OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHojiakbar Shayxov
Asar nomiIblis bilan muloqot (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Taxayyulot
Mualliflar
   - Hojiakbar Shayxov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/11
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Iblis bilan muloqot (hikoya)
Hojiakbar Shayxov

Boltaboy yarim kechasi yotgan joyida koʻzlarini ochdi-yu, bir zum hech narsa tushunmay, angrayib qoldi. Ikki ukasi eron gilami ustida mast odamlarday besoʻnaqay holatda dumalab yotishar, butun ayvon xuddi dahshatli zilzila yuz berganday agʻdar-toʻntar qilib tashlangan edi. Shunda kecha tunda boʻlib oʻtgan dahshatli voqealar zimmo yodiga tushdi. Toʻs-toʻpolon yarim tunda nogahon tomdan kelayotgan taraqa-turuq ovozlar bilan boshlandi. Aka-ukalar avval zilzila yuz berdi, deb oʻylashdi. Soʻngra he yoʻk-be yoʻq oʻrtada turgan ulkan xontaxta oʻz-oʻzidan qarsillab sinib ketdi, uning gilamga chalpak boʻlib yopishib qolganini koʻrgan aka-ukalarning oʻgakalari yorilayozdi. Bamisoli koʻzga koʻrinmas yovuz bir kimsa javonlardagi chinni idish-tovoqlarni shiddat bilan u yoqdan-bu yoqqa uloqtirar, atlas koʻrpachalarni xafsala bilan qiyqim-qiyqim qilib qirqar, ayvon tokchasidagi turfa gul tuvaklarni ayamay gilam ustiga agʻdarar edi. Oʻsha kuni aka-ukalar katta bir «ish»ni muvaffaqiyatli yakunlab, odam oʻldirishgan, soʻngra olgan «mukofot»larini yuvishgan va xilvatgohdagi choyxonada rosa maishat qilib qaytishgandi. Uyga qaytib, yostikqa bosh qoʻyishlari bilan boshlangan bu favqulodda hodisalar bois kayflaridan birpasda asar ham qolmagandi.

Boltaboy tirriq kayfiyatda oʻrnidan turdi-da, tashqariga yoʻnaldi. Eshikni ochib, ostona hatlab oʻtdi-yu, turgan joyida taxtadek qotib qoldi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, hovlisi oʻrnida ulkan mozor paydo boʻlgan, hammayoqni katta-kichik sagʻanalar, qabrlar, ularning ustiga oʻrnatilgan turli maqbaracha va yodgorlik toshlari bosib ketgandi. Sal narida goʻrkov yoki mozor qorovuli boʻlsa kerak, belkurak ushlagan baland boʻyli allakim ivirsilab yurardi. Boltaboy marmar zinalar orqali pastga tushib, beixtiyor haligi odam sari yurdi. Ajabo, «Adidas» qalpoq kiygan, qop-qora qoshlari xuddi chimirilgandek yuqoriga koʻtarilgan, uzun qora chopon va charaqlatib moylangan charm etiqdagi bu kimsaning yuz qiyofasi unga juda-juda tanish tuyuldi.

Boltaboy uning roʻparasida toʻxtab, salom berdi. Qora choponli kimsa koʻzlarini chaqchaytirgancha unga tikilib, istamaygina alik oldi.
— Bu yerda mozor qayoqdan paydo boʻlib qoldi, aka? — deb soʻradi Boltaboy hayratini yashirolmay.
— Nega u paydo boʻlib qolishi kerak?! — dedi «goʻrkov» jahl aralash ajablanib. — Nima balo, kayfing bormi? Bu mozor paydo boʻlganiga yuz yildan oshgan, uka.

Boltaboy battar hayratga tushib, tili arang gapga aylandi:
— Axir, bu joy — mening hovlim... mening uyim-ku?..
— Esingni yedingmi, uka, — dedi «goʻrkov» endi ochiqdan-ochiq ensasi qotib, unga xuddi savdoyilardek tikilarkan. — Qanaqa uy? Qanaqa hovli?..

