OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIsajon Sulton
Asar nomiBoʻgi Eram (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Isajon Sulton
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm39KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Boʻgi Eram (hikoya)
Isajon Sulton

Birinchi hikoya: «QISMAT DARAXTI»

Uyimizning orqa tomonidagi bedazorda issiqda oʻt-oʻlanlar orasiga tushib qolgan asalarilar boʻgʻiq gʻoʻngʻillar edi. Bedazorning nihoyasidan zilol suvli ariq oqib oʻtgan edi. Oʻrtogʻim ikkalamiz onam yopgan nonlardan birini olib qochib, ariqqa oqizayotgan edik. Shundoqqina yonimizdagi tomorqa devori bir mahallar agʻanab tushgan edi, hosil boigan kattakon darvozadan tuprogʻi oʻynab ketgan koʻchamiz koʻrinib turar, koʻcha chetidan oq yaktakli, oppoq soqolli bir chol hassasiga tayana-tayana shu yoqqa qarab imillab qadam tashlab kelayotgandi.

Adashmasam, oʻshanda men sakkizmi-toʻqqizmi yashar edim. Yoki yetti yasharmikinman... xullas, esimda yoʻq. Ammo cholning kimligi aniq esimda - koʻchaning boshida, loysuvoq uyining oldida doim quyoshda isinib oʻtiradigan Xolmuhammad buva edi u. Bizlar oʻyinga ovora boʻlib, uning yaqinlashganini sezmabmiz ham. Choi yonimizga kelib oʻyinimizga picha termulib turdi. Saldan keyin esa uning koʻzlarining yoshlanganligini koʻrdik.
— Nimaga yigʻlayapsiz, buva? — deb soʻradim men.

Chol, soqoli titrab:
— Bir mahallar men ham onam yopgan nonni shunaqa oqizib yer edim, oʻshani eslab yigʻlayapman, bolam. Evoh, oʻzim ham shu ariqdagi nonday oqdim-ketdim... - dedi. Non yegisi kelyapti, deb oʻyladimmi, har holda, oʻzimning suvga boʻkkan nonimni olib, unga uzatganim esimda. Choi boʻlsa nonni oldi-yu, hech uyalib-netmasdan hoʻngrab yigʻlab yubordi.

Bizlar angrayib qoldik.

Choi qoʻlida birburda non, koʻzida yosh, yana imillab yoʻlida davom etdi.

Uning ortidan qarayman deb ariqdan hatladimu, chol ham esimdan chiqib, koʻzlarim baqraygancha qotib qoldim. Nimani koʻrding deng? Qopqalari tilladan, tutqichlari billurdan boʻlgan bir bogʻning qarshisida koʻrdim oʻzimni! Qopqa yonida billur halqani tutib turgan men qatori bir bolakay menga qarab kular va ichkariga imlar edi.

Oldinga ikki qadam bosib, boqqa moʻraladim. U yerda nimalarni koʻrganimni aytolmayman, aytganim bilan qanaqadir zaminiy narsalarga oʻxshab qolaveradi. U yerdagi daraxtlar, bizning koʻrganimiz odatdagi daraxtlarga oʻxshab ketgani bilan, mutlaqo boshqacha edi. U yerdagi qushlar, suvlar... Bu bogʻ samoviy edi! gʻoyatda goʻzal edi! Bu goʻzallikka mos ta’rif topolmay oʻrtanaman.

Bogʻ meni oʻziga shu qadar maftun etdiki, oldinga beixtiyor yana bir qadam qoʻydim. Tagʻin bir qadam qoʻysam, bogʻ ichkarisidaman. Hilpirab uchayotgan oltin ninachilarni tutib olishim, huv anavi zar qanotli Semurgʻ bilan suhbatlashishim hech gap emas...

Qopqaning shundoq yonginasida judayam ulkan bir yashil daraxt bor ekan. Shoxlari bulutlar orasida koʻzga koʻrinmay ketgan. Har zamon-har zamonda uning shoxlaridan yaproqlar uzilib tushayotir. Mana, shundoqqina oyogʻim ostiga sargʻaygan birbarg kelib qoʻndi. Men egilib qarab, bargda yozuv borligini koʻrdim. Sargʻish tomirchalari boʻrtib turgan yaproq sirtiga «Xolmuhammad Ziyo oʻgʻli» deb bitilgan edi.
— lya? - dedim men hayron boʻlib. Darbon bolakay kulib bosh chayqadi. Undan bir nimani soʻramoqchi boʻlib turganimda ortimdan, negadir uzoq-uzoqlardan onamning meni chaqirgan tashvishli ovozi eshitildi-yu, xuddi uyqudan uygʻongandek boʻldim. Koʻzimni ochsam, rangi oppoq oqarib ketgan onamning tizzasidaman. Tepamda oʻrtogʻim ham hiqillab turipti. Onam yigʻlagancha meni bagʻriga bosdi:
— Vqy bolajonim, nima boʻldi senga? Qoʻrqitib yubording-ku, jonim bolam?!
— Koʻrdingizmi, siz ham koʻrdingizmi? - dedim hayajon-da, tilim zoʻrgʻa aylanib. - Bogʻni koʻrdinglarmi?
— Qanaqa bogʻ? - dedi onam rangi yana oʻzgarib. - Qanaqa bogʻ, oʻgʻlim?

Koʻrganlarimning barini onamga aytib berdim. Onam hech nima demadi, lekin oʻsha kuni kechga yaqin oppoq soqolli bir qariya uyimizga kelib, menga dam soldi.

Men hayron edim - oʻsha ajoyib bogʻ va bahaybat daraxt haqida gapirishim bilan nainki ota-onam, balki boshqa katta yoshli kishilar ham qoʻrqishar, yoqalariga tuflab tavba qilishar, ba’zilari yigʻlar edilar. Onam-ku, juda ham qoʻrqoq boʻlib qoldi: hadeb «Seni oʻsha boqqa hech kim chaqirmadimi? Koʻrganingda bogʻning ichkarisiga kirdingmi-yoʻqmi?» - deb soʻragani soʻragan edi.

Keyin bilishimcha, oʻshanda men ariqdan hatlabmanu, turgan joyimda angrayib qotib qolibman. Oʻrtogʻim kelib turtkilasa ham, chaqirsa ham qimir etmasmishman. Shunda u jonholatda yugurib onamni chaqirib kelipti. Shundayam holatim oʻzgarmay, oʻsha joyimda turganmishman... Onamning ortidan dadam ham yetib kelipti, ular meni koʻtarishib ayvonga oborib yotqizishipti. Anchadan keyin oʻzimga kelibman...

