OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHojiakbar Shayxov
Asar nomiMutamax (ilmiy-fantastik hikoyа)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Ilmiy taxayyulot
Mualliflar
   - Hojiakbar Shayxov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm41KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mutamax (ilmiy-fantastik hikoyа)
Hojiakbar Shayxov

Miriqib xurrak otayotgan general Najot Olloyor oʻng tomonidagi yaltiroq javonchaga qoʻyilgan qirmizi telefonning asabiy jiringidan uygʻonib ketdi. Derazadan oppoq tong moʻralay boshlagan, xonaga subhidamning kumush yogʻdulari bamisoli shaffof shaloladay oqib kirayotgan edi. General aftini tirishtirib, oʻlganining kunidan dastakni qulogʻiga tutdi-da, sovuqqina ohangda:
— Labbay, eshitaman,— dedi.
— Janob general,— degan tashvishli ovoz eshitildi dastakdan,— yetmish sakkizinchi katakda noma’lum uchoq paydo boʻldi. U Kumushtogʻning janubi-sharqiy etagiga qarab pastlayapti.
— Harbiy uchoqmi?
— Radar bergan ma’lumotlarga qaraganda, u Qoʻshma Shtatlar yoki Shoʻro Ittifoqining gʻayrioddiy tuzilishga ega harbiy uchogʻi.
— Sirtida biror davlat belgisi bormi?
— Yoʻq... Koʻpincha xufiya uchoqlarga hech qanday belgi qoʻyilmaydi-ku?!
— Tushunarli. Darhol harbiy holat e’lon qiling. Uchoq qoʻnishni moʻljallayotgan joy zudlik bilan qurshovga olinsin. Uchuvchilarni tiriklay ushlashga urininglar. Men yarim soatda yetib boraman.
— Ma’qul, janob general.

Najot Olloyor apil-tapil kiyinarkan, oʻylardi: «Qiziq, bu fitnani kim uyushtirdi ekan? Qoʻshma Shtatlarmi yoki Shoʻro Ittifoqimi? Har ikkala holda ham xufiya uchoq qoʻlimizda hisob. Nima boʻlsayam urib tushirishimiz aniq...»

* * *

Zuhal yulduz burjida istiqomat qiluvchi fazogirlar har ehtimolga qarshi uni doimo oʻz kemalarida olib yurishardi. Kema ostki qismidan unga katta boʻlma ajratilgan, ana shu boʻlmaning temir toʻshamasida xuddi poxol tiqilgan qopday choʻzilib yotarkan, u haftalar va oylar mobaynida na ovqat, na suv talab qilar, ahyon-ahyonda keksa qayragʻoch daraxti poʻstlogʻiday burishib ketgan shilimshiq tanasidan allaqanday koʻkimtir suyuqlik chiqarib, keyin yana oʻziga singdirib olar edi. Hayot faoliyatini moʻ‘tadil saqlab turish uchunmi, u yotgan boʻlmaga katta quvvatli havo sovutgichlar yordamida turli kimyoviy unsurlar bilan boyitilgan toza havo uzluksiz yuborib turilsa ham, boʻlmadan koʻngilni ozdiradigan darajadagi qoʻlansa hid sira arimasdi. Bu gʻaroyib maxluq, agar zarurat tugʻilsa, shunaqangi dahshatli hunarlar koʻrsatishi mumkin ediki, ularni kuzatgan har qanday ongli mavjudot xushi boshidan uchib, aqldan ozardi.

Kunlarning birida zuhallik fazogirlar Koinot sarhadlarining chekkasida joylashgan ulkan sariq yoritgich burjining oliy hayot mavjud sayyoralaridan biriga qoʻnishdi. Zuhal allomalarining Galaktikani har tomonlama tadqiq etish rejalariga binoan, fazogirlar bu kichik sayyoraning joʻgʻrofiyasi, ob-havo sharoiti va unda istiqomat qiluvchi tafakkur egalarining taraqqiyot saviyasini oʻrganishlari, bundan tashqari, kema ostki boʻlmasidagi badboʻy mutant uchun toʻyintirilgan havo zahirasini ham jamgʻarib olishlari zarur edi.

Xullas, sayyoraning kimsasiz togʻli tumaniga qoʻngan fazogirlar koʻp oʻtmay favqulodda voqeaning guvohi boʻlishdi. Kemaning «O» harfiga oʻxshash eshiklari ochilib, kelgindilar oʻziyurar zinalar orqali endi pastga tusha boshlagan ham edilarki, kutilmaganda yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, ularning toʻrt tomonida allaqanday nayzasimon qurollar koʻtargan mahalliy yerlilar toʻdasi paydo boʻldi.

Kema dargʻasi — boʻyi ikki gazdan ziyod, qora tusdagi fazoviy jomakor kiygan, keng peshonasida birgina katta koʻzi charaqlab turgan miqti fazogir — ularni koʻrgan zahoti radioelektron aloqa tarmogʻini ishga solib, kemada qolgan yordamchisiga buyurdi:
— Darhol kemani fantom holatiga keltir!

Boshqaruv boʻlmasida oʻtirgan dargʻa yordamchisi pultdagi rang-barang va gʻuj-gʻuj tugmalarning birini bosdi-da, yuragi orqasiga tortib ketdi. Uning roʻparasidagi toʻrtburchak koʻzguchada bosh kompyuterning kemaning qutblovchi tarmogʻi ishdan chiqqanini bildiruvchi qizil xoch belgisi aks etardi. Bu nohush xabarni u darhol kema dargʻasiga yetkazdi. Dargʻa unga javoban:
— Zudlik bilan himoya qobigʻini ishga tushir!— deya buyurdi-da, shu asnoda pastga tushib ulgurgan hamkasblariga fikran murojaat qilib, atrofiga toʻpladi. Yaqin masofadan ular oʻzaro gʻoyibona usulda fikr almashishardi.
— Vaziyat qaltis. Nima qilamiz, azizlar?— soʻradi u sayyoradoshlariga birma-bir sinchkov nigoh tashlab.
— Tezda uchib ketishimiz kerak. Yoʻqsa, kemaga zarar yetkazishlari hech gapmas,— dedi dargʻadan sal pastroq boʻyli, dubulgʻasi ostidagi jigarrang sochlari birgina kamalak qoshini chala-yarim berkitgan ayol fazogir.
— Oddiy nayza bilan qurollangan yerlilar biz uchun qanday xavf tugʻdira olishlari mumkin?— e’tiroz bildirdi ozgʻinligi tufaylimi, hammadan darozroq koʻrinayotgan uchinchi fazogir. U oʻng qoʻlidagi toʻpponchasimon allanimaga bot-bot nigoh tashlardi.
— Menimcha, ular oddiy nayza koʻtarib olishgan, deb oʻylasak, xatoga yoʻl qoʻygan boʻlamiz,— dedi dargʻa, xavotirga tushib.
— Toʻgʻri,— ma’qulladi uning fikrini ayol fazogir, yarim chaqirimcha naridagi tepalikdan shoshilinch tushib kelayotgan yuz choqli askarlar toʻdasiga sarosima aralash tikilarkan,— chamamda, ular nayzali avtomat miltiqlar bilan qurollanishgan.
— Mutantdan foydalanishimizga toʻgʻri kelmasa, deb qoʻrqaman,— dedi ozgʻin fazogir negadir iztirobli ohangda.
— Yoʻq, mumkin emas!— dedi kema dargʻasi qat’iy ohangda.— Umumkoinot mintaqalari uyushmasining nizomiga qarshi ish tutolmaymiz!
— Nega axir?— e’tiroz bildirdi ozgʻin fazogir.— Hayotimizga tahdid solayotgan tajovuzkor kuchlarga qarshi uni ishlatishimiz mumkin-ku?!
— Himoya qobigʻi ichida ekanmiz, bizga hech kim va hech narsa xavf sololmaydi,— dedi dargʻa e’tirozga oʻrin qoldirmaydigan ohangda.
— Voy, qaranglar!— kutilmaganda xitob qildi fazogir ayol uzun kamalak qoshini chimirib. — Harbiy uchoqlar!..

