OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHaynrih Hayne
Asar nomiYoshlik iztiroblari (she’rlar)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Olmon adabiyoti
Boʻlimlar
   - Romantizm
Mualliflar
   - Haynrih Hayne
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
NashriyotҒафур Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти, Тошкент
TarjimonАбдулла Шер (Олмончадан)
Hajm60KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/05/2
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Annotatsiya
«Ёшлик изтироблари» — буюк олмон шоири Ҳайнрих Ҳайнени (1797—1836) дунёга танитган «Қўшиқлар китоби»нинг биринчи қисми. Ундаги шеърлар ва балладаларда инсоний дардлар, ошиқона эҳтирослар, сурурий шиддат, латиф мутоибалар гўзал шаклларда, фақат Ҳайнегагина хос бўлган кучли бадиий воситаларда ўз ифодасини топган. Таниқли шоир Абдулла Шер томонидан аслиятдан амалга оширилган таржимада айнан мана шу хусусият ва фазилатлар сақлаб қолинган. Шунингдек, китобдан Ҳайне ижодининг кейинги даврига тааллуқли «Зерафина» туркуми ҳам ўрин олган.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Yoshlik iztiroblari (she’rlar)
Haynrih Hayne

Roʻyolar

1

Tushlarda yondirdi meni qilib tang,
Ehtiros, zarkokil, gullar, shoʻx koʻzlar,
Bol labdan otilgan ul achchiq soʻzlar,
Alamli qoʻshiqlar, qaygʻuli ohang.
Ul tushlar bugun yoʻq, tortmishlar xira
Surati yodimda hatto oʻngigan!
Va lekin oʻshanda she’rga singigan
Ehtiros olovi oʻchmagay sira.
Ey yetim qoʻshigʻim! Sen qolding faqat,
Bor endi ul goʻzal roʻyo izidan,
Roʻyoviy goʻzalning oʻpib yuzidan,
Roʻyoviy salomim yetkaz shu fursat!

2

Men tush koʻrdim, dahshatli bir tush,
Ham qoʻrqitar, ham aylar sarhush.
Ul dahshatli manzara hamon
Yuragimni titratar yomon.
Ajib bogʻda yurar emishman,
Faqat quvonch tuyar emishman.
Menga boqib hatto chechaklar
Qutlar emish aytib ertaklar.
Kuylar emish qushlar ham quvnoq
Bir yoqimli navoni yangroq
Quyosh zarrin yogʻdu socharmish.
Atirgullar gʻuncha ocharmish.
Koʻkatlarda huzurbaxsh nafas,
Xushboʻy yellar bir zum ham tinmas.
Bari xandon, bari charaqlar,
Maftun qilib dilni, yaraqlar.
Oʻrtasida gulzorning, lekin,
Marmar hovuz mavjlanar sekin,
Bir chetida koʻrdim hovuzning
Xush qaddini kir chaygan qizning.
Yuzi mayin, nigohi mayin,
Tillolanar sochi on sayin.
Roʻparamda boʻlmishdi paydo
Ham notanish, ham tanish barno.
Kir chayardi goʻzal shoshilib,
Bir gʻalati xirgoyi qilpb:
«Oqib-oqib, oppoq suv,
Oq surpimni oppoq yuv!»
Yaqinlashib ul qizga shu payt
Savol berdim: «Ey nozanin, ayt,
Ayt-chi menga, buning sirini —
Chaymoqdasan kimning kirini?»
Darhol dedi: «Tayyor turgil sen,
Kafaningni chaymoqdaman men».
Chiqar-chiqmas ogʻzidan shu soʻz
Gʻoyib boʻldi hammasi izsiz.
Yana chorlar sehrli makon,
Koʻz oldimda yovvoyi oʻrmon:
Daraxtlari osmonni boʻylar,
Meni qurshar cheki yoʻq oʻylar.
Nogoh yangrab aksi sadosi
Kelar olis bolta ovozi;
Quloq tutib oʻsha tomonga,
Men singaman qora oʻrmonga.
Unda koʻm-koʻk yalanglik aro
Ulkan eman boʻy choʻzmish tanho.
Boq! Oʻsha qiz aylanar uni,
Va kesishga shaylanar uni.
Bir me’yorda soʻng urar bolta
U xirgoyi qilgapi holda:
«Oʻtkir boltam, keskirsan,
Tezroqqina kesgin san!»
Yaqinlashpb ul qizga shu payt
Savol berdim: «Ey nozanin, ayt,
Ayt-chi menga, shoshib kim uchun
Eman sandiq yasaysan bugun?»
Darhol dedi: «Vaqt ziq, bilgin sen
Tobutingni yasayapman men».
Chiqar-chiqmas ogʻzidan shu soʻz
Gʻoyib boʻldi hammasi izsiz.
Oʻngga boqdim, soʻlga boqdim gʻash,
Atrofimda ship-pshydam bir dasht.
Ne qilishni men shoʻrlik bilmay,
Turib qoldim qoqqan qoziqday.
Tavakkal deb, soʻng, olgʻa yurdim,
Olislarda oq narsa koʻrdim.
Yaqin borib, hayhot, qoldim lol:
Oʻsha qizni tanidim darhol.
Dasht chetida kimgadir ilhaq.
Belkurakda kovlarda xandaq.
Yurak yutib boqdim yuziga, —
Dahshatlarning suluv qiziga.
Yer kovlardi suluv shoshilib
Bir gʻalati xirgoyi qilib:
«Belkuragim, sensan zoʻr,
Kovlab bergin katta goʻr!»
Yaqinlashib ul qizga shu aayt
Savol berdim: «Ey nozanin, ayt,
Ayt-chi menga, bu nima demak?
Dasht ichida xandaq ne kerak?»
Darhol dedi: «Sekinroq gapir,
Qaziyapman sen uchun qabr».
Shu soʻzlarni aytar-aytmas qiz
Ulkan chuqur ochdi-ku ogʻiz.
Ul xandaqqa quladim nogoh.
Vujudimni muzlatdi titroq;
Meni quchdi sovuq zimiston,
Bir qichqirib uygʻondim shu on.

3

Oʻzimni tushimda qoʻribman oʻzim,
Egnimda oq koʻylak, ipakli libos,
Kattakon bazmga kiribman noxos,
Suyukli yorimga tushibdi koʻzim.
«Kelin hali sizmi, — debman — gulyuzim
Chin dildan qutlayman, yarashibdi, soz!»
Goʻyo yuguribdi jismimga ayoz
Jaranglab chiqsa-da, garchand, har soʻzim.
Alamli koʻz yoshlar toʻkmish shunda jim
Suyukli qaroqlar yerga tikilib.
Tomchida qolibdi qalqqan suratim.
Oh, mayin qaroqlar, muloyim nigoh,
Doim-ku aldaysiz qalbimni tilib,
Sizga ishonaman tushda ham, evoh!

4

Tushimda kichkina, baqaloq odam
Soxta bir xiromda yurarmish sipo,
Koʻylagi top-toza, chiroyli, ammo
Yuragi qora-yu, oʻzi muttaham.
Yuragi qora-yu, ochkoʻz, bekaram,
Garchand bir qarashda oqil, purma’no;
Aslida qoʻrqogʻ-u, oʻta behayo,
Garchandki mardlikdan loflar ursa ham.
«Yaxshilab qara-chi! Bildingmi u kim?»
Deya tush ma’budi koʻrsatdi — men jim
Sehrli koʻzguga tikildim giryon:
Baqaloq turardi mehrob qoshida
Yonida kashishga yorim derdi: «Ha!»
«Omin!» deb kulardi ming-minglab shayton!

5

Nega chopar qonim quturib?
Nega yonar yurak joʻsh urib?
Tinim bilmay gupuradi qon,
Yonishlardan yuragim bejon.
Bunga sabab dahshatli bir tush,
Shundan erur qondagi xuruj:
Qora oʻgʻli tunning kelibdi,
Tezda olib meni yelibdi.
Koʻrganmishmiz charogʻon bir uy,
Unda chiltor, maishatu kuy.
Bir yon qandil, bir yonda mash’al,
Meni tortmish yasatilgan zal.
Toʻy borarmish unda fusunkor,
Ahli mehmon yayrar baxtiyor.
Toʻrga boqdim men titrab-qaqshab:
Kelin edi sevgilim, yo rab!
Mening yorim — goʻzal kelinchak,
Kuyov edi unga yot erkak.
Ikkisi ham purviqor, quvnoq,
Men qotmishdim, rangim boʻrday oq.
Sozlar yangrar, yangrar shoʻx kulgu,
Bu quvonchdan bir menda qaygʻu.
Kelin yashnab, yonardi lov-lov,
Uning qoʻlin qisardi kuyov.
Kuyov, mana, qadah toʻldirar,
Bitta hoʻplab, kelinga berar.
Kelin hoʻplab jilmayadi shod —
U qonimni ichardi, hayhot!
Naqsh olmani olib bir mahal
Kuyoviga uzatar goʻzal.
Kuyov kesar, labida kulgu, —
Yuragimni kesar edi u.
Bir-biriga, yongancha lov-lov,
Tikiladi kslinu kuyov,
Mana, oʻpar kuyov kelinni —
Sovuq oʻlim oʻpadi meni.
Ogʻzim toʻla qoʻrgʻoshin goʻyo,
Aytolmayman biror soʻz hatto.
Navbat yetdi raqsga ham darrov,
Birinchi juft — kelinu kuyov.
Lol qotmishman men hushim uchib,
Ular oʻynar bir-birin quchib;
Shivirlaydi kuyov shu nafas,
Qizararu kelin, indamas.

