OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIs'hoq Ismoil
Asar nomiSoat qutisidagi marjon (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Is'hoq Ismoil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm62KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/11/30
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Soat qutisidagi marjon (qissa)
Is'hoq Ismoil

«
Baxt sandiqda, kaliti—osmonda.
Naql
»

Birinchi Maktub

"Salom, Bekmurod!
Javobi talab qilinmaydigan ushbu maktublar ta’bingizni tirriq qilib, kayfiyatingizni buzsa-da, oʻtmish hayotingizdagi sizga hanuz sir boʻlib qolayotgan ba’zi bir sahnalarni oydinroq koʻrishingiz uchun pardalarni ochib bersa ajab emas.

Odatda kishi hadeganda oʻtmish xayollariga berilavermaydi. Bunga vaqti yetishmaydi. Kundalik ikir-chikirlar, roʻzgʻor tashvishlari, kelasi kun rejalari, umuman, tirikchilik insonni har doim soqqadek u yoqdan bu yoqqa dumalatib yuradi. Bu gaplar ayniqsa jismonan sogʻlom kishilarga koʻproq tegishli. Siz singari nogironlar esa bundan qisman mustasno.

Bilaman, ikkinchi qavatdagi ikki xonali koʻrimsiz uyingizda hamon yolgʻiz yashaysiz. Qamoqdan chiqib, uyingizga qadam bosganingizda uning aftoda holga kelib qolganligini koʻrgan edingiz. Devorlar oʻyilib, gulqogʻozlar koʻchib yotar, poltaxtalarning boʻyogʻi oʻchgan, yorilgan, eshik-derazalar eskirib, sinib, yaroqsiz holga kelib qolgan, oshiq-moshiqlari boʻshagan, yogʻingarchilik paytlarida ta’mirlanmagan tomdan oʻtgan chakki xonalar shiftini zaxlatib tepada qizgʻish-sariq tusdagi katta-kichik dogʻlar hosil qilgan edi. Siz «u yoqda»; ekanligingizda uyga ikki marta oʻgʻri tushib qoʻlga ilinadigan narsalar oʻmarib ketilgach, qolgan buyum-jihozlarni ukangiz qishloqdan kelib uyiga olib ketgan, xonalarga esa ijarachi talabalar qoʻyilgandi. Bir yumshoqkoʻngil qoʻshningiz nazorati ostida talabalar bu yerda oʻz bilganlaricha yashadilar, davru-davron surdilar hamda xonalarni shu ahvolga keltirdilar.

Siz kelib bu yerda qayta joylashdingiz. Eshik-derazalarni naridan-beri tuzatgan boʻldingiz-u, uyni toʻliq ta’mirlashga hafsala qilmadingiz. Onangiz, ukangiz qishloqqa koʻchib borishni taklif qilishganlarida unamadingiz. Shundan soʻng ukangiz buyumlaringizni olib kelib oʻzingizga tashlab ketdi.

Nogironlik nafaqasini olib yolgʻiz yashaydigan odamning kuni qursin.

Aytishlaricha, qamoqxonada maxbuslar bir-birlari bilan janjallashib qolishsa va oʻzaro kimnidir jazolamoqchi boʻlishsa har xil usullar qoʻllashar ekan. Shulardan biri, oyoq-qoʻlini qoʻshib bogʻlab, dumbasini qattiq yerga toʻgʻrilagan holda yuqoridan tashlab yuborishadi. Jabrlanuvchi yerga zarb bilan tushadi va ichi «toʻkilib»; ketadi. Bu jazo qoʻllanilgan odam garchi oʻsha chogʻda har qancha lat yemagandek sogʻlom koʻrinsa-da, aslida, koʻpga bormasmish. Toʻrt-besh yilga yetmasmish. Yanayam anigʻini bilmadim-u, sizga ham shu jazo qoʻllanilgan deb eshitdim. Ilohi, bu xabar yolgʻon boʻlsin.

Soʻnggi paytlarda hovliga tushib u yoq-bu yoqlarga aylanib kelish ham sizga malol kelmoqda. Sogʻligʻingiz oydan-oyga, haftadan-haftaga yomonlashib borayotir. Ikkinchi qavat zinasidan tushib chiqishning oʻzi bir azob. Kechqurunlari to qorongʻu tushguncha hovlidagi skameykada dam olib oʻtirishni xush koʻrasiz. Bu paytlarda havo salqin, toʻyimli boʻladi. Oʻzingizni yaxshiroq his qilasiz. Ba’zan qoʻni-qoʻshnilardan biri kelib yoningizga kelib oʻtiradi. Sizga hamsuhbat boʻlgisi keladi. Biroq siz oʻzi tabiatan odamoviroq odam, hayotingiz buzilib, sogʻligʻingizga ham keskin putur yetgach yana ham oʻzingizni boshqalardan olib qochadigan boʻlib qolgansiz. Suhbatdoshni yoqtirmaysiz. Boshqalar ham buni sezishadi albatta, koʻpam sizni bezovta qilgilari kelmaydi.

Kechqurunlari hovlida atrofni kuzatish ayniqsa yolgʻiz kishiga zavq beradi. Bu hol menga ham naqadar tanish. Yon-veringda bolalar qiyqirishib oʻynab yurishadi. Kattalar ishdan qaytadilar. Hovli, koʻchalar gavjumlashadi. Qorongʻu tusha boshlagach har kim oʻz bolasini chaqirib uy-uylariga ravona boʻladilar.

Ularning gap-soʻzlariga, bebosh bolasini tergashlariga zimdan quloq tutasan, harakatlarini kuzatib oʻtirasan. Bilasan, endi ular iliq uylariga kirib kechki tamaddi tadorigini koʻradilar. Oila jamuljam boʻladi — ota, ona, bolalar. Yuz-qoʻllarini yuvib, artinib dasturxon atrofida toʻplanishadi. Ovqat suziladi. Gurunglashib oʻtirishadi. Vaqtning oʻtgani sezilmaydi.

Siz ham uyingizga yoʻnalasiz. Tutqichdan ushlab asta-sekin zinadan yuqoriga chiqa boshlaysiz... Har safar yuqorilaganingiz sari oʻsha ayanchli kun manzaralari koʻz oldingizda qayta namoyon boʻlayotgandek tuyuladi. Goʻyo uyingiz eshigi lang ochiladi-yu, ichkaridan xoʻrlanib, qattiq itarib yuborilgan Iroda otilib chiqadi. Oʻzini oʻnglab ololmay tik zinapoyadan pastga qulay boshlaydi. Koʻzlarida dahshat va alam ifodalari qotib qolgan... Kimsasiz, sovuq uyga kirib borishingizni oʻylab yuragingiz orqaga tortib ketadi. Xohlaysizmi, xohlamaysizmi sizning uyingiz, vataningiz shu. Omonat eshikni gʻijirlatib ochgancha ichkariga kirib kelasiz. Dasturxon yozib tamaddi qilgan boʻlasiz.

Ovqat masalasida sizda muammo yoʻq. Bu yerga kelganingizdan beri mana, besh oydirki biror kun och qolgan emassiz. Ming shukrlar boʻlsinkim, bu dunyoda savobtalab odamlar ham bisyor. Gohida kun oralatib, gohi ketma-ket har kuni eshigingizdan bosh suqib bir kosa ovqat uzatishadi. Xuddi qishloqdagidek. «Dom»;dagilar ma’raka qilishganida yo bayramlarda ham alohida sizning nasibangiz yetib keladi. Nonga yoki koʻnglingiz tusagan boshqa biror taomga muhtojlik sezganda pulini bersangiz istalgan qoʻshningiz doʻkondan olib kelib beradi. Beminnat xizmatini ayamaydi.

Tez orada koʻpayishib qolgan kitoblar, gazeta va jurnallarni ham oʻshalar olib kelib berishgan. Bular sizning eng yaqin suhbatdoshlaringizdir. Kitoblardan birining orasida siz ehtiyotlab asrayotgan bir surat ham bor. Qizingiz va oʻgʻlingizning birgalikda tushgan surati.

Qaynotangiz xonadonida voyaga yetayotgan bolala¬ringizni oʻsha mash’um kundan beri hali koʻrganingiz yoʻq. Koʻrsatishmagan. Irodaning urugʻlari bunga yoʻl qoʻyishmaydi. Hozirda ular ulgʻayib qolishgan. Endi sizni ular bilan uchrashtirishgan taqdirdayam yuzlariga qanday qarashni, ne deyishni bilolmay mulzam boʻlib turishingizni tasavvur qilib afsuslar chekaman.

Qarindoshlaringiz, doʻstlaringiz, tanish-bilishlaringiz navbat-navbati bilan kelib sizni koʻrib ketishadi. Ayrimlari holingizdan xabar olgani haliyam kelib-ketib turishadi. Yaqinlaringiz oʻtmishingizning yeng qora kuni shohidi boʻlgan boshpanangizni almashtirishni maslahat berishdi. Siz unamadingiz. Sababi, shu kulbangiz hayotingizning sizga qadrli boʻlgan baxtiyor kunlarining ham shohidi edi. Yana bir sababi, siz uyingizni almashtirganingiz bilan hayotingizni yangitdan boshlay olmasligingizni, bunga imkoniyatingiz ham yoʻqligi, oʻtmish xotiralari nafaqat xayolingizni egallab olgani, balki ham suvratingiz, ham siyratingizda-da toʻliq aks etib turganini tushunib yetganingiz edi chamamda.

Oʻtkazgan baxtiyor kunlaringiz ahyon-ahyon tushlaringizga ham kirib tursa ajab emas. Suluvgina turmush oʻrtogʻingiz, shirindan-shirin ikki farzandingiz, jamiyatda oʻzingizga yarasha mavqeingiz, toʻppa-toʻgʻri izdan ketayotgan turmush yoʻlingiz bor edi. Xatarli burilishlarga chalgʻimaslik, oilangizni faqat halol luqma bilan boqish doimiy e’tiqodingiz boʻlgan. Ayolingizga ham qayta-qayta shuni uqtirardingiz. Sabr-bardoshli, irodali boʻlishga undardingiz. Zamon oʻzgargach sizga oʻxshagan koʻpgina oliy ma’lumotlilar oladigan maoshlariga qanoat qilmay ishlarini tashlab ketdilar. Oʻzlarini bozorlarga, tadbirkorlikka urdilar. Siz bu ishni qilmadingiz. Qanoatli boʻldingiz, arqonni uzun tashladingiz, kelajakka umid bogʻladingiz. Biroq...

