OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHusniya Pardayeva
Asar nomiBurgutning soʻnggi parvozi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Husniya Pardayeva
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/11/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Burgutning soʻnggi parvozi (hikoya)
Husniya Pardayeva

Quyosh eng avval kengliklar boʻylab yastangan adirlarga, koʻksini qalqon etib, himoyaga chogʻlangan togʻlarga nurini sochadi. Soʻngra qirdagi pastqam loysuvoq uylarga muruvvatini ulashadi. Togʻliklar hammadan oldin quyoshning marhamatiga molik boʻlishadi. Shundanmi ular togʻdek alp qomat, quyoshdek bagʻrikeng kishilar.

Tong yorishib, quyosh himmatini koʻrsatib ulurmasidan, Sardor Choʻnqay choʻqqi tepasida paydo boʻldi. Muk tushib oʻtirgancha olislarga tikildi. Uvada bulutlar bir muddat bolakayni kuzatib turib, safarga otlangandek, sekin-asta siljishdi. Sardor izlaganini bulutlar orasidan ham topolmay, ogʻir xoʻrsindi.
— Ha, shovvoz, kallai sahardan bu yerda nima qilib oʻtiribsan? Haliyam oʻsha darbadar burgutingning yoʻliga koʻz tikyapsanmi? — soʻradi pastdan tayogʻiga suyanib chiqib kelayotgan choʻpon.

Sardor: «Ha-a», dedi. Choʻponning gapi uning yuragiga ogʻir botdi.
— Menimcha, endi burguting bu yerlarga qaytmaydi. Oʻziyam togʻda yakkamoxovdek yolgʻiz yashab, zerikkan-da, — dedi choʻpon bolaning yoniga choʻkkalab.

Sardor yana koʻzini olislarga tikdi.
— Keldiyor togʻang burgutingni olib kelganiga ham oʻn yilcha boʻp qoldiyov, — dedi choʻpon bolani diqqatini oʻziga qaratish uchun.

Sardor yana boshini silkidi-yu, gapirmadi.
— Menga qara, oʻsha burguting qaytsa shu paytgacha qaytardi, endi kutishning foydasi yoʻgʻ-ov. Bitta-yarimta ovchi otib qoʻyganmi, desam, bu yaqin orada togʻda oʻq ovozini ham eshitmadim. Oʻlib-netib qolmaganmikin, ishqilib? Tosh-poshlarning orasiga qarab koʻrmadingmi?
— Koʻrdim, hech qaerda yoʻq, — dedi bola boʻgʻilib.
— Unday boʻlsa, bilmadim. Lekin sor deganlari bir ketdimi, — qaytmaydi, deyishadi, tagʻinam, bilmadim...

Choʻponning gapi Sardor uchun yangilik boʻlmasa-da, unga javdirab tikildi. Uning nigohida soʻnib borayotgan umidning choʻgʻi yiltirardi. Choʻpon bolaga achinib ketdi. U shu tobda bolaga taskin berishni istar, lekin buning foydasi yoʻqligini bilib, indamasdi. Bir muddat oʻtirib, tayogʻiga suyanib oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Uning chuchuhlagan ovozi yiroqlashib borardi.
— U, baribir, qaytib keladi!... — dedi bolakay oʻziga oʻzi.

Olislab ketgan choʻpon uning gapini eshitmadi. Sardor peshingacha shu ahvolda oʻtirdi. Uzoqdan togʻavachchasi Asil chaqirmaganida hali- Beri oʻrnidan turmasdi.
— Shu paytgacha choʻqqida oʻtirganmiding? Qidiraverib esim ketdi-ku. Otam tagʻin shaharga ketib qolgan boʻlsa, deb xavotirlandi, — dedi Asil chopganidan nafasi boʻgʻziga tiqilib.

Sardor u bilan qishloqqa qaytdi. Yoʻlda Asil maktabda oshnalari bilan boʻlgan mushtlashuvini zoʻr qiziqish bilan gapirdi. Sardor oʻzini eshitayotgandek tutsa-da, xayoli olisda Qaytmas bilan birga edi. Uning hozir qaerdaligi, qanday ahvoldaligini oʻylab, tashvishlanardi.
— Shu paytgacha qaerda yuribsan? Bir ogʻiz aytib ketgin-da. MaktabinGga bormaysanmi? — deya qarshi oldi togʻasi darvoza oldida.

