OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHusayn Rahmi Gurpinar
Asar nomiXudo sabr bersin! (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Husayn Rahmi Gurpinar
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonTohir Malik
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/23
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xudo sabr bersin! (hikoya)
Husayn Rahmi Gurpinar

Jamolning kichkinagina jasadini bagʻriga olgan sovuq tobut yerdan uzilib, baquvvat yelkalarda goʻyo kema kabi suzib ketdi. Bu onda Sabriyya xonimning yuragidagi yana bir tomir uzilganday boʻldi. Oʻgʻilginasi, garchi kafanlangan, soʻnggi safarga hozirlab koʻyilgan boʻlsa-da, hozirgina oʻz uyida edi. Nazarida bir moʻjiza yuz berardi-yu, Jamoli koʻzlarini ochib, yugurib ketadiganday edi. Yoʻq... endi hech qachon koʻzlarini ochmasligi, hech qachon yugurmasligi aniq boʻldi. Ana shu mash’um haqiqat uning bagʻrida qora vulqon boʻlib toʻlgʻondi-yu, hayqiriq bilan otildi: «Jonim bolam, meni kimlarga tashlab ketyapsan!» Bu nolaga javob istagan onaning yuragidagi zardob choʻqqa aylanib, battar kuydira boshladi. Qiyomatga qadar ayriliq azobiga mahkum etilmish ona yana nimalar deb baqirganini bilmaydi. U oʻzini qoʻyarga joy topolmay talvasaga tushdi, boshini devorga urdi, qoʻliga ilingan idishlarni otib sindirdi. Soʻng ovutish ilinjidagi qoʻshni ayollar qoʻlida hushidan ketdi.Nabirasi hajrida oʻrtanayotgan Shukriyya xonim qizining bu holatini koʻrib, oʻzini yoʻqotay dedi. Qoʻshni ayol shoshilganicha limon kesib Sabriyya xonimga hidlatdi, labiga gulob tutdi. Shukriyya xonim esa qizining koʻylagi tugmalarini yechib, koʻkragini uqaladi. Bir ozdan soʻng Sabriyya xonim koʻzlarini arang ochdi, nimadir demoqchi boʻldi-yu, ammo lablari unga boʻysunmadi. Behol qoʻlini koʻkragi ustiga qoʻyganidan bilishdiki, yuragi yonyapti, kuydiryapti, oʻrtayapti. Saldan soʻng uning pichirlab aytgan soʻzlarini eshitishdi. U shoyiga oʻralgan tobut izidan borishni, oʻgʻilchasi bilan sovuq goʻrga tushib yotishni istardi. U birdan qattiq xoʻrsindi. Shu xoʻrsinish, tomogʻini boʻgʻib turgan pardani yirtib yuborganday boʻlib, pichirlashlar alamli nolalarga aylandi:-Voy jonim, Jamolim! Endigini besh yoshga toʻlayotuvding-a! Sening joning kimga kerak boʻlib qoldi! Qaysi yalmogʻizning koʻzi tegdi senga! Senga tekkan koʻzlar sitilib chiqa qolsa nima qilardi! Voy, men endi dardimni kimga aytaman, qoʻshnijonlar! Bir haftadayoq soʻndi-ya, mening bolajonim! Bu isitma degan balo qaydanam keldi. Doʻxtirning dorisi ta’sir qilmasa, mullaning oʻqishi qaytarolmasa-ya! Men esimni yigʻishtirib olishga ham ulgurmadim-a, bolamning joni bir pasda uchib ketdi-ya! Voy bolam, jannatning qushlariga aylangan bolam-a! Xudo koʻnglimga soluvdi-ya! Men ahmoq e’tibor qilmabman-a! Ahmoq boʻlmasam, maktabga birinchi marta boradigan kuni qoʻgʻirchoqday yasantirib qoʻyamanmi! Xonim afandim, siz uni oʻsha kuni koʻruvdingiz-a? Boshiga podsholarning tojiday bezalgan doʻppi kiydiruvdim.

