OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHans Kristian Branner
Asar nomiBelning quvvati (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Olmon adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Hans Kristian Branner
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonNizom Komil
Hajm28KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Belning quvvati (hikoya)
Hans Kristian Branner

Hozir «olma pish, ogʻzimga tush» deb oʻtiradigan zamon emas. Kecha ish qidirib ikki joyga uchrashdim, ammo keyingi idoraning xoʻjayini menga boshdan-oyoq uzoq razm solib chiqqanida, toʻgʻrisi... adoi tamom boʻldim.

Ba’zan shunaqa boʻladiki, ishdan boʻshatsalar parvo qilmaysiz, qaytanga yengil tortasiz, oʻzingizni qafasdan qutulgan qushday his etasiz. Bizning mahkamada ham hayot-mamot jangi biror zum toʻxtagan emas. Ana shunday janglardan birida qovun tushirdim – ogʻzimdan boshliqqa yoqmaydiganroq gap chiqib ketdi-da-ey! Xoʻsh, keyin nima boʻldi, deysizmi? Nima boʻlardi – oʻsha kuniyoq kavushimni toʻgʻrilab qoʻydilar. Tavba, oʻzi yigirma kishi ishlaydigan idora-yu, dagʻdagʻasi olamni buzadi!

Avvaliga xizmat mojarolaridan qutulganimga suyundim. Boshqa ish topish esa xamirdan qil sugʻurishday oson tuyuldi. Buning ustiga, mana, endi chinakamiga oila bagʻriga qaytganday boʻldim. Axir, menda ham xotin bor, farzand bor. Ishlab yurgan kezlarimda ular bilan bemalol yayrab-yashnab oʻtirish qayoqda edi deysiz! Oʻgʻlimni deyarli koʻrmasdim, boʻlar-boʻlmasga tergayverardim, xotinim bilan esa nuqul ishga aloqador gaplarni gaplashardik. Shunaqa paytlar ham boʻlardiki, chiroqni oʻchirib toʻshakka kirganimizdan ke-yin ham chakagimiz tinmasdi – tunni tongga ulavorardik. Toʻgʻrisi, kalavani men chuvatardim. Mavzu bitta – ishxonamdagi gʻiybatlar, bir-biriga pand berishu choh qazishlar – faqat shu. Mana, hammasidan qutuldim, bari sariq chaqaga ham arzimasligini tushunib yetdim. Olam koʻzimga boshqacha koʻrina boshladi. Oʻgʻlim karavotida bir tekis nafas olib uxlayapti, xotinim muloyim barmoqlari bilan sochimni silayotganini sezib yotibman, qulogʻimga bir nimalarni shivirlaydi, ovozi biram ma-yin, biram shirali! Ey xudoyim-ey, boʻlarkan-ku shunaqayam yashasa! Entikaman, koʻzlarimdan yosh dumalaydi. Toʻgʻri, erkak kishi yigʻlamasligi kerak, lekin men ba’zan yigʻlavoraman, baxtiyorligimdan, yonimda mana shunday sadoqatli, mana shunday vafodor, meni jonidan ham ortiq koʻradigan odam borligidan yigʻlayman. Gohida, oq choyshab ustida huzur qilib yotgan chogʻimizda, osmon ustimizga agʻdarilib tushganda ham bir-birimizdan ajralmaslik toʻgʻrisida ont ichardik. Biz hech narsadan qoʻrqmasdik. Hech qanday kuch bizni ayira olmasligiga, dorulbaqoga ham yaxlit bir vujud boʻlib qadam bosishimizga qattiq ishonardik.

Ammo endi menda ilgarigi ishonch yoʻq. Pul degan narsa, garchi biz ming ahdu paymon qilmaylik, er-xotin orasiga rahna solishi mumkinligidan vahimaga tushaman.

