OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIbrohim Aziz
Asar nomiZamonamiz qahramoni kim?
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Ibrohim Aziz
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 5-sonidan olindi
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Zamonamiz qahramoni kim?
Ibrohim Aziz

Tabiiyki, har bir zamonning oʻz qahramonlari boʻladi. Ular hurlik va istiqlol uchun kurashgan, oʻz xalqini ozodlikka olib chiqqan yoʻlboshchilar yoki dushmanni yurtidan haydab chiqargan sarkardalar boʻlgan. Ba’zan ulugʻ kashfiyotlar qilib, oʻz millati nomini dunyoga yoygan olimlar yoki ezgulik va adolat uchun jonlarini fido qilgan oddiy odamlar boʻlgan. Har bir zamonning qahramonlari oʻsha davr kishilarining eng oliy fazilatlarini – axloq-odobi, aqlu zakovati, halolligi va mardligini, orzu-umidlarini oʻzlarida mujassam etganliklari bilan ajralib turishgan. Shuning uchun ham xalq ularni sevgan, ularga ergashgan, kelgusi avlodlarga ibrat qilib koʻrsatgan. Ular haqida dostonlar toʻqilgan, romanu qissalar yozilgan, sahna-tomoshalari qoʻyilgan.

Tengdoshlar bilan suhbat

Bir kuni biz – mustaqillik bilan tengdosh yoshlar «Zamonamiz qahramoni kim?» degan mavzuda suhbatlashib qoldik. Birov «Soʻnggi urfda kiyinadigan, kamida ikkita tilni biladigan, chet elda oʻqib kelayotgan yoshlar» desa, yana biri: «Zamonamiz qahramoni degan nomga sportchilarimiz munosib, chunki yurtimiz nomini dunyoga yoyishda ularning hissalari koʻproq», dedi. Boshqasi: «Choʻntagida puli, tanish-bilishi borlar tezda muvaffaqiyatga erishib qahramon boʻladi», deb hisobladi. Kimdir dehqonlar desa, kimdir estrada yulduzlarini tilga oldi. Hammamiz oʻzimizcha haq edik.

Ushbu suhbat menga jiddiy ta’sir qildi. «Zamonamiz qahramoni kim?» degan savol oddiy savol emasligini his qildim. Tengdoshlarimning yuragida bu savolning javobiga katta ehtiyoj borligini angladim. Shundan soʻng, katta-kichik yoshdagi juda koʻp odamlardan soʻrab chiqdim – zamonamiz qahramoni kim? Bildirgan fikrlarini tahlil qilar ekanman, menda turli xulosalar va mulohazalar paydo boʻldi. Ularni bayon qilishdan oldin, shu mavzuga doir oʻz shaxsiy fikrimni aytib oʻtsam.

Tomoshabin emasmiz

Xalqimizning mustaqillikkacha boʻlgan hayotini men koʻrmaganman. Lekin badiiy va tarixiy kitoblar, yoshi kattalarning hikoyalari orqali tasavvur qilaman. Ilgari xalqimiz yolgʻon gʻoyaga, kimningdir hukmiga buysunib yashashga majbur boʻlgan, elsevar arboblarimiz, shoir va yozuvchilarimiz qatagʻon qilingan, ota-bobolarimiz oʻz ajdodlarining kitoblarini oshkora oʻqishdan, aziz-avliyolarimiz nomlarini hatto tilga olishdan ham mahrum qilingan, dunyoga chiqishni-ku xayollariga ham keltirmaganlar – men bularni oʻzimga his va hozirgi davr bilan chogʻishtiraman.

Bugun oʻzgalar hukmronligiga barham berilgan, yoshlarga, san’atga va sportimizga dunyo eshiklari ochiq, Imom Buxoriy, At-Termiziy, Moturudiy, Margʻinoniy, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Bahovuddin Naqshband singari ulugʻlarimiz nomlari tiklanib, qadamjolari obod qilinyapti – bularning bari mening koʻz oʻngimda yuz beryapti.

