OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Hasan Manzur. Oʻgay ona (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHasan Manzur
Asar nomiOʻgay ona (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Hasan Manzur
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/08/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻgay ona (hikoya)
Hasan Manzur

Ba’zan xotiralar qalbni tirnaydi... Goho shunday boʻladiki, topganlaringdan yoʻqotganlaring koʻpga oʻxshab ketadi. Oʻksik bir hayajon bilan bosib oʻtgan yoʻlingga nazar tashlab olasan.

Otasi vafotidan keyin poytaxtda oʻqishini davom ettirayotgan Husan uch-toʻrt oyda bir qishloqqa kelib, ayasidan xabar olar, har kelganda ayasini bir yumush ustida uchratardi.

Bu safar borganida ayasi eshik supirayotgan ekan. Ishga berilganidan uning qadam sasini ham eshitmadi.

– Aya, men keldim...

Ayasi qaddini koʻtardi, koʻksiga tuflagan boʻldi: «Kapalagimni uchirib yubording, bolam», – dedi. Keyin bir zum, atigi bir zum u tarafga nazar tash¬lab turdi-da, qoʻlidagi supurgisini uloqtirib, uni bagʻriga oldi.

– Nega hayallab ketding, bolam, onang emasman-da, onang boʻlganimda bunchalik yoʻqolib ketmasding, – deya gina qildi.

Ayasi uni quchgancha turar, yelkalari silkinayotganidan unsiz yigʻlayotgani sezilardi. Husan ayasining oqarib koʻkimtir tus olgan sochlarini siladi, yuziga sidirilib tushgan roʻmolini peshonasiga tortdi.

– Nega unday deysiz, men sizni onamdan yaxshi koʻraman. Ish, oʻqish bilan vaqtim boʻlmadi.

– Otang oʻlmaganida kunduzi oʻqirding.

Ayasi undan avvalroq borib yogʻoch karavotga yozigʻlik koʻrpacha ustiga yangisini soldi.

– Nima qilyapsiz, aya?

– Mehmonday kelib, mehmonday ketasan, koʻrpacha solayapman.

Dasturxonni yangilagani ayasi ichkariga kirib ketdi.

– Oʻtirsangiz-chi, aya, sogʻindim deysiz-u, kelsam oldimda tinch oʻtirmaysiz.

Ayasi qant-qursga qoʻshib toza oq nafis dokaga oʻralgan goʻsht toʻrgʻamlarini olib chiqdi.

– Sensiz tomogʻimdan oʻtarmidi, bolam, goʻsht pishirganimda nasibangni olib qoʻyganman.

Husan boʻgʻziga nimadir tiqilib yutindi.

U harbiyda yurgan kezlari ayasi har osh damlaganda nasiba deb bir kaft guruchni xaltaga solib qoʻygan, kelgan kuni oʻshani oʻziga osh qilib yedirgan edi.

– Ola qol, bolam, – qistadi ayasi, – oftobda qotirib, keyin muzdek joy¬¬da asraganman.

Ayasi goʻsht boʻlaklarini taqsimchaga maydaladi.

– Endi ikkimiz baham koʻramiz.

Husan taqsimchani oʻrtaga qoʻydi.

– Hali ham achchiq choy ichasanmi? Sen ichadigan qilib damladim.

Ona – bola choyxoʻrlikka oʻtirishdi.

– Charchab qolyapsiz, aya, sizga qiyin boʻldi.

– Meni qiynalmasin desang, uylan. Kelin oldimda boʻladi.

Husan pishitib kelgan fikrini oʻrtaga tashladi:

– Avval ukamni uylantiramiz.

– San jinni boʻlibsan, – ayasining tusi oʻzgardi. Xalq kuladi, oʻgayligiga bordi, oʻzinikini avval uylantirdi deydi.

– Xalq bizni boshimizni silab katta qilganingizni biladi. Ukamni qarz-qavolasiz uylantirsak, bas. Eru xotin ishlasa, men uylanguncha oʻzlarini tiklab oladi.

