OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIbrohim Muhammad
Asar nomiYillar sinovi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Ibrohim Muhammad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm36KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yillar sinovi (hikoya)
Ibrohim Muhammad

«Mana bu maktubga diqqat qiling, azizlar. Unda yozilishicha, saksoninchi yillarda Toshkent toʻqimachilik kombinatining 2-fabrikasi, 2-yigiruv tsexida yigiruvchi boʻlib ishlagan Farida ismli qizni anchadan beri bir doʻstlari izlayapti ekan. Afsuski, Farida singlimizning suratlari yuborilmabdi. Ushbu maktub muallifi Faridaning oʻng qoʻlining bilagida kattagina xoli bor edi, deb yozibdilar. Agar Faridaxon bizni koʻrib, tinglab turgan boʻlsalar yoki bu haqda birovdan eshitgan bulsalar, iltimos, bizga qoʻngʻiroq qilishlarini soʻraymiz. »

«Mehr koʻzda»ni olib boruvchining bu xabari meni judayam ajablantirib qoʻydi.

U kishi aynan men haqimda gapirgan edilar-da. Bundan 23 yil muqqadam oʻsha joyda ishlagan oʻng bilagida kattagina xoli bor qiz – Farida men edim-da, axir!

Qiziq: oradan shuncha yillar oʻtib ketib, kim meni izlashi mumkin ekan-a, deya rosa boshim qotdi.

... Metroning «Paxtakor» bekatidan chiqsam, televideniening eshigi oldida bir dasta qip-qizil gul tutgancha kimnidir intizorlik ila kutib turgan yigitga koʻzim tushib, yuragim orqa tortib ketayozdi. Uni darhol tanidim. U bundan 23 yil burungidek yosh, navqiron edi! Koʻzlari oʻshandek ma’yus! Menga koʻzi tushgan zahoti oʻychan chehrasiga tabassum yoyilib, oldinga uch-toʻrt qadam tashladi va shu asno birdan uning afti-angori oʻzgardi: yuzlarida soʻlgʻinlik, peshonasida taram-taram ajinlar paydo boʻlib, sochlariga ham quyuq oq oralab, birpasda oʻrta yosh odamga aylandi-qoʻydi...

Bu gʻalati tushdan entikkan koʻyi uygʻonib ketib, shuncha yillardan keyin kim meni izlayotganini tushunib yetdim. Shundan soʻng uyqum qochdi. Uzun tun u sira xayolimdan ketmay, yoshligimni, birinchi uchrashuvimni eslay ketdim.

Oʻsha kuni tushlikka sal kechroq chiqqandim. Men borganimda, ikkinchi qavatdagi oshxonamizda odam siyraklashib qolgan ekan. Patnisni olib, ovqat tanlagani oʻtsam, bir yigit hech narsa olmay, yeguliklarga termilgancha qaysinisini olsam ekan-a, deya oʻylanib turibdi ekan. Siljirmikin deb biroz qarab tursam, oʻrnidan hech qoʻzgʻalgusi yoʻq. Toqatim toq boʻlib:» Qarab oʻtirasizmi endi, yo ovqat olib suriling, yo meni oʻtkazib yuboring», — dedim unga. Gapimdan u darhol xayolini yigʻib oldi-da, yalt etib qarab, goʻyo qaerdadir bir koʻrgan odamini qayta uchratgandek bir zum koʻzlarimdan koʻzlarini ololmay termilib qoldi. Yuziga kechirasiz degan ifoda qalqib, surilib menga yoʻl berar ekan, bu qizni qayda koʻrganman deganday quyuq qoshlarini chimirgancha oʻylanarmidi-ey.

U zalning oʻng tarafidagi stolga joylashib, to ovqatlanib boʻlgunimcha mendan koʻzini uzmay oʻtirdi. Oraliq bor-yoʻgʻi toʻqqiz-oʻn qadamlar kelardi, xalos. Beparvo, xotirjam ovqatlanishga harakat qilsam-da, lekin negadir oʻzim ham bilmayman: qandaydir kuch ta’siridami, har zamonda unga qarab-qarab qoʻyar edim. Nima uchun qaraganimga hech tushunolmasdim.

Tushdan keyin oʻsha yigitning fabrikamizda aylanib yurganini koʻrib qoldim. Meni izlab kelganini koʻnglim sezib, oʻzimni panaga olib, ishga shoʻngʻidim. Bir payt orqa tarafdagi stanoklarni tekshirgani oʻtgandim, uning toʻppa-toʻgʻri menga qarab kelayotganiga koʻzim tushdi. Beparvolik bilan uzilgan iplarni stanokdagi gʻaltakka ulay ketdim. U shundoqqina yaqinimga kelib salom berdi-da:

«Kechirasiz, siz buxorolik emasmisiz?» — deb soʻradi nimagadir. Kombinatda buxorolik qizlar ham ishlashardi. Ehtimol, u oʻsha qizlarning biriga meni oʻxshatgandir deb oʻyladim oʻzimcha. Men yoʻq deganday sekin bosh qimirlatib qoʻyganimdan keyin u boshqa gap topolmagandek: «Nechanchi yilda tugʻilgansiz?» — deb soʻrab qoldi. Men shu ham savol boʻldimi deganday kulimsirab: «Nechanchi yilda tugʻilganga oʻxshayman?» — deb savoliga savol bilan javob berdim. U gap qoʻshganimdan mamnun boʻlgandek xushnud jilmayib qoʻydi.