Mening kimligimni bilolmay hayron boʻlayotgandirsiz. Bunga bosh qotirib oʻtirmang. Men.. Yaratganning sizdan ancha-muncha uzoq bir bandasiman. Siz toʻgʻringizdagi tafsilotlarni esa sizga yaqinroq bir tanishingiz orqali bilaman. Uzr, men uni sizga oshkor qilmayman.

Sizga sabr-toqat tilayman.

Salom bilan..."

Ikkinchi Maktub

"Bekmurod!

Xastalik ofatdir. Buni men ham oʻz boshimdan kechirdim. Odatda bemor bilan muloqot qilinganda unga taskin beriladi, sihat, shifo tilanadi. Albatta, men ham sizga sogʻlik-salomatlikni ravo koʻraman. Koshkiydi, shu koʻrganlaringiz tush boʻlsa-yu, bir tong choʻchib uygʻonsangiz-da...

Maktubimdan koʻnglingizni koʻtaradigan gaplar, jumlalar topolmayotganligingizdan iztirobdaman. Nima qilay, koʻrgulik ekan, xatlarimni joʻnatmasam boʻlmasdi. Bu men uchun ham, siz uchun ham juda muhim deb oʻyladim.

Sizdan yana oʻtmishga, oʻsha mash’um kun xotiralariga qaytishni iltimos qilardim...

Ishxonada sizga sim qoqishdi. Telefon orqali eshitilgan gaplardan hayratga tushdingiz: «Bekmurod, eshityapsizmi? Ayolingizning sizga qanchalik vafodorligini uyingizga opkelingan arzon-garov jihozlardan soʻrang»;. Shu gaplarni aytgan ayol oʻzini tanitmadi. Siz boʻshashib joyingizdan jilolmay qoldingiz. Xonangizda uzoq oʻtirib mulohaza qildingiz: «Jihozlar, deyildimi? Qaysi jihozlar?..»; Biroq birma-bir eslay boshladingiz. Avval divanni, keyinchalik ikkita kresloni sizsiz aynan xotiningizning oʻzi sotib olib kelgan edi. Karnizlar, xontaxta, yozuv stoli va stulni ham Iroda sotib olgan. Sizni hol-joningizga qoʻymay shu jihozlarni olishga koʻndirgan. Maoshdan qisib, qarindoshlardan ozroq qarz koʻtarib niyatiga yetgan. «Doʻkondor yaxshi kishi ekan, narxini arzon tushirib berdi»; derdi har safar. Ha, aytganday, shu jihozlarning barisi bitta doʻkondan olingan edi shekilli...

Ishdan erta qaytdingiz, biroq uyga kelmay shahar koʻchalarida kechgacha sanqib yurdingiz. Yoʻlingizda uchragan mebel doʻkonlariga kirib jihozlarning narx-navosi bilan qiziqdingiz. Narxlar «osmonda»; edi. Xotiningiz xarid qilgan anavi matohlarning bahosi haqiqatan arzon edi. Toʻgʻri, narx-navo tez-tez oʻzgarib turardi, biroq uyingizdagi narsalar olinganiga uncha-muncha vaqt oʻtgan boʻlsa-da, baribir orada bunchalik katta farq boʻlmasligi kerak-ku.

Ehtiroslarni jilovlab aql bilan ish tutish lozimligini bilardingiz. Nohaq tuhmat qurboni boʻlib qolish hech gap emas. Bu dunyoda senga hasad qiladiganlar, tinch turmushingni koʻrolmaydiganlar oz emas. Isbotsiz, dalilsiz bir gapga ishonish qiyin.

Xayolingizga kelgan bir fikrdan biroz dadillash¬dingiz. Borib yaqin tanishingizdan pul qarz oldingiz.

Qorongʻu tushganda uyga kirib keldingiz.
— Kech qaytibsizmi? — deb soʻradi Iroda.
— Ushlanib qoldim, — dedingiz sovuqqina.

Kayfiyatingiz yomonligini, Irodani koʻrarga koʻzingiz chidamayotganini sezdirmaslikka harakat qildingiz. Yuvinib, artingach jimgina ovqatlana boshladingiz. «Nahotki shu gap rost boʻlsa»;, deya yana gumon ichida qoldingiz. Ogʻzingizdagi luqmani zoʻr-bazoʻr yutdingiz. Ishtahangiz boʻgʻildi. Birinchida oʻqiydigan qizingiz hali dars qilib oʻtirar, oʻgʻlingiz uxlab qolgan edi. Dasturxondagi taomni yemay qoʻyganingizni koʻrib xotiningiz hayron boʻldi:
— Ovqatingizni yemaysizmi? — deb soʻradi.
— Qornim toʻq, — dedingiz qisqa qilib, keyin yostiqqa yonboshladingiz.

Kayfiyatingiz yoʻqligini allaqachon sezgan xotiningiz buni charchaganlikka yoʻydi. Ortiqcha gaplar gapirib sizni bezovta qilgisi kelmadi. Siz esa chalqancha yotgancha koʻzlaringizni yumib oʻy oʻylab ketdingiz. Telefon orqali eshitgan gap hamon qulogʻingizdan nari ketmasdi. Keyin koʻzlaringizni xiyol ochib xonadagi jihozlarga nigoh tashladingiz. Manavi odmigina xontaxta, yozuv stoli, karnizlar, narigi xonada turgan divan hamda ikki kreslo sizdan nimalarnidir yashirayotgandek, xotiningizning sizga nisbatan xiyonatidan soʻz ochishga shaylanayotgandek tuyuldi.

Ha, Iroda shu jihozlarning barisini bitta doʻkon¬dan olayotganini aytgan edi. Qaysi doʻkon ekanligi bilan siz qizimabsiz. «Doʻkondor yaxshi kishi ekan»;, desa «yaxshi kishi»;ni negadir yoshi ulugʻ bir odam deb tasavvur qilibsiz. Nahotki Iroda oʻsha doʻkondor bilan don olishib yurgan boʻlsa...

Siz yana koʻzlaringizni yumdingiz.
— Vannaxonada suv yana chiqmay qoldi, — dedi Iroda bir mahal. — Hovlidayam yoʻq. Koʻchaning narigi tomonidan tashiyapmiz.
— Nima boʻpti suvga?
— Bilmasam. Hamma oʻsha yoqqa boryapti. Hali-beri chiqmaydi deyishyapti. Kattaroq ikkita paqir olmasak boʻlmaydi.

Shunda siz tuzgan rejangiz haqida oʻylay boshla¬dingiz. Mana, bahona ham topilib qoldi. Shuni amalga oshirsangiz ba’zi bir narsalar ravshanlasharmidi...
— Mayli, — dedingiz, — pul beray, paqir olaqol, Keyin, haligi, qandil deyotuvdingmi, oʻshaniyam olaqol.
— Nima, oylik oldingizmi?
— Yoʻq, mukofot chiqibdi.
— Qandilni qoʻyaturaylik, undan boshqayam...
— Ol degan payti olavermaysanmi, osmondan tushgandek pul boʻlsa... Qolgani oylikdan.

Xotiningiz gapni koʻpaytirib oʻtirmadi. Odatingizni bilardi. Qandil olish ham bir orzuga aylanib qolishini istamasdi...

Bekmurod! Sudda bergan koʻrsatmalaringiz asosida yozilgan ushbu maktubda zikr etilgan voqealar haqiqatga qanchalik uzoq-yaqinligi albatta oʻzingizgagina ayon, kechinmalaringiz haqidagi ayrim taxminiy muloha¬zalarim ham nisbiydir, ehtimol. Buning uchun uzr.

Sizga sabr-toqat tilab, salom bilan..."

Uchinchi Maktub

"Siz oʻsha kecha uxlayolmadingiz. Xayolingiz ming koʻchalarga kirib chiqdi. Mijja qoqmay tong ottirdingiz. Ertalab turib ishga ketdingiz. Ammo ishga bormay bozor yonidagi gavjum bekatda avtobusdan tushdingiz. Bu sizning kecha tunda oʻylab chiqqan rejangiz ijrosining avvali edi. Aynan shu joydan xotiningizning orqasidan kuzatishni moʻljallagandingiz. Uyingiz yonidan kuzatsa boʻlmasdi, chunki Irodaning bozor qilgani uydan qachon chiqishini bilmasdingiz. Poylab oʻtirganingizni koʻrib qolishsa tanish-bilishlar ajablanishlari, savolga tutishlari mumkin. Bilardingiz, Iroda faqat avtobusga minadi, siz ham aynan shu avtobusga minolmasdingiz, sizni koʻrib qoladi. Hozir tushgan mana bu gavjum bekatda esa sizni hech kim tanimaydi. Iroda ham avtobusda shu yerga keladi. Avvalosi u shu bekatda tushadi, bozor ichidagi yoki atrofidagi mebel doʻkonlaridan biriga boradi. Agar bu yerda tushmasa taksi minib avtobus ortidan kuzatsa boʻladi.

Uyingiz tomondan keladigan avtobuslar, birin-ketin bekatda toʻxtar, yoʻlovchilar tushib chiqishardi. Siz esa yoʻlak yoqasidagi daraxt panasidan turib ularni diqqat bilan sinchiklab kuzatardingiz.

Mana, nihoyat, navbatdagi kelib toʻxtagan avtobus ichida Irodani koʻrdingiz. U ham shu bekatda tushishga taraddudlanib eshik tomon surilib kelardi. Avtobusdan tushdi-da shoh koʻchani kesib oʻtib bozor darvozasi tomon yoʻnaldi. Siz uni koʻzdan qochirib qoʻymaslikka tirishib orqasidan ergashdingiz.