Mana, ikki oydirki, ishsizman. Ikki oydan beri har kuni kechqurun xotinim ikkalamiz bir parcha qogʻozga raqam bitamiz. Yozamiz, oʻchiramiz. Yana yozamiz, yana oʻchiramiz. Boshda raqamlar katta emasdi, asta-sekin ulgʻayaverdi. Hozir ham qarzimiz uncha koʻp emas, biror ming kron boʻlsa kifoya. Lekin, nima boʻlganda ham, pul haqida koʻproq gapiradigan boʻlib qoldik. Ayniqsa, keyingi ikki hafta ichida juda ezilib ketdim. Har kuni ertalab uydan chiqib, ish qidiraman. Shaharda bunaqa joy barmoq bilan sanarli, kechgacha tentirab yurish shart emas. Lekin men shunday qilaman. Tinka-madorim quriguncha shahar koʻchalarida ivirsib yuraveraman. Axir, uyga qamalvolib, zinapoyada eshitilgan qadam tovushlari eshigim oldida tinarmikan, pochtachi hayotimizni izga solib yuboradigan biror mujda keltirarmikan, deb kutib oʻtirishdan ortiq azob bormi! Bunday deyishimning sababi – soʻnggi kunlarda koʻp idoralarga kirib-chiqdim, ish masalasida menga yordam berishi mumkin boʻlgan ancha-muncha odam bilan gaplashdim. Hozircha butun umidim oʻshalardan. Endi, ertadan kechgacha koʻchada sangʻib yurishimga kelsak, bir amallab vaqt oʻtkazish, xotinim bilan pul haqida gaplashmaslik uchun, unga bugun ertalab falon joyga, tushdan keyin pismadon joyga bordim, de-yish uchun shunday qilaman. Aslida, aytgan joylarimning birortasiga ham bormagan boʻlaman. Shulardan ayrimlarining darvozasi oldida turib-turib, kirmay qaytib ketganman. Lekin xotinimga, kirdim, deyman. Ochigʻini aytsam, yol-gʻonchilik bobida tajribam katta: sobiq ishxonamda nuqul yolgʻon gapirib oʻrganganmiz. Lekin shu choqqacha, nazarimda, xotinimni aldamagan edim. Kechasi, chiroq oʻchgandan keyin aybimga iqror boʻlay deyman-u, sira jur’at qilolmayman. Vaqt-soati kelar, qoʻlimga pul tushib, qarzlardan qutularman, ana oʻshanda yolgʻon gapirganimni boʻynimga olaman, balki xotinim ikkalamiz qotib-qotib kularmiz.

Hay, mayli. Lekin bir narsaga hayronman: er-xotin pul degan xonasallot oralariga rahna sololmaydigan darajada yaqin boʻlishlari mumkinmi, yoʻqmi?

Hozir sizga kecha roʻy bergan voqeani soʻzlab bermoqchiman, chunki bu voqea ikki dunyoda ham esimdan chiqmaydi.

Hikoyamning boshida menga boshdan-oyoq razm solib chiqqan odam haqida gapirgan edim. Yo alhazar! Oʻsha damda qay ahvolga tushganimni siz tasavvur ham qilolmaysiz! Boʻlmasa, koʻrinishim binoyidek, ust-boshim ham tuppa-tuzuk edi. Nachora, «umumiy taassurot» degan tushuncha ham bor-da dunyoda. Haligi odam meni soch-soqolim oʻsgan, egnim yupun bir qiyofada koʻrganida nima qilardi, bilmadim. Qayrilib ham qaramas edi-yov, menimcha. Yo hamma gap koʻzdamikan? Nima boʻlganda ham, keyingi vaqtlarda koʻpchilik menga sinovchan nazar tashlaydigan boʻlib qolgan. Aslida-ku, boshqa birovga ana shu alfozda tikilish inson sha’niga toʻgʻri kelmaydi, lekin odamlar bu haqda oʻylamaydi-da. Oʻzim ham tayyorlov boʻlimi mudiri boʻlib ishlaganimda, ehtimol, idoramizga kelgan mijozlarga ana shunday nazar bilan qaragandirman. Lekin men aytgan boyagi odamdan umidim katta edi, shuning uchun ham uni oxirgi tashrif uchun «tishimning kavagi»da asrab kelayotgan edim – axir, uning oʻzi bir mahallar, sizga bu ish toʻgʻri kelmaydi, siz kattaroq lavozimga munosibsiz, vaqt topib oldimga bir kiring, degan edi-da. Ikki oydan beri har kuni yotsam ham, tursam ham oʻsha odam haqida oʻylayman, tilimda faqat oʻsha odamning ismi aylanadi; buni qarangki, oxirgi uchrashuvimizdan keyin oʻzim ham, turqi-tarovatim ham oʻzgarib qolgani haqida zarracha oʻylamabman-a! Mana, huzuriga kirganimda oʻrnidan ham turmadi, qoʻlini ham uzatmadi, bor-yoʻgʻi menga boshdan-oyoq uzoq razm solib chiqdi, xolos. Qaniydi, yer yorilsayu yerga kirib ketsam! Oʻshanda nimalar deganim yodimda yoʻq, lekin gap bunda ham emas, gap shundaki, bir nigoh bilan insonligim, nafsoniyatim shaf-qatsizlarcha oyoqosti qilingan edi. Oʻpkam toʻlib, koʻzlarimga yosh qalqdi. Nihoyat, u oʻrnidan turdi, tirsagimdan ushlab kabineti ostonasigacha kuzatib qoʻygach, «Bardam boʻling», dedi. Axir, men oxirgi umidimni shu odamga tikkan edim-ku! Koʻchaga chiqdimu boshim oqqan tomonga qarab yurdim, hech narsani koʻrmasdim, qorachigʻlarim koʻzyoshlar tubiga gʻarq boʻlib ketgan edi...

