OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHusniya Pardayeva
Asar nomiMahrumiyat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Husniya Pardayeva
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm29KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/11/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mahrumiyat (hikoya)
Husniya Pardayeva

Ishdan qaytayotganimda tezroq uyimga yetib, farzandlarimni bagʻrimga bosgim keladi. Ularning begʻubor chehrasini koʻrishim bilan charchoqlarim tarqalib ketishini oʻylab, yuragim orziqadi.

Shu payt qarshimdan kelayotgan bir erkak e’tiborimni tortdi.
— Men baxtliman! Men dunyoda hammadan koʻra baxtliman! — dedi birdan erkak telbanamo kulib.

Miyamga u yutuqqa erishgandir yoki amaldor boʻlgandir, degan fikr urildi. Hayotdan mamnun kishilarni koʻrganda negadir odamning dili yayrab ketadi. Beixtiyor undagi his atrofdagilarga ham koʻchib, kishilarning yuzida tabassum jilvalanadi. Kimdir istehzoli, ba’zilar havaslanib, men kabilar hayratlanib qarab oʻtdik. Baxtiyor erkak mendan uzoqlashib borar, biroq uning tantavor ovozi qulogʻim ostida jaranglardi. Odam qachon oʻzini baxtiyor his etadi? Orzuidagi malakka uylanganidami, sevgi shiviridan yuraklar hapriqib, nigohlar toʻqnashganidami, farzandlari bagʻrida yayrab-kulganidami, muvaffaqiyatlarini qadrlashganidami yoki mansab pillapoyalaridan odimlaganidami? Xullas, har kim baxtni oʻzicha his etadi. Meni esa boyagi erkakning baxtiyorligi siri qiziqtirib qoʻygandi. Ayniqsa, baxtini baralla aytishi juda gʻalati...

Turmush tashvishlari bilan kundalik voqealarni unutib yuboraman. Toʻgʻri, ayrim ta’sirlantirgan hodisalar tez-tez xotiram sahifalarida varaqlanib, meni qayta nazar tashlashga undaydi. Biroq baxtiyor erkak toʻgʻrisidagi voqea allaqachon tubsiz xotiram qa’riga uloqtirildi.

Xizmat safari bilan chekka viloyatga borishimga toʻgʻri keldi. Bir necha kunga oilam, farzandlarimdan yiroqlashish oson boʻlmasa-da, yurak yutib yoʻlga otlandim. Samolyot oʻrindigʻiga oʻtirishim bilan yonimga kelib joylashgan yoʻlovchiga koʻz qirimni tashladim. Erkak kishi, tanish chehra. Uni qaerda koʻrganiykinman, degan lahzalik oʻy xayolot sandigʻimni titkilab oʻtdi. Yoʻq, eslayolmadim. Nihoyat, chiroyli styuardessa havoga koʻtarilayotganimizni e’lon qildi.

Yuragim shuvillab, koʻzimni chirt yumib oldim. Bolalagimdan tepalikka chiqishdan, yuqoridan pastga qarashdan qoʻrqaman. Shundanmi sira bolalarga oʻxshab, daraxtga chiqib, meva uzib yemaganman. Doim chaqqon ukam yoki singlimning «muruvvati»dan bahramand boʻlardim.
— Ie, samolyotga chiqishdan qoʻrqasizmi? — degan ovoz xayollarimni toʻzgʻitib yubordi.

Koʻzimni ochib, istamaygina yonimdagi erkakka javob qaytardim:
— Shunday...
— Unda nega samolyotga chiqdingiz? — soʻradi erkak qiziqsinib.

Notanish kishi bilan gaplashishni unchalik xushlamayman. Suhbat davomida bironta nooʻrin gap aytib yuborib, keyin mulzam boʻlishdan choʻchiyman. Shu bois doim oʻzimni nazoratda ushlashga, yonimdagilarga e’tibor bermaslikka intilaman. Savoli javobsiz qolgani erkak sukutimdan qoniqmadi chogʻi yana soʻradi:
— Sir boʻlmasa, qaerda ishlaysiz?
— Sir, — dedim qisqagina.
— Unda yaxshi, — davom etdi erkak, — men singillarimni koʻrgani ketyapman. Bir borib qishloqlarni koʻrib kelaylik, u yoqlarda ahvol qanday ekan?
— Surxondaryolikmisiz? — soʻradim istamaygina.
— Shunday. Hozir toshkentlik boʻlib ketganman, — dedi erkak kulimsirab, — asosiysi, sogʻ-salomatman, oilam, ishim bor. Men dunyodagi eng baxtli odamman!..

Yuragimga gʻalati his indi. Yalt etib oʻgirildim. Esladim, bir necha oy avval koʻchada uni koʻrgandim. Oʻshanda ham baxtliligini baralla aytib ketayotgandi. Ichki qiziqish undan barchasini soʻrab bilishni istardi. Lekin istiholadan tilim aylanmadi.
— E, hayot qiziq-da, — dedi erkak oʻziga oʻzi gapirinib, — koʻp umrimiz yoʻlda oʻtadi...
— Kechirasiz, — dedim qiziqishimni tizginlay olmay, — sizni avval ham koʻrgandim. Bir necha oy oldin koʻchada «Men baxtliman!» deb yurmaganmidingiz, mabodo?

