OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHermann Hesse
Asar nomiTungi chipor kapalak (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Shvetsariya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Modernizm
Mualliflar
   - Hermann Hesse
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonMirzaali Akbarov (Olmon tilidan)
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tungi chipor kapalak (hikoya)
Hermann Hesse

Kech kirib, qosh qorayayotgan payt edi. Mehmonim va doʻstim Haynrih Mor kechki sayrdan qaytib kelib, ish xonamda kamina bilan birga oʻtirardi. Oʻydim-chuqur derazadan olisdagi qirgʻoqlar koʻl gʻira-shira koʻrinib turardi. Kichik oʻgʻlim bizga xayrli tun tilab ketdi-yu, suhbatimiz beixtiyor bolalik va u bilan bogʻliq xotiralarga koʻchdi.
– Farzandli boʻlganimdan beri, – gap boshladim men, – bolalik davrimdagi ba’zi bir ishqibozliklar yana qoʻziy boshladi. Hatto kapalak yigʻa boshlaganimga ham qariyb bir yil boʻlib qoldi. Kapalaklarimni koʻrasanmi?

U «ha» dedi va men yengilgina qogʻoz qutilarimdan ikki-uchtasini olib kelgani ketdim. Olib kelib, qutilarimdan birinchisini ochganimda, avvaliga uning ichi qorayib ketganini sezdik; qanotlari tik kapalaklar esa bir-birini ajratib boʻlmaydigan holda edi.

Chiroqni yoqqani gugurt chaqqandim, birdan tashqaridagi manzara allaqayoqqa gʻoyib boʻldi, derazani tungi koʻkimtir zimiston chulgʻab oldi. Endi kapalaklarim chiroq yorugʻida quti ichida ajoyib bir tarzda yaraqlab ketdi. Biz qutichaga engashib, chiroyli, rang-barang kapalaklarni tomosha qilib, ularning nomlarini atay boshladik.
– Mana bu sariq rangli tasma kapalak, – dedim men unga, – lotincha nomi «fulminea» deb ataladi, bu yerlarda kam uchraydi.

Haynrih Mor qutidagi kapalaklardan birini ignasi bilan oldi-da, uning qanotlari ostiga sinchiklab razm sola boshladi.
– Qiziq, – dedi u, – kapalaklarni koʻrishim bilan bolalik xotiralarim bu qadar aniq yodga tushadi deb sira oʻylamovdim.

U kapalakni yana oʻz joyiga qadab qoʻyarkan, quticha qopqogʻini yopib, «Bas, yetar! » dedi.

Bu gapni u toʻsatdan va shu qadar tez aytdiki, nazarimda ushbu xotiralarni eslash unga yoqmayotgandek tuyuldi. Qutichani joyiga eltib qoʻyib, qaytib kelganimda uning ensiz, qoramtir chehrasida tabassum paydo boʻlgandi. U mendan sigareta soʻradi.
– Kapalaklaringni yaxshilab koʻrmaganimga mendan xafa boʻlma, – dedi u.
– Bolaligimda mening ham xuddi shunaqa toʻplamim bor edi, lekin afsuski, u bilan bogʻliq xotiraga mening oʻzim nuqta qoʻyganman. Bu voqeani eslash kamina uchun uyat boʻlsa ham, uni senga aytib bermoqchiman.

U sigaretani chiroq shishasi ustiga tutib yondirdi, chiroqning yashil qalpoqchasini yopib qoʻydi, yuz-koʻzlarimizni qorongʻilik qopladi, u ochiq turgan deraza raxiga choʻnqaydi. Endi uning ozgʻin, kelishgan jussasi zimiston ichida koʻrinmay qoldi. Kamina sigareta tutatdim, tashqarida, uzoqda qurbaqalarning vaqir-vuqir ovozlari tunni tutib ketdi, doʻstim esa hikoyasini soʻzlay boshladi.

