OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHusniya Pardayeva
Asar nomiUmr adogʻidagi haqiqat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Husniya Pardayeva
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/07/10
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Umr adogʻidagi haqiqat (hikoya)
Husniya Pardayeva

Shuhrat shifoxonadan chiqdi-yu, uyiga sigʻmay qoldi. Yigirma ikki yildan beri yashab yurgan uyi koʻziga katalakdek tor koʻrinib, yuragini siqardi. Koʻngli keng hovli-joyni, poyonsiz dalalarni qoʻmsaydi. Bu uyda esa ertadan kechgacha shiftga termilib yotgani yotgan. Shuhrat dardga taslim boʻlganini tan olgan boʻlishiga qaramay, umidvor banda, otayotgan har bir tongdan umr soʻrab oʻrtanadi.

Xayolga berilib ketgan Shuhrat eshik ochilib xotinining kirganini payqamay qoldi. Oydin ust-boshini almashtirmasdan erining oldiga kelib, krovatga choʻkkaladi.
— Yaxshi yotibsizmi? — deya horgʻin ovozda soʻradi Oydin.

Har kuni ishdan qaytgan xotinining shu tahlika hol-ahvol soʻrashi Shuhratning yuragini zirqiratadi. Bu dardga chalinib, koʻrpa toʻshak qilib yotgani, roʻzgʻorning barcha ogʻirligini xotiniga tashlab qoʻygani uchun oʻzini aybdordek his qiladi. Xotiniga javob qaytarmoqchi boʻladi-yu, boʻgʻziga bir ogʻriq tiqilib, bazoʻr yutinadi.
— Bir qishloqqa borib kelsammi? — dedi Shuhrat past ovozda.
— Tinchlikmi? Axir sogʻligingiz... — dedi Oydin gʻalati ohangda.
— Sogʻligim joyida... — deya choʻrt kesdi Shuhrat, — uzzu kun termilib yotganim bilan sogʻayib qolarmidim.

Erining zardasini koʻrib, Oydin boshqa gapirmadi. Sumkasini yelkasiga ilib, narigi xonaga oʻtdi. Nazarida eri umrining soʻnggi kunlarini qishloqda oʻtkazishga qaror qilgandek tuyilib, koʻngli buzildi. Lablarini mahkam qimtib, unsiz yigʻladi.

Shuhrat yotib qolganining alamini xotinidan olgani uchun oʻzini oʻzi yomon koʻrib ketdi. Tortma ustidagi gazetani qoʻliga oldi, oʻqishga xafsalasi boʻlmay, joyiga qoʻydi. Oradan yarim soatcha vaqt oʻtib, Oydin qaytib chiqdi. Koʻzlari biroz qizargan, biroq yigʻlaganini sezdirmoqchimasdek kulimsirab chiqib keldi.
— Men... — deya tiliga boshqa soʻz kelmay kalovlandi Shuhrat.
— Qishloqqa juda borgingiz kelayotgan boʻlsa, mayli. Faqat ketishingizdan oldin doʻxtir bilan maslahatlashamiz, boʻptimi? Yoʻl yengib qoʻymasin deyman-da...

Shuhrat xotinining gaplariga e’tiroz bildirmadi. Ayoli tilla-da, shu ahvolidayam erinikini juft deb turibdi. Qiyinchiliklar jonidan oʻtayotganini sezdirmaydi. Shuhrat xotinining bu kabi fidoyiligini koʻrgani sari battar eziladi. U qishloqqa borish fikridan voz kechmoqchi, shu bilan xotinidan uzr soʻramoqchi edi. Lekin yuragidagi bir ovoz uni qishloqqa borishga undayotgandek tinchlik bermasdi.

Ertasiga bemorni tekshiruvdan oʻtkazgan shifokor biroz oʻylanib Shuhratning uzoq yoʻlga chiqishiga ruxsat berdi. Doʻxtirning rad javobidan umidvor boʻlib moʻltiragan Oydin, chorasizgina bosh egib, erining ortidan ergashdi.

Qishloqdagilar Shuhratni xuddi ming yil kutgandek quchoq ochib qarshilashdi. Opasi ukasi unikida qoʻnoq boʻlishini aytib javrasa, akasi Shuhrat bilan xotini uning uyi-da yashashlarini aytib, jomadonlarni koʻtaradi.
— Akam bilan yangam biznikida qolishsin, — dedi kichik kelini Zulayho iymanibgina.