Hozirgi tergashimdan erkakning jahli chiqib ketsa kerak deb yurak hovuchlab turuvdim, uning yuziga tabassum yugurib, koʻnglim xotirjam tortdi.
— Oʻshanda siz ham menga duch kelganmiingiz? — soʻradi u xiyol xijolat tortib, — haqitatan ham oʻsha men edim! Baxtiyorligimni boshqalar bilan baham koʻrgim kelgandi-da!
— Baham koʻrgingiz keluvdimi yoki baxtingizni koʻz-koʻzlaganmidingiz? — deb yubordim beixtiyor.

U menga gʻalati tikilib qoldi. Keyin esa savolimni magʻzini chaqdimi, oʻsha koʻtarinki alfozda javob qaytardi:
— Toʻgʻri, ayrim kishilar baxtini birovga koʻrsatishni istamaydi, koʻz tegishidan qoʻrqadi. Ba’zilar boʻlsa boshqalar atayin ichiqoralik qilmasin, deb baxtini yashiradi. Lekin men ajalning ogʻzidan qaytgan odamman! Hayotni, odamlarni, tabiatning ne’matlarini yaxshi koʻraman! Shunday ekan, nega baxtimni boshqalardan yashirishim kerak?!
— Ie, boya ajalning ogʻzidan qaytganman dedingizmi? Nima, oʻlib tirilganmisiz?
— Mahkum etilish nimaligini bilasizmi? Men oʻshanday mahkumlardan edim! Mabodo yozuvchi yoki jurnalist emasmisiz? — toʻsatdan fikri chalgʻib soʻradi erkak.
— Nimaydi?
— Tagʻin mening taqdirimni gazetadami, kitobdami yozib chiqarmang deyman-da. Aslida-ku, mening hayotimni oʻzi bir asar.

Erkakning gaplaridan qiziqishim battar ortardi. Qaniydi, tezroq gapira qolsa-yu, dardini toʻkib solsa derdim.
— E, odamning boshiga neki kelsa, taqdiridan deyishadi. Taqdir mening yelkamga shunday zalvorli yukni ortmoqladiki... Onam bolalagimda «sabr qilsang gʻoʻradan halvo bitar» degan gapni koʻp qaytarardi. Oʻsha paytlari holva bilan daraxtdagi gʻoʻraning oʻrtasida qanday bogʻliqlik bor, deb koʻp oʻylanar, lekin javobini topolmasdim. Yillar oʻtib, boshimga sinovlar doʻli yoqqanida barchasini tushunib yetdim. Onam rahmatli oʻzimniki deb meni xolamning qiziga uylantirib qoʻydi. Zubaydani oʻz singlimdek koʻrardim. Shu bois turmushimizning dastlabki yillarida unga koʻnikolmay, qiynaldim. Ikki yil yashaganimizdan keyin u farzand koʻrmayotganidan siqila boshladi. Men ham bolali boʻlishimizni istardim. Lekin yurak yutib, buni birovga aytolmasdim. Onam bilan xotinim esa goh otinga, goh shifokorga borishardi. Bu orada men ham shifokorga uchrashib, tekshiruvlardan oʻtdim.

Uchinchi yil ham oʻtdi. Bir kuni uyga qaytsam, xotinim yigʻlab oʻtiribdi. Sababini soʻrasam, yigʻisi battar kuchaydi.
— Nega menga uylandingiz oʻzi? Xolam kelin qilaman desayam, siz unga uylanmayman deyishingiz kerak edi, — dedi zorlanib.
— Nimaga unday deysan? — soʻradim qandaydir noxushlikni yuragim sezib.
— Doʻxtirlar endi foydasi yoʻq, deyishdi. Men bola tugʻolmas ekanman! Endi umringizni tugʻmas xotinni deb oʻtkazasizmi?
— Doʻxtirlar aytaverishadi, — dedim uni yupatishga urinib, — men aniq bilaman, sen ona boʻlasan! Ana onam ham aytyapti-ku, sabr qilsanglar, gʻoʻradan halvo bitar deb. Sabr qilaylik-chi, bir chorasi topilib qolar...

Xotinimga taskin beryapman-u, uning javdiragan nigohlariga qarayolmayman. Nazarimda bizning sira bolamiz boʻlmaydigandek, uni shunchaki yupayotgandekman...

Yozga yetmay, onam vafot etdi. Oʻlimi oldidan meni yoniga oʻtirgʻizib, Zubaydani sira tashlab ketmasligimni oʻtinib soʻradi.
— Farzandimiz boʻlmasa-chi? — soʻradim yurak yutib.
— Mening ruhimni hurmat qilsang, undan ajrashmaysan! — dedi onam xirillab.

