OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Ilhom Zoyir. Shakar (hajviya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIlhom Zoyir
Asar nomiShakar (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ilhom Zoyir
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shakar (hajviya)
Ilhom Zoyir

Sharifjonning ichiga chiroq yoqsa yorishmaydi. Bir gapdan qolganida olam guliston edi-yu, lekin toʻgʻrisoʻzligi, choʻrtkesarligi bunga izn bermadi. Alami Oʻroqchadan: uning yonini olaman deb boshligʻi Mardon Husenovich bilan teskari boʻlib qoldi. Oʻroqcha boʻlsa andishaga borib oʻtiradiganlardan emas, ertasigayoq Mardon Husenovich bilan apoq-chapoq boʻlib ketdi. Sharifjon esa yuzi shuvut kishidek yelka qisib yuribdi. Uning nazdida Oʻroqcha — qora mushuk: Sharifjon bilan boshliq oʻrtasidan kesib oʻtdiyu endi hech narsa boʻlmagandek kekirib yuribdi.

Reja boʻlimidagi Boboʻsin aka pensaga kesa, oʻrniga Sharifjon boʻlim boshligʻi boʻladi, deb yurishuvdi. Mardon Husenovich bilan ters boʻlib qolishi esa bu gaplarni chippakka chiqarib qoʻydi.
— Oʻroqchaning shashti baland, hoynahoy boʻlimga shu boshliq boʻladi-yov, — degan gap Sharifjonga malol keldi. — Yana kim biladi deysiz, Mardon Husenovichning oʻzi ham qimirlab qolgan: yuqori bilan kelisholmayotgan ekan.

Sharifjonning koʻksida ogʻriq paydo boʻldi. Asta-sekin badanini kemirayotgan bu ogʻriqni hech kimga ayta olmasdi. Yurish-turishida halovat yoʻqoldi. Ogʻriqning zoʻridanmi, kundan-kunga rangi siniqib, koʻzlari kirtaya bordi. Boʻlar-boʻlmasga asabiylashadigan, kechikkan qishning sovugʻiday gaplari ham xunuk eshitiladigan boʻldi. Uydagilarni-ku koʻz ochirgani qoʻymaydi.
— Dadasi, — dedi xotini Lobar bu holdan toqati toq boʻlib, — sizga nima boʻlgan oʻzi? Men-ku doʻqu pichinglaringizga koʻnikib qolganman. Oxi bu bolalarga zarda qilganingiz nimasi! Biror nimadan siqilayotgan boʻlsangiz, mana menga ayting, koʻnglingiz yoziladi. Hamma narsani ichingizga yutaversangiz, oʻzingizni oʻzingiz yeb qoʻyasiz-ku, birodar!

Sharifjon bir sasib bermoqchi boʻldiyu, yana shashtidan qaytdi. Oʻylab qarasa, xotinining gapida jon bor-da, xay! «Oʻzingga oʻzing qildingmi, aybni birovga toʻnkama!»
— Boshliq bilan oramiz buzilib qoldi, — dedi Sharifjon chuqur bir soʻlish olib. — U yoqqa oʻtsam oʻpoq, bu yoqqa oʻtsam soʻpoq deydi, ayb qidirgani qidirgan.

Xotinlar gapga tez xulosa yasaydi.
— Ey, oʻnta panjangizda oʻnta hunaringiz bor! — dedi Lobar choʻrt kesib. — Koʻchada qolib ketmaysiz. Boʻshang, jon xalos, betini koʻrmaysiz!

Sharifjon sermulohazali emasmi, shaytonga hay berdi.
— Nimalar deyapsan, men oʻz ishimni yaxshi koʻraman. Undan keyin daraxt bir joyda koʻkaradi.

Sharifjon chuqur xayolga berildi. Olmaning bir pallasi zada yesa, ikkinchi pallasi ham ozor chekadi.
— Bilaman, — dedi xotin oʻzicha bir nimalarni chamalab. — Siz irim-sirimga ishonmaysiz.
— Ishonganimda nima oʻzgaradi?
— Oʻzgaradi-da, — dedi xotin erining moyilligini sezib. — Oʻsha kazo-kazolaringiz boradigan Parichani menam bilaman. Oʻshanga borib duoi xayr oʻqitib kelsam, yoʻlingiz ochilib ketarmidi.
— Qoʻysang-chi, shu ishingni.
— Ana, aytmadimmi, siz ishonmaysiz!..