Hozir shaharda gripp tarqalgan. Koʻpgina mahkamalarning boshliqlari betob. Yaqinda xotinim gazetada oʻqibdi: grippga chalinganlar soni kun sa-yin ortib borayotganmish.
– Xudoga shukr, – dedi u, – oʻlim deyarli yoʻq.
– Ha, shukr qilish kerak, – dedim men, lekin koʻnglimdan, xuddi ispan urushi vaqtidagiday odamlar koʻproq qirilsa qaniydi, degan oʻy oʻtmadimikan?

Tagʻin, jinni boʻlganmi bu, deb oʻylamang. Ishlab turganimda bunaqa gap xayolimga ham kelmasdi, hozir ham bunaqa boʻlishini xohlamayman, albatta. Lekin oʻtgan yili sentyabr oyida urush boshlanishini xohlab turgan odamlarni hozir teranroq tushunayotgandayman, nazarimda. Ammo oʻshanda bunday gaplardan gʻazablanganman. Hozir yana urush haqida gap ochilsa, bilmadim... har holda, urush hayotga oʻzgarish kiritadi. Soʻnggi kezlarda xotinim ikkalamiz boshiga kulfat tushgan odamlar haqida koʻproq gaplashamiz. Ilgari bunday emas edi.
– Qanday dahshat! – deydi xotinim, ishsiz bir odam ikki farzandini gaz bilan zaharlab oʻldirganini eshitib.
– Rostdan ham, dahshat, – deb qoʻyaman men ham.

Gazetalar deyarli har kuni mana shunaqa voqealarni butun tafsiloti bilan chop etadi.

Kecha anovi odam nigohi bilan qaddi-qomatimni «qarichlab» chiqqanidan keyin koʻchama-koʻcha daydib yurganimda birdan etim uvishayotganini sezib qoldim, shunda gripp yodimga tushdi. Boqqa kirib, skameykaga oʻtirdim; kun sovuq edi, izgʻirin chimchilab turibdi, tevarak-atrofda hech zogʻ yoʻq. Oʻtirib, gripp haqida oʻylay ketdim. Balki men ham grippga chalingandirman. Har doim tramvayda yuraman-ku, birorta yoʻlovchidan yuqqan boʻlsa yuqqandir. Darvoqe, xastalik ham bir imtiyoz emasmi? Lekin ishi tayin odamlar uchun imtiyoz. Bundaylar oppoq toʻshakda choʻzilib yotadi, atrofida hamma girdikapalak. Tomirimni ushlab koʻrdim – tez va pala-partish uryapti, badanim misday qizib ketgan. Sekin turib, uyga qarab yoʻl oldim. Qadam bosganim sayin ahvolim ogʻirlashib borardi. Uyga yaqin qolganda koʻzim tinib ketdi. Zinapoyada bir oz toʻxtab turishga toʻgʻri keldi.

Eshikni ochib, yoʻlakka kirdim. Yotoqxonadan xotinimning ovozi eshitildi:
– Senmisan?

Ilgari, ishlab yurganimda, har gal mana shu yoʻlakda kutib olib, «yaxshi keldingmi?» deb soʻrardi. Bu gal unday qilmadi. Chunki hozir kirib-chiqishim koʻp. Baribir, kutib olmaganidan dilim oʻksidi. Paltomni bazoʻr yechdim, shu orada beixtiyor ingrab yubordimmi, «ha, nima boʻldi?» deb soʻradi xotinim hamon qorasini koʻrsatmay. Javob bermadim. Yotoqxonaga kirsam, dazmol qilayotgan ekan. Yoniga bormadim, odatdagiday, chakkasidan oʻpmadim. Karavot ustidagi adyolni qayirib, pinjagimni stul suyanchigʻiga ildim. Xotinim ishini toʻxtatib, menga koʻz qirini tashladi:
– Yotmoqchimisan?
– Ha. Mazam yoʻq. Isitmam chiqyapti.
– Ie, shunaqami!

«Ie, shunaqami!» degan xitobni har xil talaffuz qilish mumkin. Bu gapni u taajjublanib, andak qoʻrquv aralash aytdi. «Gripp boʻlmasin tagʻin» deb sergaklanmadi. Yana dazmolga yopishdi.
– Yotsam maylimi? – deb soʻradim oʻsmoqchilab.
– Yotaver, bemalol. Kitob oʻqi, sen ham bunday bir dam olishing kerak-ku, axir.

