasi uyqusi qochdi. Ota-onasiga, yaqinlariga bildirmay labini operatsiya qildirishning ming xil yoʻlini oʻyladi. Ammo hamma oʻylari, hamma yoʻllari uni chorasizlik bekatiga eltardi. Ertalab boshida qattiq ogʻriq bilan uygʻondi. Darsga borgisi kelmasa-da, qattiqqoʻl oʻqituvchilarning «NB»laridan yurak oldirib qoʻygani uchun noiloj oʻqishga joʻnadi.

Nigina tun qoʻynida porlab turgan Zuhro yulduzdek nur sochardi. U nafaqat kursning, balki butun fakultetning, hatto institutning malikasiga aylangandi. Atrofida hamma parvona. Yigitlar undan koʻz uzisholmasdi. Chizilgan qoshlari ham, yasama lablari ham, koʻzidagi moviy linzasi-yu, mallarang sochi ham oʻziga juda yarashib turar, ustiga-ustak kiyimlarining rangini rangiga moslab, saralab kiyib olgandiki, koʻrgan odam busbutun san’at asariga duch kelgandek unga bir zum termulmay turolmasdi.

Dugonasiga qaragani sayin Gulsumning dili battar xufton boʻlar, bu gʻashlik sababini bilolmas, «Hasad qilyapmanmi?», degan savolni oʻziga qayta-qayta berardi. Koʻnglining bir chekkasida: «Dunyo yaralibdiki, koʻrimsiz qizlar, chiroylilarga hasad qilishgan», degan iqror ham yoʻq emasdi. Niginaning bejirim lablariga koʻzi tushishi bilan oʻzining hech qachon plastik operatsiya qildira olmasligidan, bir umr mana shu doʻrdoq lablari bilan oʻtib ketishidan oʻkinardi. Hatto kelinchak boʻlganida ham shu lablari bilan goʻshangaga kiradi, unga yaqin kelgan kuyov «labi doʻrdoq ekan, nega avval payqamabman», deb afsus chekadi. Keyin umrining oxirigacha mana shu afsus bilan yashashga mahkum boʻladi.

Oʻkinchlar ogʻir tosh boʻlib Gulsumning yuragiga choʻkib borardi.

Niginaning yasama lablariga havas qilgan qizlarning koʻpchiligi plastik jarrohning manzili, narx-navosini surishtira boshlashdi. Koʻp oʻtmay xonadoshi Dono ham Gulsumning yuragini oʻrtagan bejirim lablarga ega boʻldi. Uni koʻrib garchi havasi kelgan boʻlsa-da, negadir mutlaqo hayratlanmadi. Ajabki, Dononing labi bilan Niginaning labi bir xil edi! Sira farqi yoʻq.

Gulsum ta’tilga chiqib, uyiga borganida onasini koʻndirishga urinib koʻrdi:
– Ayajon, yoʻq demang, axir lablarim doʻrdoq...
– Hecham doʻrdoq emas, – dedi ona qat’iy ohangda. – Bekorlarni beshtasini aytibsan! Xudoning berganiga qanoat qilish kerak!
– Qarang, Nigina qanday chiroyli boʻb ketgan, – deya dugonasining rasmini onasiga uzatdi u.
– Nimasi chiroyli? Qosh oʻlgur qani! Bu chiziq yana nimasi?! Hali shunga havas qilyapsanmi?! Qoshu koʻzingni oʻzgartirishga urinib koʻrgin-chi, otang nima qilarkan!

Gulsumning yuragiga gʻulgʻula tushdi. Otasi unga ochiq-oshkor qattiq gapirmagan boʻlsa-da, xonadon qizlari undan hayiqib turishadi. Agar onasi shunday tanbeh bersa-ku, yuraklari zirillab ketadi.

Gulsum chorasizlik manzilidan chiqolmay boshini xam qilib oʻqishga qaytdi. Qizlardan yana ikki-uchtasi oʻzgarib, chiroyli boʻlib qolgandek edi. Nega hamma qilgan ishni bitta men eplolmayman, shunchalik qoʻrqoq, shunchalik erksizmanmi, degan oʻy Gulsumning ich-etini kemira boshladi. Uzoq ikkilanishlardan keyin, plastik operatsiya qildirishga mening ham haqim bor. Axir XXI asrda yashayapman. Kap-katta qizman, oʻz muammolarimni oʻzim hal qilishim kerak, degan qarorga kelib, Niginaning yetovida jarroh huzuriga yoʻl oldi.

