OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHusniya Pardayeva
Asar nomiNajot farishtalarining sabogʻi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Husniya Pardayeva
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/07/10
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Najot farishtalarining sabogʻi (hikoya)
Husniya Pardayeva

Xayrullaning kechasi koʻrgan tushidan yuragi gʻashlandi. Singlisi ikkisining bolaligi emish. Uning qoʻllari doka bilan bogʻlab qoʻyilgan, oʻzi esa tinmay «akajon, qoʻllarimni kesishmoqchi, rozi boʻlmang» deb zorlanarmish. Koʻrgan tushidan tashvishlanib, kuyovining qoʻl telefoniga qoʻngʻiroq qilib koʻrdi. Kuyovidan «Yaxshi yuribmiz, shukr, « degan javobni eshitganidan keyin koʻngli biroz tinchlangandek boʻldi. Ishxonasiga otlanib, endi ostona hatlagandi hamki otasi qoʻngʻiroq qildi. Salom-alikni ham tuzukroq qilmagan otasining avzoyi buzuqligi ovozidan sezilib turardi.
— Xayrulla shu bugunoq uyga yetib kel. Onangni mazasi boʻlmayapti, oʻzing tekshirib qoʻy, — dedi otasi darrov maqsadga koʻchib.
— Doʻxtirlarga olib bordingizmi? — soʻradi Xayrulla ishlari tigʻizligini oʻylab.
— Oʻzing kel dedim-ku, — dedi otasi zarda bilan, — shu buguning oʻzidayoq yetib kel.

Xayrulla otasini juda yaxshi biladi. Jahli chiqsa, unga ming gapir, baribir eshitmaydi. Shuning uchun Xayrulla qishloqqa borishga majburligini angladi. Ishxonasiga qoʻngʻiroq qilib, borolmasligini tayinladi. Keyin uyga qaytib kirib, yoʻlga otlandi. U oʻtirgan mashina shomga yaqin shaharga yetib keldi. Xayrulla yoʻl-yoʻlakay singlisini koʻrib oʻtmoqchi boʻldi-yu, biroq otasining ertalabki tajangligi esiga tushib, fikridan qaytdi.
— Kelishing buncha qiyin boʻldi? Kelmaysanmi deb dilim xufton boʻlib oʻtiruvdim, — dedi otasi uni qarshi olib.

Xayrulla otasi bilan soʻrashib, ichkariga kirdi. Onasi yotgan xonaga kirib borishi bilan ayolning hoʻngrab yigʻlagani eshitildi:
— Shu kunlar ham boshimda bormidi? Men nima yomonlik qiluvdim-ki, qoʻlimni kesishadi?!
— Boʻlmagʻur gaplarni gapirma. Mana Xayrullani oʻzi keldi, endi sogʻaytiradi, — dedi otasi ishonch bilan.

Xayrulla ayolning yoniga choʻkkaladi. Uning qoʻllarini koʻzdan kechirib, gʻalati qarash bilan otasiga tikildi:
— Nega bunday boʻldi? Qachon boʻldi oʻzi?
— Uch-toʻrt kun oldin qoʻlim ogʻridi deganday boʻluvdi. Bugun doʻxtirga borsa, «kesish kerak, boʻlmasa, suyakka oʻtadi» debdi. Endi bir yara-chaqa chiqsayam, qoʻlni kesib tashlayversa, xayf-e, — dedi otasi asabiylashib.

Ayolning yigʻisi xonani tutdi.
— Boʻldi qilsangchi, shu yigʻingni. Mana oʻgʻlingni oʻzi sogʻaytiradi dedim-ku... — dedi otaning zardasi qaynab.
— Buningiz ham sogʻaytirmaydi. Qaytaga bunday ahvolimni koʻrib, battar boʻl, deydi. Menga hech kimning rahmi kelmaydi!.. — dedi ayol erining yupatishidan toʻlib.