Ayni vaqtda Afgʻoniston, Suriya, Misr kabi mamlakatlarda kimlarningdir fitnasi bilan yoqilgan urush olovi oʻchmayapti, shaharu qishloqlar vayron, bolalar qon ichida – bularni ham koʻrib turibman. Yurtimizda esa tinchlik-osoyishtalik, xotirjam uydan chiqamiz, xotirjam oʻqiymiz.

Va bu sharoit, bu oʻzgarishlar oʻz-oʻzidan yuz bermayotganligini, bir Yoʻlboshchi xalqning oldiga tushib, yurilmagan oʻrmondan yoʻl ochib ketayotganligini ham koʻrib turibman. Eng asosiysi, ushbu ezgu ishlarni biz yoshlar xuddi oʻzimiz amalga oshirayotganday faxrlanyapmiz, gʻururlanyapmiz. Chunki oʻzimizni tomoshabin emas, balki ana shu Yoʻlboshchimiz qurayotgan imoratga turli sohalardagi katta-kichik yutuqlarimiz bilan gʻisht, loy olib berib yordamlashayotganday his qilyapmiz. Qalbimizda esa oʻzimizning dunyodagi hech qaysi tengdoshimizdan kam emasligimizni isbotlash orzusi yonib turibdi.

Zamonamiz qahramoniga ehtiyoj

Inson idealsiz, uni olgʻa undab turuvchi mayoqsiz yashay olmaydi. Buni kitoblardan ham, tarixdan ham, oddiy odamlarning kundalik hayotidan ham bilib olsa boʻladi. Masalan, oʻsha ideal yoki qahramon boʻlmasa oiladan ham, mahalladan ham, xalqdan ham suyanadigan tayanch nuqta yoʻqolganday boʻladi.

Ma’lumki, har bir oilada oʻz soʻzini oʻtkazib turuvchi, oilaning boshqa a’zolaridan oʻzgacha xarakterga egaligi, doim boshqacha fikrlovchi, yoniq ruhiyati bilan ajralib turuvchi qahramoni boʻladi. Boshqalar beixtiyor ana shu oila qahramoniga suyanadilar, unga oʻxshashga intiladilar, biror masalada ikkilansalar uning fikri hal qiluvchi qaror boʻladi. U ota yoki ona, koʻpincha farzandlardan biri boʻladi.

Maktabda norasmiy sinf qahramonlari, universitetda kurs qahramonlari boʻlishini hamma biladi. Ular yo bilimi bilan, yo favqulodda xarakteri bilan tengdoshlari havas va taqlid qiladigan shaxsga aylanadilar. Sinf yoki kursning suyanadigan nuqtasi hisoblanadilar, ular boʻlmasa oʻsha jamoada boʻshliq yuzaga keladi, goʻyo ma’no yoʻqolganday.

Mahallada ham maraka-mavridga bosh boʻlib, hay-haylab yuradigan, hamma maslahat soʻraydigan, suyanadigan, havas qiladigan qahramonlari bor. U mahalla raisi boʻlmasligi mumkin, balki choʻrtkesarligi, toʻgʻrisoʻzligi, aqlliligi bilan boshqalardan ustun turuvchi oddiy odamdir. Eng muhimi, ular mahallaning bezovta, olgʻa undab turuvchi yuragiga aylangan.

E’tibor bersangiz, ana shu oila, sinf, kurs, mahalla ahlida oʻz qahramonlariga tabiiy ehtiyoj bor, endi oila, sinf, kurs, mahallani kengaytirsak, mamlakatga aylanadi, xalqqa aylanadi. Ammo zamona qahramoniga ehtiyoj ehtiyojligicha qoladi. Ushbu ehtiyoj qondirilmasa uning oʻrnini boshqa jalb etuvchi narsalar egallaydi. Masalan, odamlarga yoʻl koʻrsatishga, ergashtirishga da’vogar boʻlgan aqidaparastlar yoki qoʻsha-qoʻsha qasrlari bilan tilga tushgan, goʻyo yashashning yoʻlini biladigan zamona «zoʻr»lari, yo «rohat-farogʻat» dunyosiga olib kiruvchi giyohvandlar. Chunki ular odamlar yonida, ular bilan birga yashayapti, har kuni koʻzlari tushadi. Kattalar mulohaza qilsa-da, men tengi yoshlarning koʻnglida bir kunmas-bir kun ularga havas yoki taqlid qilish ishtiyoqi tugʻiladi. Agar ularning koʻnglidagi «zamonamiz qahramoni» sahifasi boʻsh turgan boʻlsa, oʻsha jalb etuvchilar nomlari yozilib qoladi.