Iroda bozorga kirib aylanib yurdi. Ikkita chelak sotib oldi. Qator rastalar tomonga oʻtib yana mayda-chuyda allanimalar xarid qildi. Soʻngra ortiga qaytib bozordan tashqariga chiqdi va chapga burilgach keng yoʻlak boʻylab tez-tez yurib ketdi. Siz masofa saqlagan holda uning ortidan koʻz uzmay borardingiz. Iroda yoʻl chetida tiqis joylashgan doʻkonlarning birortasiga kirmay bozordan ancha olislab ketdi. Muyulishdan chapga burildi. Siz ham qadamingizni jadallatdingiz. Muyulishga yetib burilib qaraganingizda uzun, kamqatnov yoʻlakda Irodani yoʻqotib qoʻydingiz. Atrofga qarab shundoqqina yoʻl yoqasida mebellar doʻkoni borligini koʻrdingiz. Irodaning shu doʻkonga kirgani aniq. Doʻkonning darrov koʻzga tashlanmaydigan ovloqroq, kamqatnovroq joyda joylashganligi koʻnglingizga yana bir gʻulgʻula soldi.

Nima qilishni bilolmay qoldingiz. Shu doʻkonga siz ilgari kelmagan, kirmagan edingiz. Iroda uydagi «arzon»; jihozlarni aynan shu doʻkondan olganmikan yo boshqasidanmi, hali buni ham bilmasdingiz. Panaroqdan xotiningizning qaytib chiqishini kutib turdingiz. Qaytib chiqsa, u ketgach, doʻkonga kirmoqchi, doʻkondorni tanib olmoqchi edingiz. Shunga qarab ish tutishni moʻljallagandingiz.

Lekin Iroda hadeganda koʻrinavermadi. Doʻkonga keyin kirgan bir-ikki xaridorlar ham qaytib chiqib ketishdi. Shunda siz koʻnglingizga kelgan oʻta shubhali taxmindan birdaniga choʻchib tushdingiz. Tuzib turgan rejalaringiz bir zumda yodingizdan koʻtarildi. Oʻzingizni boshqa idora qilolmay doʻkon eshigi tomon yurdingiz.

Kirib borganingizda ichkarida bir sotuvchidan boʻlak hech kim yoʻq edi.
— Keling, aka, — deya mulozamat qildi sotuvchi.

Siz sotuvga qoʻyilgan jihozlarga birrov koʻz yugurtirib chiqdingiz. Iroda bu yerga kirmabdi, deb oʻyladingiz. Qaytib chiqmoqchi boʻlib burilganingizda eshik oldidagi bir-biriga mingashtirib qoʻyilgan ikkita chelakka koʻzingiz tushdi-yu, toʻxtab qoldingiz. Axir bular Irodaniki-ku.

Shu payt ichkaridagi xonalarning biridan shovqin eshitilgandek boʻldi, soʻng qattiq-qattiq qadam tovushlari eshitildi. Siz qayrilib qarab boshini eggan kuyi kuylagi yoqalarini naridan-beri tuzatgancha ichkari xonadan shitob bilan chiqib kelayotgan Irodani koʻrdingiz.

Iroda qarshisida odam turganini ilgʻab boshini koʻtardi va sizga koʻzi tushdi-yu, turgan joyida tosh qotdi. Keyin qoʻllarini yoqasidan olib kaftlari bilan yuzini bekitdi. Uning ketidan oʻrta boʻyli, qoracha, toʻladan kelgan bir yigit chiqdi.
— Keling, aka, — dedi u sizni tanimay. — Xizmat aka, nima olasiz?

Shunda Iroda jahl bilan kaftlarini yuzidan oldi, sizning yuzingizga tik qaradi-da:
— Bekmurod aka, ketdik bu yerdan! — dedi shiddatli ohangda, u sizni ham kutib oʻtirmasdan chelaklarini qoʻliga ilgancha tashqariga intilganda siz uning qoʻlidan tutib qolib toʻxtatdingiz.
— Kim bu! — deya oʻshqirdingiz xotiningizga doʻkondorni koʻrsatib.
— Yuring, ketdik bu yerdan! — deya yalindi Iroda. —Keyin aytib beraman, oʻzim tushuntiraman.
— Kimsan, yaramas! — deb baqirdingiz doʻkondorga tashlanishdan bazoʻr oʻzingizni tiyib.
— Iye, aka, nega baqirasiz? — dedi doʻkondor bamay¬lixotir. — Biz hech narsa qilmadik, aka. Doʻkonda shovqin koʻtarishga haqqingiz yoʻq.
— Ichkarida bu bilan nima qilayotuvding, iflos! — deb dagʻdagʻa qildingiz.
— Oʻzingizni bosib oling, aka, — hozirjavoblik bilan javob berdi doʻkondor. — Ichkarida mol koʻrsatdik, nima qilardik, aka. Siz qizishmay, oldin bundoq soʻrang-da.
— Bir narsani isbotlayolmay, keyin javob berib yurmang, aka, — aralashdi ikkinchi sotuvchi ham. — Chiqib keting bu yerdan, boʻlmasa milisa chaqiraman.

Boyadan beri yalinib-yolvorayotgan Iroda kuch bilan sudrab sizni tashqariga olib chiqdi.
— Siz oʻzingizni bosib nimalar boʻlayotganini anglab yetishga harakat qilardingiz. Lekin yuragingiz dukillab urar, oyoq-qoʻllaringiz dagʻ-dagʻ qaltirardi. Iroda qoʻlingizdan tutib uyga shoshilar, siz uni siltab tashlab imillab qadam bosardingiz. Ancha joygacha lom-mim demay bordingiz. Bir mahal:
— Kim u? — deb soʻradingiz xotiningizdan.
— Bir sotuvchi, — dedi Iroda, — oʻzi yaxshi tanimayman uni. Siz oʻylagan hech narsa boʻlgani yoʻq. Uyga boraylik, bir boshdan hammasini tushuntirib beraman.
— Hamisha shu doʻkonga qatnaysanmi?
— Bu nima deganingiz? Uyda tushuntirib beraman dedim-ku.

Yoʻl-yoʻlakay xotiningizga nisbatan shakllanayotgan nafratingiz kuchayganidan kuchaya borardi. Sizni ovutish uchun aytayotgan gaplari, qilayotgan sa’y-harakatlari makkorlikdan boshqa narsa emasdi nazaringizda. Siz unga mutlaqo ishonmayotgandingiz. “Shu paytgacha bir benomusni xotin qilib yurgan ekanman-da, — deb oʻyladingiz. — Oʻzim ham gʻirt befahm, ahmoq ekanman. Xotinimning qilib yurgan ishlarini allaqachon sezishim kerak edi. Ehtiyotkorroq boʻlishim zarur ekan. Endi befoyda, endi kech. Men uning javobini beraman. Xotinimning suyuqoyoqligini boshqalar oldindan bilarkan. Keyin mening oʻzimga aytishdi. Menga kuyunadigan odamlar yuzimga aytishdan istihola qilib telefon orqali yetkazishgan ekan-da..."

«Bugunoq uyiga joʻnatib yuboraman, — deb ahdoʻ qildingiz avtobusdan tushib uyga yaqinlashayotgandi. — Bu bilan bir kun ham yashamayman endi. Birovlarga bildirib oʻtirmay sekingina, imi-jimida pattasini qoʻliga beraman. Hech qanday vaj-karsonlari oʻtmaydi»;.

Ikkinchi qavatga koʻtarilib uyga kirib borgan¬laringda qizingiz oʻgʻilchangizni oʻynatib yaxshigina oʻtirishgandi. Xotiningiz ularning qoʻliga bozordan olib kelgan shirinliklarni berdi-da aldab-suldab narigi xonaga oʻtkazib yubordi. Eshikni yopib sizga yuzlandi.
— Qandil olaman deb kiruvdim, — dedi. — Ichka¬rigi xonada yaxshilari bor, oʻzingiz tanlab olaqoling, dedi.
— Keyin-chi?
— Keyin... ichkariga kirsam, qandillar bor ekan. Tanlayotuvdim...
— Nima boʻldi?
— Ikkinchi sotuvchi ham bor edi, bir xaridor ham bor edi... Bunday qiladi deb hech xayolimga kelmovdi.
— Nima boʻldi?
— ...
— Keyin nima boʻldi deyapman?
— Keyin... Menga... kutilmaganda hujum qilmoqchi boʻldi. Lekin men bunga yoʻl qoʻymadim, tashqariga qochib chiqdim. Chiqsam, siz bor ekansiz.

Siz unga kinoyali iljayib, koʻzlariga tik qaragancha indamay turdingiz.
— Ishoning! — deb yalindi Iroda. — Hech narsa boʻlgani yoʻq. Sizni aldamayapman.
— Aldamayapsan-a! Shu gaplarga ishondi deb oʻylayap¬sanmi? Yoqavayron boʻlib chiqqaningni koʻrmadimmi, qanjiq! Betlaring ham chala soʻyilgan sigirning goʻshtiga oʻxshab qip-qizil boʻp turuvdi-ku! Menga toʻgʻrisini ayt, manavi matohlarni ham oʻsha doʻkondan olganmiding?
— Nimani aytyapsiz?
— Divanni aytyapman, kresloni, xontaxtani aytyapman, qanjiq!
— Olganman, — dedi kutilmaganda xotirjam tortib Iroda. — Yana bir narsani aytmadingiz. Stol bilan stulni ham oʻsha doʻkondan olganman. Oʻzingiz foydalanib yuribsiz endi...
— Ming la’nat! Suyuqoyoqlikdan kelgan stolinggayam la’nat!
— Tuhmat qilmang, xoʻjayin, nima olsam roʻzgʻoringizni deb olganman. Oʻzingizga qolsa... oʻsha betayin, pulsiz ishingizdan boshqa narsani bilmaysiz. Odamlar uyim-joyim deb, roʻzgʻorim deb jon kuydiradi. Siz-chi?! Uyga birov kelsa nomusdan oʻlasan kishi. Na sharoitingizda, na yeb-ichishingizda ohor bor. Boshqalarni koʻrmaysizmi?! Boringizni oshirib, yoʻgʻingizni yashirib yurganimga jon demaysizm? Men ham uyda yalpayib oʻtirib olsam qoʻlingizdan nima kelardi? Shu narsalarni siz qilishingiz kerak emasmi? Shu uyingizni deb oʻlib-tirilib yurganimga rahmat demay meni fohishaga chiqargani uyalmadingizmi?! Tuhmat qilmang menga. Oldin isbotlang!..
— Isbot kerakmi? Oʻsha doʻkondan olgan narsalaringni arzonga olgansan. Boshqa doʻkonlarga borib soʻra-chi, narxi qancha ekan. Olgan narsalaringni arzimagan pul berib qolganini badaningdan toʻlagansan, bildingmi. Mana isboti! Oʻzim ham koʻrmadimmi? Koʻrmadimmi?
— Tuhmat qilmang.

