OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Isajon Sulton. Doʻst (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIsajon Sulton
Asar nomiDoʻst (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Isajon Sulton
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm22KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Doʻst (hikoya)
Isajon Sulton

Senu men tengdosh edik, doʻst.

Oʻtloqlarda oʻynar edik.

Oʻshanda... rosa chopar edik-da. Oyogʻimiz ostida quyun oʻralashardi. Qirda shamoldan oʻzib ketardik. Toʻkilgan oʻrik gullari chopishimizdan paydo boʻlgan shiddatlarda yerdan koʻtarilib, uchib-uchib yana yerga qayta qoʻnardi.

Dunyo biz uchun mana shu kichkina makondan iborat edi, xolos. Qaylardandir qushlar saf-saf uchib kelishardi. Qaydan uchib kelayotganlarini bilmas edik. Buncha koʻp qush qayga borib qoʻnadi, uniyam bilmasdik. Bilganimiz – mana shu oʻtloq-dala, mute’ hasharotlar, aqlsiz qushlar va qaynoq yoz edi, xolos.

Horib-charchab uyga qaytardik. Uzum zangiga osib qoʻyilgan chiroq sariq nur taratardi. Soʻrida otam-onamiz bir nimalarni gurunglashib oʻtirishardi. Kichkina singlim katta chelakda suv tashirdi... Etakroqqa bir uyum beda toʻkib qoʻyilgan, undan boshni aylantiradigan islar anqirdi.

Keyin oʻsha yoqimli charchoqni his qilgancha, osmondagi yulduzlarga termilib uzundan-uzun xayollar surar edik. Tungi shabada daraxt barglarini shitirlatib yelib oʻtganida, qay bir qushning oromi buzilib havoga koʻtarilganida... ariqdagi suvning jildirashiyu chirildoqlar ovozi birdaniga kuchliroq tarala boshlaganida... oy nuri olachalpoq yoritgan shu makonlardan ajina yoki devlar tovushsiz chiqib kelishidan qoʻrqardik, esingdami?

Ajabki, ajina chiqib kelsa... nima qilgan boʻlardi bizlarni? Hozir bu savolga javob topolmayman, oʻylasam kulgim keladi.

Eslaysanmi, sira charchamas edik. Sen ham men kabi novdadekkina, chaqqonu ildam, gʻayrating ichingga sigʻmagan bola eding-da. Birga borib oʻt oʻrardik, suv tashirdik, birga qoʻshnining behisidan yashirincha oʻgʻirlab yer edik. Makkajuxori poyalarini shimir edik, shaftoli poʻkagi shirin boʻlardi. Daraxtlarning ostidagi zax yerlarda qoʻziqorinlar oʻsardi, ularni xivchin bilan ura-ura, boshini tanidan judo qilib oʻtib ketardik.

Doim soching oʻsib ketaverardi. Juda tez oʻsarmidi soching? Qachon qarama, paxmoq boʻlib yotardi. Ota-onamizdan «soch-tirnoqlaring oʻsib ketibdi-ku, olmaysanmi» deb koʻp dakki eshitardik.

Narsalarning ahamiyati yoʻq edi biz uchun. «Senlarni boqishim kerak», der edi otam. Onam roʻzgʻor ishidan boʻshamasdi. Ular biz kabi ildam emas edilar. Bahaybat, kuch-quvvatga toʻla, ammo chaqqonlikda bizga yetadigani yoʻq edi. Bizga nima u tashvishlar? Ikkalamizning oʻz hududlarimiz boriydi, bepoyon, sirlarga toʻla, jozibali hududlar. Apil-tapil bir burda nonni chaynab, ariqdan bir hovuch suv ichib ketaverardik-da. Otam ish buyurar edi, u yumushlar koʻpincha zahmatli, ezuvchi boʻlar, masalan, tomorqadagi makkalarni oʻrib qoʻyishimni buyurib oʻzi yumushiga ketar edi. Makkaning poyasi qoʻlni tilib yuborsa, onam jonholatda kelib koʻylagini etagini yirtib oʻrab bogʻlab qoʻyardi. Arzimagan tilinishga onamning jon kuydirishidan kulgim qistardi, kattalarning ba’zi tutumlari shunaqa kulgili tuyulardi men uchun.

