OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Inoyat Rahmon. Kelin (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifInoyat Rahmon
Asar nomiKelin (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Inoyat Rahmon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm27KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kelin (hikoya)
Inoyat Rahmon

Fotihadan soʻng mehmonlar birdan qoʻzgʻaldi. Bojam ularni kuzatgani chiqdi. Gangur-gungur ovozlar avval dahlizda, soʻng dolonda anchagacha eshitilib turdi. Davrada uch-toʻrttagina odam qoldik. Toʻrroqda ikki qariya oʻtirardi. Ulardan biri, chuvak yuzlisi menga sal-pal tanish, bojamning qarindoshlaridan. Ammo ikkinchisi kim boʻldi ekan? Sira eslay olmadim.

Qariyalardan biri bafurja suhbatga hozirlangandek, sal enkayib chordana qurib oʻtirdi va tizzalari ustiga yostiq qoʻydi. Uning oriq yelkasidan kuraklari soʻppayib chiqib turardi. U keksalarga xos harakat bilan choy quydi va piyolani qaltiroq qoqshol panjalari orasida bazoʻr tutib, sherigiga uzatdi. Soʻng tomdan tarasha tushgandek qilib:
— Sizniki qaydan, mehmon? — deb soʻradi. Ikkinchi qariya xuddi shu savolni kutib turgandek, piyolani ohista yerga qoʻydi-da:
— Hazoradan, — deb javob berdi bamaylixotir.
— Hazoradan? — deya qayta soʻradi chol ajablanib. Uning tiniq koʻzlari oppoq qoshlari ostidan sherigiga tikondek qadalib turardi: — Raimqulga kim boʻlasiz?
— Quda! — deb qisqa javob qildi mehmon va yer ostidan suhbatdoshiga bir quv nazar soldi. Aftidan, mehmonning suhbatga tobi yoʻqroq, shekilli, bezovta qilishayotganidan ogʻrinayotgandek edi.

Men ular suhbatiga qiziqib quloq sola boshladim.
— E, ha-a... — dedi chol choʻzib, ovozi biroz shangʻiroq edi. — Hartugul boyatdan beri tanimay turibman. Sharifa sizzi ulingizga tushgan-ma?
— Oʻgʻlimga emas, nevaramga, — tuzatdi uni kamgap suhbatdoshi va yonimizda oʻtirgan yigitni koʻrsatib: — Ana oʻzi!.. — deya qoʻshib qoʻydi.
— E, ha, ha... — dedi chol bir tutam soqoli uchini oʻynab, yigitni bir sirra koʻzdan kechirib chiqdi. — Yaxshi, yaxshi... Adashmasam ular Buxoroda birga oʻqishgan, oʻqishda topishgan, shunday-ma?
— Shunday.
— Durust, durust... Sizzi toʻy-poʻyda koʻrgan chiqarman, lekin qarichilik-da, koʻzdan chiqibdi... Aybga buyurmaysiz, quda...
— Man toʻyga kelolganim yoʻq. Koʻrmaganingiz rost. Fargʻonada edim. Bu yerga birinchi bor kelishim...

Quda buva ham choʻnqayib, yostiqni tizzasiga qoʻyib oldi.
— Fargʻonada deysizma, nechuk? — deb soʻradi chol boʻynini choʻzib.
— Sanatoriyda edim.
— A, ha... Shuytib koʻzim tushmagan ekan-da, emasam, bir koʻrgan odamimni darrov taniyman...

Bu orada mehmonlarni kuzatib qaytgan bojam kirib hammamizdan: «Qanday, zerikmay oʻtiribsizlarmi?» deb soʻradi. Biz: «Yaxshi, rahmat» dedik. Bojam men tomonga engashib, jilmaydi-da: «Bafurja oʻtiravering, Oltinoy hali-beri chiqmaydi. Opa-singil bir xumordan chiqsin!..» deb shipshidi. Quda buva ham bojamdan: «Bizani kelinniyam turish niyati bormi?» deb soʻradi. Bojam: «Ona-bolani bilasiz-ku! Olti oyda bir koʻrishadi-yu, darrov qoʻyib yuborarmidi?» dedi kulib.
— Qisinmang, quda, — deb dalda berdi chol ham, — bir kep qopsiz...
— Yoʻl uzoq. Qorongʻuda turtinib yurmaylik deyapman-da. — dedi mehmon uzrxohlik bilan.
— E, moshinaga nima, bir paslik yoʻl!... — dedi bojam jilmayib. — Yazna, siz qudamni zeriktirmay oʻtiring!...