Qaragan ham qarovdi, qaramagan ham. Kipriklari qayrilgan, yuzlari loladay yonardi-ya! Toʻyib-toʻyib oʻpgan edim, yuzlaridan. Keyin... ha, ha, oʻshanda shayton qulogʻimga shivirladimi yo oʻzimcha oʻyladimmi, bilmayman. Xayolimdan «Bunday koʻrkam, bunday aqlli bolakay bu dunyoning bolasi emas» degan fikr oʻtdi. Xudo yorlaqagan oʻsha kuni koʻpchilik «Ishqilib koʻz tegmasinda» deyishuvdi. Bolajonim muallim afandi qarshisida tiz choʻkib, hech bir tutilmasdan, boshqalarga oʻxshab duduqlanmasdan duo qilib, Allohdan oʻqishlarida omad berishni soʻragan edi.

Sabriyya xonim yana xoʻrsindi. Unga suv tutdilar. Vaziyatdan foydalangan qoʻshni ayol uni yupatish niyatida gapni ilib ketdi:

-Nimasini aytasiz, singilginam! Oʻgʻlingiz benazir bola edi. Agar u shu aqli bilan unib-oʻsganida Aflotun deganlarini ham yarim yoʻlda qoldirib ketadigan olim boʻlardi. Biz nima ham qila olardik, aqlli bolalar shunaqa kam yashaydilar. Esingdami, jonginam, matolarni yaxshirogʻiga almashtiraylik, deb sen bilan bozorga borganimizda bolajoningni ham olvoluvdik. Matofurushning doʻkonini topolmay alahsirab, gangib turganimizda Jamolginang «Oyijon, ana, ana!» deb yunon doʻkondorni koʻrsatib bergan edi. Xudo jonini qiynamay oldi, bu dunyo azoblaridan ham qutqardi. Endi magʻfiratiga olsin! Voy, nimalar deyapman, qanaqa magʻfirat? Alloh uni allaqachon jannatga yuborgan. Bolalarda gunoh boʻlmaydi.

-Ovsinjon, gaplaringiz toʻppa-toʻgʻri,-deb gapni davom ettirdi yana bir qoʻshni.- Xudo unga umr bermagan ekan, ammo aqlni bergan edi. Bulturgi voqea sirayam esimdan chiqmaydi. Hovlimizga kelgan baqqoldan loviya olayotuvdim. Baqqolga pulni berdimu qaytimini olishda talashib qoldim. Hisob-kitobni bilmaydigan bir merov bola ekan. Mening hisobim boʻyicha u menga yetmish pora qaytarishi kerak edi, u anqov esa toʻqson pora beryapti. Shunda «Nega meni laqillatmoqchi boʻlasan, men yetmish poraga koʻnib ketadigan ahmoq emasman», desam, u muttaham koʻzlarini loʻq qilib: «Xonim, esingiz joyidami yetmish pora koʻpmi yo toʻqson porami?» deydi. Men tamoman gangib qoldim, hisoblarim chalkash-chulkash boʻlib ketdi. Shunda baxtimga Jamolginamiz kelib qoldi. Men uni yonimga chaqirib: «Manavi aldamchi meni laqillatib, pulimdan urib qolmoqchi, esginangdan aylanay, sen aytgin, yetmish pora koʻpmi yo toʻqsonmi?» deb soʻradim. Bolajon bir pas oʻylab turib: «Yetmish pora koʻp», deb toʻppi-toʻgʻrisini aytdi. «Bu bola hamma

Tobut koʻtargan erkaklarni kuzatib qolgan xotinlarga Xudo berdi: bechora onani ovutish maqsadida biri olib, biri qoʻyib bolajonning fazilatlaridan gapiraverishdi. Bolaning har fazilati kashf etilganda uyda yigʻi koʻtarilar, shubhasizki, bu yigʻilarning barchasini jabrdiyda onaning nolalari bosib ketardi. Ovutish maqsadida aytilayotgan soʻzlar xanjar boʻlib onaning qalbini qayta-qayta qiyma-qiyma qilardi. Uydagi xotinlar sal tinchib, yigʻi-sigʻi ham bir oz bosilgan damda ta’ziya bildirish maqsadidagi qoʻshnilardan yana biri oʻgʻilchasini boshlab kirdi-yu, yara yana yangilandi.