* * *

Kapalak yigʻishni sakkiz yo toʻqqiz yoshlarimda boshlaganman. Dastavval bunga oʻta berilib emas, balki shunchaki boshqa oʻyinlar va qiziqishlarim qatori qaraganman. Ammo ikkinchi yozda, oʻshanda kamina oʻn yoshlar atrofida edim, ushbu qiziqishim meni butunlay oʻziga rom etib, shunaqangi ishqibozlikka aylandiki, buni menga bir necha marta taqiqlab qoʻyishlariga ham toʻgʻri kelgandi, chunki kapalakdan boshqa hamma narsani unutib yuborgandim. Kapalak tutayotganimda shunday berilib ketardimki, hatto minoradagi soatning bong urishi ham qulogʻimga kirmasdi, bunday hol maktabga borayotganimda yoki tushlik vaqtida, shuningdek, ta’til paytlarida ham tez-tez boʻlib turardi, koʻpincha ovqatlangani uyga ham kelmasdan, ertalabdan to shomga qadar uydan olib chiqqanim bir burda non bilan qanoatlanib yuraverardim.

Hozir ham ba’zan favqulodda chiroyli kapalakka koʻzim tushib qolgudek boʻlsa, oʻsha ishqibozligim tutib qoladi. Shunda kamina yana bolalarga xos qandaydir noma’lum, oʻtli zavq-shavq chulgʻab oladi. Bolaligimda ilk marta maxaon (qora xol-xol katta sariq kapalak)ni tutgan paytimda ana shunday quvongandim. Shundan keyin, bolalik chogʻlarimda tushdan keyingi jazirama issiqlarda quruq hovurli dala-yu oʻtloqlarda, ertalabki salqin bogʻlarda yoki kechki sirli oʻrmon etaklarida xuddi xazina izlovchiga oʻxshab, daqiqa sayin ajoyib tasodiflarga, kutilmagan hodisalarga va omadga umid bogʻlab, qoʻlda toʻr bilan payt poylab yurgan adoqsiz damlarim birin-ketin yodga tushadi. Oʻshanday damlarda chiroyli bir kapalak, mayli juda noyob boʻlmasa ham, gul bandiga qoʻnib, quyoshda tovlanib, rang-barang qanotlarini birma-bir yozib-yigʻib turganini koʻrib qolsam bormi, quvonchdan entikib, nafasim boʻgʻzimga tiqiladi, unga yaqinroq borib, qanotlaridagi tip-tiniq tomirchalarni, yaltiroq rang-barang dogʻlarini, tumshuqchasidagi har bir nafis tukni tomosha qilish menga shunaqangi zoʻr, yoqimli quvonch bagʻishlardiki, kaminaga bunday goʻzal tuygʻuni his etish keyingi hayotimda ham nasib etmasa kerak.

Kapalaklarimni oddiy eski qutida saqlardim, chunki ota-onam kambagʻal boʻlganliklari sababli menga qimmat narsalarni sovgʻa qilolmas edilar. Quti ichiga ignalarni qadab qoʻyish uchun shisha tiqinidan kesib-kesib olingan poʻkak parraklarni yelimlab chiqqandim, boyligimni qutining ana shu mayda-mayda karton qopqoqchalari orasida asrab-avaylar edim. Avvaliga uni oʻrtoqlarimga bajonidil va tez-tez koʻrsatib turardim, biroq boshqalarning oynavand qopqoqli yogʻoch qutilari, kapalak qurtga moʻljallangan yashil doka qoplamali va undan ham zoʻr qutilar bor edi, shu sababdanmi, men oʻzim yasagan oddiygina jihozim bilan ular oldida maqtana olmas edim. Bunga unchalik ehtiyoj ham sezmasdim, shu tariqa binoyidek va hatto qoyilmaqom oʻlja tutganimda ham, buni hech kimga aytmasdan sir saqlashga, faqat singillarimgagina koʻrsatishga odatlangandim. Kunlarning birida bizda kam uchraydigan koʻk rangli kapalak tutib oldim, qanotlarini tarang tortib, quritgach, uni hech boʻlmasa qoʻshnilarimizga, hovlining narigi tarafida yashaydigan muallimning oʻgʻliga koʻrsatib, maqtangim keldi. Bu bolaning aybi, nihoyatda puxta ish qilardi, bu xususiyat ba’zi bolalarda ayniqsa kuchli boʻladi. Uning ham arzimagan kapalaklar toʻplami boʻlib, uni juda ehtiyot qilib saqlar, shu bois uni xazina deyish mumkin edi. U hatto kapalaklarning singan va shikastlangan qanotlarini ham yelimlab, qayta tiklay olishdek noyob va qiyin hunarning hadisini olgandi. Toʻgʻrisi har jihatdan qobil bola boʻlganidan unga hasad aralash havas bilan qarardim.

