OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIlhom Sheraliyev
Asar nomiBaland-baland bulutlar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Ilhom Sheraliyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm32KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Baland-baland bulutlar (hikoya)
Ilhom Sheraliyev

Avval ular qishloqdagi eng baxtli oila edilar.

Baland-baland togʻlarning bagʻridagi goʻshada yashaydigan yoshu qari borki, yaqindagina bunyod boʻlgan oilaga — Mansurjon va Nozimalarga havas bilan qarashardi.

...Mansurjon panjarani mahkam siqarkan, oʻsha saodatli onlarni esladi...

* * *

Toʻydan keyin oʻzini jannatga tushib qolganday his qilardi. Hayot unga oʻzining eng yaxshi lahzalarinigina hadya qilib, noxush holatlarning barchasi uni chetlab oʻtardi goʻyo.

Ishga «yaxshi borib keling...» degan yoqimli ovoz kuzatib qolsa, koʻp mehnat talab qilmaydigan ishidan qaytganda, «yaxshi keldingizmi?» deyilmish yurakni yoquvchi savol va jonni talvasaga soluvchi tabassumli chehra uni kutib olardi.

Darvozadan kira-kira, ishga ketganidan buyon oʻzini intizorlik bilan kutib turgan xotinining koʻllaridan tutar, lablarini kuloqlariga yaqinlashtirgancha, «sogʻindim» deya shivirlardi. Uyda oʻtadigan har bir fursatdan baxt ufurardi. Bu koshonadagi har bir lahza uning uchun bayram edi. Qarshisida uyalinqiragancha ibo bilan kulib turgan nigohning faqat oʻziga atalganini his qilar ekan, shunday takdirga roʻpara qilgani uchun Tangriga cheksiz shukronalar aytardi. Mana shunday kunlarini koʻra olmay dunyodan oʻtib ketgan ota-onasini eslaganda, biroz oʻksinib qoʻyardi xolos.

Hammasi tuman markazidagi u ishlaydigan idoraga yangi xodim kelganidan boshlandi. Firma rahbari Mansurjonni oʻz xonasiga chorladi. Bordi.
— Keling, oʻtiring, — dedi direktor yonidan joy koʻrsatgancha muloyimlik bilan, — Oʻtiring, Mansurjon!

Sekin boshliq koʻrsatgan joyga borib oʻtirdi. Toqatsizlik bilan direktorning ogʻzini poyladi. Chunki xodimlarini hadeb huzuriga chorlayveradigan boshliqlar sirasiga kirmaydigan Qobiljon Quliev ne boisdan uni eslab qolganiga hayron edi.
— Bizga yangi kadr kelganidan xabaringiz bor, — yoʻtala-yoʻtala gap boshladi Qobiljon Quliev — Endi-i, uka, bilasiz, siz boshqarib kelayotgan boʻlimda ikki-uch oydan buyon ishlar juda sust ketmoqda...

Mansurjonning yuragi «shigʻgʻ» etdi. Noxush bir voqeaning sodir boʻlishini sezib, koʻnglida tushunib boʻlmas talotum boshlandi.
— Agar, ishlar shunday ketaversa, firmamizning inqirozga uchrashi tayin. Shunga ... vaqtinchalik yangi kelgan xodimimiz Jobirjon sizning oʻrningizga bi-ir ishlab koʻrsa. — Boshliq bir muddat kerakli soʻzni topolmay gapdan toʻxtab qoldi. Keyin oldindan tayyorlab qoʻygan gaplarini chamalab olib, gapida davom etdi. — Yoʻq, sizni yomon xodim demoqchimasman. Ishga tushib olishingiz qiyin boʻlyapti-da. Agar Jobirjon ham ishni koʻngildagidek olib borolmasa, sizni oʻzimiz chaqirib olamiz... Agar yoʻq demasangiz.

Mansurjon boshliqqa hech narsa demasdan shitob bilan tashqariga joʻnadi. Uni qishlokdagi ba’zi bir bekorchi oʻrtoqlaridan birgina afzallik tomoni ham markazdagi mana shu ish edi. Toshbaqa yurish bilan bekatga tomon ketarkan, ichida oʻzini «bekorxoʻjalar» safiga biratoʻla qoʻshib qoʻya qolgan boshliqni soʻkib borardi. Avtobusga oʻtirganidan soʻng oʻzini-oʻzi picha yupatgan boʻldi: «Diplomim bor-ku, ishsiz qolib ketmasman...»

Darvozaga yaqinlashgan zahoti dilxiraliklarini tamoman unutganday boʻldi.
— Juda sogʻindim, — pichirladi oʻzini intizorlik bilan kutib turgan parivashga. — Judayam... — keyin esa yorining oʻng kulogʻini erkalagannamo beozor tishlab qoʻydi.
— Koʻying-e, — Nozimaning yuzlari lovulladi. — Koʻshnilar koʻrsa nima deydi...

Nonushta mahali ikkalasi ham jim edi. Gap oʻrtasida Mansurjon bugun idorasida boʻlib oʻtgan voqealarni ham qisman aytib oʻtdi:
— Meni vaqtinchalik ishdan ozod qilishmoqchi shekilli, — dedi u allaqachon yuz berib boʻlgan gapni kelasi zamonda soʻzlab.
— Qaytaga yaxshi-da, uyda koʻproq boʻlasiz, — dilkashlik bilan soʻz qotdi Nozima.
— Oʻrganib qoluvdim-da!..
— E-e, tashvishlanmang, oʻzlari chaqirib olishadi. Sizday mutaxassisni baribir topisholmaydi.