Koʻzlari chaqnab, kulib-kulib turadigan yoqimtoy bola eding-da, doʻst.

Har doimo men bilan birga ekaningdan, seni qachon taniganimni eslolmayman. Ikkalamining ham ismimiz bir xil edi. Otam yoki onam ismimizni aytib chaqirsa, baravariga yugurib borardik. Men xayollarga, oʻy-fikrlarga beriluvchanroq edim, har narsaning tubiga yetgim kelaverardi. Sening tevarakka qiziqishing zoʻr edi, orom beradigan narsalarni yaxshi koʻrarding. Olmurutning mazasi shirin boʻlishini sen aytganding, u maza menga ham ma’qul keluvdi.

Yana, uyquni yaxshi koʻrarding. Uxlamasang, ertasiga koʻzlaring kirtayib, soʻlinqirab qolarding. Men esa uxlashni yoqtirmasdim. Shu sabab, goho sen uxlagan mahallaring xayolan qaylargadir sayrlar qilardim.

U - makonsiz, zamonsiz hududlar edi. Oʻsha hududlarda goho dunyodan oʻtib ketgan bobomni, oʻzim tanimaydigan kimlarnidir uchratar ham edim. Gohida esa... uchar edim, doʻst! Shunda seni koʻrmas edim, nainki seni, oʻzimni ham koʻrmas edim. Goʻyo eshituvchi va koʻruvchi jismsiz bir shaffof narsa edimu makonlar va zamonlar uzra uchib ketardim. U makonlar qayda edi? Qanaqa zamonlar edi ular? Goho gʻalati maxluqlar paydo boʻlib quvlashardi. Goh esa eng qoʻrqadiganim holat yuz berar - otamning yoki onamning oʻlib qolganini koʻrardim. Qattiq iztirob ichida qaylardadir kimlargadir bir nimalar deb yalinib-yolvorib yurardimu... uygʻonib oʻzimga kelgach, buning tush ekani aqlimga yetib kelar edi.

Sendan soʻrasam, yelka qisarding. Tush nima ekanini bilmasding ham. Men koʻrgan u hududlardanu makonlardan bexabar eding.

Men-chi? U makonlardan xabar topganim bilan, istaganim bilan qaytib bora olarmidim? Qizigʻi shundaki, koʻrganim oʻsha yerlarda hech ochqamas, chanqamas, uyqum ham kelmas, doim tiyrak... ammo koʻrganlarim haqiqiy emasligini, tuman kabi shuurni oʻrab oluvchi xayolotday bir narsa ekanini ruhim tanamga qaytib kirgach anglab, goho sevinardim, goho qaygʻurardim.

Sen esa oʻsha-oʻsha... koʻzlari chaqnab-chaqnab turgan chaqqon va yoqimtoy, shoʻx va sadoqatli bolakay... doim yonimda eding.

Eh-he, qanaqa yoʻllardan oʻtmadik sen bilan birga... Kuzning yaydoq dalalarida, yomgʻirlar ostida paxta terganlarimiz esingdami? Qoʻllaring koʻkarib-qizarib ketgan, ingichka oyoqlaringdagi etigingga suv oʻtgan, dir-dir titraganlaring, keyin ikkovimiz gulxan yoqqanlarimiz-chi? Ajabki, men sovuqqayam, issiqqayam parvo qilmasdimu sen sovqotib qolaverarding-da. Bulduruqlar qoplab olgan dalalarda ushuk urgani-chi? Gupillab yogʻayotgan qorlaru bahoriy jalalarda, yoz saratonlarida mehnat qilganlarimizni-chi, eslaysanmi? Ha, u mehnatlar sengayam, mengayam juda erish tuyulardi, ota buyurgani uchun boʻyin tovlay-tovlay ado etardik. Oʻtin yorardik, qor ustiga payraxalar sochilardi, yigʻib olib uyga opkirib olov yoqardik, qorda qorayib koʻrinayotgan ariqdan suv tashirdik... qoʻllaring yana sovqotib-qizarib ketardi, ichkariga kirganimizda dir-dir titrab pechka yoniga qunishib oʻtirib olarding, doʻst. Shunda esimda qolgani - yana tirnoqlaring oʻsib ketgan ekan. Yana shuki, ingichka boʻy-bastingga nomutanosib barmoqlaring va qadoqli katta kafting esimda qolgan.