Gapining ohangida ishsiz va pulsiz qolgan odam yotishga haqli emas, degan ma’no yoʻq edi, albatta. Ammo ilgarigi vaqt boʻlganda dazmolni bir chetga qoʻyib, yonimga kelib oʻtirardi. Yechinarkanman, miyamga har turli fikrlar yopirilib kelaverdi. Xotinimga qarab turib, avvaliga, judayam tasqara boʻp ketibdi-ya, deb oʻylardim. Gavdasi keliga oʻxshaydi, qorni togʻoraday, yelinlari kindigigacha osilib tushgan, yuzi ham shaftoliqoqidan farq qilmaydi. Shu zahoti boshqa bir xotira isyon koʻtarib qoldi. Esimda, bundan koʻp yillar muqaddam qandoq juvon edi-ya! Oltinrang sochlari oftob nurida yal-yal tovlanadi, gʻunchadek lablarida nimtabassum. Ovozini aytmaysizmi! Jonon piyolaning jarangiday nafis va ishvali. Endi-chi, endi! Sochmi bu yo yomgʻirda qolgan poʻstakmi? Ovozini-ku qoʻyavering – moylanmagan arava gʻildiragining gʻiychillashi ming marta a’lo! Qani oʻsha nazokat, qani oʻsha ishvalar?! Vodarigʻ, qandoq kunlarga qoldim! Ammo... uning shu ahvolga tushishiga oʻzim aybdorligimni ham sezib turardim. Uyaldim. Adyolga burkanib, hech narsani oʻylamaslikka ahd qildim. Boʻlmadi, tinch yotolmadim. Uyalganim, oʻzimni ayblaganim alam qilib ketdi. Mana, isitmalab yotibman, birrov boʻlsa ham yonimga kelmadi-ku! Axir ishsizman, pulsizman. Yana shuni ham bilamanki, tan-jonim sogʻ, meni toʻshakka yotqizgan – gripp emas, anovi oʻrnidan turib qoʻlini uzatmagan, nigohi bilan meni «rentgen»dan oʻtkazgan ablah! Kelib-kelib, oʻshanga ishonibman-a! Ana shunaqa oʻylar miyamda gʻujgʻon oʻynar, bir-biri bilan bahslashar, biri ikkinchisini inkor etar edi. Soʻng barcha oʻy-fikrlarim bir yerga jamlanib, omuxta boʻldiyu sal narida kuyindi hidi taratib dazmol bosayotgan ayolga nisbatan hadsiz-adoqsiz bir nafratga aylandi. Ammo-lekin siz oʻylaganchalik xudbin emasman. Mabodo, shu ayolni aynan xunuklashib, tasqarasi chiqib ketgani uchun sevishimni va judayam qattiq sevishimni his etmaganimda, undan bu qadar nafratlanishni ham oʻzimga ravo koʻrmasdim. Axir, uning vujudida men ham borman, uni men shu koʻyga solib qoʻydim. Xotinimni yoshlik paytidagiday asrab turishga qurbim yetmadi – qoʻl kaltalik qildi. Pulim boʻlganida hozir ham qoʻgʻirchoqday dirkillab turmasmidi, sochlari yal-yal yonmasmidi, ovozi jonon piyoladay jaranglab, nozli ishvayu shamalarga limmo-lim toʻlmasmidi! Evoh, «pul – belning quvvati» deb bejiz aytmagan ekanlar!

Yotgan joyimda harorat oʻlchagichni soʻradim. Keltirib berdi. Salkam 38°.
– Oʻttiz sakkizu ikki, – dedim xotinimga.

Aslida haroratim oʻttiz yettiyu sakkiz edi. Lekin choʻzilib yotvolish uchun bu kam-da. Mening esa yotgim kelardi. Umrimda biror marta mana shunday oyoqni uzatib dam olishga haqim bormi-yoʻqmi? Eng yaqin odamimning oldida oʻzimni kasallikka solib yotishim insofdan emasligini yaxshi bilaman. Lekin nima qilay? Ikki oydan beri boshimni devorga uraman – bir xil savol beraman, bir xil javob olaman. Odamlarning istehzo toʻla nigohlari-chi! Ozgina dam olvolish uchun menga bahona kerak edi. Ishlab yurgan vaqtimda kasal boʻlib xizmatga borolmasam, xijolat tortmasdim. Xotinim ham «Parvo qilma. Qaytanga yaxshi, birga oʻtiramiz», derdi. Endi esa ming turli bahonayu sabab qidirishim kerak.

Oʻzimni kasallikka solib yotibman-u, tagʻin xotinimdan xafa boʻlaman. Nuqul ogʻzini poylayman, biror marta «tuzukmisan» dermikan, degan umidda moʻltirab qarab qoʻyaman – qani miq etsa! Indamay dazmol uryapti. Ancha vaqtgacha shu alfozda yotdim, undan sado chiqmadi. Keyin uyqu qochgan paytlarda oʻqiydiganim sarguzasht romanni olib, duch kelgan sahifasini ochdim:

«Biz lord Piterning kutubxonasiga kirdik. Bu shifti cherkov gumbaziday baland xona edi. Devorlar gird-aylana yakrang muqovali kitoblarga liq toʻla. Yerga Buxoro gilamlari toʻshalgan, kamin tokchasida chinni guldonlarga solingan anvoyi guldastalar. Lord Piter oʻqiyotgan kitobini bir chetga qoʻyib, biz bilan soʻrashish uchun oʻrnidan turdi. Xizmatkor qahva keltirdi, lord Piter inqilob davridan qolgan konyakdan hammamizga bir-bir qultum quydi. «Mana, koʻnglimiz tusagan hamma narsa muhayyo,– dedi u.– Kaminda olov yonib turibdi, stolda antiqa konyak, tash-qarida kech kuzning devona shamoli. Faqat bittagina murda yetishmayapti, xolos».

