OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHusniniso Ahmedova
Asar nomiQulchilik (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Husniniso Ahmedova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qulchilik (hikoya)
Husniniso Ahmedova

– Hiy-y, shoʻrima, kap-katta xotinni hoʻngillashini-i-i. He, osonakan-da birovning bir parcha oqini olib, eshigini ochib qaytish. Bir kirgan joyingga toʻrt-besh bosh urasan, borib kelaverib kalish yirtasan. Zavchilik – qulchilik, balam, asti yosh toʻkma, sani balangayam atagani bordir...

Mohira xola qattiq-quriq gaplar bilan qizini yupatgan boʻldiyu, oʻzining ham yuragi jizillab achishayotganidan xoʻrsinib qoʻydi. Baxtigulni oʻzining baxti kulmaganiga yarasha, Abrorginasining ham hadeganda yoʻli ochilmayapti-da. Sovchi boʻlib borgan xonadonlarining uchinchisidan noumid qaytishdi. Shu Savri satangnikiga hecham oyogʻi tortmovdi-ya. Xalq behuda «satang» deb laqab taqamagan ekan. Uyda oʻtirgan xotin boʻlsa, qalam tortilgan qoshlarini kerib, qovoqlarini koʻkartirib, bilakuzuklarini koʻz-koʻzlashini buni. Peshonasidagi bir tutam sochini makkajoʻxorining poʻpagidek qilib, qizartirib olibdi. Mundoq soch deganni palladay ivigan yogʻliqqina qatiqqa chayib olsang-ku, toʻsday qop-qora boʻlib, jildirab ochiladi. Katta-matta xotin farq ochivol...

Savri har gapirganda Mohira xola juvonning peshonasidagi makkajoʻxorining qovjiroq poʻpagiga nazar tashlab qoʻyadi.

– Keganlaring nur ustigaku-ya qizimizzi boshi bogʻliq, boʻlmasa... Baxtigul, sizdiyam uylaydigan oʻgʻlingiz bor ekan-da a, ha-a, ungayam oʻziga yarashasi bordir. Eringiz haliyam icharkan-a, u kuni bozorda qizizga koʻzim tushdi. Shoʻllikinani roʻzgʻori churik deyishadi, pamildori sotayotuvdi, dadasi boshida turuvdi, pul-mul soʻrayotgandir-da. Ey, qiz janvoram joyiga tushsin ekan. Bu zamonni qizi bir aroqxoʻr oilaga tushsa, arpa nonni eplab yopolmasa, kim yamon, onasi xamir-patirni oʻrgatmagan, deb taqal qoʻyishadi.

Baxtigulning rangi boʻzarib ketganligini koʻrib, Mohira xola gapni oldi:

– Endi Parvardigorga oʻlay, bugʻdoyini odamga, arpasini molga chiqargan. Ha, endi, bir xililar, bugʻdoy qimmat, arpadanam kam-kam qoʻshadi, aybi yoʻq. Ha, aytganday, Savrinisojon, dastarxonni oching, yogʻliqqina patir qilib keluvdik, nondan yuz oʻgirmang, dardingizdi olay.

– Yoʻ...yoʻ..yoʻ, dastarxoningizni ochmayman, silarni umidgor qilib nima qildim, qizdi boshi bogʻliq, xolajon...

Boshqa gaplashiladigan gap qolmaganligi uchun qoʻzgʻalishdi.

Kattagina tuguni qoʻlida, shalvirab ketayotgan qiziga qarab kampir soʻzlandi:

– Onani koʻr, qizini ol, shu onaning qizi boʻlsa, bermagani yaxshi boʻldi. Oʻzi oyogʻim tortmovdi-ya, he, shu choching goʻrda, jizgʻinchoch... Sanam endi, sal oʻzingni qoʻlga ol, qiz qahatmi?!

Juvon dam urmas, bir maromda ketib borardi. Hovliga kirganlarida Abror yer chopayotgan ekan, bir zum toʻxtab onasining yuziga razm soldi-da, yana ishini davom ettiraverdi.

Uyga kirishgach, Baxtigul baralla yigʻlab yubordi. U bunday kamsitishlardan ancha diydasi qotgan boʻlsa ham, Savriga birov, ular arpani torttirib yeydi deganmi, bularni tengsitmay soʻzlab yuboraverganiga behad alamzada boʻldi.

Asli hamma gap mana shu alkash eri-da. Buzuq nafsidan boshqasini oʻylamasa. Soqoliga oq oralab, machitga kiray, moʻysafidlar qatorida yuray demasa. Hali keladi qiyshayib. «Hii, boʻrimi?.. Eyy, oʻzim boray devdima, yana tulkimi? Oʻl, shu kuningdan. Yomonligʻingdan birov qizi tugul, qanjiq kuchuginiyam...