Boltaboy orqasiga oʻgirilib, ong-tong boʻlib qoldi. Endi uyi ham gʻoyib boʻlgan, uning oʻrnida eshiga oʻymakorlik san’atining eng nafis usullaridan ishlangan salobatli, gumbazli, baland peshtoqli darvozaxona paydo boʻlgandi.

Atrofga olazarak alangladi. Shu chogʻ sal naridagi boʻyi va eni taxminan oʻn gaz atrofidagi tepasi gumbaz qilingan sagʻana yigitning e’tiborini oʻziga tortdi. Eski musulmon gʻishtdan odam boʻyi balandligida qurilgan bu maqbaraning oldi tomonida pastga olib tushuvchi marmar zinalar boʻlib, zinalar tugagan maydoncha oxirida zang bosgan ulkan temir eshik koʻzga tashlanardi. Uning ichida qaysidir aziz avliyoning marmardan ishlangan qabri joylashgan boʻlsa kerak, xayolidan oʻtkazdi Boltaboy. Hoynahoy bizga oʻxshagan shovvozlar uni ham ayashmagan, nimani oʻmarish mumkin boʻlsa, oʻmarib, nimani buzish mumkin boʻlsa, buzib tashlashgan, albatta. Ayniqsa, shoʻrolar davridagi bolshavoylarning bunaqa ishlarga suyagi yoʻq edi.
— Qiziqib qolding shekilli? — Boltaboy noxos quloqlari ostida yangragan ovozdan seskanib tushdi. Oʻgirilib, «goʻrkov» endi oʻzi bilan yonma-yon turganini koʻrdi. Voajab: uning boshidagi «Adidas» qalpogʻining tepa qismi xuddi ikki shoxi borday yuqoriga turtib chiqqandi. «Nima balo, shaytonmi bu?» — xayolidan oʻtkazdi Boltaboy badani junjikib.
— Aka, tanishib qoʻyaylik, — dedi yigit unga qoʻlini uzatib. — Mening ismim Boltaboy.
— Xavotir qilma, Boltaboy, — dedi «goʻrkov» xuddi uningʻ fikrini oʻqiyotganday. — Kamina shu mozorning qorovuliman. Oʻljaboy deb atashing mumkin.
— Oʻljaboy aka, anavi sagʻananing ichiga bir kirib chiqishning iloji bormikan? — soʻradi yigit jur’atsizgina. — Marmar qabrlar, moʻmiyolangan jasadlar qolganmikin?
— Nima qilasan u yerda? — javob berdi qorovul jahli chiqib. — Oʻlgan odamlarning ruhini bezovta qilishning nima keragi bor?! Bu joy senga muzey yoki tomoshaxona emas-ku! Moʻmiyolangan jasadlarni esa, bekor tilga olding. Darvoqe... — Oʻljaboy aka xuddi muhim bir nima yodiga tushganday oʻylanib turdi-da, sirli ohangda davom etdi: — Darvoqe, bundan koʻp asrlar avval bu yerda yotgan ulugʻ avliyoning qabr toshi tagida ilohiy bir yashm tosh ham saqlangan, deyishadi. Juda noyob xususiyatga ega sehrli tosh! Uni qadimda yashagan mashhur alkimyogarlar bunyod etishgan ekan. Aytishlaricha, uning bahosi yoʻq emish.
— Uning nimasi noyob ekan? — soʻradi Boltaboy darrov sergak tortib.
— Uning yordamida istagan ishingni amalga oshirishing, kelajakda kechadigan voqea-hodisalarni oldindan bilib turishing mumkin, — dedi qorovul bamisoli arzimas bir matoh haqida soʻz yuritayotganday loqayd ohangda.

