OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHusniya Pardayeva
Asar nomiSogʻinch guli (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Husniya Pardayeva
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/07/10
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sogʻinch guli (hikoya)
Husniya Pardayeva

Bu yil bahor har yilgidan kech keldi. Koʻklamni sogʻinganimdan yuragim oʻrtanib, har kuni derazadan termilaman. Martning oʻrtalari boʻlishiga qaramay, odamlarning chehrasida qishning charchogʻi sezilib turibdi. Oʻtgan yili bu paytda bodom, gilos daraxtlari gullab, oʻrikka navbat yetgandi. Bu yil esa barchasi atayin kuttirmoqchidek imillaydi. Inson kutishni yoqtirmaydi. Lekin taqdir uning bardoshini sinamoqchidek har kuni, soniyada kutishga roʻpara qilaveradi. Har yili bahorni bunchalik intiqib kutmaganimdan bu kechikish koʻnglim xalovatini oʻgʻirlagandek goʻyo. Pushtirang gullagan oʻrik daraxti tushlarimga kirib chiqadi. Uning xotiralaridan yuragim hislar ummoniga gʻarq boʻladi. Bu hisni menga oʻn besh yil avval bahordagi oʻrik guli tortiq etgan. «Meni sogʻinsang, oʻrik guliga qara. Har yili bahorda men seni koʻrgani kelaman!..» degandi u koʻzimga tikilib.

Oʻshanda oʻn olti yoshli soddagina qiz edim. Onam kasalmand boʻlib, tez-tez kasalxonada davolanib chiqardi. Uning mazasi qochganida qoʻshnimiz Salima opanikiga yugurardik. Bitta ukol urib, kasalxonaga borishimiz kerakligini aytib ketardi. Har doim ahvol shu, qoʻshnimizning ukolidan keyin onam kasalxonada yotadi.
— Qizim, maktabni tamomlasang, doʻxtirlikka oʻqishga kirasan, — dedi onam bir kuni menga kirtaygan koʻzlarini tikib.
— Men huquqshunos boʻlaman! Ukoldan qoʻrqaman! —deb yubordim bexosdan.

Onam menga ma’yus kuldi. Uning sargʻish yuzi, boʻrtgan yanoqlari, oqish labi titrab ketgandek boʻldi.
— Ona, men doʻxtir boʻlaman! Ukolni oʻzim urib qoʻyaman. Oʻshanda kasalxonada yotmaysiz, — dedi singlim meni turtib.

Men oʻzimga ishongan, orzulari cheksiz qiz edim. Bilimim, harakatim bilan orzularimga yetib, mansabdor ayol boʻlaman deb oʻylardim.

Ertasiga onamni kasalxonaga yotqizdik. Tuman markazidan qaytgan otam meni onamning yoniga oborishini aytdi.
— Nimaga men? Nargiz borsin, — dedim iddao bilan.
— Sen borasan, — dedi otam qat’iy.

Uning gapidan damim ichimga tushib ketdi. Yuvilgan koʻylagimni sumkaga joylab, otamning orqasidan ergashdim. Bu gal onamning qon bosimi juda koʻtarilib ketgan, oʻrnidan turishi mumkin emasmish.
— To onangni ahvoli yaxshilanguncha qarashib turasan, — dedi otam ketayotib.

Men indamadim. Chunki kasalxonada qolishga sira xohishim yoʻq. Kasalxona palatasi koʻrimsiz, hayhotdek xonada toʻrtta krovat, eshigi sinib, qiyshaygan pastak shkaflardan boʻlak jihoz yoʻq. Pardasiz deraza oldida kosada ovqat, qatiqli banka turardi. Menimcha, bu ovqatni kasalxonadan berishgan. Uning isi dorilarning hidi bilan ayqashib ketgandi.
— Och qolgan boʻlsang, anavini yeb ol, — dedi onam kosaga imo qilib.
— E, bu ovqatni yegim kelmaydi, — dedim yuzimni burishtirib.

Onam ogʻir xoʻrsinib qoʻydi. Keyin koʻzini yumib, oʻzini uxlaganga soldi.