Sardor «Yoʻq» deb bosh chayqadi. Togʻasi unga sinchkovlik bilan razm solib, davom etdi:
— Menga qara, jiyan, burguting ketgan boʻlsa, bunga koʻpam qaygʻuraverma. Hademay, shaharga ketasan. Toshkentda kattakon hayvonot bogʻiga bor. Ayangga aytsang, seni oʻsha yoqqa oboradi. U yerda istaganingcha burgut topiladi. Tomosha qilib, qaytaverasan.
— Menga boshqa burgut kerakmas! Qaytmas, baribir, qaytadi! — dedi Sardor oʻjarlik bilan.
— Oʻzi oʻsha burgutingning otini bekor Qaytmas, deb qoʻygansan-da, — deya iljaydi togʻasi,. — Mana, ketdi-yu qaytmadi. Qaytaga Qaytar deb qoʻyganingda shuncha kuttirmasmidi.?..

Sardor togʻasining hazilini tushunmasdan, yigʻlab yuborgudek boʻlib, ichkariga kirdi. Unga Asil ham ergashdi. Ikkovi soʻridagi dasturxonga oʻtirib, kosadagi qaymoqqa nonni toʻgʻrab, choy ichishdi.
— Bugun tepalikda eshak koʻpkari bor, borasanmi? — soʻradi Asil.
— Yoʻq, bormayman,! — dedi Sardor keskin.

U ketib qolsa, Qaytmas kelib, uni topolmay. yana uchib ketadigandek edi.
— Yur, birga boraylik, — deya qistadi Asil, — eshakniyam olamiz. Mayli, koʻpkarida eshakni sen chopasan. Bugun tepaguzarliklar ham kelishadi. Oʻziyam rosa maqtanchoq, qasangʻilar. Koʻramiz, kim sovrinni koʻp ayiradi?

Sardor eshak koʻpkarini yaxshi koʻrardi. Ayniqsa, oʻzi koʻpkarida chopib, sovrinni qoʻlga kiritsa, quvonchi ichiga sigʻmay ketardi. Shuning uchun ham Asilni koʻp yalintirmasdan rozi boʻldi. Ikkovlon apil-tapil nonushta qilib, eshakni minib, yoʻlga otlanishdi.

Bugungi eshak koʻpkariga uchta qishloqning bolalari kelishdi. Sardor eshakni minib, koʻpkari chopdi. Uning omadi kelib, bir necha sovrinni yutib oldi. Bundan chekkadagi tomoshabinlar orasida oʻtirgan Asilning sevinchi ichiga sigʻmay, irgʻishlardi.

Shomga yaqin uzoq-yaqindan qoʻy-qoʻzilarning ovozi eshitilgach, koʻpkari tarqadi. Asil oldinda, Sardor orqada eshakka minib, qishloqqa qaytishdi. Choʻnqay choʻqqining yonidan oʻtishayotganda yoʻllari choʻpon bilan toʻqnashdi.
— Ha, shovvozlar, kech boʻlganda qaerdan kelyapsizlar? — soʻradi choʻpon.
— Eshak koʻpkaridan. Oʻziyam hamma sovrinni mening eshagim yutib oldi, — dedi Asil maqtanib.

Choʻpon qoʻzilarning ma’rashidan uning gapini eshitmay, boshini silkib qoʻydi. Asil eshakka xala berib, uning yurishini tezlatdi. Shu payt orqadan choʻponning baqirgani eshitildi:
— Menga qara, boya senga aytaman deb, yodimdan koʻtarilibdi, — deya halloslab ortidan yetib keldi choʻpon.
— Nimani?
— Qani, avval suyunchini choʻz-chi.
— Nima, Qaytmas topildimi?! — dedi Asil quloqlariga ishonmay.