Quvonchlaring ham oddiy, joʻn, mayda-chuyda narsalarga quvongansan. Shirin anor uzib yeganimizda rohatlanganlaringni eslayman. Kichkina, mayda lazzatlarga ham suyunib ketaverishingni-chi?

* * *

Oradan yillar oʻtdi. Ikkimiz ham ulgʻaydik.

Kunlar yeldayin oʻtar, «bolam yigit boʻldi» deb quvonardi buvim. Men quyundan tez, shamolday yelar edim, chaqqonligim oʻzimning zavqimni keltirardi – zero oʻn besh-oʻn olti yoshida shunday boʻlmagan oʻsmir bormi dunyoda? Chaman-chaman gullagan bogʻlar xam, oʻzanlaridan toʻppa-toʻgʻri yuragimga qarab oqqan soylaru suvlar ham - hammasi ichimga sigʻmas edi.

Bir qichqirsam osmonu koʻk, bir musht ursam, yer titrab ketardi*.

Yuksaklar najib va oʻziga chorlaguvchi edi. Yuksaklarda parvoz qilib yurarkan, goh tanish, goh notanish kishilarga roʻbaroʻ kelardim, tanishlar ham, notanishlar ham men kutmagan soʻzlarni aytardilar. Koʻpincha u yerlarda seni koʻrmas edim – har holda, oʻzingning zaminiy uyqung aro tosh qotib uxlayotgan, mening qiynashlarim va majburlashlarim soʻngida biroz tin olish navbati yetganidan shukrlar qilib salgina boʻlsa-da orom olayotgan boʻlsang ne ajab?

Hozir yuragimni oʻrtayotgan yana bir nadomatimni ham aytib olay: yuksaklarda ekanimda... u yerlarda sening keraging yoʻq ekanini sezar, his qilar va hatto menga xalaqit berayotganingni ham oʻylar edim.

* * *

Bir kuni sen kasal boʻlib qolding. Bunga ham men sababchi boʻldim.

Ishq otashi yoqqan edi dilimni. Oʻsha kecha sovuq edi – sen yupqa kiyingan, dir-dir titrarding. Muzday yomgʻir quyar edi. Ikkalamiz ham shiltayu shalabbo boʻlib, oromimni oʻgʻirlagan bir oy yuzlining kelishini uzoq kutdik.

Sen menga uch-toʻrt marotaba «ketaylik, judayam sovqotdim... bu ahvolda holim yomon boʻlib qoladi» deb yalinding, lekin men qaysarligu oʻjarlik bilan ahdimda qattiq turib oldim. U mahal quloqqa gap kirarmidi? Olam muhabbat bilan tirik, muhabbatsiz hayot hayotmi deb yurgan, sevgi bilan muhabbatning farqini anglamagan paytlarim edi-ku? Oy yuzli baribir kelmadi, bu orada yomgʻir tindi, bulutlar tarqab, fazoda boshqa – sovuq, hissiz oy koʻrindi, bulutlar tarqagani uchun havo yanada sovib ketdi. Ruhim tushib, axiyri qaytishga qaror qilganimda tishlaring takirlab, harakatlaring beoʻxshov boʻlib qolganini, zoʻrgʻa qadam tashlayotganingni sezdim. Shundayam seni rosa malomat qilganim esimda.

Bir amallab uyimizga yetib keldik. Uy ichi har holda issiqroq edi – senga kaynoq choy damlashingni buyurdim, shoʻrlik, tishlaring hanuz takirlaganicha buyrugʻimni bajarding, birgalashib choy ichdik, u-bu tanovul qildik, sal issiq oʻtganday boʻldi. Iliqlik uyqu keltirdi, uxlab qoldik... Uyqu aro meni chaqirayotganingni eshitdim.