Men zerikishdan naq yorilayozdim. Deraza oldiga borib, tashqarini kuzatdim. Oq xalat kiygan xodimlar daraxt taglarini yumshatib, bir-birlari bilan gap sotishardi. Kichik yoʻlakdan uyoqdan buyoqqa oʻtayotgan yoʻlovchilar notanish. Fayzsiz manzaradan zerikib, ortimga oʻgirildim.
— Uf, tezroq sogʻaying, bu turishda siqilib ketaman, — dedim krovatga oʻtirarkanman.
— Ah, bolam-a, menga ham shu yerlarda yotish yoqmaydi. Noshukrlik boʻlmasin, kasal boʻlish jonimga tegdi, — dedi onam yigʻlamsiragan ovozda.
— Essiz, bironta kitobimni olib kelmabman-da, bekorchilikda oʻqib yotardim, — dedim biroz yumshab.

Onam indamadi. Oʻrnimdan turib dahlizga chiqdim. Yoʻlaklarda toʻshalgan gilamlarning rangi uniqib ketgan boʻlishiga qaramay, top-toza. Yoʻlak boshidagi dahlizchada kichkinagina televizor qoʻyilgan, ikki ayol uni koʻrmay, gaplashib oʻtirashardi.
— Kino, kontsert bermayaptimi? — dedim televizor murvatini burayotib.

Ayollar ensasi qotib menga tikilishdi.
— Oʻlay agar zerikib ketdim, — dedim xafsalasizlik bilan.
— Kasalmisiz? — soʻradi ayollardan biri istehzo bilan, — qaysi palatada yotibsiz?
— Yoʻq, onam kasal, men qarashib yotibman..

Yaxshiyamki, televizordan mashhur qoʻshiqchining qoʻshigʻi eshitildi-yu, ayollarning nigohi unga qadaldi. Men boʻrining changalidan omon qolgan quyondek yengil nafas olib, oʻrindiqqa choʻkdim.

Dahlizdan ship-ship etgan oyoq tovushi eshitildi. Oʻgirilib, biz tomon kelayotgan hamshiraga koʻzim tushdi.
— Hamidovaning qizi sizmi? — soʻradi hamshira.
— Ha nimaydi?
— Bu nima yurish? Onangizning ahvoli ogʻir boʻlgani uchun sizni yoniga qoʻyganmiz. Kirib, choy-poy qilib bersangiz boʻlmaydimi?
— Choy? Choyni qaerda qaynataman? — dedim jahl bilan.
— Har holda mening boshimda emas! Oshxonaga boring, tefal choynak turibdi, — dedi hamshira iddao bilan.

Ayollar menga gʻalati tikilib turishganidan oʻzimni oʻngʻaysiz sezib, xona tomon yurdim. Onam oʻrnida derazaga termilib yotardi.
— Choy ichishingizni oʻzimga aytsangiz boʻlardi-ku. Anavi hamshira meni xotinlarning oldida izza qildi, — dedim tajanglik bilan.

Onam xoʻrsinib qoʻydi. Men shkafdan choynakni olib, oshxonaga bordim. Keksaroq bir ayol choy damlayotgandi. Salomimga boshini qimirlatib alik oldi.
— Qizim, senam yaqiningga qaragani keldingmi? — soʻradi ayol menga sinchkovlik bilan tikilib.
— Onamga qarayapman.
— Menam oʻgʻlimning yonida yotibman! Uni yuragi kasal. — Ayolning xoʻrsinigʻi alamli edi.

Uning koʻzida gʻamning zalvorini koʻrib, choʻchib ketdim. Onamning koʻzi gʻamli, ma’yus deb oʻylardim. Lekin bu ayolning koʻzlari onamnikidan ham battar ma’yus.
— Oʻgʻlingiz yosh bolami?
—Yoʻq, u kap-katta yigit, — dedi ayol xoʻrsinib, — dunyoning ishlari-da, bu qizim. Aslida ota-ona keksaysa, kasal boʻlsa farzand unga suyanchiq boʻladi. Men shu yoshimda bolamning orqasidan kasalxonama-kasalxona yuribman. Bu minnat emas, unga jonim achiydi. Bechora bolamning umri kasalxonada oʻtyapti...

Ayolning qaygʻuli gaplaridan menda uning oʻgʻlini koʻrish ishtiyoqi uygʻondi. Biron bahona bilan xonasiga kiraman degan oʻyda palata raqamini soʻradim.
— Uchinchi xonada yotibmiz. Qizim yoshsan, oyoq-qoʻling yengil. Bugun- erta uyimga ketaman, oʻgʻlim yolgʻiz qoladi. Malol kelmasa, oʻgʻlimga ham choy-poy damlab berib tursang devdim, baraka topkur, — dedi ayol.

