OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHasan Qudratullayev
Asar nomiBobur – milliy artilleriya asoschisi
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Hasan Qudratullayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 2-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bobur – milliy artilleriya asoschisi
Hasan Qudratullayev

Tarixda oʻtgan harbiy muhorabalar sirlari, armiyani saqlash, tartib bilan ish yuritish, uni yangi aslahalar bilan boyitish tajribalari bugungi yosh askaru zobitlarimizda Vatanga muhabbat, oʻtmishimizdan gʻurur, yangilik yaratishga havas uygʻotishi shubhasiz. Ayniqsa, Amir Temur va Zahiriddin Boburning harbiy mahoratini, ularning yuksak jang tajribalarini imkon qadar oʻrganib, mustaqil yurtimiz mudofaa tarixining ayrim sahifalarini toʻldirish dolzarb vazifalardandir.

Mazkur maqolada biz shu katta mavzuning bir jihati — Zahiriddin Muhammad Boburning milliy artilleriyamiz asoschisi sifatidagi faoliyati haqida soʻz yuritmoqchimiz.

Zahiriddin Bobur Hindistonni tasarrufiga kiritgunga qadar, endi qirq yoshni qoralayotgan pallada yurt olib yurt bergan, muhorabalarda suyagi qotgan, doʻst vafosidan koʻra atrofidagilarning xiyonati, bevafoligidan koʻp ozor chekkan sarkarda edi. Uning yagona maqsadi bobosi Amir Temurning bepoyon saltanatini asrash, koʻpincha oʻzlarining tor manfaatlarini koʻzlab, nizo-janjallar girdobiga tushayotgan taxtparast beklar boshini biriktirish edi.

Bobur Hindistonga yurish qilgunga qadar, avval Movarounnahrda Ahmad Tanbal, keyinchalik Xisravshoh, Shayboniyxon, Buxoro uchun kurashda Abdullaxon bilan jang qilgan, gʻalabalar nashidasini surgan, magʻlubiyatlar alamini tortgan — ulkan muhoraba maktabini oʻtagan. Bobur yuz-yuz ellik ming askar, ayniqsa, ikki mingta jangovar filga (ta’bir joiz boʻlsa, bu fillar oʻsha paytda muhoraba maydonida bugungi tank vazifasini oʻtagan) ega hind sarkardasi Ibrohim Loʻdiy armiyasiga qarshi nisbatan kam sonli lashkar bilan kurashib, gʻalaba qozongan.

Bu janglarda Bobur tufang mavqeiga katta e’tibor beradi. U, birinchi galda, hind, pushtu va balujlarning jang maydonida hali bu aslahaga duch kelishmaganini bilib, undan ruhiy ta’sir vositasi sifatida ham foydalanadi. Kashmir yaqinidagi Bajavr jangida uning tufangchilari shijoat koʻrsatib, gʻanimni tahlikaga solib qoʻyishadi. Bu esa Boburga yanada mukammalroq qurol yaratish gʻoyasini beradi: «Bajavr eli chun tufangni koʻrmaydur edilar, tufang unidin hech parvoe qilmadilar, balki tufang unini eshitgach tamasxur qilib, muqobalada shani’ harakatlar qilurlar edi. Oʻshal kuni Ustod Aliquli besh kishini tufang bila otib yiqdi. Oʻzga tufangandozlar ham tufang otmoqta bisyor jalodat koʻrsatib, yaxshilab ottilar. Kalqondin, jibadin, govsardin oʻtkara-oʻtkara, yiqita-yiqita ottilar. Oqshomgʻacha shoyadkim, yetti-sekkiz-oʻn bajavriy tufang bila yiqildi. Andin soʻngra andoq edikim, tufangning zarbidin bosh chiqara olmaslar edi».