Narigi xonaning yarim ochiq eshigidan qizingiz olazarak bosh koʻrsatib turardi. Toʻrt yashar oʻgʻlingizning ham gʻingshib yigʻlayotgan tovushi eshitildi.

Siz ahdingizda qat’iy edingiz. Irodaga javob berganingizni aytdingiz. «Hohlagan narsangni olib hoziroq uydan chiqib ket»;, dedingiz. Iroda oʻziga qoʻyilgan ayb aniq isbotini topmaguncha hech qayoqqa ketmasligini aytganda siz tutaqib ketdingiz. Oʻzingizni idora qilolmay qoldingiz. Xotiningizni urib-sudrab soldingiz. Bolalaringiz uy burchagiga qapishib olgancha chinqirib yigʻlashardi. Shovqindan qoʻshnilaringiz ham bezovta boʻla boshlashdi. Oʻrta yashar bir qoʻshningiz kelib sizlarni tinchlantirmoqchi boʻldi, foydasiz. Koʻp urinib oxiri janjalni bostirdi ham. U Irodani hozircha keta turishga koʻndirdi. Keyin bir gap boʻlar, dedi.

Xotiningiz yum-yum yigʻlagancha boʻgʻcha tugdi. Bolalarni kiyintirdi. Chiqib ketayotib eshik yonida bexosdan toʻxtadi-da, siz tomonga oʻgirildi. Qizarib ketgan alamli koʻzlarini koʻzlaringizga qadadi:
— Noshukur ekansiz, — dedi, — hali jazoingizni olasiz.

Sizga alam qilib ketdi: «Oʻzi nima ish qilib oʻtiribdi-yu, yana menga nimalar deyapti bu kaltafahm tovuqmiya»;. Shundoq ham oʻzingizni bazoʻr bosib koʻpchilikning oldidagi bu sharmandagarchilikdan mulzam boʻlib turgandingiz. Irodaning shu gapidan soʻng yana beixtiyor quyushqondan chiqdingiz. Irodaning yelkasidan tutdingiz-da, zarb bilan tashqariga itarib yubordingiz...

Siz ilgari hech qachon xotiningizga qoʻl koʻtarmagan edingiz. Umuman, ayol kishini umringizda chertmagansiz. Ba’zan oʻylab qolaman. Agar ayolingizni urib turgan boʻlganingizda edi, shu mash’um, koʻngilsiz voqea sodir boʻlmasdi, balki. Aytmoqchimanki, agar ilgari ham bir-ikki urib koʻrganingizda ayol kishining erkak oldida jismonan qanchalik ojiz, himoyasiz ekanligini anglagan boʻlardingiz. Oʻsha chogʻda, ayni janjal bosilgan payti yana bir bor quyushqondan chiqib oʻtirmasdingiz. Balki, bu gaplar endi oʻrinsizdir. Taqdir hukmi, degan narsalar ham bor-ku bu dunyoda.

...Siz Irodaning yelkasidan tutdingiz-da, zarb bilan tashqariga itarib yubordingiz. Ayolingiz ichkaridan otilib chiqib yon devor boʻylab sirgʻalib ketdi. Bu paytda u zinapoyaga yetib qolgan edi. Haligi oʻrta yashar qoʻshningiz «voh»;, deya ushlab qolish uchun Irodaga talpindi, lekin kechikdi. Iroda tizzalari yarim bukilgan holda zinapoya tomonga yuztuban qulab ketdi...

Qoʻni-qoʻshnilar tezda mashina topib hushsiz, yuz-qovoqlari koʻkarib qonga belangan ayolingizni kasalxonaga joʻnatishdi. Birga-birga bordingiz.

Doʻxtirlarning harakatlari esa zoye ketdi. Irodaning miyasiga qon quyilib qattiq jarohat olgan edi. Ikki kungayam yetmadi...

Bekmurod! Hadeb oʻtmishingizni eslatib yarangizni yangilayotganim uchun sizdan uzr soʻrayman. Bu narsa men uchun navbatdagi maktubimning mazmunini sizga yaxshiroq anglatish uchun zarur edi. Aytib qoʻyaqolay, kelasi maktubim endi siz toʻgʻringizda emas, oʻzim haqimda boʻladi.

Sizga sabr-toqat tilab, salom bilan..."

Toʻrtinchi Maktub

"Bekmurod!

Eslasangiz, oʻsha Shodi doʻkondor ham sudda qatnashib guvohlik bergan. U Irodaga oʻynash boʻlganini qat’iy rad etgan edi. Siz uning gapiga ishongansizmi, yoʻqmi, menga qorongʻu. Sizga qanday ta’sir qilishini bilmadim-u, bir haqiqatni aytishimga toʻgʻri keladi: Iroda haqiqatan ham Shodi doʻkondorga jazman boʻlmagan.

Rosti, doʻkondorning baribiram bir oʻynashi bor edi. Biroq, u Iroda emas, asli, menman.

Mana, bir sir ochildi, ushbu maktublarni sizga qandaydir bir ayol kishi yoʻllayotgani ma’lum boʻldi. Yana biroz sabr qilsangiz, ismimni ham bilib olasiz.

Oʻsha paytlarda Shodi ham bir jazmanim boʻlgan. U ishratparastlik uchun vaqtini, pulini ayamaydiganlar xilidan edi. Boshi ochiq qiz-juvonlarga xushomad qilib oʻziga ogʻdirib olishga usta, agar yoqtirib qolsa boshida eri bor ayollarni ham yoʻldan urishdan toymasdi. Men bir necha bor uning pinhona «mehmoni»; boʻlgan, shuning uchun ham ancha yaxshi tanish edim.

Bir gal yoʻlim tushib Shodi ochgan doʻkonga bordim. Suhbatlashib oʻtirganimizda doʻkonga xotiningiz Iroda kirib qoldiyu U boshqa xaridorlar qatori jihozlarni koʻzdan kechirib yurardi. Irodani zimdan kuzatib oʻtirib miyamga yaramas bir fikr keldi. Shodiga xotiningizni koʻrsatib:
— Mana bu juvon qalay ekan, nima deysan? — dedim.

Shodi Irodani koʻz qiri bilan asta kuzatib turdi.

Soʻng:
— Yomon emas, — dedi. — Sen uni taniysanmi?
— Taniyman.
— Gaplashsa boʻladimi?
— Nega boʻlmas ekan. Qalovini topsang qor ham yogʻadi.
— Unda menga shuni gaplashib beraqol.
— Boʻlmaydi. Uni orqavarotdan taniyman, xolos. Oʻzingiz yoʻlini qiling.
— Eri bormi?
— Bor. Eriniyam taniyman. Bir maoshxoʻr. Shunday juvonni iqtisoddan qiynab xor qilib yuribdi.

Shodi xaridorlarga birma-bir mulozamat qilib Irodaga yaqinlashdi.
— Nima olasiz, singlim, tortinmay soʻrayvering, — dedi. — Divanmi, kreslomi, shifonermi, bufetmi, soʻraganga haq olmaymiz. Sifati yaxshi, qarang. Narxi past. Hech qayerdan bunaqa arzonini topolmaysiz. Shahar aylanib, koʻrib yuribsiz-ku.
— Mana bu divan qancha turadi? — deb soʻradi Iroda.
— Komplekt bu, ikkita kreslosiyam bor. Qarang, qanday chiroyli. Narxi oltmish ming. Sizga tushib beraman.
— Divanning oʻzini sotmaysizmi?
— Ha endi, komplektda bu, olavering, qimmat emas-ku.
— Qimmat, — dedi Iroda zardali ohangda.

Shodi yana yonimga keldi. Menga sekingina:
— Buning chaqadi-ku, — dedi.
— Shodi aka! — dedim men. — Divanning oʻzini sotaqoling shunga. Yana, arzonga bering. Shunday qilsangiz keyinchalik kreslolarniyam oʻzi olib ketadi.
— Oʻhoʻ, jonidan, biz buyoqda ubitkaga tushamizmi?
— Ubitkaga tushadigan boʻlsangiz, yetmaganini men toʻlayman.
— Qanday?
— Qanday xohlasangiz shunday.

Shodi basharamga tikilib turib:
— Gapingda turasanmi? — dedi.
— Turaman.

Shodi doʻkondan endi chiqay deb turgan Irodani toʻxtatib boyagi divanning oʻzini kreslolarisiz sotishga rozi ekanligini aytdi. Savdolashib Iroda taklif qilgan narxgayam koʻndi. Aravakash topib kerakli joygayam yetkazib berishni-da boʻyniga oldi. «Xoʻjayiningiz bilan kelishib kreslolarni ham oʻzingiz olaqoling, — dedi Shodi, — sizga ushlab turaman, arzonga beraman»;.

Shodi Irodaning hojatini chiqarguncha qarab turdim. Xotiningiz ketgach, savdolashib sotilgan divanning narxini qaytadan chiqardik. Yonimdan pul olib oradagi farqni toʻlab qoʻyaqoldim.
— Bu senga nimaga kerak? — deb soʻradi Shodi.
— Kerak-da, — dedim men. — Kreslolarni ham soʻrab kelsa, berib yuboring. Farqini yana oʻzim toʻlayman. Siz harakatingizni qilavering-da endi.
— Bu deyman, shu juvonda qasding bor-ov.
— Sizga nima farqi bor?
— Toʻgʻri, — dedi Shodi. — Menga nima farqi bor.

Haqiqatan, oʻylagan niyatim yomon boʻlgan. Men shu rejam orqali Irodani yoʻldan urmoqchi edim. Bu ishim tuzukkina natija berishiga ishonardim.

