OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Hermann Hesse. Nyurnbergga sayohat
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHermann Hesse
Asar nomiNyurnbergga sayohat
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Shvetsariya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Modernizm
Mualliflar
   - Hermann Hesse
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonMirzaali Akbarov
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Nyurnbergga sayohat
Hermann Hesse

«
Bu yil jahon jamoatchiligi XX asr adabiyotining ulugʻ namoyandalaridan biri, Nobel mukofoti sohibi, buyuk olmon adibi Hermann Hesse (1877—1962) tavalludining 130 yilligini keng nishonlaydi. Hermann Hesse eng koʻp mutolaa qilinadigan olmon adiblaridan biridir. Uning koʻplab roman, qissa, hikoyalari, she’rlari, siyosiy, adabiy-tanqidiy ruhdagi asarlari chop etilgan. Ular orasida, ayniqsa, «Choʻl boʻrisi», «Marjonlar oʻyini», «oʻildiraklar ostida», «Demian» kabi asarlari alohida dovrugʻ qozongan. Adib, shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy yoʻnalishda ham koʻplab asarlar yozgan. Yuqorida tilga olingan «oʻildiraklar ostida» romani, shuningdek, «Nyurnbergga sayohat» safarnomasi va boshqa koʻpgina asarlar shular jumlasidandir. Quyida yozuvchining «Nyurnbergga sayohat» safarnomasidan bir parchani oʻquvchilarimiz e’tiboriga havola qilmoqdamiz.
»

Yoʻlga chiqqan kunim havoning avzoi buzuq, qor aralash yomgʻir yogʻardi. Yana Augsburg yonidan oʻtdim, shahar uzra katta butxona va Sankt-Morits qad rostlab turardi, shundan soʻng notanish joylar koʻz oʻngimdan oʻta boshladi, bekatlar orasidagi oxirgi masofada esa odam oyogʻi yetmagan, xilvat, qalin oʻsgan ajoyib qaragʻayzor oʻrmonlar boshlandi, daraxtlar uchi qor boʻronida chayqalardi. Bu manzara goʻzal va sirli, shu bilan birga men, janublik uchun noxush hamda vahimali edi.