Xayrulla xoʻrsinib qoʻydi. U ayolning qoʻllarini yana bir bor sinchkovlik bilan koʻzdan kechirib, otasiga yuzlandi:
— Haqiqatan ham kasallik jiddiyga oʻxshaydi. Bu siz aytayotgan oddiy yara emas. Poytaxt kasalxonasiga olib borish kerak.
—Men seni nimaga chaqirtirdimoʻ Oʻgʻlim doʻxtir, shahardagi kattakon kasalxonada ishlaydi, deb kerilib yuraman-u, sen boʻlsang oddiy bir yaraga vahima qilib oʻtiribsan. Uddasidan chiqsang, oʻsha shaharlik doʻxtirlaring qiladigan ishlarni shu yerda qilsang ham boʻladi-ku... — dedi otasi zardali ohangda.

Xayrulla indamay oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Bu xonadagi muhit, tajanglik uning yuragini siqa boshlagandi. Hovliga chiqib, yengil nafas oldi. Fayzsiz hovli, tashqi koʻrinishi anchagina uniqib qolgan uy koʻziga keksaygan otasiga oʻxshab koʻrindi. Hozirgina dilini yayratgan toza havo endi yuragiga gʻashlik soldi. Bu uyga oxirgi marotaba kelganiga ham besh-olti yildan oshgani esiga tushdi. Eslashni istamasa ham oʻtmishdagi alamli xotiralar qora quyundek koʻz oldida paydo boʻldi.

Xayrulla onasi olamdan oʻtganida endigina beshinchi sinfni tamomlagandi. Singlisi esa hali maktabga chiqmagan, besh-olti yoshlardagi qizcha edi. Xayrullaning garchi es-hushi kirib qolgan boʻlsa-da, onasizlik alamini uyga oʻgay ona kelganida bildi. Otasi xotinining ma’rakalarini oʻtkazib, boshqa ayolga uylandi. Qosh-koʻzlardan oʻsma-surmasi arimaydigan oʻgay ona avvaliga bolalarga yaxshi muomalada boʻldi. Ertalab sigirni sogʻar, maktabga otlangan Xayrullaga issiqqina shirchoy pishirib berardi. Maktabdan qaytganidan keyin ham tushlikda pishirilgan ovqatdan unga ilinib olib qoʻyardi. Biroq singlisi Azizaga oʻgay ona bunchalik mehr-oqibat koʻrsatmasdi. Boʻyi bir qarich boʻlgan Aziza kallai sahardan uygʻonib hovlini supurishga tushar, kun boʻyi ayolning buyruqlarini bajarib, tinim bilmasdi.

Bir kuni Xayrulla maktabdan qaytganida uyda singlisi yoʻqligini koʻrdi. Onasidan soʻragandi, «bilmasam, u darbadaring uyda oʻtirarmidi. Koʻcha-kuyda oʻynab yurgandir-da» degan javobni oldi. Mollarga qarab, singlisini kechgacha kutdi. Nihoyat, shomdan oʻtib, Aziza kirib keldi. Darvozadan kirishi bilan onasi uning oldiga borib, nimalardir deb pichirladi. Keyin uning qoʻlidan nimanidir oldi-da, ichkariga kirib ketdi. Xayrulla singlisidan kun boʻyi qaerda yurganini soʻradi.
— Dugonalarim bilan oʻynagani ketuvdim, — dedi Aziza past ovozda.

Xayrulla indamadi. Lekin otasi uni koʻcha-koʻyda darbadar yurganligi uchun rosa urishdi. Aziza yigʻlab, chiqib ketdi.

Ertasiga ham maktabdan qaytgan Xayrulla yana Azizani uyda yoʻqligini koʻrdi. Oʻgay onasi qargʻanib, roʻzgʻor yumushlarini bajarardi. Uyda shuncha ish turib, singlisining dugonalarinikiga ketishi Xayrullani jahlini chiqardi.
— Aziza qaysi dugonasinikiga ketganini aytmadimi? Hoziroq borib olib kelaman, — dedi biroz jahli chiqib Xayrulla.
— Qoʻyaver, hali goʻdak, oʻynayversin. Bir roʻzgʻorning ishidan oʻlib qolmayman, — dedi onasi uni shashtidan qaytarishga urinib, — undan koʻra sen ishlaringni tugat.