Roziman, degandek bosh silkidim. Onamning koʻngli xotirjam tortib, koʻzini yumdi-yu, qayta ochmadi. Otam bolalagimda vafot etgan, uni eslayolmayman. Endi esa mehribonim onamdan ayrilganim men uchun ogʻir zarba boʻldi. Ikki singlim va ayolimga bosh boʻlib, roʻzgʻorning yukini yelkamga oldim. Ikki yil orasida singillarimni turmushga uzatdim. Qiz bola oilaning farishtasi deb bejizga aytishmas ekan. Singillarim uchirma boʻlishdi-yu, xonadonimiz fayzsiz, huvillab qolgandek boʻldi. Ayniqsa, bolasiz uy goʻriston kabi jim-jit boʻlar ekan. Kunduzi eru xortin oʻzimizni ish bilan chalgʻitamiz. Shom kirib, qorongʻilik oʻz hukmini oʻtkaza boshlaganida yuragimni gʻalati gʻashlik chulgʻab oladi. Eru xotin bir-birimizga qarayolmay, jim-jitlikda ovqatlanamiz. Keyin esa sukunatdan yuraklar tars yorilay deydi. Koʻzim televizorda-yu, xayolim olislarda. «Qachongacha shunday yashayman? Vaqti kelib, men ham olamdan oʻtsam, bu uy kimsasiz boʻlib qoladimi? Onamning chirogʻini men yoqyapman, menikini-chi? Oʻlimimdan besh-oʻn yil oʻtib, meni odamlar esidan ham chiqarib yuboradi...» degan alamli oʻylar yuragimni ezadi. Inson uchun uni unutib yuborishlarini oʻylashdan ortiq dahshatli iztirob boʻlmasa kerak. Bu oʻy avvaliga yuragingni, keyin aqlingni zabtiga oladi. Keyin esa oʻzingni bexosdan hozir ham yashamayotgandek his etib qolasan. Tirikligingga shubhang tugʻilib, qoʻrqa-pisa barmogʻingni tanangga yugurtirasan. Tanang sezib, tirikligingni shis qilganing zahotiyoq yuragingni quvonch egallaydi. Yashayotganinga shukr qilasan...
— Oʻrningizga yotmaysizmi? — deya ayolimning doimgi savoli meni oʻzga olamdan qaytardi.
— A?! — deya dovdiragancha oʻrnimdan qoʻzgʻalaman.

Oʻrnimga borib yotgunimcha oʻzimni uyqusi buzilgan odamdek tutaman-u, koʻzimni yumaman. Aslida yana oʻsha xayollarimni davom ettirishga kirishaman...
— Men ajrashmoqchiman! — dedi bir kuni ertalab nonushtadan keyin ayolim.
— Nima, esing joyidami? — dedim oʻzimni beparvo koʻrsatishga tirishib.
— Javobimni bering! Siz bilan yashashdan zerikdim! Har kuni bir xil hayot, ish, tashvish jonimga tegdi. Goʻristondek uyingiz meni yutib yuboray deydi. Xolamning hurmatini qilib, shu kungacha chidadim. Endi chidamayman, ketaman! — dedi Zubayda qat’iylik bilan.

Qarshimdagi ayolimni koʻrib, taxtadek qotib qoldim.
— Men ajrashmayman! — dedim onamga bergan va’dam esimga tushib.
— Sizga tegishimdan avval anavi sinfdoshim Arslonning menda koʻngli bor edi. Bir-ikki marta yoʻlimni toʻsib, unga tegishimni soʻrovdi. Men ham rozi boʻluvdim. Lekin onam bilan xolam sizga tegishimga majbur qilishdi. Taqdirimga la’nat aytib, turmushga chiquvdim. Olti oy oldin Arslonning xotini Mavluda shoʻrlik olamdan oʻtdi. Uch bolasi chirqillab qoldi. Tunov kuni onamnikidan qaytayotsam, Arslonni yana koʻrib qoldim. «Agar eringdan ajrashsang, senga uylanaman, bolalarimga onalik qilasan», dedi. Bir umr manavi hovlida soʻppayib oʻtgandan koʻra, oʻshaning bolalariga ona boʻlsammi deb oʻylab qoldim. Shuning uchun ham javobimni bering!

Vujudimda ilon oʻrmalagandek boʻlib, etim junjikib ketdi. Ichimdan quyilib kelgan gʻazabni tutib turolmadim:
— Sen hali meni xotinim boʻlaturib, beva erkaklarga va’da berib yuribsanmi? Menam seni onamning vasiyati uchun ushlab turuvdim. Aslida bir daqiqayam yashamoqchi emasdim. Javobingni bersam berdim, bor ket!..

Zubayda menga qarab, kulib yubordi. Uning xushxandon kulgisi battar gʻazabimni kuchaytirdi. Olti yildan beri yostiqdoshim boʻlgan ayol bugun qarshimda boshqa erkakni gapirib, ustimdan kulib oʻtirishi gʻashimga tegdi. Alam bilan oʻrnimdan turib, koʻchaga chiqib ketdim.