Uning mehrli, javdirab turgan koʻziga qarab rad eta olmadim.
— Mayli, siz xavotirlanmang, — dedim ishonch bilan. — Albatta, oʻzim xabardor boʻlib turaman.

Ayol yelkamga qoqib, choynagini koʻtargancha oshxonadan chiqib ketdi.

Ertasi kuni onamga issiqqina choy olib kelayotsam, qarshimda kechagi ayol paydo boʻldi.
— Qizim, uyimda ham bolalarim bor. Menga ularning tashvishi yetarli, uyga bormasam boʻlmaydi. Hozir ketyapman, kechagi gapim esingdan chiqmadimi?
— Yoʻgʻ-e, esimda turibdi. Onamga choy olib kirganimdan keyin oʻgʻlingizga damlab beraman.

Ayol meni duo qilib, dahliz boʻylab ketdi. Onamning choyini tumbochka ustiga qoʻydim-u, oshxonaga oshiqdim. Tavba, biron ishga bunchalik oshiqmagandim. Boyagi ayolning oʻgʻliga choyini olib kirishimni oʻylab, yuragim qinidan chiqqudek hapqirardi. Hovliqqanimdan undan choynak soʻrashni ham unutibman. Oshxonadan chiqib, xona eshigini taqillatdim.
— Kiring, — ichkaridan erkak kishining ovozi eshitildi.

Eshikni ochib, asta moʻraladim. Krovatda kitob oʻqib yotgan erkakka koʻzim tushib, salom berdim.
— Vaalaykum, — dedi erkak menga savol nazari bilan qarab.
— Choynakka keluvdim. Onangiz choy damlab berishimni aytuvdi, — dedim tutilib.
— Eh, — u ayanchli jilmaydi va oʻrnidan turib shkaf ichidagi choynakni qoʻlimga tutqazdi.
— Men hozir choy olib kelaman, — deb ortimga oʻgirildim.

U qoʻliga kitobini olib, boshini qimirlatdi. Dahlizga chiqib, terlab ketganimni sezdim. Choynak tutgan qoʻlim ham yengil titrardi. Men ayolning oʻgʻli yoshgina, kelishgan yigit boʻlsa kerak deb oʻylovdim. Biroq krovatdagi yoshi oʻttizlardan oshgan, gʻamgin erkakni koʻrib, toʻgʻrisi, oʻshanda bir muddat xafsalam pir boʻldi. Biroq uning nimasidir odamni esankiratib qoʻyar, besh daqiqa oʻtar-oʻtmas uni qayta koʻrish istagi yuragimni toʻldirgandi. Qoʻshni xonadan chiqqan ayolning nigohlaridan qochib, oshxonaga kirdim. Choyni damlab, orqamga qaytdim.
— Mana choyingiz, issiqqina ichib oling, — dedim tumbochka ustiga choynakni qoʻyib.
— Hozircha shart emas edi, mayli rahmat, — dedi u horgʻin ovozda.

Shu damda uning qarshisiga oʻtirgim, gaplashgim kelardi. Biroq u kitobdan boshini koʻtarolmayotganini koʻrib, ketishga chogʻlandim.
— Endi choy olib kelishingiz shart emas, oʻzim eplayman, — dedi u eshik yoniga yetganimda.
— Hm-mm... — dedim hafsalam pir boʻlib.

Eshikni yopdim-u, yuragim huvillab qolgandek boʻldi. Mendan kamida oʻn besh yosh katta erkakning nimasi oʻziga tortayotganini tushunolmasdim. Yuragim alamga toʻlgandi. Xonaga kirib, onamning qarshisiga oʻtirdim.
— Choy ichib ol, men ichdim, — dedi onam yuzimga termilib.

Soat oʻn birdan oʻtgan boʻlsa ham hanuzgacha nonushta qilmagandim. Shkafdan non, qand-qurs olib, dasturxonga qoʻydim. Onamni ham yeyishga undadim.
— Ishtaham yoʻq, bir pas yotay, — dedi onam majolsizlanib.