Oʻsha paytlarda oʻng bilagimga sariq - qizil aralash mayda munchoq taqib yurar edim. Bir mahal u shu chiroyli munchoqqa ishora qilib: «Munday munchoq taqqanlar qadimda baxtsiz boʻlishar ekan!» — deb yubordi jiddiylik bilan. Rostdanmi deganday chimirilib qaradim koʻzlariga. U qarashimga e’tibor qilmagandek: «Bilagingizdagi nima? Xolmi?» — deb soʻradi dabdurustdan. Birdan jahlim chiqdi. Koʻzi koʻrmi, nima balo? Xol ekanligini koʻrib turibdi-ku, axir! Keyingi payt¬larda kim koʻrsa shuni soʻrayverib, jonimga tegadigan boʻlib qolgandi. Kim shuni soʻrasa, shu xol bilan qiziqsa, guyo aybimni izlayotgandek, darrov ta’bim tirriq tortib, fe’lim aynib, u bilan gaplashmay qoʻyar edim. Kombinatda qizlarning ish kiyimi koʻkimtir yengsiz koʻylak boʻlgani uchun bilagimdagi oʻsha xol tez koʻzga tashlanar edi. Har narsaga bunday qiziquvchan yigitcha darrov koʻnglimga urdi-qoʻydi. Birpasdan keyin u tanishish ilinjida: «Ismingiz nima?» — degandi, savoliga javob bermay qovogʻimni uygancha tumtayib: » Keting yonimdan, ishlashga xalaqit beryapsiz,» — deb bu yerdan quvmoqchi boʻldim. Qani endi ketsa?! Menga boshdan-oyoq termilgancha joyidan yarim qadam ham siljimas edi. Atrofimda ishlayotgan qizlar menga gʻalati-gʻalati qarab, istehzoli iljayib ketishar, bu esa asabimga tegar, battar jahlimni chiqarardi. Bir payt brigadirimiz Sonya opa shu yerga kelib qolgandi, unga mana bu bola ishlashga qoʻymayapti dedim sekingina. Sonya opa uning yoniga borib, ishdan keyin gaplashasan deganday gap qotdi shekilli, u bosh silkib, indamay iziga qaytdi.

Oʻsha kuni mendan keyin oʻrnimda 2- smenada ishlaydigan Tamara degan qiz mazasi qochib, ishga kelolmabdi. Sex boshligʻimiz Vasila opa:»Bugun 2- smenada ham ishlab ber, qizim. Ertaga Tamaraning oʻrniga boshqasini qoʻyamiz,» — deb iltimos qilganlari uchun qattiq charchagan boʻlsam ham noiloj ishga qolishga rozi boʻldim.

Kechasi oʻn ikkida ishdan chiqib, yotoqxonaga kelsam, 1-smenada tseximizda ishlaydigan Zuhra iljayib turib:» Haligi kunduzi yoningizga kelgan yigit bor-u, oʻsha soat toʻrtdan keyin kombinat darvozasi oldida sizni intizor boʻlib kutib turgan ekan. Yonidan oʻtib ketayotgandim: «Hamrohingiz qachon chiqadilar?» — deb soʻrab qoldi. «Darrov jigarlaridan uribsiz-da, a?» — desa boʻladimi! Toliqib kelganim darhol esimdan chiqib ketib, yuragim oʻz-oʻzidan gʻalati urib ketdi shunda!

Yuvinayotganimda, kunduzi uning munchoq baxtsizlik keltiradi degan gapi birdan esimga tushib, munchoqni bilagimdan yechib olib, oʻng qoʻlimning jimjilogʻi yonidagi barmogʻimga ikki aylantirib, uzukdek kilib taqib oldim.

Ertalab soat oʻnlarda u yana tseximizda paydo boʻldi. Kelishi xayolimda ham yoʻq edi, toʻgʻrisi. Stanoklarning shaqillagan tovushidan quloqlarim tom bitib, paxtaning changiga belanib, terlab-pishib, gʻaltakdan uzilgan iplarni ulayotganimda, yigirma qadamlar beridan biroz kuzatib turdi-da, keyin sekin yonimga keldi. Shu payt boʻsh gʻaltaklardan biri ipni oʻramay, uzib tashlayverdi. Oʻrniga boshqa yangi gʻaltak qoʻyish zarur edi. Stanok qattiq qisib qolganidanmi, gʻaltakni shuncha tortsam ham joyidan quzgʻatolmadim. U, qani, men ham bir urinib koʻray-chi deganday jilmayib gʻaltakka qoʻl uzatdi. Qurgʻur juda qattiq qotgan ekanmi, bir tortishda sugʻurilmadi. Ikkinchi marta kuch bilan siltab tortgandi, gʻaltak «shaq» etib stanokdan chiqib ketdi. Mushkulimni oson qilgani-chun rahmat ham demabman unga. Shundan keyin u: «Keling tanishaylik, mening ismim – Ilyos, sizniki-chi?» — dedi ilinj bilan. Meni nima jin urdi oʻshanda, bilmayman, balkim ozgina takkabburlik qilgandirman, huddi undan arazlaganday ismimni aytmay, kechagidek qovogʻimni solgancha nari ketib qoldim.

Ilyos... Chiroyli ismi bor ekan uning.

Gap qoʻshmaganim uchun hafsalasi pir boʻldi shekilli, Ilyos boshini eggancha ketib qoldi.

Shu kuni tushlik mahali, oshxonada meni oʻzi bilan ishlaydigan uch-toʻrtta ogʻaynisiga chetdan koʻrsatib, jilmayib qoʻydi. Yaxshi koʻrib yurgan qizim huv anavi deb maqtangan boʻlsa kerak-da, oʻsha yigitlar «O, zoʻr-ku!» deganday menga boshqacha-boshqacha qarab qoʻyishdi. Bu narsa qattiq asabimga tegib, achchigʻimni chiqarib yubordi. Battar qovogʻimni solib, ularga qaramaslikka tirishib, tez-tez ovqatlanib, oshxonadan chiqib ketdim.

Ilyos ertasi kuni yonimga kelib:»Salom, Farida, yaxshimisiz?!» — dedi koʻzlari chaqnagancha. Demak, u ismimni men bilan birga ishlaydigan qizlardan soʻrab bilibdi-da!