Barcha soʻnggi hukmni eshitgandek bir muddat jimib qoldi. Shuhrat avvallari qishloqqa kelsa, ota-onasi oʻtgan uyda turib ketardi. Biroq besh yil avval ukasi olamdan oʻtib, Shuhratning ham, boshqa aka-opalarining ham bu uydan oyogʻi tiyildi. Ota-ona, uka boʻlmaganidan keyin eshikdan kirishga jigarlarning yuragi dov bermay qoldi. Biroq kelinning bugungi gapi barchasini oʻzgartirib yubordi. Shuhrat bilan xotini beixtiyor ukasining darvozasi tomonga yurishdi. Ukasining yolgʻiz qizi Shuhratning oldiga peshvoz chiqqanida u gʻalati boʻlib ketdi. Ukasini yerga qoʻyishgan kuni ushbu hovlidan chiqib ketibdi-yu, uning jigarbandiini ahvoli bilan sira qiziqmabdi. Har zamonda esiga tushsa, «Qishloqchilik, jigarlarim xabarlashib turgandir» deb oʻzini yupatardi. Bugun esa jiyanini koʻrdi-yu, besh yillik taskinidan xijolat tortdi.

Shuhrat bilan birga kirgan aka-singillar kechgacha qolib ketishdi. Ukaning xotini qozonda osh damlab, mehmon qildi. Garchi ota-onalari yonlarida boʻlmasa-da, Shuhrat ham, aka-opalari ham oʻzlarini bu hovlida bir paytlardagidek his qilishdi.

Ertasiga quyosh chiqib, kun yoyilib ketgandagina Shuhrat uygʻondi. Miriqib uxlaganidan vujudida hech bir ogʻriqni his qilmas, ruhida qushdek bir yengillik bor edi.
— Yaxshi yotib turdingizmi? Xavotirlanib, koʻzimga uyqu kelmadi, — dedi Oydin eriga sochiqni uzatayotib.
— Nega xavotirlanasan? Anchadan beri bunchalik miriqib uxlamovdim, — dedi Shuhrat koʻtarinki kayfiyatda.
— Ha endi... Uzoq yoʻlda keldingiz, urinib qolmasmikinsiz deb...

Erining kayfiyati yaxshiligini, uning gaplariga beparvoligini koʻrib, Oydin boshqa gapirmadi. Eru xotin soʻpadagi dasturxonga oʻtirishdi. Kelini ertalab sogʻilgan sutdan bir kosa olib keldi. Shuhrat sutni bir koʻtarishdayoq sipqordi, uning ta’mi, isi onasini eslatib yubordi.
— Nargiza, hov Nargiza, — deya darvozani ochib ichkariga kirgan ayolga peshvoz chiqdi kelini.

Kampir hassasini doʻqillatib yurib keldi-da, Shuhrat bilan xotinining yuz-koʻzidan oʻpib soʻrashdi.
— Shuhratjonim kelganini eshitib, kechasi bilan uxlayolmadim. Ertalabki choyimniyam ichmasdan «bir koʻrib kelmasam boʻlmaydi» deb yoʻlga chiqdim. Qarichilik-da, ikki qadam yoʻl ham uzoq tuyuladi, — deya hansirab soʻrasha ketdi kampir.

Kampir Shuhratning xolasi, onasining yolgʻizgina singlisi. Shuhrat xolasini oxirgi marotaba qachon koʻrganini eslolmaydi. Qishloqqa toʻyu ta’ziyaga birrovga kelib ketadi-yu, xolasini yoʻqlash xayoligayam kelmaydi. Keksayib qolganiga qaramay, xolasining uni koʻrishga kelishi Shuhratga erish tuyilib, xijolat tortdi:
— Ovvora boʻlib, yoʻlga chiqibsiz. Yoʻl charchogʻi chiqqanidan keyin oʻzim keliningiz bilan oldingizga borardik, — dedi iymanib.
—Bu nima deganing Shuhratjon? — deya astoydil ogʻrindi xola, — sen ishli odamsan. Bilaman, shaharda ishlaring koʻp, birrovga kelib-ketasan. Jigarimsan, bir koʻrib qolmasam, yuragim siqilib yuradi. Sen bahona bir yurib, oyoqlarimni chigilini yozay dedim-da.
— Xola nevaralarni toʻy qildingizmi? — soʻradi Shuhrat.
— Shukr, nevaralarimni toʻrttasini uyli-joyli qildik. Ikkita evarayam koʻrdim. Nasib boʻlsa, toʻylariga kelasizlar. Opam rahmatli boʻlganida sizlarning bolalaringizni koʻrib, koʻngli togʻdek koʻtarilardi deyman-da. Shoʻrlikka nasib qilmagan ekan, — deya koʻziga yosh oldi kampir.