Ota-onamning vahimaga tushganining yana bir boisini ham keyin angladim: oʻsha kuni, bizlar bedazor adogʻida koʻrganimiz Xolmuhammad buva vafot etgan ekan...

* * *

Yillar oʻtdi, ulgʻaydim. Xudo nasib etib, oʻgʻilli boʻldim. Oʻgʻlimning chuldirashlarini, alpang-talpang yurishlarini koʻrib, oʻzimni yettinchi osmonda yurganday sezaman. Goʻyo olamda mendan boshqa baxtiyor ota yoʻqday. Onam-ku, bolamni mendan battar avaylaydi. Bir nimalar deb qaldirgʻochday chugʻillaganida, yashnab ketadi.

Uyimiz ortidagi bedazor haliyam bor. Ammo u kichkinagina boʻlib qolgan. Bedazor nihoyasidagi ariq esa koʻmilayozgan.

Bahor kelib, giloslar qop-qorayib pishdi. Oʻgʻlimning hali tili chiqqani yoʻq, ammo gilosxoʻr boʻlib qoldi. Qishlogʻimizning kunbotar tarafida katta bir bogʻ bor edi, u yerda giloslar koʻp edi. Oʻgʻlimni yelkamga mindirib oʻsha boqqa bordim. Bir gilosning shoxini egib, doʻppisiga toʻldirib solib berdim. Teparoqdagi shoxchaning giloslari yanayam shira bogʻlab pishganday koʻrindi koʻzimga. Intilib, oʻsha shoxchani ushlaganimni bilaman...

Gilos shoxlari orasidan yana oʻsha sirli bogʻ namoyon boʻlgan edi. Oʻsha-oʻsha! Qopqalari tilladan, tutqichlari billurdan... Eshik oldida qop-qora soqol-moʻylovli yoshgina darbon menga kulib qarab turar edi. U meni tanigan edi, men ham uni tanidim. U imo qilib, ichkariga chorlar edi.

Bogʻ qopqasining ikkala tabaqasi ham lang ochiq! Ichkarida oʻsha men koʻrgan manzara barq urib turibdi. Koʻz oʻngimda gullar gʻunchalab, oʻsha zahoti ochilayotir, bu gullar aslmi yoki tilladanmi - farqlash qiyin. Darvoza yonida bahaybat bir daraxt yuksalib turibdi, yaproqlari chirt-chirt uzilayotir. Koʻnglimdagi bir sas «bu Tubo daraxti emasmikin», deya uqtirayotir. Uzoq-uzoqlarda bir nima koʻzni olguday boʻlib yaraqlab-jilvalanyapti. Jilvasi shu qadar goʻzal va nafiski, unga bir boqqan odam umr boʻyi koʻz uzolmay qolishi aniq.

Shundoqqina oyogʻim ostiga uzilib tushgan yaproqqa qaradimu... uning sirtida padari buzrukvorimning ismi bitilganini koʻrdim!

Shu mahal qulogʻimga oʻgʻlimning chirillab yigʻlagan tovushi urildi.

Hushim darrov oʻzimga keldi. Jonholatda oʻgirildim, qarasam, emaklab borib sal naridagi sayozgina ariqchaga tushib ketipti, suvning muzdayligidan qoʻrqib yigiayotgan ekan. Uni qoʻlimga oldimu, mahkam bagʻrimga bosdim.

Sezganimdek, qaytib qaraganimda bogʻ yana gʻoyib boʻlgan edi. Oʻgʻilcham jajji qoʻlchalari bilan bogʻ gʻoyib boʻlgan tomonni koʻrsatib, oʻzining tilida allanimalar deb chugʻurlar edi.

Keyin yodimga bogʻdagi daraxt, undan uzilib tushgan yaproq keldi. Shosha-pisha uyga yugurdim. Yuragim bir nimani sezganday potirlab urardi. Muyulishdan koʻchamizga burildimu, tizzalarim boʻshashib ketdi. Darvozamiz oldida mahallamiz kishilari toʻplangan edilar.

Otam... Belining quvvatini, umrining eng mas'ud damlarini, yoshligini bizlarga baxsh etgan, bizlarning sogʻlom va xushbaxt boʻlib ulgʻayishimiz uchun oʻzini oʻtu choʻqqa urgan otam... olamdan oʻtipti!

Shundan keyin bu bogʻdan choʻchiydigan boʻlib qoldim.

Tushlarimga kirib chiqardi bu sinoat bogʻi! Eshik oldidagi darbon muloyim nigohini menga tikibjim turardi. «Yana nima kerak senga?« — deb qichqirardim men unga tushimda. »Mendan nima istaysan oʻzi? Tinch qoʻy meni, istamayman sening bogʻingga kirishni!!!» Alahsirab uygʻonganimda ham tushimdagi manzaralar koʻz oʻngimdan sira ketmas edi.

Lekin umr ham bir maromda oʻtar, asta-sekin bu bogʻ qoʻrquvi dildan chekinib borar edi.

* * *

Bogʻni uchinchi daf a koʻrganimda yosh anchaga borgan, soch-soqol oqargan edi. Uning bu galgi zuhurotidan gʻalati bir hikmat tuydimki, bu hikmatning tubiga hali-hali yetolmayman.

Axir, umr... umr oʻtib bormoqda edi.

Osmonga bulut chiqsa suyaklarim simillab ogʻriydi. Koʻzim yoshlanadi. Koʻpincha darvozam oldidagi supada quyoshda isinib oʻtiraman. Oltin kuz oftobi vujudimga xush yoqadi. Qalbim ham kuz suvlari kabi tiniq, sokin...

Bu safar ham supaga chiqayotgan edim, pastak devordan qoʻshnimning tomorqasiga koʻzim tushib qoldi. Qoʻshnim bu yil tomorqasiga beda ekibdi.

Bedazorning adogʻida esa yana oʻsha manzara.

Bu safar eshikdagi darbonning ham sochlariga oq oralagan edi. Bogʻ ichi kuz edi, erta kuz. Kuzning bunaqa goʻzalligini hech qachon koʻrmaganman. Darvoza qarshisidagi daraxtdan oltin yaproqlar mungli bir jarang bilan bandidan uzilib, yerga sollana-sollana qoʻnar edilar. Uzilib tushayotganlari sonsiz-sanoqsiz edi, yerning beti koʻz yetguniga qadar yaproqlar bilan qoplangan edi.

Axir har bir yaproqda bir ism yozilgan emasmidi?

Bu safar oyogʻim ostiga kelib tushgan yaproqda doʻstimning ismi yozilgan edi. Bizlar tengdosh edik, bolalikdan birga oʻynab katta boʻlgan edik. Bir vaqtda uylangan edik, koʻp jihatdan taqdirimiz ham bir-birimiznikiga oʻxshab ketar edi.