Ana shu qobil bolaga tovlanadigan rangin kapalagimni koʻrsatdim. U uni omilkor mutaxassis singari sinchiklab koʻzdan kechirdi, uning noyobligini e’tirof etdi va unga salkam yigirma pfennig[1] narx belgiladi; Emil chindan ham toʻplamga taalluqli barchi ashyolarni, ayniqsa, pochta markalari hamda kapalaklarni qiymatini chamalab, baholay bilardi. Biroq, shundan soʻng u tovlanadigan koʻk rangli kapalaklarni tanqid qila boshladi, uningcha, kapalaklarning qanotlari tarang tortilmagan, oʻng murtchasi bukilgan, chap murtchasi esa tikkaygan emish, shu asnoda u yana bir kamchilikni toʻgʻri topdi, ya’ni kapalakning ikkala oyogʻi ham yoʻq edi. Menimcha, bular unchalik katta nuqsonlar emas edi, lekin shunday boʻlsa ham, manovi injiq mening quvonchimga oz boʻlsa-da, putur yetkazib boʻlgandi, shundan soʻng kapalaklarimni unga koʻrsatmaydigan boʻldim.

Oradan ikki yil oʻtdi, biz endi kap-katta oʻsmir bolalar boʻlsak-da, lekin mening kapalaklar tutishga boʻlgan ishtiyoqim hamon avjida edi. Bir kuni oʻsha Emil tungi katta chipor kapalak tutibdi degan mish-mish tarqaldi. Bu gap meni bugun bir oʻrtogʻimning bir million merosga ega boʻlgani yoki Liviusning yoʻqolgan kitoblarini topib olgani haqidagi xabardan ham koʻra kuchliroq hayajonga soldi. Tungi chipor kapalakni bizlardan hali hech kim tutolmagan edi, men uni oʻzimdagi kapalaklar haqidagi eski kitobga solingan rasmdangina bilardim, undagi misdan ishlangan naqshin gravyura menga ba’zi zamonaviy rang-barang bosma nashrlardan ham koʻra goʻzalroq va puxtaroq tuyulardi. Nomlarini oʻzim biladigan va hali qutichamdan joy olmagan barcha kapalaklar ichida tungi chipor kapalakni qidirib topishga boʻlgan ishtiyoqim nihoyatda kuchli edi. Shu bois uning kitobimdagi suratini tez-tez tomosha qilib turardim. Bir oʻrtogʻim menga u haqda shunday degandi: «Agar daraxt tanasida yoki qoyada qoʻnib turgan jigarrang kapalakka biron qush yo parranda yoki boshqa bir gʻanimi hamla qilmoqchi boʻlsa bormi, u darhol oldingi qoramtir qanotlarini yozib yuborib, chiroyli orqa qanotlarini koʻrsatar, shunda ulardagi katta tiniq koʻzlar nogahon gʻalati koʻrinib ketarkan, bundan choʻchigan qush esa kapalakni xoli qoʻyarkan».

Shunday ajoyib kapalakka kelib-kelib oʻsha mijgʻov Emil ega chiqib oʻtirsa-ya! Buni eshitib, avvaliga suyundim, mana, nihoyat, noyob kapalak ham koʻrarkanman, deb qiziqishim battar ortdi. Keyin esa, shunday sirli va noyob kapalakni mana shu mijgʻovning qoʻliga tushsa-ya, deb beixtiyor alam qila boshladi. Nihoyat, oʻzimni bosdim va unikiga borishni ham, tutgan kapalagini tomosha qilib oʻtirishni ham oʻzimga ep koʻrmadim. Biroq ana shu voqea sira xayolimdan ketmadi va ertasi kuni maktabda oʻsha mish-mish tasdiqlangandan soʻng, borishga qat’iy qaror qildim.