Uy egasi choyni yangilab kelib, kampirga bir piyola uzatdi. Oydin ovsinining orqasidan oshxona tomonga oʻtdi.
— Xola, Xudo biladi, umrimizdan yana qancha qolganikin? Bir yildan beri bedavo dardni orttirib olganman, kunim kasalxonada, davolanish bilan oʻtadi. Bir qishlogʻimni koʻrib kelsam, qarindosh-urugʻlarni diydoriga toʻyib olsam deb...
— Hay-hay, Shuhratjon, — deya jiyanining oʻrtanib aytayotgan gaplaridan esankiradi kampir, — bu gaplaringni boshqa tilingga olma. Hali yoshsan, bolalaringni uylantirasan, qizlaringni uzatasan. Hali qiladigan ishlaring juda koʻp, bilsang.
— Lekin xola, —deya xoʻrsindi Shuhrat.
— Shuhratjon, esingdami, — yuziga kulgi yugurib, gapni boshqa yoqqa burdi kampir, — Oʻqishga kiraman deb Toshkentga ketgan paytlaring. Ertaga yoʻlga chiqaman degan kuning onang bir tandir patir qiluvdi. Men guppi pishib, sariyogʻ qiluvdim. Kiyimlaringni bir jomadonga, yeguliklaringni bir toʻrvaga solib, otang olib ketuvdi. Esingdami, ketayotganingda «Shuhratjon, oʻqishga kirsang menga nima olib kelasan» deb tegishuvdim. Sen oʻylab ham oʻtirmay «Oʻqishga kirsam, sizga tilla isirgʻa olib beraman» devding. Mana yoʻling oq boʻlib, oʻqishgayam kirding, Toshkentlarda yashab qolib ketding. Mayli-da, qaerda boʻlsanglar ham sogʻ-omon, tinch boʻlsalaring boʻldi.
— Xola, ishlar bilan boʻlib, hammasi yodimdan koʻtarilibdi. Sizga tilla isirgʻa va’da qilibman-u, lekin oberishga kelganda...
— Qoʻysangchi, Shuhratjon, — deb xijolatli ovozda jiyanini yupatdi kampir, — men sendan sira domangir boʻlmaganman. Buyam bir gap yoʻgʻi-da, gap-da. Nasib etsa, bolalaringni toʻyiga borganimda tillasidan boʻlmasayam, prostoyidan isirgʻa oberarsan...

Kampir qishloqdagilardan, oʻtgan-qaytganlardan gapirib, jiyanini zeriktirmadi. Dasturxonga ovqat yeyilgandan keyin hassasini qoʻliga olib ketishga chogʻlandi.
— Shuncha yoʻl bosib keldingiz, ovora boʻlib yurasizmi, shu yerda yotib qoling, — dedi kelin .
— Yoʻq, yoʻq, qololmayman. Qarichilik, jon omonat, oʻz uyimda boʻlganim tuzuk.

Xolasining gapi Shuhratning yuragiga qadaldi.
— Xola, bu gal kelishimda tilla isirgʻani albatta, olib kelaman, — dedi boʻgʻziga ogʻriq tiqilib Shuhrat.
— E, bolam, aytdim-ku, sendan sira umid qilmaganman deb. Isirgʻa olib bermasang ham tani joning sogʻ boʻlsa boʻldi, — deya hassasini qoʻliga oldi kampir.

Xolasi ketganidan keyin Shuhrat dam olish uchun soʻriga choʻzildi. Shaharda yashab, minglab isirgʻalarning pulini topibdi-yu, birgina zirakni xolasiga olib kelmagani, va’dasini bajarmagani uchun oʻzini aybdordek his qilib, uf tortdi.
— Nargiza, Zulayho, — deya darvozani taqillatib kirgan ayolning ovozidan koʻzini ochdi Shuhrat.