Oshxonada qilgan kechagi qiligʻi uchun unga bir ogʻiz ham gap qoʻshmay, tumtayib oldim. Bir xillarga oʻxshab, gapga chechan, kirishimli yigit boʻlmagani-chun, qani bu qiz biron nima dermikin deganday atrofimda oʻralashib, menga tikilgani-tikilgan edi. Bu ham yetmagandek indamasxoʻja har kuni ishdan soʻng meni kombinat darvozasi yonida kutib turar, boshqa ishi yoʻqday, yotogʻimgacha ortimdan soyadek ergashib, kuzatib qoʻyar edi. Bu hol uch-toʻrt takrorlangandan soʻng yotoqxonadagi qizlar uni koʻrsatishib, ana oshiqu beqaroring kelyapti deb piching qilib kuladigan boʻlib qolishdi. Bunisi endi juda ham oshib tushgandi.

Ilyos ertalab ishga borgunimcha va kechda ishdan qaytishimda yoʻlimni poylab turar, menga bir ogʻiz gapirishga jur'at eta olmas, boya aytganimdek indamay ortimdan shunchaki kelib ketardi. Ishda ham shunaqa: tushga yaqin yo tushdan keyin kutilmaganda qarshimda paydo boʻlib qolar, nari borsa oʻn daqiqa menga intizorlik bilan tikilib-tikilib ketardi. U kelganda kayfiyatim yaxshi boʻlsa-da, oʻzimni xafa boʻlganga solib, tumtayib olardim. Bechora, men bilan ikki ogʻizgina gaplasharmikin degan ilinjda gʻamgin nigoh tashlagancha gap qoʻshishimni sabr-toqat bilan kutar edi.

Ilyosni husnimga mahliyo boʻlib, boshimni aylantirmoqchi boʻlayotgan xira pashshalardan biri deb hisoblardim. Endi uni koʻrganimda, yuragim»jiz» etmas, nuqul xunobim oshib, jahlim chiqaverardi. Oʻshanda u haqda uncha oʻylamasam-da, Ilyos ikki-uch martalab tushlarimga kirib chiqqandi. Tushlarim ham gʻalati-gʻalati edi-da oʻzi... Tushlarimda u menga emas, men unga oshiq-u beqaror boʻlib yurardim. U esa menga qandaydir beparvoroq boʻlarmidi-ey... Hushimda esa tamoman teskarisi...

Bir kuni u judayam jonimga tegib ketdi. Hozir butun umr esidan chiqmaydigan qilib bir boplab tuzlayman, keyin umuman qorasini koʻrsatmay ketadi deb dilimga tugib qoʻydim.

Yonimga kelgan hamono yetti uxlab tushiga kirmagan haqoratli gapni aytib yubordim:
— Nima muncha shilqimlik qilasan? Hiqildogʻimga kelding-ku, axir! Qisib yurasanmi, yoʻqmi?!

Odamning nafsoniyatiga tegadigan bunday bemaza haqoratni mendan sira kutmagani uchunmi, Ilyos hech narsani idrok qilolmagandek, quloqlariga ishon¬ma¬ganday bir muddat angrayib qotib qoldi. Haligi noma’qul gapim uchun u meni qattiq soʻkib yuboradi deb oʻylagandim. Ammo u bunday odobsizlik qilmadi. Sekin yutinib oldi-da, ovozi gʻalati titragancha:»Bilasizmi, sizni judayam qattiq yaxshi koʻrib qolganman! Sizni bir kun koʻrmasam, chidolmayman!»—dedi birdan. Oʻsha kezda uning yurakdan chiqarib aytgan sodda va samimiy gaplaridan birdan gʻalati boʻlib ketib, negadir butun vujudim goʻyo chumoli yurgandek jimirlab ketdi!

Banogoh hayo bosgani uchun koʻzlariga qarolmay, nigohimni undan olib qochdim. Hozirgina sokin tepib turgan yuragim negadir oʻz-oʻzidan dukillagancha qattiq ura ketgandi! Tilim kalimaga aylanmay, nima deyarimni bilmay, haligi gaplarim uchun uyalganimdan nariroq ketib, oʻzimni ish bilan chalgʻitmoqqa qanchalik urinmay, ichki hayajonim sira bosilmas, uning dil izhori quloqlarim ostida qayta-qayta takrorlanaverar edi. Ilyosning men bilan bunday muomala qilishi yetti uxlab tushimga kirmagani bois va eng yomoni – oʻylamay-netmay uni haqorat qilib, dilini ogʻritib qoʻyganimdan qattiq xijolat boʻlib, unga qayrilib qarashga yuzim chidamasdi.

Bir mahal Ilyos ortimdan kelib, ikki bilagimdan sekin, ozorsiz ushladi-da, shundoqqina qizib turgan quloqlarim ostidan ehtirosli ovozda: «Bilasizmi, siz men uchun dunyodagi eng-eng yaxshi qizsiz, Farida! Sizni oʻsha kuni oshxonada uchratganimdan halovatimni yoʻqotganman. Oʻshandan beri sizga qattiq bogʻlanib qoldim. Koʻzimga sizdan boshqa narsa koʻrinmay qoldi. Orqangizdan soyadek ergashaverib, qizlarning orasida sizni gap-soʻzga qoʻyib, koʻnglingizga tegadigan nojoʻya ish qilgan boʻlsam, ming bor uzr soʻrayman!» — dedi.

Bu gaplardan soʻng besh battar gʻalati boʻlib, yerga qarab qoldim. Oʻshal damda Ilyosning issiq kaftlari nafaqat bilaklarimni, balki butun vujudimni qizdirib yuborgandek boʻldi.

Oʻylamay-netmay, aytib yuborgan gaplarimni koʻngliga qattiq oldimi, ishdan soʻng Ilyos meni kombinat darvozasi oldida har kungidek kutib olmadi.

Shu kech uyquga yotgunimcha u sira xayolimdan ketmadi.

Bu yetmagandek, shu kecha gʻalatiroq tush koʻrib chiqdim. Ajab! Tushimda ikkovmizning toʻyimiz boʻlayotganmish! Men uni qattiq sevib qolib, unga turmushga chiqayotganimdan oʻzimda yoʻq shod emishman. Boʻynilaridan mahkam quchib, baxtimdan aylanay deya uning yuz-koʻzlaridan choʻlp-choʻlp oʻpar emishman...