Sardorning esa yuragi qinidan chiqqudek dukurlardi.
— Aytdim-ku senga, burguting yolgʻizlikdan zerikib ketgan, deb. Uning juda olchoq chiqib qoldi-ku. Katta qishloqlik choʻpon oʻgʻliga moda burgut olib kelgan ekan. Burguting uning daragini bilgan, chogʻi, oldiga boribdi. Oʻn kundan beri uni burgutiyam yoʻq emish. Oʻgʻli burgutimni topinglar, deb yigʻlayverib, shishib ketganmish, boyaqish. Menimcha, oshiq-ma’shuqlar egalaridan qochib ketishgan, chogʻi... — deya xoxolab kuldi choʻpon.

Sardor uning gapiga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilolmay, dong qotib turardi.
— Ana, koʻrdingmi, burguting uylanibdi. Endi seni eslamaydi, — dedi Asil ham kulgiga qoʻshilib.

Sardorning yigʻlagisi keldi. Nazarida endi burguti bir umr oʻsha moda burgutning yonida qoladigandek tuyuldi. Onasi ham xuddi shunday qilib, uni tashlab ketgandi...

Sardor endigina uch yoshga toʻlganida onasi bilan dadasi ajrashishgandi. Enasining aytishicha, Sardorning otasi shaharlik bir ayolga ilakishib qolganmish. Bunga chidayolmagan Shohista Sardorni yetaklagan-u, onasinikiga qaytib kelgan. Onasi sabr-qanoatli boʻlganida otasi, albatta, kun kelib qaytarmidi, balki?. Shunda Sardor ham otasiz oʻsmasmidi.? «Ot aylanib qozigʻini topadi. Qaytmay qayoqqa ham borardi,? Bolasi bormi, erkak kishi, baribir, bir kuni uyiga qaytadi», derdi enasi xoʻrsinib.

Shohista enasinikiga qaytib kelganiga bir yil ham toʻlmay, unga Kattaqishloqdan sovchi keldi. Enasiga qolsa, kuyovining qaytishini, qizini yomon boʻlsayam, eri bilan yarashib ketishini istardi. Lekin Shohista sovchilar shaharda ishlaydigan, xotini oʻlgan kattaqishloqlik kishidan ekanligini aytishi bilan «Shunga tegaman», deb turib oldi. Enasining hayhaylashi ham, «Bolangni birovning qoʻliga qaratma, otasi kelsin», deyishiga ham quloq tutmadi. Keyin oʻylasa, qizi sobiq eri shaharlikka ilakishganiga alam qilib, atayin oʻshanga tekkan ekan. Bularning barini Sardorga enasi gapirib berardi. Onasi erga tegib, shaharga ketganidan beri Sardor enasi va togʻasi bilan yashaydi. Darvoqe, onasidan ayrilib, yigʻloqiga aylangan kezlari togʻasi unga burgut olib kelgandi. Shu bilan ovunsa, onasini eslamaydi, deb oʻylagandi. Oʻn yil ichida Sardor ham, burguti ham ulgʻaydi. Unga Qaytmas deb togʻasi ism qoʻygan. «Odatda, burgutlar mard, jasur boʻlishadi. Ular oʻz maqsadidan sira chekinishmaydi, qaytishmaydi. Shuning uchun ham uning otini Qaytmas deb qoʻyamiz», degandi oʻshanda togʻasi.

To maktabga borgunigacha Sardor kunini Qaytmas bilan oʻtkazardi. Keyin maktabga bordi. Sardorning darsi tugaguncha Qaytmas maktab hovlisidagi ustun tepasida uni kutib turardi. Dars tugashi bilan shodon qiyqirib, bolalar uyiga oshiqqanida Qaytmas birdan paydo boʻlib, Sardorga yaqinlashardi. Shu tariqa ular birgalikda uyga qaytishardi. Sardor shunday ulkan, ajoyib qushi borligi uchun tengdoshlari unga havas qilishidan oʻzicha faxrlanardi.

Yillar oʻtdi. Sardor oʻn uchga toʻlganida enasi kasal boʻlib, yotib qoldi. Bir-ikki kun Fayzi doʻxtir ukol qilib yurdi. Juma kuni tongda Sardorni togʻasi uygʻotib, beliga belbogʻ bogʻlab qoʻydi.
— Enamov, deb yigʻla, tushundingmi? Endi enang yoʻq,!.. — dedi togʻasi qizargan koʻzini undan yashirib, — Enang seni hammadan koʻproq yaxshi koʻrardi...