Ertasi kuni Mansurjon oʻziga yangi ish topish maqsadida markazga yoʻl oldi. Diplomini qoʻltiqlagancha kirmagan eshigi qolmadi hisob. Hammasida bir xil javob takrorlandi: «Bizda boʻsh oʻrin yoʻq!»

Nihoyat, shaharcha chetidagi bir idoradan umid bagʻishlovchi gap eshitganday boʻldi:
— Bir oydan soʻng hisob boʻlimimizdagi bitta oʻrin boʻshaydi. Xabarlashib turing!

Deyarli bir oy fursatni uyida, Nozimaning yonida oʻtkazdi. Hamma-hammasi koʻngildagidek edi. Faqat avvallari maosh oladigan vaqti kelganda yuragi xiyol ezildi. Oila «byudjetiga» faqat xotinining hissasi qoʻshilgani bois oʻzini noqulay his qildi. Ammo bunaqangi gap Nozimaning xayoliga ham kelmasligini u ich-ichidan his qilardi.

Oradan uch hafta vaqt oʻtgach, yana tuman markaziga bordi.
— Biror hafta kuting-chi, — dedi firmaning bosh hisobchisi qovogʻini uyib.

Mansurjon bir haftani kun sanab-kun sanab oʻtkazdi. Keyingi dushanba kelishi bilan sabri chidamay shaharchaga joʻnadi. Nazarida, shoshilmasa, oʻsha «oʻrin»ni boshqa birov egallab qoʻyadigandek edi. Ming bir hadik bilan yana oʻsha idora eshigini qoqdi.
— Ikki kundan keyin keling, — tundlik qildi bosh hisobchi — Buncha ichingiz tang boʻlmasa, hali bir hafta oʻtgani yoʻq-ku!

Yana ikki kun kutish kerak. Ikki kun-a! Xotinining ishdan kelishiga erini kutgan ojiza kabi koʻz tutib turish uning joniga tekkandi.

Soat sanab oʻtkazgan kunlarining behuda ketganligiga u shaharchaga keyingi borganida amin boʻldi.
— Boshqa odam oldik, — dedi tanish «mansabdor» umuman beparvolik bilan. — Ishni boshqa firmadan qidiring!

Shundan keyin jahl ustida bu odamga nimalar deganini eslolmaydi. «Buxgaltir» uning bir oylik kerakli vaqtini loqaydlarcha chippakka chiqargandi. Yana qaytadan ish qidirishga hafsalasi boʻlmay, qaysi tomonga yurishini bilmasdan talmovsiradi. Doimo shoshiladigan uyiga ham borgisi kelmasdi. Borsa, hatto Nozima ham unga bekorchiga qaraganday nigoh bilan boqadigandek edi. «Ha, Mansur! Ketdikmi?» deya soʻz qotgan kirakash koʻshnisi Zahriddin akaga oʻzi ham bilmagan holda baqirib tashladi:
— Bormayman oʻsha qishloqqa! Eshitdingizmi, bormayman!
— Mansur! — hayratdan qotib qoldi Zahriddin aka. — Xayoling joyidami, uka?!
— Joyidamas! — Mansurjonning tishlari gʻijirlab ketdi.— Boravering!

Zahriddin aka nimalardir deb soʻkingancha mashinasini nariga haydadi.

Mansurjon kech tushgunga qadar joyidan jilmadi. «Endi nima qilaman?» degan savol butun miyasini chulgʻab olgandi. Bevafo hayot unga bergan jamiki yaxshi narsalarni birin-ketin tortib olayotgandek edi.

Uyiga kirib borganida xotini xavotir olib oʻtirgan ekan.
— Aka, — dedi u erining yuzidagi horgʻinlikdan tashvishlanib. — Ishlaringiz yaxshimi, haligi ishingiz hal boʻldimi?
— Yoʻq-da! — Mansurjonning tomogʻiga allanechuk narsa tiqildi. — Boʻlmadi-i...
— Obbo, — Nozimaning koʻzlarida beparvolik qalqidi. — Shunga shunchami, qurib ketsin oʻsha ishlari. Kuyunmang!
— Tushunmayapsan-da, Nozima, — qoʻlidagi diplomiga ishora qildi u, — manavi endi umuman keraksiz matohga aylanib qoldi. Buning hech kimga keragi yoʻq!
— Qaygʻurmasangiz-chi, — erining kayfiyatini koʻrgach, oʻzi ham yigʻlagudek boʻlib Nozima, — hali hech qancha vaqt oʻtgani yoʻq-ku, koʻrasiz, oʻsha ishlarning oʻzi sizni axtarib keladi!
— ... baxtimizni yarim qilishdi!

Nozima erining yuzlariga hayrat bilan boqdi:
— Baxt deganlari ish, pul bilan butun boʻladigan boʻlsa... bilmadim, uni rostdanam baxt deb boʻlarmikan?