* * *

Bu saodat bogʻini toʻrtinchi daf a koʻrganimda...

Bedazor. Sal narida ikkita bolakay ariqda non oqizishyapti. Shu ikki bolakayga qarab turibmanu, koʻz oʻngimdan bolaligim... otam... onam... qaynoq nonlar lip-lip oʻtayotir... Koʻzdan esa milt-milt yosh oqayotir... Qandayin qaynoq, hovurli edi u nonlar. Onaginamning bagʻriday taftli edi-ya... Qanday edim-a... Qanday edik-a, birodarlar...

Qarab turibmanu, hech nari ketolmayman. Bolakaylarning biri meni koʻrib qoldi. Bu boboy nega yigʻlayapti, deb hayron boʻlgandek koʻzlarini pirpiratib qarab turdi-da:
— Nimaga yigʻlayapsiz, buva? — deb soʻradi.

Voh bolam-a! Nega yigʻlamayin, koʻnglimdan oʻtganini qanday qilib aytmayin? Axir men ham bir mahallar onam yopgan nonlarni sizlar kabi ariqda oqizib yer edim... Evoh, oʻzim ham shu ariqdagi nonday oqdim-ketdim-ku!!!

Shuurimda oʻsha - bolaligim, bizlarga qarab yigiagan Xolmuhammad buvaning qiyofasi... tilimda esa oʻsha javob... dilimda esa bu gʻalati charxpalakning haybatidan qoʻrquv...

Bolakay uzatgan nonni oldimu, hech oʻzimni toʻxtatolmayman. Koʻzimdan tinmay yosh oqadi, umrimning nurli va armonli lahzalari lip-lip oʻtadi.

Anashunda...

Ana shunda... men u bogʻni yana koʻrdim. Eshikoldidagi darbon ham men kabi qartayibdi. Asosiga suyanib, horgʻin termulib turipti. Bogʻning qopqalari lang ochiq. Ichkarida esa oʻsha — shoxlari bulutlar orasida koʻzga koʻrinmay ketgan bahaybat daraxt. Shoxlardan hanuz yaproqlar uzilib tushayotirlar...

Ajabo, bu safar uzilib tushadigan yaproqda kimning ismi yozilgan ekan? Mening ismimmi?

Darbon ikkimiz bir-birimizga uzoq termilib qoldik. Nihoyat, u hassasiga tayangan koʻyi, horgʻin ovozda:
— Endi kira qol, yetar... - dedi.

Ortimga qaradim. Ammo hech narsani koʻrmadim — yosh pardasi koʻzlarimni toʻsib qoʻygan edi. Qadam qoʻyarkanman, kaftimda bir narsaning taftli haroratini his qildim. Qaradim — boyagina bedazordagi rahmdil bolakay qoiimga tutqazgan, suvga boʻkkan boʻlsa-da, taftini yoʻqotmagan bir burda non...

Ikkinchi hikoya: «AVLIYO»

Yogʻib oʻtgan yomgʻir ortidan esgan shamol bulturgi xazonlarni uchirib olib kelib, loyga qorishtirgan edi. Bu shamol kecha kechqurun tingan, endi esa Avliyoota togʻining choʻqqilari tomondan sovuq shabada esayotgandi. U odamning etini junjiktirsa-da, biroq qaydadir muzlagan toshlarni yorib chiqqan boychechak iforini olib kelib dimoqqa tutar, kishining koʻngliga toza hislarni solar edi.

Togʻ yoiidan ketayotgan, sochlariga oq oralagan kishining ismi Abdulqodir edi. Oltmish uchga kirgan bu odam Avliyoota gʻoridagi avliyoning yoniga borayotgan edi.

Avliyo salkam yuz yildan buyon shu gʻorda yashar edi. Uning yoniga ziyoratga kelganlar Avliyo ota kulbasining yozda salqin, qishda iliq boʻlishini aytib, buni avliyoning zoti muborakligiga, komil va xudoning suygan bandasi ekanligiga yoʻyar edilar. Qishda bu yer yalang boʻlganligi uchun aksariyat izgʻirin shamol hushtak chalib, sovuqda muz qotgan oppoq, toza qor zarralarini uchirib, kulba devori hamda archalarning tagiga uyib oʻynar edi.

Qishda odamlar Avliyo otaning yoniga deyarli bormas edilar. Yoʻl xatarli, sovuq, muzlagan edi. Qahratonda Avliyo ota kuzda oʻrib olgan bugʻdoyidan un qilib, xamir qorib, non yopadi, shu yoi bilan tirikchilik qiladi, der edilar.

Avliyo otaning qoʻylari ham bor boʻlib, bu qoʻylarda-da bir hikmat borligi ayon: ularga kasallik hech yaqin yoʻlamasdi, har yili bexato egiz tugʻardi, oʻtlab archazorlar orasiga kirib ketsayam bironta yirtqich daf qilmas edi. Har sovliq bir koʻza toʻla serqaymoq sut berar edi - buyam xudoning suygan bandasiga koʻrsatgan bir marhamati ekaniga barcha ishonar edi.

Avliyo ota salkam yuz yildan beri bu gʻorda ibodat bilan mashgʻul edi. Qalbida zarracha dunyoviy gʻubor yoʻq edi - oynaday toza va tiniq, nurafshon edi. Tevarak-atrofdagi qishloqlar oʻramida jami yuz ming kishi yashasa-da, ammo hech biri Aviiyo otachalik boʻlolmagandilar - ularning orasida ibodat yoʻliga kirganlari qancha, doimo haq xizmatida boʻlaman, deganlari qancha? Biroq banning dilini dunyoning qandaydir bir tashvishi xira torttirgandiki, iymon nurining bor boʻyicha akslanishiga aynan shu gardlar monelik qilayotgan boʻlsa ne ajab?

Kishilar boshlariga bir tashvish tushganida, asosan xastalikka yoʻliqqanlarida Aviiyo ota qoshiga kelar edilar. Otaning duosi bilan xastalik chekinar edi. Shu mahalda balki koʻpchilik haqiqiy ibodat yoiidagi bu odamning yashash tarzidagi, ibodatidagi ulugʻvorlik va soddalik hikmatini his etib, bundan buyogʻiga oxiratni ham oʻylashni diliga tugsa, men ham endi ibodat bilan mashgʻul boʻlaman, Xudoning aytgan yoʻrigʻidan chiqmayman, deb koʻz yoshlari ila niyat qilsa ham ehtimol. Ammo roʻzgʻor degan yov naqadar qudratli! Naqadar ulugʻ shaxslarni, balki yanada taqvodorroq boʻlishi mumkin boʻlgan, balki ulugʻ lashkarboshilar, olimlarni sindirmagan u! Odamlar uylariga qaytib, yana oʻzlari bilan oʻzlari ovora boʻlib ketardilar: bola-chaqa, tirikchilik tashvishlari yana oʻz domiga tortib ketar edi...

