OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifHusniya Pardayeva
Asar nomiYulduzini yoʻqotgan odam (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Husniya Pardayeva
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/07/10
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yulduzini yoʻqotgan odam (hikoya)
Husniya Pardayeva

Azamatning bor umidi shu ishidan edi. Oʻtgan hafta kelganida boshliq «Bizga ishchi kerak. Keyingi hafta keling, albatta, qabul qilamiz» deganida oʻzida yoʻq sevinib ketgandi. Bir hafta tilla topgan gadoydek koʻngli toʻq boʻlib yurdi. Bugun tongda uygʻonib, soqolini oldi, oʻziga oro berdi. Xotinining nonushtasiga ham qaramay, yoʻlga otlandi. Uning hayajondan yuragi dukillab urar, ichida ishqilib olsinda, degan soʻzlarni minginchi bor takrorlardi ehtimol. Yetib kelganida boshliq tugul hatto kotiba, xodimlar ham ishga kelmagan ekan. Darvozani ochgan qorovul chol unga norozilanib toʻngʻilladi:
— Ishchilar kelishsin, keyin kirarsan!

Qorovulning iddaosi ham Azamatning kayfiyatini buzolmadi. U chekkaroqqa oʻtib, umidli nigohini mashinalar gʻizillab oʻtayotgan koʻchaga tikdi. Qaniydi, tezroq boshliq kela qolsa-yu, u tayinlangan ishni boshlasa. U koʻproq ishlashni, namunali xodim boʻlib, boshliqning nazariga tushishni orzulab, xayolga berildi. Kunlar shamoldek oʻtib, maosh tarqatiladigan kun keladi. U qoʻliga tushgan pullarni tiyinini ham ishlatmasdan uyiga olib boradi. Xotiniga, bolalariga qanday ishlaganini shu pullar koʻrsatadi...
— Hoy, boshliq keldi, kirmaysanmi? — dedi qorovul chol bir payt bepisand ohangda.

Azamat choʻchib tushdi. Uyqudan uygʻoniboq, xushxabar eshitgan odamdek sevinib, ichkariga kirdi. Kotiba «biroz kuting» deb uni oʻrindiqqa taklif etdi. Azamat bir soat kutdi. Boshliq muhim masalani hal qilayotganini aytishdi. Devordagi soat millari Azamatning asab tomirlarini uzmoqchidek borgan sari balandroq chiqillardi. U betoqatlik bilan dahlizga chiqdi. Xodimlarning u yoqdan buyoqqa oʻtayotganini koʻrib, birozdan keyin oʻzi ham oʻshalar orasida boʻlishini oʻylab, entikib jilmaydi. Kotiba unga ichkariga kirishini aytdi.
— Kechirasiz, hozircha ishchi qabul qila olmaymiz. Oʻzimiz ishchilarimizni boʻshatyapmiz. Tashkilotning moliyaviy ahvoli shuni talab qilyapti, — dedi boshliq quruqqina qilib.

Azamatning birdan boʻshashib ketdi. Boshliqning yuziga umid bilan moʻltiradi. Uning turqi oʻzgarmaganini koʻrib, chorasiz oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Oyoq-qoʻllari oʻziga buysunmay, oldinga ildamladi. Birozdan keyin Azamat oʻzini mashinalar qatnovidagi koʻchada koʻrdi. Yuragini yana oʻsha yoqimsiz, ezgin hislar egalladi. Adashib qolgan bolakaydek atrofga alangladi. Oyoqlari yana unga buysunmay odimlardi.
— E, koʻzingga qaramaysanmi naynov! — dedi haydovchilardan biri oʻdagʻaylab.

