OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHulkar Toʻymanova
Asar nomiMuallima (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Hulkar Toʻymanova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Muallima (hikoya)
Hulkar Toʻymanova

— Zulxumor, yigʻishtirsang-chi shu ishingni? Yetti yot begona bollar oʻqishga kirsa, senga shahar olib berarmidi? Ishim bitdi, eshagim suvdan oʻtdi deb ketadi bari, senga shu kerakmi?

Bu — boʻlar-boʻlmasga javrayveradigan eri, kunda-kunaro «chaqib» turmasa koʻngli joyiga tushmaydi. Zulxumor ayvonda bosar-tusarini bilmay bobillayotgan erining nojoiz gapi uchun xontaxta atrofiga choʻkka tushgan bolalardan uzr soʻragan boʻldi:
— Sizlar xafa boʻlmangizlar, erkak odam shunaqa... gapirib turadi-da. Diqqatingizni bir joyga jamlab, mana bu tenglamani men kelguncha yechib turingizlar!
— Qanaqa xotinsan oʻzi? Ertayu kech birovlarning bollari uchun joning halak, senga haykal qoʻyarmidi bular? Oʻzingni bolalaring bilan ishing ham yoʻq, shunaqayam boʻladimi? Qara, anavi mahmadonalaring daraxtdagi gʻoʻralarni abgor qilyapti.
— Qani, kim?
— E, kim boʻlardi, Sobiting bilan Xolmuroting. Begonaning bolasi sening hovlingga kirarmidi?
— Ha... Nima qipti, yesa yer, oʻzimizam bola paytimizda dovuchcha yeganmiz-ku?!
— Yegansan, toʻgʻri, lekin bularga oʻxshabmas-da. Qara, bitta qoldirmay qoqqanga oʻxshaydi!

Er-xotin birining ketidan biri odimlab, tanasi har tomonga tarvaqaylab ketgan oʻrik daraxti tagiga bordilar. «Nazoratchi»larni koʻrgan bolakaylarning kattasi Sobit ura-sola qochdi, kenjatoyi Xolmurod ulgurmadi, toʻgʻrirogʻi, otasi qadamini yiriklatib unga yetib oldi va qoʻlidan tutib, dagʻdagʻa qila ketdi:
— Dars qilish oʻrniga pishmagan mevani yulish ekan-da, a? Kim aytadi senlarni muallimning zumrashalari deb?

Bola dogʻ-dugʻ boʻlib ketgan, unniqqan mayda gulli chit koʻylagining koʻkrak choʻntagidagi dumbul mevalarni qoʻli bilan bekitib turar, aftidan otasining jahl ustida ayamasdan shapaloq tushirishidan xavotirda edi.
— Olmaga hujum boshlamaysanmi? — ota hamon gʻazabini jilovlay olmas, Zulxumor esa onaligiga borib, bolaga rahm-shafqat qilinishidan umidvor edi.
— Yoʻ-oʻq, olma hali achchiq!
— Ho-o, zardoli yetilib qoptimi? Demak, hali hafta, oʻn kunlar oʻtib, olmaningam shoʻrini quritarkansan-da!
— Yoʻ-oʻq...
— Qara, Zulxumor, koʻryapsanmi bu bolangni qiligʻini? Sen boʻlsang uydan chiqmay allakimlarning arzandasi bilan ovorasan.
— Endi qilmaydi, dadasi, bir gal aybidan oʻting, bolalik qipti-da, kechirim soʻra, — Zulxumor xuddi bolasining tavba-tazarru qilishi tepa sochi ikki tomonlama tikka boʻlayotgan erining hovuridan tushishiga imkon tugʻdiradigandek bir ohangda Xolmurodga engashdi. Bolasi tushmagur quvgina, va’dani berishga bersa ham oʻz bilganidan qolmaydi. Toʻngʻichi Sobit boshqacharoq, koʻngli boʻsh, urmoq berida tursin, siltalab-siltalab urishsa ham qiz bolaga oʻxshab yigʻlaydi.