Aziza bugun tunov kundagidan vaqtliroq qaytdi. Akasining «kimnikida eding?» deya qistovga olishiga, yigʻlab javob qaytardi. Singlisining yigʻisi Xayrullaning koʻnglini yumshatib yubordi. Koʻz oldiga onasi vafot etgan kuni Azizaning izillab yigʻlagani keldi-yu, uni qayta qistovga olmadi.

Uchinchi kuni ertalab Xayrulla maktabga otlangandi. Darvoza oldiga yetgan Xayrullaning orqasidan singlisi yetib oldi.
— Aka, meniyam oʻzingiz bilan maktabga olib boring. Iltimos, meni tashlab ketmang! — dedi zorlanib.
— Ustozim urishadi. Undan keyin sen hali kichkinasan, maktabga kiritishmaydi, — dedi Xayrulla ketishga chogʻlanib.
— Aka, iltimos, olib keting. Machitning oldiga borib, sadaqa soʻragim kelmaydi, — dedi Aziza piqillab.
— Sen nimaga sadaqa soʻraysan, gadoy emassan-ku, — dedi Xayrulla achchiqlanib.
— Aka, anavi ayam meni sadaqa soʻrashga chiqarib yuboradi. Har kuni ertalabdan kechgacha machitning oldida oʻtirib, sadaqa bering deb odamlarga qoʻlimni uzataman. Keyin olib kelgan pullarimni unga beraman...

Aziza gapini tugatmagandi hamki, ichkaridan chiqib kelgan ayolning boʻgʻiq ovozi eshitildi:
— Hoy, sen nimaga maktabinga bormayapsan? Bu senga nimalar deyapti?
— Men... hech narsa deganim yoʻq. Akamga aytganim yoʻq, — deb Aziza qoʻrquv bilan yigʻlab yubordi.
—Nimaga bu machitning oldiga borib, sadaqa soʻrayapti? Buni unga siz aytdingizmi? — soʻradi Xayrulla jahl bilan.
— Hoy tirrancha, nimaga menga oʻshqirasan? Manavi yetimchang senga shunday dedimi hali? Bugundan boshlab sen ham maktabga bormasdan gadoylik qilasan, eshitdingmi? Ustingdagi manavi kiyimlarni kiyish, yangisini olish, yeb-ichishlaring uchun sadaqa soʻraysanlar. Boʻlmasa, ikkovingni ham oʻldiraman!..— deya ayol Azizani siltab tashladi.

Xayrulla unga tashlanmoqchi, alamini olmoqchi edi, oʻgay onaning baquvvat qoʻllari uning boʻynidan omburdek mahkam siqdi:
— Agar otangga yoki bironta qarindoshinga aytgudek boʻlsalaring, ikkovingni ham yoqib yuboraman!..

Tomogʻidagi qoʻldan Xayrullaning nafasi ichiga qaytib, tipirchiladi. U onasining buyrugʻi bilan singlisini olib, koʻchaga chiqdi. Aziza uni har kuni sadaqa soʻraydigan machitning oldiga olib bordi.
— Menga rahmingiz kelsin, onam oʻlgan, yetimman, desangiz pul berishadi,— dedi Aziza akasiga.

Xayrulla bu holatga sira koʻnikolmayotgandi. Yonida sadaqa soʻrab, qoʻl choʻzgan singlisining oʻtinchli ovozi, oʻtgan-ketganlarning ularga gʻalati qarab turishlari ham uni e’tiborini tortolmas, bir nuqtaga tikilib, miq etmay oʻtirardi.