Chindanam, ular ozgʻin fazogir ushlab turgan narsa ustida paydo boʻlgan katta koʻzgu orqali yonma-yon saf boʻlib uchib kelayotgan toʻrtta harbiy uchoqni koʻrishdi. Ularning har biri toʻrttadan raketa osib olganini shu yerdan turib ham bemalol ilgʻash mumkin edi.

* * *

Mutlaqo maxfiy!

Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidentiga

Shoʻro Ittifoqi Prezidentiga

HUKUMAT NOMASI

Janob Prezidentlar! Irot hukumati bizning janubi-sharqiy hududimizdagi Kumushtogʻ tizmalari etagiga gʻayrioddiy tuzilishdagi harbiy uchoq davlat chegaramizni koʻpol ravishda buzib oʻtganini ma’lum qilish bilan birga, uning Shoʻro Ittifoqi yoki AQShga tegishli-tegishli emasligi haqida zudtar xabar berishingizni iltimos qiladi. Agar u xufiya maqsadlar bilan tashrif buyurgan va bu ish davlatimizning siyosiy va iqtisodiy mustaqilligiga rahna solishga qaratilgan boʻlsa, biz yuqorida zikr etilgan kemani asir olishga yoki bunga erisholmaganimiz taqdirda — uni butkul yoʻq qilib tashlashga majbur ekanligimizni afsus bilan ma’lum etamiz.

Kamoli ehtirom ila,

Irot hukumati Prezidenti

...General oʻtirgan parrakli uchoq Kumushtogʻ etagiga oʻttiz daqiqadayoq yetib keldi. Toʻrt tarafdan oq toʻshli magʻrur choʻqqilar silsilasi qad rostlagan, oʻrtada turfa yovvoyi mevali daraxtlar gʻuj-gʻuj oʻsgan yam-yashil vodiy yastanib yotibdi. «Josus» kema ana shu vodyyga, togʻ etagiga tutashgan yalanglikka qoʻngan edi.

Kemani toʻrt tarafdan bir necha yuz qurolli desantchi qurshab olgan, oʻng tarafdagi tepalikdan Shoʻro Ittifoqidan sotib olingan oʻnta tank xuddi dengiz trshbaqalariday birin-ketin oʻrmalab kelar edi. Ikki togʻ oraligʻidan esa, raketa osgan toʻrtta qiruvchi tayyora, taxminan uch yuz-toʻrt yuz gaz balandlikdan uchib oʻtardi. General Najot Olloyor parrakli uchoqni noma’lum kema yonidagi maysazorga qoʻndirishni buyurdi-da, radiomikrofon orqali tankchilar va piyoda askarlar qoʻmondonlariga buyruq berdi:
— «Dengiz toshbaqasi» kemani toʻrt tarafdan qurshovga olsin! «Piyoda» hujumga tayyorlansin! «Qirgʻiylar» juft-juft boʻlib, kemani shimoldan va janubdan nishonga olsin! Hamma. boʻlinmalarga alohida jangovarlik e’lon qilaman!

Ajabo, shu payt noma’lum kema atrofida unga qurol oʻqtalib turgan askarlar hayajondan qichqirib yuborayozishdi. Sira kutilmaganda kema sirtining kumush rangi oʻzgarib, asta-sekin xuddi shishaday shaffof tus ola boshladi. U hammaning koʻz oʻngida koʻzdan gʻoyib boʻlayotgan edi.

Piyoda lashkarlar qoʻshini qoʻmondony shu mahal maysazorga qoʻngan parrakli uchoq qoshiga yugurarkan, eshikdan tushib kelayotgan generalga qarata jon holatda qichqirdi:
— Najot janoblari! Kema koʻzdan yoʻqolyapti! Hozir u butkul gʻoyib boʻladi! Oʻqqa tutishga ruxsat eting!..

Keyingi voqealar yashin tezligida kechdi.

* * *

Noma’lum kema ichidagilar generalning avval ingliz, soʻngra rus tilida radiomikrofonni turli uzunlikdagi toʻlqinlarga ulab allanimalar deyayotganini maxsus qabul qurilmalari orqali aniq eshitishdi. Uning kelgindilardan taslim boʻlishni talab qilayotgani kunday ravshan edi.
— Yerlik mavjudotlarga sira tushunib boʻlmaydi,— dedi kema dargʻasi figʻoni chiqib.— Ularda tajovuzkorlik mayli shunaqangi rivojlanganki, har qanday yovuzlik oʻshanga yarasha yovuzlikni yuzaga keltirishi haqida oʻylab ham oʻtirishmaydi.
— Juda toʻgʻri,— qoʻllab-quvvatladi uni fazogir ayol.— Yerliklarning odam boʻlishi ancha murakkab jarayon chogʻi. Oradan asrlar oʻtsa ham ularning fe’l-atvori oʻsha-oʻsha. Asr boshidagi safarimiz yodlaringda boʻlsa kerak. Oʻshandayam bizni qiruvchi tayyoralarda rosa ta’qib qilishgandi.
— Fojia shundaki,— dedi ozgʻin fazogir oʻkinib,— ular oʻz qilmishlarining oqibatlarini idrok etishga ham ojizlar. Bu olamda hen narsa izsiz qolmasligini nahotki tushunishmasa?..
— Bu bema’ni sayyorani tezroq tark etish kerak. Ulardan hamma narsani kutish mumkin,— dedi fazogir ayol afsus-nadomat bylan.
— Afsuski, hozir hech qayoqqa jilolmaymiz,— dedi dargʻa, boshini saraklatib, — Ta’mirchi temirtan bilan yordamchim kema qusurini toʻla tiklashlariga hali yana oʻn daqiqa bor.
— Hammadan dahshatlisi shundaki,— dedi ozgʻin fazogir beshbattar xafa boʻlib,— biz ular bilan muloqot ham oʻrnatolmaymiz: tanalarimizdagi aksilmodda ular uchun oʻta halokatli. Hatto ovozimiz, fikrimiz, nigohimiz ham ularga katta xavf tugʻdirishi mumkin.
— Ta’mir ishlari tugamay turib, ular kema qobigʻini ishdan chiqarishsa nima boʻladi?
— Nima boʻlardi? Siz bilan biz kema va jasadlarimizdan judo boʻlib, ruhlarimizni kapsulada Zuhalga joʻnatishimizga toʻgʻri keladi. Lekin bu — soʻnggi chora. Dahshatlisi shundaki, bu holda mutant jilovsiz qoladi va u ozodlikda bamisoli yerliklarning afsonalaridagi dahshatli ajdarhoga aylanadi.