Chol shalvillab yotgan baqbaqasini qashlay turib:
— Quda bilan hozirgina topishdik-da oʻziyam! — dedi. Hammamiz kulib yubordik.
— Endi hech qayoqqa ketmaysiz! — dedi chol kulgidan ruhlanib. — Bugun yotib qolasiz. Azonda oʻzim kep opketaman. Ollohnng panohida bir otamlashaylik! Eh-he, qancha suvlar oqib ketdi... Aytmoqchi suv tegirmoni oldida chiroyli bir machit bor edi, turibdima?
— E, qayoqda turadi! — dedi quda buva va sal jonlangandek boʻldi. — Buzilib ketgan. Avval kolxoz otxona qildi, keyin ombor boʻldi. Otam brigadirlik qilgan davrida naridan beri tuzattiruvdi. Adham brigad «zax bosib ketibdi, eskilik sarqiti-da» deb buzdirib tashladi.
— Hay, essiz-a!.. — deb bosh chayqadi chol. — Nonkoʻr odamlar ham koʻp-da...

Oraga biroz jimlik choʻkdi. Bojam bilan kuyov bola nima haqdadir shivirlashib gaplashishardi.
— Biz tomonlarga nima yumush bilan borgandingiz? — deb soʻradi quda buva choldan. U nima uchundir cholning qulogʻi ogʻir boʻlsa kerak deb odatdagidan balandroq ohangda, biroz xirildoq ovozda gapirardi. Chol ham uni shunday deb oʻylab, chiyillagan tovushda qattiq-qattiq soʻzlardi. Xullas, ikkalasining tizzasiga yostiq qoʻyib yuzma-yuz oʻtirishi va bir-biri bilan baland ovozda gaplashishi xuddi parti ketib qolgan xoʻrozlarning don talashayotganiga oʻxshardi.
— Bir xolam adashib borib qolgan ekan, oʻshani izlab... Oʻziyam tomday garang edi, bechora!..

Quda buva oʻmganini sal koʻtardi-da:
— Qaysi yillari? — deb soʻradi.
— Girmon urushidan avvalgi yillari...
— Oti nima edi?
— Oti Xosiyat edi! Mabodo eshitgan chiqarsiz?
— Xosiyat? — deya ajablandi quda buva va bit koʻzlarini hayratga toʻldirib cholga tikildi: — kar kelin emasmi?
— Xuddi oʻsha!.. Ha-ha... — dedi chol quvonib. Uni tanirmidingiz?
— U bizanikida toʻrt yil yashadi.
— Sizlarnikida?...
— Ha, — dedi quda buva yanada jonlanib. — U kishi bizlarga oʻgay ona edilar...
— Iya! — deya sapchib tushgandek boʻldi chol. — Siz... hali Ismoil akaning ulimisiz?
— Ha, kattasi.
— Oʻ qudratingdan!... Buni qarang-a, togʻ-togʻ bilan uchrashmas ekan, odam-odam bilan... yo, tavba!..

Ikkala cholning bir-biri bilan eskidan oshna chiqib qolishi hammamizni qiziqtirdi. Jimgina ularni kuzata boshladik. Qariyalar qayta boshdan koʻrishishdi.

Nihoyat bizning chol:
— Otangiz bandalikni bajo keltirgan chiqar? — deb soʻradi.
— Ha, uzogʻi yili... Xolangizdan keyin qaytib uylanmadi, uzoq ham yashamadi. Xolangizni yoniga qoʻyganmiz.
— Xudo rahmat qilsin. — Chol yuziga fotiha tortdi: — Jannati odam edi, bechora...

Oraga yana jimlik choʻkdi.
— Siz tegirmon noviga tosh tiqib suvini toʻxtatib qoʻygan bola emasmisiz? — deb soʻradi mehmon.
— Ha, xuddi oʻshaman! — soqolini gʻijimlab qih-qihlab kuldi chol. — Hozir maniyam xayolimga shu voqea kep turib edi... Buni qarang-a, qancha yillar! U paytlarda goʻl bola edik...
— Ha, umr oqar daryoday gap...
— Bolalik ahmoqlik, deb shuni aytadilar-da! Emasam, suv yoʻliga tosh tiqib zaril qoptima?..
— Ha, endi bir bevoshlikda!
— Shunday, shunday... — ham tili bilan, ham boshi bilan tasdiqladi chol. — Tegirmonchi yomon haqorat qiluvdi...

