OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Ibrohim Normatov. Kimdan erkinmiz?
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIbrohim Normatov
Asar nomiKimdan erkinmiz?
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Ibrohim Normatov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
"Hurriyat" gazetasidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kimdan erkinmiz?
Ibrohim Normatov

Biz matbuot erkinligi uchun kurashayapmiz. Bu demokratik rivojlanishning va fuqarolik jamiyatining asosiy tamoyillaridan biridir. Matbuot «toʻrtinchi hokimiyat» darajasiga koʻtarilar ekan, hech kimga qaram boʻlmasligi kerak, deymiz. Yaxshi. Xoʻsh, u kimdan, nimadan va nima uchun erkin boʻlishi kerak?! Matbuot erkinligi haqida gap ketganda, soʻzsiz, bu savol hamisha koʻndalang boʻlib turadi.

Umuman, hech kimga hech qanday daxli boʻlmaydigan ommaviy axborot vositasi bormi oʻzi? Boʻlsa jahondagi qaysi telekanalni, radioni, gazeta yoki jurnalni misol qilib koʻrsatish mumkin? Aytaylik, erkin «Ozodlik» radiosi AQSh Kongressidan mablagʻ oladi. «BI-BI-SI» rahbarini Buyuk Britaniya hukumati tayinlaydi. Yoki Rossiyani olaylik. «Gazprom», «Lukoyl» va boshqa shular kabi sanoat gigantlariga bir necha ommaviy axborot vositalari qaram. Boqimanda nashrlar hamma mamlakatlarda ham bor.

Xoʻsh, mablagʻ berayotgan idora yoki tashkilot oʻsha ommaviy axborot vositasiga oʻz ta’sirini oʻtkazmaydi, deb kim ayta oladi?! Bizningcha, hech kim. Hayotda hamisha olgan odam bergan odamning oldida tili qisiq boʻlib qoladi. Bu oddiy falsafa. Bu ommaviy axborot vositalari faoliyatiga ham tegishli. Mablagʻ bilan ta’minlangan idora qanday boʻlmasin oʻz ta’sirini oʻtkazishga harakat qiladi? Albatta, matbuotni bunday ta’sirdan faqat qonun himoya qilishi mumkin. Mukammal qonun ommaviy axborot vositalarini ayrim eskicha fikrlaydigan mansabdorlar va amaldorlar, tabiiy monopoliyalar, homiylar, reklama beruvchilar, matbuot tarqatuvchilar, noshirlar va boshqalarning ta’siridan samarali himoya qila oladi.

Hozir esa bizning mustaqil va erkin nashrlarimiz bilan ularning homiylari hamda muassislari oʻrtasidagi munosabatlar asosan oʻzaro majburiyatlar olish bilan kafolatlangan. Eng yomoni, bu majburiyatlar vaziyatga qarab oʻzgarib turadi. Ba’zan esa homiy yoki muassis tomonidan belgilab berilgan reja-dastur, yoʻnalish erkin matbuot va erkin jamiyat asoslariga toʻgʻri kelmaydi. Agar munosabatlar qonunda koʻrsatilgan tartibda yoʻlga qoʻyilsa va shundan kelib chiqib majburiyatlar olinsa, matbuotimizning erkinligiga hech qanday gʻov boʻlmaydi. Eng muhimi, bu erkinlik qonuniy jihatdan kafolatlanadi hamda himoya qilinadi.

Prezidentimiz Oʻzbekistonda demokratik oʻzgarishlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirishning asosiy yoʻnalishlarini hayotiy misollar va dalil-isbotlar bilan asoslab, tahlil qilib, izohlab berar ekan, inson huquqlari va erkinliklarini, soʻz erkinligi va matbuot erkinligini hamda oshkoralikni eng muhim ustivor yoʻnalish sifatida alohida ta’kidlab oʻtdi. Bunga fuqarolik jamiyati asoslarini barpo etish jarayonining uzviy tarkibiy qismi sifatida urgʻu berar ekan, bu jarayonda davlatning ishtiroki zarurligiga e’tiborni qaratdi. «Barcha ommaviy axborot vositalariga, — dedi Islom Karimov oʻtgan chaqiriq Oliy Majlisning toʻqqizinchi sessiyasidagi ma’ruzasida, — mulk shakli, tiraji, qamrovi hamda mavzu yoʻnalishidan qat’iy nazar, ularning mamlakatimiz axborot maydonida halol raqobat asosida faoliyat olib borishi uchun davlat zarur shart-sharoitlarni yaratib berishi lozim. Aytish mumkinki, bu — jamiyatni tom ma’noda demokratlashtirish garovidir».