Sardor enasining yoʻqligini eshitib, seskanib ketdi. Oʻzini butunlay yolgʻizlanib qolgandek his qildi. Ta’ziyaga onasi ham keldi. Uning Sardordan tashqari, yana ikki oʻgʻli bor edi. Oʻshanda Sardor ilk marta ukalarini, ularning otasini koʻrdi.
— Ishonganim posbonimdan ayrildimov! Endi sizsiz holim nima kechadi, ena?! Bolamni sizga qoldirib, koʻnglim toʻq edi-ku, ena!.. — deya onasi oʻrtanib yigʻladi.

Sardor yilda bir keladigan onasini unchalik yaxshi koʻrmasdi. Unga enasi bilan burguti omon boʻlsa, boʻldi edi. Lekin bugun enasi uni tashlab ketdi...

Yetti kun oʻtib, onasi shaharga qaytadigan boʻldi. Ketar chogʻida Sardorni ham oʻzi bilan olib ketishini aytdi.
— Men ketmayman, shu yerda qolaman! — dedi Sardor qaysarlik bilan.
— Unday dema, bolam. Endi enam yoʻq, seni qanday tashlab ketaman? Ikki xayolim shu yerda qoladimi? Yur, birga ketamiz, ukalaring bilan yurasan, — dedi onasi uni koʻndirishga urinib.
— Sardor endi katta yigit. Biz bilan shaharga boradi, u yerdagi maktabda oʻqiydi, — dedi onasining eri salmoqlanib.

Togʻasi ham Sardorni shaharga borishga undadi. Barchaning qistovi bilan Sardor noiloj yoʻlga otlandi. Lekin ketishayotganda burguti ancha olisgacha mashina ortidan uchib bordi. Uni koʻrib, Sardor koʻz yoshini tiyolmadi.
— Shaharda burgut asrab boʻlmaydi. Uyimiz tor, bu kattakon qushing sigʻmaydi, — dedi onasining eri Sardorga mashina oynasidan qarab.
— Yigʻlama, oʻgʻlim, burguting togʻangnikida yashab turadi. Kelib koʻrib ketasan, — dedi onasi uni peshonasidan oʻpib.

Ukalari esa akali boʻlishganidan sevinib, irgʻishlab, toʻpolon qilishardi.

Shahar Sardorga juda gʻalati koʻrindi. Har tomonga gʻizillab oshiqayotgan mashinalarga qarab, koʻzi tinib ketardi. Odamlar ham juda koʻp, tinim bilishmaydi. Qishloqdagi maktabda nari borsa, elliktacha oʻquvchi oʻqirdi. Bu yerdagi oʻquvchilarning sanoqsiz ekanligini koʻrib, Sardor hayratini yashirolmadi. Sardorni shahar maktabiga borishidan avval onasi bozorga olib tushib, unga bosh-oyoq kiyim olib berdi. Ertasiga esa yasantirib, maktabga olib bordi. Yangi kiyimda, notanish oʻquvchilar yonida Sardor oʻzini yolgʻiz his qilar, yuragidagi qishloq sogʻinchi borgan sari kattalashib borardi.

Bir hafta oʻtdi. Sardor ketamanga tushdi. U qishlogʻi, burgutini sogʻinganini aytib yigʻlardi. Onasi uning ketishiga yoʻl qoʻymay, endi shu yerga koʻnikishini aytdi.
— Onasi, sen bolangni tushunmayapsan. U tasodifan oʻsib-ulgʻaygan muhitdan butunlay boshqasiga tushib qoldi. Shuning uchun koʻnikishi ogʻir kechyapti. Uni birdaniga koʻniktirish bu majburlashdek gap. Bolani esa majburlab oʻrgatib boʻlmaydi. Yaxshisi, biroz muddat qishloqda, biroz shaharda yashatib, koʻniktirsak, qandoq boʻlarkin?.. — dedi onasining eri oʻychanlik bilan.