Xuddi shunday deb yozilgan – bu parchani yoddan bilaman. Eng qizigʻi, murda haqidagi soʻzlar boshqacha harf bilan terilgan. Lord Piter – ingliz korchaloni. Ibodatxonani eslatuvchi kutubxonasiga Buxoro gilamlari toʻshalgan, chinni guldonlaru inqilob davridan qolgan konyaklar bu maskanga zeb berib turadi. Mazkur roman muallifi oʻzi tasvirlagan narsalarni umrida koʻrmagandir, lekin buning nima ahamiyati bor: axir, qayd etilgan bisotlardan har birining zamirida pul yotibdi. Ayniqsa, «bittagina murda» – bir dunyo pul degani.

Lord Piter shunaqa badavlat ediki, hatto pulining hisobini ham bilmasdi. Mustaqil izquvar boʻlvolib, ajo-yib-gʻaroyib moʻ‘jizalar koʻrsatish ham unga choʻt emasdi. Faqat bittagina murda yetishmayotgan edi. Biroq murdani sotvolish mumkin-ku... Kitobni bir chetga qoʻydim-da, narigi yonboshimga agʻdarilib koʻzlarimni yumdim. Bir mahal xayolan yana oʻsha kutubxonaga kirib qoldim. Lord Piter menga boshdan-oyoq razm solib chiqdi. «Menga murda kerak, – dedi u. – Naqd ming funt sanab beraman». Indamay turaverdim. «Boʻpti, – dedi lord Piter. – Besh ming boʻlaqolsin». Mendan sado chiqmagach, lord Piter nimtabassum qildi. «Bu yoqqa keling, konyak quyib beraman, – dedi u. – Qani, frantsuz inqilobini boshdan kechirgan konyakdan bir tatib koʻrib, bahosini bering-chi». Bu voqea menga xuddi tushday tuyuldi, ammo bundan keyin hatto sarguzasht romanlarni ham oʻqimasligim kerakligiga aqlim yetib qoldi. Men, umuman, oʻqimasligim kerak. Oʻqiganim bilan koʻz oldimga pul kelaversa, murda ham pulga borib taqalaversa – nima keragi bor menga bunaqa mashmashani! Ana, xotinim oʻsha-oʻsha – qoʻlida dazmol, ogʻzida talqon. Xonani kuyindi hidi tutib ketgan. Ey parvardigori olam, gunohim nima?! Uxlab, hamma narsani unutish maqsadida yuzimni yostiqqa bosdim.

Uygʻonganimda qorongʻi tushib qolgan edi. Xotinim yoʻq. Kuyindi hidi chiqib ketsin deb derazani ochib qoʻyibdi. Oshxonadan oʻgʻlimning ovozi eshitilardi. Balki shuning shovqinidan uygʻonib ketgandirman. Ammo-lekin ovozi judayam oʻtkir-da!
– Nega kirish mumkin emas, oyi? – deb soʻrardi u.
– Jim! – derdi oyisi. – Chunki dadang uxlayapti.
– Nega kunduzi uxlaydi?
– Charchagan-da. Shovqin solma, uy-gʻotvorasan.

Aftidan, bola oʻz aytganidan qolmasa bu gal dakki eshitmasligini sezdi shekilli-yov, balki onasining taqiqini ragʻbatday tushungandir – kim biladi, odatda bolalar soʻzning ma’nisidan koʻra ohangiga koʻproq e’tibor berishadi. Eshik sekin ochilib, yotoqxonaga pisibgina oʻgʻlim kirib keldi. Oʻzimni uxlaganga solib yotaverdim, ammo uning iliq nafasini sezib turardim. Bir mahal barmogʻining uchini gardanimga ohistagina tekkizib qitiqlay boshladi. Shahd bilan u tomonga oʻgirildim. Oʻgʻlim xaxolagancha xonaning oʻrtasida irgʻishlashga tushdi. Butun vujudidan – lablaridan, tishlaridan, yuzlariyu sochlaridan kulgu yogʻilardi, men uning quvlik bilan yiltirayotgan mugʻombir koʻzlarini arang ilgʻadim. Keyin u chopgancha oshxonaga kirib ketdi, oʻsha yoqdan oʻgʻlimning gʻolibona ovozi eshitildi:
– Oyi, oyi, dadamni uygʻotdim!