Bola boyoqish indamay turaverdi, aybiga iqror, ammo qaysarligidan uzr soʻrashga boʻyni yor bermayapti. Zulxumor garchand maktabda uzoq yillar ishlagan, yurish-turishiyu fe’l-atvori bilan farqlanadigan oʻquvchilarning koʻpini koʻrgan boʻlsa ham oʻz farzandlarini yoʻlga solishda ba’zan toʻsiqqa duch kelardi.
— Sukut — alomati rizo, dadasi. Bolani qiynamaylik, boʻldi, bu holat boshqa takrorlanmaydi. Hozir Xolmurod uyga kirib, bugungi darslarini bir sidra qarab chiqadi.
— Bekor aytibsan, akasini chaqirib kelsin. Men ularni qilgʻiligʻi uchun jazolashim kerak. Bor, akangni topib kel!

Bola ozodlikka chiqqanidan mamnun boʻlib, bogʻni tark etdi. Aytarli darajada daraxt koʻp boʻlmasa ham bogʻda mevaning xil-xilidan bor. Ana shu hovlini makon qilgan yillari novdalar odam boʻyi kelardi, mana, vaqt oʻtgan sari tanasi yoʻgʻonlashib, shoxlari har tomonga tarvaqaylab ketdi, gʻuj-gʻuj meva beradigan daraxtlarga aylandi. Oʻshanda Sobiti sakkiz yoki toʻqqiz oylik shiringina bola, oʻzi esa ikki yil maktabda ishlab, ta’tilga chiqqan koʻhlikkina kelinchak edi. Xuddi nihollarga oʻxshab oʻzlari ham ildiz otdilar, ulgʻaydilar. Zulxumor besh oʻgʻilning oʻrtanchasini alohida chiqarish uchun qarz-havola qilib, uch xona, bir dahlizdan iborat ana shu hovlini ularga tuhfa qilgan qaynotasining haqiga haligacha duo qilib qoʻyardi. Toʻgʻrisi, aksariyat yosh kelinlar singari u ham qaynona-qaynotaning tizginisiz, emin-erkin yashashni orzu qilgan. Qolaversa, uyli-joyli boʻlish navbati yetib kelgan qayinlari bor. Mol-hol, ekin-tikinning orqasidan tirikchilik aravasini bir maromda yurgizib kelayotgan qaynotasi tagʻin ham shundoqqina togʻni biqinida joylashgan qishloqning oʻziga toʻq oila kishilaridan. Hovlilari chol-kampir turadigan joyga yetti-sakkiz chaqirim chiqar-ov, gohida eri boshchiligida oʻzlari toqqa qarab yoʻrtishsa, gohida qoʻyning bir sonini latta-puttaga boylab, mayiz-turshakni nevaralariga ilinib, qaynona-qaynotasi kirib kelishadi.
— Sal narsaga jizgʻanagingiz chiqadi-ey. Namuncha, bola-da endi, ming taqiqlaganingiz bilan baribir qiladi, aqli quyulsa, oʻzidan-oʻzi bu odatlari qop ketadi, axir.