Tashvishlanib uygʻondim. Qarasam, isitmada alanga boʻlib yonar eding. Nima qilishimni bilmay boshim qotdi, icharga na dori-darmon bor, na men bir nima bilaman. «Sabr qil, tong otsin», dedim unga. Amrimga boʻysunding. Ana shu holda tong otishini kuta-kuta yana koʻzim ilindi.

Shukrki, tong otganida isitmang tushgan, lekin majoling yoʻq edi. Har holda menda ham insof uygʻondi – bugun biror joyga boramiz yoxud u-bu qilamiz deb seni majburlamadim. Biroz yotsang oʻzingga kelarsan, dedim.

Aytganimday, oʻzingga kelding. Qilar ishimiz juda koʻp edi. Darslarga qatnashishimiz, badantarbiyaga borishimiz, anavi malakning koʻnglini olishimiz... xullas bir dunyo vazifamiz boriydi.

* * *

Sendagiday sadoqat doʻstlik haqida lof uradiganlarning yetti uxlab tushlariga kirmagan. Men seni tinimsiz ezar, qiynar, gaplaringga quloq solmas, it oldiga bir boʻlak suyak tashlagan kabi goho marhamat ham qilar, yana oʻzim bilgan tomonlarga surgalab ketaverar edim. Seni qiynash orqali yuksak rutbalarga koʻtarilishimni bilganmidim, ajabo? Turli noqulayliklar ichiga ham tiqar, har doimo quloq qoqmay bajararding, goho joning qiynoqlarda qolganida qichqirar, masalan, olovga kirish kerak boʻlganida «Voh, kuydim» deb qichqirar eding, ba’zan bila turib yana kirishga zoʻrlar edim, shu holingda men uchun yana olovga albatta kirarding – sadoqating shunchalar edi sening.

Kechalari uygʻotar edim – uyquga toʻymadim-ku, yana ozgina orom olay deb yalinarding koʻzlaringni ishqalab... «Yoʻq» deb qat’iy turib olardim. Shular natijasida ozib-toʻzib ketding, holingga qarab boʻlmas darajaga kelding. Shunda tevaragimdagi kishilarga razm solib, sening ular kabi koʻrkam, kelishgan, baquvvat emasligingdan norozi boʻldim.

Ajabo, sen ham mendan norozimiding? Yoʻq, norozi ekaningni sira sezmaganman.

Kunlar-oylar oʻtgani sayin men oʻz maqsadlarimga yaqinlasha borardim, oʻyimda faqat yuksak rutbalar edi. Ichimda yana bir oʻy gʻimirlar ham edi: ozib-toʻzgan boʻlsin, majoli qolmasa qolmasin... bir kuni baribir ayrilamiz, men yuksaklarga koʻtarilaman, ajoyib izzatlar koʻraman, sen esa mana shu majolsizligu zaifliklaring ichida qolib ketaver... baribir bizlar vaqtinchalik doʻstmiz... baribir bir kuni ayrilamiz... baribir bir kuni sen meni emas, men seni tark etib ketaman, der edim. Bu tuygʻularimga kin va xudbinlik aralashganiniyam bilardim. Ammo oʻzimni oʻzim alday olmayman-ku: ich-ichimda xudbinligimni tan olar va shaytoniy bu tan olishdan goho mamnun ham boʻlar edim.

Rostini aytmasam boʻlmaydi: oʻzimni alday olmagach, Xudoni aldarmidim? Koʻp jihatlarda mendan ustun eding. Masalan, Xudo dedik, unga mendan koʻra itoatliroq eding. Tangrimning aytganlarini tamomila ado etarding – faqatgina Tangrimning buyruqlariga kelganda menga boʻysunmay qoʻyarding – avval U, keyin sen derding. Xudo haqqi, shak keltirish boʻlsayam aytay, hali oʻzing ham shunga amin boʻlasan: qoshimda Xudoning paygʻambarini ham tan olmas eding. Avval Xudo, keyin sen, keyin uning paygʻambari der eding. Ey gumroh, men imon keltirganlardanman, Xudo bir, rasuli barhaq deganman, deb uni goho ibodatlarga ham yoʻllasam-da, meni Tangrimdan keyin qoʻyishi yuragimga xush yoqardi – azbaroyi Paygʻambardan qoʻrqqanimdan shunaqa derdim-da.

