OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIbrohim Rahim
Asar nomiIshbilarmon qismati (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Ibrohim Rahim
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ishbilarmon qismati (qissa)
Ibrohim Rahim

Quvada bir ajoyib odam bor. Uning xususida turli afsonalar yuradi. Sirtdan qaraganda hamma qatori bir odam, andak oqsoqlanib, hassaga suyanib yurishini aytmasa hech kimsadan a’lo joyi yoʻq: past boʻyli, ixcham jussali, oʻrtamiyona odam. Boshqalardan farq qiladigan xususiyati ham sezilmaydi: yigʻinlarda, toʻy-ma’rakalarda el qatori odobu iffat ila oʻtirib-turadigan, hech kimdan salom-aligini uzmaydigan, yoqasiga chang yuqtirmay oppoq kiyinib yuradigan hokisor bir inson. Chekib, ichib yurganini ham birov koʻrgan emas. Ammo uni tanimaganlar Quvada topilmas, muzofotda esa, kamdan kam boʻlsa kerak, deb ta’riflaydilar.

Bu sipo kishi haqida orqavorotdan turli-tuman gaplar yuradi. Birov uni «qoʻyning ogʻzidan choʻp olmagan kishi» desa, boshqasi «Yulduzni narvonsiz uradigan» olgʻirlar qatorida sanaydi.

Ba’zilar: «Oʻtirgan joyida ish yuritib, kesakdan olov, suvdan alanga chiqaradi. Bir qoʻlida tovuqqa don berib, ikkinchi qoʻlida tuxumini oladi, deb maqtaydi. «Birni ikki qilmagan kuni uxlamay bedor chiqadi...»

Bu gaplarga goh ishonib, goh ishonmay yurardim. Onda-sonda koʻrishib qolsam ham unga goʻyo bir jumboq deb qarar, shunchaki bir salom-alik, xayr-xoʻsh bilan kifoyalanardim.

Zamona charxpalak boʻlib, «bozor iqtisodiyoti» barchani babbaravar oʻz girdobiga tortayotgan kunlarda, jamiyatda «Ishbilarmonlar qaydasan?» degan savol berilayotgan paytda oʻsha «Yulduzni narvonsiz uradigan», «Oʻtirgan joyida ish yuritib, kesakdan olov, suvdan alanga chiqaradigan», «Birni ikki qilmasa bedor tun oʻtkazadigan quvalik»ni esladim.

Esladim-u, albatta u bilan uchrashib, oʻsha afsonaviy jasorat boʻlib koʻringan «ishbilarmonlik sirlari»ni bilishga oshiqdim.

Manzilga yetguncha yoʻl-yoʻlakay quvalik bir guruh donolar bilan uchrashdim. Ularning fikri men uchun bebaho topildiq boʻldi.

Yoʻlimdagi birinchi bekat — Bekat qishlogʻi edi. Bu yerda zamonaviy dehqonchilikning otaxoni Musajon Sherboʻtaev yashardi va Katta jamoa roʻzgʻorini mohirona tebratib, mingquloqlik qozonni ustalik bilan qaynatardi. Bu sohada Musajon el ogʻziga tushgan maslahatgoʻy odam edi.

Musajon Sherboʻtaevni odam tanigan va odam taniydigan dono oqsoqol deb ta’riflaydilar: «Koʻchadan oʻtib borayotgan kimsaning kadam tashlashiga qarab turib, uning belida qancha puli borligini biladi. Notanish kishining ishiga qarab turib, oʻzi qanday inson ekanligini gʻoyibdan bexato tasvirlab beradi», deydilar. Men soʻrab bilmoqchi boʻlgan odam toʻgʻrisida esa, Musajon Sherboʻta oʻgʻli ming yillik tanish va sinashta kishiday hikoya qildi.
— Jamiyat tegirmonini ana shunday kishilar yurgʻiza oladi. Ularning davri endi ketdi, — dedi Sherboʻtaev.
— Ey, avval siz uning qoʻyniga qoʻl solib koʻring,— dedi yosh boʻlsa ham tumanda bir yuz qirq ming kishnga bosh boʻlib turgan Muhammadjon Nosirov. — Ichi toʻla dard, tarixni tilga kiritadi.