6

Sokin tunda shirin tush aro
Sehru jodu ila, gʻolibo,
Kirib keldi xonamga yorim,
Suyukligim, tengsiz dildorim.
Men toʻymayman — qanday goʻzal u!
Men toʻymayman — labida kulgu!
Kulgusidan oʻsaru koʻngil,
Bulbul boʻlib sayray boshlar til:
«Ne istasang ayamayman, ol,
Tuni boʻyi faqat shunda qol,
Meniki boʻl, quchgil, dilnavoz,
Qichqirgunga qadar to xoʻroz!»
U boqardi, ma’yus, mehribon,
Bor ishqini aylab armugʻon.
Tovshi ketmas qulogʻimdan hech:
«Meni desang — oxiratdan kech!»
«Baxsh etayin jonu zarimni,
Yosh umrimni, yoʻgʻu borimni,
Hammasini baxsh etay, ammo
Oxiratdan kechmayman aslo!»
Soʻzim qat’iy, ovozim yangroq,
Mayinlashar nigohim biroq.
Shu sas ketmas qulogʻimdan hech:
«Meni desang — oxiratdan kech!»
Qulogʻimga har soʻz quyilar,
Qalb yongandek goʻyo tuyular:
Haroratdan men boʻlib lohas,
Zoʻrgʻa-zoʻrgʻa olardim nafas.
Atrofimda sochib zarrin nur
Uchar edi ne-ne malak, hur,
Lekin birdan, boq, shaytonu jin
Malaklarga boshladi hujum.
Malaklarni quvib ketdilar,
Malaklarni magʻlub etdilar;
Yovuz kuchlar soʻngra juda tez
Singib ketdi zulmatga beiz.
Men-chi, yana lazzat qoʻynida,
Yana qoʻlim yorning boʻynida,
U koʻksimga choʻchib egar bosh,
Ammo toʻkar koʻzdan achchiq yosh.
Bilarmishman yosh sababini,
Oʻparmishman gʻuncha labini:
«Bas qil, gulim, yigʻlama, bas qil!
Muhabbatim taftini his qil!
Muhabbatim taftini his qil!» —
Qonim muzlab birdan qotdi til:
Va yorilib gulduradi qa’r,
Koʻz oldimda paydo boʻldi jar.
Qop-qorongʻu ul jardan nogoh
Insu jinslar uchib chiqib, oh,
Sevgilimni olib ketdilar;
Men turardim tanhoyu besar.
Bir yovvoyi raqs ila, qora, —
Yovuz ruhlar oʻrar tobora,
Qisib kelar tegramdan ular
Va hammasi qah-qahlab kular.
Qisib kelar, mendan uchar hush,
Qulogʻimda dahshatli tovush:
«Sendan boʻlmas oxirat endi,
Biznikisan to abad endi!»

7

Toʻliq tovoi toʻladim-ku, nechun bu paysal?
Qonli hamroh, yana neni kutasan mahtal?
Xonamdaman, kutmoqdaman qanchadan buyon,
Hatto tun ham yarimladi, kelin yoʻq hamon.
Qabristondan shamol esdi ohista shu payt,
Shamolginam! Qayligʻimni koʻrgandirsan, ayt?
Paydo boʻlib bir toʻp arvoh oppoq kafanda,
Tirjayishib bosh silkitar menga deya: «Ha!»
Ne xabar bor, qani menga aytgin-chi darrov,
Alangadan libos kiygan, ey qora naynov?
«Ajdarlari oʻt pusqurgan harir foytunda
Xoʻjayinlar hozir boʻlgay sal oʻtmay shunda».
Sen-chi, kulrang libos kiygan mitti baqaloq,
Ne gaping bor, aytgil menga, tinglayin bu choq.
U indamay bir zum menga tikilar zimdan,
Soʻng boshini chayqagancha yitar koʻzimdan.
Paxmoq doʻstim gʻingshib-gʻingshib vovullar muncha?
Qora mushuk koʻzi, yo rab, lovullar muncha?
Sochin yulib nechun dodlar ayollar purgʻam?
Alla aytar boshim uzra nechun enagam?
Enagajon, bu allangni yigʻishtir bugun,
Oʻzga hayot boshlanadi bugun men uchun.
Enagajon, bugun mening toʻyim boʻlmoqda,
Bir qaragin, mehmonlarga uyim toʻlmoqda.
Bir qaragin! Bular kabi sertavoze’ kam!
Qoʻlga olmish shlyapaga qoʻshib boshni ham.
Oyoqlari hilviragan sirtmoqdagilar,
Shamol yoʻq-ku, kechikdingiz nega bu safar?
Yalmogʻiz ham supurgida keldi, tasanno,
Fotiha ber, bu oʻgʻlingga, yalmogʻiz momo!
Ochildiyu ohaknusxa yuzdagi ogʻiz;
«Abadiy qol! Omin!» — dedi momom yalmogʻiz.
Qiltiragan sozandalar — oʻn ikki nafar,
Koʻr gʻijjakchi ayol ortda tez-tez qoqilar;
Chaqa qilib qoq suyakdan bechora chovni,
Masxaraboz kelar minib ozgʻin goʻrkovni.
Boq, oʻn ikki rohiba ham raqs tushib qolar
Boq, qoʻshmachi gʻilay xotin ularga rahbar.
Shahvatparast oʻn ikki pop kelar hay-huylab,
Bir uyatsiz ashulani cherkovcha kuylab.
Eskifurush! Oqarmasin rangingiz, doʻstim,
Nechun menga jahannamda moʻynali poʻstin?!
To abadiy unda issiq tekinu toʻkin,
Shodu gado gunohkorga yetarli oʻrin.
Uchib kelar bukri, qiyshiq gulchi qizlar ham,
Xonam ichra boshi bilan yurishar shaxdam.
Shoshilasiz muncha, ahli chigirtkaoyoq,
Qovurgʻangiz shaqillatmang, bas qiling shu choq!
Qochib chiqmish goʻyo bu tun doʻzaxdagilar,
Borgan sari koʻpayishar, uvlab baqirar.
Doʻzax val'si yangrar, mana, jim boʻling bir pas,
Goʻzal yorim yetib kelgay, demak, shu nafas.
Jim boʻlinglar, ey arvohlar, yoʻqoling yoki!
Eshitmayman oʻz soʻzimni oʻzim hattoki.
Toʻxtagandek boʻldi foytun, qara-chi, oqsoch,
Qayoqdasan? Mehmonlarga darvozani och.
Xush kelibsan! Chekmadingmi, jonim, koʻp zahmat?
Xush kelibsiz kashish ota, oʻting, marhamat!
Parvo qilmay dumingizu tuyogʻingizga,
Otaxonim, men oʻzimni baxsh etdim sizga!
Suyukligim, nechun lolsan, buncha ranging oq?
Kashish ota nikohlaydi bizni hoziroq.
Unga, axir, men toʻladim qon ila tovon, —
Sening vasling oldida u hech gapmas, inon.
Tizza choʻkkin, diloromim, yonimga tezroq,
Tizza bukdi, asta choʻkdi — qanday baxtli choq!
U koʻksimga — qoqchorakka boshini qoʻydi.
Men quchdim-u, qalbim goʻyo bir olov tuydi.
Tilla kokil har yonimdan meni oʻrardi,
Yor yuragi qoq yuragim uzra urardi.
Ham quvonchu ham dard ila tepardi ular,
Intilardi Arshi a’lo tomon baravar.
Suzib borar bir oromda, arib gʻamlari
Tangri taxti maqom tutgay yuksaklik sari;
Ammo bunda faqat dasht, faqat alanga,
Doʻzax oʻti oʻrlay boshlar oyoqdan tanga.
Qora tunning yovuz oʻgʻli, boq, shu tariqa —
Tund tikilib bizga berar qora fotiha.
Donli kitob tutganicha turar — na dahshat!
Ibodati shakkoklikdir, soʻzlari — la’nat.
Chor atrofda qichqirigʻu faryodu hushtak,
Guvlagandek goʻyo dolgʻa, goʻyo guldurak.
Shunda nogoh yarq etadi bir yogʻdu — tamom!
«Abadiy qol! Omin!» — deydi yalmogʻiz momom.