Kunlarni quvib kunlar oʻtardi, lekin Iroda xayolimdan ketmasdi. Oʻsha kuni, doʻkonda, jihozlarni birma-bir ushlab, silab koʻrayotgani, sotuvchidan narxini soʻrashga botinolmayotgani, xuddi omonatdek, choʻchitsang hozir pirillab uchib ketadigan qushdek oʻzini tutishi koʻz oldimda gavdalanaverdi. Qoʻlidan kelgancha oʻziga oro bergan boʻlsa-da, odmigina kiyim-bosh, harakatlari uning oddiy bir oiladanligini, uyim deb, joyim deb jonini jabborga berib yuradigan jafokash, hayoli ayollar xilidan ekanligini koʻrsatib turardi. Shunday bir juvonga qoʻllayotgan bu hunarim oʻta ayanchli ekanini oʻylab oʻzimdan-oʻzim jirkanib ketdim. Axir axloqsiz bir ayol boshqasiniyam yoʻliga tortaversa, niyatiga yetaversa oqibati nima boʻladi? Tom ma’nodagi ayol degan nomning qadri qayerda qoladi. Men nima qilyapman oʻzi. Bir begunoh jinsdoshimga shunchalik jabr qilish, burgaga achchiq qilib koʻrpani kuydirishga teng emasmikan. Shaxsiy armonlarim, ranju alamlarim tufayli nish urayotgan yovuzlik, shafqatsizlik ildizlarini oʻz vaqtida quritishim zarurligini sezib qoldim. Inson ekanligimni batamom unutib qoʻymasligim, ozgina boʻlsa-da diyonatim borligini, oʻzimning, yaratganning qarshisida isbotlashim uchun anchadan beri xayolimni, vujudimni egallab olgan qasd olish niyatimni yumshatgim keldi.

Vaqt topib Shodining doʻkoniga bordim. Doʻkondor meni koʻrib quvonib ketdi:
— Oʻzi sen kerak eding, kelganing yaxshi boʻldi, — dedi.
— Nima gap?
— Anavi Iroda degani kecha kelib kreslolarni ham sotib olib ketdi. Kelishilgan boʻyicha yana arzonga berib yubordim.

Men noiloj qoldim. Va’damga vafo qilib kreslo¬larning haqiqiy narxi orasidagi farqni toʻlashimga toʻgʻri keldi.
— Endi boshqa narsa olsa farqini toʻlamayman, — dedim. — Mening ortiqcha pulim yoʻq. Iltimos, oʻsha Irodaning boshini aylantirib yurmang endi. Menga shuyogʻiyam yetadi.
— Xoʻp, xoʻp, goʻzalim, — dedi Shodi. — Lekin qarasam baribiram zoʻr narsa ekan.

Oʻsha kuni yelkamdan togʻ qulagandek oʻzimni yengil sezdim. Sarflagan pullarimga ham achinmadim. Hayotim davomida qilayotgan xatolarimdan birini oʻz vaqtida tuzata bilganimdan xursand boʻldim. Shu qilgan toʻgʻri ishim evaziga adovatimni ham unutishga rozi edim.

Biroq hodisalar oqimini, taqdirni hech qachon izmingda tutib turolmaysan. Hayot kitobi turmush yoʻlida senga har doim sen oʻqishni taxmin qilmagan yangi-yangi sahifalarni ocha boradi. Unda oʻqigan satrlaringning ma’nosini hali yaxshi tushunib ulgurmay navbatdagi varaqqa oʻtishga majbursan. Shuning uchun ham biz kundalik xarajatlarimizni, oʻzimiz xohlaganday idora qilishga, tirikchilik shartlarini risoladagidek ado etishga qodir emasmiz...

Bahor kunlarining birida bekatdan turib Irodaning bir aravakash koʻmagida xontaxta, karniz olib oʻtayotganini koʻrib qoldim. Qayerdan olganini bilmadim-u, bu jihozlar Shodining doʻkonida ham borligini esladim. Mulohaza qilib koʻrib meni vahima bosdi. Borayotgan manzilimdan qaytib Shodining doʻkoniga yoʻl oldim.

Shodi doʻkon ichida hisob-kitob daftarini titkilab oʻtirardi. Meni koʻrib:
— Keling endi, goʻzalim, — deb qarshi oldi.

Soʻrashgach, unga yoʻlda Irodani koʻrganimni aytdim.
— Xontaxta oldi bugun, — dedi. — Karniz ham sotdim. Arzonga sotdim, — deya hiringladi Shodi.
— Arzonga deysizmi?
— Qoʻrqma, suluvim, farqini sendan olmayman. Endi bu yogʻini oʻzimiz kelishaveramiz.

Shodining gʻirromliklarini oldindan hisobga olmaganimdan afsus chekdim. Sir boy bermay:
— Qalay, yoʻlga kiryaptimi? — deb soʻradim.
— Ancha-muncha qaysar ekan lekin. Odamni nuqul ubitkaga tushiryapti.
— Undan voz keching degandim-ku.
— Yoqib qolganda, qurgʻur. Endi voz kechib boʻlmaydi.
— Shodi, iltimos, — dedim. — Uni oʻz holiga qoʻying.

Shodi qoʻlidagi daftarni zarda bilan bir tokchaga irgʻitdi.
— Jonim, — dedi menga yuzlanib. — Buyogʻi endi bizning ishimiz. Ubitkani kim toʻlaydi, ubitkani. Sen toʻlamaysan-ku.
— Toʻlayman, — dedim.
— Yoʻq, endi anov jononning toʻlovi kerak, bildingmi..."

Beshinchi Maktub

"Bekmurod! Men oʻshanda nima qilarimni bilolmay qoldim. Shodi tutgan joyini qoʻymaydiganlar toifasidan edi. Irodani isnoddan saqlab qolish chorasini koʻp qidirdim. Oʻzi bilan uchrashib tushuntirsam boʻlmasdi. Oʻzimni oshkor qilishni istamadim...

Sizdan bir oʻtinchim bor, Bekmurod. Marhum xotiningizga malomat toshini otmang. Iroda hech qachon xiyonat yoʻliga kirmagan. U eriga sodiq bir ayol sifatida nimani qilgan boʻlsa sizning oilangiz obodligi uchun qildi. Siz yon-veringizga alanglamay oʻzingiz amal qilgan e’tiqodingizda mahkam turgan holda bir kun kelib kelajakda yetishingiz lozim boʻlgan farovon, toʻkis hayot ilinjida yurgan kezingizda ayolingiz na kechiktirib, na inkor qilib boʻladigan bugungi kun tashvishlari bilan yashadi, zahmat chekdi. Chekiga tushgan mushkul vazifani sidqidildan halol bajardi.

Holbuki, Irodaning kechirgan hayotini men kabi yoʻldan adashganlar orzu qiladi, xolos. Mening Irodada aslo xusumatim yoʻq edi, qasdim... sizdan, faqat sizdan edi.

...Men oʻshanda shunday yoʻlni tanladim-ki, maqsadim, ham Irodani oʻta xavfli yoʻldan qaytarish, ham bir yoʻla... bir yoʻla sizdan qasd olish edi.

Yoʻlini qilib qoʻlga tushirgan telefon raqamini terib ishxonangizga sim qoqdim. Oʻsha siz eshitgan gaplarni men aytgan edim: «Bekmurod! Eshityapsizmi? Ayolingizni sizga qanchalik vafodorligini uyingizga opkelingan arzon-garov jihozlardan soʻrang»;.

Shu gapni eshitib sizning yomon ahvolga tushishingizni istadim. Yuragingizga gʻulgʻula oralab oʻzingizni qoʻyarga joy topolmay qolishingizni xohladim. Butun vujudingizdan dahshatli kechinmalarni oʻtkazishingizni, bir kun, aqalli bir kun boʻlsa ham oʻz yogʻingizda oʻzingiz qovrilishingizni ixtiyor etdim.

Mening oʻylagan oʻyim boʻyicha siz uyga borib Irodani qiynoq-qistovga olishingiz, surishtiri-shingiz, bir kun, bir kungina aziyat chekishingiz lozim edi. Ertasi kuni esa men yana ishxonangizga, sizga sim qoqib, bor gapni tushuntirib, oʻzimni ham tanitmoqchi boʻlgandim. Irodani oqlab bermoqchi edim.

Afsus, ming afsuslar boʻlsinki...

Ertasi kuni ishxonangizga telefon qilsam, ishda yoʻqligingizni, negadir bugun kelmaganingizni aytishdi. Shunda meni vahima bosdi. Miyamga ming oʻylar kelib xavotirim kuchaygandan kuchaydi. Koʻpam oʻylab oʻtirmay uyingizga joʻnadim.

Yoʻlda kallamga yana bir fikr keldi: «Bekmurod Shodining doʻkoniga borarmikan?»; Ortimga qaytib doʻkonga shoshildim. Kirib borsam Shodining oʻzi bor ekan. Meni koʻrib yeb qoʻygudek oʻqrayib qaradi.
— Nima gap? — deb soʻradim oʻzimni xotirjam tutishga urinib.
— Iroda keluvdi, — dedi Shodi pinagini buzmay.
— Iroda?
— Ha, Iroda. Orqasidan erkagini sen yuboruvdingmi? Akasimidi, erimidi u. Yo togʻasimidi?
— Men hech kimni yubormadim.
— Sen yubormagan boʻlsang, tuzuk, — dedi Shodi, endi u yoq-bu yoqqa alanglab. — Iroda keluvdi. Sen aynitib qoʻymay bir haqqimni olay deb aldab ichkarigi xonaga olib kirgan edim. Bir quchoqlashga ulgurdim, xolos. Kiyikdek hurkak ekan zangʻar, sugʻurilib qochdi. Tashqarida bir erkak tanishi bor ekan palakat, sezib qoldi.
— Keyin-chi?
— Keyin-chi emish. Keyin erkagi menga oʻshqirib kapalagimni uchirdi, gʻajib tashlay dedi. Bir amallab chiqarib yubordim. Sherigim melisa chaqiraman deb poʻpisa qiluvdi, shundan pasaydi-yov...

Shodi gapirib turgan chogʻda men tashqariga otildim. Avtobusga oʻtirib toʻppa-toʻgʻri uyingizga joʻnadim. «Nima boʻlsam men boʻlay»;, — deb oʻyladim. — Ertaroq bir falokatning oldini olay".

Zarur bekatga yetgach, avtobusdan tushdim-da yoʻlak boʻylab jadal yurib ketdim. Yaqinlashganimda xonadonin¬giz joylashgan ikki qavatli uy eshigi yonida bir toʻda odamlarni, yengil mashinani koʻrdim. Xavotirlanib qadamimni tezlatdim. Yetib borgunimcha yengil mashina joyidan jilib toʻdadan uzoqlashdi. Hali tarqamay, gap-soʻz qilib turgan kishilarning biridan nima gapligini soʻradim.
— Bir qoʻshni ayol zinadan yiqilibdi, — dedi u.
— Oti nima?
— Iroda..."