Toʻgʻrisi, bu boradagi ishlarning natijasi yaqqol koʻzga tashlanib turibdi. Hozir davlat nashrlari boʻlgan gazetalar va jurnallar uchun qanday shart-sharoitlar yaratilgan boʻlsa, nodavlat, mustaqil, erkin, xususiy, tijorat hamda tarmoq nashrlari ham xuddi shunday shart-sharoitlarda chop etilayapti. Hech qanday gʻov, toʻsiq, ta’qiq yoʻq. Ba’zan tanish hamkasb uchrab qolib: «Yangi gazeta chiqaryapman» yoki «Bosmaxona ochdim» desa mutlaqo hayratlanmaydigan boʻldik. Aksincha, kechagina ish izlab yurgan hamkasbimiz bugun mustaqil gazeta chiqarib, boshqalarni ishga taklif etayotganligiga havas qilamiz. Mamlakatimiz axborot maydonida halol raqobat boshlanganiga ancha boʻldi. Bu raqobat ba’zan obroʻli gazetalarni ham dovdiratib qoʻyayotganligi bor gap. Oldi-qochdi narsalar bilan mazmun-mohiyatini boy berib qoʻyayotgan gazetalar ham yoʻq emas. Raqobatga bardosh berolmay chiqmay qolayotgan yoki tiraji kamayib ketayotgan nashrlar-chi?.. Shunday: hozirgi gazetxon tanlab oʻqiydi, tanlab xarid qiladi, tanlab obuna boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, hozir gazeta chiqarishni chidaganga chiqargan. Bu fuqarolik jamiyatini shakllantirishda matbuotni erkinlashtirish jarayonidagi tabiiy holatdir.

Raqobatga bardosh berishning muhim shartlaridan biri, bu — hozirjavoblikdir. Har bir ommaviy axborot vositasi har qanday yangilik, voqea-hodisa, muhim xalqaro xabarni iloji boricha tez, qisqa va loʻnda berish uchun kurashmogʻi zarur. Xabarni birinchi boʻlib tarqatish katta ahamiyatga ega. Birinchi hozirjavoblik va tezkorlikda boshqalarni dogʻda qoldirish degan gap. Oʻsha xabarni keyinchalik boshqa ommaviy axborot vositasi tarqatsa, uning ahamiyati qolmaydi. Esimda, 1999 yilning fevralida Toshkentda terroristik xuruj amalga oshirilganida oradan atigi 18-20 daqiqa oʻtib Oʻzbekiston televideniesi Vazirlar Mahkamasi binosi oldidan olingan videotasvirlarni hamda Prezidentning soʻzlarini efirga bergandi. Oʻshandayoq bor haqiqat aytilgan edi. Shuning uchun ham shov-shuvga va mish-mishga oʻrin qolmadi. Oʻzbekiston televideniesi koʻrsatgan hozirjavoblik, ya’ni zudlik bilan tarqatgan xabar oʻshanda jahondagi barcha yirik axborot agentliklari, telekanallar hamda radiotoʻlqinlar uchun birinchi ishonchli manba boʻlib xizmat qilgandi.

Demak, hozirjavoblik uchun bizda imkoniyat bor. Biroq koʻpincha negadir shoshmayroq, gap eshitib qolmasmikanmiz, deb hadiksiraymiz, boshqalar bersin-chi, shunga qarab koʻramiz, deb kutamiz. Men faqat koʻngilsiz hodisalar haqidagi xabarlarni nazarda tutayotganim yoʻq. Hatto xushxabarni, muhim tadbirlarni, dunyo voqealarini berishda ham negadir ehtiyotkormiz. Bersakmikan yoki yuqoridan ruxsat olsakmikan, deb ikkilanib turamiz. Buni qoʻrquv emas, koʻnikmaga aylanib qolgan ichki nazorat deyish mumkin. Ichki nazorat bizga yillar mobaynida oʻz hukmini oʻtkazib keldi. Endi uni ichimizdan haydab chiqarish uchun kurashyapmiz. Jamiyatimizdagi demokratik oʻzgarishlar bizga dalda berayotgan ekan, soʻzsiz, biz uni haydab chiqaramiz.

Oshkoralik ham xuddi hozirjavoblikdek matbuot erkinligini ta’minlashning muhim shartidir. Oshkoralik bor joyda erkinlik boʻladi. Davlat siriga daxldor boʻlmagan har qanday voqea-hodisaning sabablari ochiq aytilishi va bu xalqqa yetkazilishi kerak. Boʻlmasa mish-mishlar oʻz-oʻzidan uydirmalarga aylanib ketaveradi. Uydirmalar esa vahimani kuchaytiradi. Oʻz navbatida vahima odamlarning qalbiga gʻulgʻula soladi. Yaxshisi, quvonchli yoki koʻngilsiz boʻlsin, birorta voqea-hodisa yuz bersa, shunga daxldor yoki mas’ul odam darhol matbuotda chiqish qilib, yuz bergan holatni xolisona izohlab bersa — olam guliston, hech qanday uydirmaga oʻrin qolmaydi.

Olam tafsilotlarga toʻla. Inson ularning oldini olishga ojiz. Falokat oyoq ostida, deyishadi. Davlatdan va tuzumdan qat’iy nazar qaerdadir nimadir boʻlib turadi. Buni yashirishning hojati yoʻq. Sobiq ittifoq davrida yashirib faqat mulzam boʻlganimiz qolgan. Hatto tabiiy ofatni ham yashirdik. Vaholanki, xorijning murakkab texnikalari sobiq SSSRning qaerida yer qimirlab, qaerida toshqin boʻlganligini qayd qilib qoʻyardi.