Badanimni iliq bir epkin silab oʻtganday boʻldi. Bas qilish kerak lanj-likni! Turish kerak, muzdek suvda yuvinish kerak...

Endi turayotgan edim, xotinim kirib keldi:
– Ovqatni shu yerga opkelaymi yo oʻzing chiqasanmi?

Bu gapdan ayb qidirish nooʻrin, ammo ohangi, uning chimirilib turishlari... «Bilaman, soppa-sogʻsan. Ayyorlik qilyapsan, qoʻlingdan pul topish kelmagani uchun oʻzingni kasallikka solib yotibsan. Xoʻsh, bu nayrangbozlik qachongacha davom etadi yo insofga kelib, esingni yigʻishtirib oldingmi?» Xotinimning gapini men shunday tushundim. Indamay oʻrnimdan turdim, oyogʻimga shippakni ilib, pijama ustidan yelkamga kamzulni tashladim. Oshxonaga sudralib, shalviragan bir qiyofada kirgan boʻlsam kerak – rostdan ham boshim zirqirab ogʻrir, butun jismim zil-zambil edi. Oʻgʻlim xonaning oʻrtasida turgan ekan, meni koʻrib tagʻin qiqirlay boshladi. Balki hayiqmay uygʻotganidan tantana qilib kulayotgandir yoki egnimdagi pijama kulgisini qistatdimi – qaydam, chunki kunduz kunlari uyda pijamada yurmasdim. Ehtimol, aftim gʻalati koʻringandir. Sekin yoniga borib, «Oʻchir», dedim. Bu soʻzni ijirgʻanib ayt-dim shekilli, oʻgʻlim yelkalarini qisib, ikkala kafti bilan yuzini berkitdi. Shundan keyin sal yengil tortdim. Albatta, yosh bolaning kulishi kap-katta odamning nafsoniyatiga tegishiga birov ishonmaydi, lekin nima uchun jahlim chiqdi, hayronman. Oshxonaga sukunat choʻkdi, judayam ogʻir sukunat. Kresloga oʻtirib, yuzimni gazeta bilan toʻsdim.

Birinchi sahifada Ispaniyadagi urush haqida yozilgan edi:

«Ayollar, bolalar va qariyalarning aksariyati shaharda qolgan edi. Ular gʻoliblarning mehr-shafqatiga umid bogʻlagan edi, ammo shahar ishgʻol etilishi bilan hammani, xuddi poda singari, markaziy maydonga haydab kelib, pulemyotlardan oʻqqa tuta boshlashdi. Biz bu manzarani baland togʻ choʻqqisidan kuzatib turardik. Doʻzax deganlari shu boʻlsa kerak-da. Norasida goʻdaklar onalarining etaklari ostidan panoh izlar, ammo bu ularni asrab qololmasdi. Oʻq boʻroni bittayam tirik jon qolmaguncha davom etdi...»

Ertalab shu maqolaga yana koʻz yugurtirdim, baribir uncha ta’sir qilmadi. Lekin «...ammo bu ularni asrab qololmasdi» degan jumlani qaytadan oʻqiganimda sochim tikka boʻlib ketdi. Onalarining etagi ostiga yashirinayotgan bolalar koʻz oldimga keldi. Dahshatli manzara edi bu! Gazetani bir chetga uloqtirdim. Bittagina murdaga muhtoj boʻlgan lord Piter yodimga tushdi. Ehtimol, lord Piterning boyliklari, buxoriy gilamlari, chinni idishlari aynan Ispaniyaning qalay konlari sharofatidandir. Ehtimol, lord Piter urushning iloji boricha uzoqroq choʻzilishini xohlayotganlar toifasidandir, ehtimol, u allaqachon bitta emas, yuzta murdani qoʻlga kiritishga ulgurgandir. Modomiki, dunyoda mana shunday qabohat yuz berayotgan ekan, ishlaymanmi, ishsizmanmi, tirikmanmi, oʻlikmanmi – nima ahamiyati bor? Shu tobda xotinimning yoniga borib, uni bagʻrimga bosgim, hech nima demasdan, astoydil bagʻrimga bosgim keldi. Koʻnglim vayron boʻlib ketgan edi.

Chekilgan shuncha iztiroblarga qaramay, men bilan eng yaqin odamim oʻrtasidagi pinhona jang hanuz davom etardi. Xotinim suli boʻtqasi solingan likopni toʻq etkizib stolga qoʻydi, ke- yin bolani chaqirib, boʻyniga sochiqcha bogʻladi. Men yana gazeta varaqlay boshladim. Uchovimiz ham miq etmasdik. Xotinim oʻchoqboshiga chiqib, idish-tovoqlarni yuvishga tushdi, likopchalarning bir-biriga urilishidan sezdimki, xonaki urush hali toʻxtagani yoʻq.