Azamat mashina yoʻlida turganini koʻrib, qoʻrqib ketdi. Haydovchidan uzr soʻrashni ham unutib, chekkaga oʻtdi. Mashinalar katta yoʻldan gʻizillab oʻtar, yoʻlning narigi tomoniga oʻtishning iloji yoʻq edi. Azamat ortga qayrilib, yoʻlak boʻylab keta boshladi. U shu damda nima haqida oʻylashni ham bilmasdi. Avvallari ish yoʻqligini eshitganida yuragiga oʻt ketgandek boʻlardi. Oʻzini kamsitilgandek his qilib, junbushga kelardi. «Shuncha odam ishlab yuribdi-ku. Nega bitta menga ish topilmas ekan. Ulardan qaerim kam?..» derdi alam bilan soʻkinib. Bugun esa hech narsa demadi, soʻkinmadi. Goʻyo hammasi shunday boʻlishi kerakdek boʻshashib ortiga qaytdi.
— Akajon, sadaqa bering! Bolalaringizni rohatini koʻring, qoʻsha qaring, iloyim!.. — deya qarshisida qoʻl choʻzib turgan loʻli bolani koʻrib, yuzi burishib ketdi. Keyin esa loʻli bola ushlab olgan qoʻlini siltab oldinga intildi. Bolakay unga yanayam qattiqroq yopishib oldi. Azamat bolani itqitib tashlamoqchi boʻldi-yu, uning koʻzidagi umidni koʻrib, gʻalati boʻldi. Bu begʻubor tilanchi bolaning nigohidagi umidni uloqtirib tashlayolmadi. Beixtiyor choʻntagiga qoʻl suqdi. Barmoqlariga yuz soʻmlik pul ilashib chiqdi. Azamatning qoʻlidan pulni olgan bola duo qilib, uzoqlashdi. U bolakayni ortidan bir muddat tikilib turib, yana qayta choʻntagini kavladi. Qup-quruq. Azamat bolakayga berib yuborgan oxirgi puliga achinmadi. Avvallari tilanchilarni koʻrsa Azamatning ensasi qotib, jahli qoʻzirdi. Bugun esa undan jirkanmadi.

Yoʻlda bir-ikki tanishiga duch kelgan Azamat ularning oldida gaplashib turmasdan tezroq uzoqlashishni lozim topdi. Chunki ishi, maoshi toʻgʻrisida surishtirishlarini istamasdi. Uyiga qaytay desa, yana ish topolmaganini xotiniga qanday aytadi? Bu safar Muyassarning figʻoni falakka chiqishi tayin. Axir besh oydan beri erining bugun topaman, ertaga albatta, ishga kiraman deya qoʻynini puch yongʻoqqa toʻldirishiga zoʻrgʻa chidab turibdi. Bir-ikki marta roʻzgʻordagi kamchiliklarni aytib, Azamatdan baloga qoldi.
— Menam oʻynab yurganim yoʻq-ku, ish izlayapman. Nasib etsa bugun albatta, topaman, — deb chiqib ketardi Azamat.

Kechqurun esa suvga tushgan mushukdek shumshayib kirib borardi. Xotinining savolomuz nigohiga qarayolmay, charchaganini bahona qilib, yotoqxonaga oʻzini urardi. Birozdan keyin bolalari chiqib, ovqatga chaqirar, u esa istar-istamas tashqaritga chiqardi.

Bugun esa kuzning soʻnggi yaprogʻi uzilib tushgandek Azamatning yuragi ham boʻm-boʻsh boʻlib qolgandi. U tentirab kechgacha koʻchalarni kezdi, qorongʻi tushganida uyiga kirib bordi.
— Bugun boshliq kelmadi, ertaga kelarmish, — deb yolgʻonladi Azamat xotinining koʻziga qarayolmay.
— Uf, oʻlsin shu ertasi ham hech tugamas ekanda. Yaxshisi, oʻzim ishga chiqaman. Bir bekat narida yangi supermarket ochilibdi, borib koʻrdim. Farrosh kerak deyishdi. Ertaga boshligʻiga kirib, ishga kirishimni aytaman!