Zulxumor vaziyatni sal yumshatishga erishganidan yengil tortib, zarurati boʻlmasa ham chorpoya tagida turgan oftobani qiyshaytirib, qoʻlini chaydi. Nafsilambirini aytganda, eri haq, uni yoʻqlab keluvchi bolalar oz emas, qanday qilib ularning ra’yini qaytarsin, oʻqiyman, falon institutga kiraman, oʻz taqdirimni oʻzim yarataman, deb fikrlaydigan esli-hushli bolalar. Qishloqda gapning «oyogʻi» tez chiqadi, birov aytgan gapga boshqasi nimanidir qoʻshib-chatib qaysidir davrada aytsa, tamom, aybdorni topib ham, tutib ham boʻlmaydi. Zulxumorning maktabdan ortib, uyida qoʻshimcha dars oʻtishi toʻgʻrisidagi gaplar ham shu tariqa «bolalagan». Dastavval qoʻshnisining yuqori sinfda oʻqiydigan oʻgʻli unikiga bir-ikki marta kirib, bilmaganlarini soʻrab oʻrgangan boʻldi-da, oʻsha yiliyoq omadi chopib, nufuzli institutlardan biriga kirib ketdi. Bunga Zulxumor oʻzining mehnati unchalik singmaganini, aslida bolaning miyasi gʻij-gʻij bilimga toʻliq ekanini sabab qilib koʻrsatsa-da, butun qishloqda «Zulxumor muallim bolalarni institutga tayyorlar emish», degan gap yashin tezligida tarqalib ketdi. Odamlarni Qobil qassobning oʻgʻli oʻz bilimi bilan institutga kirganini tiz choʻkib aytsa ham ishontirolmaydi. Bir jihatdan rostga ham, yolgʻonga ham oʻxshamaydigan bu gapning tarqalishi oʻziga nisbatan qishloqdoshlarida hurmat-e’tibor uygʻotishini oʻyladimi, muallima najot istab kelgan qorakoʻzlarni vaqt-bevaqt uyiga kiritadigan ham boʻldi. Qaysidir yili uning etagini mahkam ushlagan qoʻshni qishloq — Mayintepadan bir qiz ikki yuzu oʻn yetti ball toʻplab, poytaxtdagi uncha-muncha bola kirolmaydigan obroʻli universitetga qabul qilindiyu, beli baquvvat kazo-kazolar ham bolasini unikiga yetaklab keladigan boʻldi. Zulxumor yoʻq deyolmaydi, qandoq qilib rad etsin? Ota-onalarning oʻziga toʻqlari niyati ijobat boʻlib, katta pul berishni va’da qilsalar-da, eri aytmoqchi, ishlari bitib, eshaklari suvdan oʻtgach, qoʻllarini yuvib qoʻltiqqa urishardi. Muallima ularning ketidan quvishtirmas, belgilangan soatlardagi sabogʻi uchun narx ham belgilamas, koʻngildan chiqarib, kim qancha bersa shunga qanoat qilaverardi. Boriga baraka, har qalay maoshdan tashqari kundalik ehtiyojlar uchun arzimas miqdordagi bu tushumlarga oʻzidan koʻra eri koʻproq mamnun boʻlishini sezsa-da, ba’zan uning bugungiga oʻxshab toʻnini ters kiyib olishidan choʻchirdi. Ayniqsa, ichkarida oʻtirgan bolapaqir — erining ota avlodiga chatishib ketgan allaqaysi uzoq qarindoshining oʻgʻli — toʻrt yildan beri oʻqishga kiraman deb sarsoni chiqib ketdi. Zulxumor har yilgi kirish imtihonlari natijasini bolaning oʻzidek ilhaq kutar, ammo har safar noxush xabarni eshitaverib, ich-ichidan zil ketardi. Ochigʻini aytganda, bolaning es-hushi joyida, tuppa-tuzuk fikrlaydi, misolu masalalarni tushungandek koʻrinadi, test sinovlariga kelganda, sira omadi yurishmaydi. Shuncha yildan beri Zulxumor ham xijolatda, goʻyoki bolaning oldidagi qarzini uza olmayotgan odamdek oʻngʻaysizlanadi. Muallima bu yil ham har safargidek muvaffaqiyatsizlik boʻlishini avvaldan taxmin qilsa-da, yuragining tub-tubida bunga zid boʻlgan ilinj yashardi.

Zulxumor umumiy dahlizdan oʻngga qayrilib, abiturientlar shugʻullanayotgan xonaga kirdi. Toʻrda eskigina servant, kitob-daftarlar, ul-bul idishlar gʻaribgina boʻlib koʻzga tashlanadi. Oʻn tarafida esa sandiq ustiga yigʻilgan besh-oltita koʻrpa. Oʻrtada xontaxta, kitob-daftarga koʻmilgan uch yigitcha. Ikkoviga oʻzi dars beradi, biri Oysuluv degan tarix muallimasining oʻgʻli. Onasi Zulxumorni holi-joniga qoʻymay bir yildan beri bolasini unikiga joʻnatadi. »Hisob-kitobni oʻrgansin, biri ikki boʻladi» deyaverib oʻgʻlining ham miyasiga obdon quygan shekilli, »Matematikani suv qilib ichgan odam hayotda qoqilmaydi» deydi faylasufona ohangda. Ruchkani qulogʻiga qistirib olib, «Algebra»ni varaqlayotgan anavi miqtigina bola dorixonada farrosh boʻlib ishlaydigan Muborak xolaning erkatoy nevarasi. Bu yil u ham maktabni bitiryapti, ota-onasi ajrashib ketgach, bolani Muborak xola oʻz bagʻriga olgan.

Zulxumor omadsiz yigit Ismoilning keng peshonasiga beyarashiq tushib turadigan kokiliyu quyuq qora qoshlari ostidagi qisiqtob koʻzlariga razm solarkan, aksariyat oʻgʻil-qizlar oʻz maqsad-muddaolarini belgilashda ota-onalari chizgan chiziq bilan ish koʻrishlari, bu esa ularning taqdiriga koʻpincha salbiy ta’sir etishini uqtirmoqqa necha bora shaylanar, ammo andishaga borardi.