Mansurjon yalt etib xotiniga qaradi. Xayolining ikki-uch haftalardan beri faqat ish, pul topish tomonlarga oʻrlab ketganini oʻylab, ich-ichidan ezildi. Xotinining tun kabi qop-qora sochlarini, zim-ziyo osmon bagʻrini oʻzining jilosi-la yoritib turguvchi hilol oydan-da oydin, tiniqroq yuzlarini siladi.
— Mening eng katta baxtim sensan! — shivirladi u. — Sening ismingdan ayro aytilguvchi boshqa barcha baxtlarga... tupuraman, ha, tupuraman!..

* * *

— Mansur aka, — tanish ovozni eshitib oʻziga keldi u. — Aka, sogʻligingiz joyidami?

Tepasida hamxonasi Tursunboy turardi.

Xonadoshini koʻrganidan keyingina masrur lahzalarni eslab oʻkrab yuborganini angladi.
— Biror joyingiz ogʻrimayaptimi ishqilib? Nima boʻldi, akam?
— Hech narsa, ukajon, hech narsa,— hamxonasini tinchlantirdi u.— Xayolga berilib ketibman...

Tursunboy chukur uh tortdi.
— Uyni oʻylayapsizmi?..
— Haa... Oʻzim, mana shu qoʻllarim bilan xarob qilgan baxtimni oʻylayapman...
— Koʻying... yigʻlamang, aka, sizga yarashmaydi.
— Sen... sen bemalol damingni olaver, Tursunboy. Uxlayver, ukam!
— Siz-chi, hademay tong otadi. Uxlamaysizmi?
— Men... meni qoʻyaver, baribir uxlolmayman...

Mansurjon bu joyning odamlariga umuman oʻxshamaydigan shoirsifat hamxonasini joyiga yotishga bir amallab koʻndirgach, yana xayolga berildi...

* * *

Bir oy baxt ufurib turguvchi lahzalar bilan yashadilar.

Oʻsha kuni Nozima maktabdagi darslarini ertaroq tugatib qaytdi. Uyida yonboshlagancha televizor tomosha qilayotgan eriga jilmayib qaradi-da, sumkachasini kovlab, ichidagini unga uzatdi.
— Maoshim. Siz oling.

Mansurjonning kulib turgan chehrasi birdan tundlashdi. Keyin esa xotinidan sekin soʻradi:
— Nima uchun men olishim kerak?
— Niyat qiluvdim...— erining gʻayriodatiy avzoidan hadiksiragancha javob berdi Nozima,— sizga kostyum-shim sovgʻa qilaman deb...
— Nima uchun?!
— Nima nima uchun? — tushuniksiz savoldan hayron boʻldi Nozima. — Shundoq oʻzim. Toʻy kostyumingizning ohori ketinqirabdi. Qaytaga yaxshi boʻladi. Almashtirib kiyasiz.
— Ma, — pulni xotiniga qaytarib uzatdi. — Kostyum-shimgayam pul topilib qolar. Bunga oʻzing uchun biror narsa olarsan.

Nozima bir pas hech narsaga tushunmay turdi, keyin esa pulni oldi-da, jimgina narigi xonaga oʻtib ketdi. Shundan soʻng tonggacha u yerdan chiqmadi.

Mansurjon ertasi kuni shaharchaga otlanib qoldi. Kechagi voqeadan keyin u qanday qilib boʻlmasin biror tayinli ish topishga qaror qilgandi. U qilgan ishidan tuni bilan pushaymon boʻlib chiqdi. Borib xotinidan kechirim soʻramoqchi ham boʻldi. Ammo bunga gʻururi yoʻl qoʻymadi.

Kechagi gaplardan keyin Nozimani ikki-uch kun arazlab yuradi, deb oʻylagandi. Kiyinib tashqariga chiqayotganida orqa tomondan odatiy va yoqimli oʻsha ovozni eshitdi.
— Aka... — orqasida tuni bilan yigʻlab chiqqani uchunmi, bodom qovoqlari xiyol shishinqiragan Nozima turardi. — Yaxshi borib keling... — yerga qaragancha odatiy soʻzlarini takrorladi u.

Mansurjon ortga burilib, xotiniga tikilib turdi. Keyin esa uning yaqiniga bordi. Qoʻllaridan tutmoqchiydi-yu, kechagi gaplari uchun oʻzini bunga hozir haqsiz sezib toʻxtadi.
— Maoshingni ishlatmay tur, menga kostyum-shim olamiz... Oʻzing tanlaysan!

Nozima hech narsa demasdan erining boʻynidan quchoqlab oldi. Soʻngra qilgan ishidan uyalib, ichkariga chopqillagancha kirib ketdi.

Shaharchadagi harakatlari yana behuda ketdi. Kech tushgach, oyoq-qoʻllari shalviragancha uyga qaytib keldi. Tagʻin oʻsha muqimlik, yana oʻsha bekorchilik...

Kunlar ketidan kunlar, haftalar ketidan haftalar oʻtib borardi. Bir kuni Nozima bir gap aytib qoldi:
— Maktabda oʻqituvchilar yetishmayapti. Juda boʻsh oʻtirgingiz kelmayotgan boʻlsa, yangi ish topguningizcha maktabda ishlab turing. — U «nooʻrin gapirib koʻymadimmikan» degan xavotir bilan erining ogʻzini poyladi. Mansurjon bu gapni eshitib, bir qalqib tushgandi. Katta idoraning havosini olib oʻrgangan odamning qulogʻiga bu xildagi gap, albatta, yoqinqiramasdi. Tongacha u yoqdan buyoqqa agʻdarilib shu haqida oʻyladi.