Azamat xotinida bunchalik qat’iyat borligini bilmagandi. Uni endi koʻrayotgandek angrayib qoldi. Xotini ovqat yeyishga undadi. Ammo Azamatning tomogʻidan ovqat oʻtmay, yana yotoqxonaga kirdi. «Menga nima jin urgan oʻzi? Nimaga borgan joyimda ish yoʻq, deb qaytaraverishadi. Yo peshonamga «kasofat» deb yozib qoʻyilganmi?..» deya unsiz yigʻlardi u. Bolalarini uxlatib boʻlgach, xotini yoniga kirdi. Muyassar chiroqni oʻchirib, ogʻir xoʻrsindi. Azamat xotinining alamdan baqirib-chaqirishini, yigʻlab-siqtashini istardi. Hech boʻlmaganda yuragidagi gʻuborlarni chiqarib tashlasa, ichiga yutmasa deydi. Biroq Muyassar indamaydi, xoʻrsinishdan nariga oʻtmaydi. Azamat qorongʻida koʻrmasa-da, xotinining shiftga termilib yotganini sezib turar, ortiq bunday sukunatga bardoshi yetmasdi. Oʻrnidan turib, koʻylagini kiydi. Eshikni yopganida ham Muyassar miq etmadi. Azamat hovliga chiqib, chuqur nafas oldi. Koʻzi osmondagi gʻujgʻon yulduzlarga qadaldi. Oʻzining yorugʻ yulduzini qidirdi, topolmadi. Ishonmay, yana qayta sinchiklab koʻzdan kechirdi. Yoʻq. Uning tole yulduzi yoʻq. Azamatning yuragi uvishdi. Bolaligidan unga hamroh boʻlgan, koʻzini quvnatgan eng yorugʻ yulduzi bugun koʻrinmasdi. Toʻyib yigʻlagisi, samoni tit-pitini chiqarib boʻlsayam oʻz yulduzini topgisi keldi. Qoʻli yetmasligi, chorasizligi alam qilib ketdi. Esida, bolaligida yoz keldi deguncha kechasi hovlidagi keng karovatda akalari bilan yotardi. Azamat eng chekkadagi oʻrinda uxlardi. Akalari kuni boʻyi ishlaganidan tezda uyquga ketishar, Azamat boʻlsa yarim tungacha osmon toʻla yulduzlarga mahliyo boʻlib tikilardi. Gʻujgʻon yulduzlar orasidan eng yorugʻini oʻziniki qilib tanlagandi. U har kuni oʻz yulduzini soatlab tomosha qilardi. Mitti yuragi kun kelib u ham yulduzi kabi kattakon, taniqli odam boʻlishini uqtirardi. U institutga oʻqishga kirganida ham, keyinchalik ishlab, shaharda uy-joyli boʻlganida ham kechalari osmonga qarab, oʻz yulduziga termilishni kanda qilmadi. Yulduzi ham uning intiqligini sezgandek yarqirab paydo boʻlardi. Bugun undan dom-darak yoʻq. Azamatning yuragi gʻashlanib, hovlidagi oʻrindiqda biroz oʻtirdi. Keyin uyiga kirib, uyquga yotdi. Tushiga ham yulduzi kiribdi, Azamat uni axtarib yurganmish.

Ertalab shikasta ruh bilan uygʻongan Azamat oʻgʻlidan onasini ishga ketganini eshitib, gʻalati boʻldi. Muyassarning kechagi shahdi haq ekanligini sezdi. Qizi maktabga ketgan, oʻgʻli oʻyinchoqlarini oʻynab oʻtirardi. Azamat ularga nonushta tayyorlab berib, oʻzi televizorga tikildi.
— Dada, koʻchaga chiqaman! — dedi oʻgʻli injiqlanib.
— Koʻchada nima qilasan, manavi oʻyinchoqlaringni oʻynab oʻtirsangchi, — dedi Azamat jerkinib.

Oʻgʻli uch yoshga kirgan boʻlsayam koʻngli boʻsh edi, darrov yigʻlab yubordi. Azamat uni koʻchaga olib chiqishdan oʻzga chorasi qolmaganini payqab, kiyindi. Yoʻlakcha boʻylab yurishdi.
— Dada, chuppa chups! — dedi oʻgʻli nariroqda turgan sotuvchi ayolning oldidagilarga imo qilib.
— Ertaga olib beraman.
— Yoʻq, hozir olib bering!.. — deya xarxasha qildi oʻgʻli.

Sotuvchi ayol bolakayning umidvorligini sezgandek unga qarab yaltoqlandi:
— Chuppa chups xohlaysanmi, aylanay. Dadasi, shu shirin bolaga obera qoling.

Azamat oʻgʻlining bilagidan tutib, ketishga chogʻlandi.
— Oʻlsin endi shu besh yuz soʻmlik konfetni obermasangiz...,— Sotuvchi iddao bilan chimirildi.
— Obera qoling!.. — dedi bola yigʻlab.