Ikkala qariya yoshlikda qilgan bevoshliklarini eslab ancha kulishdi. Nihoyat chol:
— Xolam sizlarnikiga qanday borib qolgan ekan? — deb soʻradi.
— Onam rahmatlik ocharchilik yillari oʻldi. Biz toʻrt goʻdak — ikki oʻgʻil, ikki qiz yetim boʻlib otam qoʻlida qoldik. Zamon ogʻir, bir tomonda urush, xavf-xatar... Non desak kesak gʻirillaydigan kunlar edi. Kolxozlar tuzilganu, ammo hali juda nochor... Shunday kunlarda otamni «starshi» qilib koʻtarishdi. Uni topgani katta roʻzgʻorga urvoq boʻlarmidi? Pishir-kuydirga, kir-chirga singillarim yoshlik qilardi. Bir kuni odamlarga issiq ovqat tayyorlovchi oshpaz xotin otamga: «Bir kar kelinchak paydo boʻlgan. Anchadan buyon menga yordamchi. Shu qulogʻi demasang, aqlu hushi, husni joyida... Hamma gapni tushunadi, gapiradi. Shuni ola ket, man koʻndirib beray. Yetimlaringni boshini silab, roʻzgʻoringni obod qilar», debdi. Otam olib keldi, juda yuvvosh, mehribon ayol ekan, to oʻlguncha biznikida qolib ketdi...
— E, nimasini aytasiz! — soʻlish oldi chol va gʻamgin bosh chayqadi. — Juda mehnatkash ayol edi, boyaqish...
— Haq rost! — deb ma’qulladi ikkinchi qariya. — Farishtaday ayol edi! Oʻtmishidan sira ogʻiz ochmasdi. Faqat bir opam bor, der edi. Qay tarzda paydo boʻlgan boʻlsa, shunday sirli tarzda oʻlib ketdi, bechora... Toʻrt yil birga yashagan boʻlsak-da, kimligini bilolmadik. Bari dardini ichida saqlardi. Lekigin oʻtmishida qattiq xoʻrlik koʻrgani, azob-uqubat chekkani bilinib turardi. Biz boshda uncha xushlamagan boʻlsak-da, u zarracha parvo qilmasdi. Hammamizni oq yuvib, oq tarardi. Ayniqsa, singillarimni yeru koʻkka ishonmasdi. Oʻz soʻzini oʻzi eshitmasa-da, bizga muloyim, yoqimli soʻzlarni topib gapirardi. Juda hushyor ayol edi — hamma gapni koʻzi bilan anglab, koʻzi bilan gaplashardi. Qoʻshnilar uni «kar kelin» deyishardi. Bunga bizning achchigʻimiz chiqardi. Haqiqiy ismini bilmasdik ham. Otam sira ismini aytmas, labini qimirlatib bir imo qilsa, bas, nima deyayotganini darrov fahmlardi. Oʻlganidan keyin oti Xosiyat ekanligini bildik. Bechorani umri qisqa ekan. Unga xudoni rahmi keldi, shekilli...
— Ha-a, — deb uf tortdi chol: — Adashmasam 33 yoshlarda ketdi-yov?..
— Xuddi shunday. 33 yoshida, qabr toshiga yozib qoʻyibmiz.
— Baraka topinglar! — dedi chol yengil xoʻrsinib. — Yaxshi ish qipsizlar!.. Xudo xohlasa, Sharifanikiga borganda, xolamning goʻriniyam ziyorat qilaman-da...
— Juda yaxshi boʻladi, albatta oʻting! — dedi quda buva keng soqolini siypab.

Yana sukut choʻkdi. Chol choydan quyib, entika-entika ichdi. Har yutinganida kekirdagidagi loʻkidoni yuqoriga bir sapchib tushardi.
— Xolangiz biz tomonlarga nega bosh olib ketgan, sababini siz bilarsiz? — deb soʻradi quda buva suhbatdoshiga zimdan nazar solib.
— Ha, oz-moz xabarim bor, — dedi chol va yana soqolini chimchilab sukutga ketdi.

Bu javob hafsalamni pir qildi. Toʻgʻrisini aytsam, quda buvaning savoli meni ham dilimdagi savol edi. Kar kelinning sirli oʻtmishi hammamizni qiziqtirardi. Shuning uchun cholga umidvor tikildim. U esa nosqovogʻini chiqazib, ezmalanib bir kaft nos otdi-da:
— Buni tarixi uzoq, — dedi soqovlanib va koʻzlarini yumib oldi. Shu kuyi ancha turdi. Hammamiz uning ogʻzini poylardik. Chol sust harakat bilan dastyor bola keltirgan kichik dastshoʻyga nosini tupurdi, keyin lab-lunjini artdi-da: «Aslida otam oʻsha xolamning kasriga oʻlib ketdi», dedi. Soʻng bu xulosasidan oʻzining ham koʻngli toʻlmadi, shekilli, «Balki taqdir shunday boʻlgandir...» — deya qoʻshib ham qoʻydi.
— Yoʻgʻ-e, nima boʻlgandi oʻzi? — deb soʻradi quda buva toqatsizlanib.
— U paytlarda men ancha yosh edim, aqlim koʻp narsaga yetmasdi, — deb hikoyasini boshladi chol. — Oq poshshoni yiqitishib, yangi hukumat tuzilayotgan paytlar. Hammayoq algʻov-dalgʻov. Kim doʻst, kim gʻanim, kim haq, kim nohaq — ajratish qiyin. Zamona buzilib, aynib ketgan. Turmushdan xayri baraka koʻtarilib, ofat dorigan palla...