U oʻrnidan qoʻzgʻalmasidanoq ichkaridan chiqqan kelini ayolga peshvoz chiqdi.
— Shahardan mehmonlar kelishibdi deb eshitdim-u, yugurib kelaverdim, — dedi ayol qoʻlidagi sumkani mezbonga tutqazarkan, — bu yilgi hosildan, kartoshka, shaharga olib ketishar deb koʻtarib kelaverdim.

Shuhrat ayolni avvaliga tanimadi. Oʻzini Sirojiddin amakingizni xotini, Yodgorani onasiman deb tanishtirgandan keyingina tanib, soʻrashdi.
— Sizni doim duoyi joningizdamiz, iloyo bolalaringizni baxtiga eru xotin bor boʻlingizlar. Yodgoram siz tufayli Toshkentlarda oʻqidi, mana hozir maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlaydi. Ikkitagina bolasi bor, unikigayam oʻtsangizlar, bir xursand boʻlardi...

Ayolning gaplari Shuhratning yuragiga ignadek sanchilib, azoblay boshlagandi. Ichkaridan chiqib kelgan Oydin bilan soʻrashib ketgan ayolga Shuhrat ma’nosiz tikilib turar, oʻzini toʻrga tushib qolgan qushdek chorasiz his qilardi.
— Yoʻq demasangizlar, bugun kechqurun bizanikida mehmon boʻlasizlar, — dedi ayol oʻrnidan qoʻzgʻalib, — Yodgoraniyam uyidagilar bilan chaqiraman.
— Lekin biz... — dedi Shuhrat duduqlanib.
— Akasi, yoʻq demangizlar, shuncha yilda bir kelibsizlar, endi bizayam qarzimizni qaytaraylik deb...

Ayol Shuhrat bilan xotinining yoʻq deganigayam qaramasdan kechqurun ularni mehmon qilishini aytib ketdi. Oydin eriga gʻalati tikilib qoldi. Shuhrat koʻzlarini olib qochdi. Yuragi siqilib, oʻzini ichkariga urdi. Nazarida hovlida tursa, uning qilmishidan barcha xabardor boʻladigandek, undan nafratlanishadigandek tuyildi. Oʻzini chalgʻitishga qanchalik urinmasin koʻz oldiga oʻsha voqealar gavdalandi.

Oʻshanda Shuhratning institutga oʻqituvchi boʻlib ishga kirganiga unchalik koʻp boʻlmovdi. Eru xotin topganlarini bolalariga yedirishib, ijarada yashashardi. Bir kuni ertalab eshik qoʻngʻirogʻi chalindi.
— Tong otmasidan kim boʻldi? — deya ajablanib eshikni ochgan Shuhrat ostonadagi ayol va qizni taniyolmadi.
— Biz qishloqdan keldik, Sirojiddin amakingizni oilasimiz, — dedi ayol bemahalda bezovta qilganidan xijolat tortib.

Shuhrat mehmonlarni ichkariga kiritdi. Dasturxonga choy qoʻyildi.
— Akasi, bilasiz, amakingiz oʻtganidan keyin shu qizni deb umrim oʻtdi. Otasi oʻlganida ikki oylik chaqaloq edi, shukr, katta boʻldi. Bu qiz endi shaharda oʻqiyman deb turib olgan. Shunga oldingizga olib kelaverdim... — dedi ayol javdirab.

Oydin biroz norozilangan boʻlsa-da, Shuhrat Yodgoraning qolishiga qarshilik qilmadi. Onasi qishloqqa qaytib ketganidan bir hafta oʻtib, Yodgora institutga kirish imtihonlarini topshirdi. Shuhrat qarindoshining bevasini xafa qilmaslik uchun qizini olib qolgan, uning oʻqishga kirish-kirmasligiga sira qiziqmasdi. Imtihondan Yodgora a’lo baholarda oʻtib, institutga kirdi.
— Men oʻqituvchilarga aytib qoʻyuvdim, jiyanimligingni. Shunga yaxshi baholar qoʻyib berishgan, — dedi Shuhrat Yodgoraning kirganidan esankirab.

