OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHasan Qudratullayev
Asar nomiBobur va Sharq tamadduni
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Hasan Qudratullayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 27-sonidan olindi.
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bobur va Sharq tamadduni
Hasan Qudratullayev

Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» asarini mutolaa qilar ekanmiz, u zamonasining yuksak ijodkori, yangilikka intiluvchi shaxs sifatida qayerda boʻlmasin bunyodkorlik bilan shugʻullanganiga guvoh boʻlamiz. Ayniqsa, Afgʻoniston va Hindistonda amalga oshirgan ishlarining adogʻi yoʻq. Bobur bu oʻlkalarning madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan. Avvalo, davlatchilik va ijtimoiy boshqaruvni qaror toptirishga, obodonchilik ishlarini avj oldirishga, harbiy tuzilmani isloh etish, bu sohaga ham yangiliklar kiritishga intilgan. Oʻzining qisqa, 47 yillik umri hisobsiz jangu jadallarda oʻtgan Bobur davr sultoni, shoh vazifasini ado etib, yana biz avlodlarga bebaho «Aruz risolasi»dek ilmiy asar, she’riy devon, din aqidalariga oid ganjinalar qoldirgan.

Qayerda boʻlmasin, u biror-bir yangilikka qoʻl urishdan oldin bu ish jamiyat va saltanat manfaatiga qanchalik xizmat qilishini har tomonlama oʻylab koʻrgan. Masalan, Hindistonga dastlab kelgan paytida bir ma’budaxonaga kirib, butlarni sindirib bogʻ yaratishga amr beradi va hayal oʻtmay bu harakati yerlik aholi noroziligiga sabab boʻlishini tushunib ishni toʻxtatadi. Farzandlariga maktub va vasiyatlarida diniy, irqiy, ma’naviy qadriyatlarga zid harakatlarni qilmaslik, diniy bagʻrikenglik bilan ish yurgizish zarurligini alohida ta’kidlaydi.

Hindiston ob-havosining diqqinafasligi, toza ichimlik suvining tanqisligi va surunkali yomgʻirlar Movarounnahrning xush havosiga oʻrgangan Bobur uchun juda ogʻir kechadi. Agra shahriga yaqin joyda shinam bir bogʻ yaratishni maqsad etib, u juda koʻp joylarni aylanib chiqadi va botqoqliklar, oʻnqir-choʻnqir yerlardan oʻzga joy topolmagach, nihoyat Juun degan manzilni tanlaydi: «Andoq besafo va xarob yerlar edikim, yuz karohat va noxushluq bila andin ubur ettuk. Bu yerning makruhligʻi ila noxushligʻidin chorbogʻ xayoli xotirdin chiqti. Mundin oʻzga mundoq yovuq yer Agrada chun yoʻq edi, necha kundin soʻng zarur boʻlub, bu yerga — oʻq ilik qoʻyuldi».

Koʻrinib turibdiki, tanlangan bu joy imorat, inshoot qurish uchun uncha muvofiq boʻlmagan. Shunga qaramasdan u jadallik bilan ishni boshlatadi. Muhim tomoni shundaki, Boburning bu bunyodkorligi Hindiston uchun mutlaqo yangilik boʻlib, Movarounnahr sivilizatsiyasi, madaniy qatlamining Hindistonga koʻchganidan dalolat beradi. U yaratgan inshootlar muhandislik fanining barcha talablariga javob beribgina qolmasdan, estetik jihatdan ham, qurilishda ishlatilgan materiallarning muvofiqligi va puxtaligi bilan ham kishini hayratga soladi. Eng muhimi, bu qurilishlarning tarhi, joyi, sathini uning oʻzi tanlagan, loyihasini yaratishga bosh boʻlgan, qurilishni boshqargan, izchil nazorat qilgan: «Ul ulugʻ chohkim, hammom suvi andindur, bunyod boʻldi. Yana bu parcha yerkim, anbaliy daraxtlari va musamman havz andadur, bulardin soʻng ulugʻ havz andadur, bulardin soʻng ulugʻ havz sahne boʻldi. Andin soʻng tosh imorat olidagʻi havz va sahne boʻldi. Andin soʻng «Xilvatxona» bogʻchasi va uylari boʻldi. Andin soʻng hammom boʻldi. Mundoq besafo va besiyoq Hindta tavr tarrohliqlar va siyoqliq bogʻchalar paydo boʻldi».