Kechqurun uyga qaytsam, jim-jitlik. Hatto hovlining chirogʻi ham yonmaganini koʻrib, yuragim shuvillab ketdi. Uyga kirsam, xotinim yoʻq. Ertalabki gapimdan achchiqlanib, onasinikiga ketgandir-da, deb oʻyladim. Uni olib kelishga gʻururim yoʻl bermadi. Ertalab oʻzi qaytib keladi, deb kuta boshladim. Eshik tiq etsa, oʻrnimdan turib, darvozaga yuguraman. Nazarimda Zubayda darvoza orqasida achchiqlanib turib qolgandek, chiqishimni kutayotgandek tuyuladi. Tong otguncha zoʻrgʻa chidadim. Ertalab ishga borishdan avval xotinimni uyga olib kelib qoʻymasam boʻlmasligini anglab, xolamnikiga bordim. Darvozani taqillatishim bilan pochcham chiqib keldi. Meni koʻrishi bilan qovogʻini solib, salomimga alik olmasdan uyga kirib ketdi. Birozdan keyin chiqqan xolamning yigʻlaganidan boʻlsa kerak koʻzlari qizarib ketgandi.
— Senga, opamga ishonib, qizimni beruvdim. Opamning tuprogʻi sovumasidan qizimni quvib solasan deb oʻylamagandim. Niyating nima oʻzi? Bolasiz yurganlar bir senlarmi? Ana, Nosir buvaning oʻgʻliyam yuribdi-ku, oʻn yildan beri befarzand boʻlib...
— Xola, men hech narsa qilmadim. Qizingizning oʻzi... — dedim qolganini aytolmay.
— Qizim-ku, ahmoqligiga borib, aytadiganini aytibdi. Lekin sen es-hushingni yigʻib olsang boʻlmaydimi? Arslon ham xotinini oʻlimini kutib oʻtirgan ekan-da. Men tirik ekanman, qizim ikki dunyodayam oʻshanga xotin boʻlmaydi... — dedi xolam yigʻlab.
— Xola, men Zubaydani olib ketgani keldim. Jahl ustida uyam, men ham gapirdim. Lekin unga ayting, uyga qaytsin, — dedim boshimni egib.

Eshik qarsillab ochilib, ichkaridan Zubayda chiqib keldi. U menga gʻazab bilan tikilib, gapirdi:
— Qanday yuzsiz, gʻurursiz odamsiz! Javobimni berib ham ortimdan kelishga uyalmadingizmi? Endi u uyga sira qaytmayman!
— Ogʻzingni yum! — dedi xolam qiziga oʻshqirib, — qiligʻingdan uyalsang boʻlardi.
— Ona, siz majburlab uzatganingiz uchun olti yildan beri azob chekyapman. Dugonalarim allaqachon bolalarini sunnat toʻy qilyapti. Men boʻlsa qishloqda «Zubayda tugʻmas» degan nomni orttirdim. Aybim nima axir?! Meniyam ona boʻlgim, bolalarimni bagʻrimga bosgim keladi. Oʻzimni peshonamga bitmagan ekan, oʻsha uch yetimga onalik qilsam nimasi yomon? Qaytaga jiyaningizniyam yoʻlini ochaman. Boshqaga uylanib, bola-chaqali boʻlib ketadi!..
— Gapingni yel olsin, — dedi xolam xoʻrsinib, — senlarni taqdiring shunday boʻlishini tush koʻribmizmi? Opam rahmatliniyam ruhini bezovta qildilaring!..

Men xotinimni qaytarish uchun har gapni aytib koʻrdim. Lekin Zubayda aytganida turib oldi. Arslonning oldiga borib, barchasini oydinlashtirmoqchi boʻldim.
— Sen xotining bilan ajrashmasang, men nimayam qila olardim? Peshonamga Zubayda bitmagan boʻlsa, boshqasi topilib qolar, — dedi u xotirjamlik bilan traktoridan tushmay.

Yuragim junbushga keldi. Arslonni traktoridan sudrab tushib, tilka-porasini chiqaray dedim-u, tagʻin shaytonga hay berdim.

Bu qishloqda ortiq bir daqiqayam yashagim kelmay qoldi. Befarzandlikdan siqilib yurganim kamdek xotinimning bu qiligʻi meni adoi tamom qilayozdi. Boshimni koʻtarib, darvozadan chiqishga, odamlarga koʻrinishga yuzim chidamaydi. Nazarimda hamma bu sirdan voqif boʻlgan-u, mening ustimdan kulayotgandek tuyulaveradi. Oʻsha kechadayoq bir toʻxtamga kelib, qishloqdan chiqib ketdim. Qishlogʻimiz poytaxtga yaqin joylashgani uchun ishga qatnab ishlardim. Endi tamoman poytaxtga qaytdim.

