OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIogann Volfgang Gyote
Asar nomiEgmont (tragediyadan parcha)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Olmon adabiyoti
Boʻlimlar
   - Klassitsizm
Mualliflar
   - Iogann Volfgang Gyote
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Fojialar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonUsmon Nosir
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Egmont (tragediyadan parcha)
Iogann Volfgang Gyote

Hayot ajoyib sirlar va tilsimlar bilan toʻla.

Ba’zan kuni kecha yaratilgan asar qoʻlyozmasini topolmay, shoirning oʻzi ham, siz ham rosa xunob boʻlasiz. Ba’zan bundan ellik, hatto yuz yil avval dunyo yuzini koʻrgan, ammo uning borligini hech kim bilmagan asarlar, tilla baliqcha singari, tadqiqotchi «qarmogʻi»ga ilinadi- qoladi.

Kamina bundan bir-ikki yil avval Usmon Nosir qalamiga mansub bir tarjimaning mavjudligini aniqlagan edi. Ammo mening bu topilma haqidagi maqolam matbuotda juda kechikib chiqdi. Undan ham achinarlisi shundaki, adabiy jamoatchiliik, goʻyo hech narsa boʻlmagandek, unga zarracha e’tibor bermadi. Holbuki, nazarimda, Choʻlpon, Fitrat, Usmon Nosir singari adiblar qalamiga mansub har bir yangi asarning topilishi adabiyotimiz uchun bayram boʻlishi lozim.

Gyotening boy adabiy merosida «Egmont» tragediyasi alohida mavqeni egallaydi. Garchand buyuk nemis shoiri bu asarga 1786 yili Italiyada soʻnggi nuqtani qoʻygan boʻlsa-da, u shu voqeadan roppa-rosa oʻn yil ilgari,1776 yili yozila boshlagan. Shuning uchun ham unda navqiron Gyote ijodiga xos romantik pafos, qahramonona ruh ustuvorlik qiladi.

Graf Egmont — tarixiy shaxs. Uning hayoti va faoliyati Niderlandiyaning ispan hukmronligiga qarshi olib borgan milliy-ozodlik harakati bilan chambarchas bogʻliq. Egmont tarixiy shaxs sifatida hech qachon bu harakatning yoʻlboshchisi boʻlmagan. Ammo mustabid ispan tuzumi Egmont siymosida qoʻzgʻolon koʻtargan ommaning yoʻlboshchisini koʻrgan va uni mahv etib, qoʻzgʻolon «ildiz»ini tag-tomiri bilan qirqib tashlamoqchi boʻlgan.

Gyote oʻz asarini yozish jarayonida Egmont obrazini qayta idrok etdi: qirolga sodiq bu insonni el-yurtning ardoqli farzandi, niderland milliy xarakterining jonli tajassumi sifatida talqin qildi.

Hurlik va ozodlik uchun kurash gʻoyasi balqib turgan «Egmont» tragediyasi buyuk nemis kompozitori Lyudvig Van Betxovenga bir olam ilhom bagʻishladi va u oʻzining oʻlmas muzikasi bilan bu asarga ikkinchi umrni ato etdi. Mana, bir yarim asrdan ziyod vaqtdan beri «Egmont», Betxovenning bu asar asosida yaratilgan «Fidelio» operasi-yu «Leonora» uvertyurasi jahon teatrlari va kontsert zallari sahnasini bezab kelmoqda.

XX asrning 30-yillaridan Betxoven muzikasi bilan muzayyan etilgan «Egmont» tragediyasi mashhur rus artistlari ijrosida namoyish etila boshladi. Oʻsha yillari Oʻzbekiston radioqoʻmitasida ham ushbu asarni efir orqali oʻzbek tilida xalqqa yetkazish istagi tugʻildi. Qoʻmita rahbari Qurbon Bereginning maslahati bilan asar tarjimasi Usmon Nosirga topshirildi. Shu kezlari «Demon»ni oʻzbek tiliga qoyilmaqom tarjima qilgani va ijodida isyonkorlik ruhi kuchli ekani uchun, Q. Beregin nazarida, bu asarni faqat Usmon Nosirgina tarjima qilishi mumkin edi. Ammo tarjima tayyor boʻlib, radiospektaklni yaratishga kirishilgan vaqtda Usmon Nosir daf’atan qamoqqa olinadi.