-Mehmedni nima uchun olib kirding?-deb tanbeh berdi ayollardan biri.-Axir u Jamol bilan doim birga oʻynardi. Sabriyya xonim uni koʻrsa battar eziladi. Endigina ovutib turuvdik.

-Uyda hech kim yoʻq edi, yolgʻiz tashlab chiqqim kelmadi. Dadamiz, koʻrgandirsiz, janozaga ketdilar. Qaynonamga ishonib boʻlmaydi. Oʻrnidan turolmaydigan boʻlib qolgan. Rostdan kasalmi, yo nayrang qilyaptimi, Xudo bilmasa biz bilolmaymiz. Bugun kechasi bilan oʻrinni boʻktirib chiqibdi. Gapiraman, desam xasratim qirq yilda ham tugamaydi.

Bu orada Sabriyya xonimning koʻzi Mexmedga tushib, unga yaqinlashib keldi-da, tiz choʻkkanicha uni quchoqlab olib, yana nolasini boshladi:

-Voy, jonim bolam, sen qaylarga ketding, qaragin, oʻrtogʻing keldi!

U shunday deganicha garangsib turgan bolani bagʻriga tobora qattiqroq bosar, shashqator koʻz yoshlari esa bolaning yuzlaridan qaynoq qon kabi oqar edi. Boladagi garangsish dam oʻtmay qoʻrquvga aylandi. Sabriyya xonimning «Voy mening Jamolginam» degan nolasiga uning «Oyijon, hozir oʻlib qolaman!» degan qichqirigʻi ulandi. Shundagina Sabriyya xonim oʻziga kelib, koʻzlarini katta-katta ochdi-da, bolani bagʻridan boʻshatib, onasi tomon asta itardi.

-Oʻgʻlim meni tashlab ketdi. Uning kamolini koʻrish menga nasib etmagan ekan. Allohning istagi shunday boʻlgach, men bechora nima qila olaman? Endi xudoyimdan bitta narsani soʻrayman: boshqalarning bolalarini panohida asrasin. Hammaning bolasi uzoq-uzoq yashasin. Men sizlarga endi havas qilib yashayman. Sizlar farzand dogʻini koʻrmanglar, ishqilib. Opajonim, oʻgʻlingizni voyasiga yetkazib, rohatini koʻring, iloyim!

Onasi bagʻriga qaytgan Mehmed hech narsaga tushunolmay, atrofdagilarga javdirab qaraganicha sekingina: «Oyijon, Sabriyya xonimga nima boʻldi?»deb soʻradi.

-Jamol oʻrtogʻing oʻlib qoldi,-deb uning qulogʻiga shivirladi onasi.

-Jamolmi?-Bola onasining javobidan ajablanib yana soʻradi:-Oʻlib qolgan boʻlsa oʻzi qani?

-Uni qabristonga olib ketishdi. Jim boʻl, boshqa narsa soʻrama.

Onaning tanbehi bolaga ta’sir qilmay yana soʻradi:

-Qabristonda uni nima qilishadi?

-Voy, muncha ezma boʻlmasang! Hozir tilingni sugʻurib olaymi! Qabristonga olib borib nima qilishardi, koʻmishadi-da!

Bu gapni eshitgan Mehmed barchaning diqqatini oʻziga tortib, dodlay boshladi:

-Oyijon, agar menam oʻlib qolsam, qabristonga olib borishmasin, koʻmishmasin, xoʻpmi? Koʻmib qoʻyishlarini istamayman... istamayman...

Bolaning nolasini eshitgan Sabriyya xonim endi koʻkraklariga mushtlaganicha oʻkirib-oʻkirib yigʻladi:

-Voy qoʻshnijonlarim, bu qanday koʻrgilik boʻldi! Bolajonimni koʻmib qoʻyishdimi, a? Qora tuproq ostida qoldimi mening bolam! Bunga men qanday chidayman, qanday chidayman-a!