Faqat, Aviiyo otagina e’tiqodda sobit edi. Faqat Aviiyo otagina ilohiy muboraklikka muyassar boʻla olgan edi!

Yoshi oltmish uchga qarab ketgan Abdulqodir aka ana shu Aviiyo otaning qoshiga bormoqda edi. Bu bejiz emasdi — uch-toʻrt kun avval u vahimali bir tush koʻrgan, bu tushni u yorugʻ dunyodan ketishning ishorati deb anglagan edi. Boz ustiga, yillar davomida orttirgan xastaliklari ham bot-bot xuruj qilayotgandi. Ammo Abdulqodir aka Aviiyo otadan xastaliklariga shifo soʻramoqchi emas edi. Zotan, tuzalmas xastalik - keksalik allaqachon yetib kelgach, sogʻ a’zoyi badanga ne hojat? Kiyilavergani sayin kiyim ham eskiradi. Vujud deb atalgan bu libos ham kun kelib juldurlashgach, albatta yechib otiladi.

Aviiyo ota yoniga asosan keksa odamlar koʻproq kelar edilar. Bular turli-tuman nafsoniy ishlar bilan imonlarini xiralashtirgan, umrlarini zoye ketkazgan kishilar boʻlib, mana endi qachondir kimgadir nohaq aytilgan soʻzning jazosidan, birovning haqining gunohidan qoʻrqib, Aviiyo otaning xudodan bu gunohlarni afv etishini soʻrab duo etishini iltimos qilish uchun kelardilar. Biroq, ehtimolki, ziyoratdan soʻng ham ularning qalblari tinchlanmas edi - zotan, adolatli ajr yaqinlashayotganini ruhlari sezib, titrab-qaqshar, bir imdod, bir ilinj istagida hayotda soʻnggi kunlarini yashayotgan egasini har tarafga yoʻllar edi!

Ammo Aviiyo otaning qoshiga borayotgan oltmish uch yoshli bu odamning istagi sodir etgan gunohlarining magʻfirati ham emas edi.

Hozir tevarakdagi har bir toshga, har bir xarsangga boqarkan, uning koʻzlaridan yosh oqar edi. U yigʻlar edi! Bu yoʻllardan koʻp yillar avval bobosi bilan oʻtgan, oʻsha mahallar u yosh bir bolakay edi. Tevarakka boqarkan, bu yoʻl umr yoʻliga aylangandek, umr yoʻlini qayta bosib oʻtayotgandek edi.

Huv anavi, pastda qolib ketgan qishloq chekkasidagi togʻteraklar ostidagi buloq yonida u oʻn sakkiz yoshida sevgilisini har oqshom hayajonlanib kutgan edi. Qiz qurmagʻur ham shumgina edi — shorn mahalidagina suvga chiqar edi. Uch-toʻrt daqiqalik visol edi bu. Abdulqodirning qishlogʻi bu yerdan uch chaqirim uzoqda edi, ammo qurmagʻur qizginaning koʻylagiga taqilgan qalampirmunchoq isidan boshi aylanib, zumda uyiga yetib kelganini ham sezmay qolardi u. Keyin esa hovlidagi soʻriga chalqancha yotib olib, yulduzlarga termulgancha shirin oʻylar surardi. Nazdida, hatto gullagan jiyda ham qalampirmunchoq isini taratayotganday tuyular edi.

Biroq, yo alhazar, ismi nima edi u ilk muhabbat sanamining?!

Naqadar uzoq oʻtmish... Biroq qirq besh yil olisdan-da hanuz oʻsha tanish boʻy anqiyotganday...

Huv uzoqdagi toshdan esa, Abdulqodir qiz koʻrgan kuni, suruvdagi qora qoʻchqorni tutaman deb yiqilib, oyogʻini sindirgan, ammo otalik shavqi bilan naq bir chaqirimgacha sudralib borgan edi — keyin uni odamlar koʻrib qolib, olib ketishgandi. Oʻshanda sevgidan-da ulugʻroq, najibroq va yuksakroq tuygʻu — otalik tuygʻusi Abdulqodirning koʻksini toʻldirgan edi.

Oʻsha vaqtlar, bir-ikki oy yuragi sanchib ogʻriganida, qizchasini bagʻriga olib, shundoqqina qalbiga bosar edi - ne ajabki, quchogʻidagi murgʻak, farishtamonand, ishonuvchan va pok vujudning haroratidan yurakdagi sanchiq ham bosilganday boʻlar edi.

Xotiralar... xotiralar shamol kabi yopirilar, uzoq-uzoqlardan, yillarning muzlagan qatlamlari orasidan boychechak ifori kabi ufurayotgan yoqimli va armonli kechinmalaming yodini olib kelib, shuuriga taqar edi...

Agar shu topda yonida bir qadrdoni boʻlganida, balki Abdulqodir uni quchoqlab, yelkasiga boshini qoʻyib: «Voh, birodar, umr oʻtib ketipti-ku!« - deyayigʻlagan boʻlarmidi? Ammo hozir u Avliyo ota qoshiga yolgʻiz ketib bormoqda edi, shunga qaramay, koʻzidan oqqan yoshni bahoriy chechak iforini taratgan shabada siypalab-quritib, goʻyo bu odamni yupatar edi. Goʻyo der ediki: » Men qadimdan beri bu koʻhna olam uzra esib oʻynayman. Sulaymon paygʻambarning suyaklaridan bino boʻlgan qumlarni atrofga sochaman, Odam Ato bilan Momo Havo yer yuzida ilk bir-birlarini topgan joyga olib borib sepaman... Olamga sening kabi qancha odamlar kelib-ketmadilar. Bari oʻzining orzu-niyatlari, tashvishlari, quvonchlari bilan yashab oʻtdi-ketdi... Tangrining oʻzi peshanangga tugʻilib-qartayish yozugʻini yozganidan keyin kimga shikoyat etasanu, bu taqdirdan qutulib qayga bora olasan...»

* * *

Abdulqodir aka Avliyo otaning ziyoratiga bir mahallar, bolaligida bobosi bilan kelgan edi. Ichkariga kirganlarida, Avliyo darcha oldida, boʻyrada chordana qurib oʻtirar, oldida katta bir kitob ochiq turar edi.

Oʻshanda... bobosi Avliyoning qarshisiga oʻtirib, yoniga Abdulqodirni chaqirdi. Abdulqodir bobosining Avliyo ota bilan nimalami gaplashganini eslay olmaydi.