Oltinchi Maktub

"Maktabni bitirish davrlaringizni eslaysizmi? Buni unutib boʻlarmidi. Shunga yigirma yildan oshib ketibdi.

Sinfdagi eng magʻrur, eng olifta bola edingiz. Oʻzingiz mutlaqo ajralib turardingiz. Boshqa bollarga oʻxshab chuchmal gaplar gapirish, bachkana qiliqlar qilish sizga begona edi. Bejirim kiyinishingiz, oʻzingizni tutishingiz, gap-soʻzlaringiz, fikrlaringiz sizni tengdoshlar orasida yoshi ulugʻdek koʻrsatardi. Sinfdosh¬laringiz ham oʻzlari sezmagan holda sizga buysunishar, ortingizdan ergashardilar. Toʻgʻrisi, siz ularni unchalik mensimasdingiz ham. Bollar, qizlar buni sezishmasa-da, oʻrganib ketishgan, goʻyo shunday bilishi kerakdek edi. Yolgʻiz Oʻrolga biroz xayrixohlik bildirardingiz chamamda, u bilan yaqin doʻstlik rishtalarini uncha-muncha bogʻlagandek edingiz, birga yurardingiz.

Agar bilsangiz, sinfdagi hamma qizlar bilan sizni yoqtirishsa-da, lekin ajabo, sevib qolishdan qoʻrqishardi. Bunga haqlari yoʻqdek, munosib emasdek bilishardi oʻzlarini.

Bekmurod! Endi aynan kimligimni, ismimni oshkor qilish vaqti keldi deb hisoblayman. Men oʻsha sinfdosh qizlaringizning biriman. Men Noilaman.

Balki unchalik eslayolmassiz ham, chunki men siz bilan ikki yilgina sinfdosh boʻlganman xolos.

Kichik qishlogʻimizdagi sakkiz yillik maktabni bitirib yuqori sinflarda oʻqish uchun sizlarning qishlogʻingizga kelgan edim. Xolamnikida turardim. Attestat olib instituga kirishni orzu qilardim. Oʻqishlarim yaxshi boʻlganligi uchun ota-onam katta oʻqishlarga borishimga qarshi emas edilar. Lekin kelajak rejalarim, umidlarim qanchalik ulkan boʻlmasin, bu yerda sizni uchratgach qalbimga hali notanish, yovvoyi, iliq bir tuygʻuning ham sizib kira boshlaganini his etardim. Sizni yoqtirishadigan boshqa sinfdosh qizlar singari hislarimni jilovlab yurishga qurbim yetmas, rosti, sizni sevib qolishga oʻzimni noloyiq deb hisoblamasdim.

Ataylab orqa partada oʻtirib koʻzlarimni sizdan uzmasdim. Oq yuzingizga, dudoqlaringizga, koʻzlaringizga soatlab qarab oʻtirishga rozi edim. Did bilan taralgan qop-qora sochlaringizni borib silagim kelardi. Siz esa parvo qilmasdingiz. Oʻzgalar allaqachon sezgan narsani siz sezmasdingiz, sezsangiz-da, sezmaganga olardingiz.

Ayni oʻsha chogʻlarda, xolamning uyidagi moʻ’jaz xonamda, yashirib yuradigan xotira daftarimning orasida yaqin oʻrtogʻingiz Oʻrol yozgan xatlar ham yigʻilib borardi.

Oʻrol oʻzining menga boʻlgan muhabbati shunchaki havas emasligi toʻgʻrisida yozardi. Oʻziga rom qilish ishtiyoqida sevgi she’rlari bitardi. Mening unga xayrixohlik bildirishimni soʻrardi, agar uni rad etmasam bir umr meni avaylab-asrashini, e’zozlashini, hurmat qilishini aytardi, va’dalar berardi. Ammo men Oʻrolning dil izhorlariga javob yozmasdim. Xatlarini esa yoshlik yillarimdan bir xotira sifatida saqlab qoʻygim kelardi, xolos.

Men sizga xatlar yozmasdim, sevishimga ishora qilingan biror soʻz aytmasdim. Bularni sizdan kutardim. Intiqib kutardim.

Nihoyat, 10-sinfda oʻqishni tugallab davlat imtihonlarini topshirishga tayyorlana boshladik. Bir kuni tayyorlanish chogʻida sinfda oʻtirib bir sinfdosh dugonamning yangi sotib olgan narsasini qizlar bilan tomosha qildik. Bu ayollar soati edi. Qizil qutichasidan olib birma-bir taqib koʻrdik. Navbat menga kelganda qoʻlimga taqib olib:
— Shuni menga be-er, — deb yalindim egasiga hazil¬lashib. — Shunaqasini juda xohlardim, beraqo-ol.
— Ho-o, — dedi dugonam ham qoʻlimga yopishib. — Kerak boʻlsa oʻzing ol.
— Boʻlmasa qutichasini ola-ay...

Kulishib oʻtirdik. Sinfda oʻgʻil bolalar ham bor edi.

Bu suhbatni yodga solganim, sizga eslatganim ham bejiz emas. Balki shu suhbat sodir boʻlmaganida...

Soʻnggi imtihon kuni siz meni chetga chaqirdingiz-da, qoʻlimga qogʻozga oʻrogʻlik narsa uzatdingiz.
— Bu nima? — deb soʻradim.
— Olaver, sovgʻa.

Sira kutilmagandim. Biroz kalovlanib qoldim.
— Olaver, olaver. Senga. Xatiniyam oʻqi!

Men oldim, siz boshqa hech narsa demay qayrilib ketdingiz.

Oʻzimni qoʻyarga joy topolmay qoldim. Ovloqroq joy qidirib ancha ovora boʻldim. Quvonchim ichimga sigʻmasdi. Hozir portlab ketadigandek edim. Bir sinfga kirib eshikni yopdim-da, uni orqam bilan tutib turgan holda qogʻoz oʻramini sekinlik bilan ochdim. Ichida qizil rangli soat qutisi bor edi. Haligi dugonamnikidan.

Entikib ketdim: «Nahotki, nahotki Bekmurod menga birdaniga soat sovgʻa qilayotgan boʻlsa»;. Qutini ochib qarasam ichidagi soat emas, qatma-qat taxlangan munchoq ekan. Dur munchogʻi. Munchoqni qoʻlimga oldim-da aylantirib tomosha qildim. Uning soat emasligidan zarracha ham xafa boʻlganim yoʻq. Bu nima ekanligidan qat’iy nazar Bekmurodning Noilaga qilgan sovgʻasi edi. Keyin xatni qidirdim. Bir enlik xat qutichaning tubida ekan. Ochib oʻqidim: «Noila! Kechga tomon, buzoq izlab toshqoʻraga kel. Senga zarur gaplarim bor»;.

Oʻsha kuni uyga qaytgach, munchoqni boʻynimga taqib oʻzimni shifoner oynasiga soldim. Aksimga boqib dunyodagi eng chiroyli, eng baxtli qiz oʻzim ekanligimdan gʻururlanib ketdim.

Endi kech boʻlishini kutardim. Bekmurodning «zarur»; gaplarini tinglash uchun, oʻzimning ham dil-izhorla¬rimni aytish uchun jon-jon deb toshqoʻraga boraman.

Xolamlarning uylari qishloqning chetrogʻida, kunbotish tomonda joylashgan boʻlib, yaylov boshidagi koʻhna, tashlandiq toshqoʻra u yerga yaqin edi. Ertalab podachi mollarni yaylov ichkarisiga haydab ketgach orqasidan buzoqlarni boʻshatardik. Poda qaytishdan oldin har kuni buzoq izlagani chiqardik. Koʻpincha ularni eski toshqoʻra atrofida topib haydab kelardik.

Oʻsha kuni kechga tomon har kungidek xolamning qizchasini ergashtirib olmay «buzoq izlagani»; yolgʻiz chiqdim. Toʻgʻri toshqoʻra tomonga bordim. Yon-atrofda oʻtlab yurgan buzoqlar ichida xolamniki yoʻq ekan. Bu menga ayni muddao edi. Buzoq u yerda yoʻq ekan, deb qoʻyaqolaman. Boshqalar kelsa bizni koʻrib qolmasin deb oʻtlab yurgan buzoqlarni haydab bir joyga toʻpladim-da, chu-chulab qishloq tomonga quvdim.

Alanglab qidirdim, koʻhna toshqoʻraning yon-berida siz koʻrinmadingiz. Shunda tomi yoʻq choʻpon chaylasi tomondan zaif hushtak ovozi keldi. Kelmaganmi, deb oʻylovdim, sasingizni eshitib koʻnglim xotirjam tortdi. Koʻz yugurtirib atrofda hech kim yoʻqligiga ishonch hosil qilgach chayla tomonga yurdim. Yaqinlashib eshik oʻrnidan ichkariga qaradim. Koʻrinmadingiz. Koʻnglimga bir xavotir oraladi, lekin yana tinchlandim.

Sizni hazillashyapti, ichkarida yashirinib turibdi, deb oʻyladim.
— Bekmurod, ichkaridamisiz? Bekmurod! — deb chaqirdim.
— Shu yerdaman-ku, — degan past, boʻgʻiq tovush eshitildi.

Bu sizning tovushingiz ekanligiga ishondim. Yurak hovuchlagancha sekin yurib ichkariga qadam qoʻydim-u, devor panasida... devor panasida Murtozni koʻrdim. Bu oʻsha, bir amallab harbiyni bitirib kelib ishyoqmaslikni kasb qilib olgan bozorchi, ota-onasini shoʻrlatib bir hafta qishloqda, bir hafta shaharda izgʻib yuradigan daydi, toʻylarda mast boʻlib janjal chiqara¬digan betayin, oʻgʻirlik, gʻarlik qilib qishloqdagi¬larning joniga tekkan xudobezor Murtoz edi.

Men uni koʻrdim-u, qoʻrquvdan tosh qotib qoldim. U shartta qoʻlimdan tutib meni oʻziga tortdi.
— Qoʻyib yuboring! — deb baqirib yubordim.
— Qoʻrqma, senda gapim bor, menga quloq sol.
— Qoʻyib yuboring, hozir yana baqiraman.
— Baqirma, birov eshitsa oʻzing sharmanda boʻlasan. Men seni yaxshi koʻraman. Seni olaman.

