OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Hermann Hesse. Boʻri (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHermann Hesse
Asar nomiBoʻri (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Shvetsariya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Modernizm
Mualliflar
   - Hermann Hesse
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonMirzaali Akbarov (Olmon tilidan)
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Boʻri (hikoya)
Hermann Hesse

Farangiston togʻlarida hali hech qachon bunday qahraton qish boʻlmagan va bunchalik uzoq choʻzilmagan edi. Bir necha haftadirki, havo ochiq, tiniq, quruq sovuq zabtiga olgan. Kunduzlari ochiq, tiniq moviy osmon ostida qor bosgan keng, qiya dalalar nursiz, oqish yiltirab, poyonsiz yastanib yotar, kechalari esa kichkinagina Oy yanada tiniqlashib, sariq yogʻdu sochar, uning oʻtkir nurlari qirchillama qish sovugʻida qor uzra xira akslanardi. Odamlar tepalik tugul, hatto koʻchalarga ham chiqishmas, uylarga biqinib olishgan, tunda koʻkimtir Oy nurida qishloq kulbalarining yoniq derazalari is bosgandek xira koʻrinar va tezda oʻchib qolar edi.

Tevarak-atrofda yashovchi jonivorlar uchun ham ogʻir davr boshlangan edi. Maydaroqlari toʻp-toʻp boʻlib muzlab qolar, qushlar ham qahraton qish sovugʻiga dosh berolmay halok boʻlib, qirgʻiy va boʻrilarga yem boʻlardi. Biroq ayoz va ochlikdan barchaning sillasi qurigan edi. Boʻrilarning ham juda ozginasi omon qolgan, kulfat ularni bir-biriga yanada jipslashtirgandi. Kunduzlari yemish topish ilinjida ular yakka-yakka izgʻir edilar. Dam-badam qor uzra ozib-toʻzib ketgan, sharpa yangligʻ unsiz pusib borayotgan och, biroq oʻta hushyor boʻri koʻzga chalinib qolardi. Qor bosgan dalada kaftdek soya unga ergashadi.

Shamolda bir nimani sezdimi, oʻtkir tumshugʻini choʻzib, tinka- madori qurib, qisqa-qisqa uvlab qoʻyadi. Kechalari ular gala-gala boʻlib ovga chiqar, boʻgʻiq uvillab, qishloqlar atrofida izgʻirdi. U yerlarda mol va parrandalar ogʻillarga mahkam berkitilgan, derazalarning darchalariga ov miltiqlari suyab qoʻyilgandi. Onda-sonda itmi, shunga oʻxshash mayda oʻljani hisobga olmaganda ahvol tang, shundogʻam gala ichidan ikki boʻri otib oʻldirilgan edi

Sovuq hamon zabtiga olardi. Boʻrilar issiqroq boʻlishi uchun koʻpincha yonma-yon yotar, huvillagan dalalarda unsiz, ma’yus termilib, qulay payt kelishini poylashardi. Shunda ulardan biri ochlik azobiga dosh berolmay, kutilmaganda vahimali uvlab yubordi. Unga boshqalari ham qoʻshildi, bir zumda chor-atrofni boʻrilarning dahshatli uvillagan ovozlari tutib ketdi.

Nihoyat, galaning chogʻroqqina qismi yoʻlga otlanishga ahd qildi. Erta tongda uyalarini tark etib, bir yerga toʻplangan boʻrilar sovuq havoni bezovta iskay boshladi. Soʻng chamasi baravar qoʻzgʻaldi. Ortda qolganlar oldindagilar ketidan ancha joygacha ergashib chopib bordi, soʻng ikkilanib toʻxtab, ularga majolsiz qarab turgach, sekin in-iniga qaytdi.