– Ogʻang kelsin-chi, – ayasi boʻshashganday boʻldi.

Tamaddidan soʻng, dasturxon yigʻishtirildi.

– Uch-toʻrt kun turarsan?

– Uch kunga ruxsat olib keldim.

– Agar charchamagan boʻlsang, shaharga tushib xolangni koʻrib kelsang boʻlardi.

– Qaytishimda kirib oʻtaman.

– Xola ham onaday gap.

– Yoʻl-yoʻlakay kirsang, xafa boʻladi, erinma bolam.

 Aya Husanni koʻchaga qadar kuzatib chiqdi.

– Xolangni soʻrab qoʻy, keyin boyagi gap uchini chiqar-chi, nima derkin?

* * *

Sukut ingan koʻchalar Husanga bolalik chogʻlarini eslatdi. U bolalikdan odamovi oʻsgan, koʻpchilikka qoʻshilmas, oʻyinqaroqlik ham qilmas, ayasidan ajramasdi.

Katta qishloqda uni tanimagan odam yoʻq edi. Toʻy-toʻychiq, biron ma’rakadan kelayotgan ayollar hamisha uni oʻrab olishar, Norbining oʻgʻli deb suyushar, choʻntaklaridagi bor narsalarini qoʻliga tutqazib ketishardi. Husan Norbining emas, ayasining oʻgʻli boʻlishni istar, yigʻlamsirab uyiga qaytardi.

– Aya, xotinlar meni Norbining oʻgʻli deyishyapti.

– Xotinlar bekor aytibdi. Sen mening oʻgʻlimsan, seni daladan, yantoqning tagidan, quyonlarning yonidan topib olganman.

Uyga kirib ketgan ayasi kaftini qant-qurs bilan toʻldirib chiqib, doʻppisiga solardi.

– Men senga ularnikidan yaxshirogʻini beraman.

Kun issiq edi. Koʻcha oxiriga borgan Husan bir toʻp ayolga duch keldi. Salom berdi. Ayollarning ulugʻi oldinga chiqdi.

– Norbining oʻgʻlimisan?

– Obdagulni.

– Obdagulniki hali yosh, Norbinikiga oʻxshayapsan, qosh- koʻzlaring aytib turibdi, – ayol yonidagilariga oʻgirildi. – Buni onasi «pinski dom»da tuqqan. Norbi rahmatli ikki beshikni ikki yoniga qoʻyvolib oʻrikni soyasida alla aytardi. Biz Qoʻshtepaning yonida chopiq qilamiz. Uning allasini eshitib yigʻlamagan odam ham yigʻlardi. Umri qisqa ekan-da, mana bolasi boʻy yetib uylanadigan boʻlib turibdi.

– Soch deganini ayting, – qoʻshildi ikkinchi ayol. – Obdagul ham tuzuk, oʻgayligini ham bildirmadi.

– Yetimlarning boshini silaganini xudoyim ham bildi, bitta boʻlsa ham oʻgʻil berdi, – davom etdi gap boshlagan ayol.

– Uyga kirib oʻtiringlar, – taklif qildi Husan ular bilan xayrlasharkan.

– Xudo hohlasa, toʻyingda savat qilib beramiz, – chuvullashdi ayollar.

* * *

Husan ayni tush chogʻida xolasinikiga kirib bordi. Ayvonda doʻppi tikib oʻtirgan xolasi darvozadagi sharpani sezdi, tanidi, tikayotgan doʻppisini otqilab yalangoyoq chopdi.

– Hoy-hoy, onasi, oʻpkangni bos, jiyaning ketib qolmaydi, – yonboshlab yotgan pochcha xotinining ortidan yoʻrgʻaladi.

– Kel, bolam, – xolasi uni quchogʻiga oldi va tiyiqsiz koʻz yoshlari bilan uning yuzlarini ivitdi.

Pochcha ham uni xuddi otalarday bagʻriga oldi. Hammalari qoʻltiqlashib shiyponga odimlashdi.