Ertasiga maktabga borib direktor bilan gaplashdi. Ammo...
— Hozircha buning iloji yoʻq, — dedi Qosim Samarovich quloqlarini uqalab.— Sizning mutaxassisligingiz pedagogik sohaga moʻljallanmagan. Yana bir xabarlashib koʻrarsiz, ungacha men oʻqituvchilar bilan maslahatlashib koʻraman.

«Uhh, — ogʻzini kappa-kappa ochdi Mansurjon,— xabarlash, emish! Jonga tegdi-ku, bu kutish deganlari!»

Bu paytga kelib, roʻzgʻordagi yoriqlar ham ancha kattalashib qolgandi. Turmushlari kundan-kun gʻariblashib borardi. Nozima yakshanba kuni kechlik nonushtaga mastava suzib kirdi. Odatda doimiy ravishda yakshanba kuni kechqurun palov qilinardi. Mansurjon bir kosaga, bir xotiniga qaradi.
— Nega osh qilmading?
— Doʻkonga sal kechroq boribman, guruch tugab qolibdi...— Aybdorlarcha bosh egib javob qildi Nozima.

Mansurjonning ichidan zil ketdi. U hammasini sezdi: Doʻkonda guruch borligi-yu, ammo uyda bunga yetgulik pul qolmaganini va xotini vaziyatni unga sezdirmaslik uchun yolgʻonlayotganini anglab yetdi.
— Nozima, — dedi xotiniga. — Sen ham tosh emassan-ku... Yorilsang-chi mundoq! Doʻkonda guruch bor ekan de, uni sotib olishga pul yoʻq de! Aytsang-chi, bir mening oyligim yeyish-ichishimizga ham yetmayapti de! Gapir... gapir, jonim!..
— Aka-a! — Goʻyo baqirgudek gapira ketdi xotini. — Nimalar deyapsiz?! Shuyam gap boʻldimi?! Agar uyimizda har yakshanba osh boʻlishini xohlasangiz... ertangi yakshanbada albatta qilaman!..
— Yoʻq, — Mansurjon oʻrnidan turdi. — Ertaga qilasan! Bozorga chiqib hammollik qilsam ham, ertaga uyimizda osh pishiriladi! Albatta qilinadi!

Aytar gaplarini aytib boʻlgach, shart oʻrnidan turib tashqariga yoʻnaldi. Nozima kipriklari pirpiragancha erining ortidan qarab qoldi.

Ertalab uygʻonganida, eri kallai saharlab qaergadir ketgandi. Xavotirdan oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoldi. Kech tushib, eri kirib kelgunigacha xayolidan nimalar oʻtmadi.

Kechqurun darichani ochganida, Mansurjon bozordan shu yergacha yuklarini olib kelgan aravakash bolaga nimalarnidir tushuntirardi. Bola «tushundim» deganday bosh irgʻib, turli xil oziq-ovqatlarga toʻla aravani hovliga tomon tortqiladi. Mansurjon mamnun qiyofa bilan uning ortidan yurdi. Nozima ich-ichidan quvonib ketdi. Yoʻq, u aravadagi narsalarni emas, yaqin oʻrtada chehrasi bunday ochilmagan erining ayni damda xursand ekanligidan shod edi. Aravakash bola ish haqini olishi bilan bozorga qaytib ketdi.
— Nozi, — Mansurjon quvnoqlik bilan qiyqirdi. — Qozonning tagiga oʻt yoq, hoziroq oshni sayratib tashla! — U aravadan tushirilgan masalliqlarga ishora qildi — Mana, oʻsha sabildan bir dunyo opkeldim!

Ularning xonadoniga avvalgi baxt shu lahzadayoq batamom qaytib kelgandek edi. Nozima axiyri yurak yutib eridan bu narsalarni qaerdan olib kelganini soʻradi.
— Yangi ish topdim, Nozi, yangi ish! Endi biznikida umuman yoʻqchilik boʻlmaydi! Bunaqa narsalarni xohlasang, uyib tashlayman!..

Mansurjon endi har kuni tong-saharlab chiqib ketib, kech tushganda ikki-uch dasta pul koʻtarib kelardi. Nozima avval boshida bunga unchalik e’tibor bermadi. Ammo bir kuni eri oʻziga bahosi oilaning ikki oylik xarajatlariga bemalol yetguli kunduz yoqali palto olib kelganida ogʻzi lang ochilib qoldi. Kechki nonushta mahali eriga yalina boshladi:
— Aka, jo-on aka, ayting, topgan ishingiz qanaqa? Yaxshi ishmi, harqalay? Aytaqoling.
— E-e, — beparvo qoʻl siltadi Mansurjon, — qoʻyaver, yaxshi ish. Men yomonini tanlarmidim...

* * *

...Mansurjon yutoqib tamaki tutunini tortar ekan, panjara burchagida xiyla koʻrinish berib turgan yarimjon oyga tikilgancha, oʻsha uyiga arava toʻla xaridlar keltirgan kunini esladi...