Baxtigul beixtiyor turib ketdi, bemaqsad, tokchadagi piyolalarni yigʻib, ichma-ich qildi-da, holsiz joyiga qaytib oʻtirdi. Uning harakatini moʻltirab kuzatib turgan onasiga qarab, yana xoʻrligi keldi:

– Shoʻrim ham koʻp ekan, opajon, birov meni arpaxoʻr desa, birov svetafoʻr desa. Erim alkash boʻsa, balalarimda nima ayb.

– Balaga ota-onaning kasriyam uradi-da, Baxtijon. Ichuvchi boʻlsa qandoq qilaylik, ogʻzini tikib boʻmasa, bu insofsizzi. Hammangni risqi-nasibangni aroqqa qoʻshib yutivorayapti-da,bu baytalmon. Ichib kelib joʻn-joʻriqcha yotsayakan, kelib sani uradi, ballani koʻchaga tiriqtiradi, idish sindiradi. Beti koʻzingni koʻkartirib tashlasa, ogʻziga kuchi yetmagan isfetapul deydi-da. Bu oʻzi bir yetimcha boʻlsa, koʻchaga haydavorsang el ulusdan nomus qilsang. Shu alpozda yurovradi endi, shumrang. Ichkanigayam, boshqasigayam ishlaring boʻlmaydi endi.

Baxtigul eridan hech roʻshnolik koʻrmagan boʻlsayam, ovqatini vaqtida qiladi. Oʻzini bilmay kelganida oʻrnini toʻshab, aldab-suldab yotqizadi.

Abrorjon bir yil astoydil mehnat qilib, kartoshka ekdi. Xosilini yigʻib, qaznoqqa toʻkib qoʻyishdi. Bahorga yaqin sotishsa, birorta gʻoʻnajin olarmiz, deb niyat ham qilishdi.

Bir kuni eri , ichib olib, uch-toʻrt yigitchani hovliga boshlab keldi.

– Ranisan, kampirvoy, man kartishkaga xaridor obkeldim. Oldidan oʻzingga bir yaxshi koʻylak, maxsi, kalish oberaman. Pul beraman buyragingni davolatgani fizlichinaga borasan, boʻl, bitta choy qoʻy.

Baxtigul sarosar tang qoldi. Tamom. Abrorning yoz boʻyi qilgan mehnati chippakka chiqdi. Kartoshkani pullab, bir kunda yoʻq qiladi.

Juvon payt topib, eskiroq pocha-poʻstin kiygan, toʻladan kelganini bir chetga imladi.

– Ayogʻlaringni tayiga oʻlay, bolajonim, keyinroq savdo qilinglar. Xoʻjayinimga hozir pul tegsa, hammasini ichib qoʻyadi. Roʻzgʻorda, tishga bosgulik qolmagan, ishonganimiz shu.

– Ie, amak bilan savdo pishgan-ku, xola, biz xalq qatori olommiz, hay, mayli, boʻlmasa, erta shu paytlar kelarmiz.

Ular ketgach, er qutirgandan-qutirdi. Koʻzlari qonga toʻlib, oʻsiq qoshlari hurpaydi, labini qattiq qimtib, xotini tomonga yurdi.
-Hov, megajin, qani baqqa kechi, boyagʻinlarga nima deb pichillading? Bu hovlini erkagi sanmi?.. Ular qopu lingasini koʻtarib kelgan edi, nima deding?!

Ayol bu vajohatdan qoʻrqib beixtiyor qoʻllarini yuziga bosib, ortga chekindi, lekin erning changalidan qochib qutilolmasligini bilib, elanishga tushdi .
— Jon dadasi, Abror kelsin, sotsa pulini sizga beradi. Nabijonning doʻkonidan olingan aroqlarning qarzini ham toʻlaymiz, faqat oʻzi kelsin.
— ...tvoyumat, hali ona-bola bu oilaga xoʻjayinchamisanlar. Bilib qoʻy, oʻgʻling kelgancha, man sani kafanga tiqaman. Kartishkani sotib , isqotingga ishlataman. Er xotinining yuz-koʻziga musht tushirdi. Guppa uchgan ayolning oʻng kelgan joyiga tepkiladi.
— Hali sanlarmi uy egasi, mol egasi, hali... A...?

Bu qiyomatni qoʻni-qoʻshnilar koʻrib, eshitib, eshik-darzikdan moʻralab turishgandir. Ammo bechora ayolning baxtsiz roʻzgʻoriga kim ham aralasha olardi, deysiz.

Ayol sudralib uyga kirdiyu katga oʻzini tappa tashladi. Yuz-koʻzlari achishar, kaltak zarbi kasal buyragiga ta’sir qilgan shekilli belidagi ogʻriqdan dodlavorgudek boʻlardi. Koʻngli ozar, oʻzini koʻtarolsa, loy- gil anjomlarini almashtirgan, yuz-koʻzlarini yuvgan boʻlardi. Yana oshxonadagi bolta, tesha, pichoqlarni ham koʻzdan yashirish kerak. U yana ichib kelsa, xudo koʻrsatmasin.