Sen moʻmin eding. Buni ham endigina anglab yotmoqdaman. Hozir oʻylab qarasam, e’tibor berib-bermaganim chogʻlarda ham u oʻz ibodatlaringni ogʻishmay bajargan ekan, hammasini qoʻlingdan kelganicha ado etgan ekansan.

Bir tomondan umr oʻtishiyu boshqa tomondan mening qilmishlarim tufayli keyingi payt xastaliklarga koʻproq mubtalo boʻla boshlading.

Bir kuni qattiq kasal boʻlding. Shunda ham oxirigacha chidashingni bilardim, turli narsalarni yegizdim, ogʻir ishlarni qildiraverdim. Kuchli eding, mening unday kuchim yoʻq edi – mening istaklarim tufayli aytganlarimning hammasini bajo keltirarding. Ogʻir bir nimani koʻtarish kerak edi, «xech narsa qilmaydi, bir marta koʻtarsang koʻtaribsan-da», dedim kin va qahr bilan. Indamay boʻyin egding, keyin esa «doʻst, biqinim ogʻriyapti», deding zorlanib. Ovqat tutdim, «buni yeya olmayman-ku» dedi. «Yeysan» dedim! Oʻshanda xato qilgan ekanman, biqin ogʻriganda buni yeb boʻlmas ekan – shundayam aytganimni qildingu yotib qolding. Shukrki koʻp yotmading, sal oʻzingga kelgach, yana oyogʻing olti, qoʻling yetti boʻlib xizmatimni qila boshlading.

Hayronman – hamma narsada menga boʻysunar, qulday eding. «Sening aqling koʻproq, doʻst. Yetti uxlab tushimga kirmaydigan bilimlarning egasisan, nima desang ham qilaveraman, bularning aqlga ravoligini albatta sen yaxshiroq bilasan», der eding.

Bir kuni men senga ichkilik ham ichirib koʻrdim.

Bekor qiynabman sen bechorani: ahvoling juda kulgili edi. Oʻzingcha tirjayar, yayrar, ogʻib-ogʻib ketar, loy qaydayu quruq qayda - bilmas holga kelgan eding. Sening kayfiyating menga ham koʻchdi – telbalar kabi ma’nosiz qoʻshiq aytar, kular, yigʻlar edik birgalashib. Yana amallab uyimizga qaytik, ertasiga boshing qattiq ogʻridi, xamr zahar hosil ilishini, oʻsha zahar bois bosh ogʻrishini bilardim, kechgacha chida, ketadi, dedim. Seni bunday gunohga boshlaganimdan oʻzim xijolat edim. Shundan keyin sen ichkilikning yoqib qolganini bir-ikki marta aytib koʻrding, yana istayapman deding. Koyib berdim, arzimagan rohat uchun jondan kechasanmi, ahmoq deya. Haromligini bilaturib ichasanmi, oxiri azob-ku buning deganimdan keyin bu haqda boshqa soʻz ochmading.

* * *

Yillar oʻtdi.

Bir kuni sening qartaya boshlaganingni sezdim.

Shuncha yillar davomida menga sadoqat bilan Kahf iti kabi yetovimda yurgan doʻst, endi avvalgiday chaqqon, epchil boʻlmay qolding. Yuzlaringga qaraganimda ajinlaring koʻpayganini, sochlaring oqarganini koʻrdim. Nigohing avvalgiday chaqnamasdi, yurishingdan shiddat ketgan edi. Gavdang ham choʻkkanday, ranging za’far tusga kirganday tuyuldi menga.

«Nahotki?» deb soʻradim sendan.

Indamading. Taqdirga boʻyin egganingni bildirding.

Shunda ichimda yana oʻsha kinli tuygʻu bosh koʻtardi – toʻgʻri, sadoqatingga ta’rif yoʻq, ammo kelajagimda hech qanaqa nafing tegmasligi ham bor gap. Chunki, taqdiring shu – men erishadigan yuksaklarga baribir yetib borolmaysan, qismating mana shu tuproqlar ustiga sochilib ketgan. Men hali fazoviy yuksaklarga erishaman, u yerda bunday zaminiy doʻstga joy yoʻq! Har kim oʻz joyida qolgani ma’qul... Baribir bir kuni ayrilaman sendan, deb oʻyladim.