Shu choq fazogirlar sarosima ichida qichqirib yuborishdi.
— YO falak! Ular kemamizni oʻqqa tuta boshlashdi!—xitob qildi fazogir ayol, kamalak qoshi ostidagi qoʻrquv toʻla tanho koʻzining kipriklarini pirpiratib.
— Askarlarning oʻqlari kemaga zarar yetkazolmaydi.
— Tanklar ham...
— Lekin anavi qiruvchi uchoqlar...
— Har ehtimolga qarshi kapsulalar tayyorlansin!
— Xoʻp boʻladi,— ozgʻin fazogir kema omborxonasiga qarab yugurdi.
— Axir, hozir kemamiz koʻrinmas qobiq ostida-ku? Ular tavakkaliga oʻqqa tutishyaptimi?
— Ha-da. Yerliklar azaldan shunaqa: urush-janjalni pulga sotib olishadi. Koinotda bunaqa sayyoralar hamon mavjud ekan, har xil mutantlarni olib yurishga majburmiz-da...
— Bari bir yerliklarga rahmim kelyapti,— dedi fazogir ayol ma’yuslanib.— Mutant ularning boshiga ne kulfatlarni solmasa goʻrga edi.
— Endi boʻlar ish boʻldi. Ularni Koinot Oliy Tafakkuri oʻz panohida asrasqn.
— Aytganingiz kelsin.

Ular xuddi fotiha qilayotganday, kaftlarini yuzlariga tortishdi.

* * *

General Najot Olloyor kemani oʻqqa tutishga ruxsat berdi-yu, lekin ichidan zil ketdi. Vujudini negadir gʻulgʻula va xavotir hislari chulgʻagan, oʻzini qoʻyarga joy topolmay, xuddi qafasdagi sirtlonday tipirchilab, u yoqdan-bu yoqqa odim tashlardi. Yoʻq, la’nati kema koʻzdan yoʻqolgan boʻlsayam, joyida turgan boʻlishi kerak. Uning nimasidir ishdan chiqqan-u, ucholmay qolgan, xolos. Hozir ta’mir qilishayotgan boʻlsa ham ajab emas.

Yo tavba, askarlar toʻrt tarafdan otayotgan oʻqlar xuddi koʻrinmas poʻlat devorga borib urilayotganday uchqunlanib, har yon sachrayaptimi? Demak, kemaning ucholmagani, hamon joyida turgani aniq. Askarlarning bir ish chiqarishi amri maholga oʻxshaydi. Tanklarni ishga solish kerak!

Kemani chor-atrofdan qurshab olgan «dengiz toshbaqa»larining hamma yoqni larzaga keltirib otgan oʻqlari ham zoe ketdi.

«Obbo, la’natilar-ey! Bu qanaqa qotishmadan tayyorlangan kema ekan? Raketa otishga toʻgʻri keladimi deyman?»— xayolidan oʻtkazdi general, hamon koʻnglidan allanechuk xavotir hissi arimay.

Shu payt qarama-qarshi yoʻnalishda uchayotgan qiruvchi uchoqlarning ikki nafari pastga, noma’lum kema turgan tarafga shoʻngʻidi-yu, generalning buyrugʻi bilan avval bir juft, keyin yana bir juft raketani qoʻyib yubordi.

Ayni shu mahal kemani oʻragan askarlar hayratdan qichqirib yuborishdi. Kema yana shaffoflashib, asta-sekin oʻzining kumushrang tusini ola boshlagandi. Lekin ketma-ket kelib urilgan raketalar tufayli hamma yoqni gumburlagan ovozlaru koʻm-koʻk tutun qoplab, hech narsa koʻrinmay qoldi.

Dilidagi gʻulgʻula tobora ortib borayotgan general Najot Olloyor, chamasi, parcha-lanib, ketgan kemaning tepasidan bir necha nozik nur oqimi yuqoriga— koinot qa’riga otilganini payqadi. Lekin buning nimaligi haqida oʻylab koʻrishga ham ulgurmadi. Chunki tutun birmuncha tarqab, koʻz oʻngida dahshatli manzara namoyon boʻldi. Hozirgina noma’lum kema turgʻan joy oʻrnida keksa qayragʻoch poʻstlogʻiday burishiq va shilimshiq tanali bahaybat bir mahluq choʻzilib yotar, uning tanasidan koʻngilni ozdiruvchi koʻm-koʻk suyuqlik chiqa boshlagan edi. Mahluqning haybati ertaklardagi ajdaholarday ulkan boʻlib, koʻrinishi juda gʻalati: oʻnlab «boshnlari va panjasimon «qoʻl»lari uzluksiz koʻtarilib-tushib, buralib-eshilib turar edi. Hademay uning tanasi qurib qoldi-da, oʻzi dum-dumaloq sharsimon shaklga kirdi va joyidan koʻtarilgancha, oʻzini oʻrab turgan askarlar sari shiddat bilan uchib ketdi.

* * *

Mutlaqo maxfiy!

HUKUMAT NOMASI

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sarkotibiga

Muhtaram Sarkotib!