1937 yil 28 avgust kuni boʻlib oʻtgan tergov vaqtida radioqoʻmita adabiy eshittirish tahririyati xodimlaridan biri bunday ma’lumot bergan: «Taxminan iyul oyining oxirlari yoxud avgust oyining boshlarida men «Egmont» adabiy-musiqiy eshittirishi tarjimoni Usmon Nosirovning hibsga olinganini eshitdim. Men bu haqda Pekkerga aytib, undan endi nima qilamiz, deb soʻradim. Pekker menga aniq bir javob bermadi. Shundan keyin koʻp oʻtmay, Oʻzbekiston radioqoʻmitasiga respublikada xizmat koʻrsatgan artist Abror Hidoyatov kirib keldi. Pekker unga asarning aksilinqilobchi millatchi Usmon Nosirov tomonidan tarjima qilingani haqida churq ham etmay, unga Egmont monologini yodlash uchun berdi. Bu ham kamlik qilgandek, Abror Hidoyatov asarni kim tarjima qilganligi bilan qiziqqanda Pekker uning allaqanday Usmonov degan odam tomonidan tarjima qilinganini aytdi...»

Ushbu koʻrsatmaga qaraganda, «Egmont» rolini Abror Hidoyatov ijro etishi, sharnofonga yozib olingan bu adabiy-musiqiy eshittirish Parijda oʻtajak koʻrgazmaga yuborilishi va xalqaro festivalda oʻzbek madaniyatining sovet davrida erishgan yutuqlarini koʻz-koʻz qilishi lozim edi. Lekin, afsuski, «hushyor» kimsalarning sa’y-harakatlari tufayli «Egmont» radiospektakli oʻz vaqtida efirga chiqmadi. Asarning Abror Hidoyatov qoʻlidagi nusxasi NKVD tomonidan olib ketildi. Buyuk oʻzbek artisti esa «aksilinqilobchi va millatchi shoir» qalamiga mansub tarjimani ijro etmoqchi boʻlgani uchun jabr tortdi.

50-yillari Oʻzbekiston radioqoʻmitasiga ishga kelgan taniqli soʻz ustasi Ubay Burhon, keksa radiojurnalist Burhon Ziyoevning xotirlashiga koʻra, mazkur tarjimaning boshqa bir nusxasini topib, shu nusxa asosida «Egmont» radiospektaklini tayyorladi va bu asar uzoq yillar davomida efir orqali eshittirib borildi. Biz bugun bu asarni oʻqir ekanmiz, uning dahshatli 1937 yili Usmon Nosir tomonidan bejiz tarjima etilmagani va unda qatl oldida turgan oʻzbek shoirlarining qalb nidolari ifodalanganiga guvoh boʻlamiz.

Quyida birinchi marta e’lon qilinayotgan «Egmont» monologi otashnafas shoir va tarjimon Usmon Nosirning soʻnggi qoʻshigʻidir.

Naim Karimov
Klerhen Qoʻshigʻi (Muzika)
Yangrar barabanlar
Ham fleyta kuylar.
Mening yorim otryad
Oldida borar.
Ey, zavqing kelar,
Koʻngling qoʻzgʻolar.
Ey, boʻlsa agarda
Dubulgʻa, qalqon,
Kurashga chiqardim
Men ham begumon.
Borardim ortidan
Qolmay izma-iz.
Chekindi yov, olgʻa
Borar polkimiz.
Qanday yaxshi botir,
Zoʻr jangchi boʻlmoq.
Zoʻr jangchi boʻlmoq.