Ammo, qolganlari yodida.

Bobosi Abdulqodirning yelkasidan tutib, titragan va boʻgʻiq tovushda:
— Pirim, shu bolamning haqqiga ham bir duo qiling! — deb oʻtindi.

Avliyo ota Abdulqodirga kulimsirab qaragan edi, tegra muloyim bir yogʻduga toʻlgandek boʻldi. Abdulqodir beixtiyor oʻrnidan turib, Avliyo otaning yoniga bordi. Avliyo ota kaftini Abdulqodirning boshiga qoʻydi-da:
— Oʻgʻlim, koʻzlaringizni yumib-oching, — dedi.

Abdulqodir koʻzlarini yumib-ochib, oʻzini qadimiy va naqshli bir eshik oldida koʻrdi.
— Eshikni ochib, ichkariga kiring, oʻgiim, — qayerdandir Avliyo otaning dalda beruvchi ovozi keldi.

Abdulqodir eshikni itargan edi, u osongina ochilib ketdi. Bolakay ichkariga qadam bosdi va oʻzini bir bogʻda koʻrdi.

Ne bogʻki, goʻzalligiga va farovonligiga ta’rif yoʻq edi. Bunaqa goʻzal daraxtlami, qushlarni Abdulqodir hech yerda koʻrmagan edi. Bogʻning har yer-har yerida odamlar ham koʻzga tashlanar, ular nur bilan oʻralgan edilar. Nariroqda esa havoda hilpiragancha parilar uchib yurardilar.

... Koʻzlarini ochganida, u yana Avliyo otaning nuroniy chehrasini koʻrdi. Avliyo ota duoga qoʻllarini ochib turar, bobosi esa «pirim, pirim» deya yigʻlar edi.
— Nevarangiz hozir jannatning Bogʻi Eramini koʻrdi, — dedi shunda Avliyo ota...

Keyinchalikjuda koʻp marotaba bobosi Abdulqodirdan u bogʻda nimalami koʻrganini soʻradi. Ammo Abdulqodir bogʻda koʻrganlarini bayon qilib bera olmas edi. Bobosi odamlarga «Mening nevaram jannati«, deya gapirib yurdi. Bir safar hatto: "oʻsha bogʻdagi odamlar orasida meniyam koʻrdingizmi, oʻgʻlim?" — deb soʻradi. Abdulqodir koʻrmaganini aytgach esa, xomushlanib qoldi. Shu kuni kechasi esa bolakay gʻalati ovozdan uygʻonib ketib, bobosining joynamoz ustida muk tushgancha: »Jannatingdan mahrum etmagin, parvardigor», — deya yum-yum yigʻlayotganini koʻrdi.

Bobosi biryildan soʻngjonini Haqqa topshirdi. Xasta yotganida Abdulqodirni yoniga chaqirib, dedi:
— Oʻgʻlim, xudoyimning marhamatidan aylanay, sizjannatisiz. Qochmay turing, men sizni tavof qilib olay, — deya, emaklab oʻrnidan tushib, bolakayning oyoqlarini quchoqlashga urindi. Tabiiyki, Abdulqodir qochib ketdi. Choi esa: «Voh, xudojonim-a!» — deya nola qilganicha qolaverdi.

Bobosining nima uchun yigiaganini Abdulqodir keyin, esini tanigach tushundi. Ammo odamzod qiziq ekan: yigirma yoshingda oʻylagan narsangga qirq yoshingda boshqacha qararkansan.

Bobosi, uning ortidan ota-onasi ham yoʻqlikka qarab ketdilar. Ota-onasidan ayrilganida, Abdulqodir oʻzini yorugʻ olamda tanho qolib ketganday his qilgan edi. Ammo hikmatni koʻringki, bunaqa paytlarda odamga farzand tayanch boʻlar ekan. Ota-ona mehri oʻmini farzand mehri egalladi.

Keyinchalik esa bularning bari unut boʻldi. Zamonlar almashdi. Boshdan harxil kunlar kechdi. Goho qiynaldilar, goho sevindilar. Ammo Abdulqodir halol yashadi, birovning haqini yemadi, oʻzganing dilini ogʻritmadi. Kuch-quvvatga toʻlganida, bolaligida kechgan oʻsha voqeani eslab kulgisi qistagan paytlar ham boʻldi. Vaqtida ulfatchilik ham qildi, ammo bular har bir odamning hayotida boʻladigan narsalar — muhimi, u halol yashadi.

Bolalikdagi narsalar yodda baribir qolaverar ekanmi, oʻshanda koʻrgani bogʻ uch-toʻrt marta tushiga kirdi. Har safar toʻrt tarafi qorongʻilik boʻlgan tushunarsiz bir makon ichida, yashil nur ogʻushida tovlanib koʻrinaverdi. Bogʻ tarafga ip kabi ingichkava yorugʻ nur tolasi bir yoʻl monand choʻzilib ketgan edi.

Biroq odamzod qanaqangi tushlarni koʻrmaydi deysiz? Bir kuni Abdulqodir bozorda bir odamning: «Qizim tush koʻripti, men boshimdan-oyogʻimgacha axlatga bulgʻangan emishman. Xudo xohlasa, bundan buyogʻiga ishim yurishib, boyib ketsam ajabmas«, - deb gapirayotganini koʻrgan edi. Ammo Abdulqodir aka oʻz tushining rahmoniy tush ekanligiga ishonar, kunlar oʻtib, yoshi ulgʻayib borgani sayin oʻsha jannat bogʻi qalbining tub-tubida xuddi tushidagi singari jilvalanib, nihiga orom baxsh etar va: »Balki xudoyim mengajannatini nasib etar?» - degan ilinj goho ishonchga ham aylanar edi.

Kecha esa Abdulqodir bobo oʻzining koʻrgan tushidan rostakamiga qoʻrqib ketdi.

Qop-qorongʻi bir joy emish. Bu qorongʻilikning na ostiyu na usti, na chapi, na oʻngi bor emish. Shu qorongʻilik ichra u oʻzining yuzini koʻrib turgan emish. Yuzi nimagadir tishlangan, tish izlaridan qon oqarmish. Ortida bir quturgan tuya turganmish, u ogʻzidan koʻpigi oqqancha, hadeb Abdulqodirning yuzini tishlar emish...

