OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Inomjon Abdiyev. Oqqush (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifInomjon Abdiyev
Asar nomiOqqush (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Inomjon Abdiyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oqqush (hikoya)
Inomjon Abdiyev

Olti-etti yashar oʻyinqaroq bolakayman. Kech kuz edi chamasi. Vaqt peshindan oshgan. Buvam bilan dalani qoq ikkiga ayirib, beton ariq boʻylab to zovurgacha choʻzilgan tuproq yoʻldan ketayapmiz. Botinkamni qoʻlimga olvolib, issiqqina hovur koʻtarilib turgan tuproqni huzur bilan bosib borayapman. Yoʻldan xommasiga qamish ortgan mototsiklmi, qoʻylar suruvimi oʻtib qolsa, men ikki chetini tikon bosgan, ichidagi tuprogʻi azbaroyi suvsizlikdan tars-tars yorilib ketgan ariqning ichiga yashirinaman, buvam paxtazorga kirib turadilar. Koʻtarilgan quyuq chang tumani bosilgach, yurishda davom etamiz.

Buvam soqol qoʻymaydigan, uzunchoq yuzli, qoʻy koʻz, qotmadan kelgan, qishin yozin egnidan koʻk beqasam chopon va qora doʻppi tushmaydigan, kam gap, gapirganda lunjini simirib-simirib gapiradigan, ogʻir vazmin kishi. Jahldor boʻlmasalar ham, oʻzlariga yarasha oʻjarliklari bor, bir gal kumush medalonlarini momam loʻlilarga yaponskiy roʻmolga alishtirganlarida bir oygacha hammadan arazlab yurganlar. Ba’zida ertak aytib bering deb, xarxasha qilsak, chap quloqlari ostidagi chandiqni koʻrsatib, bizni qoʻrqitadilar. Bu yara buvamga urushdan yodgorlik. Soʻrasak, momang tishlab olgan deb qoʻyadilar.

Urushda qatnashgan boʻlsalar ham qondan qoʻrqadilar, shuning uchundir uyimizda mol soʻyilmaydi. Ba’zan qatlama qilib, qon chiqariladigan boʻlsa, momomning oʻzi mingʻirlay-mingʻirlay xoʻroz koʻtarib dalaga chiqadilar. Baland tepalik yonidagi quyuq jangal orqasiga oʻtib, oʻqlovga minib oladilarda, xoʻrozni soʻyib qon chiqaradilar. Oʻsha kuni buvam doʻstlarinikiga mehmonlab ketadi.

Buvamning yana bir qiziq odatlari bor. Har yili kuz keldi deguncha kun ora qoʻshni qishloqqa, eski tanishlarini koʻrish bahonasida serqatnov boʻlib qoladilar. Ammo har doim yoʻlning yarimiga bormay safarlari qariydi.

Hozir ham oʻsha yoqqa ketayapmiz. Men oʻzimga ermak topib olganman. Niyatim soyamdan oʻzib ketish. Ammo harchand urinmay buning uddasidan chiqolmayman. Buvamga qarab yursam, soyam orqamga yashirinadi. Oldinga yursam soyamning izidan ergashaman. Zerikib, olis-olislarga tikilaman. Yon atrof keng paxtazor - terim allaqachon tugagan. Kimdir qoʻy boqayapti, allakimlardir mollari uchun koʻsak, changʻaloq terib yuribdi. Shu payt kun botar tarafdagi ulkan tepalikka koʻzim tushadi. Uning yonbagʻri koʻhna Qovchin qishlogʻining qabristoni. Buva, - deb soʻrayman kattalardan uzuq-yuluq eshitgan rivoyatlar esimga tushib, - Mozorda tuyaning yelkasi bormi?
— Oʻrkachi bor deyishadi bolam, - xatoimni tuzatdilar buvam. - Buning tarixi hazrati Imom Moʻyin an Nasafiyga borib taqaladi. U kishi avliyo darajasiga yetgan ulamolardan. Makkai Mukarramada ham bir muddat mudarrislik qilganlar...

Bu gaplar quloq-qulogʻimga singib ketgan. Buvam aytishdan, men eshitishdan charchamayman. Ayniqsa avliyoning doʻsti haqidagi rivoyat menga juda yoqadi. Oʻsmoqchilib, oʻsha haqida gap ochaman.