Chiroyli boʻlishga talabgorlar koʻp edi. Gulsum ham navbatga yozilib, shinamgina jihozlangan qabulxonada yumshoq oromkursida oʻz galini kuta boshladi. Devorga ilingan turli fotosuratlarga koʻz tashlarkan, ulardagi qiyofalar bir-biriga juda ham oʻxshashligini ilgʻadi. Niginaning yuz-koʻzlari, qarashlari-yu, kulishlari ham fotosuratlardagi qiyofalar bilan bir xil edi. Chiroyli, bejirim va ayni paytda nimasidir kemtik... Gulsum ichkariga kirib chiqayotgan qizlarni zimdan kuzatarkan, oʻz-oʻzi bilan munozaraga berildi: bu qizlar ham operatsiyadan keyin anavilarga oʻxshab qoladimi? Men-chi?..
– Sizga uchta variant taklif qilishimiz mumkin, shulardan birini tanlang, degan ovoz uning xayolini boʻldi.
– A-a...
– Manavi uchta labdan birini tanlang, deyman, –dedi Niginaga qaeridir judayam oʻxshab ketadigan bir qiz bir oz ensasini qotirib.

Gulsum avval qoʻlidagi suratlarga, keyin devordagi fotosuratlarga koʻz tashladi. Qiyofalarni bir-biriga uygʻunlashtirib turgan narsalardan biri aynan mana shu uch xil lab edi. Bor-yoʻgʻi uch xil! Tavba, nega endi uch xil?! Bor-yoʻgʻi uch xilmi?! Endi men ham mana shu qiyofada yashashga mahkummanmi, degan savollar yashin tezligida miyasiga urildi. Yana bir bor fotosuratlarga, keyin dugonasiga koʻz tashladi. Shunda bir-biriga uygʻun goʻzallikdagi kemtiklikni topdi: bu chehralarda odamni oʻziga tortadigan issiqlik, joziba yoʻq edi! Goʻzal va ayni paytda jozibasiz qiyofalar! Birdan uning xafsalasi pir boʻldi.
– Gulsum Norova, sizning navbatingiz...

Nigina allanechuk taraddud bilan unga qarab jilmaydi. Ikki dugona bir vaqtda ikki tarafga qadam tashlashdi. Jarroh xonasiga oshiqayotgan Nigina boshini xam qilgancha eshikka qarab borayotgan Gulsumga yetib oldi-da hayron boʻlib:
– Qayoqqa ketayapsan? – deb soʻradi.
– Men voz kechdim. Qiyofamni oʻzgartirolmayman!
– Esing joyidami?! Navbatingni tezlatish uchun ozmuncha urindimmi, tentak? – dedi Nigina tutoqib.

«Qiziq, jahli chiqqanda anavi qizlarning labi yonida ham Niginaniki singari chiziqcha paydo boʻlarmikan», degan oʻy oʻtdi Gulsumning xayolidan. Shu asno onasining gaplarini esladi: «Olloh har bir narsani buyuk hikmat bilan yaratgan, uni oʻzgartirgan odamning holi voy boʻladi».

Gulsum koʻchaga chiqqach atrofdagilarga sinchkovroq qaray boshladi. Uning nazarida Niginaning soch turmagi, ulama kipriklari, ulama tirnoqlari, hatto tabassumi asta-sekinlik bilan tarqalayotgan xavfli kasallik kabi boshqa qizlarning ham chehralarini qamrayotgan, atrofidagilar kelishib olgandek ommaviy qiyofaga kirayotgandek edi.

Yotogʻiga shom payti qaytib keldi. Koʻnglini haliyam ezgin kayfiyat tark etmagandi. Bir-bir bosib toshoynaga yaqinlashdi. Koʻzguda koʻz-qoshlari, hatto doʻrdoq lablari ham chehrasiga yarashimli, qiyofasi boshqalarnikiga oʻxshamaydigan bir qiz unga qarab turardi. Yuziga tabassum yugurdi. Tabassumida nafis bir joziba akslandi. Shunda yuragini ezayotgan noxush oʻylar sarobdek tarqalayotganini his etdi. U oʻzining, ha, bitta oʻzining qiyofasini topgan edi.