Vaqt peshindan oʻtdi. Masjiddan chiqib kelayotgan kishilarga qarab qoʻllarini choʻzgan Aziza zorlanib yigʻlardi.
— Qizim, nimaga yigʻlayapsan? Shunchalik ahvollaring ogʻirmi? Bu yigitcha akangmi? — deya ularning qarshisida toʻxtagan kishi Azizani savolga tutdi.
— Amaki, sadaqa qiling! Oyimiz oʻlgan, kiyim olishga pul topishimiz kerak! — dedi Aziza yigʻlashda davom etib.
— Yigitcha singlingni gaplari rostmi? Otang bormi? — dedi kishi Xayrullaga yuzlanib.
— Dadam borla, ishda. Lekin dadam bitta xotinga uylangan. U bizni ayamiz. Dadangni ishlab topgani senlarni kiyinishlaringa yetmaydi, pulni oʻzlaring topinglar, dedi, — deya boshini yanada qoʻyi egib oldi Xayrulla.
— Shunday denglar, — dedi salmoqlanib kishi va Xayrullaga savol berdi, — sen maktabga bormaysanmi?
— Oltinchi sinfda oʻqiyman, — dedi Xayrulla xoʻrsinib, — endi maktabga bormayman. Ayam ruxsat bermaydi.
— Yoʻq, sen maktabga borishni davom ettir. Faqat buni oʻsha ayang bilmasin. Sizlarga oʻzim yordam beraman!
— Dadamga hammasini aytib berasizmi? Oʻsha xotin bizni sadaqa soʻrashga yuborganini aytasizmi? — deya koʻzlariga quvonch ingan Aziza keyin birdan xomush tortdi, — lekin ayam buni dadang bilmasin, boʻlmasa, sizlarni oʻldiraman degan.
— Yoʻq, dadanga aytmaymiz. Haqiqatan ham dadangga aytsak, oʻsha ayol sizlarga ziyon yetkazishi mumkin. Mayli, u ayol dadangizni xotini boʻlib yashayversin. Oʻzim sizlardan yordamimni ayamayman. Har kuni ertalab kelganlaringizda sizlarga bir kunlik pulni beraman. Sizlar esa hech kimdan sadaqa soʻramaysizlar va pulni men berayotganimni ham aytmaysizlar. Sen esa oʻgʻlim maktabinga qatnayver. Yaxshi baholarga oʻqisang, ziyoli, hurmatli odam boʻlib yetishasan.
— Rostdanmi? Siz bizga pul berasizmi? Buning uchun biz nima ish qilishimiz kerak? — soʻradi Xayrulla ishonqiramay.
— Rostdan, pulni beraman. Sizlar esa buning uchun yaxshi oʻqishingiz kerak, —deb kishi choʻntagidan pul chiqardi. Uni Xayrullaning kaftiga qoʻyib, endi uyga qaytishlarini, maktabga borishini tayinladi.

Aziza uyga qaytishayotganida ham notanish kishi bergan pullar toʻgʻrisida akasidan qayta-qayta soʻrar, buni ayasiga aytmasligini tayinlardi. Xayrulla darvozadan kirishi bilanoq oʻchoq boshida kuymalanayotgan oʻgay onasining oldiga bordi.
— Mana bugun ishlab topganimiz. Endi men maktabga borishim kerak, boʻlmasa, ustozim urishadi, — dedi qat’iy ovozda.

Pullarni olgan ayol esa unga yovqarash qilib tikilib qoldi. Xayrulla kiyimlarini kiyib, maktabga otlandi. U oxirgi soat darsiga yetib borgani uchun oʻqituvchisidan rosa tanbeh eshitdi. Lekin kechikishi sababini ustoziga aytmadi.

Xayrulla singlisini olib, har kuni ertalab chiqib ketar, peshinga yaqin qoʻllarida pul bilan kirib kelishardi. Oʻgay ona ham bolalarning bu fidoyiligidan mamnun boʻlib, pullarini yashirishga tushardi.