Yoʻlda borayotganlar qiyom payti bir-birlaridan ajraldilar. Uchtasi sharq tarafga – Shveysariyaning Yura togʻlari tomon, qolganlari esa janubga qarab ketdi. Uchala boʻri kelishgan, kuchli biroq nihoyatda ozib-toʻzib ketgan edi. Oqimtir qorinlari kamardek tortilgan, qovurgʻalari ayanchli tarzda turtib chiqqan, halqumlari quruqshab, qoʻzlari ma’yus va tushkin boqardi.

Uchovlon Yuraga yetib borgandan soʻng ikkinchi kuniyoq bitta qoʻy, uchinchi kuni esa it bilan qulunni oʻlja oldi, bundan dargʻazab boʻlgan qishloq aholisi yirtqichlarni har tomondan ta’qib qila boshladi. Chor atrofdagi qishloqlar va shaharchalarda vahimali gap-soʻzlar tarqaldi. Pochta tashuvchi chanalar qurollantirildi, miltiqsiz hech kim koʻchaga chiqmaydigan boʻldi. Uchala yirtqich begona joyda avvaliga biroz hayiqqan boʻlishsa-da, shunday ajoyib oʻljadan soʻng oʻzlarini qoʻyib yuborishdi; ular endi har qachongidan koʻra taptortmas boʻlib, qishloq hovlilaridan biridagi molxonaga kuppa-kunduzi hujum qildi. Tor ogʻil bir zumda ari uyasidek toʻzidi, sigirlar ayanchli moʻ-moʻlar, yogʻoch qoʻralar qarsillab sinar, ot tuyoqlari yerni titratib dupurlardi. Biroq bu gal odamlar yetib keldi. Boʻrilarni kim oʻldirsa, unga mukofot e’lon qilingan, bundan dehqonlar jasoratiga jasorat qoʻshilgandi. Ular shu zahoti ikki boʻrini tinchitishdi, birining boʻgʻziga ov miltigʻidan otilgan oʻq tekkan boʻlsa, boshqasini oybolta bilan bir yoqlik qilishdi. Uchinchisi chap berib qochib qoldi, joni halqumiga kelib, qor ustiga qulamagunga qadar orqa oldiga qaramay yugurdi. Boʻrilar ichida u eng navqironi, eng kelishgani edi, shu bilan birga bu magʻrur jonivor baquvvat, kuchli, epchil va chaqqon ham edi. U ogʻir-ogʻir nafas olib, uzoq yotdi. Koʻz oʻngida qonli qizil doiralar gir-gir aylanar, ogʻriq azobidan ahyon-ahyonda toʻlgʻanib qoʻyardi. Yelkasi oybolta zarbidan jarohatlangan. Baribir bir oz tin olgach, u yana oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Shundagina u juda uzoq masofaga yugurib borganiga amin boʻldi. Atrofda na biron uy, na odam zoti koʻrinardi. Roʻparasida qalin qor bosgan togʻ savlat toʻkib turardi. U Shasseral togʻi edi. Togʻni aylanib oʻtishga ahd qildi. Tashnalik azobi ustun kelib, boʻri qorning muzlagan ustki qatlamidan bir parcha sindirib yedi.

Togʻning narigi tomoniga oʻtgan ham ediki, u bir qishloqqa duch keldi. Kech kirib borardi. Boʻri qalin oʻsgan archazor ichiga kirib, nafasini rostladi. Qishloq molxonalarining ilimiliq hidi dimogʻiga urildi-yu, asta bogʻqoʻralar ustidan oshib oʻtdi. Koʻchada hech zogʻ yoʻq. Ogʻzidan soʻlagi oqib, qoʻrqa-pisa oʻzini uylar orasiga urdi. Shu zahoti oʻq ovozi yangradi. U oʻzini tutib, endi yugurmoqchi boʻlgan ham ediki, qarsillab ikkinchi oʻq uzildi. Oqish qornining quyi qismidan yirik qon tomchilari tirqiray boshladi. Boʻri bor kuchini toʻplab, hakkalay-hakkalay nihoyat, narigi tarafdagi togʻ bagʻrida joylashgan oʻrmonzorga yetib bordi. U yerda bir zum tevarak-atrofga diqqat bilan quloq soldi, ikkala tarafdan ham odamlarning ovozlari va qadam tovushlari eshitildi. Qoʻrqa-pisa toqqa razm soldi. Togʻ nishab, serdaraxt, unga chiqib borish ancha mushkul edi. Biroq boshqa yoʻl ham yoʻq edi. Boʻri nafasi boʻgʻziga tiqilib, qiya togʻ bagʻriga qapishgancha asta yuqoriga oʻrmalab chiqa boshladi, pastda esa yaqinlashib kelayotgan olomonning gʻala-gʻovur ovozlari eshitilib, dam-badam fonuslar yaltillab qolardi. Yarador boʻri nimqorongʻu archazordan dir-dir qaltirab yurib borar, yarasidan jigarrang qon tizillab otilardi.

