OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHiyam al-Muflih
Asar nomiAyolning ming ohi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Arab adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Hiyam al-Muflih
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonMurtazo Saydumarov (Arab tilidan)
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ayolning ming ohi (hikoya)
Hiyam al-Muflih

Onam meni tuqqanda uni oʻrab turgan chehralar ifodasi unga gʻayritabiiy «bir narsa» tuqqanini xabar qilganday edi..

Esimni tanibmanki, men bor-yoʻgʻi qandaydir «bir narsa» ekanligimni angladim!

1

Men biror narsaga boʻlgan ehtiyojimni bildirib yigʻlaganimda... istagim amalga oshmas edi.

Mening ukam biror narsaga boʻlgan ehtiyojini bildirib yigʻlaganida esa... butun dunyo uning istagini amalga oshirishga shoshar edi.

Oʻshanda men
yigʻi libosini yechdim.
Soʻng uni taxlab
onamning javoniga qoʻydim.

2

Qalbimda uzoqlarda yaratilgan ikki qanot paydo boʻldi.

Qoʻllarimda tunlar bedorligi va yillar horgʻinligi bilan bezatilgan «oppoq sahifa» jilvalanardi.

Onamning lablari qimirlab, u shivirlar edi.
– Qaniydi mana shu yutuqlarni ukangga bersa edi.

Harflar chilashib erib ketadi.

Sahifadan qora yoshlar oqib tushadi.

Uzoqlarda yaratilgan qalbim esa «anqo»ga duch keladi va qanotlari sinib, qonlanib, oʻzimga – koʻkrak qafasimga qaytadi!

3

Uy jihozlari vaqti-vaqti bilan yaraqlatib artib turilganidek, onam ham meni muayyan kunlarda «yaraqlatib» turar edi.

Ayollar koʻplashib «delegatsiya» boʻlib kelardilar.
Ular qaddi-qomatimga tasanno aytar edilar.
Boʻyimni oʻlchar edilar, enimni ham.
Qadam tashlashimga razm solar edilar.
Mening hidimni hidlab koʻrar edilar.
Nafas olishimni sanar edilar.
Sochlarimni maqtashni joyiga qoʻyar edilar.
Soʻng ketar edilar!..

4

Tushimda u menga derdiki:
– Qoʻlni qoʻlga berib ahdlashamiz, azizim, kelajak hayotimizni quramiz.

Tushimda men unga debman:
– Sen mening tugʻilgan onimsan!

Lekin...

Men buni senga qanday qilib aytaman?

Atrofimdagi meni oʻrab turgan barcha narsalar xaritam belgilarini oʻchirib yuborar, hududlarim ostonalarini oʻzgartirar va ular mening toʻrt tomonim faqat

sharq
sharq
sharq
sharq

ekanligini eslatar edi.

5

Men uni koʻrishni xohladim..

Hatto u meni koʻrishni talab qilmasa ham.
– «Qanday sharmandalik... ovozingni oʻchir, hoy qiz! Uni sen faqat nikoh kechasi koʻrasan!»

Qalbimda alanga olgan yongʻin... umr orzulari... hissiyot shalolalari... kichik sirlarim...

Men bularning hammasini notanish, hech qanday belgilari yoʻq bir erkakka ochish uchun qalbimda saqlaymanmi?!
– «Biz hammamiz mana shunday turmushga chiqqanmiz. Sen ham koʻzlaringni chirt yumgin-da, boʻldi!»

Yumilgan koʻzlarim ichida halokatli qop-qora qorongʻulik, uni oy ham yorita olmaydi, unda yulduzlar ham raqsga tushmaydi.

Qalb tubida yongan savol joʻshqin uradi:
– Nahotki, men butun umr koʻzlarimni yumgancha qolishga majbur soʻlsam?

6

Koʻz yosh tomchilarimni bitta-bittalab yutaman!

Oʻqdek qatl etuvchi soʻzlaridan qalbim gʻalvirdek ilma-teshik boʻladi, uning ogohlantirishlari tegirmonida ayolligim latofati unday yanchilib ketadi:
– «Agar sen shu oy ham homilador boʻlmasang, men oy oxirida uylanaman!»