– Toshkentdan qachon keldingiz? – savolga tutdi pochcha.

– Ertalab poezddan tushdim. Uyda bir piyola choy ichdim, keyin ayam bu yoqqa joʻnatdi

– Umridan baraka topsin, – dasturxon solishga tutingan xolasi ayasi haqqiga duo qildi. – U dunyo-bu dunyo kam boʻlmaydi. Oʻtgan hafta bozorda uchratdim. Sizni soʻrasam, anchadan beri kelmaydi, deb koʻziga yosh oldi. Zinhor-bazinhor dilini ogʻritmanglar.

Nasihatdan boshlangan suhbat olis xotiralarga koʻchdi.

– Norbi oʻtganda toʻqqiz oylik chaqaloq eding. Ma’rakasini oʻtkazib, otam rahmatli Obdagulni pochchamga oʻzi bosh boʻlib olib bergan.

Xolasining koʻziga yosh qalqidi.

– Kel. Xolasi, endi bu kishining ham yuragini siqma.

– Koʻnglimni oyda, yilda bir shularga boʻshatmasam, kimga boʻshataman.

– Karkidondan ancha narida, Varzikning yoqasida finlar uslubida qurilgan yogʻoch uy boʻlardi, – izoh berdi pochcha. Odamlar «pinskiy dom» deb atashardi.

– Bir tarafi uzumzor, bir tarafi oʻrikzor boʻlgan uyni men ham eslayman, – suhbatga qoʻshildi Husan.

– Barakalla. Sizlar oʻsha yerda tugʻilgansizlar.

Qahraton qish chillasida «pinski dom»da yashagan onasi mollarni sugʻorgani qishloqqa haydab tushgani, ortidan turgan shamol avval uy derazalarini, soʻng eshikni ochib yuborgani, qishloq chillasida yelvizakda qolgan qizaloq, uning opasi, kechga borib isitmalab oʻlib qolganini ham u birinchi marta shu kuni xolasidan eshitdi.

Choy ustidagi suhbatga ora-sira pochcha qoʻshildi.

– U vaqtlar avtobus yoʻq. Taksida Varzikka odam tashiyman. Onangiz ajoyib edi. Mashinamni ovozidan tanirdi. Varzikdan qaytishimda choy damlab, tuxum pishirib berardi. Varzikning yarim odami onangizni choyini ichgan. Ta’ziyasiga ham koʻpchiligi keldi, – pochcha Husanga choy quyib uzatarkan, hikoyasini davom ettirdi. – Oʻsha kezlari ruslar Shakaftordagi oltin konlariga Angrendan temir simyogʻoch tortgan. Asosan nemis asirlarini ishlatishgan. Ozgʻin, oyoqda bazoʻr turgan tutqunlardan biri non soʻrab kelsa, onangiz bir chelak tuxum bilan ikki tandir nonni ulashib yuboribdi. Urush koʻrgan Ulkanboy akam bir gʻijinadi... Norbi rahmatli qishda uzilgan-da...

– Chillaydi, – esladi xolasi. – Nusratjon maktabga chiqqan yil. Kechga qolgan bola tumanda adashib Gʻovasoy yoqalab Yorqishloq tarafga oʻtib ketibdi. Yoʻliga koʻz tutib turgan Norbi shamolda bolasi ovozini eshitib, yupun kiyimi bilan bitta kalishda bolamlab chopavergan. U vaqtlar boʻrilar koʻp boʻlardi. Oʻshandan keyin hafta oʻtib yotib qoldi deb eshitgandik. Unda shahar kasalxonasi yonimizda edi. Bir oqshom pochcham shoshib kirib keldi. «Singlingizni oldiga chiqib turing, men qishloqqa borib kelaman» – dedi. «Piyoda qachon borib kelasiz», deb pochchangizni qoʻshib berdim. Bu kishi mashinani minib keldilar. Men kasalxonaga chopdim. Norbi rahmatli bir burda boʻlib yotibdi. Olov boʻlib yonayapti. Olib borgan ovqatimga qaramadi. Suv soʻradi. Dokani qorda ivitib kelib, peshonasiga bossam, yarq etib koʻzi ochildi. «Opa, – dedi, – agar oʻlguday boʻlsam, bir dam meni yuz tuban yotqizib qoʻying. Ichim zahar bilan toʻlib ketgan. U yoqqa sal poklanib ketay».