Bobom sekin-sekin odimlagan koʻyi davom etadilar: «Hazratning qabrlari yonida ikki qabr bor. Biri qiz qabr - kimnikiligi noma’lum. Ikkinchisi doʻst qabr - oʻrinlariga jon taslim qilgan qadrdon doʻstlarining qabri. Rivoyatlarga koʻra, Azroyil Imom Moʻyinning jonlarini olgani kelganda, onalari dod solib yolvoribdi: oʻgʻlimni emas, mening jonimni ol! Azroil hazratning volidai muhtaramalarining jonini bir tortgan ekan, joni kindigiga kelgan onaizor chinqirib yuboribdi: vo-oh, boʻldi, bas qil, jonimni qaytar oʻzimga, kimning jonini olsang olaver. Keyin otalari azroilga yolvoribdi: Oʻgʻlimni emas mening jonimni ol! Azroil u kishining jonini bir marta tortgan ekan jon kindikkacha sugʻrilib kelibdi, ota tishini-tishiga qoʻyib bardosh beribdi. Ikkinchi marta tortganda joni boʻgʻziga tiqilgan ota ham baqiribdi: - Boʻldi, bas, oʻgʻlimning jonini olaver. Shunda yaqin doʻsti azroilga peshvoz chiqib, mana mening jonimni ol, debdi. Azroil bir marta tortibdi, doʻstdan sado chiqmabdi, keyin yana tortibdi, miq etmasmish. Azroil aytibdi: hech boʻlmasa bir marotaba oh, de, joningni oʻzingga qaytaraman?
— E, yoʻq, - debdi doʻst jon achchigʻida lablari titrab, - olaver, doʻstim uchun mingta jonim boʻlganda ham, yana ming marotaba narigi dunyoga tegishli azobni tortishimni tovonimdan tirnogʻimning uchigacha his qilib turgan koʻyimda ham mingta jonimni doʻstimning bir tola sochiga alishmayman. Tugʻishgandan tutingan aziz deb shuning uchun aytilgan. Imom Moʻyin qabrlari yonidagi qabr oʻsha joʻmard doʻstlariniki. Eng avval oʻsha qabr ziyorat qilinadi.

Ichkarida baland tugʻ ostida avliyoning qabri bor. Dushmanlar oʻldirmoqchi boʻlib, ta’qib qilganida avval burgutga aylanib, keyin tuyaga aylanib qochib to shu yerga kelganda yerostiga kirib ketganlar. Bir oʻrkachlari yer yuzasida qolgan...

Buva, odamam tuyaga aylanadimi, ishonqiramay soʻrayman?
— .... Ha, bola-am, iymoni butun, oʻz nafsini yenggan, avliyo odamlar, xohlagan qiyofalariga kira olishadi.

Bu orada katta yoʻlga chiqib, ikki qishloqni bir-biridan ajratib turuvchi zovur yoqalab yurdik. Qamishlarni shitirlatib, gʻiyq-gʻiyq qilgancha, suvga shoʻngʻiyotgan yovvoyi oʻrdaklar diqqatimni tortdi. Soʻng nimadir esimga tushib, yana buvamga yuzlandim:

Buva zovurda ilon bormi?
— Ha bor.
— Shoqolchi
— ...
— Shoqolning shoxi boʻladimi?

Bobom jim, be’mani savollarim jonlariga tekkan shekilli, gapirmadilar.