Qiz qarindoshiga minnatdorchilik bildirdi. Ertasiga qishloqdan uning onasi keldi.
— Akasi, eshitdim, yaxshilik qipsiz. Sizni yordamingiz bilan qizim oʻqishga kirdi.
— Endi oʻqituvchilardan iltimos qildik-da... — deya taysalladi Shuhrat.
— Qizimni oʻqishga kiritaman deb bitta sigirni asrab yuruvdim. Tunov kuni telefondan oʻqishga kirganini eshitib, oʻshani sotdim. Mana puli, oling. Kam-koʻsti boʻlsa, oʻsha oʻqituvchilarga ayting, keyinroq toʻgʻrilab beraman, maylimi, akasi?!

Ayol qoʻlidagi qogʻozga oʻrogʻliq pul bilan Shuhratga shunday javdirab tikildiki, u qanday qilib uni olganini va «mayli, yaxshilik qilsam, jiyanimga qildim-da» deb toʻngʻillaganini bilmay qoldi.

Yodgora bilan onasi oʻsha kuni qishloqqa qaytishdi. Oʻqish boshlanib, institutga qaytgan Yodgora onasi berganini aytib, Shuhratga yana bir oʻram pul tutqazdi.
— Onam bu pulni togʻamdan qarz olibdi, dalasida ishlab uzadi. Kam boʻlsa, akang aytsin, yana berib yuboraman dedi.

Yodgoraning gapini eshitib, Shuhratning yuragini bir nur yoritib yuborgandek boʻldi. Shu kunlarda pulga ehtiyoji boʻlgani uchun uni tezda oldi-yu, qizdan uzoqlashdi.

Yodgoraning onasi yilda ikki marotaba qizini koʻrish uchun shaharga borar, har tashrifida sumkadagi yeguliklardan Shuhratning uyiga ham tashlab qaytardi. Avvaliga qarindoshining bu iltifotlaridan xijolat tortgan Shuhrat keyinchalik koʻnikdi. Biroq hech qachon Yodgorani oʻz bilimi bilan oʻqishga kirganini aytolmadi. Bugun qarindoshining bevasini koʻrganida oʻsha alamli oʻy yuragini qiymalab yuborgudek boʻldi.

Kechqurungi mehmondorchilikka Shuhrat borishni istamadi, Oydin bilan kelini ketishdi. Borgudek boʻlsa, Yodgoraning yuziga qarashni, yetim boʻlishiga qaramay, unga qilgan nohaqligini oʻylab, ich-etini gʻujgʻon oʻylar kemirardi. Shuhrat televizorga tikilib, xayolga beriluvdi hamki darvoza taqqilab, erkak kishining ovozi eshitildi.
— Kelavering, — deya ovoz berdi Shuhrat va oʻrnidan turib, darvozaga yaqinlashdi.
— Shuhrat aka, yaxshimisiz? — deya quchoqlashib soʻrashdi erkak.

Shuhrat qorongʻida erkakning kimligini taniyolmadi. Oldinma keyin ichkariga kirishgach, uning biroz toʻlishgan yuzi, koʻzlari kimnidir eslatib yubordi.
— Aka, men Odilman, qoʻshningiz. Boya yangamlarni koʻruvdim, mehmondorchilikka ketishayotgan ekan. Sizni yolgʻiz qoldirishganini eshitib, zerikib qolmang deb chiqaverdim.
— Yaxshi qilibsiz-da, — dedi Shuhrat oldidagi choydan mehmonga uzatib.

Choy ichib, gaplashib oʻtirishdi.
— Qishloqqa kelmaganingizgayam ancha yil boʻlib ketdi-yov. Oʻsha yili meni uyim yonib ketganida keluvdingiz chogʻi, — dedi erkak choydan hoʻplab.

