OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHusniya Pardayeva
Asar nomiYolgʻizlikdan qochish yohud Oʻzgarish (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Husniya Pardayeva
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/07/10
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yolgʻizlikdan qochish yohud Oʻzgarish (hikoya)
Husniya Pardayeva

Uni oʻn yildan keyin ham darrov tanidim. Soch turmagi, yuzidagi sovuqqonlik hecham oʻzgarmagan. Kibr bilan qaddini tik tutib, oʻrdak kabi yurishi ham oʻsha-oʻsha. Yonidan oʻtib ketdim-u, ichki bir ovoz yana ortimga qaytishga undadi. Qarshisida oʻzimni yana oʻn yil oldin imtihon topshirayotgan talabadek his qilib, etim junjikdi.
— Assalomu alaykum, siz Shirinova domlasiz-a? — soʻradim unga yaqinlashib.
— Vaalaykum, — dedi u kibr bilan va ust-boshimga koʻz qirini tashlab, davom etdi, — sizni tanimayroq turibman. Kimsiz?
— Men sobiq talabangizman. Universitetni tamomlaganimga oʻn yil boʻldi. Sizni bir koʻrishdanoq tanidim, — dedim sevinchimni ichimga sigʻdirolmay.
— Rostdanmi?! Men sira oʻzgarmayman! — dedi u havoyi ohangda.
— Domla, hozir ham dars beryapsizmi? Oʻsha kafedrada ishlayapsizmi?
— Tamomlaganimga oʻn yil boʻldi, dedingizmi? Buni qarang, haliyam oʻrganmabsiz-da. Domla machitda boʻladi, men Universitet oʻqituvchisiman! Agar esingizda boʻlsa ism-familyamni aytib murojaat qilishingiz mumkin.

Buni qarang, oʻn yil avval ham u talabalarga xuddi shunday degandi: Domla machitda boʻladi. Men universitet oʻqituvchisiman! Menga Gavhar Shirinova deb murojaat qiling!..

Yillar insonning xarakteri va dunyoqarashini oʻzgartiradi, turmush sinovlari uni har kuyga soladi deb eshitgandim. Ammo Gavhar Shirinovaning gapirish ohangi, kibrliligi va hatto oʻzini tutishi ham oʻzgarmaganligini koʻrib, tilimni tishladim.
— Mayli boʻlmasa, men bora qolay, — dedi Gavhar Shirinova qoʻlidagi soatiga tezgina qarab.

Tavba, oʻn yil avval ham u dars tugaganida qoʻlidagi mana shu soatiga qarab olardi. Bu qiligʻi bilan u doimo bandligini koʻrsatmoqchi boʻlarmidi yoki soatini koʻz-koʻzlarmidi, bilmayman.
— Shu yaqin atrofda yashaysizmi? Biz ham yaqinda koʻchib keldik, — dedim xijolat boʻlib.
— Ha, manavi domning orqasidagi uyning ikkinchi qavatida yashayman! Oʻzim sotib olganman! — dedi Gavhar Shirinova magʻrurona.

U bilan xayrlashdim-u, yuragim huvillab qolgandek boʻldi. Inson yaqin qadrdonidan ayrilganida shunday koʻyga tushadi. Men koʻrinishi-yu, xarakteri sira oʻzgarmagan takabbur oʻqituvchimni koʻrib, undan ayrilishni istamay qoldim. Kechasi ham tushimda ustozimni koʻrib chiqibman. Uni yana qayta koʻrish istagi yuragimda miltillab turardi.