Oʻzim bilan oʻzim boʻlib, oldinga zovur boʻylab katta asfalt yoʻlga olib chiquvchi tuyaning oʻrkachisimon yoʻldan yugurgilab ketdim. Iliqqina esayotgan kuz shamoli dimogʻimga yaxtak zax hidini uradi. Qaysidir yili suv omborga borib, baliq tutganimiz yodimga tushib, shirin entikib qoʻyaman. Nihoyat chopa-chopa koʻprikka yetib keldim. Buvam hali orqada, paytdan foydalanib pastga tushib zovur ichiga moʻralayman. Qurbaqalarga vij-vij suzib yurishibdi. Baliq yoʻq, boʻlsayam koʻrinmaydi. Buvam yetib kelganlaridan keyin ikki chekkasidagi temirlari mayishib ketgan pilta koʻprikdan qoʻshni qishloq hududiga oʻtdik. Ular negadir toʻgʻri yoʻldan yurmay, bugʻdoy ekish uchun tayyorlab qoʻyilgan maydon chetiga oʻtirib oldilar. Yuramizmi, yurmaymizmi deb ikkilanib turdim. Soʻng yonlariga choʻkib, yelkalariga bosh qoʻydim. Choponlariga nos hidi va achchiq ter hidi urib qolgan. Yelkalariga boshimni qattiqroq bosib, toʻyib-toʻyib nafas simirdim. Bu hid menga juda-juda tanish va qadrdon. Shu tobda yaxshigina charchabman shekilli, birdaniga uyqum kelib qoldi. Qoʻlim ogʻzimga yugurib, xomuza torta boshladim.
— Buva qachon uyga qaytamiz dedim koʻzimni ishqalab. Buvam gapimni eshitmadilar. Ular tosh qotibdilar. Hayrat bilan nigohlari izidan ergashdim. Diqqat e’tiborlari dala oʻrtasidagi oq bayroqda. Uzoqdan u tayoqqa tirkab qoʻyilgan oq matoga oʻxshaydi. Ammo u mato emas, oqqush. Bobomning tilidan tushmaydigan, ertaklaridan ketmaydigan, oqqush. Har yili kuzda uch-toʻrt kun qishloq osmonida parvoz qilib, keyin yil boʻyi koʻrinmaydi. Ba’zida dalaning oʻrtasiga, faqat bir joyga qoʻnib, soatlab shu zaylda turaveradi.
— Meni yaxshi koʻrasanmi, - toʻsatdan buvam tilga kirdi, koʻzlarini oqqushdan bir zum uzmay. Keyin javobimni ham kutmay davom etdilar, - men bobomni juda-juda yaxshi koʻrardim. Ismlari mulla Ahmad edi. «Qur’oni karim»ni yoddan bilardilar. Uyimiz mana shu paxta dalasining oʻrnida edi, keyinchalik koʻchib, eski imoratlar buzilib ketdi. Kitoblari juda koʻp edi. Bir kuni hammasini kigizga oʻrab, hovlidagi quduqqa koʻmdik. Ikki kundan keyin bobomni olib ketishdi. Dindor, nomoz oʻqiydi deb, bugʻdoy toʻkilgan omborxonaga qamab qoʻyibdilar. Uch kungacha hech kim xabar olmabdi.

Shu payt chakkamga suv tekkandek boʻldi. Qarasam buvamning ajin bosgan yuzida yosh yiltirayapti. Bir nuqtaga termulib gapirayaptilar.
— Bobojonim odamzot mukarram qilib yaratilgan deb charmasdilar. Qoʻli ochiq, zakiy inson edilar. Jonzotlarni yaxshi koʻrardilar. Oʻsimliklarga mehr-muhabbatlari baland edi. Asirlik chogʻlari ham rizqu-roʻzimiz bugʻdoyni – nonday aziz bilib, harom qilishni istamabdilar, omborxonada qovugʻlari yorilib, jon taslim qilibdilar ...

Buvam hikoyalari shu joyga kelganida tin olib, koʻzlariga ingan yoshni uvadasi chiqayozgan choponlarining yengi bilan artdilar.