Bozorga borgach, nima qilarini bilmasdan ancha vaqt oʻylanib turgandi.
— Oʻh-hoʻ, — shu payt kimdir yelkasiga beozor shappatiladi. — Bizning shayton uya kurgan makonimizga ham qadam ranjida qilarkanlar-ku!

Bu uning maktabdosh oʻrtogʻi Hayitvoy edi. Ikkalasi yaqin orada umuman koʻrishishmagandi, quchoqlashib ketdilar.
— Ha, Mansurbek, bozorga kep qopsan. Xaridgami?
— Yoʻ-oʻq, tirikchilik... Pulga zoriqdim, joʻra, shu zangʻardan topamanmi deb keldim!

Hayitvoy «hazillashayaptimi» deganday unga tikildi. Eshitganining chinligiga ishongach, qiyqirib yubordi:
— Yoʻgʻ-e, senmi?! Qoyil, qoyil!
— Gapni chuvalashtirma, yoʻlini oʻrgat, pul topishim kerak!
— Shoshma-chi, — bamaylixotir soʻz qotdi Hayitvoy — avval iqtisod, keyin siyosat deyishgan!

Bozor atrofidagi oshxonalardan biriga kirishdi. Hayitvoy mehri tovlanib ketib, anchadan buyon koʻrmagan oʻrtogʻini rosa mehmon qildi. Taomlanish mahalida Mansurjonga mosroq ish xususida ham kelishib olishdi.
— Bu juda oson ish, — derdi Hayitvoy ogʻzidagi luqmani huzur qilib chaynarkan, — Oʻzim ham yaqindan beri shu bilan shugʻullanayapman.
— Aytayotganing binoyi ishmi, hartugul?
— Binoyi boʻlganda qandoq! — nash'a qilib gapiraverdi oʻrtogʻi. — Mardonov koʻchasidagi Pavel degan oʻris yigitdan bitta sumka olib, Samarqandlik Kamol degan aptekachi bolaga yetkazib berasan, tamom. Qarabsanki, choʻntagingga jaraq-jaraq pul kirib kelaveradi! Bu taklifni seni oʻzimga yaqin olganimdan aytayapman. Boshqa birov boʻlganida nonining yarmini berib qoʻyadigan ahmogʻini topsin edi!
— Oʻsha sumkaning ichida... — koʻnglidan kechayotgan savollarni ehtiyotkorlik bilan soʻradi u, — uning ichida nima boʻladi, oʻzi?
— Sumkaning ichida... — bir muddat gapidan toʻxtab qoldi Hayitvoy — ... ha, mayli aytaman, sen oʻzimiznikisan-ku. Eshit: sumkaning ichida qogʻoziga «Made in Germaniya» deb yozilgan, ichida esa aslida oʻzimizning kooperativda tayyorlangan arzon dorilar boʻladi.
— Yaroqsiz dorilar deyaver...
— Ee, hov bola, ogʻzingga qara! Ishonasanmi, oʻsha sen aytayotgan «yaroqsiz» dorilardan ham tuzalib ketganlar son mingta! Asosiysi psixologiya! Bemorlarga oʻsha yozuvni oʻqib koʻrishning oʻzi kifoya!
— Zaharlanganlar-chi?.. Zaharlanganlar qancha?!
— Qoʻy, — Hayitvoyning ensasi qotdi. — Qoʻysang-chi. Diyonatdan menga ma’ruza oʻqima. Bu dorilarni oʻzimiz oʻtkazib bermaganimiz bilan, baribir, oʻrnimizga boshqa odam topishadi. Qoʻshilmasang, oʻzing bilasan. Men joʻrachilik maslahatimni aytdim. Yaxshilab oʻylab koʻr!

Mansurjon uzoq oʻylanib qoldi. Har qancha bu yoʻlga kirmaslikka oʻzini undamasin, xayoliga kecha uyida boʻlib oʻtgan gaplar kelib fikrini chalgʻitaverdi. Oxiri, bir toʻxtamga kelib oʻrtogʻining kaftiga kaft urdi.
— Boʻpti... qoʻshilaman, faqat bitta iltimos bor. Xizmat haqining pichasini muddatidan avval olib berasanmi?
— Ay, Mansur, — Hayitvoy aftini bujmaytirdi. — Bu ishda muddat nima qiladi! Bu sening firmadagi ishingmidi? Sumkani olib kelishimiz bilanoq oʻsha jonivorning ikki dastasi koʻlimda deyaver! Gap sotmasdan turdik, boʻlmasa, ha demay xabar berib qolishadi. Ungacha men kattalar bilan sen toʻgʻringda bi-ir gaplashib olay...

Oʻsha kundan boshlab Mansurjonning hayot kitobida yangi sahifa ochildi.

Dasta-dasta pul ilinjida bu ishga har ikki-uch kunda koʻl urib turarkan, qiynalayotgan vijdoniga birgina gap bilan taskin berardi: «Buni men qilmasam ham boshqa birov qiladi-ku... Farqi pul kimning qoʻliga tushishida!..» Uning hamyoni kundan-kun toʻlib borardi.
— Aka, — deb qoldi bir kuni Nozima.— Negadir koʻnglim gʻash. Menga ham tuzukroq aytmay kelayotgan ishingizdan xavotirdaman.
— E-e, Nozi, — koʻl siltadi Mansurjon — Buning hech qanday xavotirli joyi yoʻq. Koʻngling alagʻda boʻlmasin.
— Baribir-da, hayronman bu ishni nega mendan ham sir tutayapsiz. Aytaqoli-ing, qanaqa ish edi u!
— Ha, mayli, — biroz oʻtib tilga kirdi Mansurjon.— Faqat esingda boʻlsin, bu gapni boshqa hech kim eshitmasligi kerak!