Boltaboyning koʻzlari chaqnab ketdi.
— Chindanam noyob tosh ekan! U hozir ham shu yerda saqlanadimi?
— Bilishimcha, yoʻq, — dedi qorovul atayin oʻzini goʻllikka solib.
— Boʻlmasa qaerda? — yana soʻradi Boltaboy sabrsizlik bilan uning chaqchaygan koʻzlaridan nigohini uzmay.
— Aytishlaricha, keyinchalik uni Xizr buva degan mangu yashovchi avliyo olib ketib, saqlash uchun yana allaqaysi bir avliyoga topshirgan emish.
— U qaysi avliyo ekan? Yashm tosh haliyam uning qoʻlidami? — soʻroq qilishda davom etardi Boltaboy borgan sari toqatsizlanib.
— Yoʻq, — dedi qorovul, keyin tovushini pasaytirib, yana sirli ohangda izoh berdi: — Hozir tosh oʻsha senga tanish uch opa-singilning uyiga yashirib qoʻyilgan.
— Qanaqa opa-singil?
— Darrov yodingdan koʻtarildimi? Ularning kattasini kenja ukang sevib qolgani, yaqindagina oh-voh qilib yurganini unutibsan-da?
— Siz meni qayoqdan taniysiz?
— E, uka, shaharda, qolaversa, butun jumhuriyatda Bolta boyvachchani tanimaydigan odam bor ekanmi!

Bu gapni eshitgan Bolta boyvachchaning beixtiyor ogʻzining tanobi qochdi. U iftixor bilan tez-tez nafas ola boshladi.

Oʻljaboy aka boshi bilan roʻparalaridagi sagʻanaga imo qildi.
— U yoqqa yaqin oʻrtada deyarli hech kim kirmagan, mumkin emas! Lekin sen... nufuzli odamsan. Agar sagʻananing ichiga kirishni juda istasang... marhamat!

Shunday deb, u Boltaboyni chang bosgan marmar zinalar orqali pastga boshladi.

Ulkan temir eshik qiyinchilik bilan chiyillab ochildi va ular nim qorongʻi yertoʻlaga qadam qoʻyishdi. Qorovul sal oldinda choʻntak fonari bilan yoʻlni yoritib borardi. Yertoʻla ichkariga yurganlari sari kengayib borar, lekin bu yerda hech qanday qabr toshi koʻrinmasdi. Birdan yana zinalar boshlanib, ular tagʻin pastga qarab yoʻnalishdi.
— Mendan hech narsa soʻrama, bu yerda savol-javob qilish mumkin emas! — dedi Oʻljaboy aka uni asta shivirlab ogohdantirarkan. — Faqat tomosha qil, kerakli gaplarni oʻzim aytib beraman. Shunaqangi gʻaroyibotlarni koʻrsatamanki, unaqasi yetti uxlab tushingga ham kirmagan. Oʻzingni yoʻqotib qoʻymasang boʻlgani, ishqilib...

Oʻljaboy aka bu gagsharni ukdirarkan, ular azbaroyi eskirganidan toʻkilib ketgan zinalar orqali tim qorongʻi yertoʻlaga kirib kelishdi. Devorlari eski musulmon gʻishtlardan qurilgan yertoʻlaning balandligi ikki gazcha kelardi.

Oyoqlari ostida koʻlmak suv shapilladi. Bu yerning havosi ogʻir, diqqinafas edi. Nogahon chiyillagan ovozlar eshitilib, shundoq yonlaridan devor yoqalab bahaybat kalamushlar galasi yugurib oʻtdi. Ular odamlarga e’tibor ham qilishmadi. Shunga qaramay, boyvachcha koʻngli aynib, qayt qilib yuborayozdi. Hamrohining ahvolini payqadimi, qorovul darrov uning qoʻlidan ushlab oldi. Bu ishni u juda vaqtida qilgan ekan, chunki bir soniya oʻtmay Boltaboy fonar yogʻdusi ostida koʻngilni ozdirgudek oʻlguday badbashara maxluqqa roʻpara keldi. U yigitga qahr-gʻazab bilan tikilar va ulkan jagʻdor tishlarini gʻijirlatardi. Azbaroyi qoʻrqib ketganidan Boltaboy oʻzini keskin chetga oldi, agar qorovul boʻlmaganida, devorga urilib, boshini yorishi aniq edi. Oʻljaboy aka sekingina kulib qoʻyarkan, unga tasalli berdi:
— Hechqisi yoʻq. Dastlabki paytlarda koʻrshapalaklardan men ham qoʻrqardim.