Matndagi bir jihatga e’tiboringizni qaratmoqchimiz: Bobur oʻzi yaratgan inshootlaridan, Hindistonga olib kirgan sivilizatsiyasidan mamnun boʻlmoqda, yaratgan ansamblning muhandislik xususiyati, chiroyi uning oʻzini ham maftun etmoqda. Bu lahzalar Bobur umr daftarining eng lazzatli damlari boʻlsa ajab emas.

«Boburnoma»dagi koʻplab misollar sivilizatsiyaga oʻta moyil bunyodkor inson — faqat shoh Boburni emas, tom ma’nodagi muhandis Boburni, yaratilayotgan inshootining chinakam jonkuyarini koʻz oldimizda gavdalantiradi. Quyidagi parchadan yaratuvchilik ishidan mamnun, har bir qoʻyilayotgan gʻisht, toshdan hayot zavqini tuygan kishining holatini sezamiz: «Tonglasigʻa buyurulgʻon yerlarni yurub sayr qildim. Yakpora toshda buyurulgʻon kaylador havzning yuzini bir martaba tamom koʻtarmaydurlar edi, buyuruldikim, sangtaroshlar koʻprak kelib, bir martaba, havzning tubini durustroq olsunlarkim, suv quyib, atrofini tarozu qilsa boʻlgʻay. Kech namozi digar havzning bir martaba yuzini tamom oldilar. Buyurdimkim suv toʻldirdilar. Atrofini suv bila tarozu qilib, hamvor qilmoqqa mashgʻul boʻldilar. Bu navbat yana bir obxona buyurdimkim, yerini yakpora toshdin tarosh qilgʻaylar, ichidagi kichik havzni ham yakpora toshdin qozgʻoylar».

Bobur Movarounnahrda, Hindiston va Afgʻonistonda faqat qurilish va obodonchilik bilan shugʻullanmagan, balki tub islohot ishlarini ham olib borgan.

XV — XVI asrda, undan oldin ham savdo-sotiq munosabatlari, davlatlararo bordi-keldilarning xavfsizligini ta’minlash eng katta muammo, xarajattalab masala hisoblangan. Karvon yoʻllari qulay yurtning iqtisodiy ahvoli yaxshi, xalqining tinchligi barqaror boʻlgan. Aytish joizki, Amir Temur saltanatida bu mezon oʻrniga qoʻyilgan, biroq Sohibqiron vafotidan keyin uning qalamravidan chet yerlarda qaroqchilik hollari uchrab turgan. Ana shu masalani tubdan isloh qilish, tasarrufidagi yerlarda osoyishtalikni saqlash uchun Bobur Kobul — Ningnahor yoʻlining xavfsizligini ta’minlashni asosiy vazifa deb biladi. Keyinchalik bu ishni butun Hindiston hududida ham joriy etadi. «Bu orada ma’mura yoʻq edi», deydi Bobur. Demak, Kobul — Ningnahor yoʻlining joʻgʻrofiy sharoiti qiyinligi boshboshdoqlikka sabab boʻlgan. Shu yoʻlning eng ogʻir qismida tartib oʻrnatganini, osoyishtalikni qaror toptirganini inobatga olsak, Boburning sa’y-harakatlari nechogʻli ulkan ijtimoiy-siyosiy ahamiyat kasb etganini koʻramiz: «Kobuldin sharq sari oʻn uch yigʻoch yoʻldur. Ningnahor bila Kobul orasi asru qattiq yomon yoʻldur. Uch-toʻrt yerda kichikrak-kichikrak koʻtallari, ikki-uch yerda tangilari bor. Xiridji va jami’ quttout-tariq afgʻonlardur. Bu yoʻlni ururlar edi. Bu orada ma’mura yoʻq edi. Qoʻriqsoyning oyogʻi Qoratuni men ma’mura qildurdim. Bu jihatdin yer emin boʻldi».