Uygʻongach, boshqacha boʻlib ketib:»Nahotki uni yaxshi koʻrib qolsam-a?» — degan oʻy miyamda aylanaverib, halovatimni oʻgʻirladi-qoʻydi.

Ertasiga tushgacha u meni yoʻqlab kelmadi. Uzoqdan qaysi yigitning qorasi koʻrinsa, Ilyos kelyaptimikin deb xayol qilib, oʻz-oʻzimdan hayajonlanib, uning tezroq yonimga kelishini qoʻmsab, koʻnglim orziqib ketaverdi. Tushlik mahali oshxonada uchrataman balki deb oʻylagandim. Ammo u yerda ham Ilyosning qorasi koʻrinmadi.

Shu kundan keyin u goʻyo mendan arazlagandek yonimga kelmaydigan, ishdan soʻng ortimdan kuzatib qoʻymaydigan boʻldi. Har-har zamonda kombinat ichida nohosdan toʻqnash kelib qolsak, u boshini egib yonimdan indamay oʻtib ketardi. Nigohlari orzu, umidlari bir zumda chilparchin boʻlib, tushkunlikka tushgan kishinikidek gʻamgin edi. Bunga buzilgan dastgohlarni tezroq tuzatib beradigan Tohirjon degan slesar yigit bilan boʻlgan munosabatlarim sabab boʻlgan edi. Tohirjon yaqinda ishga kelgan boʻlib, gap-soʻzga chechan, quvnoq ekan. U har kuni dastgohlarimni bir koʻzdan kechirib chiqardi-da, chiroyli jilmaygancha hazil ohangida:»Chiroyli qiz, goʻzal qiz, qalay, stanoklar bezovta qilmayaptimi? Agar bezovta qilayotgan boʻlishsa, ayting, darrov quloqlarini burab qoʻyaman», — deb ikki ogʻizgina gaplashib ketardi.

Ilyosni xafa qilgan kunimning ertasi birdaniga ikkita stanogim buzilib qoldi. Tohirjon ularni tuzataman deb yarim soatlar joni halak boʻldi. Tuzatib boʻlgach, stanoklarning qanday ishlashini kuzatgancha men bilan uyoqdan- buyoqdan suhbatlashib turardi. Xuddi shu mahal Ilyos meni koʻrgani kelib qoldi. Uning kelganini koʻrsa-da, koʻrmaganga olganday, Tohirjonni goʻyo yoqtirganday u bilan kulishib gaplashaverdim. Shu tobda biroz qaysarligim tutgandi. Qani, u nima qilar ekan? Meni undan rashk qilarmi-kin?Tohirjon degan yaxshi koʻrgan yigiti bor ekan deb oʻylarmikin? Shundan keyin ham orqamdan yurarmikin? Yo kuzatib qoʻyishlarini bas qilarmikin? — deb oʻyladim. Shundan keyin bir xaftacha goʻyo Ilyosning sevgisi-yu, sabr-bardoshini sinamoqchiday u fabrikamizda koʻringan zahoti besh-oʻn daqiqa Tohirjon bilan birga boʻlishga harakat qilar edim. Ilyos yaqin kelganida, unga jiddiy bir koʻz tashlab olardim-da, keyin Tohirjon bilan goʻyo sinashtadek dildan chaqchaqlashib gaplashaverardim. Endi Ilyos meni avvalgidek koʻp kuzatib oʻtirmas, Tohirjon bilan birga koʻrgan zahoti tezda iziga burilib ketaverar edi. Bu yigitning ichi kengligi va moʻmin-qobilligiga hayron qolardim. Nahotki, ozgina rashki boʻlmasa? Bu bola kim oʻzi? Nega u bilan muncha apoq-chapoqsan, demasa-ya?!

Bir kuni dugonalarim bilan toza havodan nafas olgani tashqariga chiqdik. Sal nariroqda, chinor ostidagi oʻrindiqda Ilyos bilan Tohirjonning jiddiy gaplashib oʻtirganlarini koʻrib, hozir meni deb tortishib, janjallashib, mushtlashib qolishmasa goʻrga edi deb yuragim «shuv» etib ketdi. Ikkovlari ham bama’ni, bosiq yigitlar boʻlganlari-chun, xayriyat, ish mushtlashuvgacha bormadi. Ilyos nimalardir deb ta’kidlagandi, Tohirjon xoʻp-xoʻp deganday bosh irgʻab ma’qulladi. Sexga kirgach, Tohirjondan anavi yigit sizga nima dedi deb soʻradim. Tohirjon bosh chayqagancha jiddiylik bilan: «Faridaxon, sizni jonidan ortiq yaxshi koʻradigan yigitingiz borligini bir ogʻiz aytmabsiz-a?! Odamni yomon xijolat qildingiz-da! Buning ustiga Ilyosbek bilan hamyurt chiqib qoldik. Unga nima deyarimni bilmay qoldim, rosti. Faridaga oshiq boʻlganim yoʻq, boshini aylantirib yurganim ham yoʻq dedim. Biz shunchaki ish yuzasidan gaplashamiz. Munosabatlarimiz samimiy, oramizda boshqa hech qanday gap boʻlgani yoʻq dedim. Ilyosbek sizni judayam qattiq yaxshi koʻrar ekan! Nega mendan koʻzlaringizni olib qochib yerga qarayapsiz? Demak, mundan chiqdi, Ilyosbekda koʻnglingiz bor ekan-da?! Sevish va sevilish katta baxt deb hisoblayman. Ammo bu baxtni tezda yoʻqotib qoʻyish ham mumkin odam. Sevsangiz, yurtdoshimni koʻp qiynayvermang-e! Koʻngli qolmasin-e, bechoraning. Keyin afsus qilib, oʻzingiz qiynalib yurasiz «. Tohirjonga nima deyarimni bilmay, vujudim lovullagancha damimni ichimga yutdim. Shundan keyin u ham men bilan faqat ish yuzasidan gaplashadigan boʻldi. Avvalgidek hazil-huzil qilishlarini yigʻishtirdi.