Ertasiga telefon orqali bir dugonam bilan gaplashdim. Unga Gavhar Shirinovani uchratganimni kula-kula aytib berdim.
— E, turqi qurisin oʻshani, — dedi dugonam ensasi qotib, — doim burni koʻtarilgan. Oʻzidan boshqani odam sanamaydi.
— Nimaga bunday deyapsan?
— Bu uzun hikoya, vaqtingni olamanmi degan xavotirdaman, — dedi dugonam istihola qilib.
— Gapiraver, bugun dam olish kuni boʻlsa, vaqtim bemalol, — dedim qiziqish bilan.
— Erimning bir qarindoshi unga oshiq boʻlib qoluvdi. Xotini olamdan oʻtganidan keyin oʻshanga uylanamanga tushib qoldi. Bu oyimcha avvaliga rosa noz qildi. Keyin koʻngandek boʻldi-yu, lekin bir shart qoʻydi. Nimaymish, nikohdan oʻtmasdan avval uyni uning nomiga rasmiylashtirib berish kerak ekan. Qarindoshimiz laqmalik qilib uning shartiga koʻngan. Oʻzi-ku mayli, uch bolasining koʻchada qolishini ham oʻylamasdan uyni uning nomiga rasmiylashtiribdi. Kichikroq bir davrada toʻyni oʻtkazib, birga yashay boshlashdi. Gavhar Shirinova «Men ishli ayolman. Menga bolaning shovqini, tashvishi yoqmaydi. Ularni qarindoshlaringizga bering» deb erining holi-joniga qoʻymagan. Eri ham koʻnib, bolalarini qishloqqa ota-onasinikiga oborib qoʻyibdi.
— Yoʻgʻ-e, shunchalikka boribdimi? — soʻradim ishonqiramay.
— Bunisiyam mayli, Gavhar Shirinova olti oy oʻtar-oʻtmas erini jinnixonaga topshirib yubordi.
— Jinnixonaga?..
— Ha, erini jinnixonaga topshirdi. Meni oʻldirmoqchi boʻldi, bu bilan yashash xavfli deb turib oldi. Keyin oʻsha qarindoshimiz rostdan biroz oʻzgarib qoldi. Aytishlaricha Gavhar Shirinova unga qandaydir dorilar ichirgan ekan. Hozir oʻsha tannozga oshiq boʻlgan qarindoshimiz jinnixonaning bir xonasida tavbasiga tayanib yotibdi.
— Voy, oʻlay, odamni bilib boʻlmas ekan-da. Tunov kuni uni koʻrganimda turmushga chiqmagan deb oʻylamovdim. Koʻrinishi ham oʻzgarmagan, — dedim eshitganlarimga ishonolmay.

Dugonam bilan xayrlashib, roʻzgʻor yumushlariga unnadim. Qoʻlim ishda-yu, xayolimda Gavhar Shirinova bilan bogʻliq gap-soʻzlar...

Bir hafta oʻtdi. Ertalab ishga shoshilib ketayotsam, ortimdan kimdir chaqirdi. Oʻgirilib Gavhar Shirinovaga koʻzim tushdi.
— Ie, domla, — dedim-u, darrov tilimni tishlab, gapimni tuzatdim, — kechirasiz, Gavhar Shirinova, sizmisiz?
— Ismingizni oʻsha kuni soʻramabman. Shuncha yildan keyin albatta, unutib qoʻyganman-da, — dedi u hansirab soʻrasharkan.
— Nigora, — dedim kulib, — ishga ketyapsizmi?
— Ishga, — dedi u, — boshqa qaerga ham borardim.

Bu gal uning shashti pastligini koʻrib, hayron boʻldim. Yoʻlda mening qaerda ishlashim, lavozimim toʻgʻrisida gaplashib ketdik. Gavhar Shirinova xayralashayotib, menga qoʻlini choʻzdi:
— Vaqtingiz boʻlsa, menikiga chiqib turing. Gaplashib oʻtiramiz!

Qarshimda menga doʻstona qoʻl uzatayotgan sobiq oʻqituvchim va kecha dugonamdan eshitganim — makkora ayol turardi. Men bilgan magʻrur, qat’iyatli oʻqituvchi Gavhar Shirinova bir uyni deb shunday pastkashlikka borgan boʻlsa-ya, deya oʻyladim ichimda. Balki oʻsha eri rostdanam uni oʻldirmoqchi boʻlgandir... Xayollarim chuvalashgandan chuvalashdi...

Ishlarim bilan boʻlib, Gavhar Shirinova va u toʻgʻrisidagi gap-soʻzlar xayolimdan koʻtarilgandi. Bir kuni qoʻshnimni yoʻlakda uchratib, gaplashib qoldim.
— Tunov kuni sizni bir ayol soʻrab keldi. Oʻqituvchingiz ekan, — dedi qoʻshnim.