Onamning onasi dardchil edi, bu qiyinchiliklarga chiday olmay uzildi. Kichik qizi — Xosiyat xolam shoʻppayib bir oʻzi qoldi. Zamona aynib turganda boʻysara qizni yolgʻiz qoldirib boʻlarmidi? Qayga borsin bechora! Onam otam bilan maslahatlashib biznikiga olib kelishdi. Xolam endigina 16-17 yoshlarga kirgan, oq sariqdan kelgan juda chiroyli qiz edi. Biz uni xursandchilik bilan kutib oldik. Bir nasiba koʻpaygan boʻlsa-da, foydasi roʻzgʻorimizga koʻp tegardi.

Loygarchilik tugab, yoz endi boshlangan paytda oqsoqolimiz «Korizdagi bugʻdoyning qiltigʻi qizardi, tez oʻrib olmasak toʻkilib ketadi», deb ishga yaroqli ayolu erkakni toqqa yubordi. Otam bilan onam ham ketishdi. Xolam biz bilan qoldi. Bir kuni qizillar paydo boʻldi-da, hammani machit oldidagi maydonga toʻpladi. Shapkasida yulduzi bor bittasi otdan tushmay, dagʻdagʻayu poʻpisadan iborat nutq soʻzladi. Soʻng ogʻiz-burni tugul, qulogʻini ichigacha jun bosgan bir davangini bizga koʻrsatib: «Mana bu oziq yigʻuvchi komissar boʻladi. Hamma uning talabini bajarishi shart!» — dedi koʻkarib ketgan lablarini yalab. — Markazdan maxsus topshiriq bor — qishlogʻingiz ikki yuz pud gʻalla berishi kerak. Baqir-chaqirni bas qiling, grajdanlar!.. Bilaman, yangi hosil oʻrilyapti. Ammo u qachon yanchilib, qachon keltiriladi — ungacha 10-15 kun oʻtadi! Hukumatga esa bugun-erta kerak. Sizlarning oziqlaring Qizil Armiya uchun, yosh Sovet mamlakati uchun zarur. Oziq markazga yuboriladi, eshelon Karmanada kutib turibdi!.. Siz mugʻombirlarni yaxshi bilamiz. Gʻalla boʻlsa-da, yoʻq deysizlar. Kimda kim qasddan gʻallasini yashirsa beayov otib tashlansin! Erta-indin tribunal keladi. Oʻrtoq komissar. Sizni gʻayrat va tashabbusingizga ishonamiz. Uch kun muhlat!..» dedi-da otiga qamchi bosib koʻzdan yoʻqoldi.

Olomon ini buzilgan ariday gʻuvullaydi, hamma karaxt, ojiz...

Butun kulfat ana oʻsha kundan boshlandi. Qishdan ramaqijon boʻlib chiqqan dehqon shoʻrlikda don qoptimi? Dovuchcha, shoʻra yeb kun koʻrishyapti-yu... Bitta-yarimta oʻziga toʻqroqlar ogʻzidagi oshini oldirishni istamay, qolgan-qutgan don-dunini kechalari oʻzlariga ma’qul joylarga koʻmib qoʻyishibdi. Ularni kasofati hammamizga urdi. Qishloqda qizillarning xufyasi borligini kim bilibdi deysiz?.. Ikki kun ichidayoq uch kishi namunali otuvga hukm qilindi! Qolganlari qoʻrqib koʻmgan donini oʻzlari chiqarib berdilar. Bugʻdoy, tariq, oq joʻxori ortilgan aravalar koʻchalar toʻpirini chiqarib u yoqdan-buyoqqa gʻiz-gʻiz qatnaydi. Bu och boʻrilar koshki toʻysa!..

Komissar boshchiligida uch-toʻrt askar bola uyma-uy yurib don yigʻadi. Komissar degan kasofat choʻrt kesadigan, muomalani bilmaydigan, qoʻpol avboshlar xilidan ekan. Bostirib kirgan xonadondan, he yoʻq, be yoʻq, «Don ber!» deb soʻraydi. «Don qolmagan» desang, «Nega yoʻq?» deydi. Yoʻqni yoʻndirib boʻlarkanmi? «Yashirgansan, top!» deydi oʻdagʻaylab. «Oʻzimiz ochmiz» desang, ishonmaydi. «Bekor aytibsan! Oʻ hozir yashirgan doningni topasan, yo biqiningdan darcha ochaman, — deydi toʻpponchasini dehqonning qorniga tirab. — Bilib qoʻy! Don yashirgan oʻrangga oʻzingni uch marta koʻmib, uch marta kavlab olaman!...» Shundan soʻng bechora dehqon nima qilsin! Bor qur-qutini chiqarib beradi-da...