Sen bunday oʻylarimni xayolinggayam keltirmas, menga roʻy-rost, ishonch ila boqib turarding.

Shundan soʻng tez-tez kasallana boshlading. Nigohing ham avvalgiday ziyrak emas, quvvating ozaygan, zoʻrgʻa yurarding. Shundayam istaklarimga roʻy-rost boʻyin egar, hamma buyruqlarimni avvalgiday ado etishga urinarding – sadoqating shunchalar samimiy edi, ammo kuching-madoring yetmayotganini oʻzing ham, men ham bilib turardik. Koʻpincha toʻshakda mixlanib yotarding, shunda noroziligim ortardi: axir, boshqalarning ham sen kabi doʻstlari bor-ku! Ularning holiga razm sol! Mening boshimga Xudo seni bitibdi, toʻgʻri, sendan boshqa doʻstim yoʻq, doʻstni ham Tangri belgilaydi... afsus, bunchalar tez yiqilasan, bunchalar tez kuchdan qolasan, shunchalar tez soʻnasan... deb oʻylamabman, doʻst?!

Kizigʻi shundaki, men soppa-sogʻ edim. Goho xastalanib tursam-da, xastaliklarim senikiga mutlaqo oʻxshamasdi. Mening kasalliklarim iztiroblar, qaygʻular, gʻam-gʻussalardan, afsuslar, armonlar va pushaymonliklardan bino boʻlar edi. Seni dunyoviy kasallik isitmasi qaltiratsa, meni oʻy-xayollar va gʻussayu armonlarning isitmasi titratardi. Kasallik Tangrimizdandir desam bas, lom-mim demay boʻysunarding, doʻst.

* * *

Azaldan bilganim va hayiqqanim voqealar yuz bormoqda edi.

Sen juda qartayib qolding.

Koʻzlaringning tegralarida ajinlar paydo boʻla boshlaganida, sochlaringga oq oralaganida koʻpam e’tibor bermagan edim. «Kun kelib hamma ham keksayadi, hammaning ham umri oʻtib bormoqda-ku» deb oʻylab qoʻya qolgan edim.

Oʻsha mahallarda... toʻsatdan oʻzimning qarimayotganimni idrok qildim!

Ha, tobora bilimim oshib, zehnim oʻtkirlashib borar, juda koʻp narsalarni bilardim, bu bilganlarim orasida hayotimda kerak boʻladimi-yoʻqmi, gumonlilari ham koʻp edi. Masalan, ummon tublarida yashaydigan, suv yuzasiga chiqsa, terisi palaxsa-palaxsa boʻlib koʻchib tushadigan bir baliqni bilardim. Qaynoq suvlarda kun kechiradigan yoxud zaharlarni yeb rizqlanadigan jonzotlarniyam bilardim... kerakmas bilimlarim koʻp boʻlsa-da, ular menga sira ortiqchalik qilmas, zakovatim shu qadar kengligidan, yana bemisl bilimlarni egallab olishim mumkinligidan oʻzim hayratlanardim.

Ha, men ham oʻzgarmoqdaydim, ammo oʻzgarishim yaxshi tomonga esa, doʻstimning oʻzgarishi ters tarafga edi.

Ham taqdirning bitigi, ham mening injiqliklarim tufayli ancha xarob holga kelib qolgan eding. Koʻp zorlanarding, oʻzimcha har narsaga majburlab ham koʻrardim, zorlana-zorlana istagimni ado etardingu birdaniga ikki bukchayib qolarding. Suyaklaring ogʻriyotganini aytarding, kuch-quvvating oldingiday emasligini aytib, uzr soʻrar edi. Sen juda rostgoʻy doʻst eding – hech qachon meni aldamagansan. Senday doʻst dunyoda boshqa yoʻq edi –koʻklarning irodasi bilan mening peshonamga bitilgan yolgʻiz doʻst eding!