Tushlikdan soʻng uydan chiqishning imkoni boʻldi deguncha hovlidan chopib oʻtib, qoʻshni uyning toʻrtinchi qavatiga koʻtarildim, u yerda xizmatkor qizlarning xonalari va taxta devorlar boʻlib, ularning yonidagi men havas qiladigan moʻ‘jazgina xonada muallimning oʻgʻli yolgʻiz oʻzi yashardi. Yoʻlda borayotgan hech kimni uchratmadim, yuqoriga chiqib xona eshigini taqillatgandim, hech qanday javob boʻlmadi. Emil uyda yoʻq edi, tutqichni bosgandim, eshik ochildi, odatda uni oʻzi yoʻqligida erinmay mahkamlab berkitib yurardi. Ichkariga kirib, hech boʻlmasa kapalakni koʻray deb, darhol tarang tortib qoʻyiladigan tokchada boʻlishi mumkinligi xayolimga kelgunga qadar uni behuda qidirdim. Haqiqatdan ham men uni oʻsha yerdan topdim: jigarrang qanotlari ensiz qogʻoz tilimchalari bilan tarang qilib tortib qoʻyilgan tungi katta chipor kapalak tokchada osigʻliq turardi, unga tomon engashib, uning tuk bosgan och jigarrang murtlarini, xushbichim va nafis rangin qanotlarining chetlarini, quyi qanotlari ostidagi, chetidagi nozik tuklarini, barchasini shundoq yaqindan turib tomosha qildim. Faqatgina koʻzlarini koʻrolmadim, chunki ularni qogʻozchalar toʻsib turgandi.

Yuragim dukillab, vasvasaga tushdim, qogʻozlarni shartta olib tashladim-da, nina-toʻgʻnagʻichni sugʻurib oldim. Toʻrtta katta-katta koʻz menga qarab turar, ular rasmdagidan chiroyliroq va ajoyibroq edi, ularga qarab turarkanman, shu tobda meni goʻzal kapalakni qoʻlga kiritishga boʻlgan shunaqangi kuchli ishtiyoq chulgʻab olgandiki, oʻylab ham oʻtirmasdan, hayotimda birinchi marta oʻgʻrilikka qoʻl urdim, allaqachon qurib qotgan va shakl-shamoyilini yoʻqotmagan kapalakni igna-pignasi bilan asta sugʻurib olib, kaftimda koʻtarib xonadan olib qochib ketdim. Shu onda men favqulodda zoʻr qoniqish tuygʻusidan boʻlak hech nimani his etmas edim.

Kapalakni oʻng qoʻlimda yashirganimcha, zinadan tusha boshladim. Shunda pastdan kimningdir menga tomon kelayotgani eshitildi, birdan vijdonim qiynalayotganini, oʻgʻirlik qilib qoʻyganimni va oʻzimning yaramas bola ekanligimni angladim. Ayni paytda azbaroyi sirim fosh boʻlib qolishidan qoʻrqqanimdan savqi tabiiy ravishda oʻljani tutib turgan qoʻlimni nimcham choʻntagiga soldim-da, asta yoʻlimda davom etdim. Menga qarab kelayotgan oqsoch qiz yonidan qoʻrqa-pisa, ablahlik va sharmandalikdan yelkamni qisib oʻtib, uyimiz eshigi oldida turib qoldim. Yuragim hamon duk-duk urar, peshonam terlab ketgan, oʻz-oʻzimdan dahshatga tushib, nima qilishimni ham bilmasdim.

Nihoyat, kapalakni ortiq ushlab turolmasligimni, bunga haqqim ham yoʻqligini va uni joyiga qaytarib olib borib, hech narsa boʻlmagandek qilib qoʻyishim kerakligini tushunib yetdim. Shundan keyin yoʻlda ketaturib, biron kimsani uchratib qolishdan va sirim fosh boʻlishidan ham qoʻrqmasdan, tez ortimga burildim, zinadan yugurib chiqib, bir daqiqadan soʻng yana Emilning xonasida paydo boʻldim. Qoʻlimni avaylab choʻntagimdan chiqardim-da, kapalakni stol ustiga qoʻydim. Unga bir qur nazar tashlab ulgurmayoq, falokat sodir boʻlganini koʻrib, sal boʻlmasa hoʻngrab yuborayozdim, chunki tungi chipor kapalak butunlay dabdala boʻlgan edi. Uning oʻng old qanoti va oʻng murti yoʻq edi, shunda singan qanotni ehtiyotkorlik bilan choʻntagimdan olmoqchi boʻlgan edim, u ham titilib ketdi, endi uni yamab boylashning sira iloji yoʻq edi.

Shu topda meni oʻgʻrilikka qoʻl urganim haqidagi oʻydan ham koʻra oʻzim abgor qilgan ana shu goʻzal va noyob kapalak nigohi koʻproq qiynardi. Barmoqlarimga harir jigarrang qanot changlari yopishib qolgan, singan qanot ham shu yerda edi, men shu onda uni qaytadan butlash uchun bor mol-mulkim va har qanday quvonchimni qurbon berishga ham tayyor edim.