Bizni qaznoqdan ikki kalapoʻsh oq joʻxori topildi. Komissar menga koʻmganingni top deydi. Men yoʻq deyman, bolalik qip qoʻrqib, yigʻlayman. Xolam ichkarida edi. Komissarning menga qilayotgan zugʻumiga chidayolmadi, chogʻi, kichkina bir boʻxcha koʻtarib chiqdi-da, toʻgʻri nomahramning oldiga kelib: «Ma, manavini ol! Onamdan qolgan bisot. Xotinchangga berarsan!.. Endi ukamni tinch qoʻy!» dedi. Asti bunday qilmasa boʻlardi... Komissarning koʻzlari oʻlja hidini sezgan shernikiday yondi. Xolamni boshdan oyoq kuzatib chiqdi. Boʻxchaga e’tibor ham qilmay tishlarini gʻijirlatdi «Oʻ, zoʻrsan-ku marja! Burjoʻyni qizimasmisan mabodo?», dedi beoʻxshov tirjayib. Xolam: «Men burjoʻyni qizi emasman, chorikor dehqon qiziman. Ota-onam oʻlgan, yetimman!..» dedi va shaxd bilan burilib, meni yengimdan tortdi-da, ichkariga boshladi.

Kasofat komissar hovlida birpas serrayib turgach, «Shoshma, hoy marja», deya ortimizdan yurdi. Askarlar beparvo irjayishib-tirjayishib hammayoqni ostin-ustin qilish bilan ovora edilar.

Biz uyga kirishga kirdigu, lekigin zanjirlashga ulgurolmadik. Kuchli tepkidan eshik turumi qoʻporilib ketdi. Jundor komissar quturgan buqadek haybatli edi. U hansirab, rangi undek oqarib ketgan xolamga chang soldi. Xolam shoʻrlik voy-chay qilib oʻzini opqochishga urinardi. Qayoqda, davangiga kuchi yetarmidi!... Oʻsh bola boʻlsam-da, hartugul erkak kishiman, qarab turolmadim, borib komissarning etagiga yopishdim. U koʻzlari qonga toʻlib menga qaradi-da: «Yoʻqol, bu yerdan!» deb pishqirdi. Men jonim boricha tortqilayverdim. Oxiri u shart oʻgirildi-da, meni tepib yubordi. Poygahga uchib tushdim. Koʻz oldim qorongʻilashib qancha turganimni bilmayman, bir payt koʻzimni ochib qarasam, la’nati menga toʻpponcha oʻqtalib turibdi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, a’zoyi badanimdan yengil bir hovur koʻtarilib, tilimni tagigacha muzlab ketdi! «Hozir seni gʻallani yashirgan unsur sifatida itday otib tashlayman, yaramas bola!.. — dedi: — Qani bu yerdan quri-chi!..»

Jon shirin ekan, quda, emaklab chiqib ketdim...

Chol hikoya qilishdan toʻxtab, choy hupladi. Koʻzlaridagi namni sochiq bilan artdi. Tomoq terisi shalvillab, iyagining ikki yonida ikkita xaltacha osilib turardi. Hayajoni biroz bosilgach:
— Oʻsha paytda qilgan qoʻrqoqligimni hali hanuz kechirolmayman! — dedi oʻychan. — Esimga tushsa isitmam chiqib ketadi...
— Bundan ortiq qoʻlingizdan nimayam kelardi, axir juda yosh boʻlgansiz-da! — dedi quda buva tasalli ohangida.
— Toʻgʻri, hech narsa kelmasdi! Lekigin xolamni yolgʻiz tashlab ketmasligim kerak edi...
— U yaramas sizni otib qoʻyishi ham mumkin edi-da! — dedi yana quda buva hamdardlik bilan.
— Ha, bu uning qoʻlidan kelardi. U oʻsha topda hech narsadan qaytmasdi...
— Xoʻsh, keyin nima boʻldi? — deb soʻradi mehmon oʻrtaga choʻkkan jimlikni buzib.
— Keyinma?.. Keyin tashqari chiqsam, ukalarim maydonda toʻplanishib, iz-iz yigʻlab turishgan ekan. Ichkaridan oʻzini himoya qilayotgan bechora xolamning beayov chinqirigʻi eshitilardi...