Muallima oʻziga birvarakayiga oʻgirilgan abiturientlarning yoniga choʻkdi. Ismoil uning bemalolroq joylashishi uchun nariroq surildi.
— Tenglamada arzimas belgi notoʻgʻri ketsa ham javobi toʻgʻri chiqavermaydi, Ilhom! Boshqatdan urinib koʻr! — Zulxumor Muborak xolaning nevarasiga xatosini koʻrsatdi-da, Ismoilning daftarini qoʻliga oldi.
— Durust, durust, — Zulxumor tenglama va tengsizliklarni yechishda moʻljalni toʻgʻri oladigan bu bolaga omad nega kulib boqmasligini sira tushuna olmaydi. Mana, javobni ham toʻgʻri chiqargan, musbat-manfiy belgilar, kasr, boʻluv, koʻpaytiruv bari joyida. Ba’zida charchoq ustun kelib, chalkashib ketmasa, bola aslida, zukkogina. Zulxumor oʻylab oʻyining tagiga yetolmaydi. Nega bu bola oʻqishga kirolmaydi yoki testda oʻziga notanish savollar tusharmikan? Zoʻrdan zoʻr keladigan bolalar bor deyishadi. Kim bilsin, balki nohaqlik qilinayotgandir. Unday desa, oʻzi «pishitib» chiqarayotgan bolalarning aksariyati birovning aralashuvisiz, oʻlib-tirilib, jonini jabborga berib talaba boʻlayotganliklariga oʻzi guvoh-ku. Ishqilib, nima gapligi yolgʻiz Xudoga ayon. Bu yilgi harakatlari ham zoe ketsa, yigʻishtirib qoʻya qoladi. Zulxumor Ismoilning ishkalini topish uchun oʻtgan yili u hujjatini har gal topshiradigan institutga bormoqchi ham boʻluvdi, axir alam qiladi-da, yegan-ichgani ham tatimay oʻrgatsayu, kutilgan natija chiqmasa. Erining tepa sochi tikka boʻlib ketuvdi oʻshanda.
— Ahmoq xotin, senga zaril keptimi, otasi borsin, onasi borsin. Nima senga bu bolaning oʻtqazib qoʻygan joyi bormi? Oʻqishga kirolmasa, sen aybdormi? Menga oʻxshab olti oylik kursda oʻqisayam boʻlaveradi, mana shopirlikni orqasidan roʻzgʻor tebratib yuribmiz-ku bizam. Berayotgani arzimas pul boʻlsa tagʻin!
— Sizning bilganingiz pul. Men aslida... pul uchun dars oʻtayotganim yoʻq,—Zulxumor bu gapi bilan erining battar qitiq patiga tegib qoʻyganini bilmay qoldi.
— Hmm, siz pulga muhtoj boʻlmagan boy xotinsiz-da, a!— Hamroqul zaharxanda qildi. U orasi ochiq-ochiq, sargʻimtir tishlarini ataylab koʻrsatsa, Zulxumor biladiki, eri bilan bir bitimga kelishish amri mahol. — Sening oʻrningda boshqasi boʻlsa, falon soatga falon soʻmdan narx belgilaydi, oʻzi menam ahmoq, sening shu bir tiyinga qimmat ishingga ruxsat bergan!

Zulxumor indamadi, erini sukut saqlab, ogʻir-bosiq boʻlib yenggani ma’qul. U bilan tortishishning nafi yoʻq, oʻlaman sattor, mening gapim yuz foiz toʻgʻri, deb turaveradi. Uning fe’li-xoʻyiga koʻnikib yashashdan oʻzga chorasi yoʻq. Oʻqigan, diplomli bir odam boʻlsa, ehtimol, boshqacharoq fikrlarmidi? Alhol, eri nima desa desin, ammo Ismoil oʻz maqsadiga bu yil erishishi kerak, yuzi uning oldida yorugʻ boʻlmasa, nomuslarga qoladi-ku? Bu yil Xudo xohlasa, yigitgina talaba boʻlib qolar, koʻngli sezayapti, axir olimlar ichki sezgi ham toʻgʻri chiqishini aniqlaganlar-ku!