Oʻgʻlining koʻz yosh toʻkishi Azamatning jahlini chiqardi. Uni siltab oldinga yurmoqchi edi, oʻgʻli tixirlik qilib turib qoldi.
— Yur!.. — deya oʻdagʻaylagancha oʻgʻlining yuziga qaragan Azamat uning nigohida u limmo-lim iltijoni koʻrib, gʻalati boʻlib ketdi. Bolaning koʻzida kuchli xohish-istak, alam oʻrnashib qolgandek edi. Bu umidvor nigohlarni rad etishga inson zotining bardoshi yetmaydigandek edi. Azamat beixtiyor choʻntagini kavladi. Oʻgʻlining iltijoli nigohi, sotuvchining gʻolibona tabassumi uni dovdiratib qoʻygandi. Choʻntaklarini qayta-qayta kavlashtirdi, hech vaqo yoʻq.
— Oʻgʻlim, hozir shoshilib chiqibman. Uyga kiraylik, pul olib chiqib olib beraman, — dedi Azamat yumshoqlik bilan.
— Yoʻq! — Oʻgʻlining oʻjar, jarangdor ovozi yangradi.

Azamat yana oʻtindi. Axiyri bolakay otasining gapiga ishonib, unga ergashdi. Sotuvchi xotinning esa yana alamli gʻoʻldirashi eshitildi.

Azamat uyga kirib, oʻzini vannaxonaga urdi. Yuragini toʻldirib yuborgan alam oʻkirik boʻlib otilib chiqdi. U baquvvat kaftini ogʻziga toʻsib yigʻlardi.

Muyassar kechasi qaytdi. Uning horgʻin chehrasi, siniqqan rangiga qarab Azamatning yuragidagi iztiroblar junbushga keldi. «Ertaga oʻzim ishga chiqaman!» dedi tishlarini gʻijirlatib.

Muyassar unga yovqarash qildi. Azamat uning nigohlariga dosh berolmadi.

U soatni tonggi beshga uygʻotadigan qilib, uyquga ketdi.

Soat bir marotaba jiringlashi bilan oʻrnidan dik etib turdi. Oyoq uchida yurib, dahlizga chiqdi. Oʻn besh daqiqada kiyinib, koʻchaga otlandi. Xotinining sezmagani uni quvontirar, nazarida bugun omadi kelib, ish topadigandek tuyulardi.

U ancha yoʻl bosdi. Bir necha ishxonaga kirib chiqdi. Ulardan joʻyali javob ololmagach, yoʻlida davom etdi. Bugun shaharni piyoda aylanib chiqsayam ish topishi kerak. Shu payt koʻzi yoʻl yoqasidagi simyogʻochga yopishtirilgan «Daromadli ish» deb yozilgan qogʻozchaga tushdi. Yuragi quvonchdan koʻksini yorib chiqqudek edi. Qogʻozchani olib, obdon koʻzdan kechirdi. U yerda koʻrsatilgan raqamga qoʻngʻiroq qilishni oʻyladi. Yonidan yelib-yugurayotgan yoʻlovchilardan telefon soʻradi. Goʻshakni yoqimli ovozli qiz koʻtardi. U ishxona manzilini aytdi. Telefonni minnatdorona egasiga qaytarayotgan Azamat aytilgan manzilga uchib borgudek edi.

Aytilgan joy uzoq boʻlgani uchun Azamat tushlikdan keyin kirib bordi. Ishxona koʻp qavatli uyning birinchi qavatida joylashgandi.
— Biroz kuting, ichkarida odam bor, — dedi yosh qiz uni taklif qilib.