Xuddi shu asno osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, bilmadim, qoʻlida oʻroq bilan otam paydo boʻlib qoldi! U hozirgina koʻpkaridan chiqqan otday hansirardi. Bizgayam ishi boʻlmay, toʻgʻri uyga bostirib kirdi. Ortidan men ham ergashdim. Komissar xolamning dodlashiga, yigʻlashiga, yalinib-yolvorishiga parvo qilmay, kiyim-boshini burdalash bilan band ekan. Bizni kirganimizni payqaganiyam yoʻq. Otam gʻazabdan koʻkarib: «Nima qilyapsan, hayvon!» dedi-da, ayamay, kuragi oʻrtasiga oʻroq sanchdi! Komissar koʻzi olayib oʻgirildi va otamga koʻzi tushdi. U to oʻzini oʻnglab olguncha otam oʻroq bilan qanshariga boplab tushirdi. U begona tilda bir nimalar deya gʻudrandi, yuzini changallab, choʻk tushib oʻtirib qoldi. Otam uni tepib yuborgandi, xuddi tagi chirigan kundaday agʻanab tushdi. Bir pasda hammayoq qon boʻp ketdi.

Xolam esa uvada koʻylagini changallagancha dahshatdan haykalday qotib qolgan edi!.. Shovqin-suronni eshitib askarlardan biri hovliqib kirdi, fojiani koʻrib, rangi oqarib ketdi. Soʻng hamon vajohatdan qaltirab turgan otamga miltiq oʻqtaldi. Otam indamay uni koʻziga boqdi. Askar nima uchundir otmadi. Oxiri otam uni turtib yuborib eshikka yoʻnaldi. Shundan soʻnggina askar oʻziga kelib, otam orqasidan oʻq uzdi. Otam menga oʻxshagan kichik jussali edi. Lekin uni oʻqqayam chap bera oladigan darajada chaqqon ekanligini bilmagan ekanman!... Bir zumda yoʻq boʻldi qoldi! Oʻq ovozini eshitishgan askarlar chopib kelishdi. Ahvolni koʻrib, baqirib-chaqirib, muhokama etishdi-da, oxiri ikkitasi yarador boshliqlarini aravaga solib, shtabga eltadigan boʻlishdi.

Otam shu ketganicha ikki oy bedarak yoʻqoldi. Uning iziniyam topisholmadi. Biz avvaliga oʻq-soʻq tekkan boʻlsa toʻqay-moʻqayda oʻlib qolib, etini shogʻollar yeb ketdimikan, deb oʻyladik. Yoʻq, keyinchalik bilsak, otam Ergash Toʻqsabo toʻdasiga borib qoʻshilgan ekan. Oʻsha paytda yori, xotini, qizi, yangasi nomusiga chiday olmagan alamzada yigitlar Toʻqsabo toʻdasiga borib qoʻshilishardi. Ular kun sayin koʻpayib, qizillarning dodini berishdi. Biz tomonlarga umuman dorimay qoʻydi. Endi otam bemalol uyga kelib ketardi...
— Komissarga nima boʻldi? U oʻlibdimi? — deb soʻradi quda buva cholning soʻzini boʻlib.
— Yoʻq, joni qattiq ekan nomardni! Karmanaga eltib davolatishibdi. Lekigin uni, baribir, Qoraqismoqda Toʻymurod togʻa otib oʻldirdi! — dedi chol.
— Ajab boʻpti! — dedi quda buva soqolini siypalab: — Bu, otangiz qanday qochib qutulibdi?
— Oʻzimam hozir shuni aytmoqchi boʻp turuvdim, — dedi chol miygʻida jilmayib. — U paytda qishloqda koʻchaning oʻzi yoʻq edi. Uylar yakkam-dukkam, yakka xoʻjalikda. Har bir hovliniyam, uyniyam ikkitadan eshigi bor — biridan kirasan, ikkinchisidan chiqasan. Hozirgiday patalok qayda, bari — bolor, vassajuft. Xullas, ular otamni quvib Hojiboboning hovlisiga borganda butunlay izini yoʻqotishibdi.. Hoji bobo uyining pasti paxtazor edi. Askarlar otamni uydan chiqib, oʻsha yoqqa qochgan, deb uylashgan. Holbuki, otam bir eshikdan kirganu ikkinchisidan chiqmagan — yoʻq boʻp qolgan!..
— Qanday qilib? — deb soʻradim sabrim chidamay. Chol men tomonga bir qarab oldi-da:
— Shipga yopishib! — dedi kulimsirab. — Xuddi tartanakday ikki bolor orasiga oyoq-qoʻlni tirab yopishib olgan. Askarlar tepasiga qaramay, narigi eshikdan toʻgʻri toʻqay tarafga oʻtib ketishgan. Otam esa tappa yerga tushib, bu tomonga — toqqa qarab qochgan...
— Balo ekan-ku! — deb yubordik qoyil qolib.
— Ha, — deb ma’qulladi chol, — otam rahmatli juda epchil odam edi!..
— Xoʻsh, keyinchi, otaxon, keyin nima boʻldi? — deb soʻradik baravar.
— Keyinma... — deb soʻlish oldi chol. — Keyin qizillarga mador kuchi kelib, ular yana kuchayib qoldi. Qishlogʻimiz burungiday yana ikki kuch oʻrtasida talash... Endi otam faqat kechqurunlari bekitiqcha kelib ketardi. Sotqinlar hamisha topiladi. Bir kuni qizillar yollagan hufya otamni sotibdi.