Zulxumor bolalarga ijozat berishdan avval qoʻshimcha adabiyotlardan uyga vazifani koʻrsatdi. Uch bola uch dunyo, qaysi biri nimaga erishadi, qorongʻi. Mana bu ikkisi-ku birinchi yili urinyapti, oʻtsa oʻtar, oʻtolmasa kelasi yili ham kechi yoʻq. Zulxumorning koʻnglini xijil qilib turgani mana bu baxti chopmayotgan yigit Ismoil. Otasi toʻpori bir odam ammo, bolasining ma’lumot olishiga qaygʻuradi, buni Zulxumor muallimaligi uchun qoʻllab-quvvatlar, abiturient niyatiga erisholmayotgani uchun ma’lum ma’noda oʻzini ham aybli sezar, taqdir hukmi qarshisida nachora, poyi-payvastalik ish bermas ekan.

* * *

Biri u, biri bu shaharga hujjatini qoʻltiqlab ketgan yigit-qizlar qishloqqa qaytib kela boshlagan kunlarda Zulxumor Ismoilning yoʻliga koʻz tikib oʻtirardi. Toʻgʻridan-toʻgʻri uyiga oʻtib ketganmikan, axir bugun imtihonlar tugaganining toʻrtinchi kuni. Hademay, natijalar e’lon qilinadi, yuragini hovuchlab yurgan abiturientlarning saragi sarakka, puchagi puchakka ajralib bir yoqli boʻlishadi. Bolasi tushmagur yoʻl-yoʻlakay unikiga tushib oʻtmoqchi, sinov tafsilotlarini har galgidek oqizmay-tomizmay soʻzlab bermoqchi edi, nima boʻldiykan? Har qalay uning oʻzidan imtihonda koʻrgan-kechirganlarini eshitsa, taxminlab toʻn bichishi osonroq kecharmidi?

Zulxumor harchand ich-etini yeb yurganini eriga sezdirmaslik payidan boʻlmasin, uddasidan chiqolmasdi. Yuk mashinasini har kech uylarining yonboshiga olib kelib qoʻyadigan eri oʻsmoqchilab Zulxumorning gʻashiga tegardi:
— Hmm, tayyorlagan abiturientlaringni nechtasi oʻqishga kirarkan? Hech qaysisidan yorugʻlik chiqmaydi, bilaman. Har yilgi nogʻorangni chalib oʻtiraver!

Zulxumor har galgidek erining nimaga shama qilayotganiyu, buning tagida tama deb atalmish illat oshkora sezilib turganiga qarshi bir narsa deyolmadi. Eri uni qora tortib kelayotgan yosh-yalanglarni shilib olishga undagani undagan, Zulxumor esa ularning oilaviy shart-sharoiti koʻtarganicha, deya qoʻlini siltaydi. Eri talab qilganidek, falon soʻmdan berasan, deb koʻrsin-chi, eshiklaridan birov xatlab kelarmikan? Toma-toma koʻl, yigʻila-yigʻila xirmon boʻladi, eri besh qoʻlni baravar ogʻziga tiqishni oʻylasa oʻylayversin, Zulxumor keskin qilib, narx belgilay olmaydi.

* * *

Ayol quduqdan suv toʻla chelakni tortib yerga qoʻygan ediki, ularning hovlisiga boshlab keladigan ensiz yoʻlakda ikki haftadan beri uni huzur-halovatdan ayirgan Ismoilni koʻrib qoldi. Oʻpiray, oʻtgan kuni televizorda test natijalari e’lon qilinishi aytilgan edi. Darrovgina poytaxtga borib kela qoldimikan? Qanday mujda bor ekan unda? Zulxumor sabri chidamay ikkala qoʻlini ikki chakkasiga tirab, Ismoilga qarab yugurdi:
— Boʻri boʻldingmi, quyon?
— Boʻri, Zulxumor opa, boʻri! Suyunchi bering, sizning xizmatlaringiz oʻzini oqladi. Quvonchimga sherik istab siznikiga keldim.
— Rostdanmi, Ismoil, koʻzlarimga ishonmayman. Oʻzing borib bildingmi?
—Yoʻq, oʻzim bormadim, oʻsha yoqda ishlaydigan togʻamning oʻgʻlidan telefon orqali iltimos qildik.
— Necha ball toʻplabsan, axir. Kod nomeringda adashmaganmikan, ishqilib.
— Bir yuz yetmish yetti.
— Aniqmi?
— Ha, aniq. Ammo muallim, pullik oʻqish, shunisigayam ming karra roziman. Otam shunday boʻlsayam oʻqiysan deyapti.
— Hmm, shunaqami?— Zulxumorning tarvuzi qoʻltigʻidan tushdi.
— Ha, yigit, oʻqishga kirdim deysanmi, endi bi-i-r erirkansan-da, — hovlidagi baqir-chaqirdan sergaklangan ich kiyimdagi Hamroqul deraza osha engashib, avval Ismoilga, soʻng Zulxumorga yuzlandi.