Yoshlar nima der ekanlar? Ularning ham fikrini bilgim keldn. Fargʻona viloyat komsomollarining sobiq rahbzrlaridan biri Abduhalil uchrab qoldi. Soʻrasam, «Hozirgi pshbilarmonlarniig otasi oʻsha kishi boʻladilar, — dedi u. — Koʻrgan koʻrguliklariyu tortgan azob-uqubatlari ham bir dunyo! Toʻgʻrisini aytsam, hozirgi kun adabiyotiga qahramon kerak boʻlsa, bundan boshqasini qidirmang! Shoʻro zamoniga xos jami kerakli xislatu ziddiyatli qismatni boshidan oʻtkazgan shaxs shu kishi boʻladilar. U kishining jumboqlarini hali birov yechgani va sir daftarini hoch kim ochgani yoʻq. Sizga ochilarmikin-a?...

Nihoyat, u kishi bilan uchrashdim. Ismi Ibrohimjon. Otasining ismi Mirza Karim. Hamma uni Karimov deydi.

Karimovning daftari menga ochilarmikin?

Tergovchilaru prokurorlar uni tilga kiritolmaganlar, senga chikora. Oʻychi oʻyga yetguncha tavakkalchi manzilga yetibdi. Baxtash tavakkal.

Karimovning idorasi Quva shahar markazi bilan temiryoʻl bekati oʻrtasida Tosh yoʻl boʻyidagi keng maydonga koshona qilib qurilgandi. Uzoqdan xuddi dengizdagi yolgʻiz kemaday gerdayib koʻrinadi. Oldi gulzor.

Darvoza yonida beqasam toʻnli, boshida margʻilon doʻppili, hrom etik kiygan, ammo, yaxshida yaroq yoʻq, deganday qurolsiz soqchi, qoʻllari koʻksida, tabassum bilan keldi-kettiga parvona edi. U meni ham ta’zim bilan boshligʻi huzuriga boshlab kirdi.

Karimovning kabineti yumush bilan kelgan odamga toʻla edi. Ammo hech qanday gap-soʻzsiz ish bitardi. Kogʻoz uzatiladi. Qoʻl qoʻyiladi. Ba’zi ishlar koʻz urishtirish bilan hal boʻlyapti.

Kabinetga yoshgina, kelishgan, bashang yigit kirdiyu qoʻl qovushtirdi, Karimov «boʻpti» deb qoʻydi — uning ham ishi bitdi. Nima ish, qanday hal boʻldi — Oʻzlariga ma’lum. Telefonda ham gapi qisqa: Ha... yoʻq... Kirdi-chiqdining keti uzilmasdi. Ha deganda menga navbat kelavermadi. Shu payt Abduxalilning gapi yodimga tushdi: «U kishining jumboqlarini hali birov yechgani va sir daftarini hech kim ochgani yoʻq. Sizga ocharmikin?» «Nahot shunday boʻlsa?» U men bilan ham imo-ishorada ish bitirsa murodga yetolmasligimdan xavfsirab oʻtirdim.

Nihoyat, Karimov menga yuzlandi-da, gap qotdi:
— Ichkariga kira qolaylik.

Dam olish xonasini bosib oʻtib, majlislar zaliga kirganimizda Karimov kotibasiga «men yoʻqman, kabinetda ham, telefonda ham», dedi-da, shoferini oʻz uyida kutishnn buyurdi. Ichidan qulflab qoʻyilgan xonada ikkimiz qoldik.
— Shu yerda xotirjam gaplashaylik...

Karimov xona devoriga qator terib qoʻyilgan stullarning birdaniga ikkitasini band qilib oqsoq oyogʻini sinoqta hassasiga tirab oldi. (U dardmand oyogʻiga dam berish uchun shunday qilardi.) Bir qoʻlida doʻppisini boshiga qulayroq oʻrnashtirib bosib qoʻydi-da, mayin gap boshladi:
— Aqlimni tanibmanki, tinim yoʻq, tinchlik yoʻq. Hozirda esa, ayniqsa, qiyinlashib ketdi.
— Masalan?

Karimov qoshini chimirib qoʻydi.
— E, siz soʻramang, men aytmayin. Aytsam ado boʻlmaydi, daftaringizga sigʻmaydi bu dunyoning ishlari...