Irot hukumati gʻayrioddiy tuzilishdagi harbiy uchoq davlat chegaramizni qoʻpol ravishda buzib, mamlakat janubi-sharqiy hududidagi Kumushtogʻ tizmalari etagiga qoʻnganini Siz janobi oliylariga ma’lum qiladi. Soʻnggi ma’lumotlarga qaraganda, kema na AQSh va na Shoʻro Ittifoqiga tegishli. U bilan aloqa bogʻlash borasidagi barcha urinishlarimiz bexuda ketdi. Kema uchuvchilari biz bilan tinch muloqotga kirishishdan mutlaqo bosh tortishdi. Oradan koʻp oʻtmay bizga noma’lum yoʻsinda, turgan joyida koʻzdan gʻoyib boʻla boshladi. Uning davlatimizga qarashli strategik nuqtalar ustidan uchib oʻtganini hisobga olib va koʻpgina davlat sirlarimizni qoʻlga kiritib, gʻoyibona tarzda joʻnab ketishining oldini olish maqsadida kemani portlatishga maj-bur boʻldik. Ammo Sizga shuni alohida ta’kidlab xabar qilamizki, kemada biz uchun mavhum yoʻsinda ishlovchi biologik qurol mavjud ekan. Bu shunday ajabtovur qurolki, uni na oʻq oladi, na biror raketa. U oʻz-oʻzini boshqarish, oʻz toʻqimalarini osongina qayta tiklash va yoʻlida uchragan jamiki biologik tuzilishga ega jonzot, hayvonot va nabotot borki, yemirib, quritib-qovjiratib tashlash qurbiga ega. Kema portlashi bilan erkinlikka chiqqan bu shafqat bilmas mutant yuzga yaqin askarlarimizni bir necha daqiqa ichidayoq gumdon qildi. Lazer bilan qurollangan general Najot Olloyor boshliq harbiy boʻlinmamiz sharsimon mutantni parrakli uchoqlarda ta’qib qilib bormoqda. Lekin bundan biror natijaga erishish amrimahol, degan fikrdamiz.

Hozirgi vaqtda bu dahshatli biologik qurol tobora kattalashib, Kumushtogʻ tiz-malari osha Shoʻro Ittifoqi sarhadlari sari yoʻl olgan.

Muhtaram Sarkotib janobi oliylari!

Sizga shuni oshigʻich ma’lum qilamizki, zudlik bilan Xavfsizlik Kengashi majlisini chaqirib, ushbu noma’lum mutantga qarshi jiddiy chora-tadbirlar koʻrilmasa, u mamlakatimiz, shuningdek, Shoʻro Ittifoqining janubiy hududlaridagi tinch aholi yashaydigan koʻp joylarni tamoman xonavayron qilishi mumkin.

Kamoli ehtirom bilan,

Irot hukumati Prezidenti

Mutlaqo maxfiy!

HUKUMAT NOMASI

Shoʻro Ittifoqi Prezidentiga

Muhtaram Prezident!..

(Noma yuqorida keltirilgan tafsilot bayonidan soʻng mana bunday davom etgan): Noma’lum biologik qurolning tobora kattalashib borayotganligi va uning Shoʻro Ittifoqi janubiy xududlariga jiddiy xavf tugʻdirishi mumkinligini e’tiborga olib, BMT bilan yaqin hamkorlikda choralar koʻrishingiz va mutantni ta’qib qilib borayotgan harbiy parrakli uchoqlarimiz mamlakatingiz sarhadlarida betahdid harakat qilishlari uchun ijozat berishingizni Sizdan oʻtinib soʻraymiz.

Samimiy salomlar ila,

Irot hukumati Prezidenti

* * *

Sharsimon mutant tirik qolgan va endi butalar oralab shataloq otib qochayotgan soʻnggi askarlardan bir nechtasini quvib yetgach, bir qancha ilonsimon uzun «qoʻl»larini xuddi oʻqday otib, ularni ham oʻrab-chirmab oʻz «bagʻri»ga oldi. Lahza oʻtmay, «shar»ning ostidan shoʻrlik askarlarning qorayib ketgan suyaklari va majaqlangan qurollarning temir parchalari ketma-ket toʻkilib tushdi. Soʻngra bu gʻaroyib mavjudot sharq tarafdagi kumushrang toqqa qarab jildi. Ajabo, u general Najot Olloyor borayotgan parrak uchoqqa e’tibor ham bermasdi. Chamasi, uni faqat oʻsimlik va jonli mavjudotlargina qiziqtirardi.

Ufqda yana uchta parrakli uchoq koʻrindi. Bular yaqinda general chaqirtirgan qoʻshimcha kuchlar edi.

Dahshat va sarosimadan rangi dokaday oqargan Najot Olloyor oʻta asabiy koʻrinar, shuning uchunmi, parrakli uchoqdagi kapitan bilan serjantga berayotgan buyruqlari ham uzuq-yuluq edi.
— Lazer!..— xitob qildi u birdan, pastda togʻ bagʻri boʻylab yuqoriga koʻtarilayotgan muntantga hayajon bilan tikilarkan.— Darhol lazerni ishga solinglar!

Baqaloq yuzli barzangi kapitan serjantga imo qilgan edi, u orqadan avtomatsimon kvant generatorini olib, eshik yoniga oʻtdi.
— Ot! — qichqirdi general pastdagi sharsimon mahluqning duch kelgan archaga oʻzini urganini hayrat bilan kuzatarkan. Mana, u archani oʻpqonday ichiga tortdi. Lahza oʻtmay hamon olgʻa jilayotgan mutantni ortida qurib-qovjirab qolgan yalangʻoch daraxt tanasi koʻrindi. «Shar» shu ondayoq sezilarli darajada «semirib» ulgurgan edi.

Serjant kvant generatorining nilini sharsimon mutantga toʻgʻrilab, tugmani bosdi. Parrakli uchoqning shovqiniga lazerning boʻgʻiq guvillagani qoʻshilib, quloqni qomatga keltirdi. Ajabo, maxluq xuddi ari chaqqan odamday seskanib, irgʻib tushdi. Yumaloq tanasining jahannamiy nur tekkan qismi xuddi pichoq bilan qirqilganday palaxsa-palaxsa boʻlib boʻlina boshladi. Lekin nur tufayli ajralgan toʻqimalar shu zahoti bir-birlariga tutashib, oʻzaro yana chippa yopishib qolaverdi.
— Yoʻq, bu haddan ziyod xavfli maxluq! — qichqirdi general, beshbattar asabiylashib.— Ajdahoning oʻzginasi! Agar tezda jilovi qoʻlga olinmasa, sayyoramizni chinakamiga xonavayron qilishi hech gapmas!

Generalning lazer qurilmasiga qarata hafsalasiz qoʻl siltaganini koʻrgan barzangi kapitan serjantga:
— Bas qil, foydasi yoʻq,— dedi ovozini pasaytirib.

Sharsimon maxluq yoʻl-yoʻlakay archalarni «yamlab», hamon yuqorilab borarkan, atrofida girdikapalak boʻlayotgan parrakli uchoqlarga sira e’tibor qilmas, uni Yerning qishin-yozin koʻm-koʻk boʻlib yashnab turuvchi daraxtlari koʻproq qiziqtirar edi.

* * *

Mutlaqo maxfiy!

HUKUMAT NOMASI

Irot hukumati Prezidentiga

Janob Prezident!