Egmont (yolgʻiz). Qadrdon doʻstim! Vafoli uyqu! Boshqa doʻstlarim kabi nahotki sen ham meni tark etding! Sen axir erkin oʻylarimga orom berar, goʻzal va soʻnmas bir sevgi chambari kabi ardoqlar eding. Janglar suroni va dunyo tashvishlari ostida men begunoh bir goʻdak singari ogʻushingda tinch va yengil nafas olar edim. Boʻron daraxt butoqlari va yaproqlari orasidan esib oʻtib, uning tanasini silkitsa ham oʻzagi omon qoladi-ku. Nechun men qaltiramoqdaman? Dalil va sodiq qalbimni gʻalayonga solayotgan nima? Bilaman: bu — qotil boltasi. U mening hayot ildizlarimni kemirmoqchi boʻladi. Qomatim raso tursa ham ichdan qaltiroq sezayotirman. Nima uchun sen, eng qoʻrqinchli xavf-xatarlarni sovun koʻpiklaridek uchirib yuborgan kishi senga qarshi kelayotgan dahshatlarni mahv etib tashlayolmaysan? Axir sen oʻlimning har qanday dahshatlari ichida, hayotning oddiy tashvishlari ichida yashagandek bahuzur yasharding-ku!.. Yoʻq, meni dahshatga solgan oʻlim emas. Bu mard yurak nogihon oʻlim bilan olishishga har qachon tayyor. Goʻrga oʻxshash bu zindon qoʻrqoqlar nazarida ham, botirlar nazarida ham jirkanch koʻrinadi. Davlat kengashida knyazlar hal qilinishi juda oson boʻlgan masalalar ustida uzundan-uzoq muzokara yuritganlarida, yumshoq kresloda oʻtirib ularni tinglash naqadar ogʻir edi menga! Uzilmas zalning devorlari ostida men oʻzimni xuddi boʻgʻilgandek his qilardim. Oʻshanda men imkon boricha u yerdan tezroq qochishga shoshilar va otga minar, sof havodan toʻyib-toʻyib nafas olish uchun olislarga, erkinlik qoʻyniga, qirlarga chopardim. U bepoyon dalalarda tabiat oʻzining yer tagidan chiqqan butun noz-ne’matlarini in’om etar va osmon oʻz yulduzlari bilan olamni yoritardi. U yerlarda biz ona yerning farzandlari kabi uning ogʻushida xuddi pahlavonlarga oʻxshab yuksaklarga baland parvoz qilish uchun yana kuchliroq intilardik. Biz u yerda butun insoniy his-tuygʻularni sezardik, qonlarimizda butun insoniy intilishlar alangasi yonar, u yerda yosh ovchining koʻnglida olgʻa intilish, zafar tashnaligi, oʻz kuch-qudratini koʻrsatish orzusi joʻsh urardi.

Oh, bu faqat xayolot, xolos. Koʻp zamonlar molik boʻlganim saodatning soxta xayoloti, xolos! Bu makkor taqdir seni qayoqqa undar? Yoki seni hech qachon qoʻrqitolmagan oʻlimni quyosh chehrasiga keltirish oʻrniga goʻr azobidan darak bermoqchimi? Bu tosh devorlar naqadar badboʻy hid sochadilar menga! Hayotim soʻnayotir. Tobutga oʻxshash bu uyqu toʻshagiga bosh qoʻyish naqadar dahshatli...

Oh, hasrat, qaygʻu! Meni bevaqt oʻlimga mahkum etmoqchi boʻlgan hasrat, toʻxta, qoʻy meni!.. Qachondan beri Egmont olamda butunlay tanho qoldi? Seni ezayotgan narsa baxt emas, shubhalar, shubhalar ezayotir... Nahotki, sen butun umr ishonganing qirolning adolati yoki malikaning muhabbatsimon doʻstligi seni qorongʻi soʻqmoqda yolgʻiz qoldirib, tun qoʻynida gʻoyib boʻlib ketdi? Nahotki, shahzoda Oranskiy doʻstlarga bosh boʻlib, meni ozod etishga jur’at etolmasa? Nahotki, xalq koʻtarilmasa? Nahotki, qudratli kuch boʻlib oʻz qadrdon doʻstiga najot bermasa?

Ey, meni oʻz iskanjasiga olgan devorlar! Oʻz qalblarini qalqon qilib men uchun yordamga kelayotganlarning yoʻlini toʻsmangiz! Avvallari mening koʻzlarimdan emib olganlari u jasorat olovlari endi ularning qalblaridan yana mening qalbimga quyulsin. Ha, ha! Ular ming-ming boʻlib qoʻzgʻolayotirlar! Ular kelayotirlar! Ular menga madad beradilar! Ularning oʻtinch nidolari koʻkka uchmoqda, ular moʻjiza istaydilar, ular nayza va qilich olajaklar. Ularning zarbalari ostida darvozalar qulab tushadi. Kishanlar parchalanadi, devorlar yiqiladi va Egmont yorishayotgan tong shu’lalari ostida ozodlik qarshisiga peshvoz chiqadi. O, qancha-qancha tanish yuzlar shodiyonalik bilan kutib olurlar meni!..

Klerhen Qoʻshigʻi (Muzika)
Shodlik va qaygʻu
Fikring band etar.
Yorim charchab, nafas
Kuchlanar, qiynar.
Azob tugab, uni
Quchadi shafqat
Va baxtiyorlik,
Faqat muhabbat.
Baxtu bahor bilan
Sevgi-muhabbat.