Ishxonam yaqinidan bir xonali uyni ijaraga oldim. Men yashaydigan hovli bir kampirga tegishli boʻlib, u bilan birga oilasi buzilgan qizi va nevarasi ham birga yashardi. Kampir oʻta mehribon, ertalab nonushtada meni qaymoq bilan siylar, kechqurun ishdan qaytganimda mazali ovqatlar tayyorlab berardi. Uuning mehribonligi, dilkashligini onamga oʻxshatganimdan bu uydan sira ketgim kelmasdi.

Bir necha hafta yashaganimdan keyin bir kuni kampir menga boshqa ijara uy topishimni aytib qoldi.
— Mendan biron xatolik oʻtdimi? — soʻradim ovozim titrab.
— Yoʻq, bolam, siz hech qanday xato ish qilmadingiz. Lekin odamlar oyogʻi bilan emas, tili bilan yuradi-da. Oʻzingizga ma’lum, qizimning oilasi buzilgan. Nevaram koʻzimning oqu qorasi. Shu ikkovini deb yashab yuribman-da. Biroq odamlar sizni ijaraga qoʻyganimni, qizim bilan bir eshikdan kirib chiqayotganingizni toʻgʻri tushunmagan shekilli, gap-soʻzni koʻpaytirishyapti. Shunga sizniyam, qizimniyam nomiga dogʻ tushmasin deyman...
— Xola, kechirasiz-u, qizingizni nega turmushi buzilgan? — soʻradim ilk bor yuzimni qattiq qilib.
— E, buning tarixi uzun. Qiz va yigitni boʻyi boʻyiga teng boʻlgani bilan koʻngli tenglashmasa qiyin ekan. Kuyovim yomon yigit emasdi. Lekin qizim ikkovi sira bir-birini tushunolmadi. Axiyri, ajrashib ketishdi.
— Xola, agar rozi boʻlsangiz, men qizingizga uylanaman. Mening ham oilam buzilgan. Olti yil mobaynida ayolim bilan yashab, farzandli boʻlolmadik. Endi buyogʻiga nevarangizga mehr beraman, koʻnglingizni toʻq qiling, — deb yuborganimni bilmay qoldim.

Xola mendan bu gapni kutmaganmi, yuzimga angrayib tikilib qoldi.
— Bilmasam, qizim nima derkin, — dedi nihoyat, oʻzini oʻnglab.

Xolani kuzatib qoʻydim-u, nima deb yuborganimni oʻyladim. Shu paytgacha xolaning qiziga bir ogʻiz ham gapirmagandim. Unga uylanish fikri qanday xayolimga keldi, oʻzim ham hayronman. Balki xolaning mehribonligi, kuyunchakligidan yuragim boʻshashib, unikidan ketishni istamaganimdan shunday deb yuborgandirman...

Uch kun oʻtdi. Bu vaqt ichida xola va qizining koʻziga koʻrinishga yuzim chidamay, kallai sahardan ishga otlanib, yarim tunda qaytdim. Nihoyat, odam taqdiridan qochmasdan barchasini oqilona hal etishi kerakligini tushundim. Kechqurun ishdan barvaqt qaytib, xolaning yoniga oʻtirdim.
— Xola, qizingiz bilan gaplashdingizmi? Mening gaplarimni aytdingizmi? — soʻradim arang.

Xola indamadi.
— Xola mening qarorim qat’iy. Taqdiridan tinmagan inson bir umr suqqabosh, baxtsiz boʻlishi kerak emas-ku. Men oilali boʻlishni istayman. Qizingizni bersangiz uni ham baxtli qilishga harakat qilaman!
— Bolam, siz ham menga oʻz oʻgʻlimdek boʻlib qoldingiz. Sutdan ogʻzi kuygan qatiqni ham puflab ichadi, deyishadi. Qizim ham hozir qayta turmush qurishdan choʻchiyapti. Ikkinchi marta aldanmay deyayotgandir-da...

Kechqurun kampirning roziligini olib, qizi bilan gaplashdim. Hayotxon juda bosiq, oʻylovli juvon ekan. Uning oʻzini tutishi, gap-soʻzlari menga ma’qul kelib, unga uylanish fikrim qat’iylashdi.

Ertasigayoq domla chaqirtirib, nikoh oʻqittirdim. Kampirning sevinchi ichiga sigʻmaydi. Ayniqsa, Hayotxonning oʻgʻli Mirodil «dada»lab meni holi-jonimga qoʻymaydi. Garchi oʻzganing pushtikamari boʻlsa-da, bolaning bagʻringga suqilishi, mehr bilan talpinishi kishida ta’riflab boʻlmas hayajon qoʻzgʻar ekan. Yuragim bunday hapriqishlardan yorilib ketmasaydi deb qoʻrqardim...

Biroq oy va quyosh oʻrin almashganidek baxt va baxtsizlik ham yonma yon yurar ekan. Bir kuni ishlayotib, oshqozonimdagi qattiq ogʻriqdan dodlab yuborayozdim. Hamkasabamning tavsiyasi bilan ogʻriq qoldiruvchi dori ichdim.