Vaqt shomga yaqinlashib qolgan, Abdulqodir bobo ana shu tushidan vahimaga tushib, Avliyo otaning yoniga bormoqda edi. Maqsadi - Avliyo otadan yana bir bor oʻzining boradigan manzilini koʻrsatishini soʻrash edi. Yoshi oltmishdan oshganidan soʻng, u bot-bot shu haqda oʻylaydigan boʻldi. Chunki tengdosh birodarlar ham birin-ketin yoʻqlik sari ketmoqda edilar. Nima qilganida ham, navbat yaqin, fursat oz qolgan edi. Ammo Abdulqodir boboning koʻngliga bir narsa — yoshligidagi Avliyo boboning karomatiyu keyinchalik koʻrgan tushlari doimo taskin berar edi. Shunday boʻlsa-da, safar vaqti yaqinlashayotganini idrok etgan ruhi nima uchundir vahimaga tushayotgan edi. Balki... balki bilib-bilmay aytilgan bir soʻz... bir nigoh... bir harakat uni abadiy halokat sari yetaklab ketsa-chi?

Fursat boy berildi, endi ortga qaytib boiarmidi? Oltmish uch yillik umr ham xuddi bir lahzaday - yorugʻ, shitob bilan kechgan bir lahzaday oʻtdi-ketdi.

Ana shuning uchun ham Avliyo otaning qoshiga borayotgan bu odam, yonida bir doʻstu qadrdoni boiganida: «Voh, doʻsti aziz, umr oʻtib ketipti-ku», — deya oʻksinib-oʻksinib yigʻlagan boʻlur edi. Ammo aziz doʻstlarning bir qismi hozir dunyoda yoʻq, qolganlari ham yonida emas, faqat, bahor chechagining bilinar-bilinmas isini dimoqqa tutgancha shabada esar, u sharq tomondan qoramtir bulutlarni togʻ boshiga haydab olib kelar edi.

* * *

Abdulqodir bobo Avliyo ota yoniga yetib kelganida shorn qoʻngan edi. Archazorda avliyoning qoʻylari bulturgi xazonlarni titib oʻtlab yurar edilar. Shamol qishda qor zarralariga qoʻshib xazonlarni ham archalar ostiga uygan ekan, hozir bular qorayib koʻrinar, kuzning namchil isini taratar edi. Kech boʻlgani uchunmi, ziyoratchilar yoʻq edi.

Abdulqodir bobo yoʻtalib olib, bir oz hayajonlanib, kulba eshigini ochdi va boʻgʻiq ovoz bilan chaqirdi:
— Avliyo ota?!

Javob boʻlmagach, u ichkariga qadam bosdi va Avliyo otani koʻrdi.

Avliyo hanuz darcha yonida, boʻyrada oʻtirar, oldida hanuz ochiq kitob turar edi. Kulba havosi yoqimli, iliq, qizigʻi shundaki, bu yerdan ham boychechak isi anqirdi. Abdulqodir bobo salom berdi. Avliyo alik olganida, Abdulqodir bobo uning ham juda keksayganini, vujudi parday boʻlib qolganini, nigohining yanada tiniqlashganini koʻrdi. Goʻyo Avliyoning tegrasini qurshab turgan nur erta-indin bir hukmi ilohiy ila bu hafif vujudni koʻklarga uchirib olib ketadiganday koʻrinar edi.

Abdulqodir bobo boʻyraga tiz choʻkdi-da, ziyoratdan maqsadini bayon qildi. Bolaligida bu yerga kelganini, Avliyo ota uning boshiga muborak qoʻllarini qoʻyganini, jannati oliyni koʻrsatganini aytdi. Keyin ikkilana-ikkilana soʻradiki, koʻp qatori, qoʻldan kelganicha umr kechirdim, ajabo, u makon rostdan ham menga nasib qilarmikin?..

Avliyo ota jim, balki yanada chuqurroq oʻyga choʻmgan edi. Bu sukunatda Abdulqodir bobo bir narsaning gurs-gurs etib urayotganini eshitdi. Bu — uning oltmish uch yil davomida sadoqat bilan xizmat qilgan keksa yuragi edi.

Nihoyat, Avliyo «Yaqinroq keling, oʻgʻlim», degach, bobo entikib, zoti muborakning yoniga yaqinlashdi. Avliyo uning boshiga qoʻllarini qoʻydi.
— Koʻzingizni yumib-oching, oʻgʻlim!

Abdulqodir bobo dilida: «Yo xudo, marhamatingni ayama!» - deya iltijo qilgancha koʻzlarini yumib-ochdi.

Alhazar, u yana oʻzini oʻsha eshik yonida koʻrdi. Bu yerdan ham yuragining gursillab urishi eshitilib turar edi. Uzoq-uzoqlardan:
— Eshikni oching, oʻgʻlim! - degan tanish ovoz keldi.

Abdulqodir bobo titrayotgan qoʻllari bilan eshik tavaqasini ohista itardi.

Eshik ochildi...

Ammo, yo alhazar, ichkari... qahraton qish edi! Shamol qor zarralarini uchirib oʻynar edi. Bargsiz daraxtlar qop-qora, yalangʻoch shoxlarini tund samoga choʻzgan edilar. Har taraf muz, jahannamiy sovuq chor tarafni yax kabi qotirgan edi. Qor uzra bir qabr koʻrinar, qabr tuproqlari ham muzlagan - tosh qotgan edi.

Faqat shugina! Qish... Sovuq... lzgʻirinda yolgʻiz bir qabr!.. Boshqa hech nima yoʻq edi.

* * *

Avliyo ota roʻparasidagi ezilib-bukchayib qolgan bandaga achinib qaraganida, xayolidan kechgan fikrlar nigohida nurlanib ketdi.

Shu tariqa, ikki qariya bir-birlarining qarshisida jim qoldilar. Ikkisi ham bir-birlariga soʻz qotmas edilar.

Zotan, soʻz qotishga hojat ham yoʻq edi: faqat kech kuz shamoligina kulba eshigiga guvillab oʻzini urib oʻynar, bu ikki kishini goʻyo uzoq-uzoqlarga - balki Odam Ato bilan Momo Havo yer yuzida ilk bor topishgan joylariga olib ketmoqchiday epkin urar, biroq, endi u boychechak iforini taratmas edi...

Uchinchi hikoya: «BOgʻI ERAM»

Qishlogʻimiz adogʻida ulkan bir bogʻ bor. Bogʻning naryogʻi esa qabriston. Bogʻbonlik ham, qabristonning shayxligi ham Yunus buvaning zimmasida. Keksalaraytadilarki, Yunus buvani bolaligida daryoda katta bir baliq yutib yuborgan ekan. Oʻsha atrofda yurgan kishilar koʻrib qolishib, baliqni tutib, qornini yorib, uni qutqarib olishgan ekan. Yunus buvaning yuzida tish izlariga oʻxshagan chandiqlari bor edi, buni koʻrib bizlar uni rostdan ham baliq yutib yuborganiga ishonar edik.