Egmont. Hammasi tugadi. Hammasi hal. Najot yoʻq. Turmadan chiqishga ham yoʻl yoʻq. Jallodlar bostirib kiradilar. Men esa boshimni bolta ostiga qoʻyaman va shu turmada mangu uyquga ketaman. Men qoʻlda qilich ushlab emas, shuhratli jangda emas, Gravelin jangida oʻzini jangga tashlagan va orqasidan butun qahramonlar polkini yetaklab boruvchi qahramon sifatida emas, turmada hayot bilan vidolashmakdaman. Endi shu qorongʻi turma devorlari ostida, shu bolta ostida tanho jon beraman.

Hammasi tugadi. Hammasi hal. Nima boʻldi menga? Nima uchun koʻnglimda osoyishtalik? Bu qanday toza ruh? Menga hech narsa qoʻrqinchli emas. Men tanho emasman. Ey, mening doʻstlarim, jonajon xalqim, oʻrtoqlarim! Men siz uchun yashadim va mening ruhim abadiy siz bilan birga. Qalbim toʻla nur ham orom. Men uxlamoq istayman va ishonamanki... Ey jallod, meni uyqudan uygʻotmasdanoq...

Kel, ey, mening tinch oromim! Men uxlamoq istayman va ishonamanki, uxlayman. Um-m... jallod meni uyqudan uygʻotmasdanoq umrimga xotima bera qolsaydi. (Muzika.) Kel, ey mening tinch oromim ! Kel, hayot va oʻlim haqida butun tasavvurlarni bir-biriga qorishtirib yubor. Shodlik va oʻlimni ham bir-biriga qoʻsh. Sen ham kel, ey mening sevgilim! Kel, ey mening yagona Klaram, lablarimga lab qoʻyib, soʻnggi vidolashuv boʻsasini ber. Kel, tinch oromim, hayotimning soʻnggi oromi, kel. (Muzika.)

Men ajoyib lavhani koʻrdim! Quyosh nuriga burkangan ozodlik timsolini koʻrdim va uning orazi, bu — erk orazi, sevgilim Klaraning orazidek tabassum qildi menga. Sizlar — mening qalbimdan joy olgan erk va sevgilim, ayting, qaysi biringizning sevgingiz kuchli ekan?.. Biroq men soʻngida koʻrdimki, Klaraning tabassumi ozodlik qaygʻusi bilan almashdi va qon oftob qiyofasida ravshan koʻrindi. Bu qon erk oyogʻi ostida tuproqni qip-qizil qilib boʻyadi. «Bu sening qoning, sening, Egmont! Bu koʻplarning qoni — erk sevuvchilarning qoni!» degan sado yangradi. Bu qon behuda toʻkilmadi. Bu qon ozodlik uchun toʻkilgan qutlugʻ qondir.

Sening qoning tabarruk boʻladi, Egmont! Qoʻzgʻol, xalqim, qoʻzgʻol, seni zafar kutadi. Sen dengizdek ulugʻvor xalqsan, dengizdek qudratli va qoʻrqinchlisan. Sen dengiz toʻfoni kabi butun toʻsiqlarni parchalab tashlaysan.

O, jonajon shahrim, dushman sening devorlaringga yaqinlashmoqda. Xalqim, grajdanlar, doʻstlarim, nega hozir siz bilan birga emasman? Ammo ruhim siz bilan birga. Yana mardona boʻling, oʻlimdan qoʻrqmang! Ozodlik uchun, oʻlmas muhabbatga ega boʻlgan hamma odamlar uchun oʻlim yoʻq! Demak, ozodlik uchun kurashingiz! Bu turmada tinch va shodlik bilan jon berayotgan men kabi siz ham jangda shodlik bilan jon bering!

Jallod, qani kir, oʻz ishingni tugat! Ey, siz — yollangan soldatlar, siz jang maydonida kerak emassiz. Mening oldimga bostirib kirsangiz ham, oʻz saflaringizni oshirsangiz ham, baribir, mening oldimda ojiz qolasiz. Men endi ikki umr bilan yashayman. Birini siz olasiz, ammo ikkinchisini sizga bermayman. Ikkinchisi — mening umrim. Bu umr xalq bilan ozodlikda yashaydi. (Tantanali muzika.)