Choyimni ichib, yana bekorchiga aylandim. Anavi kishidan kitob soʻramaganimga afsuslandim. Shiftga termilib xayol surib yotgandim, eshik ochilib, otam kirib keldi. Uning qoʻlida issiq ovqat, non borligini koʻrib, sevindim.

Ovqatni muzlatkichga olib borib qoʻyishimni aytib, xonadan chiqdim. Shu payt miyamga ovqatdan anavi kishiga ham bersam-chi, degan xayol keldi. Hozir ayni mavridi ekanligini bilib, uning eshigini taqillatdim.
— Kiring.
— Sizga ovqat olib kelgandim, uydan olib kelishdi, — dedim istihola bilan.
— Yoʻq, shart emas! — dedi u qovogʻini uyub.

Chorasiz ortimga oʻgirildim. Eshikka yetganimda undan soʻradim:
— Juda zerikib ketdim! Agar iloji boʻlsa, kitob berib turing, men ham oʻqiy.
— Nechanchi sinfda oʻqiysan? — dedi u yumshoqlik bilan.
— Oʻninchi sinfda.
— Kitob oʻqishni yoqtirasanmi? Qaysi kitoblarni oʻqigansan oʻzi? — soʻradi u qiziqish bilan.

Oramizdagi toʻsiq qulaganidan sevinib, krovat chekkasiga oʻtirdim. Badiiy kitoblarni oʻqish jonu dilim ekanligini, shu kungacha oʻqigan kitoblarimning nomlarini aytdim.
— Uh-hu, yaxshigina kitobxon ekansan-ku, — dedi u jilmayib.

Uning maqtovidan yayrab ketdim. Oʻrnimga yaxshilab joylashib oldim. Shu payt uning yuziga qaradim-u, koʻzidagi mungni koʻrib, yuragim uvishib ketdi. Onasining koʻzidan ham gʻamgin. Yuragimni achinish hissi tildi.
— Yuragingizning mazasi yoʻq deb eshituvdim, shu bilan ham kitob oʻqiyapsiz-a? — soʻradim hayratlanib.
— Kitobdan boshqa doʻstim, sirdoshim yoʻq-da.
— Onangiz-chi?..
— Onamning mendan boshqa yana qancha tashvishi bor. Kap-katta odamman, endi hamma narsani ham onamga aytolmayman-da...

Uning yonida bir necha daqiqa qolgan boʻlsam-da, juda uzoq vaqt oʻtirgandek boʻldim. Negadir yana ortimga qaytgim kelardi. Lekin kirishga uyalim. Muzlatgichga ovqatni qoldirib, xonaga kirdim. Otam ketib, onamning yolgʻiz oʻzi qolgan ekan.
— Sen qiz, qaerlarda yuribsan oʻzi? — dedi onam mendan ranjib, — otang kuta-kuta uyga ketdi, — buguncha yonimda qol, ertaga otang bilan uyga qaytasan. Sen bu yerda boʻlsang, ukalaringni ahvoli nima kechadi?..

Onamning gaplaridan yuragim gʻashlandi. Bu yerdan sira ketgim kelmayotgandi.
— Siz sogʻaysangiz, birga ketamiz!
— Tunov kuni qolishni istamayotganding-ku. Bekorchilikda yotish yoqib qoldimi deyman, — dedi onam kesatib.

Onamning gaplaridan oʻzim ham gʻalati boʻlib ketdim. Tunov kuni kasalxonada bir daqiqa ham qolishni, bugun esa ketishni istamayapman. Goʻyo oʻzgarayotganimni onam sezib, urishib beradigandek shitob bilan dahlizga chiqdim. Televizorni yoqib, xorijiy film koʻra boshladim. Devorda osilgan soat tushlik boʻlganini koʻrsatardi. Onamga ovqatini isitib berib, yana oʻsha xonaga yoʻl oldim.
— Sizga choy qilib bergani keldim, — dedim eshikdan boshimni suqib.

U mendek oʻjar, quloqsiz qizga gap uqtirish befoydaligini anglab, xiyol kulimsiradi. Shkafdan choynakni olib, zipillab chiqib ketdim. Xonaga qaytib kirganimda u krovat chekkasida oʻtirardi.
— Istasang, bir pas oʻtir, zerikdim, — dedi u oʻtinchli ohangda.