Men jonimning boricha qichqirmoqchi boʻlib ogʻiz juftlaganimda u meni shartta quchoqlab ogʻzimni bekitdi. Qoʻynidan harchand qutulishga chiranmay unga bas kelolmay qoldim. U qobondek kuchli va shafqatsiz edi...

...Toshqoʻra atrofidan podachining hayqiriqlari, qoramolning tuyoq tovushlari kelib turardi. Quyosh botib shom yaqinlashayotgan edi.
— Poda oʻtib ketsin, keyin uyga ketasan, — dedi Murtoz.
— Iflos, sen endi qamalasan.
— Unday dema, Xudoy saqlasin, men senga uylanaman.
— Ikki dunyodayam senga tegmayman.

Poda qishloqqa yoyilib shom tushib qolganida uyga kirib bordim. Xolam sigir sogʻayotgan ekan. Meni koʻrib:
— Qayoqda eding, Noila, buzoq oʻzi keldi-ku, — dedi.
— Uni izlab yuruvdim.

Yigʻlamsirab gapirganim, ovozimdagi oʻzgarishni sezib xolam hayron boʻldi. Sigir sogʻishdan toʻxtab, turib yonimga keldi:
— Nima boʻldi senga, — dedi aft-angorimga, ust-boshimga qarab. — Yiqildingmi?

Men hoʻngrab yigʻlab yubordim:
— Ha, yiqildim, — dedim-u, xolamni quchoqlab oldim.
— Qayerda yiqilding, Noila?

Men ich-ichimdan boʻzlab yigʻlagancha:
— Yiqildim, xolajon, yiqildim, — derdim. — Men yiqilib tushdim, xolajon. Yomon yiqildim".

Yettinchi Maktub

Bekmurod! Oʻshanda xolam mening nomusim toptalganini bilib ich-ichidan kuyib ketdi.Meni uyiga olib kelganidan ming pushaymon yedi. Biroq sharmandagarchilikdan qutulish uchun buni yashirishdan oʻzga ilojimiz yoʻq edi. Xolam qancha zoʻrlagani bilan Murtozni aytmadim. Mabodo, unga tegishimga toʻgʻri kelib qolsa, buni sirayam xohlamasdim.

Kechalari oʻylab mijja qoqmay chiqardim. Nahotki Bekmurod meni aldab Murtozga toʻgʻrilagan boʻlsa. Yoʻq, boʻlishi mumkin emas. U shunchalik past ketadigan yigitlardan emas. Uning ishi chiqib borolmay qolgan boʻlsa kerak. Murtozning u yerda paydo boʻlib qolishi tasodifiy. Orqamdan tushib poylab borgan, chunki tez-tez u yerdan buzoq haydab kelishimni bilgan boʻlishi mumkin. Taxminim toʻgʻri chiqishi uchun siz borolma¬ganingiz sababini aytishingiz lozim edi. Lekin negadir bunday boʻlmadi. Siz dom-daraksiz ketdingiz.

Qanchalar tushkun kayfiyatda boʻlmayin, oʻsha yili xolam meni avvaldan oʻzim xohlagan tibbiyot institutiga hujjat topshirishga koʻndirdi.

Bilasizmi, mening izimdan borib Oʻrol ham oʻsha institutga hujjat topshirdi. Oʻrol oʻtdi, men yiqildim.

Hayot davom etar ekan, ne boʻlgandayam inson toʻxtab qolmay yashash uchun kurashaveradi. Toptalgan umidlari oʻrnini yangilari egallaydi. Yurakdagi dogʻlarni gʻubor qoplaydi.

Endi men ham qishloqqa qaytib gʻamlarga koʻmilib oʻtirmoqchi emasdim. Shaharda tibbiyot texnikumiga oʻqishga kirdim. Hayotimni yaxshilashim, izga solib ketishim uchun sa’y-harakatlar qilishim darkor edi.

Oradan bir yilcha vaqt oʻtib meni izlab Murtoz texnikumga bordi. Na oʻqishda, na yotoqxonada hol-jonimga qoʻymay orqamdan ergashib yurdi. Gaplashsam, maqsadi menga uylanish emish. Agar oʻzim rozi boʻlmasam qishloqqa borib jar solarmish. Haqiqatni, mening uniki ekanligimni aytarmish.

Murtozdan hamma narsani kutsa boʻlardi. Jinnilik qilib qishloqqa laqillab qolsa sha’nim bulgʻanishini, xolamning, ota-onamning ham holi ne kechishlarini oʻylab meni vahima bosdi. Bu tentak bilan murosa qilishim kerak edi.
— Siz meni unuting, — dedim unga. — Holingizga qarab ish tuting. Siz uy qilib bola boqolmaysiz.
— Nega endi boqolmas ekanman, boshqalardan kam joyim bormi?
— Betayinsiz. Shu paytgacha bir ishning boshini tutmagansiz. Uylansangiz, meni ham xor qilasiz.
— Yoʻgʻ-e, Xudoy saqlasin. Hali ishga oʻtib bir odam boʻlay... Mashina ham olaman. Mana koʻrasan. Senga aytmadimmi, qurilishga ishga oʻtyapman-ku. Uy olishgayam yozilaman.
— Ishga oʻtib odam boʻlsangiz keyin bir narsa deyman, — dedim men. — Ungacha xayr!

Shundan keyin Murtoz koʻrinmay qoldi. Oradan biror hafta oʻtib yana paydo boʻldi.
— Odam boʻldim, — dedi u. — Qurilishda ishlayapman. Bugun, erta dam olish. Shunga keldim, avans ham oldim. Mana, — u doʻppayib turgan kistasini koʻrsatdi. — Yur, seni aylantirib kelaman.
— Aylanishga hali erta, — dedim men. — Pullaringizni behudaga sovurmay, yigʻing, uy oling, keyin toʻy qilib...
— Hammasi boʻladi, — dedi Murtoz. — Yoʻq dema endi, darrov oʻzim olib kelib qoʻyaman.

Yalintiraverishdan xijolat boʻlib, koʻndim.

U shahar aylantirdi. Kinoga olib tushdi. Ovqatlandik. Keyin u meni yotoqxonaga olib kelib qoʻydi.

Murtoz men oʻylagandan boshqacha ekan. Yuzi xoʻm¬raygan, kallasi katta, sersoch, gavdali, koʻrinishidan hurpaygan boʻrini eslatadigan koʻrimsiz bir yigit boʻlsa-da, aslida xushchaqchaq, tavakkalchi, toʻpori, sodda edi.

Biz endi har hafta dam olish kunlari aylanishga chiqadigan boʻldik. Murtoz koʻnglimga qarab aytganimni qilar, kulgili qiliqlari, gaplari bilan dimogʻimni chogʻlardi. Bir yakshanba kuni biz yana aylanishga chiqdik. Murtoz menga domdan bir boʻsh uy topganligini, uni sotib olmoqchi ekanligini aytdi.
— Xohlasang hozir olib borib senga koʻrsataman, — dedi.
— Necha xonali?
— Bir xona, lekin toza, zoʻr uy. Hamma sharoiti bor. Arzonga gaplashyapman.
— Men bormayman, — dedim. — Oʻzingizga yoqsa olavering-da.
— Endi, sen ham koʻrgin, iltimos.

Men noiloj rozi boʻldim. Oʻsha uyga borib uchinchi qavatga koʻtarildik. Men uy eshigi yonida kutib turdim, u toʻrtinchi qavatga koʻtarilib uy egasidan kalitni olib keldi. Men hayron boʻlib:
— Egasi oʻzi koʻrsatmaydimi? — dedim.
— E-e, u bizning akaxonda boʻladi-ku. Qurilishda birga ishlaymiz.

Uy eshigini ochib ichkariga kirdik. Xona rostdan ham yaxshi edi.
— Shu uyni olaman, — dedi Murtoz. — Keyinchalik koʻp xonalisiga almashtirib olaveramiz.
— Yaxshi, ketdikmi endi?
— Ketamiz, kel ozroq oʻtiraylik. Gaplashaylik munday. Meni planlarim katta. Sen menga tegsang boʻldi, faqat. Keyin borib-borib koʻp xonali uyni ham sotib kottej-hovli olamiz. Hali mixday yashab ketamiz...

Biz xonadan juda kech chiqdik.

Endi biz Murtoz sotib olayotgan uyda tez-tez uchrashib turadigan boʻldik. Unga turmushga chiqishga rozilik berdim.

Oʻsha uchrashuvlarning birida Murtoz menga bir sirni ochdi..."

Sakkizinchi Maktub

"Bekmurod! Oʻsha uchrashuvlarning birida Murtoz menga bir sirni ochdi.

Maktabni tugallash arafasida sinfda oʻtirib bir sinfdosh dugonamning qizil qutichadagi soatini taqib koʻrganimizni sizga eslatgan edim. Buni oʻgʻil bolalar, shaxsan siz ham koʻrgan edingiz. Mahalladoshingiz Murtoz oʻsha kezlarda siz bilan tez-tez hangoma qilib turardi. Bir kuni u sizga dardini ochishga jazm qiladi:
— Noila degan sinfdoshing bor-a?
— Bor, nima edi?
— Toza zoʻr qiz-da lekin, toʻgʻrimi?
— Bilmasam.
— Seni yaxshi koʻrar ekan, eshitdim. Sen ham yaxshi koʻrasanmi?
— E, qoʻysangiz-chi. Men yaxshi koʻrmayman.
— Toʻgʻri qilasan. Momo qilarmiding uni. Noilani menga ber, men yaxshi koʻraman lekin.

Siz kulib qoʻydingiz. Keyin:
— Mayli, olavering, — dedingiz.
— Lekin, joʻra, bitta muammo bor, u bilan uchrashay desam uchrashmaydi-da.
— Nega endi?
— Nega desang, men senga oʻxshagan kelishgan emasman-da.
— Kim aytdi buni, sizday chiroyli yigit bormi.
— Toʻgʻri aytasanku-ya, buni oʻzim ham bilaman, biroq qizlar bilmaydi-da.
— Unda nima qilish kerak? — deb soʻradingiz.
— Menga bir yordaming kerak-da. Meni Noila bilan uchrashtirsang, — dedi Murtoz.
— Qanday qilib?
— Sen Noilaga bir joyga uchrashishni taklif qilsang boʻldi, keyin oʻsha joyga men boraman.
— E, yoʻgʻ-e, — dedingiz siz. — Men bunday qilolmayman. Oʻzingiz yoʻlini qilib uchrashavering.
— Bir iltimos qiluvdik-da endi, uka. Odamning odamga ishi tushmaydimi. Mana, maktabni bitiryapsan, oʻqishga joʻnayapsan. Erta-indin shaharga borasan. Qishloq bolasiga shaharda joylashish qiyin. Shaharni mana biz yaxshi bilamiz, uka. Oʻsha yoqlarda bizning ham yordamimiz tegib qolar. Kvartira, yotoqjoy deganday, yurish-turish deganday... Qari bilganni pari bilmas...