Kech kuzak edi, osmon toʻla yulduz. Havo iliq boʻlgani sabab biz supada — chorpoya ustida olamdan bexabar uxlab yotuvdik. Yarim kechasi toʻs-toʻpolondan uygʻonib ketdim. Qarasam, uchta askar otamni uyqusida bosib, qoʻl-oyogʻini bogʻlab, savalab yotishgan ekan. Bir pasda uyimiz qizil qiyomatga aylandi! Onam, xolam bir tomonda, ukalarim bir tomonda baqir-chaqir qilishadi, iz-iz yigʻlashadi. Qani birov yordamga kelsa!.. Xullas, hech narsa qilolmadik. Otam hammayogʻi qon, darvozadan chiqa-chiqa onamga: «Kunim bitganga oʻxshaydi, xotin. San bolalarni ehtiyot qil!...» deya tayinladi. Uning oxirgi aytgan gapi shu boʻldi.

Askarlar otamni sudraklab olib ketishdi. Onam meni otamning togʻasi — Egamberdi bobonikiga yubordi. Boboni uygʻotib, bor gapni aytdim. Bobo yaktagini kiyib, eshagini toʻqimladi-da, askarlar izidan joʻnadi.

Qolgan gapni bobomdan eshitganman. Uni aytishicha, otamni qishloq shoʻrosining binosiga qamab qoʻyishibdi. Tong otishi bilan Karmanaga eltib sud qilisharkan. Qishloq shoʻrosining raisi oʻz boy otasini qamattirgan bir muttaham edi. U oʻrischa yozuv-chizuvni bilgani uchun raislikka tayinlangandi. Qodirqul (uning oti shunday edi) yangi hukumatga juda sodiq, berahm kishi edi. Bobom uning boy otasi eshigida bir umr mehnat qilgan, qoʻyini boqqan. Shularni inobatga olar deb, raisning oldiga kirib yalinib-yolvorgan. Rais: «Bekorga kepsiz boboy. Jiyaningizning gunohi katta. U bosmachi, Sovet hukumatining dushmani! Uning jazosini faqat odil Sovet sudi beradi», degan. Bobom tiz choʻkib, qadr-qimmatini yerga urib, yaramasning etagini oʻpib, yigʻlagan: bir paytlar uni koʻtarib katta qilganini aytib avf soʻragan. Raisning koʻngli sal yumshab: «Mayli, oq soqolingiz hurmati, borib jiyaningizga ayting, tavba qilsin, hamtovoqlari yashiringan joyni aytsin, oʻzi bizga qoʻshilsin! Ana shunda bir savalab, gunohidan kechamiz...», degan.

Bobom otamni oldiga borib: «Hov, yaramas bola, tavba qil, raisning aytganiga koʻn!» degan. Otam: «Bu yerdan keting, togʻa. Bu siz aralashadigan ish emas!» degan. Bobom: «Koʻzingni och: xotin, bola-chaqang bor, ularni yetim qilma», degan. Otam: «Siz raisga ishondingizmi? Oʻz otasini sotgan odamga-ya! Unda vijdon, iymon nima qilsin?» desa, bobom: «Ah, oʻjar bolam-a, u menga soʻz berdi!..» debdi. Shunda otam kulib: «Siz soddasiz. Ularning mugʻombirligini bilmaysiz. Oʻz molim uchun oʻzimni oʻgʻriga chiqargan, uyimizga bostirib kirib ahli-ayolimga zoʻravonlik qilgan, yer-suvimiz, or-nomusimiz uchun jang qilsak, xalq dushmaniga, bosmachiga chiqarib otishga hukm qiladigan hukumatga ishonib boʻlarkanmi, togʻa?...» degan.