Afgʻonistonning Gʻaznisi mamlakatning yirik viloyatlaridan boʻlib, unda tarixiy obidalar, islomgacha boʻlgan Budda madaniy yodgorliklari talaygina. Jumladan, sulton Mahmud Gʻaznaviy maqbarasi, gʻaznaviylar saroyi qoldiqlari hozirgacha saqlangan. Shu bilan birga, bu yerda Mahmud Gʻaznaviy farmoni bilan katta suv toʻgʻoni qurilgan. Toʻgʻon Chingizxon istilosi davrida buzib tashlangan. Zahiriddin Bobur Gʻaznida boʻlganida bu toʻgʻonning holatini koʻrib, uni qayta qurishga amr beradi: «Sulton (Mahmud) zamonida uch toʻrt band bor ekandur, bir band ushbu Gʻazni suyida, Gʻaznidin shimol sari uch yogʻoch suv yuqqori Sulton bir ulugʻ bande solibtur, bu bandning balandligʻi qirq-ellik qari boʻlgʻay, uzunligi taxminan uch yuz qari boʻlgʻay, suvni anda zahira qilib, baqadri ehtiyoj ekinga suv ocharlar erkandur... Hindustonni fath qilgʻon yil bu bandni yasamoq uchun Xoja Kalondin yarmoq yiborildi. Tengri inoyatidin umid borkim, bu band obodon boʻlgʻay».

Kamina bir necha yil Afgʻonistonda, jumladan, Gʻaznida ham boʻldim. U yerdagi kishilar bilan suhbatlarimizda yerli aholi Bobur davrida ana shu toʻgʻonda jiddiy ta’mir ishlari olib borilganini, shundan soʻng oʻnlab yillar davomida qaqrab yotgan yerlarga suv chiqqanini gapirib berdilar. Hatto biz borib koʻrgan bandi Sultonning qaysi qismi oʻsha davrda Bobur amri bilan ta’mirlanganini mahalliy muhandis bizga aniq koʻrsatdi. Bu oddiy xalqning Boburga ehtiromi ramzi edi.

Hindistonni tasarrufiga kiritgan Bobur, birinchi galda, bu yurtning arxitekturasiga, obidalari, butxona va muqaddas binolariga e’tiborini qaratadi, uni Movarounnahr va Xuroson obidalari bilan chogʻishtiradi, ijobiy tomonlarini zikr etish bilan birga ularga tanqidiy yondoshadi. Xususan, Gvaliyardagi imoratlar bilan qiziqib, ichiga kirib tomosha qiladi: «Man Singning va Bikramajitning imoratlarini tamom yurub, sayr qildim, gʻarib imoratlardur. Agarchi boʻluk-boʻluk va besiyoqdur, tamom sangi taroshidadindur. Agarchi hindustoniy takalluflar qilibturlar, vale behavoroq yerlardur».

Boburga Hind arxitekturasi hamma vaqt ham ma’qul boʻlmagan. Shu bois, u Hindistonda oʻz yurti Movarounnahrni eslatib turadigan koshonalarni yaratishga kirishadi, ularni qurishga amr beradi. Ushbu misol fikrimizga dalildir. Rahimdod ismli shaxs hind elida qurgan «kichikroq tolorgʻina» — kichik ayvon va bogʻcha Boburga oʻzi tugʻilib oʻsgan Movarounnahrni eslatadi. Zero, bu imorat aynan Bikramajitning besoʻnaqay imoratlarining yonginasida, goʻyo taqqoslash uchun bunyod etilgandek: «...Ushbu ulugʻ gumbazning ustida Rahimdod bir kichikrak tolorgʻina qilibtur. Rahimdod ushbu Bikramajitning imoratlarida oʻlturubtur. Bu imoratlarni sayr qilib, otlanib Rahimdod solgʻon madrasani kezib, qoʻrgʻonning janubiy tarafida bir uluq havzning yoqasida Rahimdod solgʻon bogʻchani tafarruj qilib, kech oʻrdu tushgan chorboqqa kelduk. Bu bogʻchada xeyli gullar tikibtur. Xushrang qizil kaneyr bogʻchada xeyli bor. Bu yerlarning kaneyri qip-qizil xushrang kaneyrlardur. Bir pora qizil kaneyrni Gvaleyardin Agra bogʻlariga kelturub ektirdum».