Miyamga lop etib Gavhar Shirinova urildi. Meni uyimga nega yoʻqlab kelganiykin, deb hayron boʻldim. Zarur ishi bordir, deya uyiga boray desam, aniq manzilini bilmayman. Bir kelgan boʻlsa yana kelib qolar deb kutdim. Oradan uch-toʻrt kun oʻtdi. Dam olish kuni uning uyiga bormoqchi boʻlib turgandim, birdan oʻzi kelib qoldi.
— Sizni uyingizdan topib boʻladimi oʻzi? — dedi Gavhar Shirinova pisanda bilan.
— Voy, ichkariga kiring ustoz, — dedim xursandligimdan oʻzimni qoʻyarga joy topolmay.
— Xoʻjayiningiz uydami?
— Yoʻq, hali ishdan qaytmadi, — dedim.
— Yaxshi, erkak kishi bor joyda odam bemalol oʻtira olmaydi-da. Toʻgʻrisini aytsam, erkak zotini jinim suymaydi, — deb u divanga borib oʻtirdi.

Uning gapini eshitib, dugonamning hikoyasini esladim. Gavhar Shirinova dasturxon yozishimga qoʻymadi.
— Uyimizga bir kelib qolibsiz, — dedim qoʻyarda-qoʻymay dasturxonni yozib.
— Koʻrinishingizdan sadoqatli insonga oʻxshaysiz. Buning ustiga ayol kishisiz, meni tushunasiz, deb oʻylayman. Oʻqituvchiligimni, sizga ta’lim berganimni ham unutmagan boʻlsangiz kerak. Sizga ishonsam boʻladimi?

Uning savoli meni gangitib qoʻydi. Biron sirini aytsa-ya, degan oʻydan yuragim orqaga tortib ketdi.
— Mayli, gapiravering. Men ogʻzimga mahkamman!

U choʻntagini kavlab, bir tuguncha chiqardi. Keyin esa menga tutqazib, davom etdi:
— Bular mening halol mehnatim orqasidan yigʻib-terganlarim. Oʻzingiz bilasiz, yolgʻiz yashayman, uyimda qorovulim yoʻq. Oʻzim erta ketib, kech qaytaman. Qoʻni-qoʻshnilarimning halol odamligiga ishonolmayman. Uyimning qarovsizligidan foydalanib, bitta-yarimtasi oʻgʻrilikka kiradi, degan xavotirdaman. Axir uzzu kun bularni yonimda olib yurolmayman-ku...
— Toʻgʻri, tunov kuni birinchi qavatdagi qoʻshninikiga oʻgʻri kiribdi deb eshitdik. Qimmatbaho taqinchoqlarini, pul-mulini olib ketibdi. Siz ham shuni eshitgandirsiz-da.
— Toʻgʻri, oʻsha oʻgʻrilikni eshitib, xavotirim oshdi, — dedi Gavhar Shirinova jonsaraklik bilan.
— Lekin men birovni omonatini ololmayman. Qoʻrqaman!..
— Ie, nega qoʻrqasiz?! — deya u xoxolab kuldi, — nimadan tillalardanmi? Tilladan qoʻrqqan odamni birinchi marotaba koʻrishim. Olavering, bularni sizga vaqtincha beryapman.
— Taqinchoqlaringiz qimmatbahoga oʻxshaydi. Qoʻying, men omonatga javob berolmayman. Oʻzim ham ishlayman, kunduzi uyda boʻlmayman, — dedim javobgarlikni oʻzimdan soqit qilib.
— Mayli, zorimiz bor-u, zoʻrimiz yoʻq! Men sizga ishonganimdan uyingizga keluvdim. Bunchalik qoʻrqoqligingizni bilganimda kelib ovora boʻlmasdim, — dedi u oʻrnidan turayotib.

Noqulay ahvolga tushib qoldim. Uning omonatini olib qolay desam, javobgarligidan qoʻrqaman. Rad etsam, oʻqituvchim uyimdan chorasizdek mungʻayib chiqyapti.
— Bugun xoʻjayinimdan soʻrab koʻray, rozi boʻlsa ertaga buyumlaringizni olish uchun oʻzim uyingizga boraman, — dedim oradagi vaziyatni yumshatish uchun.
— Mayli, kutaman!.. — dedi u istehzoli jilmayib.

Kechgacha oʻqituvchimning omonati toʻgʻrisida oʻyladim. Erim ishdan qaytganida unga ogʻiz soldim.
— Kerakmas! Birovning omonatini olib, boshimni gʻavgʻoga qoʻyma!.. — dedi erim qat’iy.