-Sabriyya, qizginam, boʻldi, bunchalik yonib-kuyaverma,-deb ovutishga harakat qildi yoshi kattaroq xotinlardan biri.-Alloh hukmi shunday ekan, itoat et. Alloh sening bolangni oʻzingdan koʻra ham yaxshiroq koʻrar ekan. Shuning uchun huzuriga chaqirib oldi. Biz ojiz bandalarmiz, sabr qilishdan oʻzga choramiz yoʻq.

-Xonim, uni oʻz holiga qoʻying, toʻyib-toʻyib yigʻlab olsin, dardi ichida qolib ketmasin,-deb e’tiroz bildirdi boshqa xotin.-Agar xasrati ichida qolib ketsa, yiringlab, bir dardi oʻn boʻladi. Yurakdagi zaxar chiqib ketmagunicha azob beraveradi. Qizginam oʻlganida birov meni boʻgʻib olganday boʻlaverdi. Yigʻlagim keladi-yu, hech yigʻlay olmayman. Bir kunda qornim togʻoraday shishib ketdi. Erim tabibga koʻrsatgan edi, «Butun dardi zaxarga aylanib, koʻz yoshlari bilan chiqib ketishi oʻrniga qorniga yigʻilib qolibdi», dedi. Sabriyya ona-ku, axir! Yuragi alanga boʻlib yonyapti hozir. Yonish ham gapmi! Bu dardni boshidan oʻtgan biladi. Yigʻla, yigʻlayver, singilginam, vujudingdagi zaxarlar chiqib ketsin.

-Xonim, «yigʻla, yigʻla» deb qistayvermang. Oʻlgan odamga bunaqa yigʻlash ham gunoh,-dedi boshqa qoʻshni.- Qur’onda shunaqa deyilgan. Qiziltoshdagi mullaning ma’ruzalarini eshitmaganmisiz?

Birinchi kun shu tarzda oʻtdi. Jamolning vafoti bahonasida oʻz hasratlarini eslab yigʻlagan xotinlar dardlarini gʻamga toʻla shu uyga toʻkib chiqib ketishdi. Keyingi kunlar ham deyarli shu tarzda oʻtdi. Shumxabarni janozadan keyin eshitganlar koʻngil soʻrash uchun birin-sirin kelaverdilar. Har birlari oʻzlarini jabrdiydaga yaqin olib ta’ziya bildirgach: «Alloh sizga sabr-jamil ato etib, bardoshingizga yarasha ajr bersin!» deb duo qilishardi. Sabr va unga yarasha mukofot berishni Allohdan soʻrash albatta, yaxshi fazilat. Kelganlarning tashrifdan muddaolari ham duo qilmoq va boyaqish onani ovutmoq, dardiga malham qoʻymoq. Ularning hech birida yomon maqsad boʻlmasa-da, yaxshilik umidida aytgan soʻzlari Sabriyya xonimning yarasini yangilib, tuz sepganday boʻlar edi. Ular ketgandan keyin onaizorning bagʻri yonib, koʻz yoshlari goʻyo qon yoshlariga aylanardi. Bir hafta davom etgan bunday ta’ziyalardan soʻng bechora Sabriyyaning koʻzlarida nam qolmadi. Kuruqshagan koʻzlari ma’nosiz boqadigan boʻldi. «Shunday bolangizdan ajrab qoldingizmi-a!» deb boshlanuvchi yupanch soʻzlaridan keyin qaysi ona yigʻlamasin? Oʻzini tutib yigʻlamagan bardoshli onani keyin ular nima deb atab chiqib ketadilar. Yuziga aytmasalar ham yoʻl-yoʻlakay «Buncha bagʻritosh boʻlmasa! Bolasiga jichcha kuysa nima qilardi?» demaydilarmi?