Xullas, qancha urinmasin, yalinib-yolvormasin, otam koʻnmabdi. Bobom rais oldiga suvga tushgan boʻlka nondek boʻshashib qaytibdi. «Ha, koʻnmadimi?» debdi rais iljayib. Bobom noiloj bosh chayqabdi. «Or yoʻl qoʻymabdimi? Uni oʻsha Toʻqsabo buzgan». Bobom boshi bilan «ha» ishorasini qilibdi. «Yaqinda hammasini tutib, butunlay quritamiz. Jiyaningiz ana shuni tushunmayapti». «Unga nima jazo berasizlar?» deb soʻrabdi bobom. «Nima boʻlardi! Oʻlim yoki katorga!» debdi rais bamaylixotir. Bobom tiz choʻkib, yana yalina boshlagan ekan, rais: «Xalq dushmaniga shafqat yoʻq!» deb choʻrt kesibdi. «Ijozat bering, yana bir urinib koʻray?». «Yoʻq, — debdi rais, — endi kech! Yaxshisi keting, oyoq tagida koʻpam oʻralashmang, yoʻqsa oʻzingizniyam!..»

Tong saharda, xoʻrozlar uch karra qichqirishgach, otamni chortoq aravaga solib Karmana tomonga joʻnashibdi. Bobom ham, balki u yerdagilar roʻshnolik koʻrsatar, degan umidda eshakka minib aravani qoralab boraveribdi. Askarlardan biri aravada, qolgan ikkitasi ikki tomondan aravani qurshab ot ustida otamni qoʻriqlab ketaverishibdi. Nima boʻlibdi-yu, otam qoʻlidagi chilvir yechilib ketibdi. U askarlar koʻzini shamgʻalat qilib oyogʻini ham yechibdi. Soʻng arava haydab ketayotgan askar bola quymichida duppayib turgan toʻpponchani asta sugʻurib olibdi. Arava Oydinkoʻlga yetganda otam suv soʻrabdi. Oʻng tarafdagi otliq aravaga yaqinlashib: «Ha, suvsirab qoldingmi? Mana, hozir toʻrt kosa ichasan!..» deya qamchisini koʻtargan ekan, urishga ulgurmay, peshonasidan oʻq yeb qulabdi. Chap tarafdagi otliq naganini chiqarib otaman deguncha, otam lip etib aravadan sakrabdi-yu, oʻzini qamishzorga uribdi. Otishma boshlanibdi. Bobom eshagini niqtab, «E, xudo oʻzing asra!» deb kelaveribdi. Afsuski, otam olgan toʻpponchada bor-yoʻgʻi uchta oʻq bor ekan. U aravakashni yaralashga ulguribdi, xolos. Tirik qolgan suvoriy mergan ekan, qamishzor oralab qochayotgan otamning kuragidan tegizibdi. Otam bir munkib yiqilibdi-yu, yana turib, yugura boshlabdi. Biroq otliq unga darrov yetib olibdi va qurolsiz otamga qarata uch-toʻrt marta oʻq uzibdi...

Bobom nafasini ichiga yutib, askar yigit bir oʻlik va bir yaradorni ortib joʻnab ketguncha kutib turibdi. Soʻng asta otam oldiga boribdi. Bechora otam boʻz ishtonda, ogʻzidan qulogʻigacha xanjar bilan kesilgan holda yotar, laxta qon labidan ham oqib turar ekan...

Chol oʻpkasi toʻlib, entikib nafas ola boshladi, yuzlari bujmayib qorayib ketdi. Biz chol oʻzini bosib olguncha dam chiqarmay kutib turdik. U anchadan soʻng yuz-koʻzini sochiq bilan artdi-da:
— Qisqasi, arava topib, kechga yaqin otam jasadini keltirib koʻmdik, — dedi va toʻsatdan tusi oʻzgarib: — Lekigin to Girmon urushi boshlanguncha yangi hukumat kun bermadi bizga. Oti yomon Oypari «bosmachi»ning uli boʻp qoldim...

* * *

Bir pasdan soʻng bojamning katta oʻgʻli kirib, ayollar turishganini, xotinim meni kutib turganini aytdi.

Men keksalardan izn soʻradim. Chol duo oʻqib, fotiha qildi. Menga qoʻshilib quda buva ham turmoqchi edi, chol yengidan ushlab, toʻxtatdi:
— Siz birpas shoshmang, gap bor! — dedi.

Quda buva noiloj qaytib oʻtirdi. Men xayrlashib, tashqari chiqdim. Dolonda koʻrishmagan ayollar bilan soʻrashdik. Nihoyat mashina oldiga borib, kuzatgani kelgan bojamdan:
— Bu chol sizga kim boʻladi oʻzi? — deb soʻradim.
— Yaznam, — dedi bojam, — xolamni eri...

Motor qizigach, chiroqlarni yoqdim. Ikki chekkasi tutzor yoʻl yorishdi. Ketayotib, kuzatuvchilar bilan yana bir sidra xayr-xoʻsh qilgach, yoʻlga tushdik.