OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Isajon Sulton. Farishta (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIsajon Sulton
Asar nomiFarishta (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Isajon Sulton
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Farishta (hikoya)
Isajon Sulton

Fargʻonaning chekka bir qishlogʻida, er-xotin toʻydan kech qaytishayotgan edi. Terakzorlar adogʻida, chakalakzor boshlangan joyda koʻrib qolishdi uni. Kichkinagina ekan. Oyoqchalari ham mittigina. Tuproqni changallab olibdi, yelkasida ikkita qanotchasi ham bor, uchidagi parlari shundoqqina loyga belanib, shalvirab tushibdi. Bir qanoti gʻayrioddiy qayrilgan, xullas, gʻujanak boʻlib yotar edi.

Boyagina yomgʻir yogʻib oʻtgan, tomchilari hozir teraklarning, butalarning barglarida turib qolgan edi. Yerlar loy, mana shu loyu balchiq aro, tegrasida turli oʻt-oʻlanlar oʻsgan tuproq yoʻlning qoq oʻrtasida nochorgina yotar edi boyaqish.
– Voy, anavini qarang! – dedi xotin, uni koʻrib. Bir nimalarni oʻzicha toʻngʻillab kelayotgan er «Bor-e» dedi, keyin baribiram xotinining gapiga kirib, u koʻrsatgan tomonga qaradi-da «Iya» deb yubordi koʻzlariga ishonmasdan. Hali mislsiz qahramonliklar koʻrsatib, qishloq ahlini lol qoldirishni xayol qilib ketayotgan bu kishining oʻylariyu xayollari zumda kapalaklarday toʻzgʻib ketdi, yaqin borishga jur’at qilolmay toʻxtadi-da, koʻzlarini katta-katta ochib, achinarli ahvolda yotgan mana shu mitti oqish vujudga tikilib qoldi.

Sal narida esa katta bir kuchuk bularga xoʻmrayib qarab turardi. Qaydan kelgani ham noma’lum edi, tevarakda bunaqa kuchuk yoʻq edi.

«Tavba, koʻzi gʻalati ekanmi?» degan oʻy keldi erkakning xayoliga.
– Voy oʻlay, dadasi, nima bu? – dedi xotin, yuragiga vahima aralash hayiqish oʻrmalab.
– Jim tursang-chi, – deb uni jerkib berdi er, keyin nima uchunligini oʻziyam bilmasdan, kalima qaytara-qaytara, tizzalari qaltiraganicha ehtiyotkorona qadam tashlab, biroz yaqinlashdi. Shunda bilagini bir nima qattiq siqa boshladi, buni yuzi muzlab, vujudidan gʻalati titroq oʻrmalab oʻtayotganiga yoʻydi, keyin yanada ogʻriy boshlaganida qarasa – xotini ekan, mahkam changallab olibdi.

U yanada yaqinroq bordi.

Ha, yerda loyga belanib yotgan kichkina shu oqish vujud rostdan ham farishta edi!

E tavba, dedi hayron boʻlib, xayolida turli-tuman oʻylar nihoyasiga yetmasdan chirpirak boʻlib aylanarkan. Farishtaning ham bolasi boʻlar ekan-da? Hali moʻrt, suyagi qotmapti-ku. Kichkinaligini qara! Voy bechora... Qushday uchib ketayotgan ekan, yiqilib tushganga oʻxshaydi. Mana, qanaqa boʻlar ekan farishta deganlari... E tavba-a, xudoni qudratini qara-ya.

Nima boʻldi ekan? Uchib ketayotib nimadir roʻy berganu yiqilib tushgandir? Tavba, farishtalar ham oʻlar ekan-da. Nega oʻlmasin? Balki yomgʻirda qanotchalari ivib qolgandir? Nima yumush bilan uchib ketayotgan boʻlishi mumkin shu yomgʻirli kechada? Goho sababsiz yiqilib tushib, yerda koʻzlari olayib potirlab yotgan qushlarni koʻrgansan-ku? Yopiray, xuddi olam bolasiga oʻxshar ekan. Oyoqchalarini kichkinaligini qara. Bizlar toʻyda yeb-ichib, maishat qilib oʻtirganimizda, bu shoʻrlik nima uchun, qayoqqa uchishni qasd qilgan ekan? Voy bechora...

Uning koʻngli shu tob yaxshiliklarga limmo-lim toʻlib ketganday tuyula boshladi. Oʻzining birdaniga juda yaxshi odam boʻlib qolganini his qildi, bu juda yoqimli va tiniq tuygʻu, hatto sarmast ham qilardi. Farishtaning oʻligi-ki odamning koʻnglini shunaqa oʻzgartirsa, tirigi qanaqa boʻlar ekan, demoqchi boʻldi xotiniga. Axir, yuragim yorugʻlikka toʻlib boryapti. Koʻp javraganing bilan sen ham yaxshi xotinsan, ke, qoʻlingni beraqol. Shu murgʻak vujudning mana shu yotishi nimagadir koʻzimda yosh paydo qilmoqda. Bir-birimizga mehr-oqibatliroq boʻlaylik, qara, ajal degan narsa farishtalarni ham omon qoʻymas ekan-ku?