Gʻamgin hikoyadan ta’sirlanib ketdim, yana bir muddat shu hayajonda qoldik. Ular mana shu oqqush mening bobom deb aytmadilar, lekin oʻzlari shundayligiga zarracha shubha qilmayotganliklarini yosh va sezgir yuragim bilan his qilib turardim. Betizgin xayollarim koʻz oʻngimda bugʻdoy ustida qorni yorilib yotgan buvamning buvasini nomoyon qiladi, goh kigizga oʻralib quduq ichida koʻmilib yotgan eski kitoblarga, goh buvamning yoshligi oʻtgan hududda soatlab qotib turadigan oqqush tomonga oʻrmalaydi... Quyosh ufqqa bosh qoʻyayozgan paytdagina oʻrnimizdan qoʻzgʻaldik. Bir necha kundan soʻng oʻrtoqlarim bilan oʻrdak tutish uchun qoʻylarni zovurga olib bordik. Bir kishi qoʻylarga qarab turibdi, qolganlar zovur ichida oʻrdaklarni quvlay ketdik. Ular juda qochqoq ekan. Zip etib koʻrinadi-yu, keyin suvga shoʻngʻib ketadi. Quva-quva charchab hafsalamiz pir boʻldi. Shu payt teppada qolgan oʻrtogʻimiz – Voy bu, anavini qaranglar, bir kishi ot choptirib kelayapti, deb qoldi. Yugurib, doʻnglikka chiqdik. Otliq bizga yaqinlashganda sekinlashdi. Darrov tanidim. Qishloq raisining oʻgʻli Shokir ekan. Uning oyoqlari uzun-uzun, peshonasida qashqasi bor, kishnaganda oʻynoqlab ketadigan otini oʻtgan yili bir marta minib koʻrganman. Shokir yonimizga keldi-da, otdan sakrab tushdi. Biz gijinglab turgan qashqa otni oʻrab oldik. Shu payt koʻzim oqqushga tushdi. Uning uzun jonsiz boʻyni otning qorniga shalvirab osilib turibdi, oyoqlari egarga chandib tashlangan. Shokirning yelkasida miltiq. Seskanib ketdim. Ichimdan nimadir uzilgandek boʻldi.

Qanday uyga yetib kelganimni bilmayman. Kelsam, bobom – darvozaxonada karavotga yonboshlagancha choy ichib turibdilar. Nafasim boʻgʻzimga tiqilib, -oqqush, oqqushni Shokir otibdi, oqqush oʻldi, deb baqirdim.
— Oqqush, - bobom oʻzlariga qovushmagan tezlikda sapchib oʻrinlaridan turib, karavotdan ham sakrab tushdilarda, bir zumda yonimga yetib keldilar. Yelkamdan ushlab, qattiq silkitdilar - kim u Shokir? Yelkalarim zirqirab ketdi. Bobomni hech qachon bu holatda koʻrmagandim. Raisining oʻgʻli, dedim bazoʻr.

Buvam shiddat bilan koʻchaga otildilar. Raisnikiga ketdi deb oʻyladim. Bizdan uchta-toʻrtta uy narida turadi. Kelib qolarlar deb, joyimdan jilmay kutib turdim. Hayal oʻtmay darvozadan qoralari koʻrindi. Titrab-titrab kelayaptilar. Allanechuk boʻlib ketdim. Qoʻllarida jonsiz oqqush. Uzun boʻyni osilgan, qanotlari chang tegibdi. Uni olib kelib supa ustiga qoʻydilar. Keyin oʻzlari ham choʻk tushdilar. Bobomga yigʻlayapti, men ham qoʻshilib yigʻlayapman. Bobomga achinayapmanmi, yoki oqqushgami buni oʻzim ham bilmayman, lekin ichimdan koʻpchib-koʻpchib yigʻi kelayapti. Shu payt darvoza ochilib dadam koʻrindi. Yonimizga kelib, holatimizdan dong qotdilar. Mening yodimga esa, lop etib zovurda qolib ketgan qoʻylarim tushdi, imi-jimida oʻsha yoqqa yugurgiladim.

Qaytib kelsam, bobom hovli toʻridagi tut daraxti ostini qazib, oqqushni koʻmayotgan ekanlar. Notanish tuygʻu ta’sirida yonlarida turdim. Buvam yigʻlab-yigʻlab oqqushni tuproqqa qoʻydilar. Esimni taniganimdan beri tillaridan tushmaydigan oq bayroqni yerga koʻmdilar.

Oʻsha kundan keyin buvamning gʻamginligi tarqamadi. Ochilmadilar. Ertakni ham onda-sonda eshitadigan boʻlib qoldik. Yarim yil oʻtar-oʻtmay oʻzlari ham yorugʻ olamni manguga tark etdilar. Boʻzlab-boʻzlab qolaverdik.

Buvamning tobuti qoʻlma-qoʻl mozor tomon lapanglab ketayapti. Tobutning toʻrt tarafi oppoq mato bilan oʻralgan. U mayingina esayotgan shamolda ohista hilpiraydi. Yosh koʻnglim buzilib, tumonot odamlar ortidan mayus tikilaman. Koʻz oʻngimda oq bayroq – oqqush gavdalandi. U qishloq osmonida qonsiz, loysiz qanotlarini yoyib Imom Moʻyin tomonga parvoz qilib ketayotgandek.