Mana shu gaplardan keyin Ilyos yonimga sira kelmay qoʻydi. U suymaganga suykanma deganlariga amal qilib yuribdimikin? Qanday xayollarga boryapman oʻzi? Bunday boʻlmasa kerak. Negaki, hali oramizda unchalik jiddiy gap-soʻzlar boʻlmagan, u mendan hech qanaqangi rad javobi olgani yoʻq-ku, axir!

Kelmasa kelmas, nima, men unga zormidim. Undan boshqa tashvishim yoʻqmi endi?!

Faqat bir narsa, negadir oʻsha mahallar oʻzim ham bunga sira tushunolmasdim, har-har zamonda uni juda ham koʻrgim kelib ketaverardi. Avvalgidek jimgina yonimga kelib, soʻzsiz termilib turishlarini, ortimdan soyadek ergashib yurishlarini juda-juda istar edim.

Koʻklam kunlarining birida — Oʻsha kuni maosh olgan edik — ishdan chiqiboq bir-ikkita qizlar yangi koʻylak xarid qilgani Chilonzor savdo markaziga bordik. Ikki soatlardan keyin qaytib, yotoqxona hovlisiga kirayotsak, darvoza tomonga kelayotgan bashang kiyingan oʻn chogʻli kishilarning orasidan Ilyosga koʻzim tushib yuragim shuv etib ketdi. Ilyos oʻshandogʻ gʻamgin nigoh bilan sekin qaradi-da, jimgina yonimdan oʻtib ketdi. «Nahotki u meni izlab shu yergacha kelgan boʻlsa-ya?!» degan oʻy oʻtdi birdan xayolimdan. Yoʻgʻ-e, unchalik boʻlmasa kerak, agar izlab kelganida bir ogʻiz gapirmay oʻtib ketarmidi? Boshqa bir ish bilan kelgan boʻlsa kerak.

Ertasiga biroz boʻlsa-da gaplashish istagida uni rosa kutdim. Ammo u meni koʻrgani kelmadi. Indiniga ham undan sira darak boʻlmadi. Toʻquv tsexida ishlaydigan, uni taniydigan qizlardan surishtirgandim, Ilyosning mehnat ta’tiliga chiqib, yurtiga ketganini aytishdi. U shu ketishda kuzning boshlarida kombinatda paydo boʻldi.
— Salom, Faridam! — degan judayam tanish ovoz keldi bir mahal ortimdan.

Yalt etib qaradim-u, yuragim qinidan chiqib ketayozdi. Sogʻinganim qandaydir gʻamgin nigoh bilan termilib turar edi!
— Farida, — dedi u yutinib olgach, vazmin ovozda. —Sizga bu gapni aytish menga judayam qiyin. Shunday boʻlsa-da, aytishga majburman. Men yaqinda ota-onamning qistovlari bilan uylanmoqchiman.

Nima deyarimni bilmay, angrayib qoldim.
— Siz meni yaxshi koʻrmaganingizdan keyin nima qilay, shunday qilishga majburman, — deya xoʻrsindi u.
— Voy qanday yaxshi, baxtli boʻling iloyim! — deyoldim ichimdan zil ketsam-da jilmayishga urinib.
— Yoʻq! — deya qat'iy bosh chayqadi Ilyos. — Sizning muhabbatingizni qozonsam va orzu qilganimdek yozuvchi boʻlolsam, oʻshanda baxtli boʻlaman deb oʻylagan edim. Ming afsuskim, sizga yetisholmadim. Bunga siz aybdor emassiz, yoʻq! Tan olishim kerak: oʻzimning boʻshangligim va qat'iyatsizligim ham sababchidir. Endi bu gaplarni aytib oʻtirishning foydasi ham, qizigʻi ham yoʻq.Bilasizmi, odam uylangani bilan baxtli boʻlolmaydi. Gap uylanishda emas, gap kimga uylanishda, buni unutmang!

Ilyos boshqa gapim yoʻq deganday sekin burildi-da, yonimdan uzoqlashdi.

U ketgach, soʻnggi ilinjlari ham chippakka chiqqan kishidek yuragim huvillab qoldi. Nega bunday boʻldi oʻzi? Hech aqlim yetmaydi. Unga yuragimdan joy berishga ulgurganmidim?

Yoʻq, unchalik emas-ku, axir! Hali oramizda bundayroq jiddiy gaplar ham boʻlmagandi-da.

U shunchaki ermak uchun ikki-uch oy orqamdan yurgan ekan-da boʻlmasa, degan xayolga ham bordim. Agar u meni qattiq sevsa, darrov boshqasiga uylanib ketarmidi? Demak, Ilyos mening husnimga sal-pal oshiq boʻlgan ekan-da, degan xulosalarga bordim va u haqda endi koʻp oʻylamaslikka qaror qildim. Ammo ba’zi-ba’zida sevgisi toptalgan qizdek xoʻrligim kelib, ma’yus tortib qolardim. Uni koʻrgim, u bilan gaplashigim kelaverardi.

Shunday qilib, oradan bir yil oʻtgach, iyunning oʻrtalarida sira kutilmaganda tasodifan u bilan uchrashib qoldim. Oʻsha kuni bir dugonam bilan» Chilonzor savdo markazi»ga nimadir xarid qilgani borgandik. Ikkinchi qavatdagi ayollar poyabzali boʻlimiga oʻtayotganimizda Ilyos lop etib qarshimizdan chiqib qolsa boʻladimi?! U ham bunday boʻlishini kutmagan shekilli, bir dam ikkimiz ham bir-birimizga termilgancha joyimizda qotdik-qoldik. Yuragim shu qadar shiddatli urib ketdiki... asti qoʻyaverasiz endi!

Mendan sal ilgarilab ketgan dugonam chaqirmaganida, bilmadim, Ilyosga yana qancha tikilib turaverardim.