Bular gʻalati oʻylar edi, erkakning yuragini yumshatib, rostdan ham koʻzida yosh paydo qildi, tomchisi yuzida muzday iz qoldirib, soqollari olinmagan iyagiga oqib tushdi.
– Dadasi, men qoʻrqib ketyapman, – deb zorlandi xotini.

E, ahmoq, farishtadan ham qoʻrqadimi odam? Kim bilsin, yiqilib qanoti sinmaganida, qanchadan-qancha odamning duosiga omin degan boʻlarmidi? Yoki bu boshqacha farishtamikin? Ekinlarning qulogʻidan tortib chiqaradigan rizq farishtalari boʻladi. Yomgʻirni haydab keladigan haybat farishtalari ham bor. Yomgʻir farishtalari juda ulkan, bahaybat boʻlsa kerak, har holda bu rizq farishtasining bolasiga oʻxshayapti.

Erkak yana bir qadam qoʻygan edi, haligi kuchuk toʻsatdan irilladi. Erkak hayiqdi, yerda yotgan bir choʻpni olib «Ket, ket!» deb kuchukka otgan edi, kuchuk ilib oldi-da, gʻajib, mayda-mayda qilib tashladi, keyin boʻlaklarni panjalari bilan bosib, yana tahdidli irilladi.
– Daydi, iliqqan itga oʻxshaydi, – dedi erkak. – Qopib olmasin tagʻin?

U mana shu ikki qadam narida yotgan tiniq, goʻzal vujudni qoʻliga olgisi, koʻtarib bagʻriga bosgisi, oʻziyam bilmaydigan shirin soʻzlarni aytgisi keldi. Bu mavjudotlar umrlari mobaynida sirayam gunoh qilmaydilar, degisi keldi xotiniga, hozir neki gapirsa ham xotini quloq solishini va tasdiqlashini koʻngli sezib turardi. Butun qilar ishlari xudoi taoloning amrlarini quloq qoqmay bajarishdan iborat. Kim bilsin, sen bilan biz tosh qotib uxlab yotganimizda osmonda yana nimalar roʻy berar ekan? Aytishlaricha, uydagi gilos bor-ku, mevasini sotmaymiz deb kecha men bilan xarxasha qilib urishganing qora gilos, oʻshaning nechta gul ochib, nechtasi toʻkilishigachayu nechtasi meva tugishigacha bilarmish farishtalar. Senu men koʻrmasak-da, ogʻochlaru ekinlar ustida gir-gir aylanib, hosil yetishishini ta’minlarmishlar. Bu bechora ham senu menga oʻxshagan gʻofil mardum uchun nimadir qilishni koʻzlab uchgani aniq, axir uning yemish-ichish, roʻzgʻor degan dardi yoʻq-ku? Chaqmoq chaqqanini koʻrding-ku, balki uchib ketayotganida chaqmoq urgandir shoʻrlikni? E, xotin, agar biror odam bolasi senu meni deb nimadir ishga urinsayu shu holida bir nima boʻpqolsa, umrimizni oxirigacha uni boshimizda koʻtarib e’zozlab yursak kerak. Bu bechoragina shunga oʻxshash biror yumush bilan ketayotganu falokat yuz beribdi-da...

Erkak qat’iy qarorga keldi-da, yana oldinga qadam tashladi. Shunda kuchuk yana bir irillab, yerda yotgan oʻsha mas’um vujudni tishlab koʻtardi-da, birdaniga ortiga oʻgirilib, chakalakzorlar tomon olib qochdi.


– Toʻxta! – deb baqirib yubordi erkak, dardu dunyosi qorongʻi boʻlib, xuddi bu soʻzni kuchuk tushunadiganu toʻxtaydiganday, bor kuchini ovoziga berib. – Toʻxta, hoy yaramas!

Keyin shosha-pisha kuchukning ortidan chopdi. Voy-voylab ortidan xotini ham chopib kelar edi. Kuchuk birpasda chakalaklar orasida koʻzdan gʻoyib boʻldi. Erkak saldan keyin u yoʻqolgan joyga yetib borib, biroz ichkari kirdi ham. Eski butalar shitirlar, yaproqlar jiqqa hoʻl edi. Oyogʻi loyga botdi, toʻxtab, hansiraganicha birpas tevarakka quloq soldi.

Afsuski, kuchuk koʻrinmas, sasi ham eshitilmas edi.
– Koʻzi... koʻzi gʻalati edi u kuchukni... – dedi atrofiga alanglar ekan. – Qani, qayga ketdi?