Husan sovugan choyini oxiriga qadar xoʻpladi, boʻshagan piyolani kaftida aylantirib oʻynadi.

– Nega unday deb aytgan? – deb soʻradi.

– Pochcham koʻcha odami. Ertalab ishga ketib, kech qaytadi. Dalada yozu qish bir oʻzi siqilib qolgan-da, bolam, – tushuntirdi xolasi. Sizlar yosh. Oʻsha kuni pochcham qishloqqa bu kishi bilan borib qaytganda, Norbi holdan toyib boʻlgandi. Pochchamni koʻrib rozilik soʻradi. «Kunim bitgan koʻrinadi, dadasi, menga bir narsa boʻlsa, Husanboy nimjon, oʻzingiz olib qoling, Fotimani Gʻulkarbi opamga bering, u eplab oladi», – dedi-yu, shilq etib boshi qoʻlimga tushdi. Aytganday qilib, yuz tuban yotqizib qoʻydim. Ichidan rosa bir kosa ayron zardobiday koʻkimtir suv tushdi.

Oraga ogʻir jimlik choʻkdi.

– Fotimani nega ammamga bermagansizlar? – surishtirdi Husan.

– Ayam, oʻgay onam ogʻiz solganda, pochcham yoʻq deyolmadi.

– Oʻynoqlashib shaharga olib borgan-u, oʻligini olib qaytgan deyishadi.

– Shaharga qizinikiga olib kelgan. Uning ikkita tutqanogʻli bolasi bor edi. Fotima kasal bolalar boshida aylanib oʻynayvergan. Ular ahamiyat berishmagan, berishsa ham koʻngillarida nima boʻlgan, Olloh biladi. Meni oldimga olib chiqishganda, bola hali tirik edi. Saodat emizikli. Bor-e dedimu koʻkrak tutdim. Choʻlq-choʻlq emdi, soʻng qusdi-yu, qoʻlimda jon berdi. Dodimni kimga aytaman, bolam.

Husan ortiq toqat qilolmadi. Gapni boshqa mavzuga burdi.

– Bir qishloqqa chiqsangiz boʻlardi.

– Tinchlikmi?

– Ukamni uylantirmoqchiydik.

– Sizday akasi turib-a?!

– Shunga ayamni koʻndiring deyman.

– Obdagul nima deyapti?

– El kuladi deb unamayapti.

– Siz-chi?

– Men uylansam, oʻqishim juvonmarg boʻladi.

– Ketguningizcha boraman.

Eru xotin Husanni kuzatib koʻcha boshiga qadar keldilar.

* * *

Keyin oradan uch oylar oʻtib Husan ukasining toʻyiga keldi.

– Xafamasmisan? – soʻradi ayasi. – Qizim yoʻq, qiz boʻlar deb singlimni qizi¬ni kelin qildim.

– Sizga yoqqan boʻlsa, boʻldi.

Amakilar toʻyboshi, amma-xolalar xizmatda boʻlishdi. Otasining oʻrnini bilintirishmadi. Husan toʻydan keyin koʻrmanasini koʻtarib kelinni koʻrgani kirdi-yu, quruq qaytib chiqdi.

– Shoshmang, – yangasi uni ostonada toʻxtatib ichkariga bosh suqdi. – Hoy, ovsinjon, qaynogʻangiz qaytarkan, toʻqigan roʻmolchalaringizdan bermaysizmi?

Yangasi ichkaridan uzatilgan roʻmolchani yorugʻga solib koʻrdi, rangi oʻzgardi, biroq buni yonidagilarga sezdirmadi.