«Obbo, allaqachon uygʻongan ekan-da», xayolidan oʻtdi Zulxumorning.

Agar Ismoil oʻqishga kirsa, otasining bitta qoʻyini sudrab keladi, bu ish amalga oshmasa, togʻamning oldiga oʻzim borganim boʻlsin, deb necha kundan beri quloq-miyasini yeydi.
— Ha, Hamroqul togʻa, tabriklashingiz mumkin, yangamga rahmat aytgani keldim.
— Quruq rahmatingni boshiga uradimi? Otangni qoʻra-qoʻra qoʻyi bor, bittasini boʻgʻizlab ola kelsang haqing ketarmidi, jiyan?
— Yoʻgʻ-e...
— Yoʻq boʻlsa, nega soʻppayii-ib quruq kelding? Abiturient zotining bari bir soʻrt. Siqib-siqib repetitorning suvini ichadi-da, uni suvsiz qoldiradi. Oʻ... gapim yolgʻonmi? Berayotganlaring arzimas pul, boʻzchining mokisiday nechchi yildan beri qatnagan boʻlsang...

Ismoil beting-koʻzing demasdan vaysayotgan Hamroqulga joʻyali gap aytolmay himoya istagandek Zulxumorga bir qarab qoʻydi. Zulxumor gapga aralashish befoydaligini bilsa-da, bola boyoqishning mulzam tortganiga chidab turolmadi.
— Hoy, dadasi, unaqa demang, bitta qoʻyni yeganda shoximiz chiqadimi? Kirganiga xursand boʻlaylik...
— Menga bu bola oʻqishga kiradimi, yoʻqmi, bir tiyinlik qizigʻi yoʻq! Otasiyam siqsang tommaydigan ziqna odam, bolasi qayoqqa borardi? Aslida hamma ayb oʻzingda, musichayi beozor boʻlib oʻtiraverasan!
— Menga hech kimning hech narsasi kerak emas...
— Ahmoqsan-da!
— ...
—Tunov kuni Qodirqul joʻram aytib qoldi, xotini ingliz tilidan repetitorlik qilyapti ekan, soatiga ming soʻm belgilabdi, normalniy. Oʻnta bola bilan bir soat shugʻullansa, oʻn ming soʻm, nima, roʻzgʻoringga ortiqchalik qiladimi?
— Shuni ota-onalari rozi boʻlib berarmidi! — dedi Zulxumor eshitilar-eshitilmas ohangda.
— Oʻz qadrini bilmagan muallima! Senga gap uqtiraman deb sochlarimga oq tushdi! E, seni xotin qilib yurgan... odamam tentak.

Zulxumorning pichoq borib suyagiga qadalsa-da, nafasini ichiga yutdi. Eri bilan aytishib nimaga erishardi? Oʻziga tamoman teskari fe’l-atvordagi odam bilan afsuski, taqdiri qoʻshilgan, murosayi madora qilishdan oʻzga chorasi yoʻq, u desa bu, bu desa u. Er-xotinning mojarosiga sababchi boʻlayotganidan xijolatlangan talaba boʻlmish deraza tagida paydo boʻldi.
— Boʻpti, togʻa, yangayni xapa qimang. Sizlarga bitta emas, oʻnta qoʻy yedirsam ham oz!
—E, jiyan, ogʻizda emas, amalda boʻlsin, amalda!—Hamroqul shashtidan tushgisi kelmay derazani jahd bilan yopdi, bu bilan goʻyoki Ismoilning yuziga shapaloq tushirgandek boʻldi. Noqulay vaziyatda qolgan yigit mulzam holda, oʻchoq supasida boshini qoʻllari orasiga olgancha changallab oʻtirgan Zulxumor tomon odimladi. Zulxumorga nimadir deb, taskin-tasalli bermoqqa ogʻiz juftladiyu, ammo botinolmadi.

Ayol yoshlangan koʻzlarini roʻmoli uchiga artib, oʻrnidan turdi...