Nihoyat, ular uzundan-uzun bu mudhish yertoʻlaning oxiridagi mahobatli temir eshikka yuzma-yuz kelishdi. Qorovul ancha-muncha kuch sarflab eshikni ochganidan soʻng ular ostona hatlab, yarmi gʻisht, yarmi marmar ushoqlari toʻshalgan kattakon boʻlmaga oʻtishdi. Yertoʻladan farqli oʻlaroq,— boʻlma favqulodda yorqin nurlarga choʻmgan, devorlarga lovullab yonib turgan ulkan shamlar osilgandi. Ularni kim va qachon yoqqanini Oʻljaboy aka izohlab oʻtirmadi. Devorlar yoqalab kishining diliga gʻulgʻula soladigan darajada yalt-yalt qilayotgan oppoq ustunlar qad koʻtargandi. Ular yigirmaga yaqin edi. Ularning biriga yaqinlashgan boyvachcha shu zahoti dahshat ichida ortiga tisarildi. Bular shisha tobut (sarkofag)lar boʻlib, ichiga moʻmiyolangan erkaklarning jasadlari joylashtirilgan edi. Ularning kiyim-kechaklariga qaraganda, bu odamlar oʻrta asrlarda yashab oʻtgan jangchi sarbozlarga oʻxshar edi.

Shu payt mozor korovuli boyvachchaning yelkasiga qoʻl tashlab, boʻlmaning oʻrtasiga imo qildi. Boltaboy oʻsha tomonga oʻgirilib, tosh sandiqni eslatuvchi ulkan supaga koʻzi tushdi. «Sandiq»ning chetlariga oʻymakorlik usulida jimjimador gullar surati tushirilgan, qopqogʻining sirtiga sal-pal xitoychaga oʻxshab ketadigan imloda allaqanday notanish yozuvlar bitilgan edi.
— Xosiyatli yashm toshi oʻz davrida mana shu sandiqda saqlangan, — dedi Oʻljaboy aka yoʻldoshining qulogiga shivirlab. — Uni olib ketmagunlariga qadar bu yerni ajdarhoga oʻxshagan bahaybat ilonlar qoʻriqlashgan va bu yerga hech kim yaqinlasholmagan. Toshni olib ketishibdi-yu, bu joyning ham fayz-xosiyati qolmabdi. Anavi jasadlar ham qoʻriqchilar sanalib, birov toshga yaqinlashsa, shisha tobutlarni yorib chiqib, oʻgʻrilikka kelgan odamning jonini sugʻurib olishgan emish.
— Yo tavba! — dedi Boltaboy hayrat barmogʻini tishlab.
— Lekin sen qoʻrqma! — shiyirlab gapida davom etardi qorovul. — Bari bir toshni qoʻlga kiritishga harakat qil. Agar bu ishni uddalasang, — Bolta boyvachcha buni albatta uddalaydi, bunga ishonchim komil, — nafaqat yurting, balki jami mulki olamga hukmronlikni qoʻlga kiritishing mumkin.

Boltaboy unga agʻrayib tikilarkan, ayni koʻnglidagi gapni topib aytayotganidan battar hayratga tushgandi. Ayni damda xayolidan: «Nima balo, chindanam shaytonga roʻpara keldim shekilli», — degan fikr oʻtdi.

Shu ondayoq qorovul biqiniga turtib:
— Namuncha mijgʻov boʻlmasang! — deya xitob qildi sal tovushini koʻtarib, uning achchigʻi chiqqani koʻrinib turardi. — Men ham Xudoning bir bandasiman. Lekin oddiy banda emas! Istasang, avliyo deyishing mumkin. Chunki men dunyodagi hamma gaplardan xabardorman. Aytaylik, kecha kechasi sening uyingda boʻlib oʻtgan agʻdar-toʻntardan...