– Mana inim, keliningiz bergan roʻmolcha. Olib borib doʻppingizni ustiga tashlab qoʻying. Uylanganingizda xotiningizga berasiz, shundayligicha egasiga qaytaradi.

– Xafa boʻlmay ketgin, oʻgʻlim, – ayasi uni naq bekatga qadar kuzatib bordi.

– Qiziqmisiz, aya.

– Endi tez-tez kelib tur, nafaqamni yigʻib turaman.

 Ayasi bilan xayrlashib avtobusga chiqqan Husan boyadan beri kaftida qisib kelayotgan roʻmolchani avtobus derazasidan uloqtirib yengil tortdi.

Sentyabr oxirlarida paxtaga ketishdan oldin ayasidan xabar olgani kelgan Husan uni gʻoyat xomush holda koʻrdi.

– Biron gap oʻtdimi?

– Tanlab-tanlab tozisiga uchradim shekilli, bolam, kelin bir oy turmay ketib qoldi.

– Nimaga?

– Uyimiz eskiymish. Yangisini solib bermagunimizcha kelmasmish.

– Arqonni uzunroq tashlab qoʻyavering-chi, – maslahat berdi u.

* * *

Husan uylandi. Uch yil oʻtsa ham farzand koʻrishmadi.

– Xotiningni doʻxtirlarga koʻrsatgin, – maslahat berdi ayasi.

– Koʻrsatdim, aya, yo bola asrab olinglar, yo ajrashinglar deyishyapti.

– Xotining biladimi?

– Yoʻq.

– Bildirmay yaxshi qipsan. Oʻsha doʻxtirlaring bekorlarni aytibdi. Xotining bolali boʻladi. Tushimda Xoʻjayidod bobo mozorini supirib yuribdi. Sen tilaklik boʻlmasang ham tilaklidan yaxshiroqsan. Bolaligingda seni u yerga olib borib qozon qaynatib kelardik. Endi yana boramiz.

Juma kuni sahar yoʻlga tushdilar. Bir tarafi quyuq daraxtzor, bir tarafi ulkan tepalik boʻlgan mozordagi koʻhna imorat ayvonida oʻtirgan qariya ularni olisdan tanidi.

– Obdagulmisan? – deb soʻradi. – Bolalari katta boʻlib oyogʻini tiyib oldi deb kecha dilimdan oʻtkazgandim. Qizingmi, keliningmi, shayxning mozorini tozalab yuribdi.

– Birga borib shayx mozori tepasiga tizilishdi. Bobo duoga qoʻl ochdi. Boshqalar qoʻshilishdi.

– Buni oldingizga koʻp olib kelganman, buvasi, – gap boshladi ayasi. – Duo qiling, ota, shunga xudoyim qizmi, oʻgʻilmi bir farzand bersin, oʻynoq¬latib oldingizga olib kelaylik.

– Bobo tilovat boshladi. Ovozi mayin, yoqimli edi. Husanning vujudi jimirlab ketdi. Duodan soʻng bobo kampirini yoniga chaqirdi.

– Bor bisotingni koʻr, bu qizingga atagan narsa chiqib qolar.

– Ichkariga kirib ketgan kampir qoʻlida roʻmol va qiz bolaning koʻylakchasi bilan chiqdi. Roʻmolni Saodatning boshiga soldi, koʻylakchani qoʻliga tutqazdi.

– Qizim, bobongni tilaklari beiz ketmaydi. Sandiqqa qoʻlimni tiqsam, ilingani shu boʻldi. Xudo xohlasa, farzandli boʻlasan, boshi qiz boʻladi-yov, qoʻlimga ilinganidan bildim.

* * *

Bir yil oʻtib xotini qiz koʻrdi. Ayasi umri bino boʻlib kasalxona yuzini koʻrmagan, dori xidiga toqat qilolmasdi.

– Yuring, nabirangizni koʻrsatib kelaman, – dedi Husan.

– Ovsinlari yumma talar.