Doimiy zamonamiz qahramonlari

Menga «Zamonamiz qahramoni kim?» deb savol berishning nima hojati bor, barcha davrlar uchun oʻlmas zamonamiz qahramonlari bor-ku, oʻshalarga ergashish, taqlid qilish, intilish, oʻshalarni ideal qilib yoshlarni tarbiyalash, yashash mumkin-ku, deyishingiz mumkin. Darhaqiqat shunday. Necha-necha avlodlar uchun yoʻlchi yulduz boʻlib kelayotgan, aqlu zakovati, kuch-qudrati, komil fazilatlari, oʻlmas asarlari bilan insoniyat tarixida oʻchmas iz qoldirgan buyuklarimiz bor. Birgina Amir Temur bobomiz yoki Jaloliddin Manguberdi nomlarini tilga olsak qalblarimiz faxru gʻururga toʻladi. Ularning hayotlari haqida oʻqisak, Vatanni sevish, uni dushmandan himoya qilish ilmidan saboq olamiz. Ular abadul-abad millatimiz qahramonlari boʻlib qolaveradilar. Yoki buyuk meroslari ta’rifiga til ojiz Alisher Navoiy bobomiz bizning zamonamiz uchun ham qoʻl yetmas yulduz, oliy insoniy fazilatlar ramzi. U zotning barcha turkiy xalqlarni bir til bayrogʻi ostiga birlashtirganlarining oʻzi necha yuzlab avlodlarga iftixor va ibratdir. Beruniy, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Al-Fargʻoniy, Bobur… Barcha davrlarning zamonamiz qahramonlari deb ta’rif berish mumkin boʻlgan ulugʻlarimizning qay birlarini sanay, qay birlarini ta’riflay?

Lekin ular shunchalar yuksakdaki, bugungi avlod uchun ularga yetishish mushkul, ularga taqlid qilish mushkul, faqat havas qilish va munosib avlod boʻlishga harakat qilish imkoni bor, xolos. Qolaversa, hayot tarzimiz, fikrlash tarzimiz oʻrtasida shunchalik katta vaqt masofasi borki, ularni zamonamiz qahramoni sifatida yonimizda his qilolmaymiz. Faqat qalbimiz bilan ramziy zamonamiz qahramonlari deb qabul qilamiz.

Ammo bizning ham oʻzgarishlar, yangilanishlar toʻlqinida kechayotgan oʻz zamonamiz bor, oʻz orzularimiz va armonlarimiz, oʻz gʻalabalarimiz va magʻlubiyatlarimiz, oʻz yaxshilarimiz va yomonlarimiz bor. Ammo shular ichida biz oʻz zamonamiz qahramonini ham izlaymiz. Biz bilan bir xil imkoniyatga ega boʻla turib bizdan oʻzib ketgan, dunyoni hech kimnikiga oʻxshamagan bir tarzda idrok etishi, fikrlash tarzi oʻzgachaligi, favqulodda qobiliyati, irodasi, aqlu zakovati bilan bizni hayratga soladigan, ortidan ergashtiradigan oʻz zamonamiz qahramoni boʻlishini xohlaymiz.

Badiiy adabiyotdagi «zamonamiz qahramonlari»

Xoʻsh, u qanday odam yoki qanday hodisa? Shu savol miyamizda koʻndalang boʻlishi bilan badiiy adabiyotdagi zamonamiz qahramonlari xayolimizdan bir-bir oʻtadi.

Albatta birinchi navbatda ulugʻ rus shoiri M. Lermontovning «Zamonamiz qahramoni» asarini, uning bosh qahramoni Pechorinni eslaymiz.