Yuqoridagi parchadan muhorabada tufangchilar yaxshi harakat qilishgani, natijadan Boburning quvongani koʻrinib turibdi. Biroq uning xayoliga tufangdan koʻra murakkabroq aslaha yaratish fikri keladi va izlanadi. U Xuroson va Movarounnahrdagi janglarda «Rum dasturi bila» urush olib borgan. Bu uslubdagi jangda harbiy arobalardan foydalanish koʻzda tutilgan. Shu dasturga Bobur yangilik kiritishga oshiqadi: tufangchilarning jang maydonidagi oʻrnini almashtirib, ulardan oldin yangi ixtirosi boʻlgan arobalarni qoʻyadi. Bu yangilik avvalgi tufangandozlar koʻrsatgan jasoratdan koʻra samaraliroq boʻladi va Boburga yangi izlanishlar eshigini ochadi: «Rum dasturi bila arobalarning orasida zanjir oʻrniga... argʻamchilar eshib, bir-biriga bogʻlaydilar. Har ikki aroba orasida olti-etti toʻra boʻlgʻay. Tufangandozlar bu aroba va toʻralarning keynida turub, tufang otqaylar. Bu asbobning tartibi jihatidin besh-olti kun bu yurtta tavaqquf boʻlduk».

Zahiriddin Bobur harbiy qurolni yanada takomillashtirish, «farangi» otish ustida oʻylay boshlaydi. «Farangi», bugungi ibora bilan aytganda, oʻq otar toʻp boʻlib, birinchi marta Bobur tomonidan hind muhorabasida qoʻllanilgan. Bundan oldin ham bu qurolning odmiroq nusxasidan foydalanilgan. Bobur tufangni takomillashtirish, dushmanning kengroq maydondagi safiga zarba beradigan farangiy qurol yasashga astoydil kirishadi.

Shunday qilib, 1525 yil voqealari bayonidan boshlab, «Boburnoma» sahifalarida Ustod Aliquli — harbiy toʻp yasovchi usta nomi tez-tez keladi: «Ustod Aliquli ham gʻulning oldidin necha qatla yaxshi farangilar otti. Mustafo toʻpchi ham gʻulning soʻl qoʻlidin aroba ustidagi zarbzanlar bila yaxshi zarbzanlar otti». Mazkur parchadagi bir jihatga e’tibor beraylik: Bobur harbiy aslahalari qatoriga endi arobalarga oʻrnatilgan zarbzan qurol ham qoʻshilgan.

Tufang, toʻp, zarbzanlarning dushman askarlarini vahimaga solgani Boburda yangi gʻoyalarni amalga oshirish ishtiyoqini tugʻdiradi va bu ishning ustasi Ustod Aliquli bilan birga mutlaqo yangi qurol — artilleriya aslahasining ilk namunasini yaratishga kirishadi. Boburning bu ishni oxiriga yetkazgunga qadar sabr-bardosh, chidam, uzluksiz izlanish olib borgani gʻoyat ibratlidir.

Hindistondagi Biyana qoʻrgʻonini egallash ancha mushkul kechadi. Qoʻrgʻonning balandligi, ichkariga kirishning mushkulligi bor harbiy imkoniyat bilan uni egallashga yoʻl bermaydi. Shunda Bobur yangi qurolini ma’lum bir joyga oʻrnatib, katta hajmdagi nishon oʻqini uzoqroq masofaga yetkazadigan uskuna ustida ish boshlaydi. Bu gʻoyani Ustod Aliquliga aytib, topshiriq beradi. Qisqa vaqt ichida Ustod Aliquli uskuna majmuasi bilan tayyor boʻlganini bildiradi. Bobur bu aslahaning «qozon quyarining tafarrujiga bordik», deb yozadi. Bunda «qozon» toʻpning poroxxonasi boʻlib, uning chidamliligi, hisob-kitobi (oʻtga dosh berish darajasi, tebranish holati, oʻqni aniq masofa va moʻljalga yetkaza bilishi va boshqalar) aniq boʻlishi lozim edi.

