OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIlhom Zoyir
Asar nomiSoʻnggi chora (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ilhom Zoyir
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Soʻnggi chora (hajviya)
Ilhom Zoyir

Hoshim aka bu safar darvoza zulfinini qattiqroq shaqirlatgan edi, ichkaridan «huv-v, hozir» degan ayol kishining ovozi eshitildi.
— Kelin, Qulsoatni buyoqqa chaqiring!
— Voy, uyda yoʻq edilar-a... — Qulsoat ovoz egasini tanib, xotiniga «oʻzing bir nima deb joʻnatib yubor» ma’nosida im qoqib, ichkari uyga kirib ketdi. Malika biroz kalovlandi va yana gapini takrorladi:

— Birpas boʻluvdi, qayoqqadir chiqib ketdilar...

Hoshim akaning zardasi qaynadi.
— Hozirgina u bilan ketma-ket keldim-ku! Uyalmasdan «erim uyda yoʻq» deysiz-a, kelin! Chaqiring buyoqqa!
— Yoʻq odamni yoʻq deyman-da! Ishonmasangiz, ana uyga kirib qarab koʻring...
— Yana qochiribmiz-da, — dedi Hoshim aka ostona hatlab ichkarilarkan. Soʻng Malikaga zardasini toʻkdi. — Bu nechanchi bor kelishim?
— Sanaganim yoʻq, — dedi Malika pinagini buzmay.
— Sanogʻiyam yoʻq-da! Qachon kelsam, uyda yoʻq. Sizlarga qarz berib muttaham boʻldimmi? Ikki yildan beri rangimni sargʻaytirdinglar-ku! «Tijorat qilamiz, qarz berib turing, foizi bilan qaytaramiz», demaganmidinglar? Menga foizlaring kerak emas, oʻzimnikini beringlar, men roziman, kelin!..
— Beradilar, Hoshim togʻa, qochib ketayotganlari yoʻq-ku. Oʻzlari ham har kuni «Hoshim togʻadan uyat boʻldi-da», deya istihola qiladilar. Shu qarzlarni uzaman deb, kallai sahar ketib, yarim kechasi kirib keladilar.
— Qarz berganlarning koʻziga koʻrinmay, deydi-da.
— Nega unaqa deysiz?
— Hay, boʻldi. Endi gap bunday... Men bitta odam olib kelganman. — Hoshim aka darvozadan tashqarida qoʻl qovushtirib turgan qoramagʻiz kishiga im qoqdi. — Bektursun aka, kiring buyoqqa!

Bektursun deganlari loʻkillab kirib keldi va Malikaning salomiga bosh qimirlatib, ovozsiz alik oldi. Hoshim aka esa maqsadga koʻchdi.
— Bektursun aka — mitonchalik. Kenja qizlarini yaqinda kuyovga berganlar. Shu qizning «koʻrdi»siga bitta javon qidirib yurgan ekanlar...

Malika «yalt» etib mehmonga qaragan edi, mehmon boshini sal egib:
— Shundoq, yanga, — dedi.
— Bizani hovli magazinmi? — dedi Malika oʻzidan katta kishi uni «yanga» deganiga gʻashi kelib. Soʻng etagiga yopishib olgan oʻgʻilchasini bir siltab tashladi. — Koʻp gʻinshima, tek tur!

Vaziyat borgan sari noziklashib borardi.
— Kelin, — dedi Hoshim aka istihola bilan, — meniyam oldimda toʻy-marakam bor. Sizlar esa qarzni qaytarmayapsizlar...
— Nima qil deysiz?!
— Uylaringdagi javonni ana shu akamga sotamiz. Siz qoʻrqmang, bu ishimiz Qulsoatga ham ma’qul tushadi. Oʻzim unga tushuntirib qoʻyaman, xaymi... Ichida biror narsasi boʻlsa, boʻshatib oling.

Qarzini soʻrab keluvchilarning har kungi tashrifidan bezor boʻlgan Malika uchun endi baribir edi.
— Latta-puttadan boshqa nima ham boʻlardi! — dedi qoʻl siltab.
— Unda, javonning kalitini bering-chi!
— Kalitini ukangiz olib ketganlar.
— Ey, qaerga olib ketadi?
— Men qaerdan bilay, hamma kalitlar u kishining choʻntagida yuradi.
— Boʻldi, boʻldi, nervnichit qilmang! Unda, akam hozir javonni olib ketaversinlar. Dav-daska qilib, katta moshina olib kelganlar, axir. Yana ovora boʻlib yurmasinlar. Erta-pertaga javonning ichidagi lash-lushlaringizni olib kelib beradilar.
— Men bir nima deyapmanmi? Olib ketsalar, olib ketaversinlar! Ichidagi narsalarni ham oʻsha kishiga baxshida qildik!
— Piching qilmang, kelin! Men boʻladigan gapni gapiryapman.
— Men ham toʻgʻrisini aytyapman... Ana, kiringlar, javon kerak boʻlsa, olib ketaveringlar, qarshiligim yoʻq...

Hoshim aka, Bektursun aka va yana ikki kishi javonni uydan hovliga olib chiqib, savdosini Malikaning koʻz oʻngida pishitishdi.
— Kelin, qarzlaringning yarmidan qutildinglar, — dedi Hoshim aka xaridor bergan pulni choʻntagiga solarkan. — Qulsoat ham bu ishimizni ma’qullaydi, ana koʻrasiz...

Javonni koʻplashib mashinaga ortishdi. Bektursun aka bukchaygan gavdasini tiklab, belini silagan boʻldi.
— Asl yogʻochdan yasalganmi deyman, — dedi u Hoshim akaga qarab. — Ogʻirligini qarang...
— Men sizga yomon molni olib beramanmi, Bektursun aka. Bu javon hali nabirayu chevaralaringizga xizmat qiladi.

Mashina oʻrnidan qoʻzgʻalarkan, Hoshim aka qilgan ishidan mamnun qiyofada Malikaga tayinlagan boʻldi:
— Qulsoatga ayting, kelin, qarzning qolganini ham tezlashtirsin!

Bu gap molidan ajralgan Malikaga koʻplik qilgan edi.
— Hoshim togʻa! Endi qarzning qolganini javonni sotib olgan joʻrayizdan olasiz, xaymi!..
— Nimaga u kishidan olarkanman endi?
— Negaki, javon, javonning ichiga yashirinib olgan Qulsoat akam ham sotilib ketdilar. Bizlar esa tamoman qarzlardan qutildik. Hi-hi-hi...

Darvoza taraqlab yopildi. Hoshim akaning esa tomogʻiga bir nima tiqilgandek yoʻtala boshladi.