Qoʻni-qoʻshnilarning ta’ziyalari bir hafta davom etib, uzoqdagi qarindosh, tanish-bilishlarga gal keldi. Kun yoʻq-ki, uzoqdan bir mehmon kelmasa. Ularning bir hilda fikrlashlari ajablanarli: «agar oʻlib ketgan bola hajrida qancha koʻp kuyib yigʻlasak, uning shirinliklarini, boshqa bolalardan afzalliklarini aytib-aytib qaygʻularimizni namoyish etsak, bu xonadonga shunchalik yaqinligimiz ma’lum boʻladi». Shuning uchun ham ostona hatlashlari bilan bir hilda uzrxohlik qiladilar:

-Vaqtida kelolmaganimiz uchun bizning aybimizdan oʻtinglar, Xudo shohid, bu shumxabarni kechagina eshitdik. Voy, jonim singilginam, shunday doʻmboqqina bola-ya! Hech ishongimiz kelmaydi. Suyukliginamiz Jamol koʻz oldimizda turibdi, shu yerlarda quvnab oʻynab yurardi-ya! Voy darigʻo! Nahot u endi yoʻq boʻlsa! Nahot qaro yer bagʻrida yolgʻizgina yotgan boʻlsa! Shunday shumxabarni eshitgandan koʻra quloqlarimiz uzilib tushsa boʻlmasmidi!

Shu soʻzlardan soʻng onaizorni bagʻrilariga bosadilar, yigʻi-sigʻi avjiga chiqadi. Shu asnoda yana kunlar oʻtadi. Endi Sabriyya xonimda yigʻlash uchun faqat koʻz yoshlari emas, vujudida quvvat ham qolmadi. Qovoklari xasta odamni eslatadigan darajada shishib ketdi. Qonsiz betlari soʻlib, osilib qoldi. Uning bu holi eri bilan onasini tashvishlantira boshladi. Uni doktorlarga koʻrsatishdi. Doktorlarning xulosasi bir hil boʻldi: kamroq yigʻlasin, uyda diqqat boʻlib oʻtirmasin, tashqarida, bogʻlarda sayr qildiringlar, gʻam-alamdan yiroq boʻlishiga erishinglar. Shukriyya xonim qaygʻuni unutish mumkin emasligini biladi. Lekin shunday boʻlsa-da, ta’ziyaga keluvchilarni oʻzi kutib olib, yigʻi ochmasliklarini iltimos qiladi. Sabriyya xonim huzurida Jamolning oʻlimini eslamasliklarini, umuman ta’ziya bildirmasliklarini oʻtinib soʻraydi. «Agar shunday qilish qoʻlingizdan kelmasa, ichkariga kirmay qoʻya qoling, sizdan injimaymiz, siz ham bizdan ranjimang», deb ogohlantirib ham qoʻyadi. Bu gap ikki xotinga ta’sir etsa, uchinchisining fahmi kaltalik qiladi. Odat boʻlib qolgan odobidan voz kechishni istamaydi. Shukriyya xonimning oʻtinchlari u qulogʻidan kirib, bunisidan chiqadi. Qalb yarasini tirnay-tirnay, kulfat ezib qoʻygan Sabriyya xonimga oʻzicha dalda bergan boʻlib, hotirjam ravishda uyni tark etadi. Shukriyya xonimning iltimoslariga soʻzsiz amal qilishga va’da berganlari ham kampir boshqa xonaga bir yumush bilan chiqdi deguncha diydiyolarini boshlashadi:

-Shunday polvon bolani oʻlganiga odamning hech ishongisi kelmaydi. Unga nima boʻlganiykin-a? Qaysi quribgina ketgur kasallik ilashdi ekan? Dunyo shunaqada! Bugun sen borsan, ertaga qarabsanki, goʻrda yotibsan. Yoshmisan, qarimisan, qaramas ekan. Kasal degani bir yopishsa bas, polvonmisan yo nimjonmisan farqi yoʻq, supurib olib ketaveradi.