Shundan keyin u xotiniga bor gapni aytdi. Azbaroyi, unga boʻlgan muhabbatini har qanday boylikdan ham ustun koʻygani uchun shunday qildi. Gap soʻnggida oʻzining harakatlarini oklay oladigan yagona yupanch soʻzini ham takrorladi: «Bu ishni men qilmaganim bilan...»

Sir ochilib borgani sari Nozimaning shahlo koʻzlari ham katta-katta ochilib boraverdi. U eri xotirjamlik bilan ta’kidlayotgan qilmishdan ma’qullab boʻladigan jihatlarni axtara ketdi. Ammo harchand qidirmasin, Mansurjonning «Men qilmasam ham...»idan tuzukroq vaj topa olmadi. Soʻng birdan hushiga qaytdi-yu, hovliqqancha gapira ketdi.
— Nahotki... Shu nopok ishlarga koʻl urayotgan odam siz boʻlsangiz!.. Ishonmayman, yoʻq, ishonmayman!
— Vahima qilmasang-chi, — kulimsiradi Mansurjon, — hali hech kim bu dorilardan ziyon koʻrgani yoʻq. Vasvasangni yigʻishtir!
— Aka, — Nozima erining boʻyniga osildi. — Jo-on, aka, oʻtinaman, hamma qatori yashayveraylik. Koʻrasiz, tez orada ish ham topilib qoladi. Siz... Siz bunaqa ishga qoʻl urmasligingiz kerak...
— Be-e, — lab burdi Mansurjon — buni qaranglar! Nega shu gapga yopishib olding! Birov orqamdan kuzatayotgan boʻlmasa, shu ish tufayli turmushimiz yaxshilanib borayotgan boʻlsa... Boʻldi. Meni xafa qilmayin desang, bunday gapni boshqa gapirma!

Nozima noilojlik bilan tilini tishladi. Uning «bir kuni insofga kelib qolar» deya oʻzini yupatishdan boshqa chorasi qolmagan edi. Kunlar shu taxlit oʻtib boraverdi. Bir kun hovli tashqarisidan allaqanday mashinaning «bib«illagan tovushi eshitilib qoldi. Yuragi bir qalqib oldi-yu tashqariga shoshildi. Darichani ochgani zahoti hayratdan ogʻzi lang ochilib qoldi. Darvoza qarshisida qip-qizil «Neksiya» yal-yal tovlanib turar, rulda miyigʻida jilmaygan Mansurjon turardi!

U xotinining karaxt boʻlib qolganini koʻrib, mashina oynasini tushirdi.
— Hoy qiz! — qiyqirdi quvnoq ohangda.— Ochmaysanmi darvozani! Moshin jonivorni rosa intiq qilding-ku!

Nozima dovdiragancha borib darvozani ochdi. Keyin ichkariga sekingina kirayotgan mashinaga sergaklanib razm soldi.
— Mana, «Neksiya»li ham boʻldik! — hayqirdi Mansurjon hanuz jilmaygancha.

Shundan keyin Nozima bidirlagancha, bu ulovning qaerdan kelib qolganini surishtira ketdi.
— Bilishing kerak boʻlgani shu — bu mashina endi bizniki!

U xotinining qolgan savollariga mujmalroq javob berdi. Koʻzlarini yumib, boshini osmonga tutdi. Chuqur-chuqur nafas oddi. Nazarida, baxt qushi shundoqqina yelkasiga koʻnib turardi.

Nozima erining qilayotgan ishlaridan qanchalik norozi boʻlmasin, ishga ketishi oldidan, kelganidan soʻng doimiy shirin soʻzlarini kanda qilmasdi. Biroq koʻzlaridan ilgarigi samimiylik yoʻqolib borayotganini oʻzi ham sezmasdi.

Mansurjonning oʻrtogʻi bilan boshlagan ishi kun sayin «gullab-yashnab» borardi. Bir kuni u oʻzlari biror marta ham ochib koʻrishga musharraf boʻlmagan dorilarni koʻrmoqchi boʻldi.
— Kallang joyidami sen bolani! — baqirib yubordi Hayitvoy. — Ho-ov, galvars, sumkaning ichida muhr bor, yirtilib ketsa, baloga qolamiz!
— Hayronman, — Mansurjonning peshonasi tirishdi.— Shu aldam-juldam dorilarni shunchaga pullashsa-ya! Sirtiga tilla suvi yuritilmagandur!
— Anqov-a, bu yerda sotishayotgan narxlari holva. Kasalxonalarda bu dorilarning qanchaga ketishini bilasanmi, bir haftaga yigirma millionning ostiga borib qoʻyarov!..

Uyida xotini negadir, juda tang boʻlib kutib turgan ekan.
— Bugun uyimizga kim keldi, bilasizmi, yoʻq, baribir topolmaysiz! Ish boshqaruvchilaringiz keldi!