Bizni mamlakatimizning janubiy hududlaridagi jiddiy xavfdan ogoh qilganingiz uchun Sizga samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashidagi muxtor vakilimizga bu favqulodda masala bilan darhol shugʻullana boshlashga koʻrsatma berildi. Noma’lum xavfga qarshi hamkorlikda kurashish maqsadida harbiy uchoqlaringiz ittifoqimizning janubiy hududlarida betahdid harakat qilishlari uchun ijozat etildi. Bu haqda chegara qoʻshinlari qoʻmondonligiga tegishli farmon berildi.

Doʻstona salom bilan,

Shoʻro Ittifoqi Prezidenti

Shoʻro hukumati rahbarining bu nomasi bilan ratsiya orqali tanishgan general Najot Olloyor aytarli xushnud boʻlmadi. U parrakli uchoqning ochiq oynasi orqali hamon ilgarilab borayotgan sharsimon maxluqqa gʻamgin tikilarkan, oʻyga tolgan edi. «Nafsilamrini ayganda, ularning qoʻlidan nimayam kelishi mumkin? Xoʻsh, ta’qib qilib chegaraga ham yetib bordik, deylik. U yogʻida Oʻzbekistonning qadimiy shaharlari boshlanadi. Sharsimon mutant odam ovlashga kirisharkan, borgan sari «semiraveradi». Toʻrt qavatli binoday yiriklashgach, ovi yanada yurishadi. Koʻchalarda odam zoti qolmagach, daraxtlarni yamlashga tushadi. Turfa mevali daraxtlaru xiyobonlarga chiroylik qilib ekilgan archa daraxtlarini... Darvoqe, archa... Archalar yordamida ish tutilsa-chi?.. Aytaylik, sharsimon maxluqning oldiga har yarim chaqirim masofada archa shoxi tashlab borilsa, u «emish» ortidan bamisoli itday ergashib kelaveradi. Shu tariqa uni sayyoramizning istagan nuqtasiga boshlab borish mumkin. Lekin qaerga?»

Najot Olloyor bir vaqtlar harbiy akademiyada yangi kimyoviy qurollar yaratish ustida tadqiqot ishlari olib borgan, bu sohada hatto shoʻro olimlari bilan ham hamkorlik qilgan edi. General inglizlarga qarshi, soʻngra Shoʻrolar tashabbusi bilan boshlangan katta urushlarda qatnashgan, koʻp yangi qurollarni bilar, lekin bunaqangi biologik qurolni yetti uxlab tushida ham koʻrmagan edi.

...Uni qaerga boshlab borsa boʻlarkin?.. Kuchli radiatsiya mavjud joygami? Masalan, Chernobil qahrabo stantsiyasiga... Menimcha, foydasi yoʻq. Lazer ta’sir qilmadi-ku, axir...

Sharsimon maxluq va uning izidan ta’qib qilib borayotgan parrakli uchoqlar bitta togʻ choʻqqisidan oshib oʻtishdi. Oʻrtadagi torgina vodiy boʻylab katta ilonizi soylik oʻtardi. Soyda koʻm-koʻk zilol suv ilonizi oʻzani boʻylab shiddat bilan oqar, toshlar va xarsanglarga urilib, atrofga injuday oppoq koʻpiklar sochar edi. Mutant yoʻl-yoʻlakay archalarni «yamlash»da davom etib, pastga intilarkan, yoʻlni toʻppa-toʻgʻri keyingi eng yaqin archa tomonga solardi. Demak, u oʻziga kerakli narsa yoki mavjudotlarni olisdan sezish qobiliyatiga ega!..

Soy boʻyiga yaqinlashganda, generalning miyasiga yana bir fikr keldi.
— Nol toʻqqiz bilan aloqa bogʻla,— buyurdi Najot Olloyor orqasidagi kapitanga, yana radiomikrofonni qoʻliga olarkan...

Oradan bir necha fursat oʻtgach, yoniga qizgʻish rangda katta-katta qilib 09 raqami yozilgan parrakli uchoq soy sohiliga qarab uchib ketdi. U soy boʻyiga qoʻngach, ichidan bir askar otilib chiqib qoʻlidagi suvdonga suv toʻldirdi, keyin qaytib oʻtirishi bilan parrakli uchoq sharsimon maxluqning tepasiga uchib bordi-da, bir zum muallaq qotdi. Xuddi shu daqiqada haligi askar derazadan suvdon chiqarib, «shar»ning ustiga suv quyib yubordi. Mahluqni sinchkovlik bilan kuzatayotgan general alam bilan tizzasiga bir urdi. Suv mutantning «elka»siga tegishi hamon vijillab qaynab, bugʻlanib ketgan edi.
— Ie, harorati juda baland-ku?! — xitob qildi baqaloq kapitan, hayrat ichida maxluqdan koʻz uzmay.
— Ming la’nat!.. — dedi general beshbattar figʻoni oshib, keyin picha oʻzini bosib olgach, buyurdi: — Endi meni davlat departamenti bilan bogʻla!

Uning oʻychan koʻzlaridan qat’iy bir fikrga kelgani koʻrinib turardi.

* * *

Mutlaqo maxfiy

XUKUMAT NOMASI

Shoʻro Ittifoqi Prezidentiga

Janob Prezident!

Noma’lum maxluq-mutantning Oʻzbekiston shaharlariga bostirib kirishining oldini olish maqsadida, shuningdek, uning uzluksiz archa iste’mol qilishga moyilligini e’tiborga olib, qishloq mehnatkashlarimizni togʻlik tumanlarda archa shoxlari kesishga safarbar etdik. Bu shoxlarni hoziroq yuk mashinalarida Oʻzbekiston chegarasiga yetkazib berishga tayyormiz. Chegarada yuklarni qabul qilib olishni uyushtirishingiz va bizga yondosh jumhuriyatda ham archa kesish va general Najot Olloyorning tavsiyasiga binoan ularni tegishli joyga yetkazib berishni tashkil eti-shingizni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Kamoli ehtirom ila,

Irot hukumati Prezidenti

Oʻzbekiston jumhuriyati prezidenti nimadandir figʻoni chiqqan, allakim bilan telefonda asabiy gaplashar edi.
— Bu yozuvchilari tinib-tinchishadimi yoʻqmi oʻzi? Qachon qaramang guruhboz-lik, loʻttibozlik. Bizlar oʻlib-tirilib xalqning gʻamini chekyapmiz-ku, bular nuqul bir-birining tagiga suv quyish bilan ovora. Tunov kuni dordan qochgan bir yozuvchingiz — Oʻzi shapaloqday ikkita kitobcha yozganmi-yoʻqmi, xudo biladi,— huzurimga kirib, menga ham amal bersangiz, deydi. Bu qanday gap, axir? Kap-katta odam, uyat emasmi?! Yozuvchilarga ham beryapmiz amalni. Barcha hamyurtlarimiz qatori zoʻrlariga beryapmiz. Hamma sharoitlarni yaratyapmiz...