Ilyos bir ogʻiz soʻz qotmadi. Xuddi huv bir yil ilgarigidek besh-olti qadam naridan to biz «Savdo markazi»ni aylanib chiqqunimizcha ortimizdan indamay ergashib kelaverdi. Xaridimiz bitgach, tashqariga chiqib, bekat tomon yurdik. Shu yerdan 34-avtobusga chiqib, yotoqxonaga qaytishni muljallab turardik. Ilyos besh-olti qadam naridan ortimdan tikilib turardi. Burilib qaragim kelar edi-yu, shu tobda unga nimalar deyishni bilmas edim. Oʻn daqiqalar oʻtib, bekatga avtobus kelib toʻxtadi. Ilyos ortimizdan chiqib, orqa tomonga oʻtib oldi.

Dugonam yoʻlma-yoʻl chakagi tinmay borar, ammo uning gaplari sira qulogʻimga kirmas, xayolim Ilyosda edi. U haqida oʻylar edim. Axir u bir yil burun uylandim degandi-ku?! Qani nima derkin? Oʻshanda menga yolgʻon gapirdimikin? Unday boʻlsa, nega oʻzini keyingi paytlar mendan olib qochib yurdi?

Kombinat bekatida avtobusdan tushganimiz hamono dugonamni qizlardan biri chaqirib qoldi. Bundan foydalangan Ilyos yonimga yaqin kelib:
— Farida, toʻxtang, sizda gapim bor, — dedi.

Qani, nima derkin deb, koʻzlariga savolchan tikildim.
— Mana, institutniyam bitirdim, — dedi u. — Erta-indin yurtimga qaytib ketyapman. Bilasizmi, Toshkent¬dan yomon xotiralar va armon bilan ketishni xohlamayman. Sizdan birgina oʻtinchim bor: bir kuningizni menga hadya qiling, iltimos?! Siz bilan sayr qilishni niyat qilgan edim. Shu koʻnglimda armon boʻlib qolmasin! Ertaga yakshanba-ku, baribir bekor boʻlasiz. Bir kungina men uchun vaqt ajrating, oʻtinib soʻrayman! Agar hozir qarshimda tiz choʻk desangiz, mayli tiz choʻkaman, faqat yoʻq demang! Siz oqila qizsiz-ku, mening holatimni toʻgʻri tushunasiz deb oʻylayman. Choʻchimang, koʻnglimda sizga nisbatan zarracha yomon niyatim yoʻq! Faqat siz bilan oxirgi marta dildan suhbatlashmoqchilan, xolos. Xudo biladi: bundan keyin siz bilan uchrashamizmi, yoʻqmi?!

Ilyos shunchalar sodda va samimiy gapirar, koʻzlari ma’yus yolqinlanib, ilinj bilan termilib turar, agar shu tobda yoʻq deya bosh chayqasam, tiz choʻkib yigʻlab yuborishga tayyor edi u.
— Siz bir yil burun uylanayapman degandingiz-ku, axir?! — dedim chimirilgancha buyogʻi nima boʻladi deganday qilib. —Oʻzingizniyam, meniyam ovora qilib nima qilasiz endi? Foydasi bormikin?
— Ha, esimda bor: oʻshanda sizga uylanmoqchiman degandim, ammo uylandim deganim yoʻq edi, chamamda, —deya siniq jilmaydi u. — Qani, siz nima der ekansiz deb sal jiddiy hazil qilgandim-da.
— Voy, rostdanam uylanganingiz yoʻqmi hali? — deb yubordim uzoq ayriliqdan keyin birga boʻlishga imkon topilganidan xursand boʻlganday.

Ilyos javob oʻrniga nim tabassum qilib qoʻydi.

Anchadan beri u bilan gaplashish ishtiyoqida ekanim uchun, koʻnglini choʻktirgim kelmay, ertangi uchrashuvga rozi boʻldim. Shunda uning koʻzlaridagi quvonchni bir koʻrsangiz edi! Hayotida bunchalar shodumon boʻlmagan boʻlsa kerak, bechora!

Shu kech allamahalgacha hech uyqum kelmay, ertaga Ilyos meni qaerlarga sayr qilgani olib borar ekan deya oʻylab, ichim qizib yotdim.

Ertasiga kecha kelishganimizdek, u bilan soat toʻqqiz yarimlarda»Paxtakor» metro bekati oldida uchrashdik. Ilyos yarim soatlar burun kelgan shekilli, koʻzi yoʻlimni poylab, diqqati oshib turgan ekan. Menga nigohi tushishi bilanoq, tund va tajang chehrasi birdan yorishib ketdi.
— Mana, keldim, soʻzingizni yerda qoldirmay. Xoʻsh, qaerga boramiz? — dedim samimiyroq boʻlishga harakat qilib.
— Rahmat, oqila qizligingizni bilardim, —deya minnatdor boʻldi Ilyos. — Bilasizmi, siz bilan kinoga tushishni koʻpdan orzu qilardim. Keling, shu birinchi orzuyimni amalga oshiraylik, qarshi emasmisiz?
— Yoʻq, nega qarshi boʻlarkanman? Yaxshi film boʻlsa mayli, — dedim uning ra’yini qaytarmay.
— Soat oʻnda»Panorama»da yangi hind filmi koʻrsatilar ekan, ketdikmi? — dedi Ilyos.

Biz telestudiyaning yonidan oʻtib, gird atrofi oynavand san'at saroyiga yaqinlashdik.

Ilyos men hozir dedi-da, tezgina borib, ikkita chipta olib keldi.

Poytaxtda bir yildan beri yashab, bunaqa muhtasham kinoteatr borligini xayolimga ham keltirmagan ekanman. Ish deb, oʻqish deb, shahar aylanishga qoʻl ham tegmabdi.
— Hali seans boshlanishiga biroz vaqt bor, — dedi Ilyos meni keng foyening ikkinchi qavatiga boshlab. U yerda muzqaymoq va salqin ichimliklar bor ekan. Ilyos meni deraza yonidagi oʻrindiqqa oʻtqazib, muzdekkina ikkita kokteyl olib keldi. U goʻyo baxtidan, toleidan koʻngli toʻlgandek, koʻzlarimga masrur boqqanicha kokteylni sekin-sekin sipqorar edi.