Bobur Hindistonni oʻz tasarrufiga kiritgach, birinchi navbatda, Xuroson, Afgʻoniston va Movarounnahr bilan aloqani tiklash, ma’lumot va xabarlarni imkon qadar tezlikda yetkazishni oʻylaydi, aloqa xizmatini yoʻlga qoʻyishga jazm etadi. «Boburnoma»da oʻqiymiz: «Har toʻqqiz kuruh manor qoʻporgʻaylarkim, manorning balandligʻi oʻn ikki qari boʻlgʻay. Ustida bir chordara qoʻporgʻaylar. Har oʻn sekkiz kuruhda olti yom oti bogʻlagʻaylar. Yomchi va sayisgʻa ulufa va otlargʻa aliq ta’yin boʻlgʻay. Andoq farmon boʻldikim, bu yom oti bogʻlatur yer agar bir xolisagʻa yovuq boʻlsa, bu mazkur boʻlgʻonlarni andin saranjom qilsunlar, yoʻq ersa, har bekning parganasiga voqi’ boʻlsa aning uhdasiga qilsunlar. Ushbu kun Chaqmoq bila Shohiy Agradin chiqtilar. Bu kuruhlarni mil bila muvofiq ta’yin qilildi».

Yuqoridagi parchadan Boburning Sharqda mavjud boʻlmagan aloqa tizimini ishlab chiqqanini koʻramiz. Bunda oʻsha davrdayoq aloqaning barcha jihatlari: ma’lum masofada qancha va qaysi sifatdagi otlar bogʻlanib, parvarishlanishi, ularning ozuqasi, otboqarlar, ularga sarflanadigan sarf-xarajatlar miqdori nazarda tutilgan. Xarajatlar Boburning hukmronligi ostidagi hududda boʻlsa oʻsha joyning beklari hisobidan, agar oʻzga hududda boʻlsa haq toʻlash yoʻli bilan amalga oshirilishigacha inobatga olingan.

Oʻsha davrda uzoq masofa asosan «kuruh» oʻlchovi bilan belgilangan. Bobur Hindistondaligi bois «bu kuruhlarni mil bila muvofiq ta’yin qilildi», deydi. Shuning oʻzi ham mahalliy sharoitga moslashish, u yerda qabul qilingan umumiy oʻlchovlardan foydalanish — zulm orqali oʻz tartibini oʻrnatmaslik siyosatini olib borgan Boburning oliyhimmatligidan dalolat beradi.

Bobur tomonidan Hindistonda masofani oʻlchash, xazina miqdorini belgilashda qulay, oʻziga xos arifmetik atama va hisoblash uslubi yangilik sifatida kiritilgan, jang taktikasiga oid koʻplab atamalar joriy etilganki, bularning barchasini oʻrganish bugungi avlodlarni qadim ma’naviyatimiz yutuqlaridan xabardor etadi, ularda yuksak iftixor hissini uygʻotadi. Masalan, Bobur Afgʻonistonda oʻz saltanatini barqaror etarkan, askarlarga amr va farmonlarni aniq, mazmunli yetib borishi uchun juda koʻp afgʻoncha, arabcha amr soʻzlarini turkchaga oʻzgartiradi. Buni Boburning oʻzi katta bunyodkorlik deb biladi. Bugungi armiyamizda ham ularni qoʻllay boshlashimizni mustaqillik yillaridagi qadriyatlarimizga yuksak ehtirom sifatida qabul qilish mumkin.