Onasi Sardorni ketkazmasligini aytib, yigʻlab-siqtadi. Lekin ikki kun oʻtib, Sardor ketish qarorida qat’iy turganini koʻrib, noiloj rozilik bildirdi. Yakshanba kuni ertalab onasi uni eri bilan joʻnatib yubordi. Mashina oʻrnidan qoʻzgʻalganida esa onasi derazadan qarab: «Yana qaytib kelasan-a?!» deb qayta-qayta soʻradi. Onasining koʻzi yoshlanib, zorlanganini koʻrib, Sardor yana qaytishini aytdi.

Peshinga yaqin toqqa kirib kelishdi. Togʻasining uyi orqasida mashina toʻxtashi bilan Sardor oʻqdek uchib pastga tushdi. U avval osmonga tikildi, keyin ichkaridagi burgutining inini koʻrdi. Qaytmasni topolmagach, alamdan yigʻlab yuboray, dedi.
— Xafa boʻlma, burguting hozir kep qoladi. Sen ketganingdan beri sal daydiroq boʻlib qolgan. Yoʻqolib, yana qaytib kelaveradi. Hozir ham uzoqqa ketib qolmagan, — dedi togʻasi uni yupatib.

Oradan bir necha soat oʻtib, hovlida burgut paydo boʻldi. Sardor uni koʻrib, mahkam bagʻriga bosdi. Qaytmas qanotlarini keng yozib, Sardorning yelkasiga shapatiladi.
— Sardor bir-ikki kun qishloqda qolsin, burguti bilan toʻyib oʻynasin. Keyin onasi bilan ma’rakaga kelib olib ketamiz, — dedi otasi ketishga chogʻlanib.

Togʻasi ham uning qolishiga rozi boʻldi-yu, biroq pochchasi ketgach, «Nega shaharda qolmading? Axir hamma imkoniyatlar shaharda-ku», deb Sardorni koyib berdi. Sardor togʻasiga shaharda zerikkanini, u yerda burguti, tengdoshlari yoʻqligini aytib, toʻngʻilladi.
— Balki, opangizning oʻzi oʻgʻlini joʻnatib yuborgandir. Axir uni otasi boshqa boʻlsa, eri birovning bolasini sigʻdirarmidi.? Ana endi oʻzimizning toʻrtta bolamiz yetmagandek, Sardorgayam qarashimiz qoluvdi... Endi enangizning nafaqasi yoʻq, buni qanday boqamiz? — dedi yangasi chimirilib.

Togʻasi xotiniga «Bas qil», degandek qovogʻini uydi.
— Sardor, endi enang yoʻq! Bu uyda qolsang, mening boshimni ogʻritasan. Yaxshisi, shaharga onangning uyiga qayt, tushundingmi? — dedi yangasi Sardorni holi chaqirib.

Sardor yangasining gapiga bosh silkidi. U erta-indin onasi kelsa, albatta, shaharga qaytishini bilardi. Lekin bu qishloqni, togʻlarni, burgutini sira tashlab ketishni istamasdi. U bugun enasisiz bu hovlida yasholmasligini tushundi. Bir paytlar onasi, goʻdakligidayoq undan voz kechgan otasini sogʻinganida koʻngli yolgʻizlikni qoʻmsab, Choʻnqay choʻqqiga yoʻl olardi. Balandga chiqib, atrofni kuzatganida sogʻinchi biroz unutilardi. Qaytmas esa osmonda parvoz qilib, oʻz sarhadlarini kuzatardi. Bu togʻdagi mayda qushlarni aytmasa, Qaytmasdan boʻlak sarlochin yoʻq. Shu bois u — bu togʻlarning yakkash hukmroni. Unga Sardorning choʻqqiga kelib oʻtirishi yoqadi, oʻzi esa qanotlarini yozib, atrofni kuzatadi.
— Meni yana shaharga joʻnatishmoqchi. Lekin u joylar qanchalik zerikarliligini bilmaysan-da, — deya Sardor Qaytmas bilan dardlashadi,. — Senga maza, istagan joyingda yashaysan, osmonda uchasan. Hech kim seni bu yerda yasha, bu yerda yashama, deb majburlamaydi.