Boltaboy tungi garoyib yoʻldoshining javlon urib yonayotgan sham nurida allaqanday sirli, koʻkimtir tusda tovlanayotgan sovuq basharasiga yanada sinchiklabroq tikilarkan, azbaroyi qoʻrquv va sarosimaga tushganidan jagʻi osilib qolgan edi. U tili zoʻrgʻa aylanib, soʻradi:
— Siz buni... qayoqdan bilasiz?
— Aytdim-ku, kamina avliyoman, axir!
— Avliyolar... turli karomatlar koʻrsatishgan, deyishadi. Chinakam avliyoligingizni menga isbotlab bera olasizmi?
— Juda koʻp savol berayapsan, — dedi qorovul endi achchiq danak chaynab qoʻyganday aftini burishtirib. — Buning oqibati yaxshi boʻlmaydi. Avliyoligimni senga allaqachon isbotlab boʻldim. Buni uyingta qaytganingda bilasan.
— Yoʻ-gʻe?.. Uyimda hamma narsa yana oʻz holiga qaytdi, demoqchimisiz?
— Savol berishni bas qil, deyapman! Aytdim-ku, hammasini halizamon oʻzing koʻrasan!..

Shu payt Oʻljaboy aka jasad solingan shisha tobutlarning biriga sinchkov tikilarkan, ranggi boʻzday oqarib ketdi. Boltaboy ham oʻsha tarafga yuzlandi-yu, qichqirib yuborayozdi. Jasadning toʻsatdan kipriklari qimirlab, besoʻnaqay qalin lablarida zaharxandali kulgu ifodasi paydo boʻlgandi.
— Senga necha bor aytdim-a, ana endi hammasi rasvo boʻldi! — xitob qildi qorovul afsus-nadomat bilan endi baralla ovozda. — Jasadlar tirila boshlashdi. Senga avvaldan hammasini tushuntirib bersam boʻlarkan. Bu yerga kirgan har qanday oʻgʻrining miyasida, yashm tosh qaerga yashiringan ekan, degan savol-oʻy boʻladi. Jasadlar ham ana shu savol-oʻyga, umuman, savol biotoʻlqinlariga sozlangan. Bu toʻlqinlar jasadlarga yetib borishi bilan ular tirilib, oʻgʻriga hujumga oʻtishadi. Ularning bittasi jonlansa, boʻldi, shu zahoti qolgan yigirmatasini tiriltiradi. Xayr, mayli, boʻlar ish boʻldi, men ularni chalgʻitib turaman, sen qochish payida boʻl!

Shu payt haligi kipriklarini qimirlatgan jasad qoʻyilgan shisha tobut karsillab oʻrtasidan darz ketdi. Esxonasi chiqib ketgan Boltaboy qimirlashga ham holi yetmay, haykaldek qotib turarkan, tobutning bir boʻlagi toʻkilib tushdi, ayni damda undan achchiq va oʻlguday qoʻlansa tutun burqsib koʻtarilganini payqadi. Tutun tarqalgach, shisha tobut gʻoyib boʻlgani, uning parchalari asirliqdan qutulib chiqqan sirli mavjudotning oyoklari ostida yotganini koʻrdi. Shu zahoti jasad koʻzlarini ochib, avval Boltaboyga, soʻngra qorovulga teshib yuborgudek gʻazabnok nigoh bilan tikildi. Boyvachchaning borliq vujudini allaqanday ibtidoiy bir dahshat hissi chulgʻadi. Ikkovi ham jon-jahdlari bilan oʻzlarini eshikka otishga intilishar, lekin qandaydir shaytoniy bir kuch oyoqlarini zanjirband qilib qoʻyganday edi. Shu chogʻ Boltaboy oʻz hamrohining yuzi qandaydir ma’nisiz, sovuq bir ifoda kasb etgani, qoʻllari jonsizday osilib tushgani, u bamisoli boʻgʻma ilonning joduli nigohiga duch kelgan quyonchaday jasadning istiqboliga qarab yura boshlaganini koʻrdi. Ana shundan soʻng yuz bergan voqeadan boyvachchaning oyoqlari akashak boʻlib, hushi boshidan uchayozdi.