Oylar yillarga ulandi. Xayrulla maktabni tamomlab, dadasiga poytaxtdagi litseyga borib oʻqimoqchiligini aytdi.
— Shu yerdagi maktabda oʻqisang boʻlmaydimi? — soʻradi otasi norozilanib.
— Ogʻaynim Ja’far ham ketyapti. Ikkalamiz birgalikda litseyga oʻqishga kirsak, keyin institutga kirishimiz ham osonlashadi, — dedi Xayrulla oyoq tirab.

Oʻgʻlining qaysarligini bilgan otasi noiloj rozi boʻldi. Oʻzi birgalikda borib, oʻgʻlini yotoqxonaga joylashtirib keldi. Ja’far imtihonlardan oʻtolmay, oʻz shahriga qaytib ketdi. Xayrulla esa imtihondan a’lo bahoga oʻtib, oʻqishni davom ettirdi. U yana oʻsha oʻgay onaning oldiga qaytib bormaslik uchun ham jon-jahdi bilan oʻqir, vaqtini behuda sarflamasdi.

Litsey-internatni tamomlab, Xayrulla tibbiyot oliygohiga oʻqishga kirdi. U tezroq oliygohni tamomlab, shifokor boʻlishni va singlisini oldiga olib kelish haqida oʻylardi. Keyin esa Azizani ham institugga oʻqitadi, undan yordamini ayamaydi.

Talabalikning soʻnggi bosqichida tahsil olayotganda singlisini fotiha etishganini xabarini eshitdi. Avvaliga singlisi uchun biron bir foydali ish qila olmaganidan afsuslanib, siqilib yurdi. Keyin esa uning oʻgay onaning zugʻumlaridan qutulib, baxtli boʻlishini oʻylab, koʻngli taskin topdi.

Oʻsha kunlarga ham besh yildan oshdi. Hozir Xayrulla poytaxtdagi nufuzli kasalxonalardan birida shifokor boʻlib ishlaydi. Uning oldiga har kuni oʻnlab bemorlar kelishadi. Xayrulla ularning barchasiga qoʻlidan kelganicha yordamini berar, sogʻayib ketishlari uchun harakat qilardi.

Darvoqe, Xayrulla singlisining toʻyiga borib, kutilmagan moʻ’jizaning ustidan chiqdi. Singlisi bir paytlar ularga beminnat yordam bergan kishiga kelin boʻlayotgandi. Xayrulla ularga yaxshilik qilgan kishining nurli yuziga qarab, koʻz yoshlarini tiya olmadi.
— Rahmat sizga! Qilgan yaxshiligingizni sirayam unutmayman! Nasib etsa, oʻsha pullaringizni oʻzingizga qaytaraman, — dedi Xayrulla entikib.
— Oʻgʻlim, men sizlarga oʻshanda yaxshilik qilgan boʻlsam, buning mukofotini oldim. Yolgʻiz oʻgʻlim ogʻir kasallikdan gapirolmaydigan boʻlib qolgandi. Farzandimning dardiga darmon istab, bormagan kasalxonam, koʻrsatmagan shifokorim qolmadi. Axiyri, machitga borib, qilmishlarim uchun tavba qildim, farzandimning dardiga shifo berishini soʻradim. Buni qaranglarki, oʻsha kuni sizlarni uchratib qoldim. Yuragimda «Balki shu goʻdaklarga yordam bersam, oʻgʻlim sogʻayib ketar. Axir bular ham unga oʻxshab, begunoh-ku» degan oʻy oʻtdi. Yaratganning oʻzi yuragimga solgan ekanmi, bu niyatimni amalga oshirdi. Sizlarga yordamim tekkani sayin bolamning ahvoli oʻnglana boshladi. Mana shukr, hammasi yaxshilanib ketdi. Oʻshanda omonlik boʻlsa, oʻsha qizchani oʻgʻlimga kelin qilaman deb koʻnglimga tuguvdim. Astoydil niyat qilsang, tilaging yaxshilikka boʻlsa, albatta ijobat boʻlar ekan. Aslida men sizlarning oldingizda qarzdorman. Sizlar men uchun najot farishtalari boʻldingiz, — dedi kishi Xayrullaga cheksiz mehr bilan tikilib.