Oshkoralik bilan xolislik egizak. Ularni bir-biridan ajratib boʻlmaydi. Gap oshkoralik haqida borar ekan, misol tariqasida bir voqeani eslab oʻtmoqchiman. Yoz kunlarining birida avtobusda Qoraqalpogʻistonga bordim. Gazliga yaqin yerda yoʻlning oʻng tomonidagi ochiq joyga pachoqlanib ketgan bitta avtobus bilan bitta yuk mashinasini koʻrgazmaga qoʻyib qoʻyishibdi. Fojia oʻsha kuni kechasi yuz beribdi: avtobus bilan yuk mashinasi toʻqnashibdi. Juda noxush manzara. Oʻtgan-ketgan haydovchilar koʻrib ta’sirlanishsin, hushyor tortishsin, saboq olishsin va xulosa chiqarishsin, deb toʻqnashgan avtobus bilan yuk mashinasini yoʻl boʻyiga qoʻyib qoʻyishibdi. Bizning avtobusimiz yoʻlovchilari toʻgʻri qilishibdi, degan xulosaga kelishdi. Bu nafaqat haydovchilarni, balki yoʻlovchilarni ham hushyor torttirishi aniq. Toʻgʻrisi, avtobusimiz haydovchilari ham, biz ham oʻylanib qoldik. Qushday uchib kelayotgan avtobusimiz oʻrtacha tezlikka tushib qoldi. Hayot hammaning koʻziga aziz koʻrinib ketdi. Bunday koʻngilsiz hodisani koʻrgan har qanday odamda hushyorlik va sergaklik muhrlanib qoladi.

Aytmoqchi boʻlgan gapim shuki, bizning matbuotimizda, ya’ni koʻpchilik oʻqiydigan gazetalarimizda bu koʻngilsiz hodisa haqida xabar bosilmadi. Agar bosilganida edi, undan ta’sirlanib hushyor tortganlar va saboq olganlar soni koʻp marta oshgan boʻlardi. Nazarimda buning hech qanday sir joyi yoʻq, bu ikkita beburd haydovchining jinoyatkorona ehtiyotsizligi oqibatida yuz bergan baxtsiz hodisa. Oshkoralik sergaklikni va hushyorlikni oshirib, bunday hodisalarning oldini olishga yordam berishi mumkin. Faqat hodisani matbuotda berishda xolislikni unutmasligimiz kerak.

Men ommaviy axborot vositalarimiz faoliyatini kuzatib borar ekanman, oʻzbek matbuoti bugun hadik va loqaydlik bekatini ortda qoldirib, demokratiya va erkinlik bekati sari yoʻl oldi, deb ishonch bilan ayta olaman. Ayrim gazetalar bu yoʻldan ildam bormoqda. Buni koʻrmaslik, sezmaslik mumkin emas. Erkin va teran fikrlaydigan, hayotni haqqoniy va xolisona yoritayotgan jurnalistlar safi tobora kengayib bormoqda. Buni ilgʻamaslik, his etmaslik mumkin emas. Biroq xorijdagi ba’zi hamkasblarimiz buni koʻrib-koʻrmaslikka, bilib- bilmaslikka olishyapti. Aytaylik, bundan oʻn-oʻn besh yil oldin oʻzbek matbuotiga, oʻzbek jurnalistlariga qanday tamgʻa bosishgan boʻlsa, hozir ham xuddi shunday tamgʻa bosishyapti. Yana kimlar deng? Shu oʻzimizning matbuotda ishlab, shu yerning tarbiyasini olgan hamkasblar. Xorijning ommaviy axborot vositalariga oʻtib ish boshlashlari bilanoq goʻyo hammadan aqlli, dono, bilarmon va bilimdon boʻlib qolishyapti. Yaqinda «Ozodlik» radiosi ana shunday hamkasblardan bir nechtasini ishdan boʻshatdi. Endi esa ular, aksincha, xorijda haqiqat yoʻq ekan, deb bong urishyapti.

Xoʻsh, biz kimdan erkinmiz? Biz, avvalo, faqatgina oʻz fikrimizning, oʻz koʻz qarashlarimizning, oʻz tushunchamizning, oʻz farosatimizning quli boʻlib qolishdan erkin boʻlishimiz kerak. Biz erkin boʻlar ekanmiz, boshqalarning fikrini ham, boshqalarning tushunchasini ham hurmat qilishimiz zarur. Bizning erkinligimiz boshqalarning erkinligini poymol qilmasligi shart. Erkinlik bobida hech kim mutlaq hakam boʻlolmaydi. Yuqorida men fikrlarimni erkin bayon qildim, demak, mamlakatimizda soʻz erkinligi va matbuot erkinligi bobida yaratilgan shart-sharoit buning uchun menga imkoniyat berdi. Aks holda men fikrlarimni bu darajada ochiq aytolmagan va matbuotga yozolmagan boʻlardim.