Karimov ixcham oʻtirib oldi.
— Odam boshi toshdap qattiq deganlaricha bor ekan. Buni oʻz qismatimda sinadim. Ne-nelarni koʻrmadi bu soʻqqa boshim. Oʻtda yondi, kuydi, ammo kul boʻlmadi. Suvda gʻarq boʻldi, ammo choʻkmadi, ioʻqs.a nahanglarga yem boʻlish hech gap emasdi. Kaygʻudan, alamdan ezildi yurak. Lekin qon boʻlib ketmadi. Boʻynim egildi, bukildi, biroq sinmadi. Qancha-qancha fisqu fasot, igʻvo, malomatlarga qoldim, lekin tushkun boʻlmadim.

Hayot qarama-qarshiliklardan, kurashlardan iborat deganlari haqiqat ekan.

Nihoyat Karimovning sir daftari varaqma-varaq ochildi. Men uni oqqa koʻchirdim, xolos.

Bu ajib voqealar bayonini qisqa boshlasam boʻlardiyu, lekin men uni bir boshdan, voqeayu voqeliklarga toʻla boʻlgan hayotim qay holatda kechganini aytib oʻtgim kelyapti. Maylimi?
— Shunisi ma’qul...
— Avvalo, ota-onam haqida. — gap boshladi Karimov. — Dadam kambagʻal boʻlsa ham uch xotin olgan, shoʻxligidan emas, zaruratdan uylangan. Avvalgi ikki xotini bevaqt olamdan oʻtgach, Tojibibi ismli boʻlajak mening onampi nikohiga olgan. Otam ellik uch yoshga toʻlib, onam qirqqa kirganlarida qattiq qishda men dunyoga kelibman. Bechoralikdanmi, nochorlikdanmi, cherlama dardiga mubtalo boʻlibman. U vaqtdagi tibbiyot ahvolini yaxshi bilasiz, uch qishloqqa bitta tabib. Meni ezib ichki bilan davoladilar. Shifo topmadim. Chap oyogʻim ishdan chiqdi. Toʻsatdan paydo boʻlgan qattiq ogʻriqdan oʻzimni qoʻyarga joy topolmay qoldim. Ota-onam boshimda parvona. Onam bechora qariganda koʻrgan yolgʻiz farzandining azobiga sherik, dardiga malham boʻlgisi kelib, jonini jabborga berar, ammo noiloj edi. Olti yashar bolani kecha-kunduz qoʻlidan tushirmas, menga qoʻshilib yigʻlardi. Chelak-chelak koʻz yoshi toʻkildi, shukurki, koʻzimning gavhari oqib tushmadi.
— Oyogʻini siniqchiga koʻrsat, — dedilar onamga. Siniqchi tajribasiz ekan, singan suyakni qidirib, ezgʻilab oyogʻimning goʻshtlarini oq yem qilib yubordi. Siniq suyak topilmagach, «chiqqanmikin?» degan fikrga kelib, oyogʻimni tortqilashga tushdilar. Xullas, bir, oyogʻim butunlay ishdan chiqdi. Onaizorim uyda yotqizib, tilining uchida bol berganday avaylab parvarishladi. Oyogʻim butunlay tuzalmasa-da ogʻrigʻi toʻxtadi, ammo yurishim qiyinlashdi, sira yerga bosolmayman. Maktab yoshiga toʻldim. Tengqurlarim kitob qoʻltiqlab, daftar-qalam ushlab, maktabga qatnayaptilar. Ularga havasim keladi, orqalaridan ergashaman, ammo yurolmayman. Alamimga chidolmay yumma yigʻlayman.

Dadam bechora kap-katta bolani opichlab maktabga olib boradi, darsdan keyin opichlab uyga koʻtarib keladi.

Ota-onam, qarindosh-urugʻlar birlashib, bozor kuni bir eshak sotib oldilar.
— Maktabga eshakda qatnab oʻqiysan endi, — dedilar. Eshak qishdan zoʻrgʻa chiqqan, ozgʻin, shu sababdanmi, hangragani hangragan edi.