– Sezdirmaymiz, sekin taksida olib borib kelaman.

Shunday qilishdi. Ayasi kelini koʻtarib chiqqan qizaloqni qoʻliga oldi, suydi, soʻng chaqaloqni Hasanning qoʻliga tutqazdi.

– Ol, koʻr, qiz bola otasini bir koʻrishda taniydi.

Kipriklari uzun, qoshlari qop-qora qizaloqning nafas olgani sezilmasdi. Husan choʻginqirab, andak entikish bilan qizini qoʻliga oldi.

– Qarang, – kuldi Saodat. – Qosh-koʻzlari xuddi sizniki.

Qizaloq sergak tortdi, sizmi mening otam deganday unga termuldi, soʻng ohista koʻzlarini yumdi. Saodat mehr bilan eriga qaradi-yu, shivirlaguday qaynonasidan soʻradi:

– Ismini nima qoʻyamiz, oyi? Oʻzingiz tanlab bering.

Ayasi duoga qoʻl ochdi.

– Qiz bergan Xudo oʻgʻilni ham beradi. Farzandning boshi qiz boʻlsa, davlat boʻladi. Iloyo umri bilan bergan boʻlsin. Keyingisi oʻgʻil boʻlsin. Yoʻq demasanglar, Oʻgʻiloy boʻlsin!

Ayasini uyga kuzatgan Husan ishxonasida qoldi. Oqshom uyga sarxush qaytdi. Ayasi oʻchoq boshida kuymalanar, negadir Husanga roʻbaroʻ kelishdan qochardi. Oʻchoq tomon borgan Husan ajabtovur holning ustidan chiqdi. Ayasining yuzi timdalangan, chuqur botgan tirnoq oʻrnida qon qotib qolgandi.

– Qaysi biri?! – qahr bilan soʻradi u.

– Oʻtir, oʻgʻlim, mening oʻgʻlim boʻlsang, jim oʻtir, – yigʻlamsiradi ayasi.

Ayasining gapi tugamasdan ostonada ukasining qorasi koʻrindi. Daladan endi qaytgan, hali etigini yechmagan ukasining fe’li aynigani yuzidan bilinib turardi.

– Akamning xotinini koʻrgani boribsiz-ku, ona, oʻlib-poʻlib qolma¬dingizmi? – dedi u olayib. – Nima qilardingiz borib, xotinga meni tilimni qisib?

– Tilingni tiysang boʻlardi, – Husan uni murosaga boshladi.

– Siz aralashmang, men oʻzimni tuqqan onam bilan gaplashayapman.

– Qizing eshigimda tugʻilganida oʻla-oʻla borardim, tugʻilganini bilmasam, daragini eshitmasam, nima deb boraman? – ayasi oʻzini oqlashga tushdi.

– Koʻru karmidingiz?

– Yoʻqol! Bu yerdan qorangni oʻchir!

Husan gʻazab bilan oʻrnidan turdi-yu, ukasiga qaramay koʻksini ushlagancha kesilgan daraxtday yiqilayotgan ayasi tomon chopdi. Ayasining gap-soʻzlarini yaxshi anglab boʻlmas, oyoq-qoʻli izmiga boʻysunmas edi.

– Qimirlatmanglar, – maslahat berdi Husan olib kelgan doktor. – Bu yogʻi endi Xudodan.

Hafta oʻtmay ayasi ogʻirlashdi.

– Ukangni chaqir, buyurdi akasi Husanga.

U oʻrnidan turgan edi, ayasi etagidan tutib yoniga oʻtkizdi.

Oʻgʻilu kelinlar koʻz urishtirib oldilar.

– Tuzalib olay, oʻzim bilaman, – dedi bazoʻr ayasi, – tuzalmasam, rozi boʻlinglar.

U yana nimadir demoqchi edi, ulgurmadi, soʻnggi soʻzi boʻgʻzida qoldi.

«Sharq yulduzi» jurnalining 2010-yil 1-sonidan olindi.