8

Men bekam uyidan ketdim bosh olib,
Koʻz yetgan tomonga, tunda yoʻl solib.
Qabriston yonidan oʻtarkan, lekin,
Nimadir qabr uzra imladi sekin.
Qarasam sozanda chorlar qaltirab,
Toʻlin oy nurida oppoq, yaltirab:
«Birodar, beri kel!» deb shivirladi,
Qabr uzra, soʻng, tussiz bugʻdoy oʻrladi.
Sozanda edi u bir payt qadrdon,
Oʻz qabri ustida choʻkmishdi bu on.
Цitrapi qoʻliga oldi-yu darhol,
Qoʻshigʻin boshladi boʻgʻilib xiyol:
«Boshla sozim qadim qoʻshiqni,
Undan yonsin qalbi oshiqning.
Torlaringda muncha alamlar?
Malaklar der: jannat sharobi,
Shayton deydi: doʻzax azobi,
Ishq deb atar uni odamlar».
Tugashi bilanoq qoʻshiqning soʻzi,
Qabrlar ochildi oʻzidan-oʻzi.
Arvohlar yigʻilib qoldiyu bir qur,
Sozanda atrofin oʻrab, boʻldi joʻr:
«Oh, ishq! Bizni qildingu majnun,
Bu yotoqqa keltirding u kun,
Koʻzni bogʻlab, aylading zabun —
Senmi yana chorlagan bu tun?»
Hammasi irgʻishlar choʻng davra olib,
Qiyqirib, uvillab, uvvoslar solib;
Sozanda atrofin tobora oʻrar,
Sozanda torlarga yana qoʻl urar:
«Davra oling, yashang, yashang!
Xush kelibsiz!
Tez yelibsiz
Chorlovimga — oʻyin boshlang!
Biz qancha payt berkindik lol,
Inimizda sichqon misol.
Bir yayraylpk bugun doʻstlar,
Lekin bizni
Kuzatmasmi sinchkov koʻzlar?
Shoʻxlik qilib hayotda koʻp
Shov-shuv soldik behuda xoʻp,
Muhabbat deb kechdik jondan.
Har biringiz bugun kuylab
Tarixingiz boring soʻylab:
Bir payt nechun, ayting, nechun
Baxti qora,
Qalbi qora
Bu Maskanga tutdi nigun?
Oʻrtaga chiqaru qiltiriq arvoh,
Soʻzini boshlaydi gʻoʻngʻillab nogoh:
Xalfa edim, abjir edim
Nina bilan, qaychi bilan;
Yerdan koʻkka sanchir edim
Nina bilan, qaychi bilan;
Ustam qizi bir kun koʻrdi
Nina bilan, qaychi bilan;
Yuragimga nashtar urdi
Nina bilan, qaychi bilan;
Arvohlar joʻr boʻlib xaxolar quvnoq,
Oʻrtaga chiqadi ikkinchi arvoh.
Rinal'doyu Rinal'dini,
Shinderhanno, Orlandini
Va ayniqsa Karl Moʻoʻr
Qahramonim edi eng zoʻr.
Ularga men sevgida ham
Taqlid qilib ichdim qasam,
Yor suvratin va men badbaxt
Xayolimdan quvdim har vaqt.
Men sevardim ohlar urib,
Omad kulmay, yurib-yurib,
Tushar edi qoʻlim nogoh
Choʻntagiga qoʻshnimning goh.
Nom chiqardim koʻcha-koʻyda,
Soʻng bir kuni dilgir oʻyda
Yoshim artib, tutdi qoʻlim
Hamyonida uning pulin.
Shunda koʻpdan ayirdilar,
Qoʻlginamni qayirdilar.
Oʻshandan soʻng qamoqxona
Menga boʻldi gʻamxoʻr ona.
Yorni oʻylab, toʻkib yoshim,
Jun toʻqirdim egib boshim.
Rinal'doning ruhi qaqshab,
Olib keldi meni boshlab».
Arvohlar joʻr boʻlib xaxolar quvnoq,
Pardozda chiqadi uchinchi arvoh:
«Tomoshada qirol edim,
Oshiqlarga timsol edim.
«Yo rabbim!» deb hayqirib goh,
Goh xoʻrsinib tortardim oh.
Men Mortimer boʻldim koʻp vaqt,
Mariyani sevdim bebaxt!
Loqayd edi, lekin, u qiz,
Yetim qoldi mendagi his.
Chidolmadim, bir kun kelib,
«Mariya, sen iloham!» deb,
Yuragimga suqdim titroq
Xanjarimni sal chuqurroq».
Arvohlar joʻr boʻlib xaxolar quvnoq,
Chiqar oq chakmonda toʻrtinchi arvoh:
«Professor vaysardi minbardan loqayd,
Men esa bemalol uxlardim bu choq.
Menga xush yoqardi ammo kechki payt
Professor qizin qoʻltiqlab kezmoq.
Darchadan qoʻl silkib boqardi ul moh,
Gullarning sarasi, suyukli jonon.
Gullarning sarasin, lekin, uzdi, oh,
Badavlat, maydakash, hissiz korchalon.
Men la’nat oʻqidim puldoru pulga,
Men la’nat oʻqidim bevafo gulga!
Oʻlimni chorladim, qadahda ogʻu:
«Men — doʻsting oʻlimman, koʻtar!», dedi u»
Arvohlar joʻr boʻlib xaxolar quvnoq.
Beshinchi arvoh der boʻynida sirtmoq:
«Davrada may ichib kerilar graf,
Chiroyli qiziyu boyligin maqtab.
Ey graf, ne kerak menga boyliging?
Menga bas qizginang — gul chiroyliging.
Tambayu qulfi xoʻb grafning ammo,
Sodiq malayi koʻp grafning ammo.
Ammo qulf, malaylar menga chikora,
Dovordan oshdim men tunda ilk bora.
Yorim darchasiga chiqay degan choq
Men soʻkish eshitdim, ortimdan nogoh:
«Shoshilma, bachchagʻar, toʻxta, mutahham!
Zar-zevar yoqadi xoʻp oʻzimga ham!»
Menga qoʻl uzatdi shunday deb graf,
Malaylar kelishdi darrov hoy-huylab.
«Men oʻgʻri emasman, qoʻyvoring, la’nat,
Goʻzal yer payida kelganman faqat.
Behuda yolvorish behuda oh-voh!
Zum oʻtmay oradan taxt boʻldi sirtmoq.
Chiqdiyu lol qoldi quyosh saharda —
Chayqalgan murdamni koʻrarkan dorda».
Arvohlar joʻr boʻlib xaxolar quvnoq,
Der boshin qoʻltiqlab oltinchi arvoh:
«Ovga chiqdim, men ishqda intiq,
Pusib bordim, qoʻlimda miltiq.
Quzgun sayrar boshimga yondosh:
«Ketsin bu bosh, kesilsin bu bosh!»
Men bor-yoʻgʻi kaptar otaman,
Ovni yorga sovgʻa etaman.
Shu oʻy bilan butazorda jim
Gaza qilib ovni poyladim.
Gʻuv-gʻuvlashar, kim u, bexatar?
Birdaniga ikkala kaptar!
Men tepkini koʻtarib bordim,
Qay koʻz bnlan koʻrayki — yorim!
Qayliqqinam — eng suluv kaptar,
Oʻzga yigit bagʻrida yayrar.
Eski mergan moʻljalga chaqqon:
Shu on yigit boʻldi qora qon.
Soʻngra meni sudradi jallod,
Kundaga bosh qoʻydim benajot,
Quzgʻun sayrar boshimga yondosh:
«Ketsin bu bosh, kesilsin bu bosh!»
Arvohlar joʻr boʻlib xaxolar quvnoq,
Oʻrtaga chiqadi sozanda arvoh:
«Menga yoqar qadimiy qoʻshiq,
Yorim uchun kuyladim joʻshib.
Agar ishqda yurak poradir,
Qoʻshiq unga na chikoradir!
Arvohlar xaxolab oʻyin tushadi,
Atrofni qiyqiriq battar quchadi.
Shu mahal soat bir — cherkov bong urdi,
Arvohlar shoshilib qabrga kirdi.

9

Orom boʻldi uyqu jonimga,
Unutildi kulfatu qaygʻu,
Kecha tushda keldi yonimga
Suluvlardan suluvroq suluv.
Marmar kabi yuzlari oppoq,
Gʻaroyibdan gʻaroyib edi.
Kiprigida yoshlari munchoq,
Kokillari ajoyib edi.
Sekin keldi, keldi, dilxasta
Marmar yuzli doʻndiqcham mening,
Yuragimga bosh qoʻydi asta
Marmar yuzli doʻndiqcham mening.
Menda quvonch, menda iztirob, —
Lovullaydi Olov yuragim.
Na quvonchu yorda va azob, —
Muz purkaydi goʻzal koʻkragi.
«Na quvonch-u, na azob bugun, —
Muz purkaydi koʻkragim faqat.
Biroq meni albatta bir kun
Lovullatgay qodir muhabbat.
Garchand qon yoʻq labu yuzimda,
Yuragimda gupurmaydi qon;
Sen choʻchimay oʻpgin koʻzimdan,
Borligimda muhabbat omon».
Meni quchdi, quvonch, ehtiros
Va azobdan koʻzim nam mening;
Ammo yitdi qichqirgach xoʻroz
Marmar yuzli doʻndiqcham mening.

10

Chorlovimga keldilar bu tun
Ruhlar enib soʻz qudratiga;
Ketkazolmay ularni men xun
Yana zulmat saltanatiga.
Hayajonu dahshat ichra lol
Men unutdim sirli duoni;
Endi ruhlar qoʻymasdan alhol
Sudrashadi men benavoni.
«Keting bundan, qora daymonlar!
Istamayman, keting shu zahot!
Menga suyuk — yashil oʻrmonlar,
Menga suyuk — nurafshon hayot.
Men izlayman doim serfusun —
Qoʻl tegmagan chechakni besar;
Nechun kerak bu hayot, nechun,
Muhabbatni tuymasa agar?
Mayli, uni bir bora koʻrsam,
Mayli, bossam bagʻrimga bir, bor!
Lablaridan bir bora soʻrsam,
Gʻamdan forigʻ, titrab, baxtiyor!
Tikilaman gʻuncha ogʻizga,
«Yur!» desa bas, bir ogʻiz kalom,—
Quloq qoqmay, shu onda sizga
Ergashmoqqa tayyorman tamom».
Ruhlar meni tinglashadi jim
Soʻzni boʻlmay, bosh irgʻab bu payt.
Nozikkinam, yoningga keldim;
Nozikkinam, sevasanmi, ayt?


Qoʻshiqlar

1

Sahar turib fol koʻraman:
Kelarmi bugun yorim?
Oqshom horib oh uraman:
Kelmadi-ku bugun ham!
Uyqu bermas tuni boʻyi
Bedor dardim — hamxonam.
Uyqusirab kuni boʻyi
Tentirayman parishon.

2

Yeru koʻkka sigʻmayman bu dam!
Sal vaqt oʻtmay keladi yorim,
Goʻzallardan goʻzal dildorim, —
Hovliqasan, yurak, muncha ham!
Eh, soatlar muncha imillar,
Na toʻxtaydi, na ketar tezlab,
Koʻhna yoʻldan sudralar esnab,—
Tezlaca-chi, muncha imillar!
Men betoqat, intiq kutaman!
Soatlar-chi, yozuvlar, biroq,
Til birkitib boʻladi yengmoq
Ishq shashtini kalaka bilan!

3

Kezinaman, koʻngilda qaygʻu,
Daraxtzorni oralab, yolgʻiz;
Armonimga aylangan orzu
Yuragimga sanchadi bigiz.
Kim oʻrgatdi sizga, qushlarjon,
Sayramoqni yayrab yuksakda?
Sizni tinglab uygʻonar pinhon,
Eski azob yana yurakda!
«Har tong kelib nozanin suluv
Qoʻshiq bilan mast qildi bizni
Va oʻrgatdi biz qushlarga u
Tilla kabi jarangdor soʻzni»...
Ey quv qushlar, bas, gapingizga
Quloq solmoq aqldanmas, bas!
Men dardimni bermayman sizga,
Hech kim uni tortib ololmas!

4

Koʻksimga qoʻlingni qoʻygin, sevgilim, —
Tingla, taqillaydi nedir betinim!
U yerda oʻltirib yovuz duradgor
Mening tobutimni yasaydi bedor.
Tunu kun tinmasdan taqillatar u,
Koʻpdanki bu «taq-taq» bermaydi uyqu.
Ey usta, boʻlaqol, tezroq boʻlaqol,
Men juda charchadim, uxlay bemalol!