Shum bolalar ham yoʻq emasdi, shumlik qilib, eshagimni yechib yuborardilar. Maktab mudiri necha bor uni maktab oshxonasidan tutib kelib, meni izza qildi. Bir kuni muallimim meni doskaga chiqarib, sinov oʻtkazayotgan vaqtida eshagimga qarayolmay qolibman, qoʻlim boʻshagach, derazadan qarasam, eshagim yoʻq. Dod-faryod koʻtardim. Bolalar qiy-chuvlashib har tomonga yugurdilar.
— Eshaging bozorda yuribdi... Oʻsha joydan topib keldik, — dedi sinfdoshim Tursunchaxon egardan tushmay turib.

Tursunchaxon biyron va shoʻx qizcha edi. Eshagingga mingashtir, deb holi jonimga qoʻymasdi. Qish sovugʻida yoki yomgʻir, qor yoqqan kunlari, «eshagingda uyimga eltib qoʻy» deb yalinsa ham koʻnmasdim, ammo uni uloq qilib egarga oʻngaraman deb jigʻiga tegardim. Eshagimni topib kelganidan keyin uni «duldurim»ga mingashtirib yuradigan boʻldim. Ikkimizning oʻrtamizda paydo boʻlgan ilk muhabbatga ham ana shu eshagim sababchi edi...
— Oʻqish, yozishni bilib olding, endi hunar oʻrgan,— dedi dadam. — Oʻz noningni oʻzing topib yeysan, uyimizga yarimta non koʻtarib kelsang ham roʻzgʻorga yordam. Hunardan unar!

Dadamning bunday xulosaga kelishiga ham zormanda eshagim sababchi boʻldi. U avvalo xuddi birov oʻrgatib qoʻyganday yoki ataylab kimdir qitiqlab turganday har oʻn-oʻn besh daqiqada darchadan oʻquv sinfiga qarab varanglatib hangrardi. Zormandaning ovozi shu qadar jarangdor ediki, uning hayqirigʻi sinfxonani larzaga solib yuborardi, muallimimiz quloqlarini berkitib olishga majbur boʻlar, bolalarga esa bepul tomosha edi! Sinfimizdagi ayrim shum bolalar eshakni avjiga chiqarib kishi bilmas «Xar! xar!» deb uni qitiqlab turardilar.

Eshagimning ustidan arz tushavergach, maktab mudiri uni yoʻqotish payiga tushdi. Dadam uni sotib yuborishga majbur boʻlgach, mening maktabga borishim ham barham yedi. Eshagim mening oyogʻim edi. Maktabni tark etishimning yana bir boisi — nochorlik edi. Dadam bechoraga roʻzgʻor tebratish qiyin boʻlib qolgandi.

Shunday qilib 1943 yili otam meni Xoʻjamberdi etikdoʻzga shogirdlikka berdilar. Xoʻjamberdi etikdoʻz yaxshi usta boʻlgani bilan shogirdlariga beparvo ekan. Oradan birmuncha vaqt oʻtgach, dadam, qani nima tikishni oʻrganding, deb surishtirib qoldilar. Ahvolni bilgach, umring bekorga oʻtayotgan ekan-ku, dedilar-da, meni boshqa ustaga —Hoji Muhammad maxsidoʻzga topshirdilar.
— Goʻshti sizniki, suyagi meniki, — dedilar dadam ustozga.

Ustozlarga shogird ustidan hokimlik qilish uchun shunday huquq berilardi. Ustoz shogirdni urib-soʻkib, istaganicha ishlatishga haqli edi, shogird bolaning joni omon qolsayu hunar oʻrgansa bas. Shogird — ustozning quli.

Hojimuhammad qattiqqoʻlli, talabchan ustoz edi. Bigizidan qon tomardi. U meni birinchi kundanoq, etiqdoʻzlar tili bilan aytganda, «qolipga solib qoʻydi». Oʻtir, desa oʻtiraman, tur, desa turaman. Aytganini soʻzsiz bajarsam ham, oʻtirsam «Tur!» deydi. Tursam — «oʻtir!» deydi. Injiqligini aytmaysizmi?! Tikkan choklarimni bittalab, sinchiklab, goʻyo rengen nuriga solganday koʻrib chiqadi. Chokingiz chakki boʻlsa — tamom, baloga qolasiz. Hammamiz zirillab turardik. Tili nihoyatda zahar edi. Har bir soʻzi chayonday chaqardi, choʻgʻday jazillatardi.

Ustozning hamma zugʻumiga chidadim. U kishi soʻkish, qargʻishdan qoʻl yugurtirish, kaltaklashga ham oʻtdilar.