OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Ilhom Zoyir. Xabarnoma (hajviya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIlhom Zoyir
Asar nomiXabarnoma (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ilhom Zoyir
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xabarnoma (hajviya)
Ilhom Zoyir

Ishdan qaytayotib pochta qutisidagi allaqanday qogʻozga koʻzim tushdi. Olib qarasam — «Xabarnoma». Unda katta summa olishim bildirilgan edi. Suyunib ketdim. Negaki keyingi vaqtlarda qarzga botib, siqilib yurgan edim. Toʻrtinchi qavatga qanday koʻtarilganimni bilmayman. Eshikni ochgan xotinimga nuqul tirjayaman.
— Namuncha, ogʻzingiz qulogʻingizda? — dedi xotinim taajjub bilan.
— «Xabarnoma» kelibdi. Qara, qancha olarkanman! — dedim qogʻozni qoʻliga tutqazib.

Xotinim qogʻozdagi summani koʻrib, yal-yal yonib ketdi.
— Qayerdan kelibdi?
— Ertaga pochtaga chiqqanda bilamiz-da!..

Kayfiyatim a’lo. Kechki ovqatni ham ishtaha bilan yedim. Xotin-ku, oʻzini qoʻyarga joy topolmaydi.
— Bu puldan menga «lama» palto olib berasiz! — dedi pinjimga suqilib. — Arzonroq tilla zanjir ham. Qoʻshnilarning hammasida bor, bitta menda yoʻq.
— Shoshma, bitta-bitta-da! — dedim oʻzimcha nimalarnidir choʻtlab. — Birinchi navbatda issiq suv, sovuq suv, gaz haqini toʻlash kerak. Keyin oʻzimga bitta kostyum-shim olay. Besh yildan buyon bitta kostyum-shimdaman. Uyat emasmi?
— Xasislik qilmang, pul hammasiga yetadi. Kommunal toʻlovlarni keyinga sursak hech nima qilmaydi. Ikki-uch yilligini toʻlamaganlar ham bor-ku.
— Koʻrmaganning koʻrgani qursin! — dedim qovogʻimni uyub. — Pulni koʻrsang, darrov yoʻqotmasang koʻngling joyiga tushmaydi. «Pulni xotiningga berding nima, oʻtga tashlading nima?» deganlari rost-da.

Bundan xotin biroz pastga tushdi. «Mayli, tilla zanjir boʻlmasayam, palto olib berarsiz!.. Qachongacha yupqa plashda yuraman?»
— Men rozi, — dedim iyib. — Ertaga pulni olaylik, yakshanbada «Ippodrom»ga boramiz...

Xotin meni quchoqlab oldi.
— Boʻldi, — dedim saxiyligim tutib, — palto, tilla zanjir, yana bir-ikkita yangi koʻylaklardan ham olib beraman, keyin bunaqa pul qoʻlimizga tushadimi, yoʻqmi? Borida, kam-koʻstingni butlab ol!
— Nimaga tushmasakan! Katta pul kelishi tushimda ayon boʻlgan edi-ku, — dedi xotin yaqinda koʻrgan tushini yana bir bor eslatib. — Undan keyin har gal choyning koʻpigini boshingizga surttirganim foyda berdi. Men bir nima bilamanki, gapiraman. Siz esa «irim»laringni qoʻy» deb, qaysarlik qilardingiz. Ana, foydasi boʻlarkanmi?
— Ha, endi, — dedim talmovsirab, — yuzdan biri toʻgʻri kelib qoladi-da...

Ertalab dabdaba bilan eru xotin pochtaga chiqdik. Navbatimiz kelganda, kassir ayol bir pasportimga, bir «xabarnoma»ga qaradi.
— Kechirasiz, — dedi u pasportimni qaytarib berarkan, — bu qoʻshningizga tegishli qogʻoz-ku, adashib sizning pochta qutingizga tushib qolgan koʻrinadi. Malol kelmasa, qoʻshningizga berib qoʻysangiz.

Shunday jahlim chiqdiki, lotereyasiga bir nomer yetmagan kishiday ingrab yubordim.
— Men pochtachi emasman! — dedim baqirib.

Xotinning-ku, ahvoliga maymunlar yigʻladi. Ikkalamiz jimgina uyga qaytib keldik. Hafsalamiz pir boʻlib turganda, telefon jiringladi. Goʻshakni olsam, qaynonam. Xotin koʻzimni shamgʻalat qilib, kechqurun onasiga «xushxabar»ni yetkazgan ekan, goʻshakni qiziga tutqazdim.

Oradan bir hafta oʻtdi. Birinchi aprel kuni ishdan qaytayotsam, qoʻshnimiznikida janjal. Nima gap ekan, deb qarasam, er-xotin urishishyapti.
— Toʻlayapman deb. Aldab yurgan ekansan-da! — dedi er xotinining tumshugʻiga bir parcha qogʻozni tirab. — Bir yillik kvartira haqi toʻlanmagan! Qani men bergan pullar?

Xotini bechora tirishib oʻzini oqlaydi.
— Toʻlaganman! Hech qayerdan qarzimiz yoʻq! Birov «Birinchi aprel» qilib hazillashgan chiqar!..

— Qoʻyinglar, urishmanglar, eshitgan quloqqa yaxshimas, — dedim va qoʻshnining qoʻlidan qogʻozni olib tirjaydim. — Afandilar! Qogʻozdagi familiyaga qarabsizlar-u, uy nomeriga e’tibor bermabsizlar-da...