Shuhratning yuragi shuvillab ketdi. Qarshisidagi erkakni tanigan boʻlsayam, u bilan bogʻliq nimanidir eslayolmay turgandi. Hozir uning gapidan oʻzini yoʻqotib qoʻyayozdi.
— Esimga tushdi, sizni uyingiz... — deya tutildi Shuhrat.
— Ha, oʻsha yili uyim yonib ketuvdi. Bu yoqda falokat bosib, oyogʻim singandi. Toʻrt bolam, xotinim bilan uysiz koʻchada qoluvdik. Xotinimga ota-onangnikiga ket, bolalarni sarson qilma desam, «shu ahvolingizda tashlab ketamanmi» deb unamaydi. Sizni qishloqqa kelganingizni eshitib, sevinib ketganman. Shaharda yashaydi, puli koʻp, yordam beradi deb oʻylagan boʻlsam kerak-da. Esingizda boʻlsa, oʻgʻlim orqali hovlimga chaqirtirib, yordam soʻraganman. Aksiga olib, sizdayam oʻshanda pul yoʻq ekan. Yoz, kuzda hovlidagi soʻrida yashaganmiz. Xayriyat, qishloqdoshlar, qirindosh-urugʻ bor, qishga yetmay, bir xona boʻlsayam, uy koʻtarib berishdi. Bahorda oyogʻim sogʻayib ketdi, loydan gʻisht qoʻyib, toʻrt xonali uy soldim. E, dunyo qiziq ekan, birda unday, birda bunday yashab umring oʻtib ketaverarkan...

Shuhrat erkakning gaplariga javob qaytarmadi. Faqat bosh irgʻab, ma’qullab qoʻya qoldi. Biroz oʻtib, Oydin bilan ovsini kirib kelishdi. Qoʻshni ketishga chogʻlanib, ertaga ularni uyiga mehmon qilishini aytdi.
— Mayli, — dedi Shuhrat ichidan zil ketib.

Oʻrniga yotgan Shuhratning allamahalgacha koʻziga uyqu kelmadi. Oʻshanda ogʻir ahvolda qolgan qishloqdoshiga pul yoʻq deb, ikki haftadan keyin ikki xonali uyini sotib, toʻrt xonali olgani esiga tushib, yuragini siqardi. Shu ikki kun mobaynida qishloqda u butun umrini koʻrgandek boʻldi. Boʻynidagi qarzlari, qilgan olchoqliklari, nomardliklari... Shularni oʻylarkan, Shuhrat dard uni yengib, umri poyoniga yetayotgan bir paytda endi xatolarini toʻgʻrilashni, qishloqdoshlarining yuziga pok vijdon bilan tik qarashni istardi.

Tong otishi bilan Shuhrat shaharga qaytishini aytib, yoʻlga otlandi. Oydin ham eridagi bu oʻzgarishdan hayron boʻlib, unga ergashdi. Aka-opalari Shuhratning ketganini payqamay qolishdi.
— Nega buncha tiqilinch qildingiz? Qishloqda biron-yarim oy qolasizmi deb oʻylovdim, — dedi Oydin yoʻlda ketisharkan.
— Ertagayoq doʻxtirning oldiga borishimiz kerak, —dedi Shuhrat mashina oynasidan atrofga qarab.

Oydin eriga xavotir bilan tikildi. Uning toʻsatdan doʻxtirning oldiga borishini aytishi, sogʻligining yomonlashganini bildirgandek ayolning yuragi uvishib ketdi. Xotining xavotirli savollariga Shuhrat javob bermay, koʻzlarini yumdi. U bugun inson umrining mazmuni nima ekanligini anglagandek boʻldi.

Oydin tuni bilan uxlamay, eriga koʻz-quloq boʻldi. Shuhrat oʻzini xotirjam tutayotgan, sogʻligidan ishkoyat qilmayotgan boʻlsa-da, uning kechagi gaplaridan tashvishlanib, uxlashga yuragi boʻlmadi.

Ertalab shifokor xonasiga kirgan Shuhrat uni soʻroqqa tuta ketdi:
— Doʻxtir, toʻgʻrisini ayting, men yana qancha yashayman? Hech boʻlmasa, bir yil yashashim mumkinmi? Aytgan dorilaringizni ichaman, barchasiga amal qilaman. Faqat yana yashashim kerak. Hali qiladigan ishlarim bor ekan... — deya javdiradi Shuhrat.

Shifokor ham, Oydin ham uning gaplarini eshitib, bir-birlariga ma’noli qarab olishdi. Shuhrat esa qishloqdoshlari oldidagi qarzlarini uzish, yana koʻplab odamlarga yaxshilik qilish uchun yashashi kerakligini oʻylab, doʻxtirga termilardi.