Agar shunday ketaveradigan boʻlsam, oʻylardim men, yanada koʻproq qaragʻaylar, yanada koʻproq qorlar uchraydi, undan soʻng ehtimol Layptsig yoki Berlin boshlanar, keyin esa Shpitsbergen va Shimoliy qutb koʻrinib qolsa, ajabmas. E xudo, yaxshiyamki, Drezdenga taklifnomani qabul qilmaganim-a! Buni tasavvur ham qilib boʻlmasdi. Busiz ham yoʻl uzoq, haddan ziyod uzoq edi, men Nyurnbergga yetib kelgach, xursand boʻlib ketdim. Koʻnglimda men bu gotik shaharda har turli moʻ'jizalar kutgandim. Hoffmann va Vakenroder ruhi bilan uchrashaman deb umid qilganman, biroq afsuski, bundan hech nima chiqmadi. Shahar menda dahshatli taassurot qoldirdi, bunga albatta, oʻzim aybdorman. Men haqiqatan ham maftunkor, Ulmdan koʻra boyroq, Augsburgdan koʻra oʻziga xosroq eski shaharni koʻrdim. Avliyo Lorents va avliyo Zebaldni, ratusha va uning ta’riflab boʻlmaydigan darajada gʻoyat goʻzal favvora turgan hovlisini tomosha qildim. Men bularning barchasini koʻrdim, hammasi juda goʻzal edi, biroq barchasi katta, loqayd, zerikarli korchalon shahar binolari bilan oʻrab olingan, motorlarning guvillagan shovqin-suroni ostida, avtomobillar qurshovida edi, barchasi toʻrsimon gumbazlar qurmaydigan va jimjit hovlilarga favvoralarni gullardek goʻzal qilib oʻrnata olmaydigan boshqa bir zamon sur'ati ostida asta titrardi, barchasi yiqilay-yiqilay deb turardi, chunki na ruh, na ma’no bor edi. Qanday goʻzal, qanday maftunkor narsalarni koʻrmadim bu mahobatli shaharda! O, nafaqat ajoyib diqqatga sazovor joylar, cherkovlar, favvoralar, Dyurer uyi, qal'a, balki mayda, tasodifiy, aslida menga qadrli boʻlgan bir talay narsalar. «Shar» deb ataladigan bir dorixonada (u mustahkam, muhtasham eski binoda joylashgan edi) oʻzimga choʻmilish uchun yangi koʻzoynak sotib oldim, bu yerdagi vitrinalardan birida hozirgina tuxumdan chiqqan timsohchaning tulumi tuxum poʻchogʻi bilan birga qoʻyib qoʻyilibdi. Bu yerda meni shunga oʻxshash yana koʻpgina narsalar oʻziga tortdi. Biroq menga hech narsa yordam berolmadi. Nazarimda, barchasini manovi la’nati mashinalardan chiqqan gaz qoplab olgan, barchasi yemirilgan, barchasi insoniy emas, balki iblisona hayotdan zirillagan, barisi oʻlishga, yoʻq boʻlishga tayyor, bu dunyoga nafratdan qulab tushishga va halokatga tashna, behuda turaverishdan, ruhsiz goʻzallikdan charchagan edi. Adabiy uyushmada ochiq chehra bilan kutib olishgani ham, soʻnggi (uzoq vaqt, balki bir umrga) ma’ruzamni tugatganimdan keyingi yengil tortish ham, hech narsa yordam bermadi. Hech qanday roʻshnolik yoʻq edi bu yerda. Mehmonxona bugʻ bilan isitilardi, keragidan ortiq qizdirib yuborilganidan xona isib ketgan, kechasi bilan ham sovimas, derazani ochay desam, serqatnov koʻcha shovqini, bu yoqda manovi yaramas apparat - telefon kechasi ogʻriq kuchayib, uxlayolmaganimga yarasha tongda ozgina mizgʻib olishga ham qoʻymasdi.

Aynan Nyurnbergda oʻzimni toʻqson yashar oʻlayotgan choldek his qildim, shu yerda meni joyimga qoʻyib qoʻya qolishsin, degan tilakdan boshqa hech qanaqangi istak-xohish yoʻq edi, aynan shu yerda men koʻproq yoshlar bilan muloqotda boʻldim. Ulardan biri, oʻquvchi yo talaba boʻlsa kerak, ma’ruzadan soʻng meni biroz xijolat qilib qoʻydi. U kitobga bir nima deb yozib berishimni soʻradi, nima yozishni bilmay turganimda (shu paytda miyamga nima fikr ham kelardi) grekcha soʻzlarni, kitoblarimdan birida uchraydigan «Injil»dan iqtibos yozib berishimni taklif qildi. Yigirma yildan oshdi, grekcha harf yozmaganimga; xudo biladi, yozuvim qanaqa chiqdi! Boshqa bir yigit yosh shoir ekan, Nyurnbergda oʻtgan oʻsha qisqa vaqtimning kattagina qismini u bilan birga oʻtkazdim va undan xursand boʻldim. U oʻzi menga ilgariyoq yoqib qolgan edi, qisman men haqimdagi jiddiy maqolasida she’riy mashqlarimning behuda urinish ekanligini va buning sabablarini juda yaxshi koʻrsatib bergan edi, qisman esa kichkinagina doston muallifi sifatida (ushbu doston chindanam jozibali yozilgan boʻlib, uning qahramoni shoir Grabbe edi) yigitcha menga yoqib qolgan edi. Bu yosh shoir men bilan Nyurnberg boʻylab birga yurardi, oʻzi oʻtkir ichimliklar ichmasa-da, kechqurunlari qahvaxonalarda sabr-toqat qilib men bilan birga oʻtirardi, u oʻzining yoqimtoy chehrasi va kichkina nozik qoʻllari bilan ba’zi daqiqalarda meni bu shaharda xavf-xatardan asrash uchun buyurilgan farishtaga oʻxshab ketardi.