5

Dardlarimning goʻzal beshigi,
Oromimning gulgun dahmasi,
Goʻzal shahar, ochgil eshiging,
Men ketarman, qolar hammasi!
Xush qol endi, ul suyuk jonon
Oyoq qoʻygan uy ostonasi;
Xush qol endi, omon boʻl, omon,
Ilk visolning pok gulxonasi!
Yaxshm edm koʻrmasam agar
Yuragsmning podshosi, seni,
Qiynamasdan hajru alamlar,
Muhabbatning balosi meni!
Dadil ishqni yashirib besas
Yashasa ham mayli yuragim;
Bir havodan sen bilan nafas
Olish edi yolgʻiz tilagim.
Ammo meni quvding-ku, ey gul,
Bir soʻzingga dil boʻldi gado.
Men hushimnp yoʻqotdim butkul,
Iztirobda yuragim ado.
Men ketaman tolgʻin, koʻzda yosh,
Aso tutib, chidab jabrga,
Men ketaman qoʻyayin deb bosh
Olislarda sovuq qabrga.

6

Shoshma, dargʻa, shiddatli dargʻa,
Bandargohga bir zum qaytay men -
Xush qol deyin suluv dildorga,
Ovrupoga vido aytay men.
Sachrar qonim, koʻzimdan sachrar,
Koʻkragimdan otilar qonim,
Qonim bilan bitgayman endi
Dardlarimning qonli dostonin.
Nechun koʻrib birdan, goʻzalim,
Choʻchib ketding bugun qonimdan?
Axir, qon-ku yuragim doim
Senga oshiq boʻlgan onimdan!
Eslaysanmi, jannatda qadim
Makkor ilon keltirgan gʻamni,
Aldaganin olma yedirib
Ajdodimiz bani Odamni?
Oʻsha olma tufayli Yerga
Olib tushdi oʻlimni Havo,
Troyani Eris yoqdi, sen —
Ham oʻldirdb, ham yoqding ammo!

7

Qasrlaru togʻlar qaraydi
Oyna qilib Rayndaryoni;
Yelkanimni shamol taraydi,
Yaraqlatar quyosh har yonin.
Oʻynar daryo, tovlanadi suv,
Oltin mavjlar meni aylar mast;
Unut boʻlgan ul totli tuygʻu
Uygʻonadi qalbimga payvast.
Daryo mayin, daryo dilkusho,
Zarhalini sachratar nekbaxt,
Oʻz qa’rida asrar u ammo
Ajal bilan zulmatni har vaqt.
Ichi zulmat, usti yaltiroq, —
Suratisan yorimning, daryo!
Sirtdan boqsa, sen ham shoʻx, quvnoq,
Mehribonsan, shafiqsan goʻyo!

8

Ruhim tushib dastavval behad,
Oh qopladi jonu tanimni;
Men chidadim, soʻramang faqat —
Qanday qilib chidaganimni!

9

Men bezak yasasam sarv shoxidan,
Atirgul, zarbofu ipak, shohidan,
Kitobim oʻrasam, soʻng, saqlab sukut,
Toki sha’rlarimga boʻlsin gul tobut.
Qaniydi svvgimni qabrga qoʻysam!
Oromgul oʻsardi qabr uzra ul dam,
U gulni pa uzib, men na koʻrgayman —
Gul boʻlay oʻzim deb yerga kirgayman.
Olovli qoʻshiqlar bunda toʻfondek,
Bir paytlar Etnada qoʻngan vulqondek
Otilib chiqmishlar koʻngil qa’ridan,
Ishqimning chaqinli ohanglaridan!
Ular endi yotar choʻzilib bejon —
Tumanga burkangan sovuq bir armon!
Va lekin qoʻzgʻolgay avvalgi olov,
Gar qoʻnsa ularga muhabbat birrov.
Shu ezgu umiddan lovullar yurak,
Qachondir qoʻngusi muhabbat beshak
Va beshak tushgaydir qoʻlingga, mohtob,
Olis, yot oʻlkada bir payt bu kitob.
Qoʻshiqlar jodudan ul dam qutilar.
Oʻshanda tirilar beshak harflar ham,
Oʻshanda koʻrajak goʻzal nigohing
Ularning qismatin, ishqiyu ohin.

Romanslar

Gʻamgin Yigit

Tortib ketar ortga yuragi
Bu yigitni kim koʻrsa agar.
U — gʻussaning soʻlgʻin chechagi,
Yuzlarida rangdan yoʻq asar.
Hatto silar loqayd shamol ham
Sovutay deb choʻr manglayini.
Eng qoʻl yetmas sohibjamol ham
Izhor etgay unga ra’yini.
U tark etar gavjum shaharni,
Oʻrmon ichra izlaydi orom.
U tinglaydi quvnoq qushlarni,
Barglar tili uni etar rom.
Ammo qushlar sayrashdan toʻxtab,
Qotib qolar barglar shu onda,
Gʻamgin yigit oh urib, siqtab,
Qadam qoʻygan chogʻi oʻrmonda.

Togʻ Sadosi

Vodiyga tushadi togʻdan suvoriy,
Sekinlaydi yoʻrgʻa ot:
«Oldinda yor qoʻli quchgaymi va yo
Qabru zulumot?»
Yangrar togʻdan shu zahot:
«Qabru zulumot!»
Suvoriy yoʻl bosar dilida alam,
Xoʻrsinib deydi faqat:
«Qismatim oʻlimni koʻrmishmi ravo?—
Demak, qabrda rohat!»
Yangrar togʻdan shu fursat:
«Qabrda —rohat!»
Suvoriy titraydi, koʻzini qoplar
Alam yoshi batamom.
«Na chora, topgayman, demak, qabrda,
Demak, qabrda orom!»
Yangraydi togʻdan kalom:
«Qabrda — orom!»

Aka-Ukalar

Choʻqqi uzra choʻng qasr har tun
Qorongʻiga tikilar mungligʻ.
Pastda esa — yovvoyi uchqun:
Jaranglaydi ikki olmos tigʻ.
Birodarlar chiqmish maydonga,
Tomirlarda quturar gʻazab.
Nechun bunday tashnalik qonga,
Nega qoʻllar tigʻ tutmish, yo rab?
Goʻzal bekach Laura koʻzi
Otash solmish dillar qatiga.
Ikkisi ham loyiq der oʻzin
Nomdor qizning muhabbatiga.
Qay birodar, lekin, ul suluv
Qiz yuragin zabt etgay abjir?
Bitishuvdir — qonli olishuv,
Ajrim qilgay yalangʻoch shamshir!
Avj oladi, boq, shiddatli jang
Zarb ketidan zarblar beomon.
Ey botirlar, toʻxtang, aldanmang,
Bir yovuzlik bu tunda pinhon!
Bu ne qonxoʻr qasrdir, evoh,
Evoh, qanday qonxoʻr vodiy bu?! —
Aka-uka bir-bir tortib oh,
Tigʻ zarbidai qulaydi, yohu!
Yitib ketdi nechalab asr,
Necha avlod kirdi qabrga.
Biroq boʻm-boʻsh qaygʻuli qasr
Boqib turar hanuz adirga.
Adirda-chi! Har tun shu odat,
Shu moʻ’jiza har tun roʻy berar:
Oʻn ikkiga borganda soat
Qilichlashar ikki birodar.

Shoʻrlik Peter

I

Hans bilan Greta xushhol,
Charx uradi raqsda ikkisi.
Faqat Peter tikiladi lol
Xuddi boʻrdek oqarib yuzi.
Kelin-kuyov — Hansu Greta,
Taqinchoqlar naqadar goʻzal!
Tirnogʻini tishida kertar
Jomakorda Peter bu mahal.
Anduh ichra, soʻngra, shivirlar
Baxtli juftdan ololmay koʻzin:
«Oʻylik yigit boʻlmasaydim gar
Oʻldirardim oʻzimni oʻzim!»

II

«Yurakdagi qattiq bir azob,
Bir ogʻriqdan koʻksim qontalash;
Qayga bormay oʻsha iztirob
Meni quvar qilib xomtalash.
Yuguraman sevgilim tomon,
Gretamda bor deya davo;
Koʻzlariga boqqanim zamon
Men qochaman ortimga ammo.
Men chiqaman togʻ choʻqqisiga
Va turaman tanho, dilxasta;
Dosh berolmay alam hissiga
Men yigʻlayman tikilib pastga».

III

Shoʻrlik Peter mastdek tebranar,
Murda kabi nimjonu rangpar.
Bir oz yurar, soʻng toʻxtar behol,
Yoʻlovchilar bosh chayqashar lol.
Oʻrtogʻiga shivirlar bir qiz:
«Goʻrdan chiqqan arvoh-ku, esiz!»
Unday dema, ey mohi tal’at,
Endi kirar goʻrga u faqat!
U ayrilmish yuzi gulgundan,
Endi kechgay dunyoi dundan,
Doʻst tutinib endi qabr ila,
Qiyomatni kutgay sabr ila.

Mahbus Qoʻshigʻi

Lizani jodulab qoʻyganda buvim,
Olomon «Yoqilsin!» deb qildi talab.
Qancha zoʻr boʻlmasin hakam uquvi,
Hech iqror boʻlmadi buvim ataylab.
Tashlangan chogʻida choʻgʻdek qozonga
Oʻlguday baqirib buvim soldi dod;
Qora dud oʻrlagan payti osmonga
Quzgʻunga aylanib u qoqdi qanot.
Qanotli sehrgar, qora buvijon,
Panjara ortidan ichkariga kir!
Bir boʻlak pishlogʻu jindak shirin non
Keltirib, buvijon, qornimni toʻydir.
Qanotli sehrgar, qora buvijon,
Muruvvat koʻrsatgin osilgan paytim:
Jasadim sirtmoqda chayqalgan zamon
Xolam choʻqimasin koʻzimni, aytgin.