Mozor qorovuli xuddi sehrlanganday oʻrta asrlarda yashab oʻtgan, ayni damda haykalday kotib turgan devday haybatli jangchi sari yurarkan, boshqa shisha tobutlar ham qoq oʻrtasidan qarsillab darz ketib, shishalar toʻkilib tusha boshlagan, boʻlmani ulardan burqsib chiqayotgan koʻm-koʻk va oʻlguday badboʻy tutun toʻldirgandi. Mana, Oʻljaboy aka dahshatli mahluq bilan yuzma-yuz keldi-yu... yo falak! — bir sakrab uning tanasiga singib ketdi! Uni oʻziga «yutib» yuborgan odamxoʻr «dev» shu zahoti jonlanib, oldinga bir qadam tashladi.

Oʻtakasi yorilayozgan Boltaboyning oyoqlarini zanjirband qilib turgan koʻzga koʻrinmas kuch shu ondayoq yoʻqolib, u bir zum ham oʻylanib oʻtirmay, oʻzini tashqariga otdi.

Qoʻrquvdan es-xushini yoʻqotgan holatda bu Xudo urgan yertoʻladan yuqoriga olib chiquvchi zinalar sari shataloq otib yugurarkan, orkasidan gumburlagan ogʻir qadam tovushlari qulogʻiga chalindi. Ortiga oʻgirilib qarashga ham yuragi dov bermay, battar jon-poni chiqib, bor ovozi bilan chinqirgancha yanayam tezroq yugurdi. Mana, nihoyat, xaloskor zinalarga ham yetib oldi. Temir eshik ostonasidan hatlab oʻtdi-yu, uni bor kuchi bilan berkitdi. Shu ondayoq ichkaridan xuddi Fantomasga oʻxshab vahimali doʻrillagan kulgu ovozini eshitdi. Bu kinoyali kulgu shaytoniy kuchlar tantanasidan dalolat berayotganday edi.

Oʻgʻrilikni oʻziga kasb-kor qilib olgan Bolta boyvachcha umrida gazet-jurnal oʻqimagan, gʻirt mahdud yigit emasmi, yarim tunda kechgan bu gʻaroyib sarguzashtlarining mohiyatini hayotining oxirigacha anglay olmay oʻtadi... Gap shundaki, «Sirli olam» oynomasi yaqinda bir ilmiy maqola chop etgan, unda yozilishicha, oʻrta asrlarda alkimyogarlar inson tanasining bir necha oy yashay olishini ta’minlovchi modda kashf qilishgan, bu tajribalarga rozilik bildirgan odamlarning koni soʻrib olinib, uning oʻrniga inson jasadini yemirilishdan saqlovchi maxsus suyuqlik modda quyishgan. Bundan odam oʻlmagan, oʻziga xos muroqaba holatiga oʻtib, letargik uyquga ketgan. Moziy olimlari oʻzlari bunyod etgan yagona nusxadagi ilohiy yashm toshini qoʻriqlashda, aftidan, ana shunday odamlardan foydalanishgan koʻrinadi.

...Boltaboy sapchib oʻrnidan turdi-yu, oʻzini yana uyida, katta ayvonda koʻrib, sal koʻngli taskin topdi. Ikki ukasi ikki tomonida aloq-shaloq dumalab yotishardi. Alanglab yon-veriga tikildi, ajabo: hamma narsa yana joy-joyida, kecha tunda boʻlib oʻtgan toʻs-toʻpolonning isi ham, izi ham qolmagandi.

«Qorovul chindanam avliyo ekan shekilli?» — xayolidan oʻtkazdi u oʻychan kiyofada tashqariga tikilib. Gʻaflat uyqusidagi bu omi va johil yigit shu bugun shaytonlar va ins-jinslar rahnamosi Uluspirning naq oʻzi bilan muloqotda boʻlganini xayoliga keltirishga ham qodir emas edi...