Shunday boʻlsa ham, harholda xiyla sarosimaga tushgan va umidsiz kayfiyatda edim. Bir narsa menga aniq edi - u ham boʻlsa, bu yerdan imkoni boricha tezroq ketish. Myunxenda ishonarli, yaxshi bir doʻstim bor edi, u bilan telegraf orqali bogʻlanib, bu yerda ortiq turolmasligimni, iloji boʻlsa, meni keyingi tezyurar poezd bilan Myunxenda kutishini ma’lum qildim. Bor budimni yana jomadonga naridan-beri tiqdim-da, mehmonxonadan vokzalga bir amallab yetib oldim va qutulganimga shukr qilib, goʻyoki halokatga mahkum Nyurnbergdan joʻnab ketdim. Poezd Myunxenga yetguncha hech qaerda toʻxtamadi, biroq manzilga yetib borgunimcha boʻlarim boʻldi, yoʻl juda uzoq tuyuldi, allaqancha vaqt oʻtdi, dilim xufton, koʻzlarim qizargan, tizzalarim qaltirar, yiqilgudek bir alpozda edim. Ehtimol, bu sayohatimning eng goʻzal lahzasidir. Men yana Myunxendaman. Hartugul tirikman, barchasi ortda qolgan, endi hech qachon ma’ruza oʻqishim kerak emas edi. Doʻstim esa, boʻychan va baquvvat, koʻzlari kulib turar, qoʻlimdan darhol yukimni olib, koʻpam soʻrab-surishtirib oʻtirmasdan, bizni falon-falon restoranda tanishlarimiz kutishayotganini aytdi. Menga qolsa, hoziroq oʻzimni karavotga tashlagan boʻlardim, ammo restoranda oʻtirib otamlashganga ne yetsin?!

Stol atrofida adib va tanqidchilar oʻtirishar, bizni kutishayotgan, qadahlarga esa haqiqiy asl mozel quyilgan edi, eng qiziqarli mavzulardagi suhbat va munozaralarga quloq solib oʻtirardim, bundan mamnun edim, chunki bu gaplarning menga mutlaqo aloqasi yoʻq, mendan hech narsa talab qilmas, qiziqarli edi, xolos.

Myunxen yaqinidagi qishloq joyda istiqomat qiladigan oshnamnikida biroz dam olib, uyga qaytish ulovini aniqlayolmay yana bir necha kun qolib ketdim. Bavariyalik eng yaxshi koʻrgan doʻstlarimdan birini bir kechaga chaqirib olishga muvaffaq boʻldim, oqshom zoʻr va samimiy oʻtdi, uni hech qachon unutmayman. Yozuvchi Yozef Bernhart bilan birga oʻtgan bir soat vaqt nihoyatda samarali boʻldi. Bir kechani Tomas Mann huzurida oʻtkazdim. U bilan allamahalgacha gaplashib oʻtirdik, bu kecha uchun undan minnatdorman. Endi «Simplitsissimus»da bosilayotgan «San'atkorlar maktublari»ning muallifi Yoaxim Ringelnattsni ham koʻrgim keldi, u bir kechaga tashrif buyurganimdan gʻoyat xursand boʻldi.