Xafa boʻlib uyga bordim va tushdan soʻnggi butun vaqtimni oʻzimizning moʻ‘jazgina bogʻimizda oʻtkazdim, kech tushganidagina yurak yutib, onamga hammasini aytib berishga jur’at etdim. Onam qoʻrqib ketdi va xomush boʻlib qoldi, biroq aybimga iqror boʻlishimning oʻziyoq menga har qanday jazoga mustahiq boʻlishimdan koʻra qimmatga tushganini dildan his etib turardi, chogʻi.
– Sen Emilning oldiga bor va oʻzing unga hammasini aytib ber,– dedi onam nihoyat, qat’iy ohangda. – bu sen uchun birdan-bir va yagona imkoniyat, toki bu ishni qilmas ekansan, men seni kechira olmayman. Unga ayt, narsalaringdan oʻrinma-oʻrin oʻziga yoqqanini tanlab olsin, va albatta, undan kechirim soʻrashni ham unutma.

Bu ish oʻsha namunali boladan boshqa har qanday oʻrtogʻimda osonroq kechishi mumkin edi. Uning meni tushunmasligini va ehtimol, menga umuman ishonmasligini ham oldindan his qilib turardim. Kech kirib, qorongʻi tushay deb qolgan boʻlsa ham, u yerga qanday qilib borishni bilmasdim. Pastda, dahlizda onam uchrab qolib, yana uqtirib sekingina dedi: «Unga shu bugunoq borib aytishing kerak, hoziroq bor!»

Nihoyat, bordim ham, pastki qavatdan Emilni soʻradim, u keldi va birdaniga kimdir uning tungi chipor kapalagini rasvo qilganini soʻylay ketdi, u bu ishni kim qilganini, bironta yomon bolami yo qush-mush yoki mushukmi, bilmas edi. Shunda men bilan birga yuqoriga chiqib, menga oʻsha kapalakni koʻrsatishini iltimos qildim. U bilan birga yuqori qavatga chiqdik, oʻsha xona eshigini ochib, shamni yoqdik, tokchada dabdalasi chiqqan kapalak yotardi. Uning kapalakni qaytadan tiklash ustida ishlagani koʻrinib turardi, singan qanot avaylab yoyilgan va momiq qogʻoz ustiga qoʻyib qoʻyilgan, lekin uni qayta tuzatib boʻlmasdi, chunki endi kapalakning murti yoʻq edi – u yoʻqolgandi.

Nihoyat, unga bu ishni men qilganimni aytib, hammasini gapirib tushuntirishga harakat qildim. Shunda Emil achchigʻi chiqib, baqirish oʻrniga, tishlari orasidan sekingina hushtak chalib menga uzoq tikilib turgach, dedi: «Shunaqami, demak, hali shunaqaman degin...»

Men unga barcha oʻyinchoqlarimni taklif qildim, u hovuridan tushgan boʻlsa-da, menga hamon nafrat bilan qarab turardi, shunda unga butun kapalaklarimni taklif qilib koʻrdim. Ammo u menga:
– Katta rahmat, sening kapalaklaringni bilaman. Qolaversa, kapalaklarga qanday munosabatda boʻlishing ham bugun ayon boʻldi.

Rosti uning giribonidan olishimga bir bahya qoldi. Endi hech narsa qilib boʻlmasdi, men ablah, yaramas odam edim va shundayligimcha qolgandim, Emil esa mening oldimda xuddi dunyoda adolat va tartib ramzidek sovuq va nafratomuz qiyofada turardi. U meni hatto koyimadi ham, faqat menga qarab turar va mendan nafratlanardi.

Shunda men, agar bir marta xato qildingmi, uni qayta tuzatib boʻlmasligiga ilk bor guvoh boʻldim. Uyga ketdim, onam soʻrab-surishtirish oʻrniga yuzimdan oʻpib, indamay qoʻyaqolganidan xursand edim. Vaqt allamahal boʻlib qolgan, yotib uxlashim lozim edi. Lekin avval oshxonadan yashirincha katta jigarrang qutini olib chiqdim, uni karavot ustiga qoʻyib, qorongʻida ochdim. Keyin kapalaklarimni birma-bir qoʻlimga oldim-da, birin-ketin barmoqlarim orasida changini chiqarib ezgʻilab tashladim.


  1. Pfennig – chaqa, olmon markasining yuzdan biri.