Sabriyya xonimga bu gaplar juda uzoq-uzoqdan eshitilganday boʻladi. U javobga hozirlanib, kuch toʻplaydi. Lablari oʻziga boʻysunmasa-da, gapirishga urinadi:

-Ha... polvon edi, bolajonim. Shu yerlarda shoʻxlik qilib, yugurib-yugurib oʻynab yurardi. Bir kuni kechki payt maktabidan kelib, boshini tizzamga qoʻydi. Qarasam, mazasi yoʻqroqqa oʻxshadi. Kayfiyati ham ishtahasi ham boʻlmadi. Oʻsha kech bitta ushoq ham oʻtmadi tomogʻidan. Nuqul «Oyijon, sovqotib ketyapman», deyaverdi. Koʻrpaga oʻrab qoʻydim. Keyin isitmasi koʻtarilib ketdi, ketma-ket qusaverdi. Bolajonimning boshlari ogʻriyotganini sezib turdim. Nuqul boshini, peshonasini koʻrsatadi. Dardini olay desam choram yoʻq. Keyin koʻzlari ham gʻalati boʻlib qoldi. Shoshib, dovdirab qoldik. Doktorlar, dorilar... hech nima kor qilmaydi. Bir kuni dori ichirayotgandim... oh, xonim, Alloh buni hech bir onaning boshiga solmasin, hatto dushmanlarga ham ravo koʻrmayman bu koʻrgilikni... dori ichirayotib qarasam bolajonimning yuzlari oʻzgaryapti. Men nodon, dori ichgisi kelmayapti, deb oʻylabman. Oʻshanda jon berayotgan ekan. Jonu jahonim meni tark etib ketdi. Voy mening Jamolim...

Bu soʻzlardan keyin Jamol tirilib kelib yana qayta jon berayotganday dod-faryod koʻtarilardi. Tashvishlangan Shukriyya xonim xonaga shoshilib kirganida qizini yana behush holda koʻrardi. U ta’ziyaga keluvchi xotinlarga iltimos qilishning foydasi yoʻqligini anglab, boshqacharoq yoʻl tutishga qaror qildi. Darvoza ostonasini bosib oʻtgan mehmonga boshlariga ogʻir kulfat tushganini, qizi bu dardga chiday olmay xastalanib qolganini aytib, «uyga kirgach, bolaning oʻlimi haqida zinhor soʻz ochmayman», deb qasam ichishni talab etdi. Afsuslarkim, bu tadbir ham foyda bermadi. Xotinlarning koʻplari qasam ichganlari bilan ahdlariga sodiq qola olmadilar. Qasamni buzmaganlar ham achinishlarini soʻz bilan ifoda etmasalar-da, gʻamgin qarashlari, ma’yus kulimsirashlari bilan Sabriyya xonimning yuraklarini poralab tashlardilar. Sabriyya xonim ularning ta’ziya bildirish uchun kelganlarini bilib turardi. Ularning ma’yus boquvchi koʻzlaridan «Bechoraginam, yomon holga tushibsan-ku? Bolajoning qani? Bechora Jamol... Sening issiq bagʻringda halovat topish oʻrniga sovuq yer qa’rida yotibdimi?» degan ma’noni uqib avvaliga xoʻrsinib, soʻng nolasini boshlardi. Unga javoban mehmonlar ham xoʻrsinardilar. Roʻmolchalar chiqarilib koʻz yoshlari artilardi. Bu huddi pinhona ta’ziya marosimiga oʻxshardi. Jamolning nomi ham tilga olinmasdi. Mehmonlar goʻyo ahdlariga vafo qilganday boʻlardilar. Ammo ular ketganlaridan soʻng Sabriyya xonimga limon hidlatishning ham, gulob yoki yurakni tinchlantiruvchi tomchidorilarning ham nafi tegmay qolardi.