Oʻz adabiyotimizdan yoki jahon adabiyotidan beixtiyor Pechoringa oʻxshash qahramonlarni izlaymiz. Pechorin kim – u Lermontovning oʻzi, u XIX asr rus ziyolisining butun illatu fazilatlarini oʻzida jamlagan qahramon. Eng asosiysi, u oʻz zamonasining farzandi. Ya’ni bir tomondan dunyo fotihligiga da’vogar Napoleonni yaqindagina tor-mor qilgan xalq Rossiyani qayta tiklash bilan band, ikkinchi tomondan krepostnoylik tuzumi tufayli qashshoqlik avj olgan, taraqqiyparvar ziyolilar Chor hukumatining zugʻumidan ilojsiz bir ahvolda boʻlgan zamona farzandi.

Demak, Pechorin bizning davrimiz uchun, bizning avlodimiz uchun zamona qahramoni boʻla olmaydi. Pushkinning Yevgeniy Onegini ham Pechoringa yaqin qahramonlardan. Uning Tatyana bilan muhabbati qissasi naqadar goʻzal boʻlmasin, mavzumizga aloqasi boʻlmagani uchun alohida qoʻyaylik. Oneginni esa barcha qusur va xislatlari bilan biz talpinadigan shaxs sifatida qabul qilolmaymiz. Yoki Gogolning Taras Bulbasini olaylik. Vatanni sevish, dushmanga nafrat tuygʻularini singdirishda doimiy zamonamiz qahramonlari sifatida eslab oʻtganim – oʻzimizning Jaloliddin Manguberdilar Taras Bulbadan koʻra bizga yaqinroq. Deylik, F.Dostoevskiyning «Jinoyat va jazo»sidagi Raskolnikov ham oʻz zamonasi qahramoni. Takrorlanmas obraz, jahonning buyuk yozuvchilarini ham hayratga solgan. Ammo uning oʻrni biz istagan zamonamiz qahramonidan boshqa joyda. Yoinki A.Qodiriyning «Oʻtkan kunlar»idagi Otabek biz uchun ideal boʻla oladimi, deb oʻylayman. Uning oʻzbekona axloq-odobi, muomala madaniyati, muhabbat va adolat uchun murosasizligi kabi fazilatlari biz uchun beqiyos saboq va ibrat. Ammo Otabekni qurshab turgan dunyo boshqacha, bizni qurshab turgan dunyo boshqacha. Taqlid qilish uchun ana shu tafovutlarga duch kelaverasan kishi. Yoki Ch.Aytmatovning «Asrga tatigulik kun» romanidagi Edigeyni zamona qahramoni sifatida qabul qilish mumkinmi degan fikr oʻtadi xayoldan. Xuddi biz Pechorinda Lermontovni koʻrganimizdek, Edigeyda Aytmatovning kuzatishlariga, xulosalariga, falsafasiga duch kelamiz va shu jihati bilan tortib ketadi. Umuminsoniy fikr-mushohadalardan oziq olsak-da hayotdagi oʻrnimiz Edigey erishgan mavqeda qolib ketishini istamaymiz. S.Ahmadning «Ufq»idagi Azizxon, Tursunboy yoki O.Yoqubovning «Diyonat»idagi Normurod Shomurodovlar ham oʻz zamonasining qahramonlari, ammo ularda faol ijtimoiy shaxslik xususiyatlari asosiy oʻringa chiqib qolgan. Ular bizga mehnatsevarlik, halollik, qat’iylikni oʻrgatsa-da, oʻsha davrdagi tuzum va undagi shaxsning oʻrni, muammolari bizdan olisroqda. Bizning davrimizning nafasi boshqacha.

Adabiyot xazinasining men sanab oʻtgan durdonalari hali necha-necha avlodlarga hayot va ijod maktabi boʻlib xizmat qilishi shubhasiz. Ammo ularning qahramonlarini mushohada qilar ekanman, shuurimda «bizning zamonamiz qahramoni boshqacha boʻlishi kerak» degan tasavvur va fikr charx uraveradi. Balki bunga mening hayotiy tajribam kamligi, hali koʻp asarlarni oʻqib chiqmaganligim, yoshligim tufayli qandaydir favqulodda qahramonga intiqligim bois boʻlsa kerak. Chunki yosh ham, tajriba ham, dunyoqarash ham zamonamiz qahramoni haqidagi tasavvurning turlicha boʻlishiga sabab boʻladi-ku.