Maktabdan qaytgan qizi Mavjuda hovlidagi ahvolga, aftodahol onaga hayronu lol boqib qoldi .
— Bor, Mavju, opachangni chaqirib kel, opam kasal boʻp qoptila, de jinday obi yovgʻon qib bersin, hademay ovqat vaqti boʻladi.

Oyjamol eshikdan dovuldek guvranib, shamoldek uvillab kirdi:

— Nima qildi – i, yana urdimi? Mastmi ?
— Kartishka, - ihradi u, kartishkaga xaridor boshlab kelgan ekan, Abror kelsin, deb sottirmovdim.

Oyjamol oh-voh qildi, sannay-sannay, uyoq-buyoqni yigʻishtirgan boʻldi. Dadasi bir kunmas-birkun onasini oʻldirib qoʻyishini, shoʻri qurib qolishini aytib sannayverdi:
— Aptingizni qarang, opajon, oʻlmabsiz, sovimabsiz. Sotsa-sotsin edi, qaro yerga edi, oʻlib qolsayiz, bulariyizdi man qandogʻ udda qilaman. Oʻz boshiyizga oʻziyiz kaltak sotib olganingizni qarang. Shu aragʻgʻi chiqarganni kappasiga oʻt tushsin iloyim, oʻsha sovdogar bachalar qatori uydan chiqib ketsayiz boʻlmasmidi. Bu azroyil ichib bir yerda oʻlib, jasadi qotib qolsayam, shuncha kuymasidik.

Oyjamol dastshoʻ va obdasta keltirib, onasining yuz-qoʻllarini yuvdirdi, kaltakzada badaniga oq moy surdi, choy damlab keltirdi. Dasturxon ustida ona-bola oʻz hasratlarini qaytadan boshlayotgan payt, qaerdan ham Xayri biznes kirib keldi.

Yuz-koʻzi shishinqirab momataloq boʻlib ketgan ayol toʻgʻrisini soʻzladi.

-Voʻy, goʻr eriz boʻsin, qoʻlginasi shal boʻlsin, sizdi svetafor qib qoʻyibdi-ku.

Mana necha yillar oʻtsayam Xayri biznes tamgʻalab ketgan laqabni hamon oʻzi bilan olib yuripti. Endi Savriniki oyoq chiqarmasa goʻrga edi. Rulchilik ham bor boʻlsin. Bir yilcha Abror onasiga , ona oʻgʻliga bu haqda hech soʻz qotolmay yurishdi.

Raysi bir toʻyda Mavjuda akasining bir qiz bilan gaplashib turganini aytib suyunchilab qoldi.

Oyjamol ham yuragini hapriqtirdi.
-Harakatti uring , zavchisi gʻajalakdek emish. Yuraklarim jizillab ketdi. Hilvadekkina, deng. Sochi taqimiga tushadi. Abror bilan sevisharmish.

Rulchilikdan yurakzada boʻlgan Baxtigul taysallandi.

– Tiramoda hosilni yigʻib, yakbora qilib, yakbora olamiz. Rudachilik choʻzilib ketsayam, yaxshimas. Riz kutsa kerak, Abror ham toʻlishib, xushroʻ boʻlgan-ku.

– Jon opajon, hozir boring, kami-koʻstingizga kuyovingiz koʻndalang. Togʻalarim qarab turishmas...

Kechki payt ona oʻgʻliga dil yordi:

– Biror joyga qulchilikka boray, oyogʻingni ilintiray deb andarmon boʻlib oʻtiribman, bolam. Koʻngil berganing borakan...

Abror kuldi. Baxtigul oʻgʻlini endi koʻrayotgandek angraydi.

– Oyogʻimam, boshimam toʻrga ilingan. Jamol opachamga aytganman. Enam bilan bemalol Abdusamad kombaynchinikiga kirib boravrasizlar.

Rulchilikdan kechki payt qaytishdi. Baxtigulning yuzlarida baxt jilvalanardi. Ruhida bir yengillik bilan uyga kirib, jonining kushandasi boʻlgan eriga jilmayib qaradi.

– Boʻri, dadajonisi, boʻri, - dedi.

Hammani hayratga solib, oʻgʻlining chorpaxloʻ yelkalarini silab, qalin sochlarini barmoqlari bilan taroqladi.

– Bir lappillagan nonlarni yopib, kelinim, bir xushxoʻr oshlarni pishirib keldi-ki. Shukur, xudoyimga shukur, yetkazganiga shukur...


Husniniso Ahmedova 1959 yili Soʻgʻd viloyatining Gonchi tumanida tugʻilgan. 1976-81 yillari ToshDUning jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Muallifning «Oʻzga hovli havosi« va »Taxayyul» hikoyalar tuplami 1995 yili Xoʻjandda chop etilgan. Viloyat davriy nashrlarida ishlagan. Hozirda Gonchi tumani Oʻrtaqoʻrgʻon qishlogʻida yashaydi.