Grenadyorlar

Ikki grenadyor — ruslar asiri,
Qaytib kelardilar Farangistonga.
Nomusdan boshini ogʻdi har biri
Qadam qoʻiganida, hayhot, Olmonga.
Hayhotki, ularni egdi shum xabar:
Aziz Farangiston tiz choʻkmish haqir.
Hayhotki, yengilmish shunday zoʻr lashkar,
Jahongir asirmish, jahongir asir.
Rostligin bu gapning bilgach, ikki doʻst
Bir-birin quchoqlab yigʻlashdi uzoq.
«Naqadar azob — deb biri ochdi soʻz, —
Eski jarohatim jazillar, oʻrtoq!»
Oʻrtogʻi der unga: «Bu qismat gʻaddor,
Oʻlimdan qoʻrqmaymai, tayyorman, doʻstim,
Faqat oilam deb tirikman nochor,
Norastalarimni qiymaydi koʻzim.
«Xotin ham, bola ham sogʻ boʻlishsa, bas,
Oʻz kunini koʻrib ketadi bir-bir.
Oʻzga dard qiynaydi meni bu nafas, —
Jaholgir asirdir, jahongir asir!
Faqat bir iltimos: kirmay darmonga —
Men bunda koʻz yumsam gar bitib kunim,
Jasadim olib ket Farangistonga,
Farang tuprogʻiga dafn ayla uni.
Nishonga sen alvon bogʻich oʻtqazib,
Yuragim ustiga qoʻygin, doʻstginam;
Qoʻlimga miltiqni, soʻngra, tutqazib,
Taqib qoʻy belimga qilichimni ham.
Qabrda men shunday yotayin, ziyrak,
Bir muddat mizgʻigan posbonnamo, —
Toki otilguncha yuzlab zambarak,
Jangovar tulporlar kishnaguncha to.
Mozorim ustiga kelsa jahongir,
Qilichlar jaranglab uchqun sochgan kun,
Men sakrab turaman qabrimdan abjir —
Jahongir shonini pok saqlash uchun!»

Chopar

Oʻtirginu egarga tezda,
Ey mahramim, boʻsh qoʻy yuganni,
Oʻtib qiru oʻrmonu tuzdan,
Qasriga bor qirol Dunkanning.
Otxonaga otni bogʻlarkan,
Bolalardan bilgin sirini:
«Uzatmoqda qiblagoh Dunkan
Qizlaridan qaysi birini?»
«Qoʻngʻir sochni!» — desa bolalar
Oʻqday uchgin ortingga darhol.
«Zarkokilni!» — desa bolalar
Yoʻlga chiqqin shoshmay, bemalol.
Yoʻl-yoʻlakay dam ber bedovga,
Doʻkondordan sotib ol arqon.
Bir ogʻiz soʻz aytmay birovga,
Hovliqmasdan qaytgin men tomon.

Qayliq Opqochish

Men sensiz qaytmayman bundan, suyuklim,
Birga ketasan
Koʻhnayu qadrdon, olis uyimga,
Kimsasiz, gʻamginu yolgʻiz uyimga,
Onam boʻsagʻada oʻltirar har kun,
Oʻgʻliga intizor, yoʻl qarar har kun.
«Ket bundan, tund odam, oʻz holimga qoʻy,
Nechun chorlaysan?
Nafasing qaynogʻ-u, qoʻllaring sovuq,
Koʻzlaring chaqnar-u, rangingda rang ioʻq,
Bormayman, xush yoqar bu sirdosh dunyo,
Bu gullar dunyosi, serquyosh dunyo!»
Serquyosh dunyoyu gullarni unut,
Mening shirinim!
Oʻrgangin sen endi harir libosga,
Koʻlingni uzatgin jarangdor sozga,
Nikoh qoʻshigʻini kuyla men uchun;
Olamga taratsin ul qoʻshiqni tun,

Don Ramiro

«Donna Klara! Donna Klara!
Suyukligim, umrim quvonchi!
Mahkum etding meni oʻlimga
Mahkum etding achinmay sira.
Donna Klara! Donna Klara!
Hayot — goʻzal, hayot shirindir!
Qa’rda esa, qorongʻu goʻrda
Rutubatu sovuq va dahshat.
Donna Klara! Erta tong bilan
Don Fernando mehrob qoshida
Seni juftim deya ataydi,
Aytasanmi meni toʻyingga?»
«Don Ramiro! Don Ramiro!»
Sanchiladi qalbga har soʻzing,
Sanchiladi qismat yulduzni
Masxarali tigʻidan ziyod.
Don Ramiro! Don Ramiro!
Unut endi qaygʻularingni:
Bu dunyoda nima koʻp — qiz koʻp,
Tangri hukmi ayriliq ekan.
Don Ramiro, sen arablarni
Yengding ajib jasorat bilan.
Oʻzni yengib endi oʻshanda
Erta bilan kelgin toʻyimga».
«Donna Klara! Donna Klara!
Ont ichaman kelaman deb, ha,
Ha, raqsga ham etaman taklif,
Xayrli tun, xush qol tonggacha».
«Xayrli tun!» — Darcha yopildi,
Xoʻrsinaru pastda Ramiro,
Tosh qotgancha turadi uzoq;
Soʻng nihoyat singar zulmatga. —
Soʻng nihoyat tugab sarkash jang, —
Tun taxtini egallaydi tong
Va Toledo anvoyi bogʻdek
Uygʻonadi gullar qoʻynida.
Saroylarning peshtoqlarida
Nayzabozlik qilar kun nuri,
Cherkovlarning yuksak qubbasi
Yarqiraydi quyma oltipdek.
Gʻuvillagan ari inidek
Sado berar qoʻngʻiroqxona.
Samolarga uchar munojot
Tangrplarning qutlugʻ uyidan.
Pastda esa, qaranglar! Qarang!
Bozorjoyning butxonasidan
Chiqib kelar shoshqin olomon,
Toʻlqinlanar ulkan bir oqim.
Joʻmardlaru xonimlar xushvaqt,
Tovlanadi zarbof liboslar.
Qoʻngʻiroqning jaranglariga
Omuxtadir argʻanun sasi.
Lekin hamma yoʻl berar darhol
Hurmat bilan, tavoze’ bilan
Oʻtsin deya kuyovu kelin —
Don Fernando, Donna Klara,
Mana, oxir kuyov qasriga
Yetib keldi odamlar mavji;
Bobolarning rusmiga koʻra
Nikoh bazmi boshlandi bunda,
Taomdan soʻng joʻmardlar uchun
Navbat keldi oʻyin-kulgiga.
Sezilmasdan oʻtib borar vaqt,
Choʻka boshlar zamin uzra tun.
Mehmonlarning bari raqs uchun
Yigʻildilar zal oʻrtasida;
Sham nurida ming shamdek yonar
Taqinchoqlar, zarrin liboslar.
Toʻrdagi xos, baland kursidan
Oʻrin oldi kuyovu kelin;
Don Fernando, Donna Klara
Shivirlashar nazokat bilan.
Toʻlqnnlatar zalni tobora
Mehmonlarnipg suronli mavji.
Qoʻshnogʻora gumburlar oʻzga,
Bir oʻzgacha yangraydi surnay.
«Yuragimning hukmdori, ayt,
Ayt-chi, nechun bu dam nigohing
Qadalmishdir zalning burchiga?» —
Ajablanib soʻraydi joʻmard.
«Koʻrmayapsan, nahot, Fernando,
Qora rido kiygan odamni?»
Kuyov esa jilmayar mayin,
«U—bor-yoʻgʻi soya-ku xolos!»
Ammo birdan qoʻzgʻalar soya,
Yaqinlashar qop-qora odam.
Ramironi tanir-u, darhol
Bosh irgatar titrab Klara.
Bu payt bazm chiqadi avjga,
Uchqur raqsda juft-juft mehmonlar
Aylanadi chirpirak boʻlib,
Farsh silkinar, gumburlar boʻgʻiq.
«Don Ramiro, jon deb sen bilan
Raqs tushmoqqa men-ku tayyorman,
Lekin, ayt-chi, nima sababdan
Paydo boʻlding qora libosda?»
Don Ramiro tigʻdek nigohin
Klaraga sanchar jimgina;
Koʻl uzatib beliga deydi:
«Buyurding-ku kelgin deb oʻzing!»
Turfa juftlar aro ikkisi
Bir yovvoyi raqsda uchadi,
Qoʻshnogʻora gumburlar oʻzga,
Bir oʻzgacha yangraydi surnay.
«Yuzing hatto qordan ham oppoq» —
Der Klara sirli qoʻrquvda.
«Buyurding-ku kelgin deb oʻzing!» —
Ramironing javobi boʻgʻiq.
Sirli yolqin sochadi shamlar,
Quyuqlashar raqqoslar mavji,
Qoʻshnogʻora gumburlar oʻzga,
Bir oʻzgacha yangraydi surnay.
«Xuddi muzga oʻxshaydi qoʻling!» —
Shivirlaydi titrab Klara.
«Buyurding-ku kelgin deb oʻzing!» —
Yana olgʻa uchadi ular.
«Oh, qoʻy meni, boʻldi, Ramiro!
Nafasingda oʻlimning hidi!»
Tund va sovuq uning javobi:
«Buyurding-ku kelgin deb oʻzing!»
Qizigan farsh tutaydi goʻyo,
Avjga chiqar gʻijjaklar rosa.
Xuddi afsun sehriga banddek
Yorugʻ zalda aylanar barcha,
«Oh, qoʻy meni, qoʻyvor, Ramiro!» —
Eshitilar ayolning zori.
Oʻzgarmaydi ammo Ramiro:
«Buyurding-ku kelgin deb oʻzing!»
«Unday boʻlsa, ket, xudo haqqi!» —
Yolboradi ingrab Klara.
Chiqar-chiqmas ogʻzidan shu soʻz
Gʻoyib boʻlar Ramiro izsiz.
Tosh qotadi donna Klara,
Yuragida qabr sovugʻi.
Xayollari kuchsiz qaltirab
Zimistonga singadi bir-bir.
Tarqaladi, nihoyat, tuman,
Ochiladi quyuq kipriklar.
Lekin yana hayrat zarbidan
Koʻzlarini yummoq istaydi.
Ajab, bazm boshidan buyon
Oʻz oʻrnidan jilmabdi kelin;
Joʻmard esa uning yonida
Mehr bilan shivirlar sekin:
«Nega ranging oqarib ketdi?
Nega buncha nigohing gamgin?» —
«Ramiro-chi?» — pichirlar kelin
Tosh qotgancha sirli qoʻrquvda.
Tirishadi kuyov manglayi,
Ijirgʻanib, bir seskanar u:
«Nechun, xonim, qon haqida soʻz? —
Tush paytida oʻlgan Ramiro».