Ustod Aliquli bilan «hammualliflikda» yangi qurol yaratish jarayoni Boburning inson ruhiy kechirmalarining bilimdoni ekanini koʻrsatadiki, «Boburnoma»dagi Ustod Aliqulining holati tasviri bunga misol: «Biyana va ba’zi kirmagan qoʻrgʻonlar maslahatigʻa bir uluq kozon Ustod Aliquligʻa buyurilib erdikim, quygʻay. Oʻra va jami’ masolihini tayyor qilib, manga kishi yibordi. Dushanba kuni muharram oyining oʻn beshida (e’tibor beraylik, Boburning oʻzi ham bu tarixiy voqeaning kunini aniq bermoqda, nazarimizda uning oʻzi ham bu yangilikni tarixiy voqea ekanligini ta’kidlagan boʻlsa ajab emas — H.Q.) Ustod Aliqulining qazon quyarining tafarrujigʻa borduk. Qozon quyar yerning girdida sekkiz qoʻra qilib, olotni eritibtur. Har koʻraning tubidin bir arigʻe bu qozonning qolibigʻa rost qilibtur. Biz borgʻoch, koʻralarning teshuklarini ochti, har arigʻdin erigan olot suvdek sharildob qolibgʻa kirar edi. Bir zamondin qolib toʻlmay, bu koʻralardin kelaturgan erigan olotning kelmogʻi birar-birar munqati’ boʻldi. Koʻrada yo olotta qusure bor ekandur. Ustod Aliquligʻa gʻarib yomon holate boʻldi. Darin edikim, oʻzini qolib ichidagi erigan misqa tashlagʻay. Ustod Aliquligʻa diljoʻylik qilib, xil’at kiydurub, bu infi’oldin chiqarduk».

Mazkur matnning oxirgi jumlasiga e’tibor beraylik: bunda hunarmand mehnatini gʻoyatda qadrlaydigan, qoʻl ostidagilarga adolat va insof bilan hukm chiqaradigan sarkarda Bobur shaxsiyati gavdalanadi. Shuningdek, parchada Boburning buyrugʻiga koʻra, juda mas’uliyatli muhoraba oldidan aniq muddatda yasalib, amalga tatbiq etish lozim boʻlgan aslaha haqida gap ketayotir. Ilk tajriba muvaffaqiyatsiz chiqqan. Shunga qaramasdan, Bobur boshlangan ishining samarasiga ishonadi, Ustod Aliqulini oʻta oʻngʻaysiz holatdan chiqarib, koʻnglini koʻtaradi, hatto in’omlar hadya etadi. Bu oʻz navbatida, Boburning ijodkor shaxsga munosabatini, yangilik yaratish sabr-bardosh talab etishini chuqur anglaganini koʻrsatadi.

Jazo oʻrniga mukofot olgan usta butun qobiliyatini ishga solib, tajribada sinalayotgan toʻpning qusurini topadi va bu xabarni Boburga yetkazishga shoshiladi. «Ustod Aliquli koʻp bashoshat bila kishi yiboribturkim», der ekan, Bobur ustaning toʻpdagi kamchilikni qisqa muddatda aniqlab, yana zudlik bilan bu masaladan lashkarboshini xabardor etishni oʻz burchi deb bilganini ta’kidlaydi: «Bir-ikki kun qolib sovugʻondan soʻng ochtilar. Ustod Aliquli koʻp bashoshat bila kishi yiboribturkim, qozonning tosh uyi bequsurdur (bunda bir masalaga diqqatni qaratish zarur: toʻpni yaratishda uning qozoni — poroxxonasi, nazarimizda, texnik jihatdan eng murakkab muammo boʻlgan koʻrinadiki, Boburning xavotiri ham Aliqulining aslahaning shu nozik qismi butunligidan xursandchiligini shohga yetkazishga shoshgani ham shu bilan izohlanadi — H.Q.). Doruxonasini quymoq osondur. Qozonning tosh uyini chiqarib,jame’ni aning islohigʻa ta’yin qilib, oʻzi qozonning doruxonasini quymoqqa mashgʻul boʻldi».

Xullas, Boburning sabri, ustaning mahorati tez orada yuksak natija beradi: harbiy aslahalari ichida eng qudratli, muhorabalarda dushmanga dahshat soluvchi toʻp yaratiladi: «Yakshanba kuni oyning sekkizida Ustod Aliquli oʻshul uluq qozoni bilakim, quyarda tosh uyi benuqson edi, tosh otarida tavarrujigʻa bordim. Namozi digar bor edi, tosh otti. Ming olti yuz qadam bordi. Ustodga kamar xanjar va xil’at va tupchoq ot in’om boʻldi». Bobur bu oʻrinda ikki masalada oʻzining sinchkovligini namoyon etayotir: birinchidan, u toʻp nishonining masofasini aniq belgilamoqda, chunki bu qurolning asosiy sifat belgisi — oʻq qanchalik uzoqroqqa yetishiga bogʻliq. Ikkinchidan, uning Ustod Aliquliga qilgan in’omi faqat eng katta xizmat koʻrsatgan, e’tiborli kishilarga ataladigan sovgʻa boʻlib, bu ham Boburning mazkur masalaga nechogʻli e’tibor bilan qaraganini koʻrsatib turibdi.