Qishlogʻimizda kimdir olamdan oʻtsa, uni lahadga qoʻyganlaridan soʻng, qabr boshiga albatta bir daraxt koʻchati oʻtqazish odati bor edi. Yunus buva meni k oʻpincha boqqa olib kirardi, keyin har bir daraxtni koʻrsatib, izohlardiki: "Mana bu qoʻshning Mamadali buvangning oʻrigi, oʻgʻlim. Qara, qanday katta boʻlgan. Sal nariroqdagisi esa Zulfi kampirning behisi... Anovi qiyshayib oʻsgani esa Mamajon buvangning olmasi...

Bobomning, Zulfi kampirning, Mirjon buvaning, Lazzat xolaning daraxtlari... Ular shu qadar koʻp meva qilgan ediki, qarab koʻz toʻymasdi, shoxlari egilib-sinib yotardi.

Bogʻning kiraverishida, chap tomonda mitti navnihollar, xuddi egalari kabi, sal shabadada ham qaltirabgina turar edilar. Yunus buvam der ediki, «Mana bu nihol - Asror muallimning suvga choʻkib oʻlgan oʻn ikki yashar qizchasining niholi... Bunisi esa Sadir soʻfining norasida nevarasiniki...»

Bogʻ ichkarisiga qarab ketilgani sayin daraxtlar ham qarib boraredi, men oʻzim koʻrmaganim insonlaming daraxtlarini koʻrar edim — Toshbuvi enamning, Ismoil bobomning, Ziyo buvamning daraxtlari... Menga har bir daraxt bir odamning hayotidan hikoya qilar edi, gʻunchaligida xazon boʻlganlarning navnihollari sohiblarining orzularidan soʻylab, meni qon-qon yigʻlatar edi. Bogʻ ichkarisiga qarab ketganim sayin xuddi moziyga qarab ketayotganday tuyular edi. Nazarimda, bogʻning naryogʻiga Yunus buva ham kirolmagan edi, naryogʻida juda qadimiy chinorlar, sadalar, yongʻoqlar changalzor kabi shovullab yotar edi.

Nazarimda, bir jur'at qilsamu, bogʻ ichkarisiga qarab yoʻlga chiqsam, uning adogʻida Odam Ato bilan Momo Havoga oʻz yaprogʻidan bergan anjirni-da koʻradigandek edim.

Bulaming bari mening qoshimda tilga kirar, oʻz oʻtmishidan, quvonchlaridan, armonlaridan hikoyatlar soʻylagudek boʻlaredi.

Rahmatlik Yunus buvam der ediki: «Toy bolam, men oʻlganimda sen katta yigit boʻlasan. Oʻshanda bolalaring bilan kelib meniyam ziyorat qilinglar, oʻsha daraxtni koʻrganda meni koʻrganday boʻlasizlar, xoʻpmi, oʻgʻlim...« Men »Xoʻp, bobojon», der edim. Yunus buvam mening javobimdan yosh boladay sevinib ketar edi, belbogʻining qatidan popukqand olib tutar edi.

Yettinchi sinfda ekanimda, erta bahorda bobom vafot qildilar. Shunda men keyinchalik oʻzim anglab yetgan haqiqatning tamali desa boʻladigan bir voqeaning guvohi boʻldim.

Bobom yotgan tobutni koʻtarib, qabristonga ketdik. Bobomni tuproqqa topshirdik. Ertasiga dadam uyimizda oʻsib turgan oʻriklardan birini koʻchirdi, mashinaga oʻtirib, bobomning qabriga bordik. Dadam chuqur qazdi, koʻchatni ekdik, men paqirchada suv opkelib quydim. Bu koʻchat bahorda gulladi, tutib ketdi, men unga oʻzimcha «Bobomning oʻrigi» deb nom berdim.

Kunlar oʻtdi.

Voyaga yetdim, tuygʻularim oʻzgardi. Qishloq koʻzimga torlik qilib qoldi. Muhabbat sabolari koʻnglimni jimirlatib esdi. Talaba boʻldim, uzoq va begona shaharlar sari talpindim.

Men oʻtqazgan daraxtlar ulgʻaydi. Men koʻrgan daraxtlar qartaydi.

Talabaligimning soʻnggi yillarida Yunus buvaning yoniga bordim. Yunus buva ham qarigan, yuzi, qoʻllari, gavdasi bir tutam boʻlib qolgan, qoshlari oʻsib ketgan edi. Koʻrdimu, yuragim biruvishdi.

Yunus buva meni yana boqqa olib kirdi.

«Qara, bolam, — dedi. — Bahorda Muhammadamin buvang olamdan oʻtdi. Mana, bolalari koʻchat ekishibdi».

Nariroqqa bordik.

«Bu Mirjon buvangning gilosi, — dedi Yunus buva. — Oʻtganiga besh yil boʻldi. Ramazon edi».

Yanayam ichkariroqqa kirdik.

Bobomning oʻrigi-ku!

Enamning noki.

Xoljoʻra buvamning olchasi...

Yunus buvaga yalt etib qaradim. Shuurimda bir nima yarq etib ochilib ketganday boʻldi. Judayam ulkan bir qonuniyatni tushunib yetganday boʻldim.

«Mana bu esa dadangning oyisining olmasi, — deb davom etdi Yunus buva. — Sen tugʻilgan yili vafot etgan edi rahmatlik. Bu yerlarga tez-tez kelib tur, esingdan chiqarib qoʻyma...»

Men esa... Bolalik xotiralarim shuurimda boʻron kabi oʻynar, chehralar, qiyofalar, aytilgan soʻzlar, jilmayishlar, kimlarningdir qoʻllarining aziz taftlari... bari-bari yuragimda mislsiz bir larza bunyod etar va koʻzlarimdan oqqan armonlarning, xotiralarning qaynoq tomchilari yuzimni kuydirar edi...

«Endi yetar, - dedi Yunus buva sokin ovozda. — Sen ozmi-koʻpmi kitob oʻqib, uzoqqa ketding. Bilki, bu yerdayam aqliyu ilmi bilan dunyoni oʻzgartirishga qodir odamlar boʻlgan. Ammo ketishmagan. Bilib qoʻyki, sening vazifang — Oʻz oilangdan kimdir oʻtsa, daraxt qadash. Yana bilki, oʻgʻlim, vaqti-soati kelib bu yerda sening ham oʻz daraxting boʻlishi kerak...»

Yana aytdiki: «Bu bogʻning hikmatini endi anglagandirsan, oʻgʻlim? Sen bolaligingdan bilganing shu bogʻning qanday bunyod boʻlganini endi tushungandirsan?»