Film namoyishiga ozgina qolganida, zalga kirib, joyimizga oʻtirdik.
— Qoʻlingizdan ushlab oʻtirsam maylimi? — deya qulogʻimga sekin shivirladi Ilyos kino boshlangach. — Siz choʻchimang, boshqa nojoʻya harakat qilmayman deb soʻz beraman.

Mayli,  bu ham dilida armon boʻlmasin deya oʻng qoʻlimni asta unga uzatdim. Iliq kaftlariga kaftlarim tegishi bilanoq a’zoi badanim jimirlab ketdi!

— Qalay, film sizga yoqdimi?— deb soʻradi Ilyos tashqariga chiqqach.
— Unchalik yomon emas, bir marta koʻrsa boʻlarkan, — dedim nima deyarimni bilmay.
— Endigi rejamizga muvofiq istirohat bogʻiga borib, maza qilib dam olib kelamiz.

Ixtiyoringiz deganday iljaydim.

Bu sodda va samimiy yigit avvaldan yoqib qolgani bois, bugun jiddiyligimni sal tashlab, unga oʻzimni yaqinroq tutib, koʻnglim va chehramni ochibroq muomala qilishga intildim.

Avval koʻrgan tushimni eslab, peshonamga bitgani shu Ilyos ekanligiga, taqdirim u bilan bogʻliqligiga asta-sekin ishona boshladim. Endi nozu firoq bilan qovoq solib, lab jiyirishga na hojat, qizgina, deb qoʻydim ichimda.

Istirohat bogʻidagi qahvaxonada maza qilib kabobxoʻrlik qilarkanmiz, ilk uchrashuvimizni, uning ortimdan tinimsiz yurishlarini, jahlim chiqib, urishganim-u, Ilyosning sizni yaxshi koʻrib qoldim deganlari-yu, shundan keyin negadir yonimga kelmay qoʻyib, goʻyo arazlagandek oʻzini mendan tortib yurganlarini eslab kulishdik.»Menga shunchalik koʻngil qoʻygan ekansiz, nima uchun keyinchalik gaplashgani oldimga kelmay qoʻydingiz? Men oʻsha kunlari yonimga kelishingizni rosa kutgandim», — degandim, Ilyos:»Rostdanmi?» — deya bir zum quvonib, keyin nimagadir darrov ma’yus tortdi-da: «Eh, buning sabablarini keyin tushuntirib beraman,» — deya xoʻrsinib qoʻydi.

Tamaddi qilib boʻlgach, bogʻning ichkarirogʻiga kirib, har xil koʻngil ochar karusel-u, argʻimchoqlarda «uchdik». Yaqinda chet eldan keltirib qurilgan poezd degan attraktsion juda ham dahshat ekan. Shamoldan tez yurishi-yu, yurakni shuvillatib yuboradigan kutilmagan burilishlar-yu, tepaga chiqib ketib noxosdan oʻqdek pastga tushib ketishlari bilan odamni vahima solarkan. Manaman degan qoʻrqmas botirlar ham bunday qaltis harakat paytida yuraklari oʻynab ketib, qichqirib yuborishlari hech gap emas ekan. a’zoi badanim qoʻrquvdan qaltirab ketganidan Ilyosning bilaklaridan mahkam ushlagancha, uning pinjiga kirib, boshimni egib, koʻzlarimni chirt yumib oldim.
— Qalay, zoʻr ekanmi? — deya iljaydi Ilyos poezdan tushib, salqinroqdagi oʻrindiqqa choʻkib, nafasimizni sal rostlab olgach.
— Nimasi zoʻr ekan? — dedim norozi boʻlib. — Bundayligini bilganimda oʻlsam ham chiqmasdim.

Shundan soʻng bir-birimizga nima deyarimizni bilmagandek jimib qoldik.

Nihoyat, u gap boshladi:
— Keyin aytaman degan gaplarimni aytishning endi mavridi keldi, Farida. Kombinatda sizni uchratmasimdan oʻn besh kunlar burun mening roziligimsiz, onamning xohishlari bilan meni qishloqlik bir qizga unashtirib qoʻyishgan edi. Men u qizni bir marta ham koʻrmagan, uchrashmagan edim.

Oʻsha qizga uylanmaslik uchun ota-onamga asosli bir sabab topishim kerak edi. Ular xoʻp, ana, biz topganga uylanishni xohlamas ekansan, biron-bir koʻz ostingga olganing, yaxshi koʻrganing boʻlsa ayt deyishlari tabiiy edi. Men ularga ha, bor, kombinatda Farida degan chiroyli bir qizni yaxshi koʻrib qolganman, ammo u meni yoqtirmaydi, gaplashishni istamaydi desam, eh bolam, suymaganga suykanib nima qilasan, endi uni koʻnglingdan chiqarib tashla, ana, biz topgan qizga uylan, toʻydan keyin yaxshi koʻrishib ketaverasizlar, deya maslahat berishlari turgan gap edi.

Sizdan koʻngil uzolarmidim, axir?!

Qishning boshlarida singlimdan otamning qattiq betob boʻlib qolganliklari haqida xat oldim. Ta’tilga chiqib, uyga borganimda, otamni ogʻir ahvolda koʻrib koʻnglim buzilib ketdi.
— Sen aqlli yigitsan, — dedilar otam ogʻir nafas olib. — Shu choqqacha yuzimizni yerga qaratmagansan, mundan keyin ham yuzimizni shuvit qilmaysan deb oʻylayman. Fotihani buzish oson. Senga hech narsa boʻlmaydi, chunki sen oʻgʻil bolasan. Ammo unashilgan qizning sha’niga yomon boʻladi, oʻgʻlim.

Odamlar sendan emas, qiz bola boʻlgani uchun undan ayb izlashadi. Qiz taraf bizga qarindosh boʻladi. Keyin ular ham bizdan yuz oʻgirib ketishadi. Koʻzim ochigʻida unga uylanaman, qarindoshligimizni uzmayman deb, soʻz ber, bolam. Boʻlmasa, men goʻrimda tinch yotolmayman.