Belzatsar

Yarmidan ogʻdi ham tun allaqachon;
Oromga bosh qoʻydi sokin Bobilon.
Faqat yuksakdagi saroyda yolqin,
Shohona davrada tinmaydi shovqin.
Undagi oliyshon koshona aro
Belzatsar bazm aylar, avjida safo.
Mahramlar ta’zimda tutar paydar-pay, —
Tillodek tovlanar qadahlarda may.
Qadahlar jaranglar, mahramlar kuylar,
Podshodan choʻchimay kayf bilan soʻylar.
Bir payt shoh qizarar yuzi lovullab,
May uning qonida uygʻotar gʻazab.
Soʻqir kin dastida ketar oʻzidan,
Tangriga haqorat yogʻar soʻzidan.
Gerdayib keltirar yaratganga shak,
Mahramlar qiyqirib chaladi chapak.
Shoh magʻrur, chimrilib, siltaydi qoʻlni
Yahvo mehrobiga yoʻllaydi qulni.
Buyurar zud borib olib kelishni
Muqaddas ul oʻlja — oltin idishni.
Ul qutlugʻ idishni toʻldirib, evoh,
Harom qoʻllariga oladiyu shoh,
Sipqorar sharobni turganicha tik,
Baqirar, soʻng, sochib ogʻzidan koʻpik:
«Sen, Yahvo, mahkumsan mazaxga mangu, —
Bobilon podshosi — mening hukmim shu!»
Shu soʻzlar ogʻizdan chiqar-chiqmas, boq,
Bir qoʻrquv his qildi yuragida shoh.
Qiyqiriq, qahqaha daf’atan soʻndi.
Qabriston jimligi davraga qoʻndi.
Boq, yo rab! Shu mahal chiqqandek qordan
Bir qoʻl oʻsib chiqdi oppoq devordan,
Soʻngra yoza ketdi devorga majhul,
Choʻng, olov harflarni qiyalatib ul.
Murdadek qotgancha, oqarib yuzi,
Dirillab titradi podshoning tizi.
Mahramlar yuragi bazoʻr urardi,
Bazm ahli vahm ichra qotib turardi.
Donolar, ramollar chorlandi, hayhot,
Olov soʻz sirini bilmadi hech zot.
Belzatsarni esa omad tark etdi:
Oʻsha tun qullari chavaqlab ketdi.

Minnezengerlar

Mana, kelar minnozengerlar
Toʻp-toʻp boʻlib she’r bahsi uchun.
Shoir ahli maydonga kirar,
Zap bellashuv boʻladi bugun!
Joʻshqin xayol, olovyol xayol
Minnezenger uchun tulpordir.
Unga san’at qalqondek qurol,
Uning soʻzdan qilichi bordir.
Tegu taxtli xonimlar bugun
Gʻurfalarda yonar misli choʻgʻ.
Faqat yoʻqdir yuzlari gulgun.
Asl sovrin ular ichra yoʻq.
Gar oʻzgalar chiqsa maydonga
Yengmoq uchun ot qoʻyib sogʻlom,
Minnezenger azaldan qonga
Boʻyalgandir qalban batamom.
Kuylab-kuylab, yurak qonidan
Buyuk qoʻshiq yaratgan kuni,
Asta chiqib gul makonidan
Gʻuncha ogʻiz sharaflar uni.

Darcha Ostida

Rangpar Haynrix oʻtar besazo,
Tashlar Hedvix darchadan nigoh.
«Yo rab! — deydi qichqirib barno, —
Muncha rangpar, bamisli arvoh!»
Shunda Haynrix koʻtarib koʻzin,
Tashlar Hedvix tomonga nigoh.
Oʻsha kundan Hedvixning oʻzi.
Rangpar erur bamisli arvoh.
Goʻzal Hedvix endi farxunda,
Har kun tashlar darchadan nigoh
Va quchadi Haynrixnn tunda
Chiqqan payti qabrdan arvoh.

Yarador Joʻmard

Qadim naql yodimda doim,
Yangrab turar ul gʻamgin navo:
Joʻmard yigit ahdida qoim,
Mahbubasi, lekin, bevafo.
U ne qilsin! Nopok dildorga
Majbur boqar nafratli koʻzi,
U chidolmas alamga, orga,
Oʻz ishqidan uyalar oʻzi.
Lekin tayyor zarba bermoqqa,
Raqiblarni boʻyagay qonga:
«Sevgilimni nopok demoqqa
Azm etganlar chiqsin maydonga!»
U hammani jim qilar, yo rab,
Oʻz dardiga yetmaydi kuchi;
Yuragini teshgay shu sabab
Nayzasining charxlangan uchi.

Dengiz Safari

Men machtaga suyanganimcha
Tikilaman bir-bir mavjlarga:
«Alvido, ey, jonajon Vatan!
Uchqur kemam chiqdi safarga!»
Ana, goʻzal yorimning uyi,
Darchasida oʻyinqaroq nur.
Men qanchalar tikilmay, ammo,
Qoʻl silkimas hech kimsa bir qur.
Koʻz yoshlarim, bas endi, toʻxtang,
Koʻzlarimga tutmangiz parda!
Saqlan, saqlan, bemor yuragim,
Tors yorilib ketma dardlardan!

Pushaymon Haqida Qoʻshiq

Janob Ul'rix boradi tanho,
Barglar yayrar, shovullar oʻrmon,
Koʻzi tushar yaproqlar aro
Yashiringai qizga nogahon.
Oʻz-oʻziga deydi boy: «Evoh,
Menga tanish bu gulgun siymo.
Goho ovda, gavjum joyda goh
Paydo boʻlib imlar doimo.
Ikki gulbarg kabi lablari
Muloyimu mayin, begʻubor.
Soʻzlarining, va lekin, bari
Goho tussiz, gohida makkor.
Moʻrcha miyon ogʻzi suluvning,
Atirgulday bagʻoyat zebo,
Makkor bargi ostida uning
Qora ilon vishillar ammo.
Uning momiq yuzida nafis
Kuldurgichi — chuqurchasi bor,
Chuqurchamas, u jardir tagsiz.
Koʻngil oʻzin otishga tayyor.
Zar kokili goʻzal begumon,
Goʻzal boshga bezakdir, koʻrkdir,
Kokil emas, mugʻombir shayton
Qasdim uchun toʻqigan toʻrdir.
Koʻzlarida choʻgʻ bor zangori,
Toʻlqinlanar moviy nur titrab.
Eshigiga doʻzaxning borib,
Keldim debman jannatga, yo rab!»
Janob Ul'rix boradi tanho,
Barglar titrar, ingraydi oʻrmon.
Oʻzga arvoh boʻladi paydo,
Tikiladi rangparu nolon.
Oʻz-oʻziga deydi boy: «Evoh,
Meni jondan sevgan onam bu!
Goh qiligʻ-u, soʻzim bilan goh
Unga doim keltirdim qaygʻu!
Oh, qaniydi, mehrim koʻz yoshin
Quritsaydi mehribonimning!
Koʻtarsaydi bir zumga boshin,
Berar edim yurak qonimni!»
Janob Ul'rix boradi sekin,
Kech ham qoʻnar oʻrmonga shoshib.
Barglar aro bir ovoz, lekin,
Shom yeliga kelar mingashib.
Oʻz ovozin boy taniydi tez,
Aksi sado bu soʻzlar beshak,
Mayna qilar shoʻx qushlar shu kez
Chirqillashib, chalishib hushtak:
«Janob Ul'rix zap qoʻshiq kuylar,
Pushaymon deb qoʻshiq atalar.
Bir qoʻshiqki, tugasa agar
Yana boshdan darhol qaytalar».

Qadimgi Romansni Kuylagan Xonanda Ayolga

Yodimdadir, sehrlab meni
Koʻz oldimda yarq etding ilk bor!
Yangrar ekan aziz ohang, oh,
Yuragimda turdiyu titroq
Yosh quyildi koʻzimdan nogoh, —
Ketmish edi mendan ixtiyor.
Qaytgan kabi eng shirin tushim,
Bolaligim boʻldi namoyon;
Sham nurida nim yorugʻ xonam,
Shivirlaydi xudojoʻy onam,
Ertak bilan andarmon men ham,
Tashqarida gʻuvillar boʻron.
Jonlanadi gʻaroyib ertak,
Tark etadi qabrin har joʻmard;
Ronsevalda boshlanadi jang,
Roland tortar ayilni tarang,
Uchib borar botirlar, qarang,
Ular ichra Ganelon nomard.
U joʻmardga qilar xiyonat,
Behol Roland soʻng bor jahd etar,
Qoʻl choʻzadi bazoʻr burgʻuga,
Keyin ketar soʻnggi uyquga,
Buyuk Karl botar qaygʻuga
Va tushim ham soʻngiga yetar.
Birdaniga guvillar olqish,
Men oʻngimga qaytaman darhol.
Chekinadi ajib afsona.
«Yasha!» deydi hamma mastona,
Guvillaydi tomoshaxona,
Ta’zim qilar hammaga ayol.

Dukatlar Haqida Qoʻshiq

Dukatlarim, oltin dukatlar,
Qaylardasiz? Beringiz xabar!
Doʻstingizmi oltin baliqlar,
Makoningiz endi dengizmi,
Quvnab-sakrab shoʻngʻidingizmi?
Yo doʻst boʻlib oltin gullarga
Adirlarda charaqlarmisiz,
Shudringlarday yaraqlarmisiz?
Yo doʻst boʻlib oltin qushlarga
Moviy koʻkda charx urarmisiz,
Gala-gala shod yurarmisiz?
Yo doʻst boʻlib, oltin yulduzlar
Davrasida socharmisiz nur —
Tungi koʻkdan qiqirlab masrur?
Oh, dukatlar, oltin dukatlar,
Topolmadim, qayga qochgansiz:
Na yam-yashil adirda borsiz,
Na charx urgan qushlarga yorsiz,
Na koʻklardan yogʻdu sochasiz, —
Sudxoʻrimning changalidasiz,
Poʻlat sandiq qamalidasiz!