Azamat oʻrindiqqa choʻkdi. Boshliq bilan boʻladigan suhbatni xayolan oʻyladi. Bu gal ishga kirishini ta’kidlayotgandek yuragi gursillab urardi. Nihoyat, ichkaridagi kishi chiqib, Azamat kirdi. Boshliq oʻrta yoshli, jussasi miqtigina kishi edi. Azamat bilan quyuq soʻrashib, oʻtirishga taklif qildi.
— Avval ishlaganmisiz?
— Ishlardim, besh oy avval ish oʻrni qisqartirilib, boʻshadim. Keyin bir-ikki joyga ishga kirdim, ba’zilari menga toʻgʻri kelmadi, ba’zilarida ishlab ketolmadim.
— Shunday deng, — dedi salmoqlanib boshliq va Azamatga ta’na nazari bilan qaradi, — unday boʻlsa, bizning ishni ham toʻgʻri kelmaydi desangiz-chi...
— Yoʻq, unday demayman! — dedi jon holatda Azamat, — qanday ish boʻlsayam qilaveraman!
— Ishni ogʻir-engil deb oʻtirmaysiz, shundaymi? Koʻrinishingizdan sport bilan shugʻullanadiganga oʻxshaysiz... — deb ijikiladi boshliq.
— Akajon, aytyapman-ku, hamma ishni qilaman deb. Faqat ishlasam, maosh olsam boʻldi. Oilam qiynalib qoldi. Bolalarniyam yeb-ichishi... — deya kalovlandi Azamat.
— Biz yaxshi maosh toʻlaymiz. Ish ham siz aytganchalik ogʻir emas. Lekin ikkita shartimiz bor...
— Qanday shart?
— Avvalo, bizning ishimiz maxfiy ish. Ogʻzingizga mahkam boʻlsangiz, topshirigʻimizni soʻzsiz bajarsangiz, qoʻlingizga moʻmaygina pul tushadi. Axir sizga pul kerak-ku.
— U qanday ish ekan? — deb ajablandi Azamat.
— Buni keyinroq aytamiz. Bugun uyingizga boring, yaxshilab dam oling. Ikki-uch kun ichida buyurtma olamiz. Keyin sizni chaqirtirib, ishni topshiramiz.
— Haydovchilikmi? Boshqa davlatga mol olib borish kerakmi?— soʻradi Azamat betoqatlanib.
— Aytyapman-ku sizga, bizning ishimizda qiziquvchanlik, shoshma-shosharlik yaramaydi. Sizga pul kerak, bizga esa yaxshi ishchi. Ishingizni koʻngildagidek bajarsangiz, sizni ham, bizniyam oshigʻimiz olchi boʻladi. Haydovchilikka kelsak, sizga topshiradigan yumushimiz ham shunga oʻxshash. Bizning ishda sizdek oʻnlab xodimlar ishlashadi, koʻnglingizni toʻq qiling!

Azamat uyga quvonib qaytdi. Xotinining «nega ketib qoldingiz, men ishga borishim kerak edi» deb jigʻibiyron boʻlishi ham asabini buzmadi. Faqat uni yupatish uchun «Endi seni ishlashing shart emas! Men zoʻr ish topdim, maoshiyam koʻp» dedi. Muyassar bu gal ham eri aldayotganini tusmol qilib, xoʻrsinishdan nariga oʻtmadi.

Ikki kun oʻtib, Azamatni telefon orqali chaqirishdi. Nihoyat, ishi yurishganidan uning ogʻzi qulogʻida boʻlib uydan chiqdi. Uni oʻsha boshliqning oʻzi kutib oldi.
— Hozir sizni bir joyga olib borishadi. U yerdan molni olib, xorijiy davlatga yetkazib berasiz. Pasportingizni bering, samolyotga bilet olish kerak. Ishni bitirib qaytganingizda ulushingizni olasiz! — dedi erkak xayrixoh ovozda.

Azamat qirq yoshlardagi tepakal erkak bilan aytilgan joyga bordi. U xonadonda birga ketadigan yosh bir ayol ham bor edi. Bilet olinib, samolyot joʻnashiga qisqa vaqt qolganida ularning qoʻliga maxsus kapsulalarni berishdi. Azamat avvaliga tushunolmadi, keyin esa barchasini tushunib, bosh tortdi. Erkak unga qirgʻiyqarash qildi. Azamatning koʻz oldiga koʻchadagi konfetga talpingan oʻgʻli, uning umidli javdirashi keldi. Oʻgʻlining koʻnglini oʻksitmaslik uchun ham barchasiga roziligini tuydi. Erkakning imosi bilan kaftidagi uchta kapsulani birin-ketin yutdi. Ayol ham uning qiligʻini takrorladi.
— Sizlarni u davlatning aeroportida kutib olishadi. Biron kishiga sezdirmasdan, miq etmay yuringlar, tushunarlimi? — dedi erkak tahdidomuz.