«Zamonamiz qahramoni»ga turlicha yondashuv

Maqola avvalida «Zamonamiz qahramoni kim?» degan savolni juda koʻp odamga berib koʻrganligim haqida aytib oʻtgan edim. Asosan javoblar xonandalar, sportchilar, tadbirkorlar atrofida boʻladi deb taxmin ham qilgan edim. Ammo shu qadar turli-tuman fikrlar bildirildiki, odamlarda oʻz ideali haqidagi tasavvurning shakllanishi ularning faqat yoshi, tajribasi, dunyoqarashiga emas, boshqa juda koʻp sabablarga ham bogʻliqligini angladim.

Masalan, yurt haqida, kelajak haqida oʻylaydiganlar boshqacha fikr yuritarkan, faqat oʻzi, shaxsiy manfaati haqida qaygʻuradiganlar oʻzgacha oʻylarkan. Yoki realist, hayotdagi oʻzgarishlarni bor holicha qabul qiladiganlar va romantik orzular qoʻynida yashaydiganlarning ideal haqidagi tasavvurlari bir-biridan tubdan farq qilar ekan. Yoki kayfiyati yaxshi odam bilan kayfiyati yomon odam bir-biriga teskari fikr yuritar ekan. Xuddi shuningdek, omadi kelib turgan boy kishi, ishlari yurishmayotgan kambagʻalroq odamga qaraganda oʻz idealini boshqacha koʻradi. Eng qizigʻi, shaharda, diqqinafas, koʻpqavatli imoratlarda yashayotgan kishi bilan dalalarda, daraxtzorlar qoʻynidagi qishloqda oʻsgan odamning ham mavzumizga munosabati turlichadir.

Ayniqsa insonning kasb-kori uning nafaqat «zamona qahramoni»ga munosabati, balki hayotga qarashini ham qat’iy belgilab berishini koʻrib ajablandim. Misol uchun, bir oʻqituvchi: «Bugungi zamon qahramoni Internet», deb javob qilgan boʻlsa, bir firmaning egasi: «Pul», deb javob berdi. Bir dehqon: «Halol peshona teri bilan ertasini xotirjam qilib qoʻygan odam», degan boʻlsa, bir militsioner: «Jinoyat qilmay yurgan odam», degan fikrni aytdi.

Kasbi-koridan tashqari, kishining bilimi, qanday kitob oʻqigani, xarakteri, qanday oilada tarbiya topgani, ma’naviy dunyosi, e’tiqodi, qiziqishlari, atrofdan muttasil qanday axborot olayotgani ham uning oʻz ideali haqidagi fikrining shakllanishiga ta’sir qilar ekan. Ana shu kuzatishlardan soʻng har bir odamning qalbida oʻz-oʻziga yaratib olgan «Zamonamiz qahramoni» borligiga ishonch hosil qildim. Balki bu tabiiy holdir. Ammo yana takrorlashga majburman: biz yoshlar oʻtkinchi sabab va muammolardan yuksakda turadigan, kimningdir xulosalari asnosida yasalmagan oʻzimizning haqiqiy zamonamiz qahramoni boʻlishini xohlaymiz. Toki u bizni kattaroq maqsadlar bilan yashashga oʻrgatsin, ruh bersin, oʻz kuch-qudratimizga ishonch uygʻotsin, yovuzlik va nopoklikka nafrat, ezgulik va halollikka muhabbat uygʻotsin.

Kimdir har bir avlod oʻz zamonasi qahramonini oʻzi yaratadi, deyishi mumkin. Chunki shu davr hayotining ichidan oʻtib koʻrish, voqealarni boshdan kechirish, quvonch va iztiroblarni qalbdan oʻtkazib koʻrishi lozimdir balki. Lermontov va Pushkin, A.Qodiriy va Ch.Aytmatov kabi yozuvchilar oʻz qahramonlari hayotini deyarli oʻz boshlaridan kechirishgan-ku. Agar bu hol yozilmagan va tabiiy qonuniyat boʻlsa, biz – mustaqillik bilan tengdosh avlod ichida ham ertaga buyuk dramaturglar, shoirlar va yozuvchilar chiqishiga va biz oʻz zamonamiz qahramonini oʻzimiz yaratishimizga ishonaman.