Sharifjon ertasi kuni ham dili-dunyosi hufton boʻlib keldi.
— Oʻtiring qani bu yerda, — dedi Lobar eriga astoydil achingan boʻlib. — Men aytgan joyimga borib keldim.
— Xoʻsh, nima boʻlibdi shunga? — dedi Sharifjon xotini amal-taqal qilib yoqib kelgan umid shamini oʻchirmoqchi boʻlib.

Xotin kichkina qogʻozga oʻralgan narsani erining oldiga qoʻydi.
— Nima bu? — dedi er oʻrogʻliq qogʻozga qoʻlini bigiz qilib. — Nosmi?
— Qanaqa nos? Shakar bu!
— Shakar?
— Ha, shakar. Paricha ana shu shakarga dam solib berdi.
— Hali shuni boshligʻiga qandchoy qilib bersin, degandir?
— Yoʻlim ochilsin, desangiz, bundan boshqasini ham qilasiz... Yoʻq, Yoʻliga sepasiz. Boshligʻingiz shakarni bosib oʻtsa, koʻngli iyib, sizga nisbatan mehri oshadi.
— Ey, qoʻy-ey, — dedi Sharifjon beoʻxshov jilmayib. — Men qanday qilib Mardon Husenovichning yoʻliga... Koʻrganlar nima deb oʻylaydi?
— Ha, endi bir yoʻlini qilasiz-da.
— Boʻlmaydigan ishni qoʻy...

Xotin ming qilsa-da, erini koʻndirolmadi. Oxiri oʻzicha yoʻl tutdi...

Ertasi kuni Sharifjon yoʻlakda keta turib, beixtiyor oʻng qoʻlini shimining choʻntagiga soldi. Choʻntakda nimadir bor. Nimanidir bir hovuch qilib chiqardi. Qarasa, shakar.

«Baribir aytganini qilibdi-da», dedi boshini tebratarkan. Shu payt Mardon Husenovichning eshigi oldiga kelib qolgan ekan, birdan eshik ochilib, chiqib qoldi. Sharifjon shoshganidan oʻng qoʻlidagi shakarni chap qoʻliga olib, boshliq bilan koʻrishdi.
— Qoʻlingda nima? — dedi Mardon Husenovich Sharifjonning qoʻliga ishora qilib. — Mening eshigim oldida nima qilyapsan?
— Hech nima, — Sharifjon kalovlanib qoldi. — Shunchaki choʻntagimga qoʻl solsam...
— Choʻntagingda nima bor ekan?
— Shakar, — dedi Sharifjon chap qoʻli kaftini ochib koʻrsatarkan.
— A-ha, — dedi Mardon Husenovich pastki labini tishlab. — Ish jiddiyga oʻxshaydi. Qani, ichkariga kir-chi! Sen bilan gaplashib olmasam boʻlmaydi.

Sharifjon gunoh ustida qoʻlga tushgandek qizardi, boʻzardi. Noiloj boshliqning xonasiga kirdi.
— Shakarni nima qilmoqchi eding? — zugʻumga oldi boshliq. — Niyating nima edi oʻzi?
— Hech qanaqa niyatim yoʻq, — dedi Sharifjon qoʻlidagi namlanayotgan shakarga qarab. — Shunchaki choʻntagimga qayerdandir kelib qolibdi-da, shuni...
— Yashirma, niyatingni ochiq aytaver...

Sharifjon endi ogʻiz juftlamoqchi edi, Mardon Husenovich aksirib yubordi.
— Sogʻ boʻling, — dedi Sharifjon shosha-pisha.
— Ra-rah... — aksirish yana takrorlandi, — mat!

Mardon Husenovich lab-lunjini artaman deb choʻntagidan dastroʻmolcha chiqargan edi, dastroʻmolcha qatidagi shakar stol ustiga sochilib ketdi. U hech narsa boʻlmagandek stoldagi shakarni kaftiga sidirib oldi va Sharifjonga oʻqrayib dilidagi muddaoni tiliga chiqardi.
— Men hozir shoshib turibman, — dedi boshliq oʻrnidan shaxt bilan turarkan. — Katta chaqirgan, bormasam boʻlmaydi. Shu kunlarda gapimiz gapimizga qovushmay yuribdi. — U chap qoʻlidagi shakarni oʻng qoʻliga shopirdi. — Men bu shakarni kattaning yoʻliga sochib kelay, sening shakaring masalasida kelganimdan keyin bafurja gaplashamiz. Endi, qani, bor ishingga...

Sharifjon yoʻlakka chiqib, qarasa, azbaroyi xijolatpazlikdan terlab ketgan kaftida shakar shira bogʻlab yotibdi.