Yana umr degan shamolning girdoblari aqlu hushni shoshirib esdi, oylaru yillar zuv etib oʻtdi.

Hozir men tugʻilib oʻsgan yurtda hoʻv oʻsha — olis bolali-gimning nuroniy qariyalaridan hech kim qolmagan. (Ularni faqat farzandlarining yuz-koʻzlariyu qabristondagi daraxtlar eslatib turadi, xolos.)

Oʻsha mahallar navqiron va azamat boʻlgan kishilar endi keksayganlar. Endi ular oʻsha mahaldagiday koʻchani toʻldirib yurmaydilar, qahqahalari olamni buzmaydi.

Ularning armonlari ham boʻlakcha. Masalan, Roʻzimat hoji bu yil yetmishni qoraladi. Bahorda xastalanib yotib qoldi. Bizlar u kishini koʻrgani kirdik. Gap aylanib, uning haj safarida vafot etgan doʻsti Sobir hojiga borib taqaldi. Shunda Roʻzimat buvaning aytganlari mening shuurimda oʻyilib qoldi:
— Ha-a, Sobir bopladi, - dedi u havas bilan. — Hammani dogʻda qoldirib, oʻsha yoqda omonatini topshirvoldi, bachchagʻar...

Kechagi bolakaylar, ya’ni bizlar bugun shu qishloqning oldi erkaklarimiz. Bugun koʻchalarni bizlar toʻldiramiz, bizning qahqahalarimiz olamni buzadi. Ortimizdan ulgʻayib kelayotgan bolakaylar bizlarga havas bilan qarab qoladilar...

Bizlar-chi, erta bir kun kelib, qay birimizga havas qilarkanmiz?

Qay birimizning daraxtimiz oldin gullarkan?..

Qishlogʻimizning adogʻidagi bogʻ hozir ham bor. U tobora kengayib borayotir.

Qishloq odamlari bu bogʻni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylaydilar.

Bu boqqa odamlar Bogʻi Eram deb nom berganlar.

Bilamanki, bir kun kelib, mana shu bogʻda mening ham oʻz daraxtim boʻladi. Uni mening pushtikamarimdan boʻlgan zuryodim — hozirda endigina biyron-biyron gapirishni oʻrgangan oʻgʻlim qadaydi.

Bu koʻchatning tutib ketishidan, gullab meva berishidan hamda mevalaridan turli-tuman qushlarning, qurtu qumursqalarning bahramand boʻlishlaridan men ham umidvorman...

XOTIMA

Bolalik xuddi uzoqdagi bir saltanat singari koʻnglimizda jilvalanib-tovlanib yashaydi. U mitti bir olamga oʻxshaydi - tegrasi Iskandar devori bilan oʻralgan, adolat va rostgoʻylik, halollik va soflik-soddadillik doimo ustun boʻlgan, yozlari qaynoq, qishlari iliq, fusunkor bir olam...

Eng ardoqli xotiralarimizni va kechinmalarimizni bizlar oʻsha yerda saqlaymiz.

Bu yer xuddi tilsimlanganday — mening bolaligimning tilsimlari faqat mengagina ochiladi. Goʻyo umrning dashtu sahrolari aro men tilsim qoyasiga yetib boraman, u yerdagi sofdil va sadoqatli dev «Isming nima?» deb soʻraydi. Men oʻz ismimni aytsamgina ochiladi. U yerga mendan boshqa hech kimsa daxl eta olmaydi.

Bu yurtning qushlariyu hayvonlari odamzod tilida gapira oladi. Daraxtlar, toshlaru qumlar boʻlib oʻtgan voqealardan shahodat beradilar.

Bu yerda oltin ninachilar parvoz qiladilar, Semurgʻ qush suhbatga mushtoq turadi. Sofdil devlar istagingizni bajarishga har doim shay.

Faqat bir narsa yetishmaydi u yerda. Shu saltanatning sohibi va qahramoni, ya’ni sizu biz yoʻqmiz u yerda...

Bu dunyoda oʻsha mahallar yosh va navqiron boʻlgan ota-onamizu bobo-momolarimiz yashaydilar. Hozirda keksalik yoshiga yetgan, qartaygan otalarimiz u yerda «hech kimdan qoʻrq-maydigan, dunyodagi eng kuchli va engjasur» qiyofada gavdala-nadilar. Bir tutamgina boʻlib qolgan onamiz u yerda gʻoyatda bagʻrikeng, quyoshtaftli qiyofada qolgan.

Qay birini aytay? U yerda xastaliklar yoʻq, u yerda yozgʻirish, nafrat yoʻq, yomonlik yoʻq, qaygʻu yoʻq, gʻam yoʻq...

Aksincha, u yerda ma’sumona arazlashlar va shudringday tiniq orzular bor. Bu orzular hali ham ajoyib orzu daraxtlarining yaproqlarida xuddi shudringday tovlanib-akslanib turipti.

Afsonaviy shaharlar, jannatmakon goʻshalar u yerda hamon bizlarni kutadi. Bolalik chogʻlarimizning sehrli bogʻi boʻlgan Bogʻi Eram ham shu saltanatda joylashgan.

Bogʻi Eramning ichkarisiga kirib borarkansiz, xotiralar... xotiralar quyun boʻlib yopirilib keladi. Oyoq ostida toʻdalashgan xazonlarning har bid bir inson kechmishini soʻylaydi. Bogʻ sokin, jimjit. Bitta yaproq uzilib tushsa ham eshitiladi.

Kishilarning olamdan oʻtganini bildirib, yaproqlari toʻkiladigan daraxt esga tushganida esa yurak uvishib ketadi...

Ajabo, deyman oʻzimcha, sizu bizning Bogʻi Eramimiz ham aslida shu emasmikin? Tumanlarga chulgʻangan mislsiz tarixiyu bolaligimizdan beri shuurimizga naqsh boʻlib tushgan urfu odatlari bilan, barcha siru sinoatlari va sal avval tilga olganimiz hikmat toʻlugʻ bogʻlari bilan, har biri bir tarixga guvoh qum zarralariyu son-sanoqsiz, mungli-hazin qoʻshiqlari bilan... Olamda yurganlarga va olamdan oʻtganlarga boʻlgan munosabatimiz bilan, ehtiromimiz bilan... Tuproq ustidagi va tuproq ostidagi barcha azizu qadrdonlarimiz bilan...

Bilmadim... Ammo, Bobil saltanati davrida bunyod etilgan va keyinchalik samoga koʻtarilib ketgan afsonaviy Bogʻi Eramning aynan shu - bizning kechinmalarimizda, bizning koʻngillarimizda, bizning tuprogʻimizda nihon ekaniga ishongim keladi...

1999-2003