Qaytmas egasini gapini tushungandek, oʻtkir koʻzini unga tikdi.
— Qaytmas, sening ota-onang qaerda yasharkin-a? Nega ular seni sogʻinishmaydi, olib ketamiz, deyishmaydi? Sen ham ularni sogʻinasanmi? — dedi bolakay mahzun.

Burgut qanotlarini yozib, samo uzra quloch yoydi.
— Gapimdan jahling chiqdimi?! — deya baqirdi bola burgutga qarab.

Qaytmas yanada balandroqqa koʻtarildi. Shu tobda Sardor ham burgutga aylanib qolish, hech kimga qaram boʻlmaslikni istardi. Shunda oʻzi istagan joyda, birovlarning xohish-istagisiz yashardi.

Qaytmas oq bulutlarga koʻmilib, koʻzdan gʻoyib boʻldi. Sardor avval ham burguti bunday qilishi, oradan bir necha soat oʻtib, qaytishini juda yaxshi bilardi. Shuning uchun biroz choʻqqida oʻtirib, uni kutdi. Qorni ochqab, uyga qayti. Qaytmas uning ortidan yetib olishiga umid qildi.

Oʻsha kuni Qaytmas qaytmadi. Sardor oʻshandan beri choʻqqiga kelib, uni kutadi. Anavi bulutlar uni yamlab — yutib yuborgandek ularga termiladi, — topolmaydi.

Bugun choʻpon uning moda burgut ortidan ketganini aytib keldi. Avval otasi, keyin onasi, soʻng enasi, endi esa burgutining tashlab ketishi Sardorga juda ogʻir botdi. Kechasi bilan uxlayolmadi. Yuragini «Aybim nima, nega meni barcha yaqinlarim tashlab ketaveradi? Men shunchalik yomonmanmi?» degan alamli oʻy oʻrtardi. Tong yorishmasidan yana oyoq uchida yurib, hovliga chiqdi. Hech kimga sezdirmay, darvozani ochib, choʻqqi tomon yurdi. Kuni boʻyi Choʻnqaydan tushmay, bir nuqtaga tikilib oʻtiraverdi. Asilning: «Otam chaqiryapti, yur», deb kelishi ham uni pastga tushirolmadi. Shom qorongʻisi bu kengliklarni zabt etishga uringan bir paytda togʻasi choʻqqiga chiqib keldi.
— Bu nima oʻtirish, jiyan? Kecha choʻpon aytibdi-ku, burguting modasi bilan ketgan, deb. Xoh bandasi, xoh jonivor boʻlsin, yolgʻiz yasholmaydi. Bejizga barcha mavjudotni jufti bilan yaratgan, deyishmaydi. Qaytmasing ham juftini topganga oʻxshaydi. Endi u qaytmaydi, umidingni uz, — dedi togʻasi uning yoniga choʻkkalab.

Sardorning koʻngli buzildi. Koʻziga qalqqan yoshni koʻrsatmaslik uchun boshini egib oldi. Togʻasi bilan yana biroz oʻtirib, qishloqqa qaytishdi. Sardorning tomogʻidan ovqat oʻtmadi. Charchaganini aytib, uyquga yotdi.
— Sardor, uygʻon! Qaytmas kelibdi. Yonida begona burgut ham bor!.. — deya Asilning hovliqib turkilashidan uygʻonib ketgan Sardor uyqusirab avvaliga nima boʻlganiga tushunolmay turdi.

Asil Qaytmasning qaytganini aytavergach, dik etib oʻrnidan turdi. Hovlidagi ustunda Qaytmas mungʻayib turar, togʻasi uning qanotini doka bilan bogʻlashga urinardi.
— U keldimi? — deya hovliqib burgutga yaqinlashdi Sardor va qushning qanotidagi qotgan qon dogʻini koʻrib, joyida toʻxtadi.
— Yaralanganga oʻxshaydi. Bu bir-ikki kun oldin yaralangan. Tagʻinam tirik yurganini-chi,... — dedi togʻasi koyinib.