Shahar tashqarisida - Nimfenburgda rohat qildim, meni erkalatib yuborishdi, men u yerda kun boʻyi koʻzlarimni suvdan uzmay oʻtirar yoki keksa azim daraxtlar ostida u yoqdan-bu yoqqa borib kelardim, shamolda shodon oʻynayotgan soʻlgʻin yaproqlarni - oʻzimizning mitti ogʻalarimizni kuzatardim. Ularga qarab turib gʻamga botardim, dam kulib qoʻyardim. Xuddi ularga oʻxshab, men ham bugun Myunxenga, ertaga esa Syurixga uchaman, soʻng yana ortga qaytaman, muttasil nimanidir quvib, iztirobdan qochishga, oʻlimni yana biroz keyinga surishga intilaman. Nega endi bunchalar qarshilik koʻrsatamiz? Hayot oʻyinidan goho xafa boʻlar, goho kulardim. Binobarin, kulgi men uchun yaxshi hamda koʻngildagi narsa ekan, oshnamdan Myunxenda men ilgari koʻrganimdaqa hozir ham haqiqiy klassik komiklar bormi-yoʻqmi, deb soʻradim. Albatta bor, doʻstim shunaqalardan bittasini bilarkan, uning ismi Valentin ekan va biz gazetalarni titkilashga tushib ketdik, ma’lum boʻlishicha, u kechqurunlari kamer teatrida oʻzining «Myunxenlik qaroqchi-qurolbardorlar» nomli pesasini qoʻyarkan. Bir kuni oqshom teatrga tushdik. Bu moʻ'jazgina teatrda soat oʻngacha Strindbergni qoʻyishdi, soʻng Valentinga navbat keldi. U ushbu ajoyib pesa, favqulodda bema’ni safsata - «Myunxenlik qaroqchi-qurolbardorlar»ni kichkinagina truppa bilan birga ijro etdi. Pesaning bor mazmuni shu ediki, Valentin uzun qilichni taqib olib, soqchi sifatida u yoqdan-bu yoqqa yurib turar va shu asnoda kulgili gaplarni gapirib, gʻalati qiliqlar qilar edi. Ba’zan esa voqea yigʻlab yuborgudek darajada gʻamgin tus olardi, masalan, u kechki ayozda shahar devori oldida oʻtirib, garmon chalgan koʻyi yoshligini eslar, mudom urush va oʻlim haqida oʻylardi. Yoki oʻylanib, koʻrgan tushini soʻylardi, tushida u oʻrdak emish, sal boʻlmasa uzun chuvalchangni yutib yuborayozibdi. Shu oʻrinda insonning bilish qobiliyati cheklanganligi eng sodda shaklda, gʻoyat ajoyib tarzda tasvirlab berilganiga qoyil qolasan. Oʻsha garmon joʻrligidagi fojeaviy hikoya ham birdaniga koʻtarilgan qattiq kulgi, qahqahalar bilan kutib olinardi, men hali bunday mamnun tomoshabinlarni uchratganimcha yoʻq. Odamlar ham kulishni yoqtirisharkan, qarang! Havoning sovugʻiga qaramasdan ular, biroz kulishaylik deb uzoq shahar atroflaridan kelishadi, pul toʻlashadi, tun yarmidan oqqandan keyingina uy-uylariga tarqalishadi. Men ham rosa kuldim, menga qolsa, ushbu pesa ertalabgacha davom etaversa, derdim. Xudo biladi, endi yana qachon kulishamiz. Qiziqchining mahoratiga, uning ahmoqona xatti-harakatlarimizni hamda bema’ni va mudhish qismatimizni qanchalik dahshatli va nochor tarzda tasvirlab, kulgi formulasiga keltira olishiga qarab, shunchalik koʻp kulish mumkin! Ortimizda oʻtirgan tomoshabinlardan biri, yoshgina ayol kutilmaganda ikkala tirsagini yelkamga qoʻyib oldi. Meni sevib qoldimikin, deb oʻylab oʻgirilib qarasam, yoʻq, bu kulgining ta’siri, u kulgidan oʻzini tutolmay, jin urgandek menga qarab sapchigan ekan. Valentin haqidagi ushbu xotira - mazkur sayohatning javohirlaridan biridir.