Paderborn Dashtidagi Suhbat

Eshitdingmi, olisda sado —
Gʻijjak yangrar, yangraydi shoʻx soz?
Davra qurib xoʻb, nozik ado
Qizlar raqsda etadi parvoz.
«Eh, doʻstginam, yaxshi tinglab boq,
U gʻijjakning ovozi emas;
Choʻchqachalar chiyillar bu choq,
Choʻchqaniki xoʻrillagan sas».
Eshitdingmi yangroq burgʻuni?
Mard ovchilar chopar oʻrmonda,
Nay chaladi yoyib suruvni,
Choʻpon yigit oʻtloq tomonda.
«Eh, doʻstginam, tingla yaxshiroq,
Burgʻu hammas, nay ham emas bu;
Choʻchqalarga koʻtarib tayoq
Choʻchqaboqar soladi hay-huv».
Eshitdingmi qoʻshiqni, dilshod,
Xushovozlar jaranglaydi joʻr?
Farishtalar qoqishib qanot,
Qarsak ila olqishlar masrur.
«Eh, azizim, ser sol, jim qolib,
Farishtamas ular hech qanday!
Gʻozlarini oldiga solib,
Qoʻshiq aytib oʻtar bolakay».
Eshitdingmi, ayt, qoʻngʻiroqni? —
Bir diltortar sehrli sado!
Cherkov bongi ahli qishloqni
Ibodatga chorlar ruhafzo.
Eh, doʻstginam, u joʻn qoʻngʻiroq,
Har kun yangrar mollar boʻynida —
Boshlarini silkitgani choq
Molxonaning zulmat qoʻynida».
Koʻrdingmi, boq, oʻrtigi harir
Bir nozanin menga silkir bosh?
U — sevganim, tengsiz dilbardir,
Quvonchidan koʻzlarida yosh.
«Eh, doʻstginam, senga imlar, boq,
Oʻrmonchining qari xotini;
Qilt-qilt qilar — boshi qaltiroq,
Maymoqlanar tez-tez qoqilib».
Xayolparast, deb mendan bu payt
Kulsang, mayli, qilmayman parvo!
Hech aldashi mumkinmi, xoʻsh, ayt, —
Men koʻksimda asragan dunyo!

Hayot Sharafi

«
Al'bom varagʻi
»
Yerimiz bamisli kattakon bir yoʻl,
Biz esa doimo unda yoʻlovchi.
Goh otda, goh yayov — shoshamiz nuqul
Bamisli ovini quvlagan ovchi.
Oʻtarkai imlaymiz, beramiz savol,
Roʻmolcha silkiymiz foytundan goho;
Baslashmoq, quchishmoq istaymiz mudom,
Bir zum tek turmaydi otimiz ammo.
Bekatda sen bilan uchrashdik nogoh,
Goʻzal xulq shahzoda Aleksandr, biz.
Pochtachi burgʻuni chalar-u, evoh,
Darhol ayrilmoqqa yana majburmiz.

Asl Haqiqat

Kelganda bahoriy yorugʻ kunduzlar
Kurtaklar barg yozar, gʻunchalar kular;
Toʻlin oy sochadi kumush yogʻdular,
Osmonni toʻldirar shaffof yulduzlar;
Ul shahlo koʻzlarki, kuylagan payti
Yuragim tubidan otilar baytim —
Va lekin qoʻshigʻu gulu yulduzlar,
Toʻlin oy, quyoshu goʻzal ul koʻzlar
Quvonch baxsh etmasin bizlarga qancha,
Bu foniy dunyoda bari vaqtincha.

Sonetlar

A. V. Shlegelga

Egnida beli tor raprap oq koʻylak,
Yuzlari boʻyalgan, serqiliq, tam-tam,
Etigi qoʻshtumshuq, oʻrtigi koʻrkam,
Aribel, boshida choʻqqayma turmak.
Shunaqa yasanib keldi oqbilak,
Soxta ilhom bir payt qoshingga xurram.
Ammo sen bormading bu yoʻldan begʻam,
Dolgʻali qismatni his etding beshak.
Soʻng qadim sahroda sen koʻrding qasr,
Qasr nchra sehrli uyquga asir,
Yotardi yuzlarn marmardek barno.
U sen deb uygʻondi, sochdi gul isin, —
Olmonning haqiqiy ilhom parisi
Bagʻringga tashlandi yayrab ruhafzo!

Onam Fon Geldern Qizi B. Haynega

I

Boshimni tutaman doimo magʻrur,
Hech qachon yengilmas oʻjar idrokim;
Qirolning qoshida turib hattokim
Koʻzimni men yerga olmayman bir qur.
Men yana, onajon, ta’kidlay masrur:
Boʻy egmam hech kimga tirikman tokim!
Va lekin qoshingda, jilmaygancha jim,
Bosh bukib turaman doimo maxmur.
Ul sening ruhingmi — keladi gʻolib?
Ul sening ruhingmi — gʻulgʻula solib,
Yoritar qalbimni chaqin misoli?
Boshimni egaman doim, ehtimol,
Keltirganim uchun senga koʻp malol,
Kechirganing uchun barini darhol?

II

Savdoyi xayolda seni tark etdim,
Aylanmoq istadim butun dunyoni,
Izladim oʻyimda kulgan barnoni,
Muhabbat lazzatin totay deb ketdim.
Muhabbat izladim, koʻksimni sitdim,
Qoqdim har eshikni tilab vafoni:
Ammo men doimo faqat jafoni
Va sovuq nafratni koʻrib qon yutdim.
Muhabbat izladim har koʻyda yigʻlab,
Topmadim, afsuski, bagʻrimni tigʻlab
Va qaytdim men uyga bemor oqibat.
Oʻshanda sen chiqding quchogʻing ochib,
Koʻzingda chaqnardi injular sochib
Men uzoq izlagan buyuk muhabbat.


H. Sh. ga

Ajib kitobchani ochganim zahot
Meni bot qutlaydi ul tanish jahon,
Bebaho suratlar boʻlib namoyon,
Bolalik kunlarga uchar xotirot.
Ul yuksak jome’ni koʻraman men bot,
Koʻkka bosh uradi olmoniy imon,
Argʻanun sadosi jaranglar komron,
Muloyim ovozlar joʻr boʻlar kushod.
Koʻraman jome’ning yovlarini ham,
Korchalon pastkashlar halni oʻchirar, —
Naqshinkor gullarni tirnab, koʻchirar.
Mayliga, yopishib emanga bu dam
Yam-yashil barglarni yulsinlar, biroq,
Yana bahor kelsa koʻkargay yaproq!

Xristian Zyote Uchun Naqshin Sonetlar

I

Egilib taqmayman toʻnkaga gultoj
Oltinga belangan boʻlsa ham agar:
Qoʻlimni choʻzmayman boyga ta’magar,
Nomardga oʻzimni qilmayman muhtoj.
Men buzuq ayolga ochmayman quloch
Fahshini yashirsa hamki bezaklar;
Aybdor qilmayman, olomon magar
Takabbur hokimga sezsa ehtiyoj.
Bilaman, choʻrt sinar magʻrur, choʻng eman,
Navda-chi, qutilar egilish bilan, —
Tabiat hayqirib, turganda boʻron.
Navdaning qismati, va lekin ayon:
Bir kuni u hassa — silliq, yaltiroq,
Yo koʻylak changini qoquvchi tayoq!

II

Bir niqob keltiring, endi men kiyay,
Chapani bir niqob, toʻpori niqob;
Artistcha bezakdor, qimmatli kimxob
Niqobni endi men butkul irgʻitay.
Oddiy soʻz, joʻn odat beringki shunday,
Gunohkor bandadek qilayin xitob
Va goʻzal qochirim, kiboriy odob,
Soxta qiliqlardan bosh olib ketay.
Niqoblar bazmiga kirdim chamasi,
Olmonning qiroli, rohib, joʻmardi
Masxarabozlardek xoʻp aylanardi.
Yogʻoch tigʻ oʻqtaldi menga hammasi.
Hazil bu. Chunki men bitta zarb urib,
Niqoblarni firtsam qocharlar qoʻrqib.

III

Kulaman — koʻzimga buzoqdek har dam
Baqraygan nodonniig ustidan men jim;
Kulaman — girdimda mening muloyim
Aylanib, hidlagan quv tulkidan ham.
Kulaman — oʻzimga bilimdon hakam
Sanagan takabbur maymundan doim;
Kulgili — zahrini yashirgan xoin
Mardlikdan bebahra ul ovuz odam.
Zero baxt uyining bebaho, porloq
Gʻaznasin beshafqat taqdirning qoʻli
Irgʻitgan paytida oyoq tagiga
Va keyin pokiza mard yuragiga
Tigʻ urib tilganda, ong yaxshi yoʻli —
Barini ustidan qahqaha urmoq

IV

Savdoyi boshimda aylanar ertak,
Ertakki, qoʻshiq bor unda biram choʻx.
Bu qoʻshiq ichra bor bir qiz misli choʻgʻ —
Lovullab yashaydi, sochi jamalak.
Ul goʻzal qizchada bor erur yurak,
Lekin, ul yurakda, afsus, sevgi yoʻq,
Ul yurak bir parcha muz kabi sovuq,
Qa’rida kibr bor — na his, na istak!
Boq, guvlar boshimda ertak sas borib.
Undagi qoʻshiqchi soladi qoʻrquv,
Qiz esa qiqirlar asta, boshafqat.
Tinchirmi bu azob boshimni yorib, —
Aqldan ozmasam boʻldi men, yohu,
Roʻy berib fojia, haqiqiy dahshat!

V

Osuda, gʻamnishin oqshom chogʻlari
Goh yangrar ul olis, ul unut navo,
Yuzimda koʻz yoshim bir oqar daryo,
Yana qon sochadi yurak dogʻlari.
Suyukli yorimning gul yonoqlari
Sehrli koʻzguda boʻladi paydo,
Lolarang nimchada, lovullab zebo,
Sukunat qoʻynida ish tikar pari.
Oʻrnidan shart turib mana, nogahon
Bir tutam tillarang kokilin shu vaqt
Shart kesib uzatar menga, — bu ne baxt!
Va lekin chang solar baxtimga shayton,
Oʻshal zar kokildin yasab u chilvir
Meni, necha yilki, sudraydi, qilvir!

VI

«Mana, bir yildirki, tengsiz gulruxsor,
Sen oʻpich bermaysan uchragan chogʻing».
Soʻzim tugamayoq gʻuncha dudogʻing
Labimga yopishdi choʻgʻdek, intizor.
Soʻng yulib uzatding kulib, baxtiyor,
Darchang ostidagi mirta butogʻin.
«Solginu bir siqim bahor tuprogʻin,
Oʻtqaz gultuvakka», — deding ishvakor.
Yillarni yil quvdi. Bir siqim tuproq
Ul xazon mirtadan yodgor chirindi;
Labim ham unutdi boʻsang totin, boq.
Boq, yana ul uyga keldim boumid,
Tun boʻyi tikilib koʻzlarim tindi,
Faqat tong otardi, ketdim noumid.