Oʻgʻlim qoshiqcha bilan boʻtqani titkilab oʻtirar, men gazeta osha uni kuzatardim. Ehtimol, tomogʻidan ovqat oʻtmayotgandir, balki menga araz qilayotgandir. Kreslodan qanday turib ketganimni bilmayman, stol yoniga, oʻgʻlimning roʻparasiga oʻtirvolib, undan koʻz uzmay qarab turaverdim. Bola nigohimga anchagacha bardosh berdi, soʻng birdan qoshiqni uloqtirib, aftini bujmaytirdi.
– Qani, yigʻlab koʻr-chi! – dedim tishimni gʻijirlatib. – Ye ovqatingni!

Oʻgʻlim qoʻrqqanidan qoshiqni toʻldirib ogʻziga boʻtqa tiqdi, yutishga rosa urindi-yu, boʻlmadi, koʻzlaridan yosh chiqib ketdi.
– Tupursang – koʻrasan!

Shunday deyishim bilan boʻtqa ogʻzidan otilib chiqdi, u oʻqchir, gezarib ketgan yuzi soʻlak aralash boʻtqaga belangan edi. Men «battar boʻl» deganday qarab turardim, negaki, yigʻilib yotgan zahrimni sochib, bir qadar yengil tortgan edim. Aslida oʻzimni ham, xotinimni ham, hamon oʻqchiyotgan oʻgʻlimni-da koʻrgani koʻzim yoʻq edi. Poʻpisa bilan oʻrnimdan turdim. Ammo oʻgʻlim oʻzgʻirlik qilib, baqirgancha oʻchoqboshiga qarab yugurdi.
– Oyi!.. Oyi!..

Orqasidan quvib borib, oʻchoqboshi ostonasiga yetganda taqqa toʻxtab qoldim. Oʻgʻlim onasining tizzalaridan quchoqlab, etagiga yuzini mahkam bosib turardi. Koʻz oldimga lop etib, ispan shaharchasida qirilgan bolalar keldi. Nahotki, diydam oʻsha harbiylarnikiday qotib ketgan boʻlsa, nahotki, birov buyursa hech ikkilanmay pulemyotni tarillatishga tushsam!..

Oshxonaga qaytib, stol yoniga oʻtirdim. Chakkalarim loʻqillardi. Nima qilsam ekan? Oʻchoqboshiga qaytib borib, oʻgʻlimni xumordan chiqquncha doʻpposlasammikan? Yoʻq, ketishim kerak, boshim oqqan tomonga qarab joʻnavorishim kerak, oʻzlari qanday xohlasa shunday yashayversin. Ayni paytda, hozirgi holatim shunchaki bir jazava ekanini ham anglab turardim. Jazavaning sababi esa ma’lum: men boshimni tosh devorga uryapman, odamlar menga masxaraomuz qarashyapti, qaerdan pul topishni bilmayapman, lekin xotinim bilan oʻgʻlimni yaxshi koʻraman, agar oʻzimni qoʻlga olsam, hayotimiz izga tushib ketardi. Oʻzimni tutishim, ruhimni tushirmasligim kerak...

Oʻgʻlim hamon oʻchoqboshida piqillar, onasi pichirlab uni yupatardi. Bir ozdan soʻng xotinim shoʻrva quyilgan idishni koʻtarib yemakxonaga qaytib keldi. Hech narsa demadi, koʻrinishi xotirjam, yuzida biron bir ifoda yoʻq edi. Indamay ikkita likopcha shoʻrva quydi, tamaddi qila boshladik.

Goʻshtli shoʻrva – jon-dilim, ayniqsa, yumaloqlangan qiymali boʻlsa – oh-oh-oh! Ammo bu gal shoʻrva goʻshtsiz edi, likop ichida ikki-uchta jimjiloqday sabzi suzib yurardi. Lekin, toʻgʻrisi, qoshiqni buning uchun bir chetga surib qoʻyganim yoʻq. Ishtaham boʻgʻilgan edi. Xotinim gavdasini stul suyanchigʻiga tashlab birdan xaxolavorganda ogʻzim lang ochilib qoldi.
– Nega kulasan?
– Oʻzingni bir oynaga solib koʻr.
– Nima boʻpti?
– Pul yoʻqligiga men aybdor emasman, shuning uchun senga qiymali shoʻrva pishirib berolmayman.