Shu payt eshik ochilib, ostonada qirq besh yoshlardagi oʻrta boʻyli, chuvakkina yordamchisi paydo boʻldi.
— Ma’zur tutasiz,— dedi u past ovozda Prezidentning tepasida engashgancha,—sizni hukumat telefonida katta Prezident yoʻqlayaptilar.
— Xoʻp, mayli,— dedi Prezident gapga yakun yasab,— siz bilan bu mavzuda yana batafsil gaplashamiz. Menga markazdan qoʻngʻiroq boʻlib qoldi. Sogʻ boʻling!..

Prezident bir telefon dastagini qoʻyib, ikkinchisini oldi. Yordamchisi uning imosi bilan eshikka yoʻnaldi.
— Allo, eshitaman, salomalaykum!
— Salom, vaqtimiz oʻta ziqligini e’tiborga olib, asosiy gapga oʻtaman. Chegaradan juda tashvishli xabar oldik. Qandaydir noma’lum maxluq — mutantmi-ey, ajdarhomi-ey, qoʻshni mamlakatdan oʻtib, Termiz shahriga yaqinlasha boshlabdi. U yoʻlida duch kelgan jonzotni halok qilarmish. Xullas, oldimizda aql bovar qilmaydigan yana bir jiddiy muammo koʻndalang turibdi. Uni zudlik bilan hal qilishimiz kerak. Turkiston harbiy okrugi qoʻmondonini yoningizga olib, hoziroq Termizga uchishingiz shart. Ilojini topsangiz, biolog olimlardan ham bitta-yarimtasini xamroh qilib oling. Bu ishga Davlat Xavfsizligi Qoʻmitasi ham jalb etilgan. Chegarada Irot armiyasining generali janob Najot Olloyor bilan uchrashasiz. Darhol birgalikda chora koʻrib, natijasini kechiktirmasdan aytarsiz. Tushunarlimi?
— Tushunarli, lekin...
— Hech qanday lekin-pekini yoʻq. Vaqtimiz juda ziq, deb aytdim-ku... Oq yoʻl!.. Jumhuriyat prezidenti hech qachon Shoʻro Ittifoqi prezidenti bilan bu vaqtda va bu tarzda gaplashmagan edi. Toʻgʻri, uning bot-bot asabiylashgani, qizishganining guvohi boʻlgan, lekin uning bu darajada sarosimali va xavotirli ovozini birinchi eshitishi edi. U parishonxotirlik bilan dastakni joyiga qoʻyar ekan, stoliga mahkamlangan qora tugmani bosib, yordamchisini chaqirdi. U yigit kirib kelishi bilan buyurdi:
— Armiya generali oʻrtoq Fujenkoni chaqiring. Hoziroq yetib kelsin. Prezi-dentning zarur topshirigʻi xususida, deng.
— Ivan Vasilevich hozirgina qoʻngʻiroq qilib, huzuringizga kelayotganini aytuvdi.
— Demak, unga bizlardan burun xabar yetibdi-da. Qiziq... U holda... Fanlar akademiyasida Askar Xolmurodov degan yosh bir akademik bor, tanisangiz kerak. Biotexnolog. Prezident bilan birga Termizga uchib ketishingiz kerak ekan, deng. Tezda yetib kelsin. Keyin qoʻnalgʻaga sim qoqsangiz, uchoq hozirlashsin.
— Xoʻp boʻladi,— yordamchi bosh irgʻab eshikka otlandi.

Oʻzbekiston Prezidenti oʻychan nigʻohini toʻgʻrisidagi bir nuqtaga qadadi. «Ey xudo, bu yana ne savdo boʻldi?,,»

* * *

General Najot Olloyor hamrohlari bilan parrakli uchoqda sharsimon mahluq izidan Amudaryo uzra uchib oʻtib, Shoʻro hududiga kirib borganida, roʻparalaridagi ufqda biqiniga qizil yulduz shakli tushirilgan parrakli uchoq koʻrindi. Bu — Oʻzbekiston jumhuriyati prezidenti boshliq Shoʻro hokimiyati vakillari tushgan uchoq edi.

Mutant ayni mahalda daryo yoqalab yastanib yotgan dashti-biyobon osmoni uzra shoshilmay olgʻa intilardi. General xaritaga qarab, uning Termiz tomonga yoʻl olganini payqadi. Daryo yonidan dasht yoʻli oʻtgan, yoʻl yoqalab esa, chegara emasmi, har joy-har joyda soqchilar turadigan minoralar qatori koʻzga tashlanardi. Yoʻlning narigi chekkasidan ustiga brezent yopilgan «Gazik» mashina uchib kelardi.
— Yoʻl yoqasiga qoʻndir,— buyurdi general uchuvchiga. Yerga qoʻnishganida, Najot Olloyor bir zum koʻzini yumdi. Charchoq va uzluksiz asabiylashish oʻz ishini qilayotgandi. Voajab, shu payt generalning — garchand koʻzlari yumuq boʻlsa ham! — koʻz oldi yorishib, shundoq burnining ustida qizil, yashil, binafsha, qora ranglar jilvalana boshladi. Soʻngra kutilmaganda bu ranglar xuddi tumanday chekinib, ularning oʻrnini chor-atrofi qum sahrosidan iborat mitti dengiz egalladi. Dengiz suvi negadir qop-qora edi. Dengiz atrofini qurshagan dashtda esa, qumloqqa yarim botgan, qiyshaygan, machtalari singan eski kemalar, katta-kichik qayiqlar koʻzga tashlanardi. Shu payt dengiz ustida nuqtaday shaklda haligi sharsimon mahluq paydo boʻldi.
— Axir, bu — Orol-ku! — Shartta koʻzlarini ochgan generalning koʻksidan nido otilib chiqdi. Hech narsaga tushunolmagan hamrohlari unga hayron boʻlib tikilishdi. U eshikni ochib, sakrab pastga tushdi-da, asabiylashib u yoqdan-bu yoqqa odimlay boshladi. Najot Olloyor asl musulmon, xudojoʻy odam edi. «Bu nima? Tushimmi, oʻngimmi? Tush boʻlsa, ta’biri qanday? Xudo nimalarni koʻnglimga soldi oʻzi?..»

Ortiq xayol surishga vaqt qolmagan, chunki bir tomondan haligi «Gazik» mashina kelib toʻxtagan, bular — Davlat xavfsizligi qoʻmitasi xodimlari va chegarachi ofitserlar edi, ikkinchi tomondan esa, biqiniga qizil yulduz shakli tushirilgan havorang, parrakli uchoqda Prezident va uning hamrohlari qoʻnishgan edi.