Siz bu gaplardan oʻylanib qoldingiz. Balki Murtozdan biroz choʻchigandirsiz ham, chunki u shaharda sizga yaxshilik qilishdan tashqari, asabiga tegsangiz, yomonlik ham sogʻinishi mumkin.
— Unda... — dedingiz tutilib, — oʻsha Noilaga avval sovgʻa berish kerak, oʻshanda yaxshi chiqadi.
— Oʻ-oʻ, barakalla, qanday sovgʻa beray, sen bilasanmi?
— Maslahatim, u hozir chiqqan ayollar soatini yaxshi koʻradi. Oʻshandan sovgʻa qiling.
— Soat deysanmi? Soat qimmat-ku.
— Unda boshqa narsa sovgʻa qiling.
— Mayli, lekin oʻshani sen oʻzingning nomingdan berasan, maylimi?

Sizning ensangiz qotib oʻylanib qoldingiz-da:
— Mayli, — dedingiz.

Kechasi, allamahal uyingizga birov chaqirib keldi. Uydagilar sizni Murtoz chaqirayotganini aytishdi.

Murtoz sizni yorugʻ joyga olib bir munchoq koʻrsatdi:
— Pul kam edi joʻra, — dedi. — Shuni topdim.
— Yaxshi, oʻzingiz bering-da, endi.
— Yoʻgʻ-e, kelishdik-ku, sen berasan. Oʻsha sen aytgan yangi chiqqan soatniyam topdim. Lekin qutisi menga tegdi. Munchoqni shuning ichiga solamiz. Shuni ertagayoq Noilaga olib borib ber. Oʻzingning nomingdan ber. Boʻlmasa olmaydi. Keyin, toshqoʻra bor-ku, oʻsha joyga kechqurunga taklif qil. Boʻldimi?
— Nega endi toshqoʻraga
— Ovloqroq-da, joʻra.
— Nima qilasiz u yerda?
— E-e, hech narsa qilmayman, qoʻrqma, gaplasha¬man, boʻldi. Oqshomga chaqirmayapman-ku.

Siz yana oʻylanib qoldingiz. Murtozni shuncha ovora qilib endi rad etishga rosmana choʻchiy boshladingiz. Soʻngra rozi boʻldingiz...

Murtoz shu sirni ochganda sizga nisbatan menda nafrat hissi paydo boʻlgan boʻlsa-da, keyinchalik sizdan qasd olishni koʻnglimga tugmagandim. Sababi, men endi taqdirga tan berib shu Murtoz bilan hayotimni bogʻlamoqchi edim. Unga turmushga chiqsam isnoddan qutulaman, yaqinlarimning yuzini yerga qaratmayman, deb oʻylardim. Dunyoda hamma ayollar qiynalib-qiynalib uy qiladi. Men ham Murtozdan bir yoʻlini topolmay yurgan yigitni yoʻlga solsam, unga juft boʻlib koʻp qatori oila qursam, zuryod orttirsam armonlarim arib murodimga yetishimga ishonardim...

Bekmurod! Mening oddiygina turmush qurishga intilgan bir ayol sifatidagi soʻnggi umidlarim ham chippakka chiqib tezda barham topdi. Murtozning qurilishda ishlayotgani-yu, pul toʻplayotgani, odam boʻlish uchun qilgan sa’y-harakatlari-yu, bergan va’dalari bir choʻpchak boʻlib chiqdi. Sotib olmoqchi boʻlayotgan uyi suyuqoyoqlarni «mehmon»; qiladigan ishratxonagina ekan, xolos. Bir gal Murtoz oʻsha uyda oldimga begona erkakni tashlab ketdi-yu, keyin boshqa koʻzimga koʻrinmadi.

Meni beshafqat, makkor taqdir asta-sekin sogʻlom turmush tarzi bilan yonma-yon mavjud boʻlgan iflos kechirmishlar ummoniga gʻarq eta boshladi. Shahvatparast erkaklardan, buzuqi ayollardan tanishlar orttirdim. Ularning beandisha, besharm dunyosiga kirib bordim. Oʻqishdan haydalib, u yer-bu yerda kun kechirib yuradigan boʻldim. Togʻu-toshda bir umr choʻponlik qilib oʻtayotgan avom otam, qishloqdan chiqmagan onam meni nazorat qilolmasdilar. Ular men haqimdagi mish-mishlarni allaqachon eshitishib, noiloj toʻngʻich qizlaridan koʻngil uzib, endi singillarimga umid bogʻlab oʻtirishganini sezardim. Qishloqdoshlarimdan bir nechtasi ota-onamning iltimosi bilan shaharda meni topishdiyam, ammo ularga boʻyin egmadim, nasihatlariga quloq tutmadim.

Men shaharda fohishalar dunyosining tartib-qoidalariga boʻysunib yashar, qoʻshmachilar nazorati ostida «faoliyat»; yuritardim. Maxsus turar-joylarimiz, hatto maoshimiz ham bor edi. Yuragimning tubida bu jirkanch, behalovat hayotga nisbatan kuchli nafratimni asrab yurgan boʻlsam-da, undan voz kechishga chorasiz edim. Mening ham bir oila bekasi boʻlib umr kechirish haqidagi orzularim armonga aylanib boʻlganligidan azoblanardim.

Oylar, yillar, xullas, shoshma-shoshar vaqt har jabhada, xususan, fohishalar hayotida ham ma’lum xulosalar yasaydi, hukmlar chiqaradi. Yoshim oʻttizdan oʻtib endi «buyurtmalar»; kam tushadigan boʻlib borayotgan kezlarda kun koʻrishim uchun qoʻshmachilikni ham kasb tuta boshladim. Bu yoʻlda menga bir keksa qoʻshmachi ayol homiylik qilardi. U meni yoshlikda vafot etib ketgan qiziga oʻxshatgani, uni eslatishim tufayli yaxshi koʻrar, yordamini ayamasdi. Shahar chekkarogʻidagi eski uyini ham vaqtincha menga berib qoʻygandi.

Bir kuni... bir kuni bozorda sizni koʻrib qoldim. Xotiningiz va bolalaringiz ham bor edi. Narsalar xarid qilib yurardingiz. Sotuvchilarga luqma otib hazillashar, gʻoyat xushchaqchaq edingiz. Yurgan yoʻlingizda ochiq yuz bilan koʻkrak kerib borardingiz. Ilgarigidek magʻrur, olifta edingiz. Toza ishda ishlashingiz, oilangiz borligidan mamnunligingiz, hayotda xotirjamligingiz shundoqqina sezilib, koʻrinib turardi.

Shunda mening qalbimda sizga boʻlgan nafratim yana qayta alangaladi. Hasadim qulf urdi. Oʻzimning shu kunlarga tushishimning, ikki dunyom xor boʻlishi¬ning asl sababchisini sizda koʻrdim. Ehtiroslarim meni oʻrab yuragimda sizdan qachondir qasd olish niyati tugʻildi. Koʻp mulohaza qilib oʻtirmay bozordagi tanishlarimdan biridan sizning manzilingizni bilib berishini soʻradim. U iltimosimni rad etmay ketingizdan odam qoʻydi...

Bekmurod! Men tanishlarim orqali bir hafta ichida manzilingizdan tashqari oilangiz a’zolari, turmushingiz, oʻzingizning oʻtmishingiz, hozirgi ish joyingiz va koʻpgina boshqa narsalar toʻgʻrisida bilib oldim. Hatto telefon raqamlaringizga ham ega boʻldim. Endi nima qilishim mumkinligi haqida bosh qotirib yurgan chogʻlarda Shodining doʻkonida xotiningiz Irodani uchratdim...

Qolgan gaplar oʻzingizga ayon. Koʻp vaqt oʻtmay Iroda¬ning uvoli ikkalamizniyam tutdi deyishga asoslar yetarli. Avvaliga men bedavo kasallikka giriftor boʻldim. Keyinchalik siz ham qamoqhonadan nogiron boʻlib qayt¬dingiz.

Shunga imon keltirdimki, hayotimizda qilgan xatolarimiz bir umr bizni ta’qibda ushlaydi. Kun kelib xun talab qiladi. Muqarrar jazoga tortadi. Yana oldinda qiyomatdagi jazosi-da kutib turibdi.

Men ham eski hovlida bir oʻzim yashayman. Dardim siznikidan-da ogʻirroq. Haligi keksa ayol holimdan xabar olib turadi, yo odam joʻnatadi. U boʻlmasa nima qilardim. Bilasizmi, yaqinda oldimga Oʻrol keldi. Qanday topsa topibdi. Uzoq vaqt suhbatlashdik. U ketgach yum-yum yigʻlab oldim.

Bekmurod! Soʻngi xat orqali uchrashguncha xayr! Sizga sabr-toqat tilayman. Salom bilan, Noila!..”

Quticha Va Soʻnggi Maktub

«Bekmurod! Men Sizga oʻzimning manzilimni ma’lum qilolmayman. Bilaman, buning sizga keragiyam yoʻq. Shunday boʻlsa-da aytib qoʻyaqolay: men shu shahardayam, boshqasidayam yoʻqman. Umuman, siz birinchi maktubimni olgan paytingizdayoq men bu olamda yoʻq edim. Omonat dunyosini topshirish arafasida negadir haligacha asrab yurganim — quticha ichidagi mana bu munchoqni nima qilishimni bilmay qoldim. Buni oʻzim bilan olib ketolmayman-ku, axir. Shuning uchun munchoqli qutichani Sizga yuborib qoʻyaqoldim. Har qalay, uning yagona vorisi Siz boʻlsangiz kerak, deb oʻyladim...»;