Kim biladi, bunaqa gapga balki kulish kerakdir, lekin, nazarimda, basharamga tarsaki tortilganday boʻldi. Shartta oʻrnimdan turdimu bir ogʻizgina soʻz aytdim, ammo-lekin yomon soʻz! Keyin yotoqxonaga kirib, eshikni qattiq yopdim, yoʻq, oldin lang ochib turib, soʻng qarsillatib yopdim. Albatta, bu bir jirrakilik, lekin nachora? «Pul yoʻqligiga men aybdor emasman», deydi-ya! Men bir hoʻplam shoʻrva uchun zarda qildimmi?! U meni bir tiyinga qimmat odam deb oʻylayapti. Lekin xotinim haq: rostdan ham men haqirman, notavonman, bir tiyinga qimmat odamman. Biroq buni tan olish – oʻlimdan ogʻir! Chiroqni yoqib, xonaning qorongʻi bir burchagiga bordim-da, oʻzimni himoya qilmoq uchun atrofimga nafrat gʻishtlaridan qoʻrgʻon qura boshladim. Tashlab ketsammikan, deya oʻylardim men, bir jazosini tortsin, «tirikchilik – toshdan qattiq»ligini bir bilib qoʻysin. Mendan biror nima talab qilishga qanday haddi sigʻadi? Oʻshanda unga uylanish niyatim yoʻq edi, oʻzi yopishib qoʻymadi. Kutaylik, maoshim sal koʻpaysin, dedim, koʻnmadi. Farzandli boʻlishga ham men shoshgan emasman, oʻzi tugʻaman, deb turib oldi. Mana endi, pul opkelmayapsan, deb boshimda yongʻoq chaq-yapti. Nuqul pul deydi, pul, pul, pul! He, pul oʻlsin-e! Tashlab ketgan taqdirimda ham tinch qoʻymaydi bu, pul talab qilib izimdan advokat joʻnatadi! Qaniydi, rostakamiga kasal boʻlsamu oʻlib qoʻyaqolsam! Qutulardim basharasini koʻrishdan, xalos boʻlardim shu dardisar pul xarxashasidan!

Koʻnglimdan ana shunday gaplar kechardi-yu, ammo bularning bari quruq vasvasa ekanini sezib turardim.

Burchakda xiyla vaqtgacha karaxt boʻlib oʻtirdim. Vujudimni chulgʻagan boyagi naf-rat asta-sekin tarqalib, faqat quyqasi qoldi. Bundoq oʻylab qaralsa, vahima qiladigan hech narsa boʻlgani yoʻq-ku. Bor-yoʻgʻi... men xayolan tuzgan roʻyxatdagi eng soʻnggi odam menga boshdan-oyoq razm solib chiqdi. Shunga achchiq qilib oʻzimni kasallikka soldim. Uddasidan chiqa olmaganimdan keyin jazavaga tushdim. Shuning uchun xotinim ham toʻnini teskari kiyvoldi. Toʻgʻrisi-da, biz shunaqa badavlatmidikki, jazavaga tushsam. Miyam tiniqlasha boshladi, qilgan ishimdan uyaldim, etim junjikdi, shu darajada tubanlashib ketdimmi, a? Bosh-qalarga ozor berib, shundan lazzatlandim, shundan oʻzimga tasalli izladim. Dunyoda yuz berayotgan jamiki kulfatlar men uchun faqat oʻz musibatlarimdan chal-gʻish vositasiga aylanib qoldi. Ilgari bunaqa emas edim. Agar shu ahvol davom etsa, mendan ajal quroli sifatida foydalanishlari ham hech gap emas. Shu tobda hech narsaga kafolat berolmayman. Hozir koʻnglim faqat tanholikni tusayapti. Xotinim oldimga kelishini ham xohlamayman. Shu choqqacha oramizdagi munosabat qoyaday mustahkam, uni hech qanday kuch oʻrnidan siljitolmaydi, deb oʻylardim. Endi esa, bir burchakda qunishib oʻtirarkanman, oʻzimni bosh-keti yoʻq boʻshliqda osilib turganday his etardim. Mabodo hozir xotinim kirib kelgan taqdirda ham uni bagʻrimga bosib, yaxshi kuningda ham, yomon ku-ningda ham birga boʻlaman, deyolmayman. Bunaqa soʻzlarni faqat huzur-halovat ogʻushida yashayotganlar aytishi mumkin. Bunaqa va’da berish uchun odamning beli baquvvat boʻlishi kerak.

Xotinim qorasini koʻrsatmadi, oʻzaro hech qanday savol-javob yo yarash-yarash ham boʻlmadi, men shundan xursand edim. Faqat yarim kechadan oshganda, karavotda mijja qoqmay oʻy surib yotganimda, nogahon qoʻlini men tomonga uzatib, bilagimni qattiq bir qisib qoʻydi.
– Qoʻy, koʻp siqilaverma, uxla. Ertaga – xudo poshsho.
– Yaxshi tushlar koʻr, – dedim men ham iyib ketib.

«He, oʻrgildim oʻsha poshshongdan!» demoqchi edim-u, ichimga yutib qoʻyaqoldim.