Ustod Aliqulining yutugʻi Boburni qanoatlantirgan, albatta. Ammo u toʻpni yanada takomillashtirish, zarba berish qudrati va oʻqining uchish uzoqligini oshirish ustida bosh qotirgan. Izlanish va tajribalar, avvalgi loyihaga nisbatan natijali boʻlsa-da, nuqsondan holi emas edi. «Yakshanba kuni Ustod Aliquli ulugʻ qozon bila tosh otti (bunda Bobur atay «qozon»ga «ULUGʻ» soʻzini ilova qilmoqda — H.Q.) Agarchi toshi yiroq bordi, vale qazon pora-pora boʻldi. Bir porasi jame’ni bosti. Bu jumladin sekkiz kishi oʻldi». Tajriba chogʻida toʻpning qozonxonasi yorilib, bir parchasigina sakkiz kishining joniga zomin boʻlgan ekan, bu toʻpning kattaligi qancha boʻlgan? Bobur davrida bunchalik issiqbardosh, yuqori darajadagi oʻtga chidamli metallar qaerdan olingan? Bu savollarga beriladigan javoblar milliy armiyamiz tarixiga doir ixtirolar tahliliga bogʻliqki, bu oʻrinda biz turli sohalardagi olimlarimizning javobiga bugungi oʻquvchining chanqoqligini aytishni istar edik.

Xullas, Zahiriddin Bobur masalaga jiddiy qaraydi: toʻp oʻrnatiladigan joy tuprogʻi, tuproqning tarkibi, yerning toʻp zarbiga bardoshliligi, muhoraba maydonining muvofiqligini oʻrganadi va bu ishlar nazoratini bevosita oʻz qoʻliga oladi. Toʻp otishda, tajriba chogʻidagi kabi, fojia takrorlanmasligini istab, bu ishni oʻrganishga mas’ul «muhassislar va beldorlar»dan iborat hay’at tayinlaydi. Ana shu ishlar bajarilib, koʻngli toʻlgandan keyingina boshqa qurol, anjomlarni hozirlashni buyuradi: «Ustod Aliquli tosh otar uchun bir bogʻda yassi yerni ixtiyor qildi. Muhassislar va beldorlar ta’yin boʻldikim, qozon qurari uchun buljor qoʻporgʻaylar. Jami’ cherik eliga farmon boʻldikim, toʻra va shotu va navkari toʻranikim, qal’agirlik asbobidur, tayyor qilgaylar».

Shu oʻrinda bir masalaga diqqatni tortmoqchimiz. Bobur yangi ixtiro qilingan toʻpni jangga hozirlamaguncha egallashi qiyin boʻlgan qoʻrgʻon hujumiga oʻtmagan. «Boburnoma»da Biyana qoʻrgʻonining juda baland, mustahkamligi bir necha marta takror aytilganki, unga qilingan hujumlar zoe ketib, maqsadga erishilmagan. Ancha mukammallashtirilgan toʻpning yaratilganiga ishonch hosil qilganidan soʻng Bobur «qal’agirlik asbob»larini hozirlash vaqti yetganini bildirmoqda. Shundan ham bu aslahaning yaratilishi Boburning Hindistonni oʻz tasarrufiga kiritishida nechogʻli zarur boʻlganini bilish mumkin.