* * *

Salom-alikdan soʻng sharsimon maxluqni kuzatib, darrov muhokamaga oʻtishdi. Mutant bilan bogʻliq tafsilotlarni eshitgan Prezident avval hayajonga tushdi, keyin qattiq xafa boʻldi. «Shoʻrlik xalqimizning boshida shu tashvish ham bor ekan-da endi...»
— Xoʻsh, endi nima qilishni maslahat berasiz? — soʻradi u birdan oʻzini qoʻlga olib.
— Uni shahardan chekkaga, dashtga boshlash kerak,— dedi Najot Olloyor qat’iy ohangda.
— Archa shoxlari yordamida uni istagan tarafga yoʻnaltirish mumkin, deng?
— Xuddi shunday.
— Chamamda, archalarni tashiy boshlashdi, shundaymi, oʻrtoq Fujenko? — Deya yonidagi hamrohlaridan biriga oʻgirildi prezident.
— Xuddi shunday,— javob berdi Turkiston harbiy okrugi qoʻmondoni, ellik besh-oltmish yoshlar atrofidagi tikqomat general.— Harbiylarimiz archa shoxlari ortgan ellikta vezdexodda chorak soat avval chegaradan yoʻlga chiqishdi. Yana yarim soatda yetib kelishadi. Xuddi shunday yana ellikta vezdexod Kitob shahridan kelyapti.
— Xoʻp, yaxshi. Lekin uni qaysi dashtga boshlaymiz?

Najot Olloyor bu safar javob berishga shoshilmadi. U ikkilanayotgan edi.
— Bilaman, sizlar xudoga ishonmaysizlar,— dedi u negadir kalovlanib.
— Nega endi? — ayanchli bir tarzda kulumsiradi Oʻzbekiston Prezidenti (hozir sira kulgining mavrida emas edi-da).— Kommunistlar haqida unchalik yomon oʻyga bormang...
— Lekin xudo koʻnglimga soldi: uni Orolga boshlash kerak! Prezidentning endi chinakamiga gʻazabi oshdi.
— Nimalar deyapsiz oʻzi?!—dedi u qichqirguday ohangda.— Orol xalqi shundoq ham kasalmand, qirilib ketyapti! «Oʻlganning ustiga tepgan» qabilida.ish tutgan boʻlamiz-ku!
— Meni toʻgʻri tushuning, axir,— dedi Najot Olloyor bosiqlik bilan,— Sababini oʻzim ham bilmayman, lekin maxluqning Orolda gumdon boʻlishiga shaxsan mening ishonchim komil.
— Boʻlmagan gap! — xitob qildi prezident tobora qizishib.— Afsona bu! Bizlar bunga hech qachon yoʻl qoʻymaymiz!..
— Unda oʻzlaringiz bilasizlar,— dedi general ma’yus ohangda, yelkasini qisib.— Men insoniylik burchim tufayli yordamga kelganman, xolos.
— Uni kimsasiz sahroda yoʻq qilishining biror iloji yoʻqmi axir? — soʻradi jumhuriyat rahbari, endi bir oz hovuridan tushib.— Oʻrtoq Fujenko, siz nima deysiz?

Harbiy okrug qoʻmondoni ham barcha Shoʻro generallari singari fikr yuritishga unchalik oʻrganmagan, u ham yuqoridan berilgan buyruqnigina bajarishga ustasi farang edi. Shuning uchunmi, tusmollanib:
— Menimcha, bu sharoitda markazdan odam chaqirish kerak, mutaxassislarni...— dedi.— Keyin buyruq bersanglar, biror ilojini qilsa boʻlar...

Prezident endi boyadan beri sukut saqlab turgan barvastaqomat, doʻngpeshona akademikka murojaat qildi:
— Bu masalada sizning fikringizni bilishni istardim, oʻrtoq Xolmurodov? Yuzidan suqrotony donishmandlik balqib turgan Asqar Gʻanievich shoshilmay gap boshladi.
— Oʻylashimcha, bu — fanga hali mutlaqo noma’lum boʻlgan mavjudot. Balki u chindanam sun’iy yoʻl bilan tasodifan yaratilgan mutamax, ya’ni mutantlashgan maxluqdir? Ehtimol, u irotlik janob general aytayotgan kemada koinotdan tushgandir? Uning biologik qurol ekani haqidagi taxminga ham qoʻshilish mumkin...
— Tushunarli. Lekin uni qayda va qay tariqa yoʻq qilsvk boʻladi? Bizlarni shu masala qiziqtiradi.
— Oʻylashimcha, biz bu yerda dunyo tarixida koʻz koʻrib-quloq eshytmagan gʻaroyib hodisaga duch kelib turibmiz. Mana, siz uni biror kimsasiz sahroda gumdon qilishning biror iloji bormi, deb soʻrayapsiz. Ma’lumki, har qanday sahroda ham oʻeiga xos biologik hayot boʻladi. Hayot bor, joy esa, anavi maxluq uchun — ozuqa manbai shunday sahro topish kerakki, u yerda hech qanday hayot asari boʻlmasin, nafas olish ham qiyinchilik tugʻdirsin. Ana shunday omol joy — quriyotgan, tuz va har xil tuzsimon zaharli moddalarga toʻlib-toshgan Orol sohillari. Axir, xalqimiz «zaharny zahar kesadi», deb bejiz aytmagan. Shularni e’tiborga olib, men irotlik janob generalning fikrida jon bor, deb hisoblayman.
— Buning aynan sizlar oʻylagandek boʻlishiga kim kafolat bera oladi? Mabodo u Orolda oʻlmasa nima boʻladi?
— U holda,— gap qoʻshdi general Najot Olloyor,— maxluqni yoʻqotishning biror oʻzta chorasini topgunimizcha uni istagan boshqa sahroga boshlab boraverishimiz mumkin... Faqat... koʻproq archa shoxlari jamgʻarishimizga toʻgʻri keladi, xolos.

Prezident har qanday masalani shartta-shartta hal qilishni yaxshi koʻradigan, choʻrtkesar odam edi. Hozir ham shunday boʻldi. U sahro uzra tobora uzoqlashib borayotgan sharsimon maxluqqa tikilarkan:
— Boʻpti, kelishdik!—dedi qat’iy ohangda.— Boʻlmasa, olislab ketmasidan uni orolga buringlar! Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham butun mas’uliyatnixiz bilan bizning zimmamizga yuklabdi. Vaziyat oʻta jiddiy. Illo, endi bizga dunyo koʻz tikib turibdi...

Xuddi shu choq yoʻlning narigi boshida daryo yoqalab kelayotgan vezdexodlar safi koʻrindi. Ularning ustiga archa shoxlari ortilgan edi.