Kechqurun uyga qaytib, endi ovqatlanishni boshlagandim, yana oʻsha ogʻriq zabtiga oldi. Yuragim behuzur boʻlib, madorsizlanib ketgan boʻlsam-da, oilamdagilarning oldida buni sezdirmaslikka tirishdim.

Bir necha kun shu holat davom etdi. Bir kuni xotinim meni ozib ketayotganligimni aytib, sogʻligimni soʻradi. Yuragim uvishib ketdi. Koʻzguga qaradim-u, haqiqatan ham ancha oriqlab ketganligimni payqadim. Oʻsha kuniyoq shifokorga uchrashdim. Tekshiruvdan keyin shifokor tahlil natijalari ertaga tayyor boʻlishini aytdi. Qalbim noshuxlikni sezgandek boʻlaverdi. Oʻzimni qoʻlga olib, uyga qaytdim. Tuni bilan uxlayolmadim. Tushimga qoʻrqinchli, gʻalati hodisalar kirib chiqdi. Hayotxon bilan Mirodilning mendan achchiqlanib, uzoqlashayotgani, men esa ularni olib qolish uchun ortidan chopayotganimmi-ey... Xullas, quyosh chiqmasidan uygʻonib, hovlidagi gullarni sugʻordim. Turfa xil gullarga qarab, koʻnglim yorishdi.

Ishdan keyin shifokorning oldiga oʻtmoqchi edim, tushlikda oʻzi qoʻngʻiroq qilib qoldi.
— Tahlil natijalaringiz chiqibdi, bir kelib ketasizmi? — dedi tanish shifokor sirli qilib.

Yuragimdagi gʻashlik iloni yana bosh koʻtargandek boʻldi. Ishxonadan toʻgʻri kasalxonaga bordim.
— Siz bugundan qoldirmasdan onkologik kasalliklar shifoxonasiga borib, tahlil topshiring. Oshqozoningizdagi yara shunchaki yara emasga oʻxshaydi, — dedi shifokor koʻzimga qaramay.
— Nima, siz oshqozoning saratonga chalingan deyapsizmi?! — dedim-u, butun vujudimdan sovuq ter chiqib ketdi. Hatto tilim ham muzlab qolgandek boʻldi.
— Bu aniq tashxis emas! Saraton kasalligi tashxisini onkolog shifokor qoʻyadi. Siz avval, men aytgandek qiling, keyin hammasi yaxshi boʻlib ketadi! — dedi shifokor menga achingandek tikilib.

Boyagi tanamdagi ter oʻrnini endi alamzadalik egalladi. «Nega aynan menda? Endi men oʻlamanmi?!» degan oʻy yuragimni ilma-teshik qilayozdi.

Shifoxonadan chiqib, uyga qaytdim. Avtobusdan bir bekat avval tushib qoldim. Odamzodning taabiati qiziq-da. Boshingga tashvish tushsa, yolgʻiz qolishni istaysan! Shu bilan birga koʻnglingga bir taskin axtarasan. Oʻsha taskinni kim berishini oʻylab, atrofdagilarga alanglaysan. Men ham ruhim yolgʻizlikni, qalbim esa taskinni istab, yoʻlakdan uyim tomon ketib borardim. Qaniydi, shu yoʻlak hech qachon tugamasa. Jondan aziz yaqinlarimning oldiga bu shumxabarni qanday ortmoqlab boraman? Ularga buni qanday aytaman?..

Xayollar bilan uyimga yetib kelganimni sezmay qolibman.
— Dadasi, nega bugun kech qoldingiz? Kutaverib, koʻzim teshildi-ku, — deya darvozadan qarshiladi xotinim, — oshniyam suzmay oʻtiribmiz.

Uning samimiy yuziga qarab, alamim ziyoda boʻldi.
— Bugun osh erkanmiz-da, — dedim oʻzimni xotirjam tutishga urinib.
— Sababi bor. Bilasiz-u, men besabab, sizdan beruxsat biron ovqat tayyorlamayman. Lekin bugun gunohimdan oʻtasiz, shahzodam!
— Nima gap, tinchlikmi?
— Avval, suyunchisini bering. Keyin aytaman, — dedi xotinim ayyorona kulib.

Maoshiga biron kattaroq buyum sotib olgandir-da, degan oʻyda mamnuniyat bilan bosh irgʻadim.
— Buni hali oyimga ham aytolmadim. Birinchi boʻlib, sizdan suyunchini olay dedim-da. Xudo xohlasa, yaqinda siz ota, Mirodil aka boʻladi! Endi suyunchisini berasizmi?! — deya kaftini tutib, jilmayib turgan Hayotxon koʻzimga olovdek koʻrinib ketdi.
— Rostdanmi? — soʻradim koʻzimdan oʻt chaqnab, — aldamayapsanmi?
— Voy, bu kishini, — deya erkalanib davom etdi ayolim, — shunday gap ham aldab aytilarkanmi? Yo siz ota boʻlishingizdan xafamisiz?
— Yoʻq-e, nega xafa boʻlay?! — deya kalovlandim.
— Bir necha kundan beri boshim aylanib, koʻnglim aynib yuruvdi. Homiladorligimni sezgan boʻlsam-da, shifokorga uchrashmasdan sizga aytishni lozim topmadim. Mana bugun oydinlashdi. Homilani

ikki oylik deyishdi. Yetti oydan keyin bolangizni bagʻringizga bosasiz!..