Bu tadbiri ham foyda bermayotganini bilgan Shukriyya xonim soʻnggi chorani koʻlladi: mehmonlarni uyga qoʻymadi. U uy xizmatchilariga ham, oshpaz qizga ham koʻcha eshigini ochmaslikni tayinladi. Ammo kichik uylarda bu talabni bajarish amri mahol edi. Eshikni taqillatib kelgan odam ichkaridan sharpalar eshitilib turgach, uyda hech kim yoʻq ekan, deb ishona qolarmidi? Xizmatchi qiz ham, oshpaz ham bir-ikki marta buyruqni ado etishdi. Keyin beihtiyor ravishda eshikni ochadigan boʻlishdi. Eshik taqillatgan ayolning ta’ziyaga kelganini anglab «Voy esginam qursin, ochmasligim kerak edi-ku?» deb afsuslanishdan boshqa choralari qolmadi.

Shukriyya xonim turli chora-tadbirlarni koʻllashiga qaramay, qizinining yarasini yangilovchi ta’ziyalardan asray olmadi. Sabriyya xonim kundan kunga soʻlib boraverdi. Oqibat shu boʻldiki, Jamolning vafotidan bir yarim oy oʻtib, bu uydan ikkinchi tobutni koʻtarib chiqishdi. Tobut ichida Allohdan sabr tilangan bechora ayol yotardi. Unga sabr tilashgan edi, oʻgʻlining yoniga borib yotish nasib etdi. Mehribonlarcha bildirilgan ta’ziyalarning sel kabi oqimi unga oʻlimhadya etdi.

Erkaklar tobutni koʻtarib chiqib ketishgach, Sabriyya xonim oʻtinxonaga kirib, joʻvani eslatuvchi kichikroq bir gʻoʻlani tanlab oldi. Uning qarori qat’iy edi: birinchi boʻlib ta’ziyadan soʻz ochgan xotinni shu gʻoʻlacha bilan uradi! Har holda u mehribonlardan birining yigʻi aralash gaplari shunday boʻladi:

«Goʻzal qizingiz Sabriyya qani endi! Bechora onasi bilan erini kimlarga tashlab ketdi! Goʻr deganlari kimlarni oʻziga tortib ketmaydi! Bechora Shukriyyagina, boshlaringga shunchalar ham kulfat tushadimi, a! Bu gʻamlarga qanday chidaysan endi! Endi Alloh senga sabr bersin! Yigʻla, toʻyib-toʻyib yigʻlab ol! Ichingdagi barcha zaxar-zaxqumlarni chiqarib tashla!»

Tobut koʻtarganlar koʻzdan yoʻqolgunicha koʻchada faryod urib turgan xotinlar yigʻi-sigʻi bilan ichkariga qaytayotganlarida Shukriyya xonim oʻylaganini amalga oshirdi. Sabr tilashga ogʻiz juftlagan birinchi xotinni boshiga gʻoʻlacha bilan urdi! Toʻplanganlar avvaliga sarosimaga tushdilar. Soʻng «Baxti qaro kampir nabirasi bilan qizining oʻlimiga chiday olmay aqldan ozibdi», degan xulosaga keldilar. Ertasiga mahalliy rahbariyat tomonidan zarur hujjatlar toʻldirib berilgach, kampir jinnixonaga joʻnatildi.

Shundan soʻng ta’ziyaga kelib, Shukriyya xonimning hamlasidan qutulib qolganlar huvillab yotgan uyga kirib afsuslar bilan bosh chayqardilar. Ular kimga ta’ziya bildirishni, kimning huzurida gʻamli koʻz yoshlari toʻkishni bilmasdilar. Ularning: «Qanday baxtsizlik ekan bu! Sabriyya oʻlibdi! Onasi jinnixonaga tushibdi! Nahot bu uyda ta’ziya bildiriladigan oʻlik egasi qolmagan boʻlsa! Endi kimga «Alloh sizga sabr bersin!» deb ketamiz?»- deyishlaridan oʻzga choralari yoʻqedi.

Ta’ziya kelayotgan xotinlarning bunday gaplarini xizmatchi qizdan eshitgan Shukriyya xonim chindan ham aqldan ozdi. Uning rostdanam jinni boʻlib qolishi hech kimni ajablantirmadi. Hammaga bu tabiiy bir holday koʻrindi.