Zahiriddin Bobur Hindistonda Movarounnahrni eslatuvchi har qanday yangilikka astoydil qoʻl urgan, uni amalga oshirishga harakat qilgan. Bu ishlarni uning oddiy havasi, desak yanglishamiz. Ular Vatanga boʻlgan yuksak ehtiromning, muhimi, kelajakka umid bilan qarab ish tutishning Bobur qalbida hamisha gʻolib boʻlganini koʻrsatadi. Quyidagi misolga nazar solaylik: u Movarounnahrda oʻsadigan, biroq Hindistonda boʻlmagan daraxt, poliz va bogʻdorchilikka oid nabototni yangilik sifatida joriy etib, xursand boʻlganini oshkora bayon etadi, bu yutuqlarni intilishlarining mevasi deb biladi: «Balxiy polizkorni qovun ekkali qoʻyulub edi. Bir necha qovun saxlagʻon ekandur, kelturdi. Xeyli yaxshigʻina qovunlar edi. Bir ikki buta tok «Hasht behisht» bogʻida ekturub edim, aning ham yaxshigʻina uzumlari boʻlub edi. Shayx Guran ham bir sabad uzum yiborib edi, yomon emas edi. Hindustonda qovun, uzumning muncha boʻluridin filjumla xursandligʻe boʻldi».

Humoyunga yozgan maktubida Boburning naqadar bagʻrikeng bunyodkor shohligiga guvoh boʻlamiz. Hindistonda turib yozgan bu maktubida u oʻzining juda keng saltanatiga bir xilda qaragan: bunyodkorlik ishlari xoh Movarounnahr, xoh Xuroson va Afgʻoniston yoki Hindiston oʻlkasida boʻlsin, ularning barchasiga Bobur bir xilda qaygʻurgan. Maktubni Bobur umrining oxirlarida, surunkali betob paytida yozganini eslasak, shu holatda ham uning yurak dardi, saltanat shuhrati va obodonchilik uchun kuyib-yonganini koʻramiz: «Korvonsaro va hammomlarning marammati, yana arkta Ustod Hasan Ali qilgʻon pishiq xisht bila nimkora imoratning itmomi, bu imoratni Ustod Sulton Muhammad bila mashvarat qilib, munosib tarh bila buyurulsun. Agar Ustod Hasan Ali tortqon burungʻi tarh bordur, xud oʻshandoq — oʻq tamom qilsun, yoʻq ersa, ittifoq bila bir shirin tarxliq imorat solsun. Andoqkim, sahni devonxona sahni bila barobar boʻlgʻay. Yana Xurd Kobulning bandikim, tangining Xurd Kobul sari chiqarida Buthoq suyigʻa bogʻlagʻuluqtur. Yana Gʻaznining bandining marammati, yana Bogʻi Xiyobon va xiyobon. Yana bu bogʻning suyi ozdur, munga bir tegirmon suyi sotqun olib, kelturmak kerak. Yana Xoja Bastaning gʻarbi-janub tarafida Tutum dara suvini bir pushta ustiga kelturub, havz qilib, nihollar tikturub edim...».

Xullas, barcha zamonlarda bunyodkorlik e’zozlangan. Qurilgan muhtasham imoratlar, ravon yoʻllar asrlar oʻtib oʻsha davr sarvarining ezgu niyatlari, chekkan tashvishlar va orzu umidlaridan dalolat berib turgan, insoniyat tomonidan qadrlangan Zahiriddin Bobur, shubhasiz, shunday yuksak ardoqqa loyiq. Uning bunyodkorligi hayot paytidayoq unga mislsiz shuhrat keltirgan edi. Bugungi kunda esa, bu ezgu ishlari yanada salobat, koʻrkamlik kasb etib, Sharq tamaddunining iftixoriga aylandi.