Ichimda jon deb turgan boʻlsam-da, biroz oʻylandim. Keyin fikridan qaytmasin deb krovat chekkasiga oʻtirdim.
— Shunday qilib kitob oʻqishni yoqtiraman de. Men sendek paytimda kitob oʻqishni unchalik xushlamasdim. Chunki unda bemalol oʻynab-kulishim, yugurishim mumkin edi. Tashvishing boʻlmasa, koʻngling tusagan ishni qilishing mumkin.
— Endi-chi?.. — soʻradim hayron boqib.
— Endi kasalxonaning bir xonasida qamalib oʻtirishdan boshqa choram yoʻq. Yolgʻizligimni, zerikkanimni his qilmaslik uchun kitob oʻqiyman.
— Lekin inson aslida kitobni ma’naviy dunyosi boy boʻlishi uchun oʻqishi kerak , — dedim oʻqituvchimdan eshitganlarimni qaytarib.
— Sen ma’naviyatingni boyitish uchun oʻqisang arziydi. Kelajakda nufuzli institutga kirib, oliy ma’lumotli boʻlasan. Oʻz kasbingni fidoyisiga aylanganingda bugungi oʻqiganlaring asqotadi.

Uning gaplari borgan sari xush yoqardi. Gapirishdan toʻxtamasligini istardim.
— Endi bor, onangning choy ichgisi kelgandir, — dedi u nihoyat.

Chorasizgina oʻrnimdan qoʻzgʻaldim. Eshik yoniga yetganimda ortimga oʻgirildim. Menga tikilib turgan nigohlardan butun vujudimga titroq kirdi.
— Yana chiqsam maylimi? — soʻradim beixtiyor.

U boshini qimirlatib kuldi. Men baxtiyor edim. Unga yaqinlashayotganimdan, oʻzimga suhbatdosh topganimdan sevinchim ichimga sigʻmasdi.

Uch kun oʻtdi. Onamning ahvoli endi yaxshilanib qoldi. Erta-indin shifokorlar ruxsat berishini aytishdi. Zerikkanimdan yana dahlizga chiqdim. Hech kimsa yoʻq. Oyoqlarim beixtiyor yana oʻsha xona tomonga yetakladi.
— Kirsam maylimi? — soʻradim eshikni ochib.
— Kel, koʻrinmay qolganingga xavotirlanayotgandim, — dedi u tik turgancha.

Uning gapidan yuragim orziqib ketdi.
— Onamning ahvoli yaxshi, bugun erta ketsak kerak, — dedim gapni nimadan boshlashni bilolmay.
— Shunday de, — dedi u toʻsatdan ma’yus tortib, — ketarkansan-da.
— Kasalxonada zerikib ketdim. Qishlogʻim yaxshi, barcha odamlar tanish, qarindoshlar. Zeriksang birontasinikiga borasan...
— Kasalxonada vaqt toʻxtab qolgandek boʻladi. Bir kuning bir asrga tengdek. Qarindoshlarning oldida oʻzingni kuchli, hech narsaga muhtoj emasdek his etasan. Bu yerda boʻlsa, chorasiz notavonga aylanasan. Balki atrofdagilar senga kasalmand, bechora deb qarashganidan, achinishganidan boʻlsa kerak. Chorasizlik irodani zaiflashtiradi.
— Oʻzi nimaga yuragingiz ogʻriydi? — soʻradim beixtiyor.

Uning yuzida ayanchli kulgi zohir boʻldi. Uni bunday kulganini sira koʻrmagandim.
— Bu gaplarni senga aytishim toʻgʻrimi-yoʻqmi, bilmadim. Lekin hech kim bilan senchalik ochilib gaplashgandim. Aslida yuragim xasta boʻlib tugʻilganman. Maktabda oʻqib yurganimda yoshlik shijoati bilan bu dardni his qilmadim. Ulgʻayganimda tez-tez kasalxonaga yotib davolanishim kerakligini bildim. Odamlarning yuragi bir zaylda tursa, meniki kun sayin kattalashayotganmish. Bu ahvolda koʻksimni yorib chiqib ketadimi degan xavotirdaman. Bolalagimda boshqalardan ajralib turishni istardim. Afsus, bugun boshqalarga oʻxshashni istayman!
— Yoʻgʻ-e, yurak ham yorib chiqadimi?