Otamni xotirjam qilish uchun mayli oʻsha qizga uylanaman deb va’da berdim. Shundan soʻng otam bechora xotirjam oyoq uzatib, olamdan oʻtdilar.

Yaqinda otam rahmatlining yillarini berdik. Onamlar toʻyni bir oydan soʻng, avgustga belgilashgan.

Mana, Faridam, bor gap shu. Men haqimdagi bor haqiqatni ham bilib oldingiz.

Men joyimda tosh qotgan edim.

Ilyos shartta oʻrnidan turib, besh-olti qadam nariga borib toʻxtadi-da, soʻng sekin burilib menga tushkun nigoh bilan nazar tashladi. Endi bu yerdan ketishimiz kerakligini fahmlab, oʻrnimdan turganim hamono u chopib keldi-da, meni bagʻriga bosgancha hovliqib entikkancha yuz - koʻzlarimdan tinimsiz oʻpa ketdi! Bir dam ixtiyorimdan ayrildim. Uning boʻsalari xayolimni olib, boshginamni aylantirib tashlagan edi!

Ichimdan toshib kelgan yigʻini toʻxtatolmay, hiqillab yubordim.

Shu kech yigʻlay-yigʻlay ajrashdik.

Shundan keyin hamma narsadan koʻnglim sovidi: kombinatdan ham, oʻqishga kirish istagidan ham. Shaharda turgim kelmay qoldi. Ishdan boʻshab, buvimning yonlariga qaytdim.

Bir yildan soʻng buvimning maslahatlari bilan oʻzimdan toʻrt yosh katta Murod degan shofyor yigitga turmushga chiqdim. Murodni buvim emas, oʻzim topgandim. Kech kuz kunlarining birida qishloqdagi xolamnikidan qaytayotganimda, yoʻlda shovillab yomgʻir yogʻib qoldi. Ust- boshim shalabbo boʻlishiga bir bahya qolganida, shundoq yonginamga yuk mashinasi kelib toʻxtadi.»Shaharga ketayotgan boʻlsangiz, chiqing, oborib qoʻyaman», — dedi haydovchi eshigini ochib. Unga qaradim-u, yuragim «jiz» etib ketdi. Haydovchi yigit Ilyosga judayam oʻxshab ketardi!

Murod hazilkash, shoʻx yigit ekan. Shaharga kelguncha goh latifa, goh qoʻshiq qoʻyib, zeriktirmay keldi. Shunday qilib, ortimdan uch oycha yurib, axiri unga turmushga chiqishimni soʻradi. Men ixtiyorim buvimda ekanligini aytdim. Ertasiga uning onasi bilan ammasi biznikiga sovchilikka kelishdi. Murodda sal-pal koʻnglim boʻlsa-da, avvaliga, nomiga, erga tegmayman deb biroz noz-u firoq qilgandim, buvim:»Menga bildirmay, uch oydan beri birga yurar ekansanlar-ku, pismiq, — deb urishib berdilar. — Baxting ochilgani shu, qizim! Endi koʻp mahtal qilmay, tezroq rozi boʻla qol, bolam».

Buvimning qistovlari bilan bahorda turmushga uzatildim.

Murodn koʻngli ochiq, mehribon yigit edi.

Yil oʻtib, shirin qizaloqlik ham boʻldik.

Afsus, havas qilgudek shiringina turmushimiz uzoqqa choʻzilmadi, qizcham juda erta yetim boʻlib qoldi.

Qish kunlarining birida, Murod akam qor bosgan qaltis yoʻllik davondan oʻtayotganlarida, mashinalari yoʻldan chiqib ketib, halokatga uchrab, halok boʻldilar. Bu men uchun ogʻir yoʻqotish boʻldi. Avvaliga men uchun bu dunyoda yashashning hech bir ma’nisi qolmagandek boʻldi. Hardamxayol boʻlib yurgan kunlarimning birida Ilyos tushimga kirib: «Farida, esingizni yigʻing, oʻlimni oʻylamang! Endi siz hamma qiyinchilikka bardosh berib, qizingiz uchun yashashingiz kerak!» — deya tanbeh berdi. Shu tushdan soʻng hayotga qayta qiziqishim uygʻonib, oʻzimni shu qizchamning bekam-u koʻst unib oʻsishiga bagʻishladim.

Goh-gohida, agar Ilyos bilan yulduzimiz yulduzimizga toʻgʻri kelganida, yigirma uch yil qiynalib, yolgʻiz yashamagan boʻlarmidim degan xayollarga ham boraman.

Shu yigirma uch yil ichida uning hayoti qay tarzda kechdiykin? Turmushidan koʻngli toʻlib, begʻam, betashvish yashadimikin? Bu bir kam dunyoda kim ham begʻam, betashvish yashay olgan ekan?! Yigirma uch yil davomida men haqimda oʻylaganini koʻnglim sezib turibdi. Boʻlmasa, shuncha vaqtdan keyin u meni izlamagan, «Mehr koʻzda»ga iltimos, Faridani topib beringlar deb xat yozmagan boʻlar edi.

... Metroning «Paxtakor» bekatidan chiqsam, televideniening eshigi oldida bir dasta qip-qizil gul tutgancha kimnidir intizorlik ila kutib turgan bir kishiga koʻzim tushib, yuragim orqaga tortib ketayozdi. Uni darhol tanidim. Bu oʻsha meni izlab kelgan yigit— Ilyosim edi! U navqiron, yosh koʻrinar edi! Menga koʻzi tushgan zahoti uning oʻychan chehrasiga tabassum yoyilib, oldinga uch - toʻrt qadam tashladi va shu asno uning yosh va koʻrkam aftu angori birdan oʻzgardi: yuzlarida soʻlgʻinlik, peshonasida taram-taram ajinlar paydo boʻlib, sochlariga ham quyuq oq oralab, bir zumda oʻrta yosh odamga aylandi-qoʻydi. Faqatgina uning mehru muhabbatga toʻla koʻzlarigina oʻzgarmadi!

Bu intizor koʻzlar oʻshandoq ma’yus edi!