Vido oni yaqinlashayotganini tez-tez kasallanishingdan ham bilsa boʻlardi. Koʻzlaringning nuri ketgan, tobora ajinlarga burkanib borar, gavdang kichrayib, ezilgan, lekin hali-hanuz istaklarimga boʻysunar va ado etar... biroq, bir kunmas-bir kun bularning bari toʻsatdan barham topishiga aqlim yetar edi.

Barham topsa... unda nima boʻladi, deb oʻylar edim qoʻrquv ichra.

Nihoyat, tamomila kuchdan qolding. Endi uzzukun bir yerda yotar, oʻzingni oʻzing eplayolmas holga kelgan eding. Boshingda oʻtirib, yana avvalgidek chopib-chopqillab yurishlarimizni orzular edimu u orzularning endi sira amalga oshmasligini ham bilardim. Anorni yaxshi koʻrarding, ammo yeyolmas holga kelgan eding. Yaqinlashib kelayotgan ulkan bir xastalik changalida chuqur-chuqur nafas olar, qiynalar, shundayam horgʻin, xira nigohingni mendan uzmas, soʻnggi soʻzing ham «mendan rozimisan, doʻst?» degan kalom boʻlishiga aqlim yetib turar edi.

* * *

Na iloj, endi ayrilamiz, doʻst!

Esimni taniganimdan, bolaligimdan beri misli koʻrilmagan bir sadoqat bilan doim xizmatimda boʻlding.

Sen kabi bir doʻst yana bormi, doʻst?

Esingdami, qirda shamollardan oʻzib chopganlarimiz? Eslaysanmi?

Sendagiday sadoqat yana kimda bor, doʻst? Hayotda shuncha yil yashadim, doʻstlarning koʻpini koʻrdim, bari oʻzlarining istaklari yoʻlida badar ketdilar... faqat sen har doim yonimda boʻlding, doʻst!

Men seni juda qiynadim, har yoʻsinga soldim – meni deb oʻtga-suvga qirding, istagimga har doim boʻysunding, lekin men sening istagingga boʻysunmadim, doʻst. Mana shu holga tushishingga sababchi ham menman – ey sadoqatli doʻst, sadoqatsiz doʻstingman.

Meni haliyam doʻst deb bilasanmi, doʻst? Bunchalar fidokorliklaring evaziga bironta fidoyilik kilmadim, oʻzimni deb seni xarob ayladim, doʻst. Sen uchun juda oz narsa kildim, sen men uchun oʻzingni, borligʻingni sarf etding.

Endi ayrilamiz, doʻst!

Endi men oʻzim orzulagan martabalarim tomon ketaman. Sening umring esa juda oz qoldi – juda yaqin orada seni tuproqqa topshiradilar. Sen tuproqlarning ostida qolasan, doʻst. Men esa ketaman oʻz yuksakliklarimga – u yerlarda sening keraging boʻlmaydi menga.

Endi sen bilmagan bir sirni ochayin. Men azal edim. Sen bilan tanishmasimdan minglab yillar avval bino boʻlgan edim. Ya’ni, ikkimiz ikki yondan dunyoga keldik, bir-birimizni tanidik. Sen ham meni taniding va amrimga itoatkorona boʻyin egding!

Ikkovlon bir vujud ichra mavjud boʻldik, doʻst.

Men ham sen kabi, dunyoga boshqa bir yoʻsinda keldim, kimligingni ilgʻab olish uchun juda oz vaqt kerak boʻldi menga. Harchand jon-jahding bilan xizmatimda boʻlishga urinmagin, menga vaqtinchalik kerak eding, xolos. Shu orada umring bitdi, vujuding xarob boʻlib qartaydi, a’zolaring birin-ketin xizmatdan toʻxtamoqda... bu taqdir qoshida qaltiramoqdasan, titramoqdasan... sham kabi soʻnmoqdasan.

Lekin... agar sening istaklaringga boʻysunsam, yuksaklarga emas, yerlarning tubiga ketardim! Sen men uchun bir pillapoya boʻlding, doʻst. Senga oyoq qoʻyib, oʻzimning rutbalarim sari ketdim, doʻst.

Abadiyan alvido, ey doʻst!

* * *

Haliyam doʻstimmisan, ey doʻst?..

2011