Zahiriddin Bobur Ibrohim Loʻdiyga qarshi muhorabaga juda jiddiy hozirlik koʻradi. Bu uning uchun hayot-mamot jangi edi. «Boburnoma»ning shu jangga oid sahifalarini oʻqir ekanmiz, Boburning muhoraba maydonlarida lashkari joyini belgilashida, askarlarni dushman zarbasidan himoya etib, hisobsiz qirgʻinlarga yoʻl qoʻymaslikda, avvalo, oʻzi yaratgan, takomillashtirishda bosh boʻlgan toʻplarga, toʻpchilar xavfsizligini ta’minlashga diqqat qilganini kuzatamiz. U avval toʻp oʻrnatiladigan maydonni tanlab, toʻpni joylashtirib, keyin muhorabaning boshqa boʻgʻinlariga e’tibor qaratgan: «Ustod Aliqulining farangiy va zarbzan otmogʻini tafarruj qildim. Ushbu kun Ustod Aliquli farangiy toshi bila ikki kemani urub sindurub, gʻarq qildi. Mustafo ham ul yuzdin farangiy toshi bila ikki kema urub sindurub, gʻarq qildi. Ulugʻ qozonni jang joyigʻa eltib, yerini yasamoqqa Mullo Gʻulomni muhassil qoʻyub, bir pora yasavullardin va jald yigitlardin anga koʻmak ta’yin qilib, yonib kelib, oʻrdu toʻgʻrisi bir orolda ma’jun yeduk.»

Bobur Mullo Gʻulom ismli kishiga toʻplarni oʻrnatish ishini nazorat qilishni tayinlab, oʻzi orolchaga borib nafasini rostlar ekan, shu joydan turib toʻpsozlar ishini kuzatadi, zarur topshiriqlarni berib, bu jarayonni bir lahza ham nazaridan chetda qoldirmaydi: «Namozi peshin Ustod qoshidin kishi keldikim, tosh tayyor boʻlubtur, ne farmon boʻlur? Farmon boʻldikim, bu toshni otsun, yana men borgʻuncha yana bir toshni tayyor qilsun».

Bobur oʻzining bu yaratuvchilik faoliyati, ixtirosi natijasini Ibrohim Loʻdiyni butkul tor-mor etganda koʻp eslaydi. U jang maydonidan gʻolib chiqarkan, «bengaliylarning otashbozlik bila shuhrati bor edi», deb hind lashkaridagi harbiy mushak otishlarni oʻzining toʻplari zarbalari bilan qiyoslaydi va bu jarayonni tahlil etib, faxr bilan oʻz tuygʻularini yashirmay shunday yozadi: «Namozi digarda kichkina Bangaliy zavraqqa kirib, moʻljor qoʻporgʻon yerga bordim. Ustod bir navbat ulugʻ tosh otti, yana bir necha farangiy otti. Bangaliylarning otashbozliq bila shuhrati bor edi, bu navbat yaxshi sinaduk, bir yerni chogʻ qilib otmaydurlar, har tavr bila otadurlar».

«Boburnoma»da 1528 yilning oxiridagi voqealar tasvirida Bobur usta nomini avvalgidek Ustod Aliquli deb emas, balki USTOD bilan keltiradi. Bu bejiz emas. Bu, birinchi marta Boburning yuksak bir niyati, orzui — oʻsha davrda mukammal toʻp yaratishni amalga oshirgan mohir qurolsoz ustaga ehtiromi, uning xizmatini qadrlagani boʻlsa, ikkinchidan, ta’kidlaganimizdek, xuddi shu qurol Hindistonda uning gʻalabasini ta’minlashda muhim omillardan biri boʻlgan. Yana bir jihatga e’tiborni qarataylik. «Boburnoma»da muallif quyidagi jumlani keltiradi: «Nodirul-asr Aliquli oʻz ulusi bilan gʻulning oldida edi va miltiq va zarbzan va tosh otmoqqa ishlar qilur edilar». Bunda davr shohi oʻzining mohir hunarmand ustasiga «nodirul-asr», ya’ni asrning nodir kishisi, deb baho bermoqda. Bu Ustod Aliqulining yuksak e’tiborga noil boʻlganini koʻrsatadi. Yana xuddi shu parchadan biz Ustod Aliquli shunchaki ustoz emas, balki Zahiriddin Bobur armiyasida, agar ta’bir joiz boʻlsa, artilleriya bosh qoʻmondoni vazifasini bajargan. Asarda uning barcha oʻqotar, artilleriya qurollariga boshchilik qilganligining guvohi boʻlamiz.

Xullas, biz Zahiriddin Boburning harbiy mahoratiga oid bir jihatni koʻrib chiqishga harakat qildik. Bu bizga buyuk vatandoshimiz umr sahifasining bir pallasiga nazar solish imkonini berdi.