Xayrullaning boʻgʻziga ogʻriq tiqilgandek boʻldi. Yigʻlab yubormaslik uchun oldidagi choydan hoʻpladi. Singlisining toʻyini koʻngildagidek oʻtkazib ortga qaytgan Xayrullaning yuragi taskin topgandi.

Azizaning toʻyidan keyin Xayrulla ota uyiga deyarli bormagandi. Dadasi bilan telefon orqali gaplashib, hol-ahvol soʻrar, oʻtmishning alamli kunlari oʻtgan oʻsha xonadonga borishni istamasdi. Mana bugun ayasining qoʻlidagi kasallik sabab, kelishga majbur boʻldi.

Dadasi avvaliga xotinini poytaxtga olib borishga norozilik bildirgan boʻlsa ham keyin yaxshilab oʻylab koʻrdimi, rozilik berdi. Ertalab Xayrulla dadasi va xotinini olib yoʻlga tushdi. Tekshiruvlardan keyin dadasi va oʻgay onasini uyiga olib borib qoʻyib, oʻzi ishiga otlangan Xayrulla mashinaga oʻtirayotib, qoʻl telefonining jiringlashidan sergak tortdi. Kuyovining raqamini koʻrib, tezda javob qaytardi.
— Aka, bu menman, — dedi singlisi salom-alikdan soʻng, — bu yerlarga kelibsiz, biz bexabar qolibmiz-ku. Singlimni koʻrib ketay deb birrovga kirmabsiz ham.
— Sen xafa boʻlma, zarur ish bilan boruvdim, — dedi Xayrulla xijolatli ovozda.
— Eshitdim, oʻsha zarur ishingizni. Ayamizning qoʻllari kasallanibdi, doʻxtirlar kesish kerak deganmishmi? Uyoqqa borib, doʻxtirlarga koʻrsatdingizlarmi? — soʻradi pisanda ovozda Aziza.
— Koʻrsatdik. Analizlar olishdi, javoblari chiqqanidan keyin bir qarorga kelinadi.
— Aka, menga qolsa, oʻsha yalmogʻizni qoʻlini kesib tashlashsin! Axir uni qilmishlari Xudoga ham xush yoqmagan shekilli, jazosini beribdi. Uni qoʻlini sogʻaytirmang, battar boʻlsin. Bizga qilganlarining oldida bu koʻrgiliklari kam!

Singlisining gaplarini eshitib Xayrulla uning yuragida oʻtmishning alamli xotiralari hanuzgacha yashayotganini tushunib yetdi.
— Aziza, qoʻysangchi bu gaplaringni. Inson har bir koʻrgan yomonligining javobini qaytaraversa, u inson boʻlmaydi. Undan keyin biz oʻshanda yomonlik bilan birga yaxshilik ham koʻrdik. Qaynotangni yaxshiligi esingdan chiqdimi? Oʻsha yaxshilikning orqasidan sen baxtingni topding, toʻgʻrimi? Men sening baxting uchun ham barchasini unutganman!
— Lekin oʻsha kunlarni eslasam... — dedi yigʻlagudek boʻlib Aziza.
— Sen oʻsha kunlarni eslama, — deya singlisining gapini ilib ketdi Xayrulla, — hozir alamingni olganing bilan vaqtni ortga qaytarib boʻlmaydi. Men bemorlarning hayotini saqlab qolish uchun oq xalat kiyganman. Oʻtmishdagi gina-kuduratlarni deb unga dogʻ tushirishni istamayman. Men maqsadlarimga erishdim, sen baxtli oila bekasisan. Qaynotang aytganidek, najot farishtasisan! Bizga mana shular muhim, — dedi Xayrulla singlisi bilan xayrlashayotib.

U telefonini choʻntagiga solib, mashinaga oʻtirdi. Uning yuragi hech qachon bunchalik yengil tortmovdi.