Savolim unga erish tuyuldimi, yoki soddaligimdanmi miriqib kuldi.
— Bolalaringiz bormi? Ular sizni koʻrgani kelishmadi-ku?
— E, oʻzim bir yurak kasal odam boʻlsam. Yana bir qizni yurak kasali qilmay deb, uylanmadim. Axir mendek yuragi katta, kuni kasalxonada oʻtadigan odam bilan yashash oson emas-da, toʻgʻrimi?
— Bilmasam,— deb yelkamni qisdim.
— Sen bilan gaplashish, qarshimda oʻtirishing menga yoqyapti. Qaniydi, oʻn yil keyin tugʻilganimda... Seni topib, bir umr gaplashib oʻtirishga ham rozi boʻlardim. Sen bilan suhbatlashib, umrimning qadriga yetdim. Qiziq, odam nega yashashga toʻymaydi desam, topganlarini yoʻqotishni istamas ekan-da. Axir topish uchun qiyinchiliklarni yengish kerak!..

Uning gaplari qulogʻimga xush yoqardi-yu, yuragimda allaqanday hadik gʻimirlardi.
— Men ketdim, — deb oʻrnimdan turdim.
— Mayli, bora qol, — dedi u xoʻrsinib va eshik yoniga yetganimda toʻxtatdi, — ketib qolgudek boʻlsang, seni qayta koʻrolmasligim mumkin. Yaxshilab oʻqib, institutga oʻqishga kir. Sening dunyoqarashing keng ekan, intilishing bilan maqsadlaringga, yetasan! Oʻshanda meni ham eslab qoʻy. Orzularingga yetishingni, baxtli boʻlishingni men ham istaganimni unutma!
— Siz? Siz qaerda yashaysiz oʻzi?.. — tilimga kelgan soʻz shu boʻldi.
— Menmi? — dedi u kulimsirab va mehribonlik bilan davom etdi, — meni yashash manzilimni baribir topolmaysan! Agar esingga tushib qolsam, suhbatlarimizni sogʻinsang bahorda gullagan oʻrik daraxtiga qara. Men oʻrik gulini juda yaxshi koʻraman. Ayniqsa, pushtirangini. U menga orzularga toʻla yoshlikni, toʻkilishi esa uning xazon boʻlishini eslatadi. Eng gullagan, chiroyli davringda xazon boʻlish ayanchli...

U gapini tugatib, derazaga qarab oldi. Yuragimga alamli ogʻriq qadaldi. Hoziroq yigʻlab yuborishimni oʻylab, eshik tutqichiga qoʻl choʻzdim.
— Oʻrik gulini koʻrsang, meni eslab tur!..

Uning gapini oxirigacha eshitmay, oʻzimni dahlizga urdim. Shu paytda toʻyib yigʻlagim kelardi.

Ertasiga doʻxtir onamga javob berdi. Narsalarimizni sumkaga joylab, otamning kelishini kutardik. Paytdan foydalanib, oʻsha xonaga otlandim. Eshikni taqillatdim, javob boʻlmadi. Yuragim noxush dukurlab, eshikni ochdim. Xonada hech kim yoʻqligini, krovatdagi choyshablar almashtirilganini koʻrib, yuragim uvishib ketdi. Jon holatda shkafni ochdim. Bir-ikkita yelim boʻsh xaltadan boʻlak hech vaqo yoʻq edi.
— Siz bu xonada nima qilyapsiz? — soʻradi eshikdan kirgan farrosh ayol.
— Bu xonadagi kishi qani? U kishida bir narsam qolib ketgandi...
— Kechasi bechoraning yuragi xuruj qilib qolibdi. Doʻxtirlarning yordami, dori-ukol ham naf bermabdi. Yoshgina edi, hali yashasa boʻlardi...

Ayolning gaplarini tushunmadim. Keyin «Oʻldi» deganini eshitdim-u, tashqariga otildim. Boʻgʻzimni alamli ogʻriq kuydirib borayotgandek edi...

Oʻshanga ham oʻn besh yil boʻldi. Maktabni tamomlab, institutga oʻqishga kirdim. Ota-onamning roziligi bilan turmushga chiqdim. Toʻkis baxtimdan mamnun ayolman. Biroq har yili bahorda oʻrik gulini koʻrganimda yuragimni tushunuksiz oʻylar chulgʻab oladi. Qaniydi, oʻrikning gullari sira toʻkilmasa...