Sovuq sal tashladi. Gʻarb tomondan osmon gʻuborli edi – bu qor yogʻishidan darak edi. Holdan toygan, tinka-madori qurigan boʻri nihoyat bir amallab tepalikka chiqib oldi. U endi Mont Crosin degan joy yaqinida, oʻzi arang qochib chiqib kelgan qishloq uzra choʻzilgan qiya, qalin qor bilan qoplangan keng maydonda turardi. Ochlikni sezmas, biroq jarohati simillab ogʻrib, qattiq azob berayotgandi. Osilib qolgan boʻgʻzidan asta, bilinar-bilinmas nido keldi, yuragi ogʻir ura boshladi, muqarrar oʻlim zildek bosib kelayotgandek tuyuldi. Shunda bexosdan shoxlari tarvaqaylab oʻsgan yolgʻiz archaga koʻzi tushdi; archa tagiga borib, gʻira-shira tun qa’riga ma’yus tikilib qoldi. Oradan yarim soat vaqt oʻtdi. Kutilmaganda qor ustida gʻalati va mayin, xira qizil nur paydo boʻldi. Boʻri ingrab, joyidan qoʻzgʻaldi, yorugʻlik tomon intildi. Bu janubi-sharq tomondan katta va qip-qizil boʻlib chiqqan, tungi osmon uzra tobora koʻtarilib kelayotgan Oy nuri edi. Ancha vaqtdan beri u bu qadar qizarib, toʻlishmagandi. Asta-sekin jon taslim qilayotgan jonivor xira, tussiz Oy gardishiga ma’yuslanib boqarkan, zaif xirillagan ovozda uvillab qoʻydi, ovoz sassiz tun qa’riga singib ketdi.

Hademay qoʻllarida fonus koʻtargan odamlar yetib keldi. Qalin palto kiygan dehqonlar, boshlariga moʻyna telpak, oyoqlariga issiq paypoqli etik kiygan ovchilar, yigit-yalanglar qorni bir-bir bosib, yaqinlashib kelishardi. Hamma shodon qiyqirib yubordi. Harom qotayotgan boʻriga koʻzlari toʻyib, unga ikki marta oʻq uzishdi, ikkala oʻq ham nishonga tegmadi. Keyin kelib koʻrishsaki, oʻzi jon talvasasida yotibdi. Ular tayoq va soʻyillarini oʻynatib, boʻriga yopirilishdi. Boʻri buni ortiq sezmadi ham.

Tilka-pora boʻlgan boʻri jasadini Sankt Immer tomon sudrab olib ketishdi. Hammalari kulishar, bir-birlariga maqtanishar, aroq va qahva ichib, xursandchilik qilishar, ashula aytishar, soʻkinishardi. Qalin qor qoplagan goʻzallikni, baland yassi togʻ yogʻdusini, ov miltiqlarining millari, billur qor zarralari hamda oʻldirilgan boʻrining soʻnik koʻzlarini gʻira-shira yoritib, Shasseral togʻi uzra osilib turgan yorugʻ Oyni esa hech kim koʻrmas edi.