Mansurjon xotini hovliqa-hovliqa aytgan xushxabarni beparvolik bilan eshitdi.
— Xoʻsh, nima uchun ekan?
— Nega boʻlardi,— Nozimaning koʻzlari shodliqdan chaqnab ketdi.— Sizni yana ishga qaytarish uchun! Oyligingizni ham oshirisharmish! Boʻldi. Nihoyat, haligi ishingizdan endi voz kechsangiz ham boʻladi!
— Hecham-da, boshida boʻshatishdimi, endi oʻsha ishlarini pishirib yeyishsin! Bu yoqda bir kunda topadigan pulni deb, bir oy markazga qatnaydigan ahmoq yoʻq!

Nozimaning tarvuzi qoʻltigʻidan tushdi...

Mansurjonning ishlari koʻngildagidek, silliq ketardi.

Uncha katta boʻlmagan sumkani mashinasi bilan kerakli joyga eltardi-yu, shu onning oʻzidayoq ikki-uch dasta pulni «qurtday» sanab olardi. Keyingi paytlarda koʻngliga tugib qoʻygan maqsadi, ayniqsa kishining gʻashini keltirar darajada edi: bozordan sotib olgan kattagina sandiqni pul bilan toʻldirish! Ustiga har kuni yangi-yangi pullar kelib tushavergani uchun sandiq ichidagi pullar'sathi ham anchagina koʻtarilib qolgandi. Lekin pullar taxlami sandiq qopqogʻiga yaqinlashavergani sari oʻzi xotinidan sezilmas holda uzoqlashib borardi. Bunga uning oʻzidan ham koʻra Nozima koʻproq qaygʻurardi.

Mansurjon bu «ish«ga oʻtganiga endi uch oycha boʻlgani bilan mahallaning eng boy odamiga aylanib ulgurgan edi. Hatto qishloqdoshlari uni oʻzaro «Mansur boyvachcha» deb atay ham boshlashgandi. Boylik orttirishga butun fikru xayoli bilan kirishib ketgan boʻlishiga qaramay, uning xotiniga muomalasi ham, muhabbati ham avvalgiga karaganda zarracha oʻzgarmagandi. Axir, toʻylariga hali bir yil ham toʻlib ulgurmagandi-da!
— Aka-a, endi toʻxtatsangiz ham boʻlar-a, yiqqan pullaringiz yuzga kirganimizda ham ado boʻlmasa kerak!
— Yoʻq, — Mansurjon xotiniga kulimsirab qaradi.— Hali ozgina vaqt bor.
— Oʻsha siz aytayotgan vaqt qachon keladi, axi-ir. Nima qilasiz bu-uncha pulni, toʻxtata qoling endi!

Nozimaning yalinishi javobsiz qoldi.

Mansurjon «sumka»lar sonini ikkitaga oshirdi! Mashinasida allaqanday qoʻshiqni xirgoyi qilgancha ketar, shohona turmushga yoʻgʻrilgan kelajagini oʻylab borardi. Oʻzi uy kinoteatrida sevimli filmlaridan birini tomosha qilib oʻtiribdi. Atrofida farzandlari chugʻurlashayapti. Nozima esa boyonlarnikidagina boʻladigan qimmatbaho mebelga oʻtirgancha bolalariga otasiga xalal bermasligini uqtiryapti... Oʻylagani sari qalbi quvonchga toʻlardi. Ammo bozorda...

Mashinadan tushishi bilan ikki novcha yigit kelib ikki qoʻltigʻidan ushladi. Bular Hayitvoy va uning muntazam sherigi Mansurjonning kunba-kun qilayotgan jinoyatlaridan xabar topib, anchadan beri ularni pinhona ta’qib qilib yurgan huquqni muhofaza qilish xodimlari edi. Fuqarolik kiyimidagi boshqa bir bahaybat jussali kishi qoʻlini qulogʻiga tangʻigancha oʻzini tanishtirdi va yon choʻntagidan guvohnomasini olib koʻrsatdi. Mansurjon hech narsani eshitmadi. Aniqrogʻi, bir zumda boʻlib oʻtayotgan ostin-ustin voqealar uni gangitib koʻygandi. Haligi kishi qotib qolganidan hatto mijjalarini ham qoqmayotgan bu gʻalati odamga picha qarab turdi-da, oxiri ovozini balandlatmasa boʻlmasligini angladi.
— Sizdan soʻrayapman, sumkalarning ichida nima bor?!
— Kiyimlarim...— deya oldi Mansurjon biroz oʻziga kelganidan soʻng zoʻrgʻa tili kalimaga kelib.

Organ vakili shubhalanuvchining soʻzlariga parvo ham qilmasdan sheriklariga buyurdi:
— Tintib koʻring!

Mansurjon dorilar solingan sumkalarini ayovsiz tintishayotganida boshqalar qatori tomosha qilib turmoqdan boʻlagiga yaramadi. Dori olib kelayapman deb oʻylagani — sumkaning ichidan chiqayotgan narsalarni koʻrib uning oʻzi ham dong qotib qolgandi. Hozirgina allaqaerdan topib, ushlab kelingan Hayitvoy ham sumkalarga va ularning ichidan chiqayotgan narsalarga angraygancha tikilib turardi. Yuzasiga turli xil dorilar solingan bu sumkalarning ostki qismidan yaxshilab oʻrab chiqilgan mumsimon qop-qora narsalar yerga dumalab tushdi. Bular oddiy til bilan aytganda, qora dori edi... Mansurjon koʻzlari tinib joyiga oʻtirib qoldi.