Men Xudoga sajda qilaman, erimga boʻysunaman.

U har safar onasini ziyorat qilib, «qizil oʻq»larini jamlab qaytgach, mening ruhimdan koʻrinmas qonlar oqadi.

7

Qogʻoz pullarning hayotbaxsh hidi bor, agar oʻsha pullar peshona teri mehnatimiz evaziga ishlab topilgan pullar boʻlsa!

Birinchi luqmai halolning ta’mini kutib, ogʻiz ochib, qayerga sarf qilish keragu, qayerga sarf qilish kerak emasligini rejalashtirishda aql shoshadi.
– «Maoshingni menga ber! Senga ham, bu uyga ham men pul sarflayman!»

Shaxsiy ehtiyojim uchun kerak boʻlgan mablagʻni olish uchun qoʻl choʻzganimdagi xoʻrlik tenglashadi, farqi yoʻq – bu uning maoshidanmi yoki mening oʻz maoshimdanmi.

Shuning uchun ishdan boʻshadim!

8

Turli xil ranglar oʻrmoni koʻz oʻngimda jilvalanadi.

Men ular ichidan oʻzimga kiyish uchun kiyim qidirdim.

Bunisi men uchun tor...

Buning rangi juda ham yaltiroq, darrov koʻzga tashlanadi, men unday emasman.

Bu meni yoshartirib koʻrsatadi... mening qalbim qari, keksa.

Bu esa viqorlik va muhimlikni yalangʻochlaydi. Mening ichim boʻm-boʻsh.

Mana buni... erim men uchun sotib oldi, u onaxonlarga, uy bekalariga, xonadon asiralariga va talabga qarab chaqiriladigan siygʻa xotinlarga munosib.

Men uni kiydim.

Erim esa yuzini televizor tomonga burib oldi!

9


Shimoliy qutb uyimda maskan topgan.
Men u bilan non-tuz yeyman.
Men u bilan suv ichaman.
Men u bilan uxlayman.

U bilan suhbatlashishni xohlasam, sukunatli choʻqqilarining sovuqligi meni chaqirib oladi.

Menga ham sukunat va muzlik ne’mati kelishini tilab, oʻz-oʻzim bilan kifoyalanaman.

10

Uyim sahrosida oʻgʻil bolam chirqillaydi.

Maqtov yorliqlari, rozilik medallari, tabrik va muhabbat qogʻozlari meni bunday ajoyib yutuq bilan qutlab har tomondan yogʻiladi.

Alohida e’tibor bilan meni oʻrab oladilar, bunday e’tibor hissiyotimning bir qismini eritib yuboradi.

Turli-tuman ovqatlar: «oʻgʻil bolaga foydasi bor!»

Turli-tuman nasihatlar: «oʻgʻil bolaga foydasi bor!»

Pul ham saxiylik bilan oshib-toshadi: «oʻgʻil bolaning manfaati uchun!»

Men shunda har kuni oʻgʻil tugʻishni xohladim.

Ularning dunyoga kelishi yoritgan doira ichida boʻlish uchun, ehtimol. Shunda ularning onasi sifatida, ularni oʻz tanida koʻtarib yurgan inson sifatida ularning yulduzlari yorugʻidan menga ham nimadir nasib qilib qolar!

11

Bolalarimning ikki xizmatkori bor. Biri yollangan, maosh evaziga, ikkinchisi bepul.

Ularning quruq buyruqomuz chaqiruvlari tinmaydi.

Men va bolalarim oʻrtasida oʻzim orzu qilgan mehr toʻrlarini toʻqishga harakat qildim.

Biroq «rox» qushi ularning «aslidan nusxa» – otalarining changallari kabi boʻlishini xohladi.

12

Men qizimni tuqqanimda meni oʻrab turgan chehralar ifodasi menga xohlanmagan «bir narsa» tuqqanimni xabar qilganday edi.

Qizim esini taniganida, u bor-yoʻgʻi qandaydir «bir narsa» ekanligini anglamasligini umid qilaman!