Azamat bilan ayolni samolyotga chiqarishdi. Ayol bu ishning hadisini olganmi yoki erkakning ogohlantirishidan qoʻrqdimi, yoʻl boʻyi miq etmadi. Azamat esa ichki qoʻrquvini sezdirmaslik uchun deraza osha oppoq koʻpirib yotgan bulutlarni tomosha qilib ketdi..

Radan bir necha soat oʻtib, Azamatning oshqozonida qattiq ogʻriq turdi. Boyagi ovqat yoqmadi deb oʻylagan Azamat avvaliga oʻtib ketar deb kutdi. Ogʻriq borgan sari zabtiga olib, boshiga chiqdi. Yana ozgina chidasa, manzilga yetib olishini oʻylab, Azamat tishini tishiga bosdi. Peshonasidan quyilayotgan sovuq ter, oshqozonidan boshlanib, butun vujudini qamrayotgan ogʻriq uning quvvatini kunpoya kun qilishga qodirdek edi. Samolyot yerga qoʻnib, toʻxtashga hozirlik boshlandi. Azamat oʻzini qoʻlga olishga qanchalik urinmasin, uddasidan chiqolmayotgandi, koʻzlarining ola-kula boʻlishini, tishlari orasidan sirgʻalib chiqayotgan ixrash atrofdagilarning diqqatini tortayotgandi. Samolyot toʻxtab, styuardessa yoʻlovchilarga tushish lozimligini xushmuomalalik bilan aytdi. Azamat oʻrnidan turib, yurishga chogʻlandi. Shu payt koʻz oldini oppoq tuman qoplab, hammasi chaplashib ketdi.

Koʻzini ochganida notanish xonada choyshablari oppoq karovatda yotardi. Nima boʻlganini tushunolmay, boshini koʻtarishga urindi.
— Baxtingiz bor ekan, ogʻayni, omon qoldingiz! — dedi yonidagi karovatda yotgan erkak kulimsirab, — Oʻziyam naq jahannamning ogʻzidan qaytdingiz-a?

Azamat uni tanimadi. Koʻzini yumib, tin oldi.
— Menga nima boʻldi? Nimaga bu yerda yotibman?
— Ie, qiziq ekansiz-ku, ogʻayni. Kasalxonaga behush holatda olib kelishibdi. Oshqozoningizni operatsiya qilishdi. Nasibangiz uzilmagan ekan, omon qoldingiz. Kechadan beri koʻzingizni ochmaysiz-a? Oʻzi nimaga hushingizni yoʻqotdingiz?.. — deb tili tanglayiga tegmayotgan erkak istehzoli kulib turardi.

Azamatning unga javob qaytarishga madori yetmadi. Koʻzini yumgan kuyi yotaverdi. Hamshira kirib, unga ukol urdi. Shifokor esa koʻzining kosasini sinchiklab tekshirdi.
— Kech ham boʻldi, biron narsa tamaddi qilasizmi, ogʻayni? — soʻradi hamxonasi uning tepasiga kelib.

Azamat «yoʻq» deb boshini chayqadi. Erkak qandaydir mumtoz qoʻshiqni xirgoyi qilib, chiqib ketdi. Azamat koʻzini ochdi. U hozir oʻtgan voqealarni oʻylab, tahlil qiladigan ahvolda emasdi. Xiyol burilib, derazaga qaradi. Xona chirogʻi deraza osha aks berib turardi. Azamat notanish joyning osmoniga qaradi. Koʻzi yogʻdu sochib turgan yulduzga tushdi. Yaxshiroq tikildi. Oʻsha oʻzining yulduzi unga qarab turgandek deraza osha moʻralardi. Azamatning yuragi hapriqib ketdi. «Yulduzimni topdim!..» dedi pichirlab. Samodan uning yuragiga quvonch, mehr quyilib kelayotgandek edi. Koʻz oldiga xotini, bolalari kelib, yuzi yorishdi. Ularni koʻrgisi keldi. Lekin oilasi bilan diydorlashuv endi qachon nasib etadi Azamat buni bilmasdi....