Qonun himoyachilarining jinoyatchilar uchun moʻljallangan panjarali mashinasiga nazoratchilar hamrohligida minishar ekan, Hayitvoyning doʻstiga aytgan soʻnggi gaplari shu boʻldi:
— Sumkalarning ichida nima borligini menam bilmasdim! Xudo ursin, bilmasdim!..

* * *

Barcha qilgan jinoyatlari uchun Mansurjonga oʻn olti yil berishdi! U halidan beri koʻllari bilan siqib olgan panjaraga boshini qoʻydi. «oʻn olti yil-a!.. Ungacha endi tugʻilajak farzandim voyaga yetadi! U... sening otang jinoyatchi degan isnodni murgʻak yelkalarida koʻtarib ulgʻayadi! U... uylarida shohona mebellari, uy kinoteatri boʻlgan bolalarga emas, otasi borlarga havas qilib katta boʻladi!» Shu damda uning xayoliga beixtiyor suyukligi Nozima keldi. «Eh mening soddaginam-a, eh mening beozorgina jonim-a! Seni baxtiqaro qildim! Gulday baxtingni, baxtimizni yerga koʻmdim!» Qoʻllari bilan gunohkor boshini siqdi. Old tomoni panjara bilan qoplangan «koshona»sining qorongʻuda ham xiyol sargʻish boʻlib koʻrinib turgan devorlariga bir-bir qarab chiqdi. Hayotining eng qaynoq davrlari mana shu qafasnamo joyda oʻtib ketishi esiga tushib, yurak-bagʻri ezilib ketdi. Bu paytda asrlarga teng soatlar pinjidan surinib tong otib kelar edi. Qamoqxona noziri aristonlarni oʻzining odatiy soʻzlari bilan siylagancha bir-bir uygʻota boshladi.
— Tur! Turlaring hammang! Tepib uygʻotish kerakmi?!

Bu paytda tungi bezovtalikdan soʻng birozgina mizgʻigan Tursunboy ham koʻzlarini ishqalagancha oʻrnidan turib kelgandi. U tuni bilan mijja qoqmay chiqqan hamxonasini koʻrdi-yu, gʻujmayib, kuyunchaklik bilan:
— Mansur aka, chindanam uxlamay chiqdingizmi, deyman? — deya soʻzlandi.
— Uyqu qayoqda...

Barcha mahbuslar qatori qamoqxonaning hovlisiga chiqayotganlarida nozir baland ovoz bilan chaqirib qoldi:
— Uch yuz qirq oltinchi, uchrashuvga! Hov, uch yuz qirq oltinchi, senga aytyapman! Karmisan!

Mansurjonning yuragi jigʻillab ketdi. «Nozima... — xoʻrsindi u,— yana keldi...» Har haftada ikki-uch marta shu ahvol. «Boshqa kelma» deyishiga qaramay, u kelaveradi. Toʻsiq ortida rostdan ham Nozima turardi.
— Nega kelding, kun osha... shartmi shu?..
— Nega kelmas ekanman?.. — yoshli koʻzlarini eriga tikdi u. — Begonaning yoniga kelganim yoʻq-ku!..

Mansurjon egnidagi kiyimlaridan mulzam boʻlib koʻzlarini olib qochdi.
— Baribir-da... Oʻzingni oʻylashing kerak! Boshqa kelma!
— Kelaman, kelaveraman! Joningizga tegib ketsam ham mayli, kelaveraman!
— Boʻldi-da endi!— Mansurjon asabiylashdi.— Hadeb shu gapni takrorlayverasanmi! Aytyapman-ku, oʻzingniyam oʻyla. Hali... fursat bor!..
— Koʻying shunaqa gapni. Men... men kutaman! oʻn olti yil boʻlmasa, yuz yil boʻlmaydimi, umrim tugagunigacha kutaman, kutovraman!

Mansurjon titroq qoʻllarini yuziga bosdi. Butun vujudini ana shu titroq tutib borardi.
— Boʻldi, boshqa gapirma!— deya oldi faqat.

Nozima shitob bilan oʻrnidan turdi.
— Mayli, umuman gapirmayman. Ammo baribir kelaman. Oʻzingizni koʻrib tursam bas! Gapirish uchun emas, oʻzingizni koʻrib ketish uchun, koʻnglimga taskin olish uchun kelaman, kelaveraman!!! — Ayni yuragidan otilib kelayotgan soʻzlarni shartta-shartta tashqariga chiqardi-da, yigʻlayotganini sezdirmaslik uchun roʻmolini yuziga tutgancha tashqariga joʻnadi.

Mansurjon xotinining ortidan to chiqib ketgunigacha qarab qoldi. Koʻzlariga yosh quyilgancha oʻziga la’natlar oʻqidi. Soʻngra jamiki azobli xayollarining kuchogʻiga suqilib olib, bor ovozida uvvos tortdi. Yelkalari silkinib-silkinib yigʻlayverdi.

Axir, avval ular qishloqdagi eng baxtli oila edilar...