Hayajondan quloqlarim bitib qolgandek edi. Ota boʻlish! Axir bu gapni eshitishni, bolali boʻlishni qanchalik kutgandim!.. Shu payt shifokorning gaplari yodimga tushib, osmondan yerga qulagandek boʻldim.
— Sizga nima boʻldi? Nega rangingiz oqarib ketdi? — ayolimning tashvishli soʻrogʻidan oʻzimga keldim.
— Hech nima boʻlmadi, — dedim jilmayishga urinib.

Hayotxon menga ishonqiramagandek tikilib turganini koʻrib, qoʻshimcha qildim:
— Sevinganimdan boʻlsa kerak. Axir bolam boʻlishini qanchalik kutuvdim?!
— Shuning uchun ham suyunchining zoʻrini olib berasiz. Arzongarov buyumlarga uchadigan ahmoq yoʻq! — dedi ayolim kulgiga olib.

Bu damlardan qanday voz kechish mumkin? Dunyodagi eng quvonchli xushxabarni eshitib tursang, yoningda ayoling baxtdan kulib tursa... Shu damda oʻlgim kelmay, yuragim siqildi. Yashashim, hech qursa bolamni koʻrib qolishim kerakligini oʻylab ketdim...

Kunlar oylarga ulandi. Har gal shifokorning gapi esimga tushib, onkolog shifokorga uchrashim kerakligini oʻylasam, koʻzimga dunyo tor koʻrinib ketadi. Goʻyo xavfli oʻsma kasalliklari shifokoriga uchrab, oʻzimni oʻlimga mahkum etayotgandek his qilib ketaman. Biroz boʻlsa-da, bu uchrashuvni ortga surib, umrimni uzaytirgim keladi...

Hayotxonning homilasi kattalashib, yuziga dogʻ tushib qoldi. Uning vujudida kun sayin ulgʻayayotgan farzandimni oʻylasam, yashash ishtiyoqim ajalni tan olishni istamay, gʻalayon koʻtaradi. Men yashashim kerak, deb har kuni oʻzimga ming marta aytaman!

Homila yetti oylik boʻlganida ayolim farzandimizning jinsini aniqlab keldi. Oʻgʻil bola ekan! Bu xabarni eshitganimda qay ahvolga tushganimni tasvirlab berolmayman! Bir paytlar men hayotdan izsiz oʻtib ketyapman, oʻlimimdan keyin meni unutib yuborishadi, degan alamli iztiroblarim shu birgina xushxabarning oldida havoga uchirilgan shardek yorilib ketdi. Qalbimda endi avvalgidanda kuchliroq umid, istak paydo boʻldi. Endi bejiz yashamaganimni anglab, koʻnglim xotirjam tortsa, bolamni oʻz koʻzim bilan koʻrish, uni bagʻrimga bosish istagi ustunlik qilib, umid uchqunimni alangalatardi.

Baxtdan sarmast kunimda ogʻriq yana zabtiga oldi. Ishga ketayotib, ogʻriqdan bukchayib qoldim. Bu ahvolda uyga qaytsam, xotinimni choʻchitib yuborishimni oʻylab, noiloj shifoxonaga bordim. Shifokor tekshiruv oʻtkazib, tahlil olishga yubordi. Bir necha soatdan keyin tahlil natijalari chiqdi. Oshqozonimdagi yara xavfli oʻsma kasalligi ekan.
— Doʻxtir, men yashaymanmi? Yana qancha umrim qoldi, faqat toʻgʻrisini ayting? — soʻradim zoʻrgʻa yutinib.
— Oʻzingizni qoʻlga oling. Xavfli oʻsma kasalligi bu...
— Doʻxtir, — deya uni gapirtirgani qoʻymadim, — xotinim homilador. Ikki oydan keyin oʻgʻlim tugʻiladi. Uni koʻrishni istayman. Oʻz qoʻlim bilan koʻtarib, bagʻrimga bosa olamanmi?!
— Siz davolanishingiz kerak. Jarrohlik amaliyotida oʻsmani olib tashlaymiz...

Shifokorning gapi «Sen ajaldan qoʻrqyapsanmi?» degandek eshitilib, damim ichimga tushib ketdi. Majolsizlanib oʻtirib qoldim.

Oʻsha kuni uyimga qaytib, xotinimga meni xizmat safariga yuborishayotganini aytdim.
— Sizni sira safarga joʻnatishmasdi-ku, — deya Hayotxon hayron boʻlib.
— Lavozimimni koʻtarishmoqchidir-da. Odamlarning ichida yurib, tajribasi ortsin, keyin biz tayinlagan lavozimda bemalol ishlaydi deyishayotgandir-da, — dedim yolgʻonlab.