Teraklarning qoramtir qiyofalari ortida ulkan oy osilib turar, bu yogʻduda butalardagi tomchilar xiyol jilvalanardi. Erkak shu yerda yotgan yarmi chirigan, poʻstloqlari palaxsa-palaxsa boʻlib koʻchgan eski xodaga oʻtirib qoldi. Yuragini qorongʻi va ezuvchi bir afsus qoplab keldi.
– Dadasi... – dedi xotini, boʻlib oʻtgan shu gʻalati hodisa haliyam uning aqliga yetib bormagan edi. – Haligi... rostdanam farishta edimi?

Erkak indamadi.
– Eh, xotin... – dedi anchadan keyin, xoʻrsinib. – Boʻlmadi-ku?
– Nima, dadasi? – deb soʻradi xotini, uning yoniga qiyalabroq oʻtirar ekan. Haliyam mahkam tutib olgan dasturxonidan mato va yogʻda pishirilgan qatlama isi kelardi.
– Bolalar nima qilishyaptiykin? – deb ovoz chiqarib oʻylandi erkak, oʻziga kelganday boʻlib, peshanasi tirishib.
– Oʻtirishgandir...
– Ha-a... – dedi erkak yana, boshini quyi egib. – Boʻlmadi-ya, hay attang!

Kap-katta bu erkak hozir yosh bolaga oʻxshab qolgan edi.
– Odamga farishta duch kelganini sira eshitganmisan? – dedi keyin, hasratli ovozda. – Axir, yorugʻ dunyoda sen bilan mengagina duch keluvdi-ya. Qaniydi qoʻlimga olsaydim, qanotchalarini silab bagʻrimga bossaydim...

Xoʻrsindi:
– Bolaligimda orzularim rosa koʻp boʻlardi. Ota-onamning roʻzgʻor deya urinib-berinishlariga qarab turib, u orzularimga yetolmasligimniyam bilardim. Oʻshanda hayotimda bir farishta uchrab qolsayu istaklarim roʻyobga chiqsaydi deb xayol surib yurardim. Qara, umr oʻtib ketyapti, qirqqa kirgan boʻlsam-da, mehnatdan boshim chiqmay yashab yuribman, shu bandam farogʻat nimaligini bilsin deb, mehribon xudoyim farishtasini yubordi. Yuborgandayam koʻmakka zor qilib yubordi... Qanotchalarini koʻrdingmi, qanaqa kichkina, muloyim edi? Yoniga yaqinlashganimda, ichu tashim nurga toʻldi. Hozir murgʻakkina boʻlib, loyga qorishib yotganini koʻz oldimga keltirsam, oʻpkam toʻlib ketyapti. Xuddi oʻzim ham... yiqilib tushganmanu umrim boʻyi loyga qorishib ketgandayman...


– Hoy dadasi, – dedi xotin, tashvishlanib. – Qoʻying endi, yigʻlamang, uyat boʻladi.
– E, qoʻysang-chi, – dedi erkak, ovozi boʻgʻiq edi. – Ichu tashim nurga toʻldi deyapman-ku? Bundan buyogʻiga hayotim ham nurga toʻladi debman-a...

Xotin nima deyarini bilmas edi. Shu alfozda ancha oʻtirib qoldilar. Osmonda yulduzlar kam, uzoq-uzoqlardan nimalarningdir sasi kelar, ahyon-ahyonda butalar orasida bir nima shitirlar, goh tomchi uzilib yerga tushar... shu ovoz ham eshitilar edi.
– Naylayin, osmon uzoq, yer qattiq ekan, – dedi nihoyat erkak, taqdiriga tan berib. – Tur, uyimizga ketaqolaylik.

Xotin itoat bilan boʻysundi. Birdaniga qalbida, bukchayib qolganday koʻrinayotgan eriga rahm uygʻondi, unga qanaqadir shirin soʻz aytib, koʻnglini koʻtargisi keldi.


– Qoʻying, dadasi, – dedi. – Xudoga shukr, hayotimizdan noliydigan joyimiz yoʻq, el qatori, birovdan ortiq, birovdan kam yashab yuribmiz. Orzu havaslaringizning hammasi oldinda, qoʻsha-qoʻsha toʻylar turibdi hali.
– Ha-a... – dedi erkak, oʻsha alfozda odimlarkan, xayolchan, xotiniga qaramasdan. – Toʻgʻri aytasan, oldinda hali toʻylar ham bor...

Shu tarz ikkovlon moʻ‘jiza roʻy bergan chakalakzordan uzoqlashib ketishdi. Qiyofalari tungi osmon toqida qorayib koʻrinardi – soʻlim vodiyning chekka bir qishlogʻida, tungi yomgʻirdan keyingi loy yoʻldan uylariga qaytayotgan shu juft, shu orzumand eru xotin...

2012