* * *

Oradan chamasi ikki soat ham oʻtmay, bashariyat tarixida misli koʻrilmagan gʻalati karvon yoʻlga tushdi. Oldinda prezident, uning hamrohlari va yoʻl koʻrsatuvchi mutaxassislar oʻtirgan parrakli uchoq uchib borar, ketma-ket pastda archa ortgan vezdexodlar safi yelar, ular har ikki yuz-uch yuz gaz masofada bittadan archa shoxi qoldirishar, ularning orqasidan eea, sharsimon mahluq xuddi qarmoqqa ilingan baliqday sudralib, sahro uzra soatiga taxminan oʻttiz-qirq chaqirim tezlikda uchib borar edi. Najot Olloyor boshliq Irot harbiylari tushgan parrakli uchoq karvonning oxirida ketardi. Prezidentning «vatanlaringga qaytaveringlar» degan takliflariga qaramay, general ishni nihoyasiga yetkazishni lozim topgandi.

Sahrolar, paxtazorlar, soyliklar, qir-adirlar va tepaliklar osha yoʻl bosisharkan, vaqti-vaqti bilan yuki sob boʻlgan vezdexodlar oʻrnini boshqalari egallardi. Shu tariqa, gʻaroyib karvon kechani kecha, kunduzni kunduz demay olgʻa intilardi.

Nukusga oʻn chaqirimcha qolganda, mutamahning avzoida oʻzgarish yuz berdi. U kutilmaganda istiqbolidagi «ozuqa»lardan voz kechib, shahar tarafga yoʻl soldi.

Jon-poni chiqib ketgan odamlar sarosimaga tushib qolishdi. Agar maxluq shaharga kirib borsa, voqealar qanday tus olishini yaxshi tasavvur qilgan Najot Olloyor ratsiya orqali archalarni endi har ellik gaz masofada qoldirishni tavsiya etdi. Shu yoʻl bilan maxluqni oʻzlariga yana ergashtirishga arang muvaffaq boʻlishdi.

Nihoyat, bir vaqtlar limmo-lim dengiz tubi boʻlgan, endi esa qush uchsa qanoti, odam yursa oyogʻi kuyadigan oʻlik sahroga aylangan zahilrang Orol sohillari boshlandi. Olisda qumloqqa yarim botgan turfa-tuman kemalar, katta-kichik qayiqlar koʻrindi. Dengizgacha yana yuz chaqirimdan ziyod yoʻl bosish kerak edi.

Endi sharsimon maxluq «semirib», toʻrt qavatli binoday kattalashib, koʻrinishining oʻziyoq uni kuzatib borayotganlar qalbini dahshatga sola boshladi. Uni tamomila yoʻqotishga shubhasi tobora oshib borayotgan Prezident asabiylashib, parrakli uchoqda oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoldi. U yonidagi yosh akademikni bot-bot savolga tutar, javoblaridan unchalik qoniqish hosil qilmas, boz ustiga uning hamma akademiklarga xos oʻta xotirjamligi jigʻiga tega boshlagan edi.
— Endi u tezligini kamaytira boshlashi kerak,— dedi Xolmurodov, deraza orqali sharsimon maxluqni kuzatishda davom etib.
— Nima uchun? — soʻradi prezident xavotirga tushib.
— Chunki bu yerning havosi buzuq, nafas olishi qiyinlashadi.
— Hali u nafas ham oladimi?
— Albatta-da. Har holda biologik mavjudot-ku.

Picha sukutda qolgan prezident yana olimni savolga tutdi:
— Darvoqe, mahluq nega endi archaga buncha ishqiboz?
— Chunki archa oʻzidan boshqa oʻsimliklarga nisbatan koʻproq kislorod chiqaradi. Boz ustiga uning tarkibida mutamax uchun oʻta toʻyimli har xil yogʻsimon, mutagen ta’sirga ega moddalar ham moʻl-koʻl-da.

Chindanam, koʻp oʻtmay mutamax tezligini kamaytirdi. Shunda ratsiya qurilmasi orqali Najot Olloyorning hayajonli ovozi eshitildi:
— Janob Prezident, mahluq oʻzidan qandaydir koʻkimtir suyuqlik chiqara boshladi!

Akademik Xolmurodovning koʻzlari birdan chaqnab ketdi.
— Juda soz! — dedi u hayajonini arang bosib.— Yemirilish boshlandi. Prezident unga tomon keskin burildi:
— Yemirilish?
— Ha, tanasi yemirila boshladi. Fanda buni avtoliz deyiladi. Endi orqaga kaytishga intilmasa goʻrga edi.

Orada yarim soat oʻtmay, sahroda tuz boʻroni boshlanib, olisda asosi osmonga qaragan ulkan quyun paydo boʻldi. U shiddatli tezlikda gʻaroyib karvon jilayotgan joyga yaqinlashib kelar edi.
— Archalarni quyun yoʻnalishiga tashlanglar! — qichqirdi Xolmurodov bor ovozi bilan. Azbaroyi zoʻriqqanidan keng peshonasidan ter tomchilari sizib chiqqan edi. General Fujenko uning buyrugʻini zumda vezdexodlarga yetkazdi.

Yana bir necha fursatdan soʻng tarkibida gerbitsid, pestitsid singari zaharli moddalar toʻlib-toshgan bu mudhish quyun sharsimon maxluq yoniga yetib keldi-da, guvlab uni «yalab» oʻtdi. Ular toʻqnashgan joyda bamisoli yashin chaqnab, yer-koʻk junbushga keldi. Olamning borliq zahar-zaqqumlari jamlangan bu jahannamiy nuqtadan otilgan unsiz oh-faryod goʻyo butun Koinotga taralayotganday edi. Mutamaxning uyurma tegib oʻtgan qum barxaniday katta boʻlagi shu zahoti yemirilib, erib tushdi.

Shundan keyin u favqulodda shahdidan tushib, toshbaqa yurish qila boshladi. Tana-si ham sezilarli darajada kichrayib borayotgani yaqqol koʻrinib turardi.
— Yoʻq, u endi orqaga qaytolmaydi! — dedi akademik hayajon ichida xuddi yosh boladay suyunib.— Quvvati yetmaydi. Oʻziyam ayni kushandasiga yoʻliqdi. U endi bir necha daqiqadayoq adoyi tamom boʻladi!..

Azbaroyi xursand boʻlib ketganidan Prezidentning koʻzlari yoshlandi. U bir necha yilga tatigudek oʻtgan soʻnggi kunlar mobaynida ilk marta yengil nafas oldi.
— Kislotaga tushgan ishqorday erib ketadi!..— dedi akademik hamon mamnunligini yashirolmay.
— E, xudo! — xitob qildi prezident ovozi titrab.— Xalqimizga ming bor bukilib ta’zim qilsak arziydi! Bu joylarga koinotdan tushgan shunday dahshatli maxluq ham bardosh berolmadi, u esa haliyam chidab yashayapti!..

U chuqur iztirob bilan hamrohining zabardast yelkasiga qoʻlini qoʻydi.

«Sharq yulduzi» jurnali, 1991 yil, 8-son