VII

Saqlangil, doʻstginam: alvasti aftdan,
Undan-da xavfliroq, lekin, malakroʻy.
Ulardan birini sevdimu beoʻy,
Koʻksimda panjani sezdim daf’atan.
Saqlangil, doʻstginam, bir xavfdan:
Qari mushukdan ham yoshi yovuz hoʻy.
Oʻlardan biriga boʻlib justijoʻy,
Yuragim tirpaldi jeztirnoq kaftdan.
Oh, goʻzal, quv chiroy, sehrli dildor!
Men shahlo koʻzlarga aldandim nahot?
Yurakni tirnamoq mumkinmi, hayhot?!
Oh, mushukkinamning mayin panjasi!
Sizlarni labimga gar bossam bir zum,
Yurak qon boʻlsa ham baxtliman oʻzim!

VIII

Sen koʻrding, kurashdim nozik did mushuk
Hamda koʻzoynakli laychalar bilan;
Pokiza nomimni qoralab tuban,
Ishimga doimo tiqdilar tumshuq.
Sen koʻrding, tashlandi maydakash, shumshuk,
Ahli masaxaraboz menga daf’atan;
Sen koʻrding qon oqdi minglab yaradan —
Qalbimga yopishdi necha yuz zuluk.
Sen turding mustahkam minordek har choq,
Boshing — boʻron payti nurafshon mayoq,
Yuraging men uchun boʻldi bandargoh.
Bandargoh yoʻlida xatar ulkandir
Mayli, oz kemalar unga kirgandir
Va lekin kirganlar topgaylar panoh.

IX

Koʻzimga yosh kelsa, yigʻlardim zero,
Koʻklarga uchardim sogʻ boʻlsam albat.
Yoʻq, boʻlar mumkinmas sudralmoq qismat,
Yashayman ilonu chayonlar aro.
Hayotim qilsayding agar purziyo
Uchardim gardingda men, mohi tal’at,
Qaynoq nafasingni simirib faqat, —
Yoʻq, bular mumkinmas, yuragim tanho.
Bu tanho, bu bemor yurakdan, evoh,
Qon oqar, sezaman: ketmoqda mador,
Koʻzlarim oldini qora bosmoqda.
Olislab boraman sirli titroqda,
Tumanli maskanda qoʻl choʻzar bedor
Bagʻriga bosay deb meni bir arvoh.


Zerafina

1

Men kezaman tungi oʻrmonda,
Orzularim yurtidir oʻrmon.
Latofatli, sirli qiyofang
Unda meni tark etmas bir on.
Ayt, bu — harir oʻrtigingmi yo
Yuzginangning oʻzimi, goʻzal?
Ehtimol u — daraxt oralab
Oydan tushgan samoviy bir hal?
Balki bu men — jimlikni buzgan
Koʻz yoshimning tomchilaridir?
Balki u sen — yigʻlab besazo
Menga hasrat qilarsan bir-bir?

2

Boʻm-boʻsh, jim-jit dengiz sohilin
Tun pardasi qoplab bir zamon,
Oy boqqanda bulut ortidan
Mavjlar soʻrar shivirlab hayron:
Ayt, tentakmi anavi odam,
Yo oshiqmi, kim boʻldi oʻzi —
Bir qarasang, yayraru kular,
Bir qarasang yosh toʻla koʻzi.
Ayyorona charaqlab shunda
Oy shivirlar engashib yaqin:
«U ham tentak, ham oshiq erur,
Boz ustiga shoirdir tagʻin».

3

Havolaydi bir kumush chorloq,
Goh toʻsh urib mavjga ovora,
Goh yuksalar toʻlqinlar uzra;
Oy balandlab borar tobora.
Nahanglaru skat — baliqlar
Suv yuziga chiqar oshkora,
Chorloq esa goh yuksak, goh past;
Oy balandlab borar tobora.
Oh, azizam, ey foniy qalbim,
Sen hadikdan, gʻamdan sadpora:
Shundoqqina yaqin sovuq qa’r,
Oy balandlab borar tobora.

4

Angladimki, suyukliman men,
Sen sevasan jonu dilingdan;
Lekin rosti, bir choʻchib tushdim
Izhoringni tinglab tilingdan.
Men kuyladim togʻlarga chiqib,
Qoʻshiq aytdim yayrab, joʻsh urib.
Men yigʻladim borib dengizga
Quyosh choʻkkan hududni koʻrib.
Yuragim ham xuddi quyoshdek
Lovullaydi yogʻduga toʻlib,
U ham choʻkdi ishq dengiziga
Ulkan boʻlib, goʻzal choʻgʻ boʻlib.

5

Bizga ajib qiziqish bilan
Boʻynin choʻzib moʻralar chorloq;
Chunki aqiq dudoqlaringga
Men shavq bilan bosganman quloq!
Uning juda bilgisi kelar
Ne gapligin ikkimiz aro:
Dudoqlaring ne bilan mashgʻul —
Soʻz bilanmi, boʻsa bilan yo?
Ammo qalbda qanday talotum? —
Bilgim kelar jon deb oʻzim ham:
Ne ajabki, boʻsalar — soʻzga,
Soʻz boʻsaga aylanar bu dam!

6

U kiyikdek mendan xavfsinib,
Toshdan-toshga otildi yengil!
Gʻuvillagan togʻ shamolidan
Toʻzgʻib ketdi tillarang kokil.
Unga yetdim togʻ chetida men, —
Sohil boʻlmish tikka qoyada.
Uning achchiq, shaxt gaplariga
Shirin soʻzlar aytdim gʻoyatda.
Soʻng oʻltirdik Osmon ostida,
Shundoqqina jannatga yondosh;
Bu payt suvning qora qa’riga
Sekin-sekin botardi quyosh.
Va nihoyat mavjlar qa’riga
Butkul choʻkdi goʻzal nur, mana.
Dolgʻalarni uning oʻstidan
Quvib dengiz qildi tantana.
Motam tutma quyoshga, jonim!
Nur yitmadi dengiz qa’rida;
Shu lahzadan boshlab ham oʻzi,
Ham bor tafti mening bagʻrimda!

7

Shu choʻqqida qurib butxona
Toat bilan xushlaylik ruhni, —
Biz uchinchi Ahd ul-jadidga
Berilaylik quvib anduhni!
Endi qalbning ikki xil fe’li
Haqidagi mish-mishlar bitdi.
Bu kunlarda gunohdan choʻchib
Tagʻin qiynash odati yitdi.
Ilgʻadingmi, tangri sasi bor
Bu koʻpirgan tubsiz qa’r aro?
Koʻryapsanmi osmonda uning
Minglab shami sochmoqda ziyo?
Bor mavjudot ichra tangri bor,
Tangri bilan borliq goʻzal, hur.
Tangri — zulmat, tangri nur, hayot,
Tangri — bizning boʻsalar erur.

8

Miltillaydi mitti yulduzlar
Dengiz uzra tunga qasdma-qasd.
Goh-goh choʻziq pishqiriq saslar
Kelar ochiq dengizdan elas.
Sovuq Shimol ayozi oʻynab
Mavjlar sochin tarar tumanda,
Shunday koʻpchib argʻanun nayi
Raqs tushadi har gal chalganda.
Majusiylar ohanglariyu
Cherkov kuyi chirmashib ketar,
Ular sirli Arshi a’loga,
Yulduzlarga jaranglab yetar.
Yulduzlar-chi, tobora chaqnab
Ulkanlashar, raqs tushar shaddod
Va poyonsiz boʻshliqda kezar
Xuddi ulkan quyoshdek ozod.
Dengiz arzin tinglaru osmon,
Joʻr boʻladi yovvoyi kuylab,
Chaqnab uchar olov bulbullar
Nurga choʻmgan mehvarlar boʻylab.
Dengiz qa’ri, osmon gumbazi
Suron ichra qorishib porlar,
Qalbni buyuk omuxtalikka —
Boʻronlarning qoʻyiiga chorlar.

9

Bari sharpa, bari omonat:
Boʻsalar ham, ishq ham, hayot ham!
Ishonasan sengina faqat,
Mangu deya ularni, erkam!
Bizniki deb neniki sevsak,
Bari yolgʻon, oniy bir roʻyo,
Unutgaydir barini yurak,
Koʻz uyquga ketgay beparvo.

10

Sohilda bir qiz turib
Tikadi koʻkka nigoh,
Lovullar ekan gʻurub
Xoʻrsinib chekadi oh.
«Qaygʻurma, qizcha! Bu hol
Quyoshga odat mangu:
Qarshingda choʻkib behol,
Balqiydi ortingdan u».

11

Mening kemam, qora yelkanim
Uchib borar toʻlqinlar aro;
Bilib turib azoblarimni
Toʻxtatmaysan qiynoqni aslo.
Shamol kabi beburd yuraging,
Goh bundayu, undadir goho;
Mening kemam, qora yelkanim
Uchib borar toʻlqinlar aro.

12

Past ketdingki shunchalar, oxir
Odamlarga aytishdan qochdim.
Ammo chiqib ochiq dengizga
Baliqlarga siringni ochdim.
Istardimki, yer uzra seni
Vafodorga mudom yoʻysinlar.
Ammo dengiz kengliklarida
Beburdliging bilib qoʻysinlar.
Koʻchgan togʻdek solib gʻuluv,
Mavjlar guvlaydi;
Rezalanib koʻpirar-u,
Qumga qoʻlaydi.
Ulkanlashar ular tinmay
Koʻtarib suron, —
Balki bizga koʻmak bergay
Betiyiq tugʻyon?!

14

Men xayol suraman sohilda charchoq,
Mox bosgan qoyada oʻltirib yolgʻiz.
Shamol gʻuvillaydi, qichqirar chorloq,
Toʻlqinlar sapchiydi, quturar dengiz.
Yonimda bor edi ne-ne guljamol,
Doʻstlarim davrasi bor edi tengsiz,
Ayt ular qaylarda?.. Gʻuvillar shamol,
Toʻlqinlar sapchiydi, quturar dengiz.

15

Gʻurub yonib, dengiz boʻshligʻi
Alangaga chulgʻandi butun.
Vujudimni dongizga bering,
Birodarlar, men koʻz yumgan kun.
Men dengizni sevdim doimo,
U doʻst edi menga begumon,
Qasirgʻali bir tuygʻu bilay
Baxsh etardi qalbimga darmon.