Xotinim tuni bilan safarga kerakli barcha narsani sumkamga joyladi. Ertalab oʻgʻlim bilan xayrlashib, yoʻlga otlandim. Darvozadan chiqyapman-u, ortimdan termilib qolgan mushtipar qaynonam, mehribon Mirodilim, fazilatlari beqiyos ayolimni tashlab ketishga koʻzim qiymaydi. Ularni yana koʻramanmi yoki yoʻqmi, degan savol yuragimni qiymalaydi...

Shifoxonada yotib, davolana boshladim. Yaqinlarim yonimda-yu, ulardan yashirinib, uzzu kun shifoxona shiftiga termilib yotishdan alamliroq manzara boʻlmasa kerak dunyoda. Men ana shu manzaraning mahkumi edim. Har bir kun, har daqiqa asrdek choʻzilib ketgandek goʻyo. Ba’zida hafta kunlarini unutib qoʻygandek boʻlib, farzandim tugʻildimikin, deb oʻylab qolaman.

Ertaga jarrohlik amaliyoti oʻtkaziladigan kuni tuni bilan uxlayolmadim. Bir koʻnglim xotinimni chaqirib, oʻgʻlimni, yaqinlarimni koʻrib qolishni istasa, bir xayolim uning homiladorligini, mening kasalimni eshitib, azoblanishi, farzandimga ziyon yetishini oʻylab, oʻzimni tiyaman.

Jarrohlik xonasiga kirib ketayotganimda xayolimda faqat bitta oʻy — otalikdan mahrum etilayotganim alami charx urardi. Bu mahrumiyat qaysi aybim evaziga berilayotganini, orzularim bu yoʻlda qurbon boʻlganini oʻylasam... Farzandsiz umr orzu-maqsadsiz yashash demakdir. Men esa orzuyimga yaqin qolganimda oyogʻim sirpanib tubsizlik qa’riga shoʻngʻib boryapman...

Koʻzimni ochganimda tepamda shifokor kulimsirab turardi.
— Juda uyquchi ekansiz-u. Shu kungacha sizdek uyquchi bemorni uchratmovdim, — dedi u.
— Men tirikmanmi?!
— Albatta, tiriksiz! Axir oʻzingiz yashashim, tugʻilajak bolamni koʻrishim kerak, devdingiz-ku. Biz shu iltimosingizni bajarishga harakat qildik.

Shu damda koʻzimga shifokor dunyodagi eng yaxshi inson boʻlib koʻrinib ketdi. Uni bagʻrimga bosib, tashakkur bildirgim keldi.

Jarrohlik amalidan keyin uydagilarni chaqirtirdim. Qaynonam shoʻrlik halloslab yugurib keldi. U kishi haqiqatan ham onamdek mehribonlik qilib, tepamdan ketmadi. Uyga qaytib, ayolim va oʻgʻlimni koʻrib, shukrona keltirdim. Shifoxonada bir necha marta davolanib chiqdim. Ayolimning koʻzi yoriyotgan kuni shifoxonadan chiqdim. Uni tugʻruqxonaga oʻzim olib bordim. Farzandim tugʻilganida shifokordan iltimos qilib, uning oldiga kirdim. Bemajol yotgan ayolimni qoʻlidan siqqancha minnatdorchiligimni bildirib, bolamni bagʻrimga bosdim. Uning muattar isini tuyub, tortgan barcha azoblarimni unutib yubordim.

Keyin esa koʻchaga chiqib, «Men baxtli odamman!» deb jar soldim. Menimcha, siz ham meni oʻshanda koʻrgan boʻlsangiz kerak.
— Hozir ahvolingiz yaxshimi? — soʻradim hayajon bilan.
— Judayam yaxshiman! Shukr, dunyodagi eng mehribon ayolim, ikki oʻgʻlim bor. Ularning borligi meni yashashga undaydi!
— Bolangizni tugʻilishi sizga umid berganga oʻxshaydi!
— Ertalab uygʻonib, nafas olayotganimga, oyoq-qoʻlim harakatlanayotganiga ishonch hosil qilib, yashayotganimga shukrona keltiraman! Biz doim ham atrofimizdagi ne’matlarning qadriga yetavermaymiz. Lekin mahrumiyatni his etganingda hammasi koʻzingga boshqacha boʻlib koʻrinarkan. Men yashashdan, otalikdan, oila boshligʻiligidan mahrum boʻlmaganimdan baxtiyorman!..
— Hurmatli yoʻlovchilar! Surxondaryo viloyatiga xush kelibsiz! Marhamat, samolyotdan tushishingiz mumkin. Oq yoʻl! — dedi styuardessa tabassum bilan salonga kirib.

Xayollarimiz kaptardek oshiqayotgan manzillarimiz tomon uchdi. Hamrohim bilan xayrlasharkanman, uning taqdirini albatta, asar qilib yozishimni aytdim. U esa mamnuniyat bilan bosh irgʻagancha jilmayib qoʻydi.