Sardor Qaytmasni bagʻriga bosdi. Burgut ham sukut saqlab, uning yelkasiga boshini ishqadi. Shu payt osmondan burgutning chinqirigʻi eshitildi. Qaytmas oʻtkir koʻzini samoga tikdi. Notanish burgut osmonda charx urib uchardi. Qaytmas qanotlarini keng yozib, uchishga chogʻlandi. Ikki marta qanot qoqdi-yu, tap etib yerga quladi.
— Qaytmas! Togʻa, u oʻlib qoladimi?! — deya yigʻlab yubordi Sardor.

Samodagi burgut yana chinqirdi. Keyin esa uchib ketdi. Qaytmasning osmonga, burgutning ortidan tikilishga holi yetmadi. Boshini yerga qoʻyib, chuqur-chuqur nafas olardi.
— Asil, bor, Fayzi doʻxtirni chaqir. U odamlarni davolagani bilan, jonivorlarning kasaliniyam tushunadi, — deya togʻasi oʻgʻlini qishloq shifokorinikiga yubordi.

Sardor Qaytmasning tepasida yigʻlagudek boʻlib oʻtirardi. Togʻasi ishga shoshilayotganini aytib, maktabga otlandi. Jiyaniga maktabga bor, deyishga tili bormadi.

Birozdan keyin Asil Fayzi doʻxtir shaharga ketganini aytib keldi. Sardor Qaytmasga suv, don tutdi. Burgut ularga qayrilib ham qaramadi. Sardorning burgutiga rahmi kelib, boʻgʻzini yigʻi kuydirib oʻtdi. Hiqillab yigʻlab yubordi.

Peshindan keyin maktabdan qaytgan togʻasi Sardorning haliyam burguti tepasida oʻtirganini koʻrib, urishib berdi.
— Koʻpam qaygʻuraverma! Endi burguting sogʻaymaydi. Darbadarga oʻxshab, ketib qolmaganida bu kuyga tushmasdi. Sen bunga ichikib, oʻzingni qiynama! Bu bor-yoʻgʻi bir qush boʻlsa...
— Balki, anavi burgutni ketkazmaslik kerakmidi.?.. — dedi Sardor hiqillab, — Hech boʻlmasa, Qaytmas sogʻayguncha...
— E, qiziq gaplarni gapirasan-a, — dedi togʻasi boshini chayqab,. — Sening burguting shu togʻlarni vatan deb bildi. Koʻrdingmi, boshqa joyga sigʻmay, qaytib keldi. U moda burgut ham begona joyga sigʻmaydi. Shuning uchun ham oʻzining makoniga ketdi. Qaytmas ozodlikda parvoz qilish qandayligini koʻrdi. Ayniqsa, anavi burgut bilan birga uchdi. Endi u tutqunlikda, yolgʻiz yasholmaydi. Yo bu yerlarni butunlay tashlab ketadi, yo nobud boʻladi!.....

Togʻasi burgutning qanotini yechib, mumiyo bilan yana qaytadan bogʻladi. Sardor Qaytmasning boshini silab oʻtirdi. Yangasi kechki ovqatni suzayotganini aytib, dasturxonga chaqirdi. Sardorning ishtahasi boʻlmasa ham, togʻasining qistovi bilan soʻriga oʻtirdi.

Ovqatlanib, yana burgutining yoniga qaytgan Sardor uning qotib qolganini koʻrib, qichqirib yubordi. Uning yoniga bolalar, soʻng togʻasi yetib keldi.
— U oʻlib qopti!.. — dedi yigʻlab Sardor.
— Aytdim-ku, endi seni Qaytmasing tutqunlikda, yolgʻiz yasholmaydi, deb... — dedi togʻasi afsus bilan.

Togʻasi uni koʻmib kelishini aytib, burgutni olib ketdi. Sardor soʻrida oʻtirib, unsiz yigʻlardi. Birozdan keyin qoʻlida belkurak bilan qaytgan togʻasini koʻrib, Sardor oʻpkasini bosolmadi:
— Togʻa, meni ertaga shaharga oborib qoʻying. Endi bu qishloqda yashamayman. Onam va ukalarimning yonida yashayman!

Togʻasi jiyanini bagʻriga bosib, boshini qimirlatdi.