Tuni bilan oʻqituvchimga erimning qarorini qanday aytishni bilolmay, oʻylanib chiqdim. Ertasiga ertalab oʻqituvchimning uyini surishtirib topdim. Roʻparadagi uyning ikkinchi qavatida joylashgan xonadonning eshigini taqillatdim. Hayal oʻtmay, qarshimda Gavhar Shirinova paydo boʻldi.
— Kechirasiz, ishga ketayotganmidingiz? — soʻradim hovliqib.
— Keling, kechasi bilan uxlamay oʻyladingizmi deyman, — dedi oʻqituvchim meni uyga kirishga taklif etib.
— Yoʻq, kirolmayman! Ishga shoshilib turibman. Kechagi taklifingizni xoʻjayinimga aytgandim, ruxsat bermadi. Kechirasiz, men erimning gapini ikki qilolmayman, — dedim yerga kirgudek boʻlib.
— Mayli, shunday deyishingizni biluvdim, — dedi u quruqqina qilib va xayrlashishni ham nasiya qilib eshikni yuzimga yopdi.

Eshik orqasida mulzam boʻlib qolaverdim. Uning magʻrur va qat’iyatliligini bilardim. Bugun esa xudbinligini ham koʻrdim. Jahlim chiqib, koʻchaga chiqdim. Yuzimga sovuq shamol urilib, oʻzimga keldim.

Kunlar oʻtdi. Koʻnglimda Gavhar Shirinova bilan bogʻliq noxushlik boʻlsa ham uni eslamay qoʻygandim. Ishdan qaytayotsam, qoʻshnim oʻqituvchimnikiga borishim kerakligini aytib qoldi.
— Uf-f, shu oʻqituvchim ham jonimga tegdi-da, — dedim asabim taranglashib.
— Oʻzi nega sizni buncha soʻroqlab qoldi?
— Bilmasam.., — dedim-u, uyimga kirib ketdim. Qoʻshnimga oʻqituvchimga oid gaplarni gapirib oʻtirgim kelmadi.

Ertasiga ham, indiniga ham uning uyiga borishga fursatim boʻlmadi. Uchinchi kuni ishdan vaqtliroq ruxsat soʻrab, istamaygina unikiga chiqdim.
— Keldingizmi, nihoyat, — deya Gavhar Shirinova meni qarshi oldi.

Uning rang-roʻyi siniqligini koʻrib, tobi yoʻq boʻlsa kerak, deb oʻyladim. Hol-ahvol soʻrashib ichkariga kirdim. Uyi shinam va ortiqcha dabdabasiz ekan. Xona burchagidagi shkafda kitoblar terib qoʻyilgan. Bir tomonda kompyuter va printer qoʻyilgan stol turibdi.
— Oʻtiring, — dedi Gavhar Shirinova oʻrindiqni koʻrsatib.

Oʻzi ham qarshimdagi oʻrindiqqa oʻtirdi.
— Qoʻshnim aytdi, chaqirtirgan ekansiz? — dedim uning koʻziga qaramaslikka urinib.
— Uch kun boʻldi-ku, ayttirib yuborganimga, — dedi u xoʻrsinib, — jigaringiz boʻlmaganimdan keyin nega chaqirdiykin, deb xavotirlanmaysiz-da, toʻgʻrimi?

Uning menga bu tarzda gapirishi ogʻir botdi. Xuddi biron ogʻirimni yengil qilib qoʻygandek pisanda qilishini-chi?! Tagʻin oʻsha kuni oʻzi uyidan quvib solgandek qilgandi.
— Kechirasiz, nima gapingiz boʻlsa ayta qoling, men shoshilib turgandim, — dedim biroz iddao bilan.
— Shundaymi? Sizni chaqirtirganimga sabab oʻsha kuni tobim qochib qoluvdi. Haroratim qirqqa koʻtarilib, oʻrnimdan turolmay qoldim. Ogʻzimga bir piyola suv tutadigan odam topolmadim. Sizni oʻzimga yaqin olib, ayttirgandim-da.
— Voy, betobligingizni eshitmabman. Boʻlmasa albatta, kelardim, — dedim oqibatsizligimdan uyalib.
— Hayot qiziq ekan. Inson yosh, kuch-quvvatga toʻla paytda oʻzini barcha ishga qodirdek his qiladi. Eng yomoni, oʻshanda inson doimo shunday qolaman deb oʻylaydi. Bu xatosini anglaganida, yoshlik shijoatini yillar suroni yulib ketgan boʻladi, — dedi Gavhar Shirinova ogʻir xoʻrsinib.
— Nega unday deysiz? Siz haliyam avvalgidek chiroyli, kelishgan ayolsiz. Hech kim sizni turmushga chiqqan ayol, deb oʻylamaydi, yosh koʻrinasiz, — dedim unga taskin berib.
— E, bu yosh koʻrinishga oʻt tushsin. Bu chiroy joning ogʻriganida dori, yolgʻizligingda suyanchiq boʻlolmaydi. U yamlamay yutishga payt poylayotgan ajdahoga oʻxshaydi. Qachondir domiga tortishini sezaman... Ayol boʻlsam-da, erkaklarni hurkitadigan vajohatim, qat’iyatim bor edi. Aslida erkaklardan nafratlanaman, ularni koʻrgani koʻzim yoʻq! Oilada toʻrt qizmiz. Otam «menga oʻgʻil tugʻib bermading» deb onamni yigirma besh yoshida tashlab ketgan. Onam bechora, qirq yil beva boʻlib yashadi. Oʻgʻil farzand-u, qiz bola farzand emasmi? Qiz deb bizni tashlab ketgan otamga koʻrsatib qoʻyish uchun ham maktabda a’loga oʻqib, institutga oʻqishga kirdim. Talabaligim ham ogʻir oʻtdi. Qiyinchiliklar mening maqsadimni yanada qat’iylashtirdi. Institutni tamomlaganimdan keyin poytaxtda ishlashga qaror qildim. Oʻqituvchim meni oʻziga shogird qilib institutga ishga olib qoldi. Uch yil ishladim. Bu paytda uyimizga koʻplab sovchilar kelishdi. Otamdan nafratlanganim uchun boshqa erkaklarni ham xushlamasdim. Men tegadigan er ham otamdek xudbin, oʻz manfaati uchun mendan osongina voz kechib ketadi deb oʻyladim va sovchilarga rad javobini berdim. Yillar oʻtdi. Oʻttiz yoshga yetganimda uyimizga yana sovchi keldi. Xotini oʻlgan bir erkak menga uylanmoqchi ekan. Qiz bola boʻlaturib, ikkinchi xotin boʻlamanmi deb figʻonim falakka koʻtarildi. Bir yarim yildan keyin farzandsizlik tufayli xotinidan ajrashgan bir erkak qoʻlimni soʻradi. Onamga maslahat soldim. Onam «Xotini tugʻmagan ekan. Senga uylanganida ham farzandli boʻlmasa-chi, unda ahvoling nima kechadi? Bir umr tirnoqqa zor boʻlib oʻtasanmi?» deb tegishimga rozi boʻlmadi. Taqdirimga tan berib, hayotimda davom etdim. Ikki yil oldin bir erkak «Menga turmushga chiqing» deb holi jonimga qoʻymadi. Olti oy rad javobini berganimdan keyin nihoyat, rozi boʻldim. Toʻydan avval uyini mening nomimga rasmiylashtirib berishini talab qildim. Nihoyat, uy mening nomimga oʻtib, biz turmush qurdik. Uning bolalarini «menga kundoshlik hasratini eslatmasin deb» qishloqdagi qarindoshlariga berib yubordik. Garchi sevib turmush qurmagan boʻlsam-da, erimga koʻnglim bor edi. Toʻrt-besh oy ahil yashadik. Bir kuni u mendan «Sen nega homilador boʻlmaysan?» deb soʻrab qoldi. Bu narsa meni ham oʻylantirardi-yu, lekin yurak yutib birovga aytolmasdim. Oʻsha kuni erimdan yashirib, ayollar shifokoriga bordim. Tekshiruvlardan keyin mening farzand koʻrolmasligimni aytishdi. Bu xabarni eshitish menga oson boʻlmadi. Koʻzimga dunyo tor koʻrinib, yuragim tilka pora boʻldi. Oʻzimni chorasiz, yolgʻiz his qildim. Bir necha kun siqilib yurganimdan keyin toʻsatdan xayolimga bu gapni eshitsa erim meni uydan haydaydi degan oʻy keldi. Soat sayin bu fikrdan yuragim vahimaga toʻlib borardi. Oʻylay-oʻylay axiyri erimni bu uydan haydashim kerakligini tushundim. Arzimagan janjalni bahona boʻlib, unga keting, siz bilan ortiq yashamayman, dedim. Shunda u menga pichoq oʻqtalib, oʻldirishini aytdi. Bu holat ikki marta takrorlandi. Uning qoʻlida oʻlib ketishimdan qoʻrqib, tez yordamni chaqirdim. Erimni oʻsha kuni jinnixonaga olib ketishdi. Mana bir yildirki, u jinnixonada yotibdi. Uy esa menga qoldi.
— Uning bolalariga achinmadingizmi? — soʻradim dugonamning gaplari esimga tushib.
— Bolalarga achinaman, lekin qishloqda ularning oʻz uylari, boshpanalari bor. Meni esa na uyim, na qoʻnimim bor. Undan keyin ularga oʻz otasi achinmadi-yu... Mana koʻrdingizmi, erkaklardan nafratlanishimga yana bir sabab bor. Men hammasidan charchaganman! Shuncha qiyinchiliklarimdan keyin tekkan erim jinni boʻlgani menga alam qiladi. Ikki oy avval onam olamdan oʻtdi. Shundan beri oʻzimni yana ham ojiz, chorasiz his qilib qoldim. Hech bir ishga xafsalam, toqatim qolmagan. Uzoqlarga ketgim keladi. Lekin yolgʻiz, ayol boshim bilan qaerga ham sigʻardim? Umrimning soʻnggi damigacha shu uyda qolsam kerak.
— Bunchalik tushkunlikka tushmang! Boshingizga tushganlari taqdirning hukmi.
— Tasalli bermang, eshitishga toqatim yoʻq! Sizdan bir iltimos, menikiga tez-tez chiqib, xabarlashib turing. Tagʻin oʻlib-netib qolsam...
— Nafasingizni issiq qiling-e!
— Yolgʻiz oʻzi yashaydigan ayrim oʻris kampirlar bor-ku, oʻshalarning oʻlganini hatto qoʻshnilari ham sezishmaydi. Jasadi bir necha kun uyida qolib ketganidan keyingina uni chiqarib koʻmishadi. Men ham bir kuni oʻshanday ahvolga tushib qolishdan qoʻrqaman!

Shu tobda unga qarab achinib ketdim. Gavhar Shirinovaning koʻzlarida yosh halqalanardi.
— Siz uzoq umr koʻrasiz! Men siznikiga tez-tez chiqib turaman. Oʻzingiz ham chiqing, uyimizni bilasiz, — dedim ketishga chogʻlanib.
— Mayli koʻramiz. Hozircha esa qiladigan ishlarim koʻp, — dedi u ma’yus tortib.

Bir necha kungacha Gavhar Shirinovaning gaplarini ta’siridan chiqa olmadim. Tavba, gadoy libosidagi malikaga oʻxshaydi. Yolgʻizlikdan azob chekayotgan oʻqituvchimga bir achinsam, bir uning xudbinligi, magʻrurligi shu kuyga soldi deb qoralayman.

Dushanba kuni ishdan qaytayotib, bekatda Gavhar Shirinova bir bola bilan turganiga koʻzim tushdi.
— Bozorga tushganmidingiz? Keling bitta sumkangizni men koʻtaraman, — deb unga qoʻlimga uzatdim.
— Kerakmas, oʻzim eplayman! — dedi u keskin.

Avtobusda yoʻl boʻyi gaplashmadik. Gavhar Shirinova bolakayga mehribonlik bilan nimalarnidir gapirar, derazadan goʻzal manzaralarni koʻrsatardi. Bekatga tushib, uning yonidagi bolaning kimligiga qiziqdim.
—Oʻsha kuni yaxshilab oʻylab, qishloqqa borishga qaror qildim. Erimning uch bolasini olib keldim. Endi ularga oʻzim qarayman, gʻamxoʻrlik qilaman.
— Rostdanmi?! — Uning gapiga ishonolmay nariroqda turgan bolaga qaradim.
— Bu kattasi, — dedi u bolaga ishora qilib, — ikkitasi uyda. Ularni uyimiz yaqinidagi maktabga joylashtirish harakatida yuribman. Endi ular mening bolalarim. Uchovini ham oʻqimishli, uyli-joyli qilaman. Koʻrasiz, hademay bir etak nevarali buviga aylanaman!..

Gavhar Shirinova toʻlib